Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Mening Shohligim bu dunyodan emas»

«Mening Shohligim bu dunyodan emas»

Men haqiqat to‘g‘risida shohidlik berish uchun tug‘ildim, ana shu maqsadda dunyoga keldim. YUHAN. 18:37

QO‘SHIQLAR: 5, 28

1, 2. a) Qanday qilib dunyo tobora bo‘linib ketyapti? b) Bu maqolada qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

JANUBIY YEVROPADAN bo‘lgan bir imondoshimiz o‘tmishi haqida mulohaza qilib: «Kichikligimdan adolatsizlikni ko‘rib ulg‘ayganman. Shuning uchun mamlakatimdagi siyosatga qarshi bo‘lib, radikal g‘oyalarning tarafdori edim. Ko‘p yillar mobaynida terrorchi bilan uchrashib yurganman»,— deb aytdi. Janubiy Afrikadagi bitta birodarimiz esa nega zolimlarcha yo‘l tutganini shunday tushuntirdi: «Mening qabilam boshqa hamma odamlardan ustun ekaniga ishonardim. Men siyosiy partiyaga qo‘shildim. U yerda bizni hamma dushmanlarni va hatto boshqa siyosiy partiya a’zosi bo‘lgan o‘z qabiladoshlarimizni nayza bilan o‘ldirishga o‘rgatishgan». Markaziy Yevropada yashovchi imondoshimiz: «Men yuzxotirchilik qilar edim, boshqa millat yoki dindagi odamlardan nafratlanardim»,— dedi.

2 Bugungi kunda bu uchta kishinikiga o‘xshash nuqtai nazarni aks ettirayotgan odamlarning soni oshib boryapti. Ko‘pgina siyosiy guruhlar mustaqillikka ega bo‘lish maqsadida zo‘ravonlikka qo‘l urmoqda, siyosiy bo‘linishlar tobora ko‘paymoqda. Talaygina mamlakatlarda muhojirlar borgan sari dushmanlarcha munosabatga duch kelmoqda. Muqaddas Kitobda bashorat qilinganiday, oxirzamonda odamlar «murosasiz» bo‘ladi. (2 Tim. 3:1, 3) Xo‘sh, bu bo‘linib ketayotgan dunyoda Xudoning xizmatchilari qanday qilib o‘zaro birlikni himoyalay olishadi? Bu borada Isoning misoli bizga qo‘l keladi. Chunki u ham birinchi asrda siyosiy notinch paytda bunday vaziyatga duch kelgan. Keling, uchta muhim savolga diqqat qarataylik: «Nega Iso biror siyosiy guruh a’zosi bo‘lishni rad etgan? Qanday qilib Iso Xudoning xizmatchilari siyosiy masalalarda tarafkashlik qilmasligi kerakligini ko‘rsatgan? Qay yo‘sin Iso biz hech qachon zo‘ravonlikka qo‘l urmasligimiz kerakligiga o‘rgatgan?»

ISO MUSTAQIL BO‘LISHGA INTILGAN INSONLARNI QO‘LLAB-QUVVATLAGANMI?

3, 4. a) Isoning davrida ko‘pgina yahudiylar nimalar bo‘lishini kutgan? b) Bularning bari Isoning shogirdlariga qanday ta’sir qilgan?

3 Iso va’z qilgan ko‘pgina yahudiylar Rim boshqaruvidan mustaqil bo‘lishga intilgan. Yahudiy zelotlar yoki millatchilar odamlar orasida shunday tuyg‘ularni junbushga keltirishgan. Ko‘pgina isyonkor zelotlar jalilalik Yahudoning g‘oyalariga ergashgan. U birinchi asrda o‘zini Masih deb atab anchagina odamni adashtirgan. Yahudiy tarixchi Iosif Flaviy yozganiday, jalilalik Yahudo «hamyurtlarini isyonga boshlagan va Rim hukumatiga soliq to‘lashga rozi bo‘lgan kishilarni qo‘rqoqqa chiqargan». Rimliklar uni o‘ldirishgan. (Havor. 5:37) Ba’zi zelotlar o‘z maqsadlarini deb zolimlarcha yo‘l tutishgan.

