Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

25-TADQIQ MAQOLASI

«Ushbu kichiklarni» ranjitmang

«Ushbu kichiklarni» ranjitmang

Ushbu kichiklarning birortasini ham kamsitmanglar. MAT. 18:10

113-QO‘SHIQ Tinchlik — Alloh bergan ne’mat

BU MAQOLADA *

1. Yahova har birimiz uchun nima qildi?

XUDOVAND YAHOVA har birimizni O‘ziga jalb qildi. (Yuhan. 6:44) Bu nimani anglatishi borasida o‘ylab ko‘ring. Yahova dunyo bo‘ylab milliardlab odamlarni diqqat ila ko‘zdan kechirar ekan, U sizda qadrli bir narsani — Uni sevishga tayyor bo‘lgan samimiy qalbni ko‘rdi. (1 Sol. 28:9) Ha, Yahova sizni biladi, tushunadi va sevadi. Bu juda daldali!

2. Yahova har birimizga g‘amxo‘rlik qilayotganini tushunishimiz uchun Iso qanday misol keltirgan?

2 Yahova sizga g‘amxo‘rlik qiladi va barcha birodar-u opa-singillaringizga ham g‘amxo‘rlik qiladi. Buni tushunishimiz uchun Iso Yahovani cho‘pon bilan qiyoslagan. Agar podadagi 100 ta qo‘ydan bittasi yo‘qolib qolsa, cho‘pon nima qiladi? «U 99 tasini tog‘da qoldirib, yo‘qolganini izlagani» boradi. Qo‘yi topilganida esa, undan achchiqlanmaydi, aksincha, sevinadi. Bundan qanday saboq olishimiz mumkin? Yahova uchun har bir qo‘zichog‘i muhimdir. Iso shunday degan: «Samoviy Otam ham, o‘sha kichiklarning birortasi yo‘qolishini istamaydi». (Mat. 18:12–14)

3. Ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz?

3 Albatta, hech qaysi birodar-u opa-singlimiz biz tufayli tushkunlikka tushishini istamaymiz. Xo‘sh, boshqalarni ranjitishdan qay yo‘sin qocha olamiz? Bordi-yu, kimdir ko‘nglimizni og‘ritsa, nima qilsak bo‘ladi? Mazkur maqolada ushbu savollarning javobini topamiz. Avvaliga, keling, Matto 18-bobda «ushbu kichiklar» deganda, kimlar nazarda tutilgani haqida ko‘proq bilib olaylik.

«USHBU KICHIKLAR» KIMLAR?

4. «Ushbu kichiklar» kimlar?

4 «Ushbu kichiklar» Isoning barcha yoshdagi shogirdlaridir. Yoshi nechada bo‘lishidan qat’i nazar, ular «jajji bolalarday». Sababi, ular Isodan ta’lim olishga tayyor. (Mat. 18:3) Ularning kelib chiqishi, madaniyati, nuqtai nazari va shaxsiyati turlicha. Barchasi Iso Masihga ishonadi. O‘z navbatida, Iso ularni juda yaxshi ko‘radi. (Yuhan. 1:12)

5. Yahova kimdir Uning xizmatchilaridan birini ranjitsa yoki ko‘nglini og‘ritsa, nimalarni his qiladi?

5 «Ushbu kichiklarning» barchasi Yahova uchun qadrlidir. Uning tuyg‘ularini tushunish uchun bizning bolalarga bo‘lgan tuyg‘ularimiz haqida o‘ylab ko‘ring. Ular biz uchun azizdir va ularni himoya qilishni istaymiz. Sababi, bolalar kattalar kabi kuchli, tajribali va dono emas. Darvoqe, biron kim azob chekkanini ko‘rishni yoqtirmaymiz. Lekin ayniqsa kimdir bolaga azob bersa, ranjiymiz, hatto jahlimiz chiqadi. Shunga o‘xshab, Yahova bizni himoyalamoqchi va biron kim Uning xizmatchilaridan birini ranjitsa yoki ko‘nglini og‘ritsa, bu Unga yoqmaydi, hatto jahlini chiqaradi. (Ishayo 63:9)

6. Bu dunyodagi odamlar Isoning shogirdlariga qanday qaraydi? (1 Korinfliklarga 1:26–29)

6 Isoning shogirdlarini yana qaysi ma’noda «kichiklar» deb aytsa bo‘ladi? Sizningcha, bu dunyoda qanday insonlar muhim ahamiyatga ega? Badavlat, mashhur va hokimiyatga ega insonlar. Isoning shogirdlari esa odatda ularday emas. Shuning uchun, bu dunyodagi odamlar ularni «kichiklarday» qabul qiladi. (1 Korinfliklarga 1:26–29 ni o‘qing.) Lekin Yahova ularga bunday qaramaydi.

