Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

24-TADQIQ MAQOLASI

24-QO‘SHIQ Yahovaning tog‘iga keling

Toabad Yahovaning mehmoni bo‘ling

Toabad Yahovaning mehmoni bo‘ling

Ey Yahova, chodiringda kim mehmon bo‘ladi? (ZAB. 15:1)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Yahova bilan do‘st bo‘lib qolishimiz uchun nimalar qilishimiz kerakligini hamda Uning do‘stlariga U qanday munosabatda bo‘lishimizni istashini bilib olamiz.

1. Zabur 15:1–5 dagi so‘zlar bizga nega yordam berishi mumkin?

 O‘TGAN maqolada hayotini Yahovaga bag‘ishlagan xizmatchilar majoziy chodirda mehmon bo‘lishi uchun U bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishi kerakligini bilib oldik. Xo‘sh, buning uchun nima qilishimiz kerak? Zaburning 15-sanosida bu haqda aytilgan. (Zabur 15:1–5 ni o‘qing.) U yerda Xudo bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishimizga ko‘maklashadigan amaliy maslahatlar keltirilgan.

2. Dovud Yahovaning chodirini tilga olganda, nima haqida o‘ylagan bo‘lishi mumkin?

2 Zaburning 15-sanosi: «Ey Yahova, chodiringda kim mehmon bo‘ladi? Muqaddas tog‘ingda kim yashaydi?» — degan so‘zlar bilan boshlanadi. (Zab. 15:1) Sano bastakori Dovud Yahovaning «chodiri»ni tilga olganda, ehtimol, Givonda vaqtinchalik o‘rnatilgan chodir haqida o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, u Xudoning «muqaddas tog‘i»ni tilga olgan. Aftidan, u Quddusdagi Sion tog‘iga ishora qilgan. Givonning janubidan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan bu yerda Dovud ma’bad qurib bitkazilmaguncha chodir o‘rnatgan va ahd sandig‘ini o‘sha yerga joylashtirgan. (2 Shoh. 6:17)

3. Nega Zaburning 15-sanosini tushunishni istaymiz? (Rasmga ham qarang.)

3 Albattaki, aksariyat isroilliklar muqaddas chodirda hech qachon xizmat qilmagan. Faqat kamchilik ahd sandig‘i turgan muqaddas chodir ichiga kira olgan. Biroq Yahovaning barcha sadoqatli xizmatchilari Uning do‘sti bo‘lib qolish orqali majoziy chodirda mehmon bo‘lishi mumkin edi. Shubhasizki, buni har birimiz istaymiz. Zaburning 15-sanosida Yahova bilan do‘st bo‘lib qolishimiz uchun rivojlantirishimiz va ko‘rsatishimiz kerak bo‘lgan ayrim fazilatlar tilga olingan.

Dovudning davrida isroilliklar Yahovaning chodirida mehmon bo‘lish nimani anglatishini osonlikcha tasavvur qila olishgan (3-xatboshiga qarang.)


BENUQSON HAYOT KECHIRIB, TO‘G‘RI ISHLAR QILING

4. Yahova bizdan suvga cho‘mishdan ko‘prog‘ini talab qilayotganini qayerdan bilamiz? (Ishayo 48:1)

4 Zabur 15:2 da Xudoning do‘sti «benuqson hayot kechiradigan, to‘g‘ri ishlar qiladigan» kishi sifatida tilga olingan. «Hayot kechiradigan» va «qiladigan» so‘zlari muntazam hamda davomiy harakatga ishora qiladi. Ammo chindan ham benuqson hayot kechira olamizmi? Albatta! To‘g‘ri, hech bir inson mukammal emas. Lekin Yahovaga itoatli bo‘lish uchun qo‘limizdan kelganini qilganimizda, U bizni benuqson deb biladi. O‘zimizni Unga bag‘ishlab, suvga cho‘mganimizda bu U bilan bo‘lgan sayohatimizning boshlanishi bo‘lgan, xolos. Masalan, qadimda kishi isroillik bo‘lgani uchungina Yahovaning mehmoni bo‘lib qolmagan. Ba’zilar Unga yolvorgan, ammo «buni haqiqat va odillik ila» qilmagan. (Ishayo 48:1 ni o‘qing.) Samimiy isroilliklar Yahovaning talablari haqida o‘rganishi va ularga amal qilishi kerak edi. Shu singari, bugun ham Xudo bizni ma’qullashini istasak, suvga cho‘mishdan, Uning Shohidi deb atalishdan ko‘prog‘ini qilishimiz lozim. Biz «to‘g‘ri ishlar qil»ishimiz kerak. Xo‘sh, buni qay yo‘sin qila olamiz?

