25-TADQIQ MAQOLASI
Kechirimli insonlarga Yahova baraka beradi
Yahova sizlarni chin dildan kechirganidek, sizlar ham shunday yo‘l tutinglar. KOLOS. 3:13
130-QO‘SHIQ Kechirimli bo‘laylik
BU MAQOLADA *
1. Yahova chin dildan tavba qilganlarga qanday va’da beryapti?
YAHOVA Yaratuvchimiz, Qonun chiqaruvchimiz va Hakamimiz bo‘libgina qolmay, mehribon samoviy Otamizdir. (Zab. 100:3; Ishayo 33:22) Unga qarshi gunoh qilganimizdan keyin chin dildan tavba qilsak, U bizni nafaqat kechira oladi, balki kechirishni juda istaydi. (Zab. 86:5) Yahova Ishayo payg‘ambar orqali dalda baxsh etuvchi shunday so‘zlarni aytgan: «Gunohlaringiz qirmizi matoday bo‘lsa-da, qorday oppoq bo‘ladi». (Ishayo 1:18)
2. Boshqalar bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishni xohlasak, nima qilishimiz kerak?
2 Nomukammal bo‘lganimiz tufayli barchamiz so‘zlarimiz va ishlarimiz bilan boshqalarni xafa qilib turamiz. (Yoqb. 3:2) Lekin bu boshqalar bilan yaqin munosabatlarni rivojlantira olmaymiz, degani emas. Kechirimli bo‘lsak buni qila olamiz. (Hik. 17:9; 19:11; Mat. 18:21, 22) Bir-birimizni qattiq botadigan so‘z yoki ish bilan ranjitsak, Yahova kechirishimizni kutadi. (Kolos. 3:13) Bu uchun arzigulik sabab bor. Bunday yo‘l tutganimizda, Yahova bizni «sidqidildan kechiradi». (Ishayo 55:7)
3. Bu maqolada nimalarni bilib olamiz?
3 Bu maqolada nomukammal insonlar qay yo‘sin Yahovaga taqlid qilib, boshqalarni kechira olishini bilib olamiz. Qaysi gunohlar haqida oqsoqollarni xabardor qilishimiz kerak? Nega Yahova boshqalarni kechirishimizni xohlaydi? Boshqalarning gunohlari dastidan qattiq azob chekkan ba’zi imondoshlarimizdan qanday saboq olishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.
MASIHIY OG‘IR GUNOHGA QO‘L URGANIDA
4. a) Yahovaning xizmatchisi og‘ir gunohga qo‘l urganida nima qilishi lozim? b) Oqsoqollar gunoh qilgan inson bilan uchrashganida vazifasi nimadan iborat bo‘ladi?
4 Kimdir jiddiy gunohga qo‘l ursa bu haqda oqsoqollarga xabar berishimiz lozim. Ba’zi jiddiy gunohlar 1 Korinfliklarga 6:9, 10 da tilga olingan. Og‘ir gunoh Yahovaning Qonunini jiddiy tarzda buzish degani. Masihiy og‘ir gunohga qo‘l ursa, Yahovaga ibodat qilishi va jamoat oqsoqollariga murojaat qilishi darkor. (Zab. 32:5; Yoqb. 5:14) Oqsoqollar qanday mas’uliyatga ega? Faqatgina Yahovada gunohlarni butunlay kechirish vakolati bor. U gunohlarimizni to‘lov qurbonligi asosida kechiradi *. Lekin Yahova gunoh qilgan inson jamoatda qolish-qolmasligini Muqaddas Kitob asosida hal qilish mas’uliyatini oqsoqollarga ishonib topshirgan. (1 Kor. 5:12) Oqsoqollar buni amalga oshirayotib, quyidagi savollarga javob topishi lozim: «Inson atayin gunoh qilganmi? U gunohini boshqalardan yashirishga intilganmi? Muayyan vaqt davomida og‘ir gunohga qayta qo‘l urganmi? Eng asosiysi, chin dildan tavba qilayotgani yaqqol ko‘rinyaptimi? Yahova uni kechirganining yaqqol isboti bormi?» (Havor. 3:19)