4 Bu isyonkorlardan farqli ravishda, oddiy yahudiylar Masihning kelishini intiqib kutishardi. Ular Masih kelganda isroilliklar yana ulug‘ xalqqa aylanadi va ularni Rim yukidan ozod etadi deb o‘ylashardi. (Luqo 2:38; 3:15) Ko‘pchilik Masih Isroilda shohlik o‘rnatishiga ishonardi. Bu yuz berganida, tarqalib ketgan millionlab yahudiylar o‘z ona yurtiga qaytardi. Xalqni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo bir safar Isodan: «Kelishi kerak bo‘lgan zot senmisan yoki boshqasini kutaylikmi?» — deb so‘ragan. (Mat. 11:2, 3) Ehtimol, Yahyo yahudiylarni qutqarish uchun boshqa zotni kutish kerakligi haqida bilmoqchi bo‘lgandir. Keyinchalik, Emmausga ketayotganda, tirilgan Isoni ko‘rgan ikkita shogird ham Masih Isroil xalqini ozod etishiga umid bog‘lagan edi. (Luqo 24:21 ni o‘qing.) Ko‘p o‘tmay, Isoning havoriylari unga: «Hazrat, axir siz Isroilda shohlikni shu paytda tiklamaysizmi?» — deb savol berishgan. (Havor. 1:6)

5. a) Nega Jaliladagi odamlar Iso ularning shohi bo‘lishini xohlashgan? b) Iso qanday qilib ularning nuqtai nazarini o‘zgartirgan?

5 Masih bilan bog‘liq bo‘lgan aynan shu kabi umidlar tufayli Jaliladagi odamlar Iso ularning shohi bo‘lishini xohlagan. Bir tasavvur qiling, ular Iso bekamu ko‘st boshqaruvchi bo‘la oladi deb o‘ylashgan. Boisi u mohir notiq edi, kasallarni davolardi, ochlarni to‘ydirardi. Iso qariyb 5 000 ta erkak kishini to‘ydirganda, xalq lol qoldi. «Odamlar uni shoh qilish niyatida tutib olishmoqchi ekanini bilib, Iso yana bir o‘zi toqqa chiqib ketdi». (Yuhan. 6:10–15) Keyingi kun esa odamlarning ishtiyoqi oz-moz susaygandir. Gap shundaki, Iso ularga qilgan ishining asl mohiyatini tushuntiradi. Ya’ni xalqning manfaatlarini ko‘zlab, moddiy ehtiyojlarini emas, balki ma’naviy ehtiyojlarini qondirish uchun kelganini aytadi. Ularga: «Sizlar o‘tkinchi yegulik uchun emas, abadiy hayotga eltadigan yegulik uchun mehnat qilinglar»,— deydi. (Yuhan. 6:25–27)

6. Qanday qilib Iso siyosatga aralashish niyati yo‘qligini yaqqol ko‘rsatgan? (Ochqich oyatning yuqorisidagi 1- rasmga qarang.)

6 Iso o‘limidan sal oldin ba’zi izdoshlari u shohlikni Quddusda o‘rnatishini kutayotganini tushungan. Iso minalar to‘g‘risida masal aytib, ularning fikrlash tarzini o‘zgartirgan. Bu masal uzoq vaqtga boshqa mamlakatga ketgan «asilzoda bir odam» haqida edi. U Isoni bildirardi. (Luqo 19:11–13, 15) Qolaversa, Iso Rim hukumatiga nisbatan betaraf qolgan. Pontiy Pilat undan: «Sen yahudiylarning shohimisan?» — deb so‘ragan. (Yuhan. 18:33) Ehtimol, Pilat Iso siyosiy notinchlik keltirib chiqarishidan qo‘rqqandir. Bu Pilatni uning hukmronligi paytida tashvishlantirgan masala edi. Iso unga: «Mening Shohligim bu dunyodan emas»,— deb javob bergan. (Yuhan. 18:36) Ha, u siyosatga aralashmagan, chunki uning Shohligi osmonda bo‘lishi kerak edi. U Pilatga «haqiqat to‘g‘risida shohidlik berish» niyatida yer yuziga kelganini aytgan. (Yuhanno 18:37 ni o‘qing.)

Diqqatingiz bu dunyodagi muammolarga qaratilganmi yoki Xudoning Shohligigami? (7- xatboshiga qarang.)

