Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Iso tug‘ilganidan keyin nega Yusuf bilan Maryam Nosiraga, uyiga qaytishning o‘rniga Baytlahmda qolishgan?

Muqaddas Kitobda buning javobi yo‘q. Lekin u yerda ularning qaroriga ehtimol, ta’sir qilgan qiziqarli tafsilotlar keltirilgan.

Farishta Maryam homilador bo‘lib, farzandni dunyoga keltirishini aytgan. O‘shanda Maryam bilan Yusuf Jaliladagi Nosirada yashashgan. (Luqo 1:26–31; 2:4) Keyinchalik Misrdan qaytgach, ular Nosiraga kelishgan. Iso u yerda o‘sib ulg‘aygan va nosiralik bo‘lib qolgan. (Mat. 2:19–23) Shuning uchun ham Iso, Yusuf va Maryam haqida gap ketganida xayolimizga Nosira shahri keladi.

Maryamning Yahudoda yashagan Elisabet ismli qarindoshi bo‘lgan. U ruhoniy Zakariyoning rafiqasi va Yahyo payg‘ambarning onasi edi. (Luqo 1:5, 9, 13, 36) Maryam Elisabetnikiga borib, u yerda uch oy yashagan. Bundan keyin Maryam Nosiraga qaytgan. (Luqo 1:39, 40, 56) Shu sababli u Yahudo hududini ozmuncha bilgan.

Vaqt o‘tgach, Yusuf «ro‘yxatdan o‘tkazish» farmoniga bo‘ysungan. U Nosiradan «Dovud payg‘ambarning shahri» bo‘lgan va Masih tug‘ilishi bashorat qilingan Baytlahmga borgan. (Luqo 2:3, 4; 1 Shoh. 17:15; 20:6; Mixo 5:2) Maryam u yerda Isoni tuqqandan keyin Yusuf yangi chaqaloq bilan uzoq safarga chiqmaslikka qaror qilgan. Ular Quddusdan taxminan 9 kilometr uzoqlikda joylashgan Baytlahmda qolishgan. Bu tufayli ular chaqalog‘ini olib ma’badga bora olishardi va qonun bo‘yicha talab etilgan qurbonlikni keltira olishardi. (Lev. 12:2, 6–8; Luqo 2:22–24)

Avvalroq Xudoning farishtasi Maryamga uning o‘g‘li «Dovudning taxti»ga o‘tirishi va «shohlik» qilishini aytgandi. Shuning uchun Yusuf va Maryam Iso Dovudning shahrida tug‘ilishi kerak, deb hisoblashganmi? (Luqo 1:32, 33; 2:11, 17) Balki ular o‘sha yerda qolib, Xudoning keyingi topshirig‘ini kutish donolikdan bo‘lardi, deb hisoblashgandir.

Munajjimlar kelguniga qadar ular Baytlahmda qancha vaqt bo‘lishganini bilmaymiz. Lekin ular o‘z uyida yashashgan va ularning o‘g‘li chaqaloqlik davridan o‘tgandi. (Mat. 2:11) Hoynahoy, ular Nosiraga qaytishning o‘rniga Baytlahmda qolib, u yerda ancha vaqt yashashgan.

Hirod Baytlahmdagi «ikki yosh va undan kichik bo‘lgan hamma o‘g‘il bolalarni» o‘ldirish buyrug‘ini bergandi. (Mat. 2:16) Lekin farishta bu haqda Yusufni ogohlantirgan. Shuning uchun u Maryam bilan Isoni olib, Misrga qochib ketgan va Hirod o‘lmaguniga qadar u yerda qolgan. Keyinchalik esa u oilasi bilan birga Nosiraga borgan. Nega ular Baytlahmga borishmagan? Sababi, Hirodning shafqatsiz o‘g‘li Arxelay Yahudoda boshqarayotgandi. Qolaversa, farishta ham Yusufga u yerga borish xavfli ekanini aytgandi. U Isoni Xudoning haqiqiy xizmatchisi sifatida katta qilishi uchun Nosira xavfsiz joy edi. (Mat. 2:19–22; 13:55; Luqo 2:39, 52)

Aftidan, Yusuf Isoning o‘limidan va osmonda yashash imkoniyati paydo bo‘lishidan avval hayotdan ko‘z yumgan. Shunday ekan, u yer yuzida tiriladi. Ko‘plar u bilan tanishib, nega u va Maryam Iso tug‘ilganidan keyin Baytlahmda qolishganining ko‘proq sababini bilib oladi.