TARJIMAI HOL
Yahova ibodatlarimga diqqat qaratdi
O‘N YOSHLIGIMDA yulduzlar porlagan tungi osmonga qarab turgandim. Men cho‘kkalab, ibodat qilmoqchi edim. Yahova haqida endigina bilib olgandim. Lekin Unga meni eng ko‘p tashvishlantirgan narsalar haqida aytdim. O‘shandan keyin «ibodatlarni Eshitguvchi» Tangri Yahova bilan bir umrlik sayohatim boshlandi. (Zab. 65:2) Keling, nega men yaqindagina bilib olgan Xudoga ibodat qilganim to‘g‘risida aytib beray.
HAYOTIMNI O‘ZGARTIRGAN TASHRIF
1929-yili 22-dekabrda Belgiyadagi Ardenna tog‘laridagi Baston shahridan uncha uzoq bo‘lmagan to‘qqizta fermadan iborat kichik qishloq bo‘lmish Novillda dunyoga kelganman. Bolaligim fermada ota-onam bilan ajoyib o‘tgan. Ukam Raymond bilan har kuni sigir sog‘ardik va o‘rim-yig‘imga yordam berardik. Qishlog‘imizdagilar ahil bo‘lib, bir-biriga yordam berishga tayyor edi.
Ota-onam Emil va Alisa samimiy katolik bo‘lishgan. Ular har yakshanba messa uchrashuvlariga (katoliklarning maxsus diniy marosimiga) qatnashgan. Lekin taxminan 1939-yili qishlog‘imizga Angliyadan kashshoflar kelishdi va dadamga «Tasalli» nomli jurnalga a’zo bo‘lishni taklif qilishdi. (Hozir «Uyg‘oning!» deb nomlanadi.) Dadam u jurnalda haqiqat yozilganini darhol tushundi va Muqaddas Kitobni o‘qiy boshladi. Messa uchrashuvlariga qatnamay qo‘yganda, avvallari do‘st bo‘lgan qo‘shnilarimiz qarshilik ko‘rsata boshladi. Ular dadamga katolik dinida qolishi uchun bosim o‘tkazishardi va bu katta bahs-munozaralarga olib kelardi.
Otamni bunday bosim ostida ko‘rish menga ko‘p og‘riq keltirardi. Yuqorida aytganimdek, bu meni chin qalbdan ibodat qilib, Xudodan yordam so‘rashga undadi. Qo‘shnilar qarshilik qilishni to‘xtatganida, ich-ichimdan quvonib ketdim. O‘shanda Yahova «ibodatlarni Eshitguvchi» ekaniga amin bo‘ldim.
URUSH DAVRIDAGI HAYOT
1940-yili 10-mayda natsistlar Germaniyasi Belgiyaga hujum qildi. Ko‘p odamlar mamlakatni tark etdi. Biz oilamiz bilan Fransiyaning janubiga qochdik. Yo‘l yurar ekanmiz, ba’zida Germaniya va Fransiya qo‘shinlari o‘rtasida urush ketayotgan xavfli joylardan o‘tishimizga to‘g‘ri kelardi.
Keyinroq fermamizga qayta oldik, lekin mol-mulkimiz talon-toroj qilingandi. Faqatgina itimiz Bobbi bizni kutib oldi. Boshdan kechirgan bu qiyinchiliklarimiz menda shunday savol tug‘dirdi: «Nega dunyo urush, azob-uqubatlarga to‘la?»
O‘sha vaqt davomida sadoqatli kashshof va oqsoqol bo‘lgan Emil Shranz birodarning tashrifidan katta foyda olganmiz. U azob-uqubatlar nima uchun yuz berayotganini Muqaddas Kitobdan aniq tushuntirdi va hayot haqidagi boshqa savollarimga ham javob berdi. Men Yahova bilan yaqin do‘stona munosabatlarni rivojlantirdim va U sevgi Xudosi ekaniga amin bo‘ldim.
Hatto urush tugashidan oldin oilamiz birodar-u opa-singillar bilan muloqot qilishdan ko‘p zavq olgan. 1943-yili avgustda Xose Nikolas Minet fermamizga nutq aytish uchun tashrif buyurdi. U shunday deb so‘radi: «Kim suvga cho‘mishni xohlaydi?» Dadam qo‘lini ko‘tardi, keyin men. Biz fermamizdan uzoq bo‘lmagan kichik daryoda suvga cho‘mdik.