5. Oqsoqollarning mehnati qanday foyda keltiradi?
5 Oqsoqollar gunoh qilgan inson bilan uchrashganda ularning maqsadi osmonda chiqarilgan qarorni yerda ham chiqarish. (Mat. 18:18) Bunday tartib jamoatga qanday foyda keltiradi? Bu bizni tavba qilmagan inson jamoatda qolib, Yahovaning boshqa qadrli xizmatchilariga ziyon keltirmasligiga ishontiradi. (1 Kor. 5:6, 7, 11–13; Titus. 3:10, 11) Shuningdek, bu gunoh qilgan inson tavba qilishiga va Yahova uni kechirishiga yordam beradi. (Luqo 5:32) Oqsoqollar tavba qilgan kishi uchun ibodat qilib, ma’nan tiklanishiga Yahovadan yordam so‘rashadi. (Yoqb. 5:15)
6. Kishi jamoatdan chetlatilsa, Yahova uni kechirishining iloji bormi? Tushuntiring.
6 Aytaylik, oqsoqollar uchrashgan kishi tavba qilmayapti. Bunday holda u jamoatdan chetlatiladi. O‘sha kishi yashayotgan mamlakatdagi qonunni buzsa, oqsoqollar qilmishining oqibatlaridan uni himoya qilmaydi. Yahova kishi kim bo‘lishidan qat’i nazar, tavba qiladimi yoki yo‘qmi, hukmron hokimiyatlarga uni hukm qilishga va jazolashga yo‘l qo‘yadi. (Rim. 13:4) Bunday inson qilgan ishidan keyinchalik pushaymon bo‘lib, chin dildan tavba qilsa va o‘zgarsa Yahova uni bajonidil kechiradi. (Luqo 15:17–24) Hatto uning gunohi jiddiy bo‘lsa ham, bu jarayon o‘zgarmaydi. (2 Sol. 33:9, 12, 13; 1 Tim. 1:15)
7. Bizga qarshi gunoh qilgan insonni qaysi ma’noda kechira olamiz?
7 Yahova gunoh qilgan insonni kechirish-kechirmasligini hal qilmaymiz. Bundan juda xursandmiz. Lekin bir narsa borasida qaror chiqarishimiz kerak. Qiziq, bu nima ekan? Ba’zi hollarda inson bizga qarshi gunoh, hatto jiddiy gunoh qilishi mumkin. Ammo keyin u bizdan kechirim so‘rar. Ehtimol, ba’zi hollarda inson bunday qilmas. Qanday bo‘lmasin, kechirishga va unga achchiqlanmaslikka harakat qilarmiz. Aslini olganda — ayniqsa inson dilimizga kuchli og‘riq keltirgan bo‘lsa — bu vaqt hamda harakat talab etadi. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1994-yil 15-sentabr (rus) sonida shunday deyilgan: «Gunoh qilgan insonni kechirishingiz uning gunohiga ko‘z yumishingizni anglatmaydi. Masihiylar boshqalarni kechirib, Yahova masalani mukammal tarzda hal qilishiga ishonishini ko‘rsatadi. U koinotdagi eng adolatli Hakam bo‘lib, kerakli paytda adolat o‘rnatadi». Nega Yahova kechirimli bo‘lishimizni va masalani Uning qo‘liga topshirishimizni istaydi?
NIMA UCHUN YAHOVA BIZNI KECHIRISHGA UNDAYAPTI?
8. Yahovaning rahm-shafqatini qadrlayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?
8 Kechirimli bo‘lish minnatdorlik belgisi. Iso bir masalda Yahovani qarzini to‘lashga qurbi yetmagan qulning katta qarzidan voz kechgan xo‘jayin bilan solishtirgan. Ammo o‘sha qul unikiga qaraganda kamroq qarzi bor boshqa qulning qarzidan voz kechmay rahm-shafqat ila yo‘l tutmagan. (Mat. 18:23–35) Iso bizga nimani o‘rgatmoqchi edi? Yahova bizga nisbatan ko‘rsatayotgan cheksiz rahm-shafqatini qadrlasak, boshqalarni kechiramiz. (Zab. 103:9) Ancha yil oldin chiqqan «Qo‘riqchi minorasi»da bu haqda shunday deyilgan: «Boshqalarni necha marta kechirganimizdan qat’i nazar, ularni hech qachon Yahova Masihning qurbonligi asosida bizni kechirganidek kechira olmaymiz».
