Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

26-TADQIQ MAQOLASI

Qo‘rquvni yengishimizga sevgi qanday yordam bera oladi?

Qo‘rquvni yengishimizga sevgi qanday yordam bera oladi?

Yahova men tomonda ekan, qo‘rqmayman. ZAB. 118:6

105-QO‘SHIQ «Allohning O‘zi sevgidir»

BU MAQOLADA *

1. Ayrimlar nimadan qo‘rqqan?

 KELING, hayotiy vaziyatlarga nazar solaylik. Nestr va uning xotini Mariya ehtiyoj katta bo‘lgan hududda xizmat qilishni xohlagan *. Buni amalga oshirish uchun ular kamroq pul sarflashga o‘rganishi kerak edi. Ammo ular bunday qilsa chinakam baxtga erisha olmaslikdan qo‘rqqan. Biniyam ismli kishi faoliyatimiz taqiqlangan mamlakatda Yahovaning Shohidi bo‘ldi. U ta’qiblarga duch kelishi mumkinligini tushundi. Bu unda qo‘rquv uyg‘otdi. Biroq Biniyam oila a’zolari u boshqa dinni tanlaganini bilib qolishidan ko‘proq qo‘rqqan. Valeri ismli imondoshimiz saraton kasalligining juda og‘ir turiga chalindi. U qon borasidagi Muqaddas Kitobga asoslangan e’tiqodini hurmat qiladigan shifokorni topa olmaslikdan qo‘rqqan. Albatta, u hayotdan ko‘z yumishni istamagan.

2. Qo‘rquvni yengish uchun nega jon kuydirishimiz kerak?

2 Sizda ham shunday qo‘rquvlar bo‘lganmi? Ko‘pchiligimizda bo‘lgan. Agar qo‘rquvni nazorat qilmasak, Yahova bilan munosabatlarimizga ziyon keltiradigan qarorlar chiqarishimiz mumkin. Bu esa Shaytonning maqsadi. U shuningdek, bizni Yahovaning qonunlariga, jumladan, xushxabarni va’z qilish amriga itoat qilmasligimiz uchun qo‘rquvdan foydalanadi. (Vah. 12:17) Shayton yovuz, shafqatsiz va qudratli shaxs. Lekin o‘zingizni undan himoya qila olasiz. Qanaqasiga?

3. Qo‘rquvlarimizni yengishga nima yordam beradi?

3 Yahova bizni sevishiga va doim qo‘llab-quvvatlashiga amin bo‘lsak, Shaytonning hujumlariga qarshi tura olamiz. (Zab. 118:6) Misol uchun, Zaburning 118- sanosini yozgan sano bastakori bir qator qiyin vaziyatlarga duch kelgan. Uning ko‘p dushmanlari bo‘lib, ba’zilari hatto yuqori martabaga ega bo‘lgan. (9-, 10- oyatlar) Ayrim paytlarda u kuchli bosimga duch kelgan. (13- oyat) Qolaversa, Yahova unga jiddiy tanbeh bergan. (18- oyat) Bularga qaramay, sano bastakori: «Qo‘rqmayman»,— deb aytgan. Nima tufayli u o‘zini xavfsizlikda his qilgan? Garchi Yahova tanbeh bergan bo‘lsa ham samoviy Otasi uni yaxshi ko‘rishini bilgan. Sano bastakori qanday vaziyatga duch kelishidan qat’i nazar, mehribon Alloh doim unga yordam berishga tayyor ekaniga amin bo‘lgan. (Zab. 118:29)

4. Xudo bizni sevishiga ishonsak, qanday qo‘rquvlarni yenga olamiz?

4 Yahova har birimizni yaxshi ko‘rishiga ishonchimiz komil bo‘lishi kerak. Agar bunga ishonsak, keng tarqalgan uch turdagi qo‘rquvni yenga olamiz. Bular 1) oilani moddiy tomondan ta’minlay olmaslikdan, 2) odamlardan, va 3) o‘limdan qo‘rqish. Birinchi xatboshida tilga olingan imondoshlarimiz Yahovaning sevgisiga ishonishgani uchun o‘z qo‘rquvlarini yenga olgan.

OILANI MODDIY TA’MINLAY OLMASLIKDAN QO‘RQISH

Birodarimiz o‘g‘li bilan oilasiga moddiy tomonlama g‘amxo‘rlik qilish uchun baliq ovlab pul topyapti (5-xatboshiga qarang.)

