Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

25-TADQIQ MAQOLASI

7-QO‘SHIQ Yahova — kuch-qudratimizdir

Yahova «barhayot Xudo» ekanini yodda saqlang

Yahova «barhayot Xudo» ekanini yodda saqlang

Yahova barhayotdir! (ZAB. 18:46)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Biz topinayotgan Tangri «barhayot Xudo» ekanini yodda saqlash ko‘p foyda keltirishini bilib olamiz.

1. Yahovaning xizmatchilari duch kelayotgan muammolarga qaramay, Unga topinishda davom etishlariga nima yordam beryapti?

 MUQADDAS KITOBDA biz yashayotgan davr haqida «nihoyatda og‘ir vaqtlar» deb aytilgan. (2 Tim. 3:1) Ushbu zamonda barcha odamlar duch kelayotgan qiyinchiliklardan tashqari, Yahovaning xizmatchilari qarshiliklar-u quvg‘unlar bilan kurashishiga to‘g‘ri kelyapti. Xo‘sh, bunday qiyinchiliklarga qaramay, Yahovaga topinishda davom etishimizga nima ko‘maklashadi? Asosiy omillardan biri Yahova «barhayot Xudo» ekanini bilishimizdir. (Yerm. 10:10; 2 Tim. 1:12)

2. Qaysi ma’noda Yahova barhayot Xudo?

2 Yahova qiyinchiliklar paytida bizni qo‘llab-quvvatlaydigan va yordam berish uchun imkoniyatlar izlaydigan mavjud Shaxsdir. (2 Sol. 16:9; Zab. 23:4) Uni barhayot Xudo deb bilish oldimizdan chiqadigan har qanday qiyinchilikni muvaffaqiyat ila yengishimizga ko‘maklashishi mumkin. Keling, shoh Dovudning misolidan bu qanchalik to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rib chiqaylik.

3. Dovud «Yahova barhayotdir» deganda nimani nazarda tutgan?

3 Dovud Yahovani bilgan va Unga tayangan. Dushmanlari, jumladan, shoh Shoul uni ta’qib qilganida, u yordam so‘rab Yahovaga ibodat qilgan. (Zab. 18:6) Xudo ibodatiga javob berganidan va qutqarganidan keyin Dovud: «Yahova barhayotdir!» — deb aytgan. (Zab. 18:46) Bu so‘zlar bilan u Xudo mavjud ekanini shunchaki tan olmagan. Bir manbaga ko‘ra, u «Yahova doim xizmatchilarining manfaatlarini ko‘zlaydigan barhayot Xudo» ekaniga ishonishini ko‘rsatgan. Ha, Dovud Xudo barhayot ekanini shaxsiy tajribasidan ko‘rgan va bu aminlik Unga xizmat qilish hamda Uni madh etish qarorini mustahkamlagan. (Zab. 18:28, 29, 49)

4. Yahovani barhayot Xudo deb bilishdan qanday foyda olyapmiz?

4 Yahova barhayot Xudo ekaniga bo‘lgan ishonchimiz Unga g‘ayrat ila xizmat qilishga yordam berishi mumkin. Shuningdek, bu tufayli qiyinchiliklarda sabr-bardoshli bo‘lish va Uning irodasini qunt ila bajarishda davom etish uchun kuchga ega bo‘lamiz. Qolaversa, Yahova bilan yaqin bo‘lib qolish qarorimiz mustahkam bo‘ladi.

