Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Vijdoningizni Allohning qonun va prinsiplari tarbiyalashiga yo‘l qo‘ying

Vijdoningizni Allohning qonun va prinsiplari tarbiyalashiga yo‘l qo‘ying

Eslatmalaring ustida mulohaza qilaman. ZAB. 119:99

QO‘SHIQLAR: 29, 11

1. Nima tufayli odamlar hayvonlardan yuksakroq?

ODAMLAR vijdonga ega bo‘lgani bois hayvonlardan yuksakroqdir. Odamlar yer yuzida yaratilganidan beri shunday bo‘lib kelyapti. Odamato bilan Momohavo Yahovaning qonunini buzgandan so‘ng Undan yashirinib olishgan. Bundan ularning vijdoni qiynalgani ko‘rinib turibdi.

2. Qay yo‘sin vijdonimiz kompasga o‘xshaydi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

2 Vijdoni noto‘g‘ri tarbiyalangan insonlarni buzilib qolgan kompas yo‘naltirayotgan kema bilan solishtirish mumkin. To‘g‘ri ishlaydigan kompassiz safarga chiqish juda xavfli. Shamol va ummon to‘lqinlari kemani yo‘nalishidan osonlikcha adashtirib ketishi mumkin. Yo‘nalishni aniq ko‘rsatadigan kompas kema boshqaruvchisiga yordam beradi. Vijdonimizni axloq borasida kompasga o‘xshatsa bo‘ladi. U ichki tuyg‘u bo‘lib, nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatib, to‘g‘ri yo‘nalishda ketishimizga ko‘maklashadi. Ammo vijdonimiz aniq yo‘naltirishini xohlasak, u to‘g‘ri tarbiyalangan bo‘lishi kerak.

3. Vijdon to‘g‘ri tarbiyalangan bo‘lmasa, oqibati qanday bo‘ladi?

3 Agar odamning vijdoni to‘g‘ri tarbiyalangan bo‘lmasa, noto‘g‘ri ishlardan ogohlantirmaydi. (1 Tim. 4:1, 2) Bunday vijdon hatto yomon narsa yaxshi ekaniga ishontirishi hech gap emas. (Ishayo 5:20) Iso izdoshlarini quyidagicha ogohlantirgan: «Shunday vaqt keladiki, sizlarni o‘ldirayotgan har bir kishi, Xudoga muqaddas xizmatni bajaryapman, deb o‘ylaydi». (Yuhan. 16:2) Isoning shogirdi Stefanni o‘ldirgan odamlar ham shunday fikrda bo‘lgan. (Havor. 6:8, 12; 7:54–60) Shu kabi jinoyat, ya’ni shafqatsiz qotilliklar mantiqqa zid! Zero, Xudoga topinyapman deb ta’kidlagan dindor mutaassiblar aslida Uning qonunlariga zid ishga qo‘l urishyapti. (Chiq. 20:13) Shunisi aniqki, vijdoni ularni noto‘g‘ri boshqarmoqda.

4. Vijdonimiz to‘g‘ri yo‘naltirayotganini qanday aniqlasak bo‘ladi?

4 Vijdonimiz to‘g‘ri yo‘naltirayotganini qanday aniqlasak bo‘ladi? Gap shundaki, Xudoning Kalomidagi qonun va prinsiplar «o‘rgatish, tanbeh berish, tuzatish, adolat yo‘lida tarbiyalash uchun foydalidir». (2 Tim. 3:16) Shu bois, Muqaddas Kitobni sinchkovlik ila tadqiq qilish, bilib olganlarimiz ustida mulohaza yuritish va ularni hayotimizda qo‘llash orqali Xudoning fikrlash tarziga ko‘proq taqlid qila olamiz. Shu yo‘sin, vijdonimiz ishonchli yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘la oladi. Keling, Yahovaning qonun va prinsiplari vijdonimizni tarbiyalashimizga qanday yordam bera olishini bilib olaylik.

XUDONING QONUNLARI SIZNI TARBIYALASHIGA YO‘L QO‘YING

5, 6. Xudoning qonunlariga amal qilib, qanday foyda olamiz?

5 Xudoning qonunlaridan foyda ko‘rishni istasak, ularni shunchaki o‘qish yoki ko‘z yugurtirib chiqishning o‘zi yetarli emas. Ularni yaxshi ko‘rib, qadrlashimiz zarur. Xudoning Kalomida: «Yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni seving»,— deb yozilgan. (Amos 5:15) Xo‘sh, buni qanday qilib uddalay olamiz? Buning siri Yahova kabi fikrlashga o‘rganishdir. Bir tasavvur qiling: kechasi yaxshi uxlay olmayapsiz. Shunda, shifokor sizga parhez, jismoniy mashqlar va hayotingizga tegishli boshqa tavsiyalar beradi. Ushbu maslahatlarga rioya qilib foyda ko‘rasiz! Albattaki, shifokor sizga yordam bergani uchun juda minnatdor bo‘lasiz.