5. Oila boshi nimadan tashvishlanishi mumkin? (Muqovadagi rasmga qarang.)

5 Oila boshi bo‘lgan masihiylar oila a’zolariga moddiy tomondan g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatiga jiddiy yondashadi. (1 Tim. 5:8) Agar siz ham oila boshi bo‘lsangiz, ehtimol, pandemiya paytida ishsiz qolishdan qo‘rqqandirsiz. Yoki oila a’zolaringizga oziq-ovqat yetkazib bera olmaslikdan, ularni boshpana bilan ta’minlay olmaslikdan xavotirlangandirsiz. Shuningdek, ishingizni yo‘qotib, boshqasini topa olmayman, deb o‘ylagandirsiz. Yoxud yuqorida tilga olingan Nestr va Mariya kabi kamroq pul sarflashning iloji yo‘q degan fikrga borgandirsiz. Shayton bunday qo‘rquvlardan foydalanib, ko‘plarni Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtatgan.

6. Shayton bizni nimaga ishontirmoqchi?

6 Shayton bizni Yahova g‘amxo‘rlik qilmasligiga va oilamizni moddiy tomondan ta’minlashga yordam bermasligiga ishontirmoqchi. Natijada biz ishimizni saqlab qolish uchun hamma narsa qilishim kerak, degan xayolga borishimiz mumkin. Ehtimol, hatto Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizga ziyon keltiradigan ish qilib qo‘yarmiz.

7. Iso bizni nimaga ishontirgan?

7 Iso Otasini hammadan ko‘ra yaxshiroq bilgan. U: «Nimalarga muhtoj ekaningizni, Undan so‘rashingizdan avval biladi»,— deb bizni ishontirgan. (Mat. 6:8) Qolaversa, Iso Yahova ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qilishga tayyor ekanini biladi. Biz masihiylar Xudo oilasining a’zolarimiz. Yahova oilamizning Boshi sifatida 1 Timo‘tiyga 5:8 da aytgan prinsipga muvofiq yo‘l tutishiga to‘laqonli ishonishimiz mumkin.

Yahova nimaga muhtoj ekanimizni bilishiga ishonchimiz komil bo‘lsin. Bizga yordam berish uchun U imondoshlarimizdan foydalanishi mumkin (8-xatboshiga qarang.) *

8. a) Oilani moddiy ta’minlay olmaslik qo‘rquvini yengishga nima yordam bera oladi? (Matto 6:31–33) b) Rasmda ko‘rsatilganiday, oziq-ovqat olib kelayotgan juftlikning o‘rnagiga qanday taqlid qila olamiz?

8 Agar Yahova bizni va oilamizni sevishiga ishonsak, kerakli narsalarga ega bo‘lishimizdan shubhalanmaymiz. (Matto 6:31–33 ni o‘qing.) Yahova mehribon va saxiy Ota sifatida bizga g‘amxo‘rlik qilishni istaydi. U yer yuzini yaratganida nafaqat yashashimiz uchun kerakli narsalarni, balki ko‘prog‘ini bergan. U mehr ila yer yuzini bizga quvonch keltiradigan narsalar bilan to‘ldirgan. (Ibt. 2:9) Hatto ba’zan faqat kerakli narsalarimiz bor bo‘lsa ham, bularga Yahovaning g‘amxo‘rligi tufayli ega ekanimizni yodda tutishimiz kerak. (Mat. 6:11) Yahova biz voz kechayotgan moddiy narsalardan ko‘prog‘ini berayotganini unutmasligimiz lozim. Kelajakda esa U bizni abadiy hayot bilan taqdirlaydi. Nestr va Mariya ham shunday xulosaga kelishgan. (Ishayo 65:21, 22)

9. Nestr bilan Mariyaning misolidan qanday saboq oldingiz?

9 Nestr bilan Mariya Kolumbiyada yaxshi sharoitlarda yashashni yoqtirgan. Ular shunday dedi: «Hayotimizni soddalashtirib ko‘proq xizmat qilish haqida o‘ylardik. Lekin kamroq pul sarflab yashasak, baxtsiz bo‘lib qolishdan qo‘rqardik». Xo‘sh, ularga bu qo‘rquvni yengishga nima yordam berdi? Bu juftlik Yahova ularga bo‘lgan sevgisini ko‘p yo‘llar orqali isbotlagani haqida fikr yuritdi. Yahova ularga doim g‘amxo‘rlik qilganiga ishonishgani uchun yaxshi maoshli ishdan voz kechishdi. Ular uyini sotib, va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan hududga ko‘chishdi. Qarori haqida Nestr quyidagicha dedi: «Matto 6:33 dagi so‘zlar rost ekanini ko‘rdik. Moddiy tomondan hech qachon qiynalmagandik. Hozir baxtliroq hayot kechiryapmiz».