BARHAYOT XUDO SIZNI MUSTAHKAMLAYDI

5. Qiyinchiliklarga duch kelganimizda bizga nima ishonch baxsh etishi mumkin? (Filippiliklarga 4:13)

5 Yahova barhayot va bizga yordam berishga shay ekanini yodda saqlasak, xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, har qanday qiyinchilikda sabr-bardosh qila olamiz. Axir Xudoyimiz uchun yechimsiz muammoning o‘zi yo‘q. U Qodir Tangri ekan, sabr-bardosh qilishimiz uchun bizga kuch bera oladi. (Filippiliklarga 4:13 ni o‘qing.) Shunday ekan, qiyinchiliklarni yengishimizga ishonamiz. Kichik qiyinchiliklar paytida Yahovaning yordamini his etish og‘irroq qiyinchiliklarga duch kelganimizda ham U bizni tashlab qo‘ymasligiga bo‘lgan ishonchimizni kuchaytiradi.

6. Dovudning yoshligida bo‘lgan qaysi voqealar Yahovaga bo‘lgan ishonchini oshirdi?

6 Keling, Dovudning Yahovaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlagan ikkita vaziyatni ko‘rib chiqaylik. U yosh cho‘pon bo‘lganida bir safar ayiq, boshqa safar esa sher otasining suruvidan qo‘ylarni olib ketgan. Ikkala vaziyatda ham Dovud qo‘rqmasdan ularning ortidan quvgan va qo‘ylarini qutqarib olgan. Biroq u «Buni o‘z kuchim bilan qildim» deb o‘ylamagan. Aksincha, buning ortida Yahova turganini bilgan. (1 Shoh. 17:34–37) Dovud boshdan o‘tkazgan bu voqealarni hech qachon unutmagan. Bular ustida mulohaza yuritib, u barhayot Xudo kelajakda ham uni mustahkamlashiga ishongan.

7. Dovud nimaga diqqat qaratgan va nega bu Go‘liyotga qarshi chiqishiga ko‘maklashgan?

7 Keyinroq Dovud Isroil qo‘shinining oldiga borganda, hoynahoy, o‘smir bo‘lgan. O‘shanda u bahaybat filistimlik jangchi Go‘liyot «Isroil qo‘shinini sharmanda» qilayotgani tufayli askarlar qo‘rquvga berilganini ko‘rgan. (1 Shoh. 17:10, 11) Ular o‘sha bahaybat jangchiga va uning masxaralariga diqqat qaratishgani uchun qo‘rqishgan. (1 Shoh. 17:24, 25) Dovud esa bu vaziyatga boshqacha nuqtai nazar bilan qaragan. U bu bahaybat jangchi shunchaki Isroil qo‘shinini emas, balki «barhayot Xudoning qo‘shinini mazax qilayotgan»ini tushungan. (1 Shoh. 17:26) Dovud birinchi navbatda Yahova to‘g‘risida o‘ylagan. U cho‘pon bo‘lganida Xudo uni qo‘llab-quvvatlaganiga va bu safar ham unga yordam berishiga amin edi. Uning yordamiga ishonib, Dovud Go‘liyotga qarshi chiqqan va ustidan g‘alaba qozongan. (1 Shoh. 17:45–51)

8. Qiyinchiliklarga duch kelganimizda, qanday qilib Yahovani yodda saqlashimiz mumkin? (Rasmga ham qarang.)

8 Barhayot Xudo bizga yordam qo‘lini cho‘zishga doim tayyor ekanini yodda saqlasak, biz ham qiyinchiliklarni muvaffaqiyat ila yenga olamiz. (Zab. 118:6) Yahova o‘tmishda nimalar qilganini ko‘rib chiqish U bizga yordam berishiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaydi. Yahova topinuvchilarini qay yo‘sin himoya qilganini eslatuvchi Muqaddas Kitob bayonotlarini o‘qing. (Ishayo 37:17, 33–37) Shuningdek, U bizning davrimizdagi birodar-u opa-singillarni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlayotganini bilish uchun jw.org saytimizdagi xabarlarni o‘qing yoki tomosha qiling. Bundan tashqari, Yahova sizga g‘amxo‘rlik qilgan paytlarni eslang. Hayotingizda ayiq yoki sher bilan kurashishdek o‘zgacha voqea yuz bermagan bo‘lsa, tashvishlanmang. Nega deganda, Yahova hayotingiz davomida ko‘p narsalar qilgan. U sizni do‘sti bo‘lishingiz uchun O‘ziga jalb qilgan. (Yuhan. 6:44) Ayni damda faqat Yahovaning sharofati bilan Unga xizmat qilyapsiz. Shunday ekan, Undan ibodatlaringizga javob bergan paytlarni, ayni kerakli damda sizni qo‘llab-quvvatlaganini yoki qiyin vaziyatlarda sizga g‘amxo‘rlik qilganini eslashingizga yordam berishini so‘rang. Bu narsalar ustida mulohaza yuritish bundan buyog‘iga ham U manfaatingizni ko‘zlab yo‘l tutishiga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlaydi.

