Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

28-TADQIQ MAQOLASI

Xudodan qo‘rqib foyda olishda davom eting

Xudodan qo‘rqib foyda olishda davom eting

To‘g‘ri yo‘ldan yurgan Yahovadan qo‘rqadi. (HIK. 14:2)

122-QO‘SHIQ Mard va mahkam turing!

BU MAQOLADA a

1, 2. Lutning vaziyatida bo‘lganiday, bugungi kundagi masihiylar qanday qiyinchilikka duch kelishyapti?

 BU DUNYO olg‘a surayotgan axloqiy me’yorlar borasida o‘zimizni odil kishi Lut kabi his qilyapmiz. U «qonundan yuz o‘girgan odamlarning axloqsiz xulqidan ezilgan». Chunki samoviy Otamiz yomon xulq-atvordan nafratlanishini u bilgan. (2 Butr. 2:7, 8) Xudoga bo‘lgan qo‘rquv va sevgi uni atrofidagi yuqori axloqiy me’yorlarni rad etgan insonlardan uzoqroq yurishga undagan. Biz ham Yahovaning axloqiy me’yorlarini ozroq hurmat qiladigan yoki umuman hurmat qilmaydigan odamlar orasida yashayapmiz. Bunga qaramay Xudoga bo‘lgan sevgimizni kuchaytirib, Undan o‘rinli tarzda qo‘rqishni o‘rgansak axloqan pok qolishimiz mumkin. (Hik. 14:2)

2 Buni qila olishimiz uchun Yahova bizga dalda beradigan Hikmatlar kitobini yozib qoldirilishiga g‘amxo‘rlik qilgan. Barcha masihiylar — erkag-u ayollar, yosh-u keksalar u yerdagi dono maslahatdan foyda olishi mumkin.

XUDODAN QO‘RQISH BIZNI HIMOYA QILADI

Yahovani yaxshi ko‘rmaydigan va hurmat qilmaydigan kishilar bilan ishxonada yaqin do‘st bo‘lmasligimiz hamda Uni ranjitadigan takliflarni rad etishimiz lozim (3-xatboshiga qarang.)

3. Hikmatlar 17:3 ga ko‘ra, majoziy yuragimizni himoya qilishning asosiy sababi qanday? (Rasmga ham qarang.)

3 Majoziy yuragimizni himoya qilishning muhim sababi Yahova uni tekshirishidadir. Bu Yahova odamlardan farqli ravishda nafaqat tashqi, balki ichki dunyomizni ko‘ra olishini anglatadi. (Hikmatlar 17:3 ni o‘qing.) Agar ongimizni Uning hayotbaxsh donoligi bilan to‘ldirsak, U bizga sevgisini namoyon etadi. (Yuhan. 4:14) Shu yo‘sin, ongimizda Shaytonning va unga tegishli dunyoning axloqiy hamda ma’naviy zahari uchun hech qanday joy qoldirmaymiz. (1 Yuhan. 5:18, 19) Yahovaga yaqinlashganimizda, Unga bo‘lgan sevgimiz va hurmatimiz oshadi. Otajonimizni ranjitishni istamaganimiz uchun hatto gunoh qilish fikridan nafratlanamiz. Noto‘g‘ri ish qilish vasvasasiga duch kelganimizda, o‘zimizdan shunday so‘rasak bo‘ladi: «Menga shuncha sevgi ko‘rsatayotgan Shaxsni qanaqasiga bila turib ranjitaman?» (1 Yuhan. 4:9, 10)

4. Yahovadan qo‘rqish bir opamizni axloqsizlikka qo‘l urishdan qanday himoya qilgan?

4 Xorvatiyadagi Marta ismli opamiz axloqsizlikka qo‘l urish vasvasasiga duch kelgan. U shunday deb yozgan: «Aniq-ravshan fikrlash va gunohning vaqtinchalik huzur-halovatidan zavq olish xohishi bilan kurashish men uchun qiyin bo‘lgan. Lekin Yahovadan qo‘rqish meni himoya qilgan» b. Qanday qilib bu qo‘rquv unga yordam bergan? Marta yomon qarorning oqibatlari ustida fikr yuritganini aytgan. Biz ham shunday qila olamiz. Yahovani ranjitishni va Unga abadiy topina olmaslikni eng yomon oqibat desa bo‘ladi. (Ibt. 6:5, 6)