ODAMLARDAN QO‘RQISH

10. Nima uchun odamlar bir-biridan qo‘rqishining hayratlanarli joyi yo‘q?

10 Odamato va Momohavo Yahovaga qarshi isyon ko‘targan vaqtdan beri odamlar bir-biriga ziyon keltirishadi. (Voiz 8:9) Masalan, insonlar hokimiyatini suiiste’mol qilib boshqalarga zulm o‘tkazadi, jinoyatchilar zo‘ravonlik qiladi, maktabdagi bezorilar sinfdoshlarini haqoratlab, tahdid qiladi. Ba’zilar esa oila a’zolari bilan shafqatsiz munosabatda bo‘ladi. Odamlar bir-biridan qo‘rqishining hayratlanarli joyi yo‘q. Shayton qanday qilib bu qo‘rquvdan bizga qarshi foydalanishi mumkin?

11, 12. Qanday qilib Shayton odamlardan qo‘rqishni bizga qarshi qo‘llayapti?

11 Shayton biz odamlardan qo‘rqib, va’z qilishni to‘xtatishimizni va Yahovaning aytganlariga quloq solmasligimizni istaydi. Uning ta’siri ostida hukumatlar faoliyatimizni man etib, bizni ta’qib qiladi. (Luqo 21:12; Vah. 2:10) Shaytonning dunyosida ko‘pchilik Yahovaning Shohidlari to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlarni va g‘irt yolg‘onlarni tarqatadi. Ularga ishonayotganlar ustimizdan kulishi yoki hatto bizga jismoniy zarar yetkazishi mumkin. (Mat. 10:36) Shaytonning bu harakatlari bizni hayron qoldirishi kerakmi? Aslo! Chunki u birinchi asrda ham xuddi shunday yo‘l tutgan. (Havor. 5:27, 28, 40)

Hatto oila a’zolarimiz bizga qarshi chiqsa ham Yahovaning sevgisiga ishona olamiz (12–14-xatboshilariga qarang.) *

12 Hokimiyatlar tomonidan qarshiliklarga duch kelishdan qo‘rqish Shaytonning yagona quroli emas. Ayrimlar Yahovaning Shohidi bo‘lsa, jismoniy ziyondan ko‘ra oiladagilari ular haqida nima deb o‘ylashidan ko‘proq qo‘rqadi. Ular qarindoshlarini juda yaxshi ko‘radi va ular ham Yahovani tanib-bilib, Uni sevishini xohlaydi. Qarindoshlari haq Tangri va Uning xizmatchilari haqida bo‘lar-bo‘lmas gaplar aytishganida, bu ularga og‘ir botadi. Ba’zida esa boshida qarshilik ko‘rsatgan qarindoshlar keyinchalik haqiqatni qabul qiladi. Lekin qarindoshlarimiz e’tiqodimiz tufayli biz bilan aloqani uzsa nima qilamiz?

13. Oila a’zolarimiz bizdan voz kechganida, Yahovaning sevgisiga ishonish qanday yordam beradi? (Zabur 27:10)

13 Bizga Zabur 27:10 dagi (o‘qing) ajoyib so‘zlar tasalli baxsh etadi. Yahova bizni sevishini doim yodda saqlasak, ta’qiblarga duch kelganda yoki hatto oila a’zolarimiz bizdan voz kechganda o‘zimizni xotirjam his qila olamiz. Shunga aminmizki, U sabr-bardoshimiz uchun bizni mukofotlaydi. Hech bir inson jismoniy, hissiy va ma’naviy ehtiyojlarimizga Yahova kabi g‘amxo‘rlik qila olmaydi. Yuqorida tilga olingan Biniyam buni o‘zida his qilgan.