Duch kelayotgan qiyinchiliklarimiz munozarali masalaning bir qismi (8-, 9-xatboshilariga qarang.)


9. Qiyinchiliklarimizga qanday qarasak bo‘ladi? (Hikmatlar 27:11)

9 Yahovani barhayot Xudo deb bilish qiyinchiliklarimizga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishga yordam beradi. Qanaqasiga? Qiyinchiliklarimizga Yahova hamda Shayton o‘rtasidagi kattaroq masalaning bir qismiday qaray boshlaymiz. Iblisning da’vosiga ko‘ra, qiyinchiliklarga duch kelganimizda, Yahovadan yuz o‘giramiz. (Ayub 1:10, 11; Hikmatlar 27:11 ni o‘qing.) Ammo qiyinchiliklarni muvaffaqiyat ila yengib, Yahovaga bo‘lgan sevgimizni ko‘rsatamiz va Iblis yolg‘onchi ekanini isbotlaymiz. Hukumat tomonidan qarshiliklarga, iqtisodiy qiyinchiliklarga hamda va’zgo‘ylikda salbiy munosabatga yoki qandaydir boshqa muammoga duch kelyapsizmi? Agar shunday bo‘lsa, unutmang, vaziyatingiz tufayli Yahovaning qalbini quvontirishingiz mumkin. Yodingizda bo‘lsin, Xudo hech qachon kuchingizdan ortiq darajada sinalishingizga yo‘l qo‘ymaydi. (1 Kor. 10:13) Sabr-bardosh qilishingiz uchun U sizni mustahkamlaydi!

BARHAYOT XUDO SIZNI MUKOFOTLAYDI

10. Barhayot Xudo Unga topinayotganlar uchun nima qiladi?

10 Yahova Unga topinadiganlarni mukofotlaydi. (Ibron. 11:6) U hozirning o‘zida bizga tinchlik va mamnuniyat baxsh etyapti. Kelajakda esa bizni abadiy hayot bilan mukofotlaydi. Yahovada bizni mukofotlash uchun ham istak, ham kuch borligiga ishonamiz. Bu bizni Xudoning o‘tmishdagi sadoqatli topinuvchilari kabi xizmatda band bo‘lishga undaydi. Buning misoli sifatida birinchi asrda yashagan Timo‘tiyni olsak bo‘ladi. (Ibron. 6:10–12)

11. Nega Timo‘tiy jamoatda qunt bilan mehnat qilgan? (1 Timo‘tiyga 4:10)

11 1 Timo‘tiyga 4:10 ni o‘qing. Timo‘tiy Xudo uni mukofotlashiga qattiq ishongan. Shu bois u Yahova hamda boshqalar uchun qunt bilan mehnat qilgan. Xo‘sh, qaysi yo‘llar orqali? Havoriy Pavlus Timo‘tiyni ta’lim berishdan va ma’ruzachi sifatida yaxshilanishdan to‘xtamaslikka undagan. Qolaversa, Timo‘tiy yosh-u qari imondoshlariga yaxshi o‘rnak ko‘rsatishi kerak edi. Shuningdek, unga ayrim qiyin vazifalar topshirilgan. Bular qatoriga muhtoj bo‘lganlarga qat’iylik, ammo sevgi ila maslahat berish kirgan. (1 Tim. 4:11–16; 2 Tim. 4:1–5) Timo‘tiy ba’zida boshqalar uning mehnatini ko‘rmagan yoki qadrlamagan bo‘lsa-da, Yahova uni mukofotlashiga amin bo‘lgan. (Rim. 2:6, 7)