7. Nima uchun hatto fikrda siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlamaslik qiyin bo‘lishi mumkin?

7 Biz ham Iso singari vazifamiz nimadan iborat ekanini yaxshi tushunamiz. Shunday ekan, siyosiy guruhlarni na fikrda, na amalda qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu oson bo‘lmasligi mumkin. Bitta ko‘chma nozir shunday fikr bildirdi: «Hududimizda ko‘pdan-ko‘p odamlar keskin o‘zgarishlar tarafdori bo‘lib ketyapti. Ko‘plar millatchilik ruhiga berilib ketib, siyosiy mustaqillik ularning hayotini o‘zgartirishiga ishonadi. Ming shukurki, birodarlarimiz Samoviy Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilishga jon kuydirish orqali oramizdagi birlikni himoya qilishyapti. Ular adolatsizlikni va duch kelayotgan boshqa muammolarni Xudo hal qilishiga umid bog‘lashadi».

QAY YO‘SIN ISO SIYOSIY MASALALARDA BETARAF QOLGAN?

8. Isoning davrida ko‘pgina yahudiylar qanday adolatsizlikka duch kelgan?

8 Odatda adolatsizlik dastidan siyosiy g‘alayonlar yuzaga keladi. Isoning davrida soliq to‘lash qizg‘in siyosiy masala edi. Rim hukumati odamlar soliq to‘layotganiga amin bo‘lish uchun ularni ro‘yxatdan o‘tkazgani sababli, yuqorida aytilgan jalilalik Yahudo isyon ko‘targan edi. Rim fuqarolari, jumladan, Isoni tinglaganlar mol-mulki, yeri va uylari uchun hamda shunga o‘xshash talaygina soliqlar to‘lashga majbur edi. Soliqchilar poraxo‘rlik qilgani bois insonlar og‘ir yuk ostida qolardi. Ular mansabga ega bo‘lish niyatida poraxo‘rlik qilishardi, mansabidan foydalanib esa yanada ko‘proq pul ishlab olishardi. Masalan, Yerixodagi soliqchilarning boshlig‘i Zakkay odamlardan pul undirgani uchun boy bo‘lib ketgan edi. (Luqo 19:2, 8) Ehtimol, ko‘plar uchun unga o‘xshab yo‘l tutish oddiy hol bo‘lgan.

9, 10. a) Qanday qilib Isoning dushmanlari uni tuzoqqa tushirmoqchi bo‘lishgan? b) Iso bergan javobdan nimani o‘rganishimiz mumkin? (Ochqich oyatning yuqorisidagi 2- rasmga qarang.)

9 Isoning dushmanlari uni soliq to‘lash bilan bog‘liq masala orqali tuzoqqa tushirmoqchi bo‘lgan. Ular barcha yahudiylar bir dinor miqdordagi soliqni to‘lashi kerakmi deb savol berishgan. (Matto 22:16–18 ni o‘qing.) Yahudiylar bu soliqni to‘lashdan norozi edi. Bu ularning Rim boshqaruvi ostida ekanini bildirardi. Ushbu masalani ko‘targan «Hirodning tarafdorlari» Iso soliq to‘lamaslik kerak deb aytsa, ular uni Rim hukumatiga qarshi chiqishda ayblay olamiz degan umidda edi. Lekin agar Iso soliq to‘lanishi lozim deb aytsa, unga ergashgan odamlar undan yuz o‘girardi.

10 Iso ehtiyot bo‘lib, bu masalada betaraf qolgan. U: «Podshohning haqini podshohga, Allohning haqini Allohga beringlar»,— degan. (Mat. 22:21) Albatta, Iso soliqchilar orasida poraxo‘rlik keng tarqalganidan xabardor edi. Biroq Iso chalg‘ib, bundan ham ancha muhimroq bo‘lgan narsani ko‘zdan qochirmoqchi emas edi. Bu Xudoning Shohligi bo‘lib, odamlarning muammolarini yechishda yagona vositadir. Shunday qilib, Iso barcha izdoshlariga a’lo o‘rnak qoldirdi. Biron-bir siyosiy masala qanchalik to‘g‘ri yoki adolatli ko‘rinmasin, masihiylar ularga aralashmaslikka harakat qiladi. Ular uchun Xudoning Shohligi va Uning adolati hamisha birinchi o‘rinda. Ular biron adolatsiz ish borasida qat’iy fikr-mulohazalarga ega bo‘lmaydi va bu haqida o‘z nuqtai nazarini bildirmaydi. (Mat. 6:33)

