Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Yahovaning xizmatidagi kutilmagan topshiriqlar va saboqlar

Yahovaning xizmatidagi kutilmagan topshiriqlar va saboqlar

Bolaligimda osmonda samolyot uchib ketayotganini ko‘rganimda boshqa mamlakatga borishni juda istardim. Lekin bu menga ushalmas orzuday tuyulardi.

Ota-onam Ikkinchi jahon urushida Estoniyadan Germaniyaga ko‘chgan. Men u yerda tug‘ilganimdan keyin ular Kanadaga ko‘chishga tayyorgarlik ko‘ra boshlashgan. Birinchi uyimiz Ottava (Kanada) yaqinida edi. Biz tovuqlar boqiladigan joyda yashardik. Biz juda kambag‘al edik. Ammo nonushtaga hech bo‘lmasa tuxum yeya olardik.

Bir kuni Yahovaning Shohidlari onamga Vahiy 21:3, 4 ni o‘qib berishdi. Onam bilib olganlaridan shunchalik ta’sirlangan edilarki, hatto yig‘lab yuborgandilar. Haqiqat urug‘i ota-onamning qalbida unib o‘sdi va ko‘p vaqt o‘tmay ular suvga cho‘mishga tayyor bo‘lishdi.

Ota-onam ingliz tilini uncha yaxshi bilmasdi, lekin haqiqatga jiddiy yondashgan. Otam deyarli har shanba kuni Sadberidagi (Ontario) nikel eritadigan fabrikada tuni bilan ishlagach, meni va singlim Silviyani xizmat qilishga olib borardilar. Har hafta oilamiz bilan birga «Qo‘riqchi minorasi»ni tadqiq qilardik. Ota-onam Xudoga bo‘lgan sevgini rivojlantirishimga ko‘maklashdi. Bu meni hayotimni Yahovaga bag‘ishlab, 1956-yili 10 yoshimda suvga cho‘mishga undadi. Ota-onamning Yahovaga bo‘lgan kuchli sevgisi butun hayotim mobaynida meni mustahkamlab kelyapti.

Maktabni tugatganimdan keyin oz-moz chalg‘ib qoldim. Agar kashshof bo‘lsam, sayohat qilish va dunyoni ko‘rish orzuimni amalga oshirish uchun yetarlicha pul to‘play olmayman, deb o‘ylardim. Men mahalliy radiostansiyaga ishga kirdim. Vazifam musiqa qo‘yishdan iborat edi. Buni juda yoqtirar edim. Lekin kechalari ishlaganim uchun yig‘ilishlarga muntazam bora olmasdim va Yahovani yoqtirmaydigan insonlar bilan ko‘p muloqot qilardim. Oxir-oqibat, Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdonim meni o‘zgarishlar qilishga undadi.

Men Oshavaga (Ontario) ko‘chdim. U yerda Rey Norman, singlisi Lesli va boshqa kashshoflar bilan tanishdim. Ular meni iliq qarshi olishdi. Ularning baxtiyorligini ko‘rish maqsadlarim ustida yaxshilab o‘ylab ko‘rishga undadi. Ular meni kashshoflikni boshlashga chorlashdi. Men 1966-yili sentabrda kashshof bo‘ldim. Men judayam baxtiyor edim va hammasi silliq ketayotganday edi. Lekin hayotimni o‘zgartirgan kutilmagan voqealar yuz berdi.

YAHOVA BIRON ISHNI TAKLIF QILSA, UNI QILIB KO‘RING

Torontoda (Kanada) maktabda o‘qiyotganimda Baytil xizmati uchun ariza to‘ldirgandim. Vaqt o‘tib, kashshof bo‘lib xizmat qilayotgan paytda meni Baytilga to‘rt yilga taklif qilishdi. Ammo Leslini juda yoqtirardim. Agar bu taklifni qabul qilsam, uni boshqa hech qachon ko‘ra olmaslikdan qo‘rqardim. Bu haqda uzoq va qaynoq ibodatlar qilgach, Baytilda xizmat qilish taklifini qabul qildim. Lekin Lesli bilan xayrlashish og‘riqli edi.

Men Baytilda kirxonada, keyin esa kotib bo‘lib xizmat qilardim. Lesli esa Gatinoda (Kvebek) maxsus kashshoflikni boshlagandi. Men tez-tez u nimalar bilan band ekan, to‘g‘ri qaror chiqardimmi, deb o‘ylardim. Keyin hayotimda kutilmagan ajoyib bir voqea yuz berdi. Leslining akasi Reyni ham Baytilga taklif qilishdi. U hamsoyam bo‘ldi. Shunday qilib, Lesli bilan yana muloqot qiladigan bo‘ldik. Biz 1971-yili 27-fevralda to‘rt yil davom etgan xizmatimning oxirgi kunida turmush qurdik.

