Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Suvga cho‘mish masihiylar uchun talabdir

Suvga cho‘mish masihiylar uchun talabdir

Hozir ham suvga cho‘mish... qutqaradi. 1 BUTR. 3:21

QO‘SHIQLAR: 7, 6

1, 2. a) Bolasi suvga cho‘mmoqchi ekanini aytganida ayrim ota-onalar bunga qanday qaraydi? b) Nega suvga cho‘mmoqchi bo‘lgan odamdan o‘zini Yahovaga bag‘ishlaganmi yo bag‘ishlamaganmi deb so‘rashadi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

YAHOVANING SHOHIDLARI bo‘lgan ota-ona to‘qqiz yashar qizi, aytaylik, ismi Mariya suvga cho‘mmoqchi bo‘lganlar qatorida turganini kuzatyapti. Birodar bergan ikkita savolga u baland ovozda, aniq javob beryapti. Sal turib Mariya suvga cho‘madi.

2 Ota-onasi qizi hayotini Yahovaga bag‘ishlab, buning ramzi sifatida suvga cho‘mish qarorini chiqarganidan faxrlanmoqda. Shunday bo‘lsa-da, bundan oldin onasini ayrim savollar bezovta qilardi. U: «Mariya suvga cho‘mish uchun kichkina emasmi? Qo‘yayotgan qadami qanchalar jiddiy ekanini tushunyaptimi? Sal ulg‘ayganda suvga cho‘mishi kerakmikan?» — degan savollar ustida o‘ylardi. Ko‘pgina mehribon ota-onalar bolasi suvga cho‘mish niyati haqida aytganda, bu savollarni o‘ziga beradi. (Voiz 5:5) Darhaqiqat, bag‘ishlanish va suvga cho‘mish masihiyning hayotidagi eng muhim qadamlardir. (« O‘zingizni Yahovaga bag‘ishladingizmi?» nomli ramkaga qarang.)

3, 4. a) Havoriy Butrus suvga cho‘mish muhimligi haqida qanday misol keltirgan? b) Nega suvga cho‘mish Nuh kema qurgani bilan solishtirilgan?

3 «Hozir ham suvga cho‘mish... qutqaradi»,— deb mazkur mavzuni muhokama qilayotganda, havoriy Butrus kema qurgan Nuh haqida aytib o‘tgan. (1 Butrus 3:20, 21 ni o‘qing.) Kema Nuh Allohning irodasini bajarishga hayotini bag‘ishlaganining yaqqol isboti edi. Yahova unga topshirgan ishni u sadoqat ila bajargan. Ha, Nuh va uning oilasi amalda namoyon etgan imon tufayli To‘fonda omon qolgan. Butrus keltirgan bu misolning mag‘zi nimada?

4 Kema Nuh imonli kishi ekanining dalilidir. Suvga cho‘mishni ham kuzatuvchilar uchun yaqqol isbot desa bo‘ladi. U nimani anglatadi? Odam Iso Masihning to‘lov qurbonligiga va u tirilganiga ishonch hosil qilgani asosida o‘zini Yahovaga bag‘ishlaydi. Nuh singari, bag‘ishlangan shogirdlar ham Xudo ularga topshirgan ishni itoatkorona bajarishadi. Suvga cho‘mgan sadoqatli kishilar To‘fonda omon qolgan Nuh kabi, bu yovuz dunyo o‘z poyoniga yetganda omon qolishadi. (Mark 13:10; Vah. 7:9, 10) Shu bois ham, bag‘ishlanish va suvga cho‘mish o‘ta muhim. Suvga cho‘mish muhim ekanida ikkilanayotgan kishi abadiy hayotga bo‘lgan umidini qo‘ldan boy berib qo‘yishi hech gap emas.

5. Ushbu maqolada qaysi savollar borasida gap ketadi?

5 Suvga cho‘mish jiddiy qadam ekan, uchta savol e’tiborimizni jalb qilyapti. Suvga cho‘mish to‘g‘risida Muqaddas Kitobda nima deyilgan? Kishi suvga cho‘mishdan avval qanday qadamlar qo‘yishi lozim? Nega