Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

23-TADQIQ MAQOLASI

28-QO‘SHIQ Yahova, kim do‘sting er-ur?

Yahova Uning mehmonlari bo‘lishimizni istaydi

Yahova Uning mehmonlari bo‘lishimizni istaydi

Chodirim ular bilan bo‘ladi. Men ularning Xudosi, ular esa Mening xalqim bo‘lishadi. (HIZ. 37:27)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Yahovaning ramziy chodirida Uning mehmonlari bo‘lish taklifi hamda U Mezbon sifatida bizga g‘amxo‘rlik qilayotgani uchun minnatdorchiligimizni qanday oshirishni bilib olamiz.

1, 2. Yahova sodiq xizmatchilariga nimani taklif qilyapti?

 «YAHOVA siz uchun kim?» — deb so‘rashsa, qanday javob berardingiz? Ehtimol: «U Xudoyim, Otam va Do‘stim»,— deb aytarsiz. Shuningdek, Unga nisbatan qo‘llash mumkin bo‘lgan boshqa unvonlarini ham aytarsiz. Biroq Yahovani Mezboningiz deb bilarmidingiz?

2 Shoh Dovud Yahovaning sadoqatli topinuvchilari bilan bo‘lgan do‘stligini mezbon va mehmon o‘rtasidagi munosabatlar bilan solishtirgan. U shunday degan: «Ey Yahova, chodiringda kim mehmon bo‘ladi? Muqaddas tog‘ingda kim yashaydi?» (Zab. 15:1) Ushbu ilohiy ilhom ostida yozilgan so‘zlardan Yahovaning mehmonlari — do‘stlari bo‘lishimiz mumkinligini bilib olyapmiz. Bu naqadar ulkan sharaf!

YAHOVA UNING MEHMONI BO‘LISHIMIZNI ISTAYDI

3. Yahovaning ilk mehmoni kim bo‘lgan va U hamda Uning mehmoni o‘zaro nima his qilishgan?

3 Yahova barcha narsani yaratishdan oldin yolg‘iz O‘zi edi. Lekin keyinroq U majoziy chodiriga to‘ng‘ich O‘g‘lini taklif qildi. Yahova yangi vazifasidan, ya’ni Mezbon bo‘lishdan mamnuniyat topgan. Muqaddas Kitobga ko‘ra, U O‘g‘li tufayli quvongan. O‘z navbatida, u ham ilk mehmon sifatida Yahovaning «huzurida hamisha shod-xurram yur»gan. (Hik. 8:30)

4. Yana kimlar Yahovaning mehmoni bo‘ldi?

4 Keyin Yahova ruhiy mavjudotlarni yaratgan va ularni ham mehmonlari bo‘lishga taklif qilgan. Farishtalar «Tangrining... o‘g‘illari» deb atalgan va ular Uning huzurida bo‘lishdan baxtiyor. (Ayub 38:7; Don. 7:10) Muayyan vaqtgacha faqatgina osmondagi ruhiy mavjudotlar Yahovaning do‘stlari bo‘la olishgan. Keyinchalik esa Xudo odamlarni yaratgan va ular ham Uning mehmonlari bo‘la olishgan. Bunday sharafga sazovor bo‘lganlar orasida Xano‘x, Nuh, Ibrohim va Ayub bo‘lgan. Ular Xudoning do‘stlari yoki «Xudoga hamroh bo‘lib» yashaganlar deb atalgan. (Ibt. 5:24; 6:9; Ayub 29:4; Ishayo 41:8)

5. Hizqiyo 37:26, 27 dagi bashoratdan nimani o‘rganishimiz mumkin?

5 Asrlar davomida Yahova do‘stlarini mehmonlari sifatida taklif qilishda davom etyapti. (Hizqiyo 37:26, 27 ni o‘qing.) Misol uchun, Hizqiyoning bashoratidan ko‘rishimiz mumkinki, U sadoqatli xizmatchilari bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishni juda istaydi. Yahova «ular bilan tinchlik ahdini qil»ishga va’da bergan. Bu bashorat Uning samoda va yer yuzida yashashga umidi bo‘lgan xizmatchilari «bir suruv» sifatida majoziy chodirda birlashadigan paytga ishora qiladi. (Yuhan. 10:16) Bu ayni paytda ro‘y beryapti.

