Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yahova hamda Iso singari barchamiz yakdil bo‘laylik!

Yahova hamda Iso singari barchamiz yakdil bo‘laylik!

Iltimos qilaman: hammalari bir bo‘lishsin. Otajon, Sen men bilan, men esa Sen bilan birlikda bo‘lganimiz kabi. YUHAN. 17:20, 21

QO‘SHIQLAR: 16, 31

1, 2. a) Iso so‘nggi bor kechki payt havoriylari bilan ibodat qilganda nima haqida so‘ragan? b) Nega Iso birlik haqida tashvishlangan bo‘lishi mumkin?

ISO havoriylari bilan so‘nggi bor kechlik paytida birlik haqida tashvishlangan edi. Ular bilan ibodat qilganda, u va Otasi singari hamma shogirdlari birlikda bo‘lishini xohlayotganini aytgan edi. (Yuhanno 17:20, 21 ni o‘qing.) Bu birlik ajoyib shohidlik bo‘la olardi. Chunki shu yo‘sin Yahova O‘z irodasini bajarish niyatida Isoni yerga yuborgani yaqqol ko‘rinardi. Sevgi Isoning haqiqiy shogirdlarini ajratib turadigan belgi bo‘lib, ularning birligiga hissa qo‘shishi kerak edi. (Yuhan. 13:34, 35)

2 Iso birlikka urg‘u berganining ajablanarli joyi yo‘q. U havoriylari uncha yakdil emasligini payqagani uchun, o‘sha kecha birlikni ta’kidlab o‘tgan. Masalan, bundan oldin «oralarida kim buyuk deb hisoblanishi kerakligi to‘g‘risida» qattiq bahs-munozara ko‘tarilgan. (Luqo 22:24–27; Mark 9:33, 34) Boshqa safar esa Yoqub bilan Yuhanno Samoviy Shohlikda Isoning oldida bo‘lib martabali o‘rinlarga ega bo‘lishlarini so‘ragan. (Mark 10:35–40)

3. Masihning shogirdlari yakdil bo‘lishiga nima to‘sqinlik qilgan bo‘lishi mumkin va bu maqolada qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

3 Ammo Masihning shogirdlari orasida mazkur bahs-munozara ko‘tarilganining yana boshqa sababi bor edi. Gap shundaki, Iso yashagan davrda odamlar nafrat va yuzxotirchilik dastidan bo‘lingan edi. Uning shogirdlari bu salbiy tuyg‘ularni yengishi kerak bo‘lgan. Ushbu maqolada quyidagi savollarni ko‘rib chiqamiz: «Iso yuzxotirchilik qilmaslik borasida qanday o‘rnak ko‘rsatgan? Qay yo‘sin u izdoshlari boshqalarga nisbatan yuzxotirchilik qilmay, yakdillikni saqlashlariga ko‘maklashgan? Qanday qilib uning o‘rnagiyu ta’limotlari yakdil bo‘lishni o‘rganishimizga yordam beradi?»

ISO VA UNING IZDOSHLARI DUCH KELGAN YUZXOTIRCHILIK

4. Iso yuzxotirchilikka duch kelgani borasida misollar keltiring.

4 Isoning o‘zi ham yuzxotirchilikka duch kelgan. Misol uchun, Filip Natanilga Masihni topgani haqida aytganda, Natanil: «Nosiradan o‘zi biron yaxshilik chiqqanmi?» — degan. (Yuhan. 1:46) Ehtimol, Natanil Mixo 5:2 dagi bashoratni bilgan va Nosira Masih o‘sib-ulg‘ayishi kerak bo‘lgan shahar bo‘lishga arzimaydi deb o‘ylagandir. Qolaversa, Iso Jaliladan bo‘lgani bois taniqli yahudiylar undan nafratlanardi. (Yuhan. 7:52) Ko‘pgina yahudiylar Jaliladan bo‘lgan insonlarni mensimas edi. Boshqa yahudiylar esa Isoni samariyaliksan deya kamsitardi. (Yuhan. 8:48) Samariyaliklar va yahudiylarning millatiyu dini orasida farq bor edi. Yahudiylar hamda jalilaliklar samariyaliklarni nazariga ilishmasdi va ular bilan aloqa qilishmas edi. (Yuhan. 4:9)

