Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Bilasizmi?

Bilasizmi?

Isoning davrida odamlar qanday soliqlar to‘lashi kerak edi?

ISROILLIKLAR ko‘p yillar davomida haq topinishni qo‘llab-quvvatlash uchun pul to‘lagan. Isoning davrida yahudiylar ko‘plab soliqlarni to‘lashi kerak edi va bu ularning hayotini ancha qiyinlashtirgan.

Muqaddas chodirni va keyinchalik ma’badni qo‘llab-quvvatlash uchun voyaga yetgan yahudiy erkak kishilarning bari yarim shekel (didraxma) to‘lardi. Isoning davrida o‘sha soliq shoh Hirod qurgan ma’bad yaxshi holatda saqlanishi va u yerga qurbonliklar keltirilishi uchun ishlatilardi. Ba’zi yahudiylar Butrusdan: «Iso ham bu kabi soliqni to‘layaptimi?» — deb so‘ragan va Iso soliq to‘lash noto‘g‘ri emasligini aytgan. Darhaqiqat, u Butrusga soliq to‘lash uchun tangani qayerdan olish mumkinligini ham aytib o‘tgan. (Mat. 17:24–27)

O‘shanda Xudoning xalqi ushr ham, ya’ni hosil yoki daromadining o‘ndan bir qismini berishi kerak edi. (Lev. 27:30–32; Sah. 18:26–28) Din rahbarlari har bir sabzavot, hatto «yalpiz, ukrop va ziradan ushr berishni» talab qilgan. Iso ushr berishni tanqid qilmagan, balki ulamo-yu farziylarning ikkiyuzlamachiligini qoralagan. (Mat. 23:23)

O‘sha paytda rimliklar hukm surardi va yahudiylar ularga ham anchagina soliqlar to‘lashi kerak edi. Masalan, yerga ega bo‘lganlar soliq sifatida mahsulotlar berishi yoki pul to‘lashi kerak edi. Odamlar hosilining beshdan bir qismini berardi. Har bir yahudiy jon solig‘ini ham to‘lashi talab etilardi. Aynan shu soliq masalasida farziylar Isoga savol berishgan edi. Soliq to‘lashga qanday nuqtai nazarda bo‘lishimiz kerakligini ko‘rsatib, Iso shunday degan: «Podshohning haqini podshohga, Allohning haqini Allohga beringlar». (Mat. 22:15–22)

Shuningdek, pulli hududga kiradigan yoki undan chiqadigan mahsulotlarga ham boj to‘lanishi kerak edi. Ushbu soliq shahar yo bozorlarning kiraverishida, bandargoh, ko‘prik yoki chorrahalarda yig‘ilardi.

Rim boshqaruvi ostidagi odamlar uchun umumiy soliq to‘lash yuki juda og‘ir bo‘lgan. Rim tarixchisi Tatsitning aytishicha, Iso yer yuzida bo‘lganida imperator Tiberiyning hukmronligi davrida «Suriya va Yahudiya soliq to‘lashdan charchagan va ularni kamaytirishni yolvorgan».

Soliqlarni yig‘ib olish yo‘li ham odamlarning hayotini murakkablashtirgan. Eng ko‘p pul to‘lagan kishi soliqchining o‘rnini egallardi. Keyin u soliqlarni yig‘ish uchun boshqa ishchilarni yollardi va ularning hammasi o‘zi uchun foyda olish ilinjida bo‘lardi. Zakkay ismli kishining qo‘l ostida ham shu kabi soliqchilar ishlardi. (Luqo 19:1, 2) Odamlar bundan achchiqlangani va ulardan soliqlar yiqqan insonlardan nafratlangani ajablanarli emas.