Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Ota-onalar, farzandingizga suvga cho‘mishga yordam beryapsizmi?

Ota-onalar, farzandingizga suvga cho‘mishga yordam beryapsizmi?

Ikkilanmay o‘rningizdan turing-da, suvga cho‘ming. HAVOR. 22:16

QO‘SHIQLAR: 41, 11

1. Masihiy ota-onalar farzandi suvga cho‘mishidan oldin nimada amin bo‘lishni istaydi?

«BIR necha oy davomida ota-onamga suvga cho‘mmoqchi ekanimni aytardim va ular tez-tez men bilan bu haqida suhbatlashib turardi. Ular qarorim jiddiy ekaniga amin bo‘lmoqchi edi. Hayotimdagi eng muhim voqea 1934- yil 31- dekabr kuni bo‘ldi». Mazkur so‘zlar bilan Blossom Brand suvga cho‘mishi bilan bog‘liq voqealarni tasvirlagan. Bugungi kunda ham ota-onalar farzandiga dono qaror chiqarishga ko‘maklashishni istaydi. Suvga cho‘mishni keyinga qoldirish yoki besabab ikkilanish jiddiy ma’naviy muammolarni keltirib chiqaradi. (Yoqb. 4:17) Lekin shu bilan birga, ota-onalar farzandi suvga cho‘mishidan oldin shogird tayyorlash mas’uliyatini olishga tayyor ekaniga amin bo‘lishni xohlaydi.

2. a) Ba’zi tuman nozirlari nimadan tashvishlanishini aytdi? b) Ushbu maqolada nima haqida gap boradi?

2 Ba’zi tuman nozirlari masihiylar oilasida ulg‘aygan, yoshi 20 larga borib qolgan va undan ham kattaroq yoshlar hali suvga cho‘mmaganidan tashvishlanishini aytishdi. Ko‘pincha, bunday yoshlar yig‘ilishlarga qatnaydi va xizmatda ishtirok etadi. Ular o‘zlarini Yahovaning Shohidlari deb hisoblaydi. Ammo nimagadir ular hayotini Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mishni orqaga suradi. Buning sabablari nimada bo‘lishi mumkin? Ba’zi hollarda, ota-onalar ularni bir oz vaqt kutishga undaydi. Ushbu maqolada ota-onalarni farzandiga suvga cho‘mishga ko‘maklashishdan saqlab turadigan to‘rtta narsani muhokama qilamiz.

BOLAMNING YOSHI TO‘G‘RI KELADIMI?

3. Blossomning ota-onasi nima haqida tashvishlangan?

3 Yuqorida tilga olingan Blossomning ota-onasi qizi suvga cho‘mish qanchalik muhim ekanini anglayaptimi, deb tashvishlangani shubhasiz. Qay yo‘sin ota-ona farzandi o‘zini Xudoga bag‘ishlashga tayyor ekanini aniqlay oladi?

4. Ota-onaga farzandiga ta’lim berishda Matto 28:19, 20 da yozilgan Isoning amri qanday asqatishi mumkin?

4 Matto 28:19, 20 ni o‘qing. Oldingi maqoladan bilib olganimizday, Muqaddas Kitobga ko‘ra, suvga cho‘mish uchun muayyan yosh belgilanmagan. Lekin ota-onalar shogird tayyorlash nimani anglatishi ustida mulohaza yuritishdan foyda olishlari mumkin. Matto 28:19 da «shogird tayyorlanglar» deb tarjima qilingan yunoncha ibora shogird tayyorlash maqsadi bilan ta’lim berish, degan ma’noga ham ega. Shogird Isoning ta’limotlarini o‘rganadigan, tushunadigan va ularga qat’iy amal qilmoqchi bo‘lgan kishidir. Shuning uchun, ota-onalar farzandlariga kichikligidan ta’lim berishlari va ularning maqsadi bolalari suvga cho‘mishga tayyor bo‘lishga yordamlashish bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, go‘dak suvga cho‘mishga tayyor emas. Biroq Muqaddas Kitobga binoan, yosh bolalar Muqaddas Yozuvlarni tushunishi va ularni qadrlashi mumkin.

5, 6. a) Timo‘tiyning misolidan uning suvga cho‘mishi borasida qanday xulosaga kelsak bo‘ladi? b) Qay yo‘sin ota-ona farzandiga samarali yordam berishi mumkin?