5. Isoning shogirdlari qanday yuzxotirchilikka duch kelgan?

5 Yahudiy din rahbarlari ham Isoning izdoshlarini yomon ko‘rishardi. Farziylar ularni la’natlangan deb hisoblashardi. (Yuhan. 7:47–49) Ular diniy maktablarda tahsil olmagan yoki urf-odatlariga rioya qilmagan har qanday kishini arzimas va oddiy odam deb bilgan. (Havor. 4:13, izoh) O‘sha paytda diniy, ijtimoiy va irqiy bo‘linishlar tarqalgani dastidan, Iso va uning shogirdlari yuzxotirchilikdan aziyat chekishgan. Shogirdlarga ham noto‘g‘ri fikrlash tarzi ta’sir qilgan. Birlikni saqlab qolish uchun ular nuqtai nazarini o‘zgartirishi kerak edi.

6. Yuzxotirchilik bizga qanday ta’sir qilishi mumkin? Misollar keltiring.

6 Bugungi kunda, ko‘pchiligimiz yuzxotirchilikka to‘lib-toshgan joylarda yashaymiz. Biz yuzxotirchilik qurboni bo‘layotgandirmiz yoki o‘zimiz boshqalarga nisbatan yuzxotirchilik namoyon etayotgandirmiz. Avstraliyadagi bir kashshof quyidagicha tushuntirdi: «Oq tanli odamlar aborigenlarga yomon munosabatda bo‘lganini kuzatganim sayin oq tanli odamlarga bo‘lgan nafratim oshardi. Bundan tashqari, o‘zim ham tahqirlanganim uchun nafratim kuchayardi». Kanadalik birodar esa qachonlardir til tufayli yuzxotirchilik namoyon etganini aytdi. U: «Fransuz zabon kishilarni yuksakroq deb o‘ylardim. Ingliz tilida gapiradigan odamlarni esa yoqtirmas edim»,— dedi.

7. Iso yuzxotirchilik qilmaslik borasida qanday o‘rnak ko‘rsatgan?

7 Isoning davrida bo‘lganiday, bugun ham yuzxotirchilik odamlar ongida chuqur o‘rnashgan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, Iso yuzxotirchilik qilmaslik borasida qanday o‘rnak ko‘rsatgan? Birinchidan, uning o‘zi yuzxotirchilik qilmagan. U beg‘araz edi. Iso boyu kambag‘allarga, farziylaru sadduqiylarga va hatto soliqchiyu gunohkorlarga ham va’z qilgan. Ikkinchidan, ta’limotlariyu o‘rnagi bilan Iso shogirdlariga boshqalarga nisbatan gumonlarini yengishi yoki yuzxotirchilik qilmasliklari kerakligini ko‘rsatgan.

YUZXOTIRCHILIKNI SEVGI VA KAMTARLIK BILAN YENGING

8. Yakdilligimizning asosi bo‘lgan muhim bir prinsip qanday? Tushuntiring.

8 Iso yakdilligimizning asosi bo‘lgan muhim bir prinsipni ayon etgan. U: «Barchangiz birodarsizlar»,— degan. (Matto 23:8, 9 ni o‘qing.) Barchamiz Odamatoning avlodi bo‘lganimiz bois qaysidir ma’noda «birodarlarmiz». (Havor. 17:26) Ammo bunga boshqa sabablar ham bor. Iso tushuntirganiday, shogirdlari Yahovani samoviy Otasi sifatida tan olishgani uchun bir-biriga aka-uka va opa-singildir. (Mat. 12:50) Qolaversa, ular sevgi va imon orqali birlashgan ulkan ma’naviy bitta oila a’zolaridir. Shuning uchun, havoriylar ko‘pincha o‘z maktublarida imondoshlariga «birodarlar» deb murojaat qilishgan. (Rim. 1:13; 1 Butr. 2:17; 1 Yuhan. 3:13) *

9, 10. a) Nima uchun yahudiylarda o‘z irqi bilan mag‘rurlanishga sabab yo‘q edi? b) O‘z irqi bilan mag‘rurlanish noto‘g‘ri ekanini Iso qay yo‘sin ta’kidlagan? (Ochqich oyatning yuqorisidagi 1- rasmga qarang.)

