25-TADQIQ MAQOLASI
Oqsoqollar, Gido‘ndan o‘rnak oling
Gido‘n... to‘g‘risida aytib berishga vaqtim yetmaydi. (IBRON. 11:32)
124-QO‘SHIQ Vafodormiz
BU MAQOLADA a
1. 1 Butrus 5:2 ga binoan, oqsoqollar qanday sharafga ega?
OQSOQOLLARGA Yahovaning qadrli qo‘zichoqlariga g‘amxo‘rlik qilish vazifasi ishonib topshirilgan. Bu xudojo‘y kishilar birodar-u opa-singillarga xizmat qilish sharafini qadrlashadi va «chindan ham g‘amxo‘rlik qiladigan» cho‘ponlar bo‘lish uchun jon kuydirishadi. (Yerm. 23:4; 1 Butrus 5:2 ni o‘qing.) Ha, jamoatlarimizda shu kabi kishilar borligidan minnatdormiz!
2. Ba’zi oqsoqollar qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin?
2 Oqsoqollar mas’uliyatli vazifalarini bajarayotib, ko‘p qiyinchiliklarga duch kelishadi. Ular jamoatga g‘amxo‘rlik qilish uchun ko‘p ter to‘kishadi. AQShda yashovchi Toni ismli oqsoqol zimmasiga olayotgan mas’uliyatlar borasida o‘z haddini bilishni o‘rganishi lozim edi. U shunday deb bo‘lishdi: «COVID-19 pandemiyasi boshlanganida yig‘ilishlarni va xizmatni tashkillashtirish uchun juda ko‘p ish qilishga harakat qilardim. Lekin qancha ko‘p ish bajarmayin ular hech qachon tugamasdi. Oxir-oqibat, juda band bo‘lganim uchun Muqaddas Kitob o‘qishga, shaxsiy tadqiq o‘tkazishga va ibodat qilishga yetarlicha vaqt ajrata olmasdim». Kosovodagi Ilir ismli oqsoqol boshqa qiyinchilikka duch kelgan. U urush bo‘layotgan hududda bo‘lganida tashkilotning ko‘rsatmasiga bo‘ysunishga qiynalgan. U quyidagicha dedi: «Filial menga xavfli hududda yashovchi imondoshlarga yordam berishni taklif qilganida jasoratim sinalgan edi. Men juda qo‘rqqandim va bu yo‘l-yo‘riq amaliy emasday tuyulgandi». Osiyodagi Tim ismli to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y har kuni qilishi kerak bo‘lgan ishlarni bajarishga ulgurishga qiynalardi. U: «Ba’zida aqlan va hissan rosa charchardim»,— deb aytdi. Bu kabi qiyinchiliklarga duch kelayotgan oqsoqollarga nima yordam berishi mumkin?
3. Hakam Gido‘nning misolini ko‘rib chiqish har birimizga qanday foyda keltirishi mumkin?
3 Oqsoqollar hakam Gido‘ndan o‘rnak olishlari mumkin. (Ibron. 6:12; 11:32) U Xudoning xalqi uchun ham himoyachi, ham cho‘pon bo‘lgan. (Hak. 2:16; 1 Sol. 17:6) Gido‘n kabi oqsoqollar ham Xudoning xalqiga qiyinchiliklar paytida g‘amxo‘rlik qilish uchun tayinlangan. (Havor. 20:28; 2 Tim. 3:1) Biz undan o‘z haddini bilishni, kamtarinlikni va itoatkorlikni o‘rganishimiz mumkin. Vazifalarini bajargan paytda uning bardoshi sinalgan. Oqsoqol bo‘lib xizmat qilamizmi yoki yo‘qmi har birimiz ularga bo‘lgan minnatdorchiligimizni oshirishimiz mumkin. Jon-jahdi bilan xizmat qilayotgan bu birodarlarni qo‘llab-quvvatlay olamiz. (Ibron. 13:17)
O‘Z HADDINI BILISH VA KAMTARLIK SINALGANDA
4. Gido‘n o‘z haddini bilganini va kamtarin bo‘lganini qanday ko‘rsatgan?
4 Gido‘n o‘z haddini bilgan va kamtarin bo‘lgan b. Yahovaning farishtasi Gido‘n Isroil xalqini qudratli midiyonliklardan qutqarish uchun tayinlanganini aytganida, u kamtarlik ila: «Axir Manashe qabilasi ichida mening xonadonim kichik bo‘lsa, otamning uyida ham eng kichigiman»,— degan. (Hak. 6:15) Gido‘n o‘zini bu vazifa uchun layoqatsiz his qilgan. Ammo Yahova u nimalarga qodir ekanini bilgan. Uning ko‘magi bilan Gido‘n vazifasini muvaffaqiyat ila o‘z yakuniga yetkazgan.