5 Timo‘tiy yoshligidan haqiqatni o‘zlashtirgan. Havoriy Pavlus Timo‘tiy haqiqatni kichikligidanoq o‘rganganini ta’kidlab o‘tgan. Garchi uning otasi imondoshi bo‘lmagan bo‘lsa-da, yahudiy onasi va buvisi Timo‘tiyning qalbida Muqaddas Yozuvlarga nisbatan minnatdorchilikni rivojlantirgan. Natijada, u mustahkam imonga ega bo‘lgan. (2 Tim. 1:5; 3:14, 15) Yoshi 20 larga borib qolganda yoki undan sal oshganda Timo‘tiy jamoatda sharafli vazifalarni olishga tayyor shogird bo‘lgan. (Havor. 16:1–3)

6 Albatta, har bir bola o‘zgacha va hamma bolalar turli yoshda yetuk bo‘ladi. Ba’zilar yosh bo‘lishiga qaramay, aqlan va hissan yetuk bo‘ladi hamda suvga cho‘mish istagini bildiradi. Boshqalar esa, bir oz ulg‘aygach, suvga cho‘mishga tayyor bo‘ladi. Dono ota-ona bolasi suvga cho‘mishi uchun unga bosim o‘tkazmaydi. Aksincha, ular har bir farzandiga ma’nan o‘sishga yordamlashadi. Ota-onalar bolasi Hikmatlar 27:11 dagi (o‘qing) so‘zlarni qalbiga jo qilsa quvonadi. Lekin ular farzandi Masihning shogirdi bo‘lishi kerakligi borasidagi maqsadni hech qachon ko‘zdan qochirmasligi zarur. Ota-ona bular haqida o‘ylar ekan, ularda quyidagi savol paydo bo‘ladi: «Farzandim o‘zini Xudoga bag‘ishlash uchun yetarlicha bilimga egami?»

FARZANDIM ANIQ BILIMGA EGAMI?

7. Suvga cho‘mmoqchi bo‘lgan kishi Muqaddas Kitobni ipidan ignasigacha bilishi shartmi? Tushuntiring.

7 Shunisi tabiiyki, oilada ta’lim beruvchilar sifatida, ota-ona farzandi o‘zini Xudoga bag‘ishlay olishi uchun asos bo‘la oladigan mustahkam poydevorga, ya’ni bilimga ega bo‘lishini xohlaydi. Lekin inson o‘zini Xudoga bag‘ishlashi uchun hamma narsani bilishi shart emas. Suvga cho‘mgach, barcha shogirdlar aniq bilim olishda davom etadi. (Kolosaliklarga 1:9, 10 ni o‘qing.) Xo‘sh, boshida qancha bilim bo‘lishi kerak?

8, 9. Pavlus va qamoqxona nazoratchisi haqidagi voqeadan nimani o‘rganishimiz mumkin?

8 Birinchi asrda yashagan bir oilaning misoliga diqqat qarataylik. (Havor. 16:25–33) Pavlus ikkinchi va’zgo‘ylik safarida, taxminan mil. 50- yili Filippiga tashrif buyuradi. Bu yerda unga va hamrohi Silaga tuhmat qilib, zindonga tashlashadi. O‘sha kuni tunda yer qimirlaganidan qamoqxona poydevori silkinib ketadi va barcha eshiklar ochiladi. Qamoqxona nazoratchisi hamma mahbuslar qochib ketdi, deb qo‘rib ketadi va joniga qasd qilmoqchi bo‘lib turganida Pavlus baland ovozda unga xitob qiladi. Sila ikkovi qamoqxona nazoratchisiga va uning oilasiga ajoyib shohidlik berishga muvaffaq bo‘ladi. Xo‘sh, Iso to‘g‘risidagi haqiqatlarga bo‘lgan minnatdorchilik bu oilani nima qilishga undaydi? Ular ikkilanmay suvga cho‘madi. Mazkur voqeadan qanday saboq olsak bo‘ladi?

9 Odatga ko‘ra, nafaqaga chiqqan jangchi qamoqxona nazoratchisi bo‘lishi mumkin edi. U Muqaddas Yozuvlarni bilmas edi. Shu bois, Muqaddas Yozuvlar borasida mustahkam poydevorga ega bo‘lish uchun u asosiy haqiqatlarni o‘rganishi, Xudoning xizmatchisi bo‘lish nimani anglatishini tushunishi va Isoning ta’limotlariga amal qilishga qat’iy qaror qilishi kerak edi. Muqaddas Yozuvlardan asosiy narsalarni bilgani va ularni qadrlagani uni qisqa vaqt ichida suvga cho‘mishga undadi. Shubhasizki, suvga cho‘mgandan keyin ham qamoqxona nazoratchisi bilim olishda davom etgan. Farzandingiz Muqaddas Kitobning asosiy ta’limotlarini, jumladan, bag‘ishlanish va suvga cho‘mish muhim ekanini tushunayotganini aytsa, mazkur misolni yodda tutgan holda nima qilsangiz bo‘ladi? Ota-ona sifatida, bolangiz suvga cho‘mishga tayyor-tayyormasligini aniqlash uchun u jamoat oqsoqollariga murojaat qilishi kerak, degan xulosaga kelarsiz *. Suvga cho‘mgan boshqa shogirdlar kabi, u ham butun hayoti mobaynida, hatto abadiy Yahovaning niyati borasida o‘rganishda davom etadi. (Rim. 11:33, 34)

FARZANDIM MUVAFFAQIYATLI BO‘LISHI UCHUN TA’LIM OLISHI KERAKMI?