9 Iso shogirdlari bir-birini aka-uka va opa-singil deb bilishi kerak degandan so‘ng, kamtarin bo‘lish muhim ekanini ham ta’kidlagan. (Matto 23:11, 12 ni o‘qing.) E’tibor berganimizdek, havoriylar orasidagi birlik susayishiga mag‘rurlik sabab bo‘lgan. Buning ustiga, odamlar o‘z irqi bilan mag‘rurlangan. Ko‘p yahudiylar o‘zini Ibrohimning avlodlari deb hisoblagani uchun boshqalardan ustunroqmiz deb o‘ylagan. Lekin odamlarni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo ularga: «Tangri mana shu toshlardan Ibrohimga zurriyot yaratishga qodir»,— deb aytgan. (Luqo 3:8)

10 Iso o‘z irqi bilan mag‘rurlanish noto‘g‘ri ekanini ta’kidlagan. Masalan, bir ulamo Isodan: «Mening yaqinim kim?» — deb so‘raganda u buni aniq tushuntirgan. Iso javob tariqasida, qaroqchilar do‘pposlab ketgan yahudiy bir kishiga samariyalik yo‘lovchi mehr ila g‘amxo‘rlik qilgani haqida hikoya aytib bergan. Garchi yahudiylar o‘sha bechoraga parvo qilmagan bo‘lsa-da, samariyalik kishi unga rahm qilgan ekan. Iso o‘sha ulamo ham samariyalikka o‘xshab yo‘l tutishi kerak deb hikoyasiga yakun yasagan. (Luqo 10:25–37) Iso bu hikoya yordamida, samariyalik kishi yahudiylarga barchani sevish borasida o‘rnak qoldirganini ko‘rsatgan.

11. Nega shogirdlar boshqa xalq vakillariga yuzxotirchilik namoyon etmasliklari kerak edi va Iso ularga buni tushunishga qanday ko‘maklashgan?

11 Isoning shogirdlari ularga tayinlangan vazifani bajarishlari uchun mag‘rurlikni yengib, yuzxotirchilik qilmasliklari kerak edi. Iso osmonga ko‘tarilishdan avval ularga «butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar» shohidlik berishni tayinlagan. (Havor. 1:8) Iso bundan oldinroq shogirdlarining diqqatini boshqa xalq vakillarining fazilatlariga qaratib, shu kabi ulkan vazifa uchun ularni tayyorlagan. Masalan, u boshqa xalq vakili bo‘lgan yuzboshini kuchli imoni uchun maqtab o‘tgan. (Mat. 8:5–10) Iso ona shahri Nosirada, Zorafatdagi finikiyalik beva ayolga va moxov kasalligiga yo‘liqqan suriyalik No‘monga Yahova qanday yordam berganini aytib bergan. (Luqo 4:25–27) Shuningdek, Iso samariyalik ayolga va’z qilgan va samariyaliklarning shahrida ikki kunga qolgan. Chunki ular xushxabarga qiziqish ko‘rsatgan. (Yuhan. 4:21–24, 40)

BIRINCHI ASRDAGI MASIHIYLAR YUZXOTIRCHILIK BILAN KURASHGAN

12, 13. a) Havoriylar Iso samariyalik ayolga va’z qilayotganini ko‘rganda qanday munosabat bildirdi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi 2- rasmga qarang.) b) Yoqub bilan Yuhanno Iso o‘rgatmoqchi bo‘lgan saboqni uncha tushunishmagani nimadan ayon bo‘lyapti?

12 Havoriylarga yuzxotirchilikdan qutulish oson bo‘lmagan. Ular Iso samariyalik ayolga va’z qilayotganini ko‘rib hayron qolishgan. (Yuhan. 4:9, 27) Negaki, yahudiy din vakillari omma oldida ayollar bilan gaplashmas edi. Yomon obro‘ga ega bo‘lgan samariyalik ayol bilan suhbatlashish haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Havoriylar Isoni ovqatlanishga taklif qilishgan, biroq u bu ayol bilan ma’naviy suhbat qurishga shunchalik berilib ketganki, hatto ovqatlanish ham muhim bo‘lmay qolgan. Hatto samariyalik ayolga bo‘lsa ham va’z qilish — Iso uchun Otasining irodasi bo‘lib, xuddi ovqat kabi bo‘lgan. (Yuhan. 4:31–34)