14. Biniyamning misolidan qanday saboq olishingiz mumkin?

14 Biniyam shiddatli ta’qiblarga duch kelishi mumkinligini bilsa-da, Yahovaning Shohidi bo‘ldi. Keling, Biniyamga Yahovaning sevgisi odamlar oldidagi qo‘rquvni yengishga qanday yordam berganini ko‘rib chiqaylik. U shunday dedi: «Ta’qiblar men o‘ylaganimdan ham kuchliroq bo‘ldi. Lekin oila a’zolarimning qarshiliklariga uchrash qo‘rquvi hukumatlar tomonidan qarshiliklarga duch kelishim oldidagi qo‘rquvdan kuchliroq edi. Yahovaning Shohidi bo‘lish qarorim tufayli haqiqatda bo‘lmagan otam ranjishidan va oilam meni boshqa hurmat qilmasligidan qo‘rqardim». Ammo Biniyam Yahova uni yaxshi ko‘rganlarga doim g‘amxo‘rlik qilishiga ishongan. U quyidagicha aytdi: «Yahova boshqalarga iqtisodiy qiyinchiliklar, yuzxotirchilik va zo‘ravonlikka uchragan paytda qanday yordam bergani haqida fikr yuritardim. Yahovaga sodiq qolsam, U menga baraka ato etishini bilardim. Bir necha marotaba qamoqqa olinib, qiynoqlarga uchragan paytlarda Yahovaga sadoqatli qolsak, U doim yordam berishiga o‘zim guvoh bo‘ldim». Biniyam uchun Yahova haqiqiy Ota, Uning xalqi esa chinakam oilaga aylandi.

O‘LIMDAN QO‘RQISH

15. Nega o‘limdan qo‘rqish tabiiy?

15 Muqaddas Kitobda o‘lim dushmanimiz ekanligi haqida aytilgan. (1 Kor. 15:25, 26) Ayniqsa, o‘zimiz yoki yaqinimiz jiddiy kasal bo‘lib qolganida o‘lim haqida o‘ylab tashvishlanamiz. Nega o‘limdan qo‘rqamiz? Chunki Yahova bizni toabad hayotdan zavqlanib yashash istagi bilan yaratgan. (Voiz 3:11) Boshqa tomondan, o‘limdan qo‘rqish hayotimizni himoyalashga yordam beradi. Masalan, bu bizga to‘g‘ri ovqatlanishga va jismoniy mashqlar qilishga hamda kerak bo‘lganida shifokorga murojaat qilib, dori-darmonlarni iste’mol qilishga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, bu hayotimizni xavf ostiga qo‘yishdan bizni to‘xtatadi.

16. Shayton tabiiy qo‘rquvimizdan foydalanib, nima qilishga intilyapti?

16 Shayton hayotimizni qadrlashimizni biladi. Lekin tirik qolish uchun hamma narsamizdan va hatto Yahova bilan do‘stona munosabatlarimizdan voz kechishimizga da’vo qiladi. (Ayub 2:4, 5) U noto‘g‘ri fikrda. Biroq Shayton «o‘limga duchor qiladigan» shaxs sifatida tabiiy qo‘rquvimizdan foydalanib, Yahovadan voz kechishimizni istaydi. (Ibron. 2:14, 15) Ba’zida Shaytonning ta’siri ostida bo‘lgan insonlar bizni imondan qaytarish uchun: «O‘ldiramiz!» — deb qo‘rqitishi mumkin. Ayrim paytlarda u tibbiy muolajalar olayotganimizni ko‘rib, bizni noto‘g‘ri yo‘l tutishga chorlar. Shifokor yoki imondosh bo‘lmagan qarindoshlarimiz bizga bosim o‘tkazib, qondan foydalanib davolanishga bizni majburlar. Bu Xudoning qonunini buzish demakdir. Qolaversa, kimdir bizni Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga zid bo‘lgan davolanish usullariga rozi bo‘lishga chorlashi mumkin.

17. Nega o‘limdan qo‘rqmasligimiz kerak? (Rimliklarga 8:37–39)

17 Hech birimiz o‘lishni istamaymiz. Hayotdan ko‘z yumsak ham Yahova bizni sevishda davom etishini bilamiz. (Rimliklarga 8:37–39 ni o‘qing.) Yahovaning do‘stlari hayotdan ko‘z yumsa ham U uchun ular tirikdir va Uning xotirasida. (Luqo 20:37, 38) Yahova do‘stlarini hayotga qaytarishni intizorlik bilan kutadi. (Ayub 14:15) «Mangu hayotga ega bo‘lishimiz» uchun Yahova qimmatbaho to‘lov bergan. (Yuhan. 3:16) Yahova bizni qattiq sevishini va g‘amxo‘rlik qilishini bilamiz. Kasallikka duch kelganda yoki o‘lim yoqasida turganda, Yahovadan voz kechishning o‘rniga Undan kuch, donolik va tasalli so‘raymiz. Valeri va uning eri xuddi shunday yo‘l tutgan. (Zab. 41:3)