QAYERDA BO‘LMAYLIK, XUDO BIZGA G‘AMXO‘RLIK QILADI

6. Qay yo‘sin kimdir Yahovaning chodirida mehmon bo‘lishi mumkin va Uning chodiri qayerda joylashgan?

6 Qadimda kishining chodiri dam oladigan va yomon ob-havodan himoyalaydigan joy bo‘lgan. Chodirdagi mehmon unga yaxshi g‘amxo‘rlik qilishlarini kutishi mumkin edi. Hayotimizni Yahovaga bag‘ishlaganimizda, majoziy chodiridagi mehmonlarga aylanamiz. (Zab. 61:4) Mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqadan va Yahovaning boshqa mehmonlari bilan do‘st bo‘lishdan zavq topamiz. Uning majoziy chodiri muayyan joyda o‘rnatilmagan. Boshqa yurtga, ehtimol, maxsus anjumanga borganingizda, bunday chodirda bo‘lish sharafiga ega bo‘lganlarni uchratgandirsiz. Ha, qayerda Yahovaning sadoqatli xizmatchilari bo‘lsa, o‘sha yerda Uning chodiri ham bo‘ladi. (Vah. 21:3)

7. Nega hayotdan ko‘z yumgan sodiq xizmatchilar Yahovaning chodirida haliyam mehmon deb ayta olamiz? (Rasmga ham qarang.)

7 Xo‘sh, hayotdan ko‘z yumgan sadoqatli xizmatchilar haqida nima desa bo‘ladi? Ular hanuzgacha Yahovaning chodirida deb aytish oqilona bo‘ladimi? Ha. Nega bunday deya olamiz? Sababi ular Yahovaning xotirasida tirikdir. Iso buni shunday tushuntirgan: «Hatto Muso payg‘ambar ham yonayotgan buta haqida aytib berayotganda, Yahovani “Ibrohimning, Is’hoqning va Yoqubning Xudosi”, deb atab, o‘liklar tirilishiga ishora qilgan. U o‘liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Zero U uchun ularning hammasi tirikdir». (Luqo 20:37, 38)

Hatto hayotdan ko‘z yumgan sadoqatli xizmatchilar Xudoning chodirida mehmondir (7-xatboshiga qarang.)


QANDAY FOYDA OLAMIZ, AMMO NIMA QILISHIMIZ KERAK?

8. Yahovaning mehmonlari Uning chodirida bo‘lishdan qanday foyda olishyapti?

8 Tom ma’nodagi chodir dam oladigan hamda yomon ob-havodan himoyalaydigan joy bo‘lgani kabi Yahovaning chodiri ham mehmonlarini ma’naviy zarardan va umidsizlikdan himoyalaydi. Xudoga yaqin bo‘lib qolsak, Shayton bizga abadiy davom etishi mumkin bo‘lgan zarar keltira olmaydi. (Zab. 31:23; 1 Yuhan. 3:8) Yangi dunyoda Yahova sadoqatli xizmatchilarini nafaqat ma’naviy zarardan, balki o‘limdan ham himoyalashda davom etadi. (Vah. 21:4)