7. Yahova birodar-u opa-singillarimiz haqida qanday fikrda bo‘lishimizni istaydi?

7 Yahova ham Unga ko‘p yillardan beri xizmat qilayotgan, ham haqiqatga yaqinda kelgan xizmatchilarining hammasini sevadi. Birodar-u opa-singillarimizning barchasi Yahova uchun muhim ekan, ular biz uchun ham muhim bo‘lishi kerak. Ayrimlarini emas, barcha «imondoshlarimizni» sevishni istaymiz. (1 Butr. 2:17) Ular o‘zini sevimli his etishi uchun harakat qilishimiz va ularni xafa qilishdan ehtiyot bo‘lishimiz lozim. Biron kimni xafa qilganimizdan yoki ranjitganimizdan xabar topsak, o‘sha odam hamma narsani ko‘ngliga yaqin olar ekan, u nuqtai nazarini o‘zgartirishi kerak, deb bunga shunchaki ko‘z yummasligimiz darkor. Nega ba’zilar xafa bo‘lishi mumkin? Ehtimol, bunga ularning kelib chiqishi sababdir yoki ayrim birodar-u opa-singillarimiz o‘zlari haqida juda past nuqtai nazarda bo‘ladi. Ayrimlar esa haqiqatga yaqinda kelgan va odamlarning nomukammalligiga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishga hali o‘rganmagan. Xullas, sababi qanday bo‘lmasin, tinchlikni o‘rnatish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak. Qolaversa, kishi tez-tez xafa bo‘lishga moyil bo‘lsa, u shaxsiyatining yoqimsiz qirrasi ustida ishlashi kerakligini tushunishi lozim. U buni o‘z xotirjamligi va boshqalarning manfaatini ko‘zlab qilishi darkor.

BOSHQALARNI O‘ZINGIZDAN USTUN QO‘YING

8. Isoning shogirdlariga qaysi keng tarqalgan nuqtai nazar ta’sir qilgan?

8 Nima uchun Iso «ushbu kichiklar» haqida gapirgan? Uning shogirdlari undan: «Osmon Shohligida kim eng buyuk bo‘ladi?» — deb so‘ragan. (Mat. 18:1) O‘sha paytdagi ko‘pgina yahudiylar muayyan mavqega va mansabga ega bo‘lishni muhim deb bilgan. «Odamlar sharaf, obro‘-e’tibor, mashhurlik, izzat-hurmat payida bo‘lib yashardi va o‘lardi»,— dedi bir ilohiyotshunos.

9. Isoning shogirdlari nima qilishi kerak edi?

9 Iso shuni bilardiki, yahudiylarning madaniyatiga singib ketgan raqobat ruhini shogirdlari tag-tomiri bilan sug‘urib tashlash uchun qattiq mehnat qilishi kerak edi. U shogirdlariga quyidagicha dedi: «Orangizda kim buyuk bo‘lishni istasa, o‘zini past olsin va boshqaruvchi bo‘lishni xohlasa, xizmatkor bo‘lsin». (Luqo 22:26) «Boshqalarni o‘zimizdan ustun qo‘ysak», o‘zimizni «past olgan» bo‘lamiz. (Filip. 2:3) Bunday nuqtai nazarni qancha ko‘p rivojlantirsak, boshqalarni shuncha kamroq ranjitishimiz mumkin.

10. Havoriy Pavlusning qaysi maslahatini qalbimizga tugib qo‘yishimiz kerak?

10 Barcha birodar-u opa-singillarimiz qaysidir jihatdan bizdan ustunroqdir. Ularning yoqimli fazilatlariga diqqat qaratsak, buni tushunish qiyin bo‘lmaydi. Havoriy Pavlus korinfliklarga bergan quyidagi maslahatni qalbimizga tugib qo‘yishimiz kerak: «Kim sizni boshqadan ustun qilib qo‘ydi? Hamma narsani Xudodan olmaganmisiz? Agar olgan bo‘lsangiz, unda nega olmaganga o‘xshab maqtanyapsiz?» (1 Kor. 4:7) Boshqalarning e’tiborini o‘zimizga qaratish yoki o‘zimizni boshqalardan ustun deb o‘ylash vasvasasiga doim qarshi turishimiz kerak. Agar birodar daldali nutqlar so‘zlasa yoki opamiz ko‘pgina Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazsa, ular barcha sharafni Yahovaga qaratishi darkor.

