Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Salomlashishning kuchi

Salomlashishning kuchi

«ASSALOMU ALAYKUM! Yaxshimisiz?»

Shubhasizki, siz ham odatda shunga o‘xshash salomlashasiz. Ehtimol, hatto qo‘l berarsiz yoki quchoqlasharsiz. Salomlashish odatlari va aytiladigan so‘zlar turli joylarda har xil bo‘lishi mumkin, ammo asosi deyarli bir xil. Salomlashmaslik esa sevgidan dalolat bermaydi va yomon xulqning belgisi hisoblanadi.

Ba’zilar so‘rashishga qiynaladi. Masalan, ba’zilar uyatchanligi va o‘zini noloyiq his etgani tufayli salomlashishga tortinadi. Ayrimlar uchun esa boshqa irqdan, madaniyatdan bo‘lgani yoki mavqei sababli so‘rashish qiyin kechadi. Vaholanki, qisqacha salomlashish ham ijobiy natijalar keltiradi.

O‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Salomlashish qanday samara keltirishi mumkin? So‘rashish haqida Xudoning Kalomida nima deyilgan?»

«HAR TURLI INSONLAR» BILAN SO‘RASHING

Havoriy Butrus o‘zga xalqdan bo‘lgan ilk masihiy Korniliyni qarshi olganda, «Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan» deb aytgan. (Havor. 10:34) Keyinchalik esa Butrus Xudo «hammaning tavba qilishini xohlaydi» deya yozgan. (2 Butr. 3:9) Bu so‘zlarni o‘qiganda, avvalo, haqiqatni bilib olayotganlar esimizga kelishi mumkin. Ammo Butrus masihiylarni shunday deb undagan: «Har turli insonlarni hurmat qilinglar, imondoshlaringizni sevinglar». (1 Butr. 2:17) Demak, irqi, madaniyati va kelib chiqishi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, boshqalar bilan so‘rashish o‘zimizga foyda keltiradi, shunday emasmi?! Bu ularga hurmat va sevgi namoyon etishning bir yo‘lidir.

Havoriy Pavlus imonlilar jamoatidagilarni quyidagicha undagan: «Masih sizlarni qabul qilganidek, sizlar ham bir-biringizni qabul qilinglar». (Rim. 15:7) Pavlus unga «yaxshigina tasalli bergan» birodarlarga alohida e’tibor qaratgan. Bugungi kunda Shayton Xudoning xizmatchilariga hujumlarini kuchaytirayotgan ekan, birodaru opa-singillarimizga qanchalik tasalli berishimiz kerak-a?! (Kolos. 4:11; Vah. 12:12, 17)

Muqaddas Kitobdagi misollar shuni ko‘rsatmoqdaki, salomlashish shunchaki kutib olishdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi.

ISHONTIRISH, DALDA, SEVGI

Yahova O‘g‘lining hayotini Maryamning bachadoniga o‘tkazganda, Maryamga bu haqida aytish uchun farishtani yuborgan. U: «Salom, ulug‘ iltifotga sazovor bo‘lgan qiz, Yahova sen bilandir»,— dedi. Farishta unga gapirayotganidan Maryam sarosimaga tushdi. Buni ko‘rgan farishta unga shunday dedi: «Qo‘rqma Maryam, sen Allohning nazarida marhamat topding». Keyin farishta Allohning niyatiga ko‘ra, Maryam Masihni dunyoga keltirishi kerakligini aytdi. Maryam hech qo‘rqmay, itoatkorlik ila: «Men Yahovaning bandasiman! Iloyo aytganingiz kelsin»,— dedi. (Luqo 1:26–38)

Mazkur vazifani bajarish farishta uchun sharaf bo‘lgan, ammo u buni nomukammal inson bilan so‘rashmaslik uchun sabab deb bilmagan. Ha, u boshida salomlashgan. Xo‘sh, bu misoldan qanday saboq olsak bo‘ladi? Boshqalar bilan so‘rashishga va ularga dalda berishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Atigi bir nechta so‘zlar bilan boshqalarga yordam berishimiz va ularni Yahova xalqining bir qismi ekaniga ishontirishimiz mumkin.