5. Leoning misolidan nimani o‘rgansak bo‘ladi?

5 Yahovadan qo‘rqish bizni yomon xulq-atvorli insonlar bilan do‘stlashmaslikka undaydi. Kongoda yashaydigan Leo birodarimiz bu borada saboq olgan. Suvga cho‘mganidan to‘rt yil o‘tgach, u yomon odamlar to‘dasiga qo‘shilib qolgan. Leo toki shaxsan yomon ishga qo‘l urmagunicha Yahovaga qarshi gunoh qilmayapman, deb o‘ylagan. Lekin ko‘p o‘tmay, yomon og‘aynilari uni spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishga va axloqsizlikka qo‘l urishga undashgan. Bundan keyin u masihiy ota-onasi unga aytgan gaplari va Yahovaga xizmat qilgan paytlarda qanchalik baxtli bo‘lgani haqida fikr yuritgan. Bu qanday natija keltirgan? U yana to‘g‘ri yo‘l tutishni boshlagan. Oqsoqollarning yordami bilan Leo Yahovaga qaytgan. Bugungi kunda u oqsoqol va maxsus kashshof sifatida baxtiyor bo‘lib xizmat qilyapti.

6. Qaysi ikkita majoziy ayol haqida so‘z yuritamiz?

6 Keling, Hikmatlar 9- bobdagi donolik va ahmoqlikni tasvirlovchi ikkita ayolga e’tibor qarataylik. (Rimliklarga 5:14; Galatiyaliklarga 4:24 ni solishtiring.) Bunday qilar ekanmiz, Shaytonning dunyosi jinsiy axloqsizlik va pornografiyaga berilib ketganini yodda tutaylik. (Efes. 4:19) Shuning uchun Xudodan o‘rinli tarzda qo‘rqishni o‘rganishda va yomonlikdan yuz o‘girishda davom etishimiz muhim. (Hik. 16:6) Ushbu bobdagi maslahatlardan ham erkaklar, ham ayollar foyda olishi mumkin. Ikkala ayol tajribasizlarni, ya’ni aqlsizlarni taklif qilayotgani tasvirlangan. Ular go‘yo shunday deyishgan: «Uyimga kirib, ovqatlanib oling». (Hik. 9:1, 5, 6, 13, 16, 17) Lekin takliflarni qabul qilishning oqibati bir-biridan keskin farq qiladi.

AHMOQ AYOLNING TAKLIFINI RAD ETING

«Ahmoq ayol»ning taklifi ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin (7-xatboshiga qarang.)

7. Ahmoq ayolning taklifiga rozi bo‘lganlarni nima kutyapti? (Hikmatlar 9:13–18) (Rasmga ham qarang.)

7 «Ahmoq ayol»ning taklifiga e’tibor qarataylik. (Hikmatlar 9:13–18 ni o‘qing.) U aqlsizlarni bor ovozi bilan: «Bu yoqqa kel[inglar]»,— deb mehmonga taklif qilyapti. Xo‘sh, ularni nima kutyapti? «U yerda o‘liklar bor». Hikmatlar kitobining oldingi boblaridan bilib olganimizday, ba’zi narsalar majoziy ma’noda ifodalangan. U yerda buzuq va axloqsiz ayol borligini bilib oldik. Uning uyi o‘lim qa’riga yetaklashi haqida yozilgan. (Hik. 2:11–19) Hikmatlar 5:3–10 da esa «oyoqlari o‘limga olib boradigan» boshqa «buzuq ayol» borligidan ogohlantirildik.

