O‘quvchilarning savollari
Zabur 12:7 dagi so‘zlarni qanday tushunsak bo‘ladi?
Zabur 12:1–4 da: «Ishonchli kishilar odamzod orasidan yo‘qolib ketdi»,— deb yozilgan. So‘ng Zabur 12:5–7 da Dovud shunday degan:
«Biroq Yahova: “Mazlumlar ezilayotgani,
Kambag‘allar oh-nola qilayotgani bois,
Chora ko‘rish uchun joyimdan qo‘zg‘alib,
Tahqirlayotganlar qo‘lidan ularni qutqaraman”,— demoqda.
Yahovaning so‘zlari pokdir,
Ular olovli o‘choqda yetti marta eritib tozalangan kumush kabidir.
Ey Yahova, Sen mazlum-u kambag‘allarni qo‘riqlaysan,
Ularning har birini yovuz nasldan abadiy himoyalaysan».
5-oyatda Xudo «mazlumlar» uchun nimalar qilishi yozilgan. U bunday insonlarni qutqaradi.
6-oyatda esa «Yahovaning so‘zlari pokdir,... tozalangan kumush kabidir» deyilgan. Bular biz Uning so‘zlari borasida nimalarni his qilayotganimizni ko‘rsatyapti. (Zab. 18:30; 119:140)
Muqaddas Kitobning ba’zi tarjimalarida keyingi oyat, ya’ni Zabur 12:7 quyidagicha o‘girilgan: «Sen ularni qo‘riqlaysan». 6-oyatda «Yahovaning so‘zlari» deb aytilgani uchun ba’zilar Xudo o‘z so‘zlarini qo‘riqlashi haqida gap ketyapti degan xulosaga kelyapti. Bilamizki, qarshilik ko‘rsatayotgan insonlar Muqaddas Kitobni man etishga va yo‘q qilishga ko‘p urinishlariga qaramay, Alloh uni qo‘riqlab kelyapti. (Ishayo 40:8; 1 Butr. 1:25)
Ammo Yahova 5-oyatda tilga olingan odamlarni ham qo‘riqlayapti. Ha, U «jabr-zulm ostida qolgan bechoralarni» qo‘riqlayapti va bunday qilishda davom etadi. (Ayub 36:15; Zab. 6:4; 31:1, 2; 54:7; 145:20)
Xo‘sh, 7-oyatda Yahova odamlarni qutqarishi haqida gap ketyaptimi yoki so‘zlarinimi?
Bu sanoni yaxshilab ko‘rib chiqsak, bu oyatda chindan ham odamlar nazarda tutilgan.
Dovud Zaburning 12-sanosini yovuz kimsalar tomonidan aldangan ishonchli kishilar haqida aytishdan boshlayapti. So‘ng 3-oyatdan Yahova tilidan noto‘g‘ri tarzda foydalanadigan odamlarga qarshi chiqishini bilib olyapmiz. Bu sanodan shuni yaqqol ko‘ryapmizki, Xudo so‘zlari pok bo‘lgani uchun O‘zining xalqiga g‘amxo‘rlik qiladi va bunga ishonsak bo‘ladi.
Demak, 7-oyatda Yahova himoya qiladigan insonlar, ya’ni yovuzlarning qurbonlari to‘g‘risida aytilgan.
Qiziq, unda nega Muqaddas Kitobning ba’zi tarjimalarida bu oyat: «Ularni qo‘riqlaysan»,— deb o‘girilgan? Sababi bu Ibroniycha yozuvlarning ishonchli nusxalarida qo‘llanilgan. Biroq yunoncha Septuagintada: «U bizni qo‘riqlaydi» va «U bizni himoya qiladi»,— deb aytilgan. Shunday qilib esimizga o‘sha jabr-zulm ostida qolgan bechoralar kelyapti. Ular «yovuz nasldan», ya’ni axloqsizlikni olg‘a surayotgan yomon insonlardan himoya qilinadi. (Zab. 12:7, 8) Oromiy tilidagi Ibroniycha yozuvlarda bu oyatda shunday deyilgan: «Ey Hazrat, Sen odil insonlarni himoya qilasan, Sen ularni yovuz nasldan abadiy qo‘riqlaysan». Bu ham Zabur 12:7 da Xudoning so‘zlari haqida gap ketmayotganini yaqqol isbotlayapti.
Shu bois ushbu oyat «ishonchli kishilar»ga umid baxsh etib, Xudo harakatga tushishiga ishontiryapti.