12. Nega oqsoqollar jamoatda qunt bilan mehnat qilishda davom etishi kerak? (Rasmga ham qarang.)

12 Bugungi kunda oqsoqollar ham Yahova ularning yaxshi ishlarini ko‘rayotganiga va qadrlayotganiga ishonishi mumkin. Daldali tashrif, ta’lim berish hamda va’z qilishdan tashqari, ko‘p oqsoqollar tashkilotimizning qurilish loyihalarida ishtirok etadi hamda tabiiy ofatlar dastidan zarar ko‘rganlarga ko‘maklashish ishida yordam beradi. Boshqalar esa Bemorlarni yo‘qlash guruhida yoki Kasalxonalar bilan aloqa qilish qo‘mitalarida xizmat qiladi. Bunday ishlarga o‘zini taqdim etayotgan oqsoqollar jamoat qandaydir odamga emas, balki Yahovaga tegishli ekanini biladi. Shuning uchun ular jamoatda jon-jahdi bilan xizmat qiladi va Yahova harakatlarini mukofotlashiga to‘liq ishonadi. (Kolos. 3:23, 24)

Barhayot Xudo jamoatda qunt ila mehnat qilayotganingiz uchun sizni mukofotlaydi (12-, 13-xatboshilariga qarang.)


13. Yahova xizmatda qilayotgan shaxsiy harakatlarimiz borasida qanday fikrda?

13 Hammamiz ham oqsoqol bo‘la olmaymiz. Lekin barchamiz Yahovaga nimadir bera olamiz. Tangrimiz Unga xizmat qilish uchun jon kuydirganimizni qadrlaydi. Umumjahon faoliyatimiz uchun hatto ozgina xayr-ehson qilsak ham U buni e’tiborsiz qoldirmaydi. Yig‘ilishlarda sharh berish niyatida uyatchanligimizni yengib, qo‘limizni ko‘tarish uchun jon kuydirganimizda U mamnun bo‘ladi. Bizni xafa qilganlarni kechirganimizda esa quvonadi. «Istaganimday ko‘p qila olmayapman» deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz ham Yahova qo‘lingizdan kelganini qadrlashiga ishoning. Bu uchun U sizni sevadi va mukofotlaydi! (Luqo 21:1–4)

BARHAYOT XUDOGA YAQIN BO‘LIB QOLING

14. Yahovaga yaqinlashish qanday qilib sadoqatli qolishimizga ko‘maklashyapti? (Rasmga ham qarang.)

14 Yahova biz uchun mavjud Shaxs bo‘lsa, Unga sadoqatli qolishimiz oson bo‘ladi. Bu borada Yusuf yaxshi o‘rnak ko‘rsatgan. U axloqsizlikka qo‘l urishni qat’iyan rad etgan. Xudo u uchun mavjud Shaxs bo‘lgan va Yusuf Uni ranjitishni istamagan. (Ibt. 39:9) Yahova biz uchun mavjud Shaxs bo‘lishini xohlasak, Unga ibodat qilish va Kalomini tadqiq qilish uchun vaqt ajratishimiz lozim. Shunda U bilan do‘stona munosabatlarimiz mustahkamlanadi. Yusuf kabi Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lsak, Uni ranjitadigan har qanday ishni qilishdan qochamiz. (Yoqb. 4:8)

Barhayot Xudoga yaqinlashish sodiq bo‘lib qolishingizga ko‘maklashadi (14-, 15-xatboshilariga qarang.)