9. Yahova kimlarga rahm-shafqat ko‘rsatadi? (Matto 6:14, 15)
9 Boshqalarni kechirganimizda, Yahova bizni ham kechiradi. U rahm-shafqat ko‘rsatadiganlarga rahm-shafqat namoyon etadi. (Mat. 5:7; Yoqb. 2:13) Iso shogirdlariga ibodat qilishni o‘rgatganida buni aniq aytib o‘tgan. (Matto 6:14, 15 ni o‘qing.) Yahova Ayub payg‘ambarga aytgan so‘zlaridan xuddi shunday saboq olishimiz mumkin. Ushbu sadoqatli payg‘ambarni Elifaz, Bildad va Zo‘farning qattiq so‘zlari ranjitgan edi. Yahova Ayubga ular uchun ibodat qilishini aytgan. U bunday qilganida esa Yahova uni mukofotlagan. (Ayub 42:8–10)
10. G‘azablanishda davom etish bizga qanday ta’sir qiladi? (Efesliklarga 4:31, 32)
10 Qahr-g‘azab o‘zimizga ziyon keltiradi. Qahr-g‘azabni og‘ir yukka o‘xshatsa bo‘ladi. Yahova bunday yukdan xalos bo‘lib, xotirjamlikni his qilishimizni istaydi. (Efesliklarga 4:31, 32 ni o‘qing.) U: «Qahr-u g‘azabni o‘zingdan soqit qil»,— deb bizni undayapti. (Zab. 37:8) Ushbu maslahatga amal qilish bizga foyda keltiradi. Kek saqlash jismonan va aqlan bizga zarar keltiradi. (Hik. 14:30) Zahar ichish faqat o‘zimizga zarar keltirgani kabi bizni xafa qilgan insondan g‘azablanishda davom etish unga emas, balki o‘zimizga ziyon keltiradi, xolos. Boshqalarni kechirganimizda esa o‘zimizga sovg‘a berganday bo‘lamiz. (Hik. 11:17) Xotirjamlikka ega bo‘lib, Yahovaga xizmat qilishda davom eta olamiz.
11. Qasos olish haqida Muqaddas Kitobda nima deyilgan? (Rimliklarga 12:19–21)
11 Qasos Yahovaga tegishli. Kimdir bizga qarshi gunoh qilganida, undan qasos olish vakolatini Yahova bizga bermagan. (Rimliklarga 12:19–21 ni o‘qing.) Nomukammalligimiz va nuqtai nazarimiz chegaralangani tufayli Yahova kabi to‘g‘ri hukm chiqara olmaymiz. (Ibron. 4:13) Ba’zida his-tuyg‘ularimiz bizni boshqargani tufayli qanday yo‘l tutish kerakligini aniqlash qiyin bo‘ladi. Bejizga Yahova Yoqubni shunday deb yozishga ilhomlantirmagan: «G‘azabga beriladigan odam, Alloh talab etgan adolatga muvofiq yo‘l tuta olmaydi». (Yoqb. 1:20) Biz shunda amin bo‘lishimiz mumkinki, Yahova doim to‘g‘ri yo‘l tutadi va oxir-oqibat adolatni tiklaydi.
12. Yahova adolatli ekaniga ishonayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?
12 Kechirimli bo‘lish orqali Yahova adolatli ekanini namoyon etamiz. Masalani Yahovaning qo‘liga topshirsak, U gunohning barcha asoratlarini yo‘qqa chiqarishiga ishonayotganimizni ko‘rsatamiz. Yangi dunyoda og‘riqli xotiralarimiz boshqa hech qachon «esga olinmaydi, hatto ko‘ngilga ham kelmaydi». (Ishayo 65:17) Biroq bizni qattiq xafa qilishganida qalbimizdagi qahr-u g‘azab, gina-kudurat tuyg‘ularidan qutulishning iloji bormi? Bunday qilish qo‘lidan kelgan ba’zi insonlarning misollariga nazar solaylik.