1944-yili dekabrda Germaniya g‘arbiy Yevropada Ikkinchi jahon urushidagi oxirgi — Arden jangini boshladi. Biz urush bo‘layotgan joyga yaqin yerda yashardik va taxminan bir oyni yerto‘lada o‘tkazdik. Bir kuni hayvonlarga ovqat berish uchun chiqqandim. Artilleriyadan uzilgan o‘qlar omborxonamizning tomini uchirib ketdi. Molxona kiraverishida turgan amerikalik askar: «Yerga yot!» — deb baqirdi. Men uning yoniga yugurib borib yotdim. U meni himoyalash uchun boshimga kaskasini kiygizib qo‘ydi.
MA’NAN O‘SISH
Urushdan keyin bizdan shimolda taxminan 90 kilometr uzoqlikda joylashgan Lej jamoatidagi birodar-u opa-singillar bilan muntazam muloqot qila boshladik. Vaqt o‘tib Bastonda kichikroq guruh tashkillashtirdik. Men soliq idorasida ishlashni boshladim va huquqshunoslik sohasida o‘qish imkoniyatim bo‘ldi. Keyinchalik notarius kotibi sifatida ishladim. 1951-yili Bastonda kichikroq tuman anjumanini tashkillashtirdik. Unda taxminan yuz kishi, jumladan, g‘ayratli kashshof opamiz Elli Reuter ham qatnashdi. U bu anjumanga kelish uchun taxminan 50 kilometr masofani velosipedda bosib o‘tdi. Tez orada biz bir-birimizni yoqtirib qoldik va unashtirildik. Elli yaqindagina Gilad
maktabiga (Qo‘shma Shtatlar) o‘qishga taklif qilingandi. U nega bu taklifni qabul qila olmasligini tushuntirish uchun Xalqaro bosh idoraga yozdi. O‘shanda Yahovaning xalqiga boshchilik qilishni o‘z zimmasiga olgan Norr birodar xatga javoban, ehtimol, u bir kun kelib Gilad maktabida turmush o‘rtog‘i bilan o‘qishi mumkinligini yozdi. 1953-yili fevralda biz turmush qurdik.O‘sha yilning o‘zida Elli va men Nyu-Yorkdagi Yanki stadionida o‘tkazilgan «Yangi dunyo jamiyati» nomli anjumanga tashrif buyurdik. O‘shanda bitta birodar menga yaxshi ish taklif qildi va Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tishni aytdi. Ibodatda Yahovadan yo‘l-yo‘riq so‘ragach, Elli va men taklifni rad etib, Bastondagi taxminan o‘nta va’zgo‘ydan iborat bo‘lgan kichik guruhni qo‘llab-quvvatlash uchun Belgiyaga qaytishga qaror qildik. Keyingi yili bir ajoyib barakaga ega bo‘ldik: jajji o‘g‘limiz Serj dunyoga keldi. Afsuski, yetti oy o‘tib, u kasal bo‘ldi va hayotdan ko‘z yumdi. Biz g‘am-qayg‘ularimizni Yahovaga ibodatda to‘kib soldik va tirilishga bo‘lgan kuchli umidimiz bizni mustahkamladi.
TO‘LA VAQTLI XIZMAT
1961-yili oktabrda yarim stavkali ish topdim va bu tufayli kashshoflik xizmatini boshlay oldim. O‘sha kuni Belgiyadagi filialdan qo‘ng‘iroq qilishdi. Birodar tuman xizmatkori (hozir tuman noziri deb nomlanadi) bo‘lib xizmat qilishni boshlashga tayyor-tayyor emasligim to‘g‘risida so‘radi. Men esa: «Bu taklifga rozilik bildirishdan avval kashshoflar sifatida xizmat qilsak bo‘ladimi?» — deb so‘radim. Iltimosim ma’qullandi. Sakkiz oy kashshoflik qilgach, 1962-yili sentabrda tuman nozirlik xizmatini boshladik.