5. Oqsoqollarning o‘z haddini bilishi va kamtarligi qanday sinalishi mumkin?
5 Oqsoqollar barcha narsada o‘z haddini bilish va kamtarlikni namoyon etish uchun qo‘lidan kelganini qilishadi. (Mixo 6:8; Havor. 20:18, 19) Ular qobiliyatlari yoki bajargan vazifalari bilan maqtanishmaydi. Shuningdek, ular yo‘l qo‘ygan ba’zi xatolari uchun o‘zlarini arzimas deb hisoblashmaydi. Lekin ayrim paytlarda oqsoqollarning kamtarligi va o‘z haddini bilishi sinalishi hech gap emas. Masalan, ular zimmasiga ko‘p vazifalarni olishar va keyin ularni bajarishga qiynalishar. Yoki ba’zilar bajargan biron vazifasi uchun ularni tanqid qilar yo bajargan boshqa vazifasi uchun maqtar. Oqsoqollarga bu kabi vaziyatlarda Gido‘nning o‘rnagi qay yo‘sin yordam berishi mumkin?
6. Oqsoqollar o‘z haddini bilish borasida Gido‘ndan nimani o‘rganishlari mumkin? (Rasmga ham qarang.)
6 Yordam so‘rang. Gido‘n o‘z haddini bilgan va boshqalardan yordam so‘rashdan tortinmagan. (Hak. 6:27, 35; 7:24) Dono oqsoqollar ham xuddi shunday yo‘l tutishadi. Yuqorida tilga olingan Toni shunday dedi: «Olgan tarbiyam tufayli kuchimdan ortiq vazifalarni bajarishga rozi bo‘lardim. Shuning uchun oilaviy topinishda o‘z haddini bilish fazilatini ko‘rib chiqishga qaror qildim va xotinimdan fikrlari bilan bo‘lishishini so‘radim. Shuningdek, jw.org saytidagi “Iso kabi boshqalarga ta’lim bering, ishoning va mas’uliyatni baham ko‘ring” nomli videoni boshqatdan tomosha qildim». Toni boshqalardan yordam so‘ray boshladi. Buning natijasi qanday bo‘ldi? U quyidagicha dedi: «Hozir jamoatdagi ishlar yaxshi ketyapti va Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimni yaxshilash uchun ko‘proq vaqtga egaman».
7. Tanqidga duch kelganda oqsoqollar Gido‘ndan qanday saboq olishlari mumkin? (Yoqub 3:13)
7 Sizni tanqid qilishganda muloyimlik bilan javob bering. Oqsoqollar tanqidga uchrashganda yana bir qiyinchilikka duch kelishadi. Keling, yana Gido‘nning misolini eslaylik. Shubhasizki, u nomukammal ekanini bilgan. Shuning uchun efrayimliklar uni tanqid qilishganida u xotirjamlikni saqlagan. (Hak. 8:1–3) Gido‘n ularga g‘azab o‘tida javob bermagan. Ularning tashvishlarini tinglab, u kamtarlikni namoyon etgan va tarang vaziyatni xushmuomalalik bilan yumshatgan. Dono oqsoqollar tanqidga duch kelishganida, Gido‘nga taqlid qilib diqqat ila tinglashadi va muloyimlik ila javob berishadi. (Yoqub 3:13 ni o‘qing.) Shu yo‘sin, ular jamoatda tinchlik bo‘lishiga hissa qo‘shishadi.