Tuman nozirlik xizmati, 1975-yil

Lesli ikkalamizni Kvebekdagi fransuz tilidagi jamoatga tayinlashdi. U yerda bir necha yil xizmat qilganimizdan keyin meni tuman nozirlik xizmatiga taklif qilishdi. O‘shanda 28 yoshda edim va o‘zimni juda yosh hamda tajribasiz deb hisoblardim. Lekin Yeremiyo 1:7, 8 dagi so‘zlar menga dalda bergandi. Qolaversa, Lesli bir necha marotaba avtohalokatga uchragandi va uxlashga qiynalardi. Shunga tuman nozirlik ishini qanday bajara olamiz, deb o‘ylardim. Bunga qaramay Lesli: «Buni Yahova taklif qilayotgan ekan, qilib ko‘rsak-chi?!» — deb aytdi. Biz bu taklifni qabul qildik va 17-yil davomida tuman nozirlik xizmatidan zavq oldik.

Tuman noziri bo‘lganimda juda band edim va Lesli bilan ko‘proq vaqt o‘tkaza olmasdim. O‘shanda boshqa bir saboq olgandim. Dushanba kuni ertalab eshik jiringladi. U yerda hech kim yo‘q edi. Faqat savat turgandi. Uning ichida dasturxon, meva, pishloq, non, sharob, stakanlar va kimdan ekani yozilmagan bir qog‘ozcha bor edi. Qog‘ozchada: «Xotiningiz bilan tabiat qo‘yniga boringlar»,— deb yozilgandi. O‘sha kun juda quyoshli va yoqimli edi. Ammo Lesliga nutqlar tayyorlashim kerakligini va bora olmasligimizni aytdim. U meni tushundi, biroq kayfiyati oz-moz buzildi. Nutq tayyorlashga o‘tirganimda vijdonim qiynay boshladi. Shunda Efesliklarga 5:25, 28 ni esladim. Yahovaning o‘sha so‘zlari xotinimning hissiy ehtiyojlarini inobatga olishga undadi. Ibodat qilgach, Lesliga: «Yuring ketdik»,— dedim va u rosa suyundi. So‘ng daryo bo‘yida shinamgina bir joy topib, dasturxon yozdik va eng ajoyib kunni birga o‘tkazdik. O‘sha kuni nutqlarni tayyorlashga ham ulgurdim.

Tuman nozirlik xizmatida Britaniya Kolumbiyasidan Nyufaundlendgacha bo‘lgan hududda ko‘p joylarga tashrif buyurdik va bu bizga quvonch keltirardi. Yoshligimda orzu qilgandek sayohat qilardim. Gilad maktabi haqida ham o‘ylardim, lekin bizni boshqa mamlakatga to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida tayinlashlarini istamasdim. Bunday va’zgo‘ylar menga o‘zgacha insonlarday ko‘rinardi va bu xizmat uchun o‘zimni layoqatsiz his qilardim. Bundan tashqari, kasallik keng tarqalgan va urush bo‘layotgan Afrikaning biron-bir mamlakatiga yuborishlaridan qo‘rqardim. Kanadada juda baxtiyor edim.

ESTONIYA VA BALTIKAGA KUTILMAGAN TAKLIF

Baltika mamlakatlari bo‘ylab sayohat

1992-yili sobiq Sovet Ittifoqiga kirgan ba’zi davlatlarda Yahova Shohidlarining faoliyati qayta yo‘lga qo‘yila boshladi. O‘shanda birodarlar bizga Estoniyaga ko‘chib borib, u yerda to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar sifatida xizmat qilishni taklif qilishdi. Bundan hayron qoldik va bu haqda ibodat qildik. Buni Yahova taklif qilayotgan ekan, qilib ko‘rsak-chi, degan fikr ustida qayta-qayta o‘ylardik. Natijada bu taklifni qabul qildik. Men axir Afrikaga ketmayapmiz-ku, deb aytardim.

Shu zahotiyoq eston tilini o‘rganishni boshladik. Bir necha oydan keyin u yerda tuman nozirlik xizmatida qatnashishimizni so‘rashdi. Biz Baltika mamlakatlari, jumladan, Kaliningraddagi (Rossiya) taxminan 46 ta jamoat va guruhlarga tashrif buyurganmiz. Buning uchun latish, litva va rus tillarini o‘rganish kerak edi. Bu juda qiyin edi. Do‘stlarimizga bu harakatlarimiz qattiq ta’sir qilgan va ular bizga yordam berishgan. 1999-yili Estoniyada filialimiz ochildi va qo‘mitaga men, Tomas Edur, Lembit Reli hamda Tommi Kayuko tayinlandik.