15. Isroilliklar bilan sahroda yuz bergan narsalardan qanday saboq olishimiz mumkin? (Ibroniylarga 3:12)

15 Yahova barhayot Xudo ekanini unutib qo‘yadiganlar Undan osonlikcha uzoqlashib ketishi mumkin. Sahroda Isroil xalqi bilan nima bo‘lganiga e’tibor bering. Ular Yahova mavjud Shaxs ekanini bilishardi. Ammo U ularga g‘amxo‘rlik qilishidan shubhalanishgan. Ular hatto: «Yahova biz bilanmi yoki yo‘qmi?» — deb so‘rashgan. (Chiq. 17:2, 7) Bundan keyin esa ular Xudoga qarshi isyon ko‘tarishgan. Albattaki, ular kabi itoatsiz bo‘lishni istamaymiz. Aksincha, ularning o‘rnagi biz uchun ogohlantiruvchi misol sifatida xizmat qiladi. (Ibroniylarga 3:12 ni o‘qing.)

16. Nima tufayli imonimiz sinalishi mumkin?

16 Bu dunyo dastidan Yahovaga yaqin bo‘lib qolish qiyin bo‘lib ketyapti. Ko‘plar Xudo borligini inkor etyapti. Aksar hollarda Xudoning talablarini nazar-pisand qilmaydiganlar gullab-yashnayotganday tuyulishi mumkin. Buning guvohi bo‘lganimizda, imonimiz sinalishi hech gap emas. Garchi biz Xudo mavjudligini inkor etmasak-da, «U bizga g‘amxo‘rlik qiladimi?» deb o‘ylay boshlashimiz mumkin. Zaburning 73-sanosini yozgan kishi bilan qaysidir vaqt davomida bu yuz bergan. U atrofidagilar Xudoning qonunlarini inkor etganini va shu bilan birga yaxshi yashayotganini ko‘rgan. Natijada, unda Xudoga xizmat qilish arziydimi degan shubha uyg‘ona boshlagan. (Zab. 73:11–13)

17. Yahovaga yaqin bo‘lib qolishimizga nima yordam beradi?

17 Oxiri sano bastakoriga nuqtai nazarini o‘zgartirishga nima yordam berdi? U Yahovani unutganlar bilan nima yuz berishi to‘g‘risida mulohaza yuritdi. (Zab. 73:18, 19, 27) Qolaversa, sano bastakori Xudoga xizmat qilish qanday foyda keltirishi to‘g‘risida o‘yladi. (Zab. 73:24) Biz ham Yahovadan olgan barakalarimiz borasida mulohaza qilsak bo‘ladi. Xudoga topinmaganimizda hayotimiz qanday bo‘lishini tasavvur qilishimiz mumkin. Bunday qilish sadoqatni saqlashimizga va sano bastakori kabi quyidagi xulosaga kelishimizga yordam beradi: «Men uchun esa Xudoga yaqinlashish qanchalar yaxshi!» (Zab. 73:28)

18. Nega kelajakka ishonch bilan qaray olamiz?

18 «Barhayot va haq Allohning qullari bo‘l»ganimiz uchun ushbu oxirzamonda turli qiyinchiliklarni boshdan kechirishimiz mumkin. (1 Salon. 1:9) Xudoyimiz mavjud Shaxs bo‘lib, Unga topinadiganlarning manfaatini ko‘zlab yo‘l tutadi. O‘tmishda Xudo xizmatchilari bilan bo‘lganini ko‘rsatganiday, bugungi kunda ham U biz bilan. Yaqinda yer yuzida buyuk musibat bo‘ladi. Lekin uni yolg‘iz o‘zimiz boshdan kechirmaymiz. (Ishayo 41:10) Keling, doim jasoratga to‘lib shunday deylik: «Yahova mening yordamchim, men qo‘rqmayman». (Ibron. 13:5, 6)

3-QO‘SHIQ Qudratim, Umidim, Tayanchim O‘zing