8. Qanday tanlov oldida turibmiz?

8 «Ahmoq ayol»ning ovozini eshitayotganlar tanlov oldida turibdi. Ular uning taklifini qabul qilishadimi yoki rad etishadimi? Biz ham shu kabi tanlov oldida turishimiz mumkin. Kimdir bizni jinsiy axloqsizlikka undasa yoki Internetda bexosdan pornografiyaga ko‘zimiz tushib qolsa, qanday yo‘l tutishni tanlaymiz?

9, 10. Jinsiy axloqsizlikdan qochishimiz kerakligining ba’zi sabablari qanday?

9 Jinsiy axloqsizlikdan qochishimiz kerakligining bir qancha sababi bor. Ahmoq ayol «o‘g‘irlangan suv shirin» deb aytayotgani tasvirlangan. «O‘g‘irlangan suv» bu nima? Muqaddas Kitobda oila qurgan erkak va ayol o‘rtasidagi jinsiy yaqinlik orombaxsh suv bilan solishtirilgan. (Hik. 5:15–18) Faqatgina qonuniy nikohdan o‘tgan er va xotin munosib ravishda jinsiy yaqinlikda bo‘lib, undan zavq olishi mumkin. Chindan ham u «o‘g‘irlangan suv»dan farq qiladi. Chunki «o‘g‘irlangan suv», hoynahoy, noqonuniy jinsiy aloqani bildiradi. O‘g‘ri odamlardan yashirib narsa o‘g‘irlaganidek, bunday ishlar ham pinhona qilinadi. Bu yolg‘on! Sababi, Yahova hamma narsani ko‘rib turadi. Uning marhamatini yo‘qotishdan ayanchli narsa bo‘lmasa kerak. Bu yo‘qotishni «shirin» deb bo‘lmaydi. (1 Kor. 6:9, 10) Lekin bu hali hammasi emas.

10 Jinsiy axloqsizlik dastidan inson o‘zini sharmanda bo‘lganday, arzimasday his qilishi va bu uni istalmagan homiladorlikka hamda oila barbod bo‘lishiga olib kelishi hech gap emas. Shunisi aniqki, ahmoq ayolning uyiga kirishdan va taomlarini yeyishdan bosh tortish oqilonadir. Ma’nan o‘lishdan tashqari ko‘p axloqsiz kishilar tom ma’nodagi o‘limga yetaklaydigan kasallikka yo‘liqadi. (Hik. 7:23, 26) Hikmatlar 9:18 da: «Ayolning mehmonlari go‘r qa’rida ekanini bilishmaydi»,— deb xulosa yasalyapti. Unda nega ko‘plar halokatga yetaklaydigan uning aldamchi taklifiga rozi bo‘lyapti? (Hik. 9:13–18)

11. Nega pornografiya tomosha qilish nihoyatda zararli?

11 Gap shundaki, pornografiya keng tarqalgan tuzoqlardan biri. Ba’zilar pornografiya tomosha qilishni zararsiz deb hisoblaydi. Lekin aslida pornografiya zararli bo‘lib, qaram qilib qo‘yadi va insonning o‘ziga hamda boshqalarga nisbatan hurmati yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Behayo suratlar ongimizda o‘rnashib qolishi hech gap emas. Shuning uchun ularni unutish juda qiyin bo‘ladi. Ahamiyatlisi shundaki, pornografiya yomon istaklarni o‘ldirmaydi, aksincha kuchaytiradi. (Kolos. 3:5; Yoqb. 1:14, 15) Pornografiya tomosha qiladiganlarning ko‘pchiligi jinsiy axloqsizlikka qo‘l uradi.