13 Yoqub va Yuhanno bu muhim saboqni tushunmadi. Shogirdlar Iso bilan Samariyada bo‘lganda, tunab qolish uchun u yerdagi biron qishloqda joy izlashdi. Samariyaliklar ularni qabul qilmaganda, Yoqub bilan Yuhannoning achchig‘i kelib, osmondan olov tushib o‘sha qishloqni gumdon qilishni taklif qildi. Iso ularga tanbeh berdi. (Luqo 9:51–56) Ehtimol, bu hodisa Yoqub bilan Yuhannoning ona yurti Jalilada yuz berganida, ularning shu qadar jahli chiqmagan bo‘lardi. Ular yuzxotirchilik namoyon etishgani bois g‘azabga minganga o‘xshaydi. Keyinchalik havoriy Yuhanno samariyaliklarga va’z qilganda, ularning ko‘pi qiziqish bildiradi va u ilgari tutgan yo‘lidan xijolat bo‘lib qolgandir. (Havor. 8:14, 25)

14. Turli tilda gapiradiganlar orasida paydo bo‘lgan muammo qanday hal qilindi?

14 Mil. 33-yili Hosil bayramidan ko‘p o‘tmay, jamoatda bir muammo yuz berdi. Muhtoj bevalarga rizq-ro‘z taqsimlanayotganda, yunon tilida gapiruvchi bevalar chetlab o‘tilayotgandi. (Havor. 6:1) Ehtimol, bu til bilan bog‘liq bo‘lgan yuzxotirchilik sababli yuz bergandir. Havoriylar rizq-ro‘zni taqsimlash uchun tajribali erkak kishilarni tayinlab, bu muammoni tezda hal qilishdi. Ma’nan yetuk bu barcha birodarlarning ismlari yunoncha edi. Xafa bo‘lgan bevalar uchun bu tasalli bo‘lgandir.

15. Qanday qilib Butrus hech kimga yuzxotirchilik qilmaslikka o‘rgangan? (Ochqich oyatning yuqorisidagi 3- rasmga qarang.)

15 Mil. 36-yili shogirdlar barcha xalqlardagi insonlarga va’z qila boshlashdi. Misol uchun, havoriy Butrus faqatgina yahudiylar bilan muloqot qilardi. Lekin Xudo masihiylar yuzxotirchilik qilmasliklari kerakligini aniq ko‘rsatgandan so‘ng, u Rim askari Korniliyga va’z qildi. (Havoriylar 10:28, 34, 35 ni o‘qing.) Vaqt o‘tgach, Butrus o‘zga xalq vakili bo‘lgan imondoshlari bilan ovqatlanib, muloqot qilishni yoqtiradigan bo‘ldi. Ammo bir necha yil o‘tib, Butrus Antioxiya shahrida o‘zga xalq vakili bo‘lgan masihiylar bilan yeb-ichmay qo‘ydi. (Galat. 2:11–14) Shunda Pavlus Butrusga tanbeh bergan va u buni qabul qilgan. Butrus Kichik Osiyodagi yahudiy va o‘zga xalq vakili bo‘lgan masihiylarga yo‘llagan ilk maktubida barcha imondoshlarni sevish muhim ekani haqida yozgan. (1 Butr. 1:1; 2:17)

16. Ilk masihiylar nimasi bilan taniqli edi?

16 Shubhasizki, havoriylar «har turli insonlarni» sevishni Isodan o‘rganishgan. (Yuhan. 12:32; 1 Tim. 4:10) Garchi bunga vaqt kerak bo‘lgan bo‘lsa-da, ular fikrlash tarzini o‘zgartirishgan. Ha, ilk masihiylar bir-birini sevgani bilan tanilgan. Ikkinchi asrdagi Tertullian ismli yozuvchi masihiy bo‘lmagan kishilarning quyidagi so‘zlarini keltirgan: «Ular bir-birini yaxshi ko‘radi... Ular bir-biri uchun hatto o‘lishga tayyor». Ilk masihiylar «yangi o‘zlikni kiyib olib», barcha insonlarga Xudoning nuqtai nazari bilan qarashga o‘rganishgan. (Kolos. 3:10, 11)