«CHIN YURAKDAN» KECHIRING

11. Shoh va qul haqidagi Isoning masalidan qanday saboq olishimiz mumkin?

11 Iso boshqalarni ranjitmaslik borasida izdoshlarini ogohlantirganidan ko‘p o‘tmay, shoh va qul haqida masal keltirgan. O‘sha shoh quli hech qachon to‘lay olmaydigan pulidan kechgan. Keyinroq o‘sha qul sherigiga bergan ozgina qarzidan voz kechishni istamagan. Oxirida esa shoh berahm qulni qamoqxonaga tashlagan. Bundan qanday saboq olishimiz mumkin? Iso shunday degan: «Sizlar ham chin yurakdan birodaringizni kechirmasangiz, samoviy Otam ham sizlar bilan xuddi shunday muomala qiladi». (Mat. 18:21–35)

12. Kimnidir kechirishdan bosh tortsak, bu boshqalarga qanday ta’sir qiladi?

12 Qulning harakatlari nafaqat o‘ziga, balki boshqalarga ham zarar keltirdi. Birinchidan, o‘sha qul sherigiga mehribonlik va rahm-shafqat ko‘rsatmay, «qarzini to‘lamaguncha uni qamoqqa tashladi». Ikkinchidan, uning ishini ko‘rgan boshqa qullarga bu qattiq botdi. «Qullar buni ko‘rib juda ranjidi». Shu singari, bizning ishlarimiz boshqalarga ta’sir qiladi. Kimdir bizga yomon muomala qilayotgan bo‘lsa va biz uni kechirishdan bosh tortayotgan bo‘lsak, nima yuz berishi mumkin? Birinchidan, biz o‘sha kishini kechirmasak, nazarga ilmasak, sevgini namoyon etmasak, uni ranjitgan bo‘lamiz. Ikkinchidan, jamoatdagilar o‘sha kishi bilan munosabatlarimiz notinch ekanini payqasa, ular ham o‘zini noqulay his qilishiga sababchi bo‘lamiz.

Gina-kudurat saqlaysizmi yoki chin dildan kechirasizmi? (13- , 14-xatboshilariga qarang.) *

13. Bir kashshofning misolidan qanday saboqlar oldingiz?

13 Birodar-u opa-singillarimizni kechirganimizda, bundan o‘zimiz ham, boshqalar ham foyda oladi. Bir kashshof shunday vaziyatga duch keldi. Keling, uni Kristl deb ataymiz. Jamoatdagi bir opamiz uni xafa qilib qo‘ygan edi. Kristl quyidagicha bo‘lishdi: «Ba’zida uning aytgan qattiq so‘zlari ko‘nglimga pichoq kabi sanchilganday bo‘lardi. Guruh sifatida xizmat qilganimizda, u bilan hatto bitta mashinaga o‘tirishni istamasdim. Va’zgo‘ylikdagi g‘ayratim va quvonchim so‘na boshladi». Kristl xafa bo‘lish uchun yetarlicha asosim bor, deb o‘ylardi. Lekin u qalbida gina-kudurat saqlamadi yoki o‘ziga achinib yurmadi. U kamtarin edi va «Qo‘riqchi minorasi»ning 1999-yil 15-oktabr sonidagi «Chin yurakdan kechiring» nomli maqoladagi Muqaddas Kitobga asoslangan maslahatga amal qildi. U o‘sha imondoshini kechirdi. Kristl quyidagicha bo‘lishdi: «Shuni anglab yetyapmanki, barchamiz yangi o‘zlikni kiyishga intilyapmiz va Yahova bizni chin ko‘ngildan har kuni kechiryapti. Yelkamdan go‘yoki tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Qolaversa, yana quvonchni his etyapman».

14. Matto 18:21, 22 ga ko‘ra, Butrus nima bilan kurashganga o‘xshaydi va Isoning javobidan qanday saboq oldingiz?

14 Kechirishimiz kerakligini bilamiz. Bunday qilish to‘g‘ri, biroq oson bo‘lmasligi mumkin. Havoriy Butrus ham ba’zida shuni his etgandir. (Matto 18:21, 22 ni o‘qing.) Xo‘sh, bunda nima yordam berishi mumkin? Birinchidan, Yahova sizni qanchalar ko‘p kechirayotgani ustida fikr yuriting. (Mat. 18:32, 33) Biz Uning kechirimiga noloyiqmiz, biroq U bizni chin dildan kechiryapti. (Zab. 103:8–10) Bundan tashqari, «bir-birimizni sevishga burchlimiz». Shu bois, kechirish ixtiyoriy masala emas. Birodar-u opa-singillarimizni kechirishga burchlimiz. (1 Yuhan. 4:11) Ikkinchidan, kechirganimizda nima bo‘lishi haqida mulohaza yuriting. Masalan, bizni xafa qilgan insonga yordam berishimiz, jamoatda birlik bo‘lishiga hissa qo‘shishimiz, Yahova bilan do‘stligimizni himoyalashimiz va yelkamizdagi yukdan qutulishimiz mumkin. (2 Kor. 2:7; Kolos. 3:14) Uchinchidan, bizni kechirimli bo‘lishga undayotgan Shaxsga ibodat qiling. Shayton birodar-u opa-singillaringiz bilan bo‘lgan yaxshi munosabatlaringizga putur yetkazishiga yo‘l qo‘ymang. (Efes. 4:26, 27) Shaytonning tuzog‘iga tushishni istamasak, Yahovaning yordamiga muhtojmiz.