12. Jinsiy istaklarni uyg‘otuvchi rasmlardan qochayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?

12 Agar elektron qurilmamizda pornografik rasm chiqib qolsa, masihiylar sifatida nima qilishimiz kerak? Undan darhol ko‘zimizni olib qochishimiz muhim. Agar Yahova bilan munosabatimiz bizda bor bo‘lgan eng qimmatbaho narsa ekanini yodda tutsak, bunday qilish oson bo‘ladi. Aslida pornografik hisoblanmaydigan rasmlar insonda jinsiy istaklarni uyg‘otishi mumkin. Nega ulardan qochish juda muhim? Sababi, ko‘nglimizda bizni zinoga yetaklaydigan hatto kichik qadamni ham qo‘yishni istamaymiz. (Mat. 5:28, 29) Tailandda yashovchi Deyvid ismli oqsoqol shunday dedi: «Men o‘zimdan quyidagicha so‘rayman: “Hatto rasmlar pornografik bo‘lmasa-da, ularni tomosha qilishim Yahovaga ma’qul bo‘ladimi?” Bunday mulohaza yuritish donolik bilan yo‘l tutishimga yordam beradi».

13. Dono yo‘l tutishimizga nima yordam beradi?

13 Yahovani ranjitadigan biron ishga qo‘l urishdan qo‘rqish dono yo‘l tutishimizga ko‘maklashadi. Xudodan qo‘rqish «donolikning boshi» yoki poydevoridir. (Hik. 9:10) Hikmatlar 9- bobning boshida bu ajoyib tarzda tasvirlangan. U yerda majoziy ma’noda «haqiqiy donolik» deb tasvirlangan boshqa ayol haqida yozilgan.

DONO AYOLNING TAKLIFINI QABUL QILING

14. Hikmatlar 9:1–6 da qaysi taklif haqida aytilgan?

14 Hikmatlar 9:1–6 ni o‘qing. Bu oyatlarda barcha donolikning Manbai bo‘lmish Parvardigorimiz Yahovadan kelayotgan taklif haqida o‘qiyapmiz. (Hik. 2:6; Rim. 16:27) Shuningdek, bu yerda yettita ustuni bor katta uy haqida bilib olyapmiz. Bu Yahova saxiy ekanini va Uning donoligiga quloq solishni istagan barchani iliq qarshi olishini tasvirlayapti.

15. Xudo bizni nima qilishga taklif qilyapti?

15 Yahova saxiy bo‘lib, hamma narsani mo‘l-ko‘l taqdim etyapti. Hikmatlar 9- bobda «haqiqiy donolik»ni tasvirlovchi ayolda ushbu fazilatlar mujassam. Bayonotga ko‘ra, majoziy ayol mol so‘yadi, sharob tayyorlab, o‘z uyida dasturxon yozadi. (Hik. 9:2) 4-, 5- oyatlarga ko‘ra, u aqlsizga shunday deydi: «Kelib, nonimdan yegin». Nima uchun haqiqiy donolikning uyiga kirib, u tayyorlagan ovqatdan yeyishimiz muhim? Yahova biz Uning bolalari sifatida dono bo‘lishimizni va o‘zimizni xavfsiz his qilishimizni istaydi. U achchiq tajriba va og‘riqli afsuslar bilan hayotiy saboqlar olishimizni xohlamaydi. Shuning uchun «U donolikni to‘g‘ri odam uchun saqlaydi». (Hik. 2:7) Yahovadan o‘rinli tarzda qo‘rqsak, Uni mamnun qilishni xohlaymiz. Biz Otajonimizning dono maslahatiga quloq solamiz va unga amal qilishdan quvonch topamiz. (Yoqb. 1:25)

16. Qanday qilib Xudodan qo‘rqish Alanga dono qaror chiqarishga ko‘maklashdi va bu qanday natija keltirdi?

16 Xudodan qo‘rqish Alan ismli oqsoqolga dono qaror chiqarishga qanday ko‘maklashganiga e’tibor qarataylik. U maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Alan shunday deb bo‘lishdi: «Ko‘p hamkasblarim pornografik filmlarni jinsiy tarbiyaning bir usuli deb bilardi». Lekin bu noto‘g‘ri ekaniga u amin edi. U yana shunday dedi: «Yahovani yaxshi ko‘rganim va Undan qo‘rqqanim uchun bunday filmlarni tomosha qilishni qat’iyan rad etdim. Hamkasblarimga esa buning sababini tushuntirdim». Alan «haqiqiy donolik»ning «fahm-farosat yo‘li bo‘ylab qadam bos» degan maslahatiga amal qildi. (Hik. 9:6) Uning qat’iyligidan lol qolgan ba’zi hamkasblari hozir Muqaddas Kitobni tadqiq qilyapti va yig‘ilishlarga qatnayapti.