5. Yahovaga barcha narsada itoat qilish nimani anglatadi?

5 Yahovaning nazarida «benuqson hayot kechir»ish va «to‘g‘ri ishlar qil»ish jamoat uchrashuvlariga muntazam ravishda borishdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. (1 Shoh. 15:22) Hayotimizning har bir sohasida, hatto yolg‘iz qolganimizda ham, Yahovaga quloq solishga intilishimiz lozim. (Hik. 3:6; Voiz 12:13, 14) Bizga kichikdek tuyulgan masalalarda ham, Xudoga itoatkor bo‘lishimiz muhim. Bunday qilib, Yahovani chindan ham sevishimizni ko‘rsatamiz. O‘z navbatida, bu Uning bizga bo‘lgan sevgisini yanada oshiradi. (Yuhan. 14:23; 1 Yuhan. 5:3)

6. Ibroniylarga 6:10–12 ga ko‘ra, ilgari qilgan har qanday yaxshi ishimizdan ham nima muhimroq?

6 Yahova o‘tmishda U uchun qilgan ishlarimizni juda qadrlaydi. Ammo o‘tmishda imonimizni ko‘rsatganimiz uchungina Yahovaning chodirida mehmon bo‘lib qolmaymiz. Buni Ibroniylarga 6:10–12 dan aniq ko‘ryapmiz. (O‘qing.) Yahova yaxshi ishlarimizni unutmaydi. Lekin shu bilan birga «oxirigacha» Unga butun qalbimiz bilan topinishimizni istaydi. «Agar bo‘shashmasak», U toabad biz bilan do‘st bo‘ladi. (Galat. 6:9)

QALBINGIZDA HAQIQATNI GAPIRING

7. Qalbimizda haqiqatni gapirish nimani o‘z ichiga oladi?

7 Kimdir Yahovaning chodirida mehmon bo‘lishni istasa, «qalbida haqiqatni gapir»ishi lozim. (Zab. 15:2) Bu yolg‘on gapirishdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Yahova har narsada rostgo‘y va halol bo‘lishimizni istaydi. (Ibron. 13:18) Bu muhim. «Sababi, Yahova makkor odamdan nafratlanadi, to‘g‘ri kishi bilan esa yaqin do‘st bo‘ladi». (Hik. 3:32)

8. Qanday xatti-harakatlardan qochishimiz kerak?

8 Qalbida haqiqatni gapirganlar boshqalarning oldida o‘zini Xudoga itoatliday tutib, yolg‘iz qolganda esa Uning qonunlarini buzishmaydi. (Ishayo 29:13) Ular ayyorlik ila yo‘l tutishdan qochishadi. Ayyor odam Yahovaning ba’zi qonunlari dono ekanini shubha ostiga qo‘yishi mumkin. (Yoqb. 1:5–8) Bunday kishi unga ahamiyatsizday tuyulgan masalalarda Xudoga itoatsizlik qilishi mumkin. Qilmishining oqibatlarini ko‘rmaganida esa yanada battar ishlarga qo‘l urishi hech gap emas. Ehtimol, bunday odam «Yahovaga topinyapman» deb o‘ylar. Ammo Xudo uning topinishini qabul qilmaydi. (Voiz 8:11) Biz esa barcha narsada halol va rostgo‘y bo‘lishni istaymiz.

9. Iso ilk bor Natanil bilan ko‘rishganidan qanday saboq olishimiz mumkin? (Rasmga ham qarang.)

9 Kishi samimiy bo‘lishi qanchalik muhim ekanini Iso Natanil bilan birinchi marta uchrashgan voqeadan bilsak bo‘ladi. Filip do‘sti Natanilni Iso bilan tanishtirish uchun olib kelganida, ajoyib voqea yuz berdi. Iso uni hech qachon ko‘rmagan bo‘lsa-da, u haqda: «Ana, haqiqiy isroillik, unda hecham ayyorlik yo‘q»,— dedi. (Yuhan. 1:47) Albatta, Iso boshqa shogirdlarini rostgo‘y va halol deb bilgan. Lekin Natanilni yanada samimiyroq ekanini ko‘rgan. Natanil biz kabi nomukammal bo‘lgan. Biroq u ikkiyuzlamachilik qilmay, rostgo‘y va halol hayot kechirgan. Iso bundan xursand bo‘lib, uni maqtagan. Shubhasizki, barchamiz u biz haqimizda ham shunday fikrda bo‘lishini xohlaymiz.

Filip ayyorligi yo‘q bo‘lgan do‘sti Natanilni Iso bilan tanishtiryapti. Biz haqimizda ham shunday deyish mumkinmi? (9-xatboshiga qarang.)