Chapda: Litvada bo‘lgan anjumanda nutq so‘zlayapman

O‘ngda: Estoniyada 1999-yili tashkillashtirilgan Filial qo‘mitasi

Biz avvallari Sibirga surgun qilingan Shohidlar bilan tanishdik. Ular qamoqxonada ko‘rsatilgan qo‘pol munosabat va oila a’zolaridan uzoqda bo‘lishiga qaramay, jahldor insonga aylanib qolishmagan. O‘sha imondoshlarimiz xizmatda quvonch va g‘ayratni yo‘qotishmagan. Bu bizga har qanday qiyin vaziyatlarda bardoshli bo‘lib, xursandchilikni saqlab qolish mumkinligini ko‘rishga yordam berdi.

Yillar davomida ancha xizmat qilib, dam olishga ko‘p vaqt ajratmas edik. Bu tufayli Lesli kuchli charchoqni his qilardi. Bu fibromialgiya kasalligi tufayli bo‘layotganini boshida tushunmadik. Keyin Kanadaga qaytish borasida jiddiy o‘ylay boshladik. Bizni Pattersonga (Nyu-York) qo‘shimcha ta’lim olish uchun maktabga taklif qilishganida, u yerga bora olmasak kerak, deb o‘yladim. Ammo bu haqda sidqidildan ibodat qilgach, taklifni qabul qildik. Yahova qarorimizga baraka berdi. Lesli ta’lim davomida kerakli tibbiy muolajani ham oldi. Bu tufayli biz xizmatimizni oldingiday davom ettira oldik.

BOSHQA KUTILMAGAN JOY — BOSHQA QIT’A

2008-yili kechalarning birida Estoniyada bo‘lganimda Xalqaro bosh idoradan menga qo‘ng‘iroq qilishdi va Kongoda xizmat qilish borasida fikrimni so‘rashdi. Bu men uchun kutilmagan edi. Nega deganda, keyingi kuni javobini aytishim kerak edi. Lesliga bu haqda indamadim, chunki buni eshitsa kechasi bilan uxlamay chiqadi, deb o‘yladim. Ammo o‘zim Afrika borasidagi xavotirlarim haqida ibodat qilganim uchun tuni bilan uxlamay chiqdim.

Ertasi kuni Lesliga bu haqda aytganimdan so‘ng, shunday xulosaga keldik: «Yahova bizni Afrikaga taklif qilyapti. Uning taklifini qabul qilmay turib, buni uddalay olmasligimizni va quvonch topa olishimiz mumkinligini qayerdan bilamiz?!» Shunday qilib, Estoniyada 16-yil xizmat qilgach, Kinshasaga (Kongo) uchib ketdik. U yerdagi filial yam-yashil o‘simliklarga to‘la va sokin joy edi. Xonamizga kirganimizda Lesli birinchi navbatda Kanadani tark etganimizdan beri saqlab yurgan otkritkani chiqarib osib qo‘ydi. U yerda quyidagicha yozilgandi: «Ekilgan joyingda gullab yashna». Birodarlar bilan uchrashgach, Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazgach hamda to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida quvonchni his qilgach, xursandchiligimizga xursandchilik qo‘shildi. Shuningdek, Afrikaning taxminan 13 ta mamlakatidagi filiallarga tashrif buyurish sharafiga ega bo‘ldik. Bu orqali turli ajoyib insonlarni uchratdik. Afrika borasidagi xavotirlarim g‘oyib bo‘ldi va Yahova bizni xizmat qilish uchun bu yerga yuborganidan minnatdor edik.

Kongoda bizga yeb ko‘rish uchun turli ovqatlarni, jumladan, hasharotlarni taklif qilishardi. To‘g‘risi, ularni yeya olmaymiz, deb o‘ylardim. Lekin imondoshlarimiz bu narsalarni maza qilib yeyayotganini ko‘rish bizni ham ularni totib ko‘rishga undadi va bundan hecham afsuslanmaymiz.

Imondoshlarga dalda berib, ularga kerak bo‘lgan narsalarni yetkazish uchun mamlakatning sharqiga borgandik. U yerda partizanlar to‘dalari qishloqlarga hujum qilib, ayollar-u bolalarga ziyon yetkazgandi. Ko‘p birodarlarimiz kambag‘al yashagan, lekin tirilishga bo‘lgan mustahkam umidi, Yahovaga bo‘lgan sevgisi va tashkilotga nisbatan sadoqati bizga qattiq ta’sir qilgan. Ularning o‘rnagi imonimizni tekshirishga va uni mustahkamlashga undagan. Ba’zi birodarlar uyidan va hosilidan mahrum bo‘lgan. Bu menga moddiy narsalarimiz tezda yo‘q bo‘lib ketishini va ma’naviy boylik qanchalik muhim ekanini eslatgan. Og‘ir qiyinchiliklar ostida ham birodarlar kamdan-kam nolishgan. Ularning nuqtai nazari bizga qiyinchiliklarimizni va sog‘lik muammolarimizni jasorat ila yengishga ko‘maklashgan.