11. Adolatga erishish xohishimizdan qay yo‘sin to‘g‘ri foydalansak bo‘ladi?

11 Yahova Shohidlarining ko‘plari siyosiy masalalar borasidagi qat’iy fikr-mulohazalaridan xalos bo‘la oldi. Buyuk Britaniyadagi imondoshimiz shunday aytib berdi: «Universitetda ijtimoiy fanlarni o‘rgangach, siyosat borasida radikal g‘oyalarga ega bo‘ldim. Men qora tanli odamlarning huquqlarini himoya qilishni xohlardim, chunki adolatsizlikdan biz juda ko‘p azob chekardik. Garchi muayyan yutuqlarga erishgan bo‘lsam-da, umidim puchga chiqdi. Irqiy adolatsizlikka sabab bo‘lgan narsalar odamlarning yuragida ildiz otgan edi va ularni sug‘urib tashlash kerakligini tushunmagan edim. Lekin Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshlaganimda, buni o‘z yuragimdan boshlashim kerakligini anglab yetdim. Bitta oq tanli opamiz menga bunda sabr ila ko‘maklashdi. Hozir men imo-ishora tilidagi jamoatda doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilaman va har turli insonlarga va’z qilishni o‘rganyapman».

«QILICHINGIZNI QINIGA SOLIB QO‘YING»

12. Isoning shogirdlari qaysi «xamirturushdan» ehtiyot bo‘lishi kerak edi?

12 Isoning davrida ko‘pincha din rahbarlari siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlardi. Misol uchun, bir kitobda yozilganiday, «yahudiylarning diniy mazhablari qaysidir ma’noda bugun biz siyosiy partiya deb ataydigan guruhga o‘xshardi». («Daily Life in Palestine at the Time of Christ») Shuning uchun Iso shogirdlarini quyidagicha ogohlantirdi: «Qaranglar, farziylarning va Hirodning xamirturushidan ehtiyot bo‘linglar». (Mark 8:15) Bu yerda Iso Hirodni tilga olganda, uning tarafdorlariga ishora qilgan bo‘lsa kerak. Farziylar esa yahudiylar Rim imperiyasidan mustaqil bo‘lishini xohlashardi. Matto bayon etgan xushxabarga binoan Iso shogirdlarini sadduqiylardan ham ehtiyot bo‘lishga chorlagan. Chunki ular hammasi boricha qolishini, hech narsa o‘zgarmasligini istagan. Gap shundaki, ularning a’zolari Rim hukumatining boshqaruvi ostida siyosiy mansablarga ega edi. Iso shogirdlarini xamirturushdan, ya’ni mana shu uchta guruhning ta’limotlaridan ehtiyot bo‘lishga qat’iy ogohlantirgan. (Mat. 16:6, 12) Qizig‘i shundaki, odamlar Isoni shoh etib tayinlamoqchi bo‘lishganidan ko‘p o‘tmay u bu ogohlantirishni aytgan edi.

13, 14. a) Qay yo‘sin siyosiy va diniy masalalar zo‘ravonligu adolatsizlikka yetaklaydi? b) Nima uchun adolatsizlik zo‘ravonlikni oqlamaydi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi 3- rasmga qarang.)

13 Din siyosat bilan aralashganda, zo‘ravonlik osonlikcha avj olishi hech gap emas. Iso shogirdlarini bunday vaziyatlarda betaraflikni saqlash kerak deb o‘rgatgan. Mana shu sababli oliy ruhoniylaru farziylar Isoni o‘ldirish rejasini tuzishgan. Ular odamlar Isoga quloq solishlaridan va ularning ortidan ergashmay qo‘yishlaridan qo‘rqishgan. Aks holda, ular din va siyosatda o‘z kuchini yo‘qotardi. Ular: «Agarda buni shundayligicha qoldirsak, hamma unga ishonadi. Shunda rimliklar kelib, joyimizni ham, xalqimizni ham bosib oladi»,— deyishgan. (Yuhan. 11:48) Shunday qilib, oliy ruhoniy Kayafa Isoning o‘ldirilishini tashkillashtirgan. (Yuhan. 11:49–53; 18:14)