6 Shu singari, Parvardigorimiz bizni gunohning yomon oqibatlaridan himoya qilish va hayotimizni yaxshilash niyatida qonunlar ato etgan. Yolg‘on gapirish, hiyla-nayrang, o‘g‘irlash, jinsiy axloqsizlik, zo‘ravonlik va sehr-jodu borasida Muqaddas Kitobdagi qonunlarga amal qilishdan qanchalar foyda ko‘rayotganimizni aytmaysizmi?! (Hikmatlar 6:16–19 ni o‘qing; Vah. 21:8) Yahovaga bo‘ysunganimiz tufayli qut-barakalarga ega bo‘lganimizda qalbimizdagi sevgi o‘sib, ham Yahovaga, ham Uning qonunlariga nisbatan minnatdorchiligimiz oshadi.

7. Muqaddas Kitobdagi hayotiy voqealarni o‘qib, mulohaza yuritish bizga qanday yordam beradi?

7 Ming shukr, qimmatli saboqlar olish uchun Allohning qonunlarini buzishning va uning oqibatlari tufayli azob chekishning keragi yo‘q. Biz o‘tmishdagi xatolardan o‘rganishimiz mumkin. Ular Muqaddas Kitobda qalamga olingan. Hikmatlar 1:5 da: «Dono odam tinglab, bilimini oshiradi»,— deyilgan. Ha, Muqaddas Kitobdagi hayotiy voqealarni o‘qib, mulohaza yuritganimizda, Allohning eng a’lo yo‘l-yo‘rig‘iga ega bo‘lamiz. Masalan, shoh Dovud Yahovaning amriga bo‘ysunmay, Botsheva bilan zino qilganda, buning oqibatida qanchalar azob chekkanini o‘ylab ko‘ring. (2 Shoh. 12:7–14) Bu haqida o‘qib, fikr yuritar ekansiz, o‘zingizdan shunday so‘rang: «Qanday qilib Dovud bu muammolardan qochishi mumkin edi? Men ham shu kabi vasvasaga duch kelsam, qanday yo‘l tutaman? Yusuf singari qochib ketamanmi yoki Dovudga o‘xshab axloqsizlik qilamanmi?» (Ibt. 39:11–15) Gunohning ayanchli oqibatlari to‘g‘risida fikr yuritsak, borgan sari «yomonlikdan nafratlanishga» o‘rganamiz.

8, 9. a) Vijdonimiz nima qilishga ko‘maklashadi? b) Qanday qilib vijdonimiz va Yahovaning prinsiplari o‘zaro bog‘liq?

8 Tangri nafratlanadigan ishlardan yiroqda bo‘lish oqilonadir. Lekin Muqaddas Kitobda hayotimizning boshqa sohalariga oid muayyan qonunlar yo‘q. Bunday vaziyatlarda Allohga nima ma’qul va nima noma’qul ekanini qanday aniqlay olamiz? Mana shunday vaziyatlarda Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdonimiz qo‘l keladi.

9 Vijdonimizni Muqaddas Kitob asosida tarbiyalashimiz uchun Yahova mehr ila bizga prinsiplarni ato etgan. Uning O‘zi shunday degan: «Men Yahova, sening Xudoyingman, sening manfaatingni ko‘zlab ta’lim beraman, yurishing kerak bo‘lgan yo‘ldan yetaklayman». (Ishayo 48:17, 18) Muqaddas Kitob prinsiplari borasida chuqur fikr yuritsak, ular qalbimizga ta’sir qiladi. Shu yo‘sin, vijdonimizni tuzatamiz, tarbiyalaymiz va shakllantiramiz. Bu esa o‘z navbatida, dono qarorlar chiqarishimizga yordamlashadi.

XUDONING QONUNLARI SIZNI YETAKLASHIGA YO‘L QO‘YING

10. Prinsiplar nima degani va Iso ta’lim berganda ulardan qay yo‘sin foydalanardi?

10 Prinsip — fikrlash tarzimizga ta’sir qiladigan va to‘g‘ri qarorlar chiqarishimizga yordam beradigan asosiy haqiqatdir. Qonun chiqaruvchi bo‘lmish Yahovaning prinsiplarini bilish, U qanday fikr yuritishini va nega muayyan qonunlar o‘rnatganining sababini tushunishimizga ko‘maklashadi. Iso yer yuzidagi xizmati davomida shogirdlariga asosiy haqiqatlarni o‘rgatib, muayyan nuqtai nazar yoki harakatlarning oqibatini tushunishga yordamlashgan. Misol uchun, u g‘azab zo‘ravonlikka, axloqsiz fikrlar esa zinoga yetaklashini tushuntirgan. (Mat. 5:21, 22, 27, 28) Yahovaning prinsiplari bizni boshqarishiga yo‘l qo‘ysak, vijdonimiz to‘g‘ri tarbiyalangan bo‘lib, Uni sharaflaydigan qarorlar chiqara olamiz. (1 Kor. 10:31)

Ma’nan yetuk masihiy boshqalarning vijdonini inobatga oladi (11-, 12- xatboshilariga qarang.)