Dono ayolning taklifini qabul qilsak, hozir baxtli hayot kechirishimiz va abadiy yashashimiz mumkin (17-, 18-xatboshilariga qarang.)

17, 18. «Haqiqiy donolik»ning taklifini qabul qilganlar qanday barakalardan bahramand bo‘lyapti va ular nimaga umid qilishi mumkin? (Rasmga ham qarang.)

17 Yahova ikkita majoziy ayolning misolidan foydalanib, bizni baxtli kelajak kutayotganini ko‘rsatyapti. «Ahmoq ayol»ning taklifini qabul qilayotganlar e’tiborini «shirin» va yashirin narsalardan zavq olishga qaratyapti. Ular bir lahza bilan yashab, kelajagi haqida o‘ylashmayapti. Bu ishlari ularni «go‘r qa’ri»ga olib boradi. (Hik. 9:13, 17, 18)

18 «Haqiqiy donolik»ning taklifini qabul qilganlarni esa umuman boshqacha kelajak kutyapti. Uning mehmonlari yaxshi tashkillashtirilgan va sog‘lik uchun foydali bo‘lgan ma’naviy ozuqalarga boy ziyofatdan bahramand bo‘lyapti. (Ishayo 65:13) Yahova Ishayo payg‘ambar orqali shunday degan: «Meni diqqat bilan tinglang, mazali ovqat yeng. Shunda chindan ham tansiq taomlar yeb lazzatlanasiz». (Ishayo 55:1, 2) Biz Yahova yaxshi ko‘rgan narsalarni yaxshi ko‘rishga va U nafratlangan narsalardan nafratlanishga o‘rganyapmiz. (Zab. 97:10) Shuningdek, boshqalarga ham «haqiqiy donolik»ning taklifidan foyda olishga ko‘maklashishdan mamnuniyat topyapmiz. Biz go‘yo shahar tepaliklarida shunday deya jar solyapmiz: «Kim tajribasiz bo‘lsa, bu yoqqa kelsin». Biz hamda bu taklifni qabul qilganlar nafaqat hozir foyda olamiz. Uning foydasi mangu bo‘lib, «fahm-farosat yo‘li bo‘ylab qadam» bosar ekanmiz, bizga abadiy yashash imkonini beradi. (Hik. 9:3, 4, 6)

19. Voiz 12:13, 14 ga binoan, nima qilish qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim? (« Xudodan qo‘rqish bizga foyda keltiradi» nomli ramkaga ham qarang.)

19 Voiz 12:13, 14 ni o‘qing. Iloyim, bu yomon oxirgi kunlarda Xudodan qo‘rqish qalbimizni asrab, axloqan pok va ma’nan hushyor bo‘lishimizga yordam berishda davom etsin. Bunday o‘rinli qo‘rquv bizni iloji boricha ko‘p insonlarni «haqiqiy donolik»ni izlashga va undan foyda olishga taklif qilishga undaydi.

127-QO‘SHIQ Qay inson bo‘lay men?

a Masihiylar Xudodan o‘rinli tarzda qo‘rqishni o‘rganishni istashadi. Bunday qo‘rquv qalbimizni himoyalaydi va bizni jinsiy axloqsizlik hamda pornografiyadan asraydi. Ushbu maqolada Hikmatlar 9- bobni muhokama qilamiz. U yerdan donolik va ahmoqlikni tasvirlaydigan majoziy ikkita ayol orasidagi farqni bilib olamiz. Bu bobdagi maslahatlar bizga hozir va kelajakda foyda keltiradi.

b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.