10, 11. a) Ayrim ota-onalar qanday fikrga kelgan? b) Ota-ona birinchi navbatda nima haqida tashvishlanishi kerak?

10 Ayrim ota-onalar o‘g‘li yo qizi suvga cho‘mishni keyinroqqa qoldirib, avval ta’lim olishi va yaxshi ishga joylashishi kerak, degan fikrga kelgan. Ularning niyati yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo bu, bolasiga haqiqiy muvaffaqiyatga erishishga yordam bera oladimi? Eng asosiysi, bu Muqaddas Kitobga to‘g‘ri kelyaptimi? Xudoning Kalomida nima deyilgan? (Voiz 12:1 ni o‘qing.)

11 Shuni yodda tutish kerakki, dunyo va undagi barcha narsalar Yahovaning fikrlash tarziga ziddir. (Yoqb. 4:7, 8; 1 Yuhan. 2:15–17; 5:19) Yahova bilan bo‘lgan yaqin munosabat farzandingiz uchun Shayton, uning dunyosi va noto‘g‘ri fikrlash tarziga qarshi turishda eng zo‘r himoyadir. Ota-ona dunyoviy ishlarni ustun qo‘ysa, bola chalg‘ishi va bu uning eng yaxshi maqsadlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. G‘amxo‘r ota-ona farzandining muvaffaqiyat borasidagi tushunchasini bu dunyo shakllantirishini istamaydi. Shunisi aniqki, Yahova hayotimizda birinchi o‘rinda bo‘lsa, biz haqiqiy quvonchni his etib, muvaffaqiyatga erishamiz. (Zabur 1:2, 3 ni o‘qing.)

BOLAM GUNOH QILIB QO‘YSA-CHI?

12. Nega ba’zi ota-onalar farzandlari suvga cho‘mishini keyinroqqa qoldirishni istaydi?

12 Qizini suvga cho‘mish qaroridan qaytarishga harakat qilgan bir ona shunday fikr bildirdi: «Ming afsuski, jamoatdan chetlatilish haqidagi e’lonni eshitish farzandimni suvga cho‘mishdan ushlab turganimning asosiy sababi edi». Bu imondoshimizga o‘xshab, ba’zi ota-onalar farzandlari noto‘g‘ri ish qilishga moyil bo‘ladigan bolalik davridan o‘tib, suvga cho‘mishi kerak, deb o‘ylaydi. (Ibt. 8:21; Hik. 22:15) Ular quyidagicha deyishi mumkin: «Bolam suvga cho‘mmagan ekan, jamoatdan chetlatilmaydi». Nima uchun bunday o‘ylash noto‘g‘ri? (Yoqb. 1:22)

13. Suvga cho‘mishni ortga surish Yahovaning oldida kamroq javobgar bo‘lishni anglatadimi? Tushuntiring.

13 To‘g‘ri, masihiy ota-ona bolasi o‘zini Xudoga bag‘ishlashga yetarlicha yetuk bo‘lgach, suvga cho‘mishini istaydi. Ammo agar bola suvga cho‘mmagan bo‘lsa, Xudoga hisobot bermaydi, degan fikrga borish noto‘g‘ridir. Nima uchun? Sababi, Yahovaning oldida javobgar bo‘lish suvga cho‘mishga bog‘liq emas. Aslida, farzand Yahovaning nazarida nima to‘g‘riyu nima noto‘g‘ri ekanini bilganidan boshlab Uning oldida javobgar bo‘ladi. (Yoqub 4:17 ni o‘qing.) Shuning uchun, dono ota-ona bolani suvga cho‘mishdan to‘xtatishning o‘rniga, o‘z xatti-harakatlari bilan o‘rnak bo‘lishga intiladi. Bunday ota-onalar farzandlariga kichikligidanoq Yahovaning yuqori axloqiy me’yorlarini chin yurakdan qadrlashni o‘rgatishga harakat qiladi. (Luqo 6:40) Bu farzand uchun eng a’lo himoyadir, zero u Yahovaning adolatli yo‘lidan og‘maslikka qat’iy qaror qiladi. (Ishayo 35:8)