11. Qanday qilib bir kishining vijdoni boshqasinikidan farq qilishi mumkin?

11 Ba’zi vaziyatlarda ikkita masihiy ham Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoniga qarab har xil qaror chiqarishi mumkin. Keling, spirtli ichimliklarni iste’mol qilishga e’tibor qarataylik. Muqaddas Kitobga ko‘ra, spirtli ichimliklarni me’yorida iste’mol qilish mumkin. Biroq u yerda shuningdek, bu ichimliklarni suiiste’mol qilmaslik va ichkilikbozlik borasida ogohlantirish bor. (Hik. 20:1; 1 Tim. 3:8) Masihiy spirtli ichimliklarni me’yorida iste’mol qilishi, u boshqa omillarni inobatga olmasligi kerakligini anglatadimi? Yo‘q. Chunki uning vijdoni bunga yo‘l qo‘ysa ham, u boshqalarning vijdonini inobatga olishi lozim.

12. Rimliklarga 14:21 ga ko‘ra, qanday qilib boshqalarning vijdonini inobatga olishimiz mumkin?

12 Masihiylar bir-birining vijdoniga e’tiborli bo‘lishi kerakligi haqida Pavlus shunday yozgan: «Undan ko‘ra go‘sht yemagan, sharob ichmagan yoki birodaringizni qoqintiradigan biron ish qilmagan ma’qul». (Rim. 14:21) Vijdoni siznikidan farq qiladigan imondoshingizni qoqintirishi mumkin bo‘lgan, ammo siz uchun to‘g‘ri bo‘lgan narsalardan voz kechishga tayyor bo‘lasizmi? Albatta, tayyorsiz. Ba’zi birodaru opa-singillar haqiqatni bilishdan oldin spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishardi, hozir esa o‘zini bundan tiyishga qaror qilishgan. Shubhasizki, imondoshimiz yana o‘sha odatiga qaytib, zarar ko‘rishini hech birimiz xohlamaymiz. (1 Kor. 6:9, 10) Shuning uchun, imondoshimiz spirtli ichimliklarni ichishdan bosh tortsa, uni bunga majburlamaymiz.

13. Shohlik manfaatlarini ko‘zlashda Timo‘tiy qanday o‘rnak ko‘rsatgan?

13 Yoshi 20 larda bo‘lgan Timo‘tiy va’z qilishga yuborilgan yahudiylarni qoqintirmaslik uchun, garchi bu og‘riqli bo‘lsa-da, sunnat qilinishga rozi edi. U xuddi havoriy Pavlus kabi nuqtai nazarda edi. (Havor. 16:3; 1 Kor. 9:19–23) Timo‘tiyga o‘xshab, siz ham boshqalarning foydasi uchun qurbonliklar qilishga tayyormisiz?

«KAMOLOT SARI INTILAYLIK»

14, 15. a) Ma’nan yetuk bo‘lish nimani o‘z ichiga oladi? b) Boshqalarga nisbatan sevgi namoyon etish ma’nan yetuklik bilan qanday bog‘liq?

14 Xudoning barcha xizmatchilari «Masih haqidagi boshlang‘ich ta’limotlarni qoldirib, kamolot sari intilishi» lozim. (Ibron. 6:1) Bu o‘z-o‘zidan yuz bermaydi. Biz intilishimiz yoki harakat qilishda to‘xtamasligimiz kerak. Ma’nan yetuk bo‘lish bilim orttirishni va yanada fahm-farosatli bo‘lishni o‘z ichiga oladi. Shu bois, Muqaddas Kitobni kunda o‘qishimiz kerakligi doim eslatib turiladi. (Zab. 1:1–3) Siz ham bu maqsadni ko‘zlayapsizmi? Bu tufayli Yahovaning qonun va prinsiplarini yaxshiroq fahmlaysiz va Uning Kalomini chuqurroq tushunasiz.