9. Yahova mehmonlaridan qanday yo‘l tutishini kutadi?

9 Yahovaning chodirida mehmon bo‘lish — U bilan shaxsiy va doimiy munosabatlardan quvonish biz uchun chinakam sharaf! Doim Uning mehmoni bo‘lishni istasak, nima qilishimiz kerak? Agar sizni mehmonga chaqirishsa, uy egasi sizdan nima xohlashini bilishni istaysiz. Misol uchun, kimningdir uyiga kirishdan oldin oyoq kiyimingizni yechish kutilar va siz shunday qilasiz. Shu singari, Yahovaning chodirida doim mehmon bo‘lishni istagan kishilar U ulardan nima istashini bilishni xohlashadi. Yahovaga bo‘lgan sevgimiz qo‘limizdan kelgancha «Uni har jihatdan mamnun qil»ishga undaydi. (Kolos. 1:10) Yahova bizning Do‘stimiz bo‘lsa-da, U hurmatga loyiq Xudoyimiz va Otamiz ekanini tushunamiz. (Zab. 25:14) Buni hech qachon unutmasligimiz kerak. Chuqur hurmat Uni ranjitadigan xulq-atvordan qochishimizga yordam beradi. Shubhasizki, «kamtarinlik ila Xudoga hamroh bo‘l»ishni istaymiz. (Mixo 6:8)

YAHOVA ISROIL XALQIGA YUZXOTIRCHILIK QILMAGAN

10, 11. Yahova Sinay sahrosida isroilliklar bilan qanday munosabat qilgan va qay yo‘sin bu U yuzxotirchilik qilmasligini tasdiqlayapti?

10 Yahova mehmonlariga yuzxotirchilik qilmaydi. (Rim. 2:11) Xudoning bu fazilati borasida U Sinay sahrosida Isroil xalqi bilan qanday munosabatda bo‘lganidan bilsak bo‘ladi.

11 Yahova xalqini Misr qulligidan ozod etganidan keyin muqaddas chodirda xizmat qilish uchun ruhoniylarni tayinladi. Levilarga esa muqaddas chodir bilan bog‘liq boshqa vazifalarni topshirdi. Yahova boshqalarga qaraganda, muqaddas chodir yoki uning yaqinida yashagan kishilarga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilganmi? Yo‘q! Yahova yuzxotirchilikdan xoli Xudo.

12. Qanday qilib Yahova yangi tashkil topgan Isroil xalqiga yuzxotirchilik qilmasligini namoyon etgan? (Chiqish 40:38) (Rasmga ham qarang.)

12 Isroil xalqidan bo‘lgan har bir kishi o‘zgacha vazifaga ega bo‘lishidan yoki qayerda yashashidan qat’i nazar, Yahova bilan yaqin do‘st bo‘lishi mumkin edi. Masalan, Yahova muqaddas chodir ustida mo‘jizaviy tarzda paydo bo‘lgan bulut ustuni va olov ustuni butun xalqqa ko‘rinishiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Chiqish 40:38 ni o‘qing.) Bulut yangi yo‘nalish bo‘ylab harakatlana boshlaganda, muqaddas chodirdan hatto eng uzoqda joylashganlar ham uni ko‘ra olishgan va buyumlarini, chodirini yig‘ib, butun xalq bilan birga harakatlana olishgan. (Sah. 9:15–23) Hamma yo‘lga chiqishi kerak bo‘lganida, kumushdan yasalgan ikkita karnayning ovozini har bir kishi eshita olardi. (Sah. 10:2) Shunisi aniqki, muqaddas chodirga yaqin yashash o‘z-o‘zidan Yahova bilan qalin do‘st bo‘lishni anglatmagan. Aksincha, har bir isroillik Yahovaning mehmoni bo‘lishi hamda yo‘l-yo‘rig‘i-yu himoyasiga tayanishi mumkin edi. Shu singari, bugun ham yer yuzining qayerida yashamaylik, Yahova bizni sevadi, himoyalaydi va bizga g‘amxo‘rlik qiladi.

Qarorgohning o‘rtasidagi muqaddas chodir Yahova yuzxotirchilik qilmasligining isboti edi (12-xatboshiga qarang.)