17. Qanday qilib qalbimizdagi yuzxotirchilikni sug‘urib tashlashimiz mumkin? Misollar keltiring.

17 Bugun ham qalbimizdagi yuzxotirchilikni sug‘urib tashlashimiz uchun vaqt kerakdir. Fransiyadagi bir imondoshimiz o‘z kurashi haqida quyidagilarni aytdi: «Yahova menga sevgi, uni namoyon etish va barcha odamlarni sevish nimani anglatishini oshkor etdi. Shunday bo‘lsa-da, boshqalarga nisbatan yuzxotirchilikni yengishga haligacha o‘rganyapman va bu doim ham oson emas. Shu bois, bu haqda tinmay ibodat qilaman». Ispaniyadagi imondoshimiz ham shunga o‘xshash kurash olib boryapti. U quyidagicha bo‘lishdi: «Ba’zida, muayyan xalq vakillariga nisbatan his etadigan salbiy tuyg‘ular bilan kurash olib boraman va ko‘p hollarda muvaffaqiyatga erishaman. Lekin bunda to‘xtab qolmasligim kerakligini bilaman. Yahovadan minnatdorman, chunki yakdil oilaning baxtiyor a’zosiman». Har birimiz o‘zimizni xolisona tekshirib ko‘rsak bo‘ladi. Balki ushbu imondoshlarimiz kabi biz ham yuzxotirchilik tuyg‘ularidan xalos bo‘lish uchun kurashishimiz kerakdir.

SEVGI OSHGANI SAYIN YUZXOTIRCHILIK YO‘QOLADI

18, 19. a) Har bir kishini qabul qilishimiz uchun qanday sabablar bor? b) Buni amalda qanday qila olamiz?

18 Qachondir barchamiz «begona», ya’ni Allohdan uzoq bo‘lganimizni yodda tutsak yaxshi bo‘lardi. (Efes. 2:12) Biroq Tangri Yahova bizni O‘ziga «sevgi ila» jalb qilgan. (Ho‘sh. 11:4, izoh; Yuhan. 6:44) Iso Masih bizni qabul qilgan. U orqali Xudo oilasining a’zosi bo‘la olamiz. (Rimliklarga 15:7 ni o‘qing.) Nomukammal bo‘lsak-da, Iso bizni qabul qilgan ekan, kimnidir rad etishni hatto xayolga ham keltirmasligimiz lozim.

Yahovaning xizmatchilari yuqoridan tushgan donolikka ega bo‘lishga intiladi (19- xatboshiga qarang.)

19 Bu yovuz dunyo o‘z poyoniga yetayotgan ekan, bo‘linishlar, yuzxotirchilik va adovat avjiga chiqishi shubhasiz. (Galat. 5:19–21; 2 Tim. 3:13) Xudovand Yahovaning xizmatchilari ekanmiz yuqoridan tushgan donolikka ega bo‘lishga harakat qilamiz, chunki u yuzxotirchilik qilmasligimizga va tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashadi. (Yoqb. 3:17, 18) Boshqa mamlakatdan bo‘lgan odamlar bilan do‘stlashishdan zavq olamiz va ularning madaniyatidagi farqni qabul qilamiz, ehtimol, hatto tilini ham o‘rganarmiz. Bunday yo‘l tutsak, go‘yo daryoday bo‘lgan xotirjamlik va dengiz to‘lqinlariday bo‘lgan adolatdan zavq topamiz. (Ishayo 48:17, 18)

20. Sevgi ongimizu qalbimizni shakllantirganda nima yuz beradi?

20 Yuqorida tilga olingan Avstraliyadagi imondoshimiz: «Haqiqiy bilim qopqalari men uchun ochildi»,— dedi. Muqaddas Kitobni tadqiq qilish unga ta’sir qilganini tan olib, u shunday dedi: «Qalbim va ongim yangitdan shakllandi. Shu sababli, menga singib ketgan yuzxotirchilik va nafratdan xalos bo‘ldim». Kanadalik birodarimiz esa shuni tushundiki, «boshqalarni mensimaslik ko‘pincha irqchilikka olib keladi, odamlarning fazilatlari ular tug‘ilgan joyiga bog‘liq emas». U ingliz zabon opamizga uylandi. Bunday o‘zgarish masihiylar namoyon etadigan sevgi tufayli yuz berdi va yuzxotirchilik ustidan g‘alaba qozondi. Darhaqiqat, bu aslo uzilmas rishtalar bizni birlashtirib turibdi! (Kolos. 3:14)

^ 8- x.b. «Birodarlar» iborasi jamoatdagi opa-singillarni ham o‘z ichiga oladi. Pavlus Rimliklarga yo‘llagan maktubida imondoshlariga «birodarlar» deb murojaat qilgan. Buni opa-singillarga ham murojaat desa bo‘ladi, chunki u ularning ayrimlarini ismi bo‘yicha eslatib o‘tgan. (Rim. 16:3, 6, 12) Ko‘p yillar davomida «Qo‘riqchi minorasi» jurnalida jamoatdagi masihiylarga nisbatan «birodaru opa-singillar» iborasi qo‘llanib kelinyapti.