10. Nima deb aytayotganimiz borasida nega ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak? (Yoqub 1:26)

10 Zaburning 15-sanosidagi talablarning aksariyati boshqalarga qanday munosabatda bo‘lishimiz bilan bog‘liq. Masalan, Zabur 15:3 da Yahovaning chodiridagi mehmon «tili bilan o‘zgalarga tuhmat qilmaydi, o‘z yaqiniga hech qanday yomonlik qilmaydi, do‘stlarini badnom qilmaydi» deyilgan. Agar boshqalarga tuhmat qilsak, ularga zarar yetkazishimiz mumkin va Yahovaning chodirida mehmon bo‘la olmaymiz. (Yoqub 1:26 ni o‘qing.)

11. Tuhmat qilish nima degani va tavba qilmayotgan tuhmatchilarga nisbatan qanday chora ko‘riladi?

11 Sano bastakori «tuhmat qilish» iborasiga alohida urg‘u bergan. Qiziq, tuhmat o‘zi nima degani? Umumiy qilib aytganda, tuhmat birovning obro‘yini to‘kish uchun yolg‘on gapirish degani. Tavba qilmagan tuhmatchilar jamoatdan chetlatiladi. (Yerm. 17:10)

12, 13. Qaysi ayrim vaziyatlarda o‘zimiz bilmagan holda do‘stlarimizning obro‘yini to‘kishimiz mumkin? (Rasmga ham qarang.)

12 Zabur 15:3 ga ko‘ra, Yahovaning mehmonlari o‘z yaqiniga hech qanday yomonlik qilmaydi va do‘stlarini badnom qilmaydi. Xo‘sh, bu nimani o‘z ichiga oladi?

13 Biron kim haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatib, o‘zimiz bilmagan holda uning obro‘yini to‘kishimiz mumkin. Aytaylik, opamiz to‘la vaqtli xizmatni to‘xtatdi, juftlik Baytil xizmatini tugatdi yoki birodar endi oqsoqol yo jamoat xizmatkori emas. Ular nimanidir noto‘g‘ri qilgani uchun shunday bo‘ldi, deb aytish noto‘g‘ri bo‘lardi. Bunday o‘zgarishlar bo‘lishi uchun qandaydir sabablar bordir va biz ulardan bexabardirmiz. Darhaqiqat, Yahovaning chodiridagilar «o‘z yaqiniga hech qanday yomonlik qilmaydi, do‘stlarini badnom qilmaydi».

Boshqalar haqida salbiy ma’lumotlarni tarqatish juda oson va bu tuhmatga aylanishi mumkin (12-, 13-xatboshilariga qarang.)


YAHOVADAN QO‘RQADIGANLARNI HURMAT QILING

14. Yahovaning mehmonlari «razil kimsalarni» qanday rad etishini tushuntiring.

14 Zabur 15:4 da Yahovaning do‘sti «razil kimsalarni... rad etadi» deb yozilgan. Buni qanaqasiga qila olamiz? Nomukammal ekanmiz, kimnidir razil yoki razil emas, deb aytishga haqli emasmiz. Nega deganda, kim bilandir kelishish oson bo‘lgani uchun uni yaxshi ko‘rishimiz, boshqasi esa g‘ashimizni keltirgani uchun uncha yoqtirmasligimiz mumkin. Shunday ekan, faqatgina Yahova «razil» deb topgan odamlarni rad etishimiz lozim. (1 Kor. 5:11) Bundaylar qatoriga tavba qilmay, yomon ishlar qilishda davom etayotganlar, imonimiz-u e’tiqodimizni hurmat qilmaydiganlar va ma’naviyligimizga putur yetkazmoqchi bo‘lganlar kiradi. (Hik. 13:20)

15. «Yahovadan qo‘rqadiganlarga» hurmat ko‘rsatilishining yo‘llaridan biri qanday?

15 Zabur 15:4 bizni «Yahovadan qo‘rqadiganlarga... hurmat ko‘rsat»ishga undayapti. Shunday ekan, Yahovaning do‘stlariga mehribonlik va hurmat ko‘rsatish yo‘llarini izlaymiz. (Rim. 12:10) Qanday qilib? Zabur 15:4 ga binoan, buning yo‘llaridan biri Yahovaning chodirida mehmon bo‘lgan kishi «o‘z zarariga bo‘lsa-da, bergan va’dasining ustidan chiqadi». Va’damiz ustidan chiqmasak, boshqalarga zarar keltiramiz. (Mat. 5:37) Misol uchun, Yahova mehmonlaridan ular nikoh va’dasi bo‘yicha yashashlarini kutadi. Qolaversa, ota-onalar ham farzandlariga bergan va’dasi ustidan chiqishi uchun jon kuydirishganda, Yahova bundan mamnun bo‘ladi. Xudo va yaqinimizga bo‘lgan sevgi bizni va’damizda turishga undaydi.