8. Tayinlangan birodarlarni maqtashganda ular qanday yo‘l tutishlari lozim? Misol keltiring.
8 Barcha sharafni Yahovaga qarating. Odamlar midiyonliklar ustidan erishilgan g‘alaba uchun Gido‘nni ulug‘lashganida, u ularning e’tiborini Yahovaga qaratgan. (Hak. 8:22, 23) Tayinlangan birodarlar qay yo‘sin unga taqlid qilishlari mumkin? Ular qilgan barcha ishlari uchun sharafni Yahovaga qaratishlari lozim. (1 Kor. 4:6, 7) Masalan, kimdir oqsoqolni ta’lim berish qobiliyati uchun maqtasa, u uning e’tiborini yo‘l-yo‘riqlarning manbai bo‘lmish Xudoning Kalomiga yoki tashkilotimiz barchamizga taqdim etayotgan fikrlarga qaratsa bo‘ladi. Oqsoqollar «Ta’lim berayotganda o‘zimga keragidan ortiq diqqat qaratmayapmanmi?» degan savol ustida vaqti-vaqti bilan mulohaza yuritishlari mumkin. Keling, Timoti ismli oqsoqolning misolini ko‘rib chiqaylik. U oqsoqol etib tayinlaganida ommaviy nutqlar bilan chiqishni juda yaxshi ko‘rardi. U shunday bo‘lishdi: «Men uzun va murakkab kirish so‘zlari hamda misollardan foydalanardim. Ko‘pincha bu uchun meni maqtashardi. Afsuski, tinglovchilarning e’tibori Kalomga yoki Yahovaga emas, menga qaratilardi». Vaqt o‘tib, Timoti o‘ziga haddan ortiq e’tibor qaratmaslik uchun ta’lim berish usuliga o‘zgarish kiritishi kerakligini tushundi. (Hik. 27:21) Bu qanday natija keltirdi? Timoti quyidagicha dedi: «Turli birodar-u opa-singillarimiz nutqim qay yo‘sin ularga muammoni yengishga, sinovlarda bardoshli bo‘lishga yoki Yahovaga yaqinlashishga yordam berganini aytishadi. Bu kabi fikrlar yillar oldin eshitgan maqtovlarga qaraganda ko‘proq quvonch keltiryapti».
ITOATKORLIK VA JASORAT SINALGANDA
9. Gido‘nning itoatkorligi va jasorati qay yo‘sin sinalgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)
9 Gido‘n hakam etib tayinlaganidan keyin uning itoatkorligi va jasorati sinalgan. Unga otasiga tegishli Baalning qurbongohini sindirishdek xavfli vazifa topshirilgan. (Hak. 6:25, 26) Keyinchalik unga qo‘shin yig‘ib, ularning sonini kamaytirish ikki marta aytilgan. (Hak. 7:2–7) So‘ng Yahova unga yarim kechasi dushmanlarning qarorgohiga hujum qilishni aytgan. (Hak. 7:9–11)
10. Oqsoqollarning itoatkorligi qay yo‘sin sinalishi mumkin?
10 Oqsoqollar «bo‘ysunuvchan» bo‘lishlari lozim. (Yoqb. 3:17) Itoatkor oqsoqol Muqaddas Yozuvlardagi va tashkilotimiz tomonidan berilayotgan yo‘l-yo‘riqlarga bajonidil bo‘ysunadi. Shunday qilib, u boshqalarga yaxshi o‘rnak ko‘rsatadi. Bunga qaramay, uning itoatkorligi sinalishi hech gap emas. Masalan, bunday oqsoqol uchun olgan yo‘l-yo‘riqqa amal qilish qiyin bo‘lishi mumkin. Ba’zi hollarda u biron yo‘l-yo‘riq rostdan ham amaliymi yoki oqilonami, deb tashvishlanar. Yo bo‘lmasa, undan erkinligini xavf ostiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan vazifani bajarishni so‘rashar. Xo‘sh, oqsoqollar bu kabi vaziyatlarda Gido‘nning itoatkorligiga qanday taqlid qilishlari mumkin?
11. Oqsoqollarga itoatli bo‘lishga nima yordam berishi mumkin?
11 Yo‘l-yo‘riqni diqqat ila tinglang va unga amal qiling. Yahova Gido‘nga otasiga tegishli qurbongohni qanday sindirishni, Unga atalgan yangi qurbongohni qayerda qurishni va qaysi hayvonlarni qurbonlikka keltirishni aytgan edi. U ortiqcha savol bermay Xudoning ko‘rsatmasiga darrov amal qilgan. Bugungi kunda oqsoqollar Yahovaning tashkilotidan xatlar va e’lonlar orqali ko‘rsatmalar olishadi. Shuningdek, ularga ma’naviy va jismoniy sog‘ligimizga oid qo‘shimcha yo‘l-yo‘riqlar taqdim etiladi. Tashkilotimizning yo‘l-yo‘riqlariga sadoqat ila bo‘ysunayotgan oqsoqollarimizni juda yaxshi ko‘ramiz! Bu butun jamoatga foyda keltiradi. (Zab. 119:112)