BOSHQALAR YORDAM BERA OLADI

14. Qay yo‘sin oqsoqollar ota-onalarning harakatlarini qo‘llab-quvvatlay oladi?

14 Jamoat oqsoqollari ma’naviy maqsadlar haqida ijobiy gapirib, ota-onalarning harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Masalan, 70 yildan ziyod vaqt davomida kashshoflik qilgan bir opamiz Charlz Teyz Rassell u bilan qurgan suhbatni eslaydi. O‘shanda u atigi olti yoshda edi. Opamiz shunday eslaydi: «U ma’naviy maqsadlarim haqida suhbatlashish uchun 15 daqiqa ajratgandi». Ha, ijobiy so‘zlar va dalda ancha vaqt ta’sir qilishi turgan gap. (Hik. 25:11) Shuningdek, oqsoqollar ota-onalarni va ularning farzandlarini Yig‘ilish zalidagi ishlarga taklif qilishi, yoshi va qobiliyatiga qarab vazifalar berishi mumkin.

15. Qay yo‘sin jamoatdagilar yoshlarga ko‘maklashishi mumkin?

15 Jamoat a’zolari yoshlarga o‘rinli shaxsiy qiziqish ko‘rsatib, yordam berishlari mumkin. Masalan, bu ularning ma’nan o‘sishini kuzatishni o‘z ichiga oladi. Yoshlar chin dildan va yaxshi tayyorlangan sharh berdimi yoki yig‘ilishda topshiriq bilan chiqdimi? Sinovga duch kelganda ular sadoqatli qoldimi yoki maktabda shohidlik berish imkoniyatidan foydalanib qoldimi? Ularni sidqidildan maqtashga shay turing. Yig‘ilishdan oldin yo keyin yoshlarga samimiy qiziqish ko‘rsatib, ular bilan suhbatlashishni maqsad qilib qo‘ysangiz bo‘ladi. Shu yo‘sin, yoshlar «ulkan jamoat»ning a’zosi ekanini his etadi. (Zab. 35:18)

FARZANDINGIZGA SUVGA CHO‘MISHGA YORDAMLASHING

16, 17. a) Qanday qilib suvga cho‘mish kelajak hayot bilan bog‘liq? b) Barcha ota-onalar nimani ko‘rishni istaydi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

16 Farzandga «Yahovaning tarbiyasini berib, Uning pand-nasihati bilan» o‘stirish ota-onaning eng ulkan sharafidir. (Efes. 6:4; Zab. 127:3) Hozirgi bolalar qadimgi Isroilda bo‘lganidek, tug‘ilishi bilan bag‘ishlangan xalqning bir qismi bo‘lib qolmaydi. Bundan tashqari, Xudoga va haqiqatga bo‘lgan sevgi meros bo‘lib o‘tmaydi. Farzand dunyoga kelgan kundan boshlab ota-ona undan shogird tayyorlash, hayotini Yahovaga bag‘ishlab, Uning suvga cho‘mgan xizmatchisi bo‘lishga yordamlashish maqsadini ko‘zlashi kerak. Bundan ham muhim yana nima bor? Axir har bir inson o‘zini Xudoga bag‘ishlagani, suvga cho‘mib, sadoqat ila xizmat qilgani tufayli yaqinlashayotgan buyuk musibatda omon qolishi mumkin. (Mat. 24:13)

Ota-onaning maqsadi farzandiga Isoning shogirdi bo‘lishga yordamlashishdir (16-, 17- xatboshilariga qarang.)

17 Blossom Brand suvga cho‘mmoqchi ekanini aytganida, xudojo‘y ota-onasi u hayotidagi eng muhim qadamni qo‘yishga tayyor ekaniga amin bo‘lmoqchi edi. Ishonch hosil qilishgach, ular uning qarorini qo‘llab-quvvatlashdi. U suvga cho‘mishidan bir kun avval otasi ajoyib ish qildi. Blossom shunday deb bo‘lishdi: «Hammamiz tiz cho‘kdik va dadam ibodat qildi. U qizchasi hayotini Yahovaga bag‘ishlaganidan xursand ekanini aytdi». 60 yildan oshiq vaqt o‘tgach ham Blossom: «O‘sha oqshom hali-hanuz esimda!» — deb aytdi. Iloyo, siz ham, aziz ota-onalar, farzandingiz o‘zini Yahovaga bag‘ishlab, Uning suvga cho‘mgan xizmatchisi bo‘lishini ko‘rib, quvonch va mamnuniyat his eting.

^ 9- x.b. Ota-ona farzandi bilan «Yoshlarning savollari. Amaliy maslahatlar» (rus) nomli kitobning 2- jildi, 304–310- sahifalaridagi ma’lumotni qarab chiqsa bo‘ladi. Shuningdek, «Ilohiy xizmatimiz»ning 2011- yil aprel sonining 2- sahifasida keltirilgan «Dolzarb savollar» nomli turkumga qarang.