Chapda: Muhojirlar guruhi uchun nutq so‘zlayapman

O‘ngda: Dunguga (Kongo) gumanitar yordam va dori-darmonlarni olib ketyapmiz

OSIYOGA TAYINLANISH

Bundan keyin boshqa kutilmagan narsa sodir bo‘ldi. Bizdan Gonkongdagi filialga borishni so‘rashdi. Osiyoda yashashni xayolimizga ham keltirmagan edik. Lekin turli vazifalarimizni bajarishda Yahovaning sevgi ila bergan yordamini ko‘rganimizdan keyin Uning taklifini qabul qildik. 2013-yili bizni nima kutayotganini bilmay, qadrdon do‘stlarimiz bilan xayrlashib, go‘zal Afrikani tark etdik.

Gonkong sershovqin va har xil millat vakillari yashaydigan shahar. U yerda yashashga moslashish oson bo‘lmagandi va xitoy tili biz uchun juda mushkul edi. Birodarlarimiz bizni iliq qarshi olgandi. Mahalliy taomlar ham bizga yoqqandi. U yerdagi filialimizda ko‘pgina ishlar qilingan edi, biroq shu bilan birga mol-mulk uchun narx-navolar qimmatlashib ketayotgan edi. Shuning uchun Yetakchi kengash filialning aksar qismini sotish borasida dono qaror chiqardi. Ko‘p vaqt o‘tmay, 2015-yili biz Janubiy Koreyaga ko‘chdik va u yerda xizmat qilishni davom ettiryapmiz. Bu yerda ham til bilan bog‘liq muammoga duch kelyapmiz. Ammo koreys tilida uncha yaxshi gapira olmasak ham imondoshlarimiz bu borada yaxshilanayotganimizni aytib, bizga dalda berishadi.

Chapda: Gonkongda

O‘ngda: Koreyadagi filial

OLGAN SABOQLARIMIZ

Yangi do‘stlar orttirish doim ham oson emas. Lekin boshqalarni mehmonga chaqirish orqali ular bilan tezroq tanishish mumkinligini o‘rgandik. Shuningdek, imondoshlarimizning o‘zaro farqli tomonlaridan ko‘ra, umumiy tomonlari ko‘proq ekanini ko‘rdik. Yahova bizni bag‘rimizni keng ochish va do‘stlarimizga bog‘lanish hissi bilan yaratgani juda ajoyib. (2 Kor. 6:11)

Biz Yahova kabi odamlarni qabul qilishimiz kerakligini tushundik. Qolaversa, sevgisining belgilarini va U bizni yo‘naltirayotganini ko‘rishimiz kerakligini angladik. Ruhimiz tushganida yoki o‘zimizni keraksizdek his qilganimizda do‘stlarimizning daldali otkritkalarini yoki xatlarini qayta o‘qiymiz. Yahova O‘z sevgisiga ishontirib, bizni mustahkamlayotganini va ibodatlarimizga javob berayotganini his qildik.

Yillar davomida Lesli va men qanchalik band bo‘lishimizdan qat’i nazar bir-birimizga vaqt ajratish juda muhim ekaniga amin bo‘ldik. Shuningdek, ayniqsa, yangi til o‘rganganda o‘zimizning ustimizdan kulib turish kerakligini ham tushundik. Har tunda yoqimli biron narsani eslashga harakat qilib, bu uchun Yahovaga minnatdorchilik bildiramiz.

Rostini aytsam, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘la olaman yoki boshqa mamlakatlarda yashay olaman, deb o‘ylamasdim. Yahovaning yordami bilan barcha narsaning imkoni borligini ko‘rganimda quvonchni his qildim. Yeremiyo payg‘ambarning quyidagi so‘zlari xayolimga keladi: «Ey Yahova, Sen meni aldading». (Yerm. 20:7) Ha, U bizga ko‘pgina yoqimli kutilmagan topshiriqlar va tasavvur qilib bo‘lmaydigan barakalar berdi. U hatto samolyotda sayohat qilish orzuimni amalga oshirdi. Beshta qit’adagi filiallarga tashrif buyurganimizda bolaligimda tasavvur qilganimdan ham ko‘proq joylarga bordik. Xizmatimiz mobaynida Lesli yordam berayotganini va tayyorlik ruhini namoyon etayotganini judayam qadrlayman.

Kim uchun va nega bu ishlarni qilayotganimizni doim o‘zimizga eslatib turamiz. Biz hozir bahramand bo‘layotgan barakalar kelajakda abadiy hayot ajoyib bo‘lishini ko‘rsatyapti. O‘shanda Yahova qo‘lini ochib «har bir tirik jonning istagini» qondiradi. (Zab. 145:16)