12. Tashkilotimizda o‘zgarishlar bo‘lganida oqsoqollar Ibroniylarga 13:17 dagi so‘zlarga qay yo‘sin amal qila olishadi?
12 Moslashishga tayyor bo‘ling. Yodingizda bo‘lsa, Yahova Gido‘nga askarlarning deyarli hammasini uyga jo‘natib yuborishni aytgan. (Hak. 7:8) Ehtimol, Gido‘n shunday o‘ylagandir: «Bunday qilish shunchalik muhimmi? Buning foydasi bo‘ladimi?» Lekin bunga qaramay u bo‘ysungan. Bugungi kunda ham oqsoqollar Gido‘nga taqlid qilib, tashkilotimiz qandaydir ishlarni boshqacha qilishni aytganida bo‘ysunishadi. (Ibroniylarga 13:17 ni o‘qing.) Misol uchun, 2014-yili Yetakchi kengash Yig‘ilish va Anjuman zallarini qurish loyihalarini moddiy jihatdan ta’minlashga o‘zgarish kiritdi. (2 Kor. 8:12–14) Avvallari tashkilotimiz qurilish uchun jamoatlarga qarz berardi, keyin esa ular bu pulni qaytarishardi. Ammo hozirda tashkilotimiz dunyo bo‘ylab barcha jamoatlarning xayr-ehsonlaridan, hatto mahalliy jamoat uncha ko‘p xayr-ehson qila olmasa-da, ehtiyoj bor bo‘lgan yerlarda Yig‘ilish va Anjuman zallarini qurish uchun foydalanadi. Xose bu o‘zgarish haqida eshitganida bu qandaydir ish berishidan shubhalangan va shunday o‘ylagan: «Bitta ham Yig‘ilish zali qurilmaydi. Bu bizning hududimizda imkonsiz». Yo‘l-yo‘riqqa rioya qilishga Xosega nima yordam bergan? U shunday dedi: «Hikmatlar 3:5, 6 dagi so‘zlar Yahovaga ishonishim kerakligini eslatdi. Buning natijasi ajoyib bo‘ldi. Biz nafaqat Yig‘ilish zallarini qurishni, balki yetishmovchilikni to‘ldirish uchun turli yo‘llar orqali xayr-ehson qilishni ham o‘rgandik».
13. a) Gido‘n nimada amin bo‘lgan? b) Oqsoqollar unga qanday taqlid qilishlari mumkin? (Rasmga ham qarang.)
13 Yahovaning irodasini jasorat ila bajaring. Gido‘n qo‘rquvlariga hamda vazifasi xavfli bo‘lishiga qaramay Yahovaga bo‘ysungan. (Hak. 9:17) Yahova uni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirganidan keyin u Uning xalqini himoya qila olishiga to‘liq amin bo‘lgan. Faoliyatimiz taqiqlangan hududlardagi oqsoqollar Gido‘nga taqlid qilishyapti. Ular hibsga olinish, tergov qilinish, ishdan bo‘shatilish yoki boshqa zo‘ravonliklarga qaramay yig‘ilishlarni o‘tkazish hamda va’zgo‘ylik xizmatini tashkillashtirishda g‘ayrat ko‘rsatishyapti c. Buyuk musibatda oqsoqollar — qanchalik xavfli bo‘lmasin olgan yo‘l-yo‘riqlarga bo‘ysunish uchun jasoratli bo‘lishi kutiladi. Bunday yo‘l-yo‘riqlar hukm xabarini qanday va’z qilish hamda Mago‘g yurtidagi Go‘gning hujumidan omon qolish uchun nima qilish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. (Hiz. 38:18; Vah. 16:21)
SABR-BARDOSH SINALGANDA
14. Gido‘nning sabr-bardoshi qanday sinalgan?
14 Gido‘n hakam sifatida juda ko‘p ishlarni qilishi lozim edi. Kechasi bilan davom etgan urushdan keyin midiyonliklar qochganida, Gido‘n Yizril vodiysidan to Iordan daryosigacha ularni ta’qib qilgan. Ehtimol, u yer chakalakzor bo‘lgan. (Hak. 7:22) Iordan daryosi Gido‘nni to‘xtatganmi? Yo‘q. Charchaganiga qaramay, u hamda 300 ta askari daryoni kechib o‘tishgan va ularni quvishda davom etishgan. Oxiri ular midiyonliklarni qo‘lga tushirib, qirib tashlashgan. (Hak. 8:4–12)
15. Oqsoqollarning sabr-bardoshi nima tufayli sinalishi mumkin?
15 Oqsoqollar ham jamoatga, ham oilasiga g‘amxo‘rlik qilishgani uchun ba’zan jismonan, aqlan yoki hissan charchashlari mumkin. Bunday paytlarda ular Gido‘nga qanday taqlid qila olishadi?