Tuman noziri sifatida ikki yil xizmat qilgach, bizni Bryusseldagi Baytilga taklif qilishdi. 1964-yili oktabrda u yerda xizmat qila boshladik. Bu yangi vazifamiz bizga ko‘p barakalar keltirdi. 1965-yili Norr birodar filialimizga tashrif buyurganidan ko‘p o‘tmay, meni filial noziri etib tayinlashganidan hayron qoldim. Keyinroq Elli va men Gilad maktabining 41-sinfida o‘qishga taklif etildik. Norr birodarning 13 yil oldin aytgan so‘zlari amalga oshdi. Maktabni tugatgach, Belgiyadagi Baytilga qaytdik.
YURIDIK HUQUQLARIMIZNI HIMOYALASH
Yillar davomida huquqshunoslik sohasidagi bilimimdan foydalanib, Yevropa va boshqa mamlakatlarda erkinlikda topinishimizni himoyalash uchun yordam berish sharafiga ega bo‘ldim. (Filip. 1:7) Bu tufayli faoliyatimiz cheklangan yoki taqiqlangan 55 dan ziyod mamlakatda hukmron hokimiyatdagilar bilan gaplashishga to‘g‘ri keldi. Ular bilan gaplashganda, yuridik sohadagi tajribam haqida aytmasdim. Aksincha, o‘zimni Xudoga xizmat qiladigan odam sifatida tanishtirardim. Men doim Yahovaga ibodat qilib, yo‘l-yo‘riq so‘rardim. Chunki bilardimki: «Shohning [yoki hakamning] yuragi Yahovaning qo‘lida oqar suvdaydir. Uni istagan tomonga yo‘naltiradi». (Hik. 21:1)
Yevropa parlamentining a’zosi bilan bo‘lgan suhbatni haligacha eslayman. Men u bilan gaplashib olishni bir necha marta so‘ragandim. Oxiri u rozi bo‘ldi va ko‘rishganimizda: «Sizga besh daqiqa beraman va bir daqiqa ham qo‘shmayman»,— dedi. Men boshimni egib, ibodat qila boshladim. Parlament a’zosi asabiylashib, mendan nima qilayotganimni so‘radi. Boshimni ko‘tarib, unga shunday dedim: «Xudoga minnatdorchilik bildiryapman, chunki siz Uning xizmatchilaridan birisiz». U nimani nazarda tutayotganimni so‘radi. Men unga Rimliklarga 13:4 ni ko‘rsatdim. U protestant edi. Muqaddas Kitobdagi bu oyat e’tiborini jalb qildi. Natijada, u menga yarim soat vaqt berdi va bu eng samarali suhbatlarimizdan biri bo‘ldi. U hattoki faoliyatimizni hurmat qilishini aytdi.
Yillar davomida Yahovaning xalqi Yevropada masihiy betaraflik, farzand uchun vasiylik, soliq va ko‘pgina masalalar bo‘yicha yuridik ishlarda yutib chiqqan. Ularning ko‘pida qatnashish hamda Yahova muvaffaqiyat-u g‘alaba berganini shaxsan ko‘rish sharafiga ega bo‘ldim. Yahovaning Shohidlari Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudida 140 dan oshiq ishda yutib chiqqan.
KUBANING OCHILISHI
1990-yillarda Xalqaro bosh idoradan bo‘lgan Filip Bramli va Italiyadan bo‘lgan Valter Farneti birodarlar bilan Kubadagi imondoshlarimizning erkinlikda topinish huquqini himoya qilish uchun birgalikda ko‘p mehnat qildik. Chunki u yerda faoliyatimiz cheklangan edi. Men Belgiyadagi Kubaning elchixonasiga yozdim va iltimoslarimizni ko‘rib chiqishga mas’ul bo‘lgan kishi bilan uchrashdik. Ilk uchrashuvlarda cheklovlarga sabab bo‘lgan tushunmovchiliklarni hal qila olmadik.
Ibodat qilib Yahovadan yo‘l-yo‘riq so‘ragach, Kubaga 5000 ta Muqaddas Kitobni olib kirishga ruxsat berishlarini so‘radik va buni ma’qullashdi. Ular bexatar olib kelindi va imondoshlarga tarqatildi. Bundan «Yahova harakatlarimizga baraka beryapti» degan xulosaga keldik. Shuning uchun yana 27 500 ta Muqaddas Kitobni olib kirish uchun ruxsat so‘radik. Buni ham ma’qullashdi. Kubadagi birodar-u opa-singillarga o‘zining Muqaddas Kitobi bo‘lishiga ko‘maklashish menga ko‘p quvonch keltirdi.