15 Masihiylar uchun sevgi haqidagi amr eng muhim amrdir. Iso shogirdlariga quyidagicha degan: «Agar orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi». (Yuhan. 13:35) Isoning tutingan ukasi Yoqub sevgini «shohning qonuni» deb atagan. (Yoqb. 2:8) Pavlus: «Sevgi qonunning bajarilishidir»,— deb aytgan. (Rim. 13:10) Sevgiga shunchalik urg‘u berilayotgani ajablanarli emas, zero Muqaddas Kitobda: «Allohning O‘zi sevgidir»,— deyilgan. (1 Yuhan. 4:8) Allohning sevgisi shunchaki tuyg‘u emas. Yuhanno quyidagicha yozgan: «Tangrining muhabbati bizga shunda oshkor bo‘ldiki, Xudo yagona O‘g‘lini dunyoga yubordi, toki biz u orqali hayotga ega bo‘laylik». (1 Yuhan. 4:9) Ha, Xudoning sevgisi amalda namoyon bo‘ladi. Yahovaga, Isoga, imondoshlarimizga va boshqalarga ham ko‘proq sevgi namoyon etish uchun ma’nan yetuk bo‘lishimiz o‘ta muhim. (Mat. 22:37–39)

Ilohiy prinsiplar asosida fikr yuritsak, vijdonimiz yanada ishonchli yo‘l ko‘rsatuvchiga aylanadi (16- xatboshiga qarang.)

16. Nega ma’nan yetuk bo‘lganimiz sayin, prinsiplar biz uchun yanada muhim bo‘ladi?

16 Unutmangki, ma’nan yetuk bo‘lganingiz sayin, prinsiplar siz uchun juda muhim ekanini anglay boshlaysiz. Qonunlarni muayyan vaziyatda qo‘llash mumkin bo‘lsa, prinsiplarga kengroq ko‘lamda amal qilsa bo‘ladi. Masalan, yosh bola yomon odamlar bilan muloqot qilish xavfli ekanini tushunmasligi mumkin, fahm-farosatli ota-onasi uni himoya qilish niyatida qoidalar o‘rnatadi. (1 Kor. 15:33) Lekin ulg‘aygani sayin uning fikr yuritish qobiliyati rivojlanadi va Muqaddas Kitobga asoslangan prinsiplar ustida mulohaza yurita oladi. Shunday qilib, u kimlar bilan muloqot qilish borasida dono qarorlar chiqarishga o‘rganadi. (1 Korinfliklarga 13:11; 14:20 ni o‘qing.) Xudoning prinsiplari ustida mulohaza yuritganimizda, vijdonimiz ishonchli yo‘l ko‘rsatuvchiga aylanib, U kabi fikrlashga o‘rganamiz.

17. Nima uchun dono qarorlar chiqarishimizga ko‘maklashadigan kerakli narsalarga egamiz deb ayta olamiz?

17 Yahovani mamnun qilish uchun dono qarorlar chiqarishimizga ko‘maklashadigan kerakli narsalarga egamizmi? Ha. Xudoning Kalomidagi qonun va prinsiplardan mohirona foydalansak, «har taraflama bilimga ega bo‘lib, har bir yaxshi ishga butunlayin tayyor turamiz». (2 Tim. 3:16, 17) Shunday ekan, «Yahovaning irodasi qanday ekanini anglab olish» uchun ilohiy prinsiplar ustida izlanish olib boring. (Efes. 5:17) Puxta tadqiq o‘tkazishimiz uchun tashkilotimiz «Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati nashrlarining ko‘rsatkichi», «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma», «Elektron kutubxona», «Elektron onlayn kutubxona» va JW Library ilovasi kabi asboblarni taqdim etyapti. Ular shaxsiy tadqiq va oilaviy topinishda ko‘proq foyda olishimizga yordam berish uchun mo‘ljallangan.

MUQADDAS KITOB ASOSIDA TARBIYALANGAN VIJDON BARAKALAR KELTIRADI

18. Yahovaning qonun va prinsiplariga muvofiq yo‘l tutsak, qanday barakalarga ega bo‘lamiz?

18 Zabur 119:97–100 da yozilganiday, Yahovaning qonun va prinsiplariga amal qilish barakalar yog‘diradi. U yerda shunday bayon etilgan: «Qonuningni qanchalar yaxshi ko‘raman! Kun bo‘yi u haqida mulohaza yuritaman. Amrlaring meni dushmanlarimdan ham donoroq qildi, chunki ular doimo menga yo‘l ko‘rsatadi. Eslatmalaring ustida mulohaza qilganim uchun, barcha ustozlarimdan ham fahm-farosatliroq bo‘ldim. Farmonlaringga rioya etganim uchun, yoshi ulug‘ odamlardan ko‘ra aql-idrok bilan ish qildim». Allohning qonun va prinsiplari ustida «mulohaza yuritishga» vaqt ajratsak, ko‘proq donolik, fahm-farosat va aql-idrok bilan yo‘l tuta olamiz. Sidqidildan harakat qilib, vijdonimizni Allohning qonun va prinsiplari tarbiyalashiga yo‘l qo‘ysak, «Masihning to‘liq qomatiga yetishgan insonday yetuk bo‘lamiz». (Efes. 4:13)