Havoriy Pavlus Kichik Osiyo va Yevropadagi jamoatlardan ko‘plarni bilgan. O‘z maktublarida u alohida insonlarni tilga olgan. Masalan, Rimliklarga 16- bobda bunga guvoh bo‘lamiz. U ko‘pgina imondoshlariga salom yo‘llagan. U Fivani «singlimiz» deya tilga olib, birodarlarga «uni Hazratimiz yo‘lida bo‘lgan muqaddas kishilarga munosib tarzda qabul qilib, qanday ehtiyoji bo‘lsa yordam berishingizni so‘rayman» deb aytgan. Shuningdek, Pavlus Priska va Akila haqida: «Ularga birgina men emas, balki boshqa xalqlardan tashkil topgan jamoatlarning hammasi minnatdorchilik bildiryapti»,— deb yozgan. Bugungi kungacha bizga uncha yaxshi tanish bo‘lmagan ba’zilarga salom yo‘llaganda, Pavlus «aziz birodarim Epenet» va «Hazratimiz yo‘lida ko‘p mehnat qilgan Trifena bilan Trifosa» deb murojaat qilgan. Ha, Pavlus birodaru opa-singillarimizga salom yo‘llagan. (Rim. 16:1–16)

O‘sha imondoshlar Pavlus ularni yaxshi so‘zlar bilan tilga olganini bilganda qanchalar quvonganini bir tasavvur qiling. Ularning Pavlusga va bir-biriga bo‘lgan sevgisi juda mustahkamlangan! Mazkur sevgiga to‘la salomlar boshqa imondoshlarga ham dalda bergani va imonda mustahkam qolishga yordamlashgani shubhasiz. Darhaqiqat, salomlar samimiy qiziqayotganimizni ko‘rsatadi. Maqtovlar esa do‘stlik rishtalarini mustahkamlab, Allohning sadoqatli xizmatchilarini birlashtiradi.

Pavlus Puteoldagi bardangohga kelib, Rimga otlanganda mahalliy birodarlar uni kutib olish uchun janubdan keldi. Ularni uzoqdan ko‘riboq, Pavlus «Allohga shukrona aytdi va ko‘ngli ko‘tarildi». (Havor. 28:13–15) Gohida shunchaki tabassum qilib yoki bosh silkitib salomlashishimiz mumkin. Ammo bu ham ko‘ngli tushgan yoki g‘amgin kishiga dalda berishi hech gap emas.

YAXSHI POYDEVOR

Isoning shogirdi Yoqub masihiylarga jiddiy maslahat berishi kerak edi. Ba’zi masihiylar dunyo bilan do‘stlashib, Xudoga vafo qilmayotgan edi. (Yoqb. 4:4) Lekin Yoqub maktubini qay yo‘sin boshlaganiga e’tibor bering.

«Allohning hamda Hazratimiz Iso Masihning quli bo‘lmish men, Yoqubdan: Har yoqqa tarqab ketgan 12 qabilaga salom!» (Yoqb. 1:1) Buni o‘qiganlar u ham ular kabi Xudoning xizmatchisi ekanini ko‘rishganda, maslahatini qabul qilish osonroq bo‘lgani shubhasiz. Chindan ham, oddiygina salomlashish jiddiy maslahatlar borasida suhbatlashish uchun yo‘l ochishi mumkin.

Salomimiz foyda keltirishini istasak, u qisqa va samimiy bo‘lishi hamda sevgidan dalolat berishi zarur. Hatto boshqalar buni sezmayotganday tuyulsa ham, shunday yo‘l tutishimiz lozim. (Mat. 22:39) Masalan, Irlandiyadagi bir opamiz uchrashuv boshlanay deganda Yig‘ilish zaliga keldi. U shoshilib ketayotganda bitta birodar tabassum ila unga: «Assalomu alaykum! Sizni ko‘rganimdan xursandman!» — dedi. Opamiz sekingina joyiga o‘tirdi.

Bir oz vaqt o‘tgach, u o‘sha birodarga murojaat qilib, uyidagi vaziyat tufayli bir necha haftadan beri ruhi tushkun ekanini aytdi. U shunday dedi: «O‘sha kuni kayfiyatim shunchalik tushkun ediki, hatto yig‘ilishga kelish istagim ham yo‘q edi. O‘shanda sizning salomingizdan boshqa deyarli ko‘p narsani eslay olmayman. Bu men uchun tasalli bo‘ldi. Rahmat sizga».

O‘sha birodar uning qisqagina salomlashgani shunday ta’sir qilganini bilmagan edi. «Salomlashganim unga qanday ta’sir qilganini aytganida, harakat qilganimdan o‘zim ham xursand bo‘ldim. Bu menga ham dalda berdi»,— deb aytdi o‘sha birodar.

Sulaymon quyidagicha yozgan: «Noningni suvga oqiz, bir necha kundan so‘ng uni qayta topasan». (Voiz 11:1) Boshqalar, ayniqsa, imondoshlar bilan salomlashishdan tortinmasak, o‘zaro dalda olamiz. Keling, salomlashishning kuchini aslo nazardan chetda qoldirmaylik.