18. Valerining misolidan qanday saboq olishingiz mumkin?

18 Valeri 35 yoshda bo‘lganida saratonning juda kam uchraydigan va og‘ir turiga chalindi. Qay yo‘sin sevgi unga o‘lim oldidagi qo‘rquvni yengishga yordam berganiga diqqat qarating. Valeri shunday bo‘lishdi: «Menga qo‘yilgan tashxis bir kechaning o‘zida hayotimizni butunlay o‘zgartirib yubordi. Men jiddiy operatsiyaga muhtoj edim. Ko‘p jarrohlar bilan gaplashdim, lekin hech biri qonday foydalanmay operatsiya qilishga rozi bo‘lmadi. Men qo‘rqayotgandim. Xudoning qonuniga muvofiq qon quyishdan bosh tortdim. Butun hayotim davomida Yahova menga O‘z sevgisini ko‘rsatgan. Endi mening navbatim edi. Shifokorlardan har safar yomon xabar eshitganimda, Yahovani xursand qilish va Shaytonga g‘alaba qozonishga yo‘l qo‘ymaslik qarorim mustahkamlanardi. Natijada operatsiya qonsiz muvaffaqiyatli o‘tdi. Sog‘lik muammolarim hali ham bor. Ammo Yahova menga g‘amxo‘rlik qilishda davom etyapti. Misol uchun, menga tashxis qo‘yilishidan avvalgi hafta, yig‘ilishda “Bugungi kulfatlarni jasorat ila qarshi oling” nomli maqolani tadqiq qilgandik *. Bu maqola bizga tasalli baxsh etdi. Uni qayta-qayta o‘qiymiz. Shu kabi maqolalar va ma’naviy ishlar men bilan erimga ichki xotirjamlikni saqlashga va to‘g‘ri qarorlar chiqarishga yordam berdi».

QO‘RQUVLARIMIZNI YENGISH

19. Yaqinda nima sodir bo‘ladi?

19 Dunyo bo‘ylab masihiylar Yahovaning yordami bilan qiyinchiliklarni yengib, Iblisga qarshi turishda muvaffaqiyatga erishyapti. (1 Butr. 5:8, 9) Siz ham bunday qila olasiz. Yahova yaqinda Iso va u bilan birga boshqaradiganlarga «Iblisning ishlarini barbod qilishni» buyuradi. (1 Yuhan. 3:8) Bundan keyin Xudoning yer yuzidagi xizmatchilari hech narsadan qo‘rqmaydi va hech nima ularni «dahshatga solmaydi». (Ishayo 54:14; Mixo 4:4) Bu vaqtlar kelguniga qadar qo‘rquvlarimizni yengish uchun jon-jahdimiz bilan harakat qilishimiz kerak.

20. Qo‘rquvlarimizni yengishga nima yordam beradi?

20 Yahova xizmatchilarini sevishiga va himoya qilishiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashda davom etishimiz kerak. Bunga Yahova o‘tmishda xizmatchilarini qanday himoya qilgani haqida fikr yuritish va suhbatlar qurish yordam beradi. Qolaversa, shaxsan o‘zimiz duch kelgan qiyin vaziyatlarda U bizga qanday yordam berganini yodda tutish ko‘maklashadi. Ha, Yahovaning yordami bilan qo‘rquvlarimizni yenga olamiz. (Zab. 34:4)

129-QO‘SHIQ Chidam bilan chopaylik

^ Qo‘rquv bizni xavf-xatardan himoya qilishi mumkin bo‘lgan tabiiy tuyg‘udir. Lekin haddan tashqari qo‘rqish yaxshilikka olib kelmaydi. Nega? Chunki Shayton bunday noo‘rin qo‘rquvdan bizga qarshi foydalanishi mumkin. Shunga uni nazorat qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak. Bizga bunda nima yordam beradi? Ushbu maqolada Yahova biz tomonda ekaniga va bizni sevishiga ishonish har qanday qo‘rquvni yengishimizga yordam berishini ko‘rib chiqamiz.

^ Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ RASMGA SHARH. Yig‘ilishdagi juftlik mehnatsevar opamizga va oilasiga oziq-ovqat olib kelyapti.

^ RASMGA SHARH. Yosh birodarimizning ota-onasi u Yahovaga xizmat qilishiga qarshi, lekin birodarimiz Uning ko‘magiga ishonyapti.