Kubada faoliyatimizni yuridik jihatdan yaxshilashga yordam berish uchun u yerga bir necha marta borganman. O‘shanda hukmron hokimiyatdagi ko‘plar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnata olganman.
RUANDADAGI BIRODARLARIMIZGA YORDAM BERISH
1994-yili Ruandada tutsi qabilasiga qarshi genotsidda 1 000 000 dan ziyod odam o‘ldirilgan. Afsuski, ularning orasida ba’zi birodar-u opa-singillarimiz bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay, bir guruh birodarlarga o‘sha mamlakatda gumanitar yordam tashkillashtirish vazifasi topshirildi.
Guruhimiz poytaxt shahar Kigaliga yetib kelganda, tarjima ofisi va adabiyot turadigan joyning devorlari o‘qlar dastidan ilma-teshik bo‘lgandi. Buning ustiga, xanjardan halok bo‘lgan birodar-u opa-singillarimizning ayanchli hikoyalarini eshitdik. Lekin bir-biriga ko‘maklashgan ko‘pgina imondoshlarimiz haqida ham eshitganmiz. Masalan, tutsi qabilasiga mansub bo‘lgan birodarimiz bilan tanishdik. Imondoshlarimiz bo‘lgan xutu qabilasiga mansub bir oila uni 28 kun davomida yer ostidagi chuqurlikda yashirgan ekan. Kigalidagi uchrashuvda 900 dan oshiq birodar-u opa-singillarimizga ma’naviy tasalli berdik.
So‘ng biz Goma shahri yaqinidagi qochoqlar lageriga borgan ko‘pgina ruandalik imondoshlarni topish uchun Zair (hozirda Kongo Demokratik Respublikasi) chegarasidan o‘tdik. Lekin hech kimni topa olmadik. Shunda ibodatda Yahovadan ularni topishimizga yordam berishini so‘radik. Keyin bir kishi oldimizga kelayotganini ko‘rdik. Biz undan Yahovaning Shohidlarini tanish-tanimasligini so‘radik. U Yahovaning Shohidi ekanini va Yordam berish qo‘mitasi oldiga olib borishini aytdi. Biz ular bilan ko‘rishdik, bu uchrashuv daldali o‘tdi. Keyin biz taxminan 1 600 ta qochoq imondoshlar bilan uchrashib, ularga ma’naviy yordam va dalda berdik. Shuningdek, ularga Yetakchi kengashdan xatni o‘qib berdik. Birodar-u opa-singillarimiz quyidagi mustahkamlovchi so‘zlarni eshitib, qattiq ta’sirlanishdi: «Sizlar uchun tinmay ibodat qilyapmiz. Yahova sizlarni hecham tashlab ketmaydi». Bu so‘zlar to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Hozirgi kunda Ruandada 30 000 dan oshiq Yahovaning Shohidlari quvonch ila xizmat qilyapti.
SADOQATLI QOLISH QARORIM QAT’IY
Turmush qurganimizdan deyarli 58 yil o‘tgach, 2011-yili azizam Elli hayotdan ko‘z yumdi. Qayg‘uyimni ibodatda Yahova bilan bo‘lishganimda, U menga tasalli berdi. Bundan tashqari, Shohlik haqidagi xushxabarni boshqalarga aytish menga taskin baxsh etdi.
Hozir yoshim 90 dan oshgan va men haliyam har hafta va’zgo‘ylik xizmatida qatnashyapman. Qolaversa, Belgiyadagi filialning Yuridik bo‘limida yordam berish, tajribamni boshqalar bilan bo‘lishish va Baytil oilasidagi yoshlarga dalda berish menga quvonch keltiradi.
Taxminan 84 yil avval Yahovaga ilk bor ibodat qilgandim. Bu meni Unga yaqinlashtirgan ajoyib sayohatimning boshlanishi bo‘lgan. Hayotim davomida Yahova ibodatlarimni eshitgani uchun Undan judayam minnatdorman. (Zab. 66:19) a
a Ushbu maqola tayyorlanayotganda, Marsel Gillet 2023-yili 4-fevralda hayotdan ko‘z yumdi.