14 Kayafa Isoni kechasi hibsga olish uchun askarlarni jo‘natgan. Iso ushbu makkor rejadan xabardor edi, shu bois havoriylar bilan so‘nggi marta ovqatlanayotganda, o‘zlari bilan qilich olishni aytgan. Muhim bir narsaga o‘rgatish uchun ikkita qilichning o‘zi yetarli edi. (Luqo 22:36–38) O‘sha tunda Butrus to‘da ichidagi bir kishiga hujum qilish uchun o‘sha qilichdan foydalangan. Shubhasizki, Butrus Isoning kechasi hibsga olinishini adolatsizlik deb bilgani uchun g‘azablangan. (Yuhan. 18:10) Ammo Iso unga: «Qilichingizni qiniga solib qo‘ying. Chunki qilich ko‘targanlarning hammasi qilichdan halok bo‘ladi»,— deb aytgan. (Mat. 26:52, 53) Bu muhim saboq, Iso o‘sha kechasi sal oldin izdoshlari dunyoga tegishli bo‘lmasligi darkor, deb qilgan ibodatiga muvofiq edi. (Yuhanno 17:16 ni o‘qing.) Darhaqiqat, adolat uchun kurashishga faqat Allohning haqqi bor.

15, 16. a) Qanday qilib Xudoning Kalomi masihiylarga mojarolardan uzoqroq bo‘lishga ko‘maklashmoqda? b) Yahova bu dunyoni kuzatar ekan, qanday farqni ko‘ryapti?

15 Yuqorida aytilgan Janubiy Yevropadan bo‘lgan imondoshimiz xuddi shu narsaga o‘rgandi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Zo‘ravonlik bilan adolatga erishib bo‘lmasligini tushundim. Shafqatsizlik qilganlarning hayoti ko‘pincha o‘lim bilan yakun topganiga guvoh bo‘ldim. Boshqa ko‘p odamlarning qahri qattiq bo‘lib ketgan. Men Muqaddas Kitobdan faqat Xudo yer yuzida chinakam adolatni o‘rnatishi haqida bilib olganimdan juda baxtiyorman. Oxirgi 25 yil davomida bu xabarni boshqalarga ham va’z qilyapman». Yuqorida tilga olingan Janubiy Afrikadagi birodar esa nayzasi o‘rniga «muqaddas ruhning qilichi», ya’ni Xudoning Kalomiga ega bo‘lib, qaysi qabiladan bo‘lishidan qat’i nazar, hammaga tinchlik xabarini va’z qilyapti. (Efes. 6:17) Markaziy Yevropadagi ayol esa Yahovaning Shohidi bo‘lib, oldin u nafratlangan irqdagi birodarimizga turmushga chiqdi. Bularning uchovi ham Masih kabi bo‘lishni xohlagani uchun o‘zgardi.

16 Naqadar ajoyib o‘zgarishlar! Muqaddas Kitobda insoniyat suvlari chayqalayotgan va tinchlik nimaligini bilmaydigan dengiz bilan solishtirilgan. (Ishayo 17:12; 57:20, 21; Vah. 13:1) Siyosiy masalalar tufayli odamlar og‘ir ahvolga tushib, bir-biridan ajralib ketishyapti va zo‘ravonlikka zamin yaratilyapti. Biz esa tinchlik va birlikni saqlayapmiz. Yahova bu bo‘lingan dunyoni kuzatar ekan, xalqi orasida bunday tinchlik hukm surayotganini ko‘rib quvonyapti. (Zafaniyo 3:17 ni o‘qing.)

17. a) Birlikka qaysi uchta yo‘nalishda o‘z hissamizni qo‘sha olamiz? b) Kelasi maqolada nima haqida gap boradi?

17 Ko‘rib chiqqanimizday, masihiylar orasidagi birlikka quyidagi uchta harakat orqali o‘z hissamizni qo‘sha olamiz: 1) Xudoning Shohligi adolatsizlikni bartaraf etishiga ishonamiz, 2) siyosiy masalalarda hech kimning tarafini egallamaymiz va 3) zo‘ravonlikni rad etamiz. Lekin yakdilligimizga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan yana bir narsa bor. Bu yuzxotirchilikdir. Kelasi maqolada, birinchi asrdagi masihiylar kabi bu qiyinchilikni qanday qilib yengishimiz mumkinligi haqida gap boradi.