16. Yahovaning do‘stlariga yana qanday qilib hurmat ko‘rsatish mumkin?

16 Xudoning do‘stlariga hurmat ko‘rsatishning boshqa bir yo‘li mehmondo‘st va saxiy bo‘lishdir. (Rim. 12:13) Yig‘ilishlar va xizmatdan tashqari, birodar-u opa-singillarimiz bilan birga vaqt o‘tkazsak, ular hamda Yahova o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarimiz mustahkamlanadi. Bundan tashqari, mehmondo‘stlik ko‘rsatib, Xudoga taqlid qilgan bo‘lamiz.

PULPARASTLIKDAN XOLI BO‘LING

17. Nega Zaburning 15-sanosida pul mavzusi tilga olingan?

17 Zabur 15:5 ga ko‘ra, Yahovaning mehmoni «foyda ko‘rish uchun qarzga pul bermaydi, aybsizni qoralash uchun pora olmaydi». Nega Zaburning bu sanosida pul haqida gap ketyapti? Sababi pulga nisbatan noto‘g‘ri nuqtai nazar boshqalarni jarohatlashi va Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarga putur yetkazishi mumkin. (1 Tim. 6:10) Qadimda ba’zilar kambag‘al birodarlaridan foydalanib, ularga foizga pul bergan. Qolaversa, ba’zi hakamlar pora olib, keyin beayb jabrdiydalarni adolatsizlarcha hukm qilgan. Yahova bunday ishlardan nafratlanadi. (Hiz. 22:12)

18. Pul borasida nuqtai nazarimiz qanday ekanini bilish uchun o‘zimizdan nima deb so‘rashimiz mumkin? (Ibroniylarga 13:5)

18 Pulga bo‘lgan nuqtai nazarimizni tekshirib tursak, yaxshi bo‘lardi. O‘zingizga quyidagi savollarni bering: «Pul va unga nimalar xarid qilish mumkinligi haqida tez-tez o‘ylaymanmi? Agar birovdan pul olsam, u bu pulga muhtoj emas, deb uni qaytarishni cho‘zib yuramanmi? Pulim borligi uchun o‘zimni boshqalardan muhimroq deb bilamanmi? Saxiylik ko‘rsatish men uchun qiyinmi? Birodar-u opa-singillarimning puli bo‘lgani uchungina ularni pulparast, deb hisoblaymanmi? Faqatgina o‘ziga to‘q yashaydiganlar bilan do‘stlashib, oddiy yashaydiganlarga esa e’tibor qilmaymanmi?» Biz Yahovaning mehmonlari bo‘lish kabi ajoyib sharafga egamiz! Hayotimiz pulga bo‘lgan sevgidan xoli bo‘lsa, bu sharafni himoyalay olamiz. Agar shunday qilsak, Yahova bizni hecham tashlab ketmaydi. (Ibroniylarga 13:5 ni o‘qing.)

YAHOVA DO‘STLARINI YAXSHI KO‘RADI

19. Nega Yahova Zaburning 15-sanosida yozilgan barchasini qilishimizni istayapti?

19 Zaburning 15-sanosi quyidagi va’da bilan yakunlanadi: «Bularga amal qilgan kishi aslo tebranmaydi». (Zab. 15:5) Bu yerda sano bastakori Xudoning talablari ortidagi asosiy maqsadni ochib bergan. Yahova baxtli bo‘lishimizni istaydi. Shu sababli U baraka va himoyaga ega bo‘lishimiz uchun yo‘l-yo‘riq beryapti. (Ishayo 48:17)

20. Yahovaning mehmonlari nimani intiqib kutishi mumkin?

20 Yahovaning mehmonlari porloq kelajakni intiqib kutishlari mumkin. Sadoqatli moylanganlar Iso samoda ular uchun tayyorlab qo‘ygan «turar joy»ga ega bo‘lishadi. (Yuhan. 14:2) Yer yuzida yashash umidiga ega bo‘lganlar esa Vahiy 21:3 dagi va’dalar amalga oshishini sabrsizlik ila kutishadi. Shubhasizki, barchamiz Yahovaning do‘stlari, ya’ni Uning chodiridagi toabad mehmonlari bo‘lish taklifini yuqori qadrlaymiz!

39-QO‘SHIQ Xudo oldida yaxshi nomga ega bo‘laylik