16, 17. Gido‘nga sabr-bardoshli bo‘lishga nima yordam bergan va oqsoqollar nimada amin bo‘lishlari mumkin? (Ishayo 40:28–31) (Rasmga ham qarang.)
16 Yahova sizni mustahkamlashiga ishoning. Gido‘n Yahova unga kuch berishiga ishongan va umidi puchga chiqmagan. (Hak. 6:14, 34) Bir safar Gido‘n va uning odamlari, hoynahoy, tuyalarda qochib ketayotgan midiyonliklarning ikkita shohini ta’qib etishgan. (Hak. 8:12, 21) Isroilliklar Xudoning yordami bilan ularni ushlab olishgan va jangda g‘alaba qozonishgan. Oqsoqollar ham Yahovaga tayanishlari mumkin, chunki «U aslo charchamaydi, holdan ham toymaydi». U muhtoj bo‘lganlarida ularga kuch ato etadi. (Ishayo 40:28–31 ni o‘qing.)
17 Keling, Kasalxonalar bilan aloqa qilish qo‘mitasida xizmat qilayotgan Metyu ismli birodarimizning vaziyatini ko‘rib chiqaylik. Unga sabr-bardoshli bo‘lishga nima yordam beryapti? Metyu quyidagicha bo‘lishdi: «Filippiliklarga 4:13 dagi so‘zlar chin ekaniga amin bo‘ldim. Ko‘pincha charchab, madorim quriganida Xudoga iltijo qilib, imondoshlarimni qo‘llab-quvvatlash uchun menga jismoniy va hissiy kuch berishini so‘rayman. Bunday paytlarda Yahovaning muqaddas ruhi menga ta’sir qilib, bardoshli bo‘lishimga yordam berayotganini his qilaman». Gido‘n kabi sadoqatli oqsoqollarimiz Xudoning suruviga fidoyilik ila cho‘ponlik qilayotib, turli to‘siqlarga duch kelishlari mumkin. Albatta, ular jismoniy hamda hissiy imkoniyatlari chegaralanganini tan olishlari va ular asosida yo‘l tutishlari kerak. Lekin shu bilan birga, ular yordam so‘rab qilgan ibodatlarini Yahova eshitishiga va sabr-bardoshli bo‘lishlari uchun kuch berishiga amin bo‘lishlari mumkin. (Zab. 116:1; Filip. 2:13)
18. Oqsoqollar Gido‘nga qanday taqlid qilishlari mumkin?
18 Oqsoqollar Gido‘ndan ko‘p narsani o‘rganishlari mumkin. Ular zimmasiga qancha ko‘p vazifa olish borasida va boshqalar ularni tanqid qilganda yoki maqtaganda o‘z haddini bilishlari hamda kamtar bo‘lishlari kerak. Oqsoqollar hozir, ayniqsa, ushbu zamonaning oxiri yaqinlashib qolgan paytda itoatkor va jasoratli bo‘lishlari lozim. Shuningdek, ular qanday to‘siqqa duch kelishidan qat’i nazar Yahova ularni qo‘llab-quvvatlashiga ishonishlari kerak. Albatta, biz jon-jahdi bilan mehnat qilayotgan cho‘ponlardan minnatdormiz va bunday kishilarni qadrlaymiz. (Filip. 2:29)
120-QO‘SHIQ Isoning muloyimligiga taqlid qiling
a Yahova Gido‘nni Isroil xalqi tarixining qiyin damlarida xizmatchilariga cho‘ponlik qilish va ularni himoyalash uchun tayinlagan. U deyarli 40-yil sadoqat ila vazifasini bajargan. Ammo Gido‘n ko‘pgina qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Bu maqolada bugungi kunda oqsoqollar qiyinchiliklarga duch kelishganda undan qanday o‘rnak olishlari mumkinligini muhokama qilamiz.
b O‘z haddini bilish va kamtarlik o‘zaro juda o‘xshash. O‘zimizga to‘g‘ri munosabatda bo‘lib, qo‘limizdan kelmaydigan ishlar borligini tushunganimizda o‘z haddimizni bilganimizni ko‘rsatamiz. Boshqalarni hurmat qilib, ularni o‘zimizdan muhimroq deb bilganimizda esa kamtarin ekanimizni namoyon etamiz. (Filip. 2:3) Umuman olganda, o‘z haddini bilgan kishini kamtarin deb ham aytsa bo‘ladi.
c «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2019-yil iyul sonida keltirilgan «Taqiq ostida ham Yahovaga topinishda davom eting» nomli maqoladagi 10-, 11- sahifalaridagi 10–13-xatboshilariga qarang.