YAHOVA HOZIR HAM YUZXOTIRCHILIK QILMAYDI

13. Nega hozir ham Yahova yuzxotirchilik qilmayotganini ayta olamiz?

13 Bugungi kunda Xudoning xalqi orasidagi ba’zilar Yahova Shohidlarining Xalqaro bosh idorasi yoki filialga yaqin yashaydi. Boshqalar esa ushbu binolarda xizmat qiladi. Natijada, bunday kishilar o‘sha binoda olib borilayotgan ishlarga ko‘maklashishadi va boshchilikni o‘z zimmasiga olganlar bilan shaxsan hamkorlik qilishadi. Ba’zilar tuman nozirlik xizmatida yoki to‘la vaqtli maxsus xizmatning boshqa turlarida ishtirok etadi. Bunday xizmat turida bo‘lmasangiz ham, Yahovaning mehmoni bo‘lib qolaverasiz va U sizni yaxshi ko‘radi. Xudo barchamizga shaxsan O‘zi g‘amxo‘rlik qilyapti. (1 Butr. 5:7) U butun xalqiga ma’naviy ozuqa, yo‘l-yo‘riq va himoya taqdim etyapti.

14. Yahova yana qaysi yo‘l orqali yuzxotir emasligini ko‘rsatyapti?

14 Yahova Mezbon sifatida yuzxotirchilik qilmasligining yana bir misoli U dunyodagi barcha odamlar Muqaddas Kitobni o‘qiy olishiga g‘amxo‘rlik qilganidir. Muqaddas Yozuvlar aslida uchta tilda yozilgan: ibroniycha, oromiycha va yunoncha. Xo‘sh, Muqaddas Kitobni bu tillarda o‘qiy oladiganlar uni bunday qila olmaydiganlarga qaraganda, Yahova bilan yaqinroq munosabatlarga egami? Aslo! (Mat. 11:25)

15. Yahovaning donoligidan kimlar foyda oladi va qay yo‘sin bu Uning yuzxotir emasligini ko‘rsatyapti? (Rasmga ham qarang.)

15 Yahova biz faqat oliy ma’lumotli bo‘lsak yoki Muqaddas Kitob yozilgan tillarni bilsak, bizni do‘stlari sifatida taklif qilmaydi. U donoligini faqat o‘qimishli kishilar emas, balki ma’lumoti qanday bo‘lishidan qat’i nazar, yer yuzidagi barcha insonlarga beryapti. Uning ilohiy ilhom ostida yozilgan Kalomi, ya’ni Muqaddas Kitob minglab tillarga o‘girilgan. Bu tufayli yer yuzidagi barcha undagi ta’limotlardan foyda olishi va U bilan qay yo‘sin do‘stlashishi mumkinligini bilib olyapti. (2 Tim. 3:16, 17)

Nega Muqaddas Kitob minglab tillarga tarjima qilingani Yahova yuzxotirchilik qilmasligini ko‘rsatyapti? (15-xatboshiga qarang.)


YAHOVANING MEHMONI BO‘LIB QOLING

16. Havoriylar 10:34, 35 ga binoan, Yahovaga qay yo‘sin ma’qul kela olamiz?

16 Yahovaning majoziy chodirida mehmon bo‘lish ulkan sharaf! U eng mehribon, sevuvchi va mehmondo‘st Mezbondir. Qolaversa, Yahova yuzxotirchilik qilmaydi va yashash joyimiz, o‘tmishimiz, ma’lumotimiz, irqimiz, qabilamiz, yoshimiz yoki jinsimizga qaramay, barchamizni qabul qiladi. Lekin Unga itoatli bo‘lganlarnigina U mehmonlari sifatida qabul qiladi. (Havoriylar 10:34, 35 ni o‘qing.)

17. Yahovaning chodirida mehmon bo‘lish borasida qayerdan qo‘shimcha ma’lumot topa olamiz?

17 Zabur 15:1 da Dovud quyidagi savollarni bergan: «Ey Yahova, chodiringda kim mehmon bo‘ladi? Muqaddas tog‘ingda kim yashaydi?» U ilohiy ilhom ostida bu savollarga javob bergan. Navbatdagi maqolada Yahovaning do‘sti bo‘lib qolish uchun qaysi ayrim talablarni bajarishimiz kerakligini bilib olamiz.

32-QO‘SHIQ Yahova tomon turing!