XAFA BO‘LMANG

15. Imondoshimizning xatti-harakati ko‘nglimizni og‘ritgan bo‘lsa, nima qilishimiz kerak? (Kolosaliklarga 3:13)

15 Aytaylik, imondoshingizning xatti-harakati ko‘nglingizni og‘ritdi. Xo‘sh, qanday yo‘l tutishingiz kerak? U bilan tinchlikni o‘rnatish uchun qo‘lingizdan kelganicha jon kuydiring. Yahovaga sidqidildan ibodat qiling. U o‘sha kishiga baraka berishini va uning ijobiy taraflarini — Yahova yaxshi ko‘radigan fazilatlarini ko‘rishingizga yordam berishini so‘rang. (Luqo 6:28) Birodaringiz sizga nima qilganini unuta olmasangiz, u bilan gaplashib olishning eng yaxshi yo‘li to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Birodaringiz hech qachon sizni atayin xafa qilmasligi haqida o‘ylash doim yaxshidir. (Mat. 5:23, 24; 1 Kor. 13:7) U bilan gaplashganda, niyatlari yaxshi ekanini unutmang. Agar u tinchlik o‘rnatishni istamasa-chi, unda nima qilasiz? Unga nisbatan «chidamli bo‘ling». Birodaringizdan umidingizni uzmang. (Kolosaliklarga 3:13 ni o‘qing.) Eng muhimi, hech qachon undan g‘azablanib yurmang, chunki bu Yahova bilan bo‘lgan do‘stona munosabatlaringizga zarar keltirishi mumkin. Biron nima sizni ranjitishiga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang. Shu yo‘sin, Yahovani har narsadan ko‘ra ko‘proq sevishingizni ko‘rsatasiz. (Zab. 119:165)

16. Har birimizda qanday mas’uliyat bor?

16 «Bir cho‘pon» boshqaruvidagi «bir suruv» sifatida Yahovaga birodar-u opa-singillarimiz bilan yakdillikda xizmat qilish sharafini qadrlaymiz. (Yuhan. 10:16) «Yahovaning irodasini bajarayotgan tashkilot» kitobining 165-sahifasida shunday deyilgan: «Bu yakdillikni saqlashga mas’ulsiz». Shu bois, «imondoshlarimizga Yahovaning nuqtai nazari bilan qarashga» intilishimiz kerak. Yahova uchun barchamiz qadrli «kichiklarmiz». Siz ham birodar-u opa-singillaringizga shunday nuqtai nazardamisiz? Yahova siz ularga yordam berish va ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun qo‘lingizdan kelganini qilayotganingizni ko‘ryapti va buni qadrlaydi. (Mat. 10:42)

17. Nima qilishga qarorimiz qat’iy?

17 Imondoshlarimizni sevamiz. Shu bois, ularni ranjitmaslik qarorimiz qat’iydir. (Rim. 14:13) Birodar-u opa-singillarimizni o‘zimizdan ustun qo‘yamiz va chin yurakdan kechiramiz. Boshqalarning xatti-harakati bizni ranjitishiga yo‘l qo‘ymaylik. Aksincha, keling, «tinchlik keltiradigan va bir-birimizni mustahkamlashga ko‘maklashadigan narsalar payida bo‘lishga» bel bog‘laylik. (Rim. 14:19)

130-QO‘SHIQ Kechirimli bo‘laylik

^ 5- x.b. Nomukammal bo‘lganimiz uchun gapimiz yoki ishimiz bilan birodar-u opa-singillarimizni ranjitib qo‘yishimiz mumkin. Xo‘sh, bunday vaziyatda nima qilishimiz kerak? Imondoshimiz bilan tinchlikni o‘rnatishga jon kuydiramizmi? Undan kechirim so‘raymizmi? Yoki imondoshimiz xafa bo‘lib qolgan bo‘lsa: «Bu mening emas, uning muammosi»,— deb o‘ylaymizmi? Yoxud boshqalarning so‘zi yoki ishi dastidan hadeb xafa bo‘lib qolamizmi? O‘zimizni oqlab: «Borim shu»,— deb aytamizmi? Yoki o‘zgarishimiz kerakligini tushunamizmi?

^ 53- x.b. RASMGA SHARH. Bir opamiz jamoatdagi imondoshidan ranjigan. Masalani alohida gaplashib olgach, bo‘lgan voqeani unutib, ular quvonch ila xizmat qilishda davom etyapti.