KECHIRISH BARAKALAR KELTIRADI
13, 14. Toni va Xose bilan bo‘lgan vaziyatdan kechirimli bo‘lish borasida nimani o‘rgandingiz?
13 Boshqalarning xatti-harakatlari ko‘p birodar-u opa-singillarimizga qattiq botgan. Lekin ular kechirishga qaror qilgan. Bu ularga qanday baraka keltirgan?
14 Filippinda yashovchi Toni * ismli birodarimiz haqiqatni bilishidan ancha oldin Xose ismli bir kishi akalaridan birini o‘ldirganini eshitib qolgan. O‘shanda Toni juda jahldor inson bo‘lgan va qasos olishni istagan. Xose hibsga olinib, jinoyati uchun qamalgan. Vaqt o‘tib, u qamoqdan ozod bo‘lgan. Toni esa uni topishga va o‘ldirishga ont ichgan. Buning uchun u hatto to‘pponcha sotib olgan. Vaqt o‘tgach, Toni Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshlagan. U shunday dedi: «Tadqiq davomida shaxsiyatimni va xatti-harakatlarimni o‘zgartirishim, jumladan, qahr-g‘azabdan xalos bo‘lishim kerakligini bilib oldim». Toni suvga cho‘mdi va keyinchalik jamoatda oqsoqol etib tayinlandi. U Xose ham Yahovaning Shohidi bo‘lgani haqida eshitganida juda hayron qoldi. Ularning ikkalasi uchrashganida bir-birini qattiq quchoqladi va Toni Xoseni kechirdi. Tonining aytishicha, kechirish unga ulkan quvonch keltirdi. Bu tuyg‘uni ta’riflashga til ojiz. Ha, Toni chin dildan kechirgani uchun Yahova unga baraka ato etdi.
15, 16. Piter va Syu bilan bo‘lgan vaziyatdan kechirimli bo‘lish borasida nimani o‘rgandingiz?
15 Piter va Syu 1985-yili Yig‘ilish zalida portlash yuz berganida, o‘sha yerda bo‘lishgan. Bir kishi u yerda bomba o‘rnatgan. Natijada Syu jiddiy jarohat olgan. Bu uning ko‘rish va eshitish qobiliyatlariga yomon ta’sir qilgan. U shuningdek, hid bilmay qolgan *. Piter va Syu o‘zlaridan tez-tez shunday so‘rashgan: «Bunday razil ishni kim qilishi mumkin?» Portlash uyushtirgan kishi Yahovaning Shohidi bo‘lmagan. Ko‘p yillar o‘tgach, u hibsga olingan va umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan. Piter va Syudan: «Bu kishini kechirdingizmi?» — deb so‘rashganida, ular quyidagicha javob berishgan: «Yahova bizga g‘azablanish va xafagarchilik jismoniy, hissiy va aqliy zarar keltirishi haqida o‘rgatyapti. Shuning uchun portlashdan ko‘p o‘tmay, Yahovadan g‘azablanmaslikka va bu kishini kechirib, xotirjam bo‘lib yashashimizga yordam berishini so‘raganmiz».
16 Xo‘sh, ularga o‘sha kishini kechirish oson bo‘lganmi? Albatta, yo‘q. Ular shunday dedi: «Jarohatlar tufayli Syu azob chekkanida salbiy tuyg‘ular paydo bo‘ladi. Biroq bu haqida o‘ylamaslikka harakat qilamiz. Shunda bu salbiy tuyg‘ular bizni tark etadi. Rostini aytsak, bir kun kelib o‘sha kishi birodarimiz bo‘lsa, uni iliq qarshi olamiz. Bu voqeadan Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga amal qilsak, salbiy tuyg‘ulardan xalos bo‘lishimiz mumkinligini o‘rgandik. Darhaqiqat, prinsiplar tasavvur qilganimizdan ham ko‘proq foyda keltiryapti. Qolaversa, Yahova yaqinda barcha azob-uqubatlarga chek qo‘yishini bilish ham bizga tasalli baxsh etyapti».
17. Mira bilan bo‘lgan vaziyatdan kechirimli bo‘lish borasida nimani o‘rgandingiz?
17 Mira haqiqatga kelganida allaqachon turmush qurgan va ikkita farzandi bor edi. Uning eri esa haqiqatni qabul qilmay, biroz vaqt o‘tganidan keyin xiyonat qildi va oilasini tashlab ketdi. Mira quyidagicha bo‘lishdi: «Erim meni va ikkita bolamni tashlab ketganida, sevgan insonim tomonidan bunday munosabat qattiq zarba bo‘ldi. Men ishonchsizlik, qayg‘u, afsuslanish, o‘zimni ayblash va g‘azab kabi salbiy tuyg‘ularni his qildim». Nikohi tugagan bo‘lsa-da, xiyonat keltirgan og‘riq tugamagan edi. Mira shunday deb davom etdi: «Bunday his-tuyg‘ular bir necha oy davomida meni tark etmadi. Bu Yahova hamda boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlarimga ta’sir qilayotganini tushundim». Mira sobiq eriga nisbatan g‘azab tuyg‘usini yenga olganini va unga hech qanday yomonlik tilamayotganini aytdi. U bir kun kelib eri Yahovaga yaqinlashishiga umid qilyapti. Mira kelajakka ko‘z tika oldi. U yolg‘iz o‘zi farzandlariga Yahovaning xizmatchisi bo‘lishga yordam berdi. Bugungi kunda Mira farzandlari va ularning oilalari bilan birgalikda Yahovaga quvonch ila xizmat qilyapti.
YAHOVA ENG OLIY HAKAM
18. Oliy Hakamimiz Yahova nima qilishiga yuz foiz ishonishimiz mumkin?
18 Insonlarni hukm qilish mas’uliyatiga ega emasligimizni bilish naqadar yaxshi. Yahova Oliy Hakam sifatida ushbu muhim ishga O‘zi bosh-qosh bo‘ladi. (Rim. 14:10–12) U doim nima yaxshi va nima yomon ekani borasidagi mukammal me’yorlari bo‘yicha hukm qilishiga yuz foiz ishonsak bo‘ladi. (Ibt. 18:25; 3 Shoh. 8:32) U hech qachon adolatsiz yo‘l tutmaydi!
19. Yahova nimalarni amalga oshirishini intizorlik bilan kutyapmiz?
19 Yahova nomukammallik hamda gunohning oqibatlarini bartaraf qiladigan vaqtni intizorlik bilan kutyapmiz. O‘shanda barcha jismoniy va hissiy yaralarimiz bitib ketadi. (Zab. 72:12–14; Vah. 21:3, 4) Ular hatto xayolimizga ham kelmaydi. Bunday ajoyib vaqt kelishini kutar ekanmiz, Yahova Unga taqlid qilib, kechirimli bo‘lishga o‘rgatayotganidan nihoyatda minnatdormiz.
18-QO‘SHIQ To‘lov uchun minnatdormiz
^ Tangri Yahova tavba qilayotgan kishilarni kechirishga tayyor. Kimdir bizni xafa qilganida masihiylar sifatida Unga taqlid qilishni istaymiz. Bu maqolada shaxsan o‘zimiz kechirishimiz mumkin bo‘lgan xatolarni va qaysi gunohlar haqida oqsoqollarga aytishimiz kerakligini bilib olamiz. Qolaversa, nega Yahova bir-birimizni kechirishimizni istayotganini va shu yo‘sin qanday barakalarga ega bo‘lishimizni ko‘rib chiqamiz.
^ «Qo‘riqchi minorasi»ning 1996-yil 15-aprel (rus) sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.
^ Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.
^ «Uyg‘oning!» jurnalining 1992-yil 8-fevral (rus) sonidagi 9–13-sahifalariga qarang. Shuningdek, «JW Internet-televideniesi»da «Piter va Syu Shuls. Fojiani yengish mumkin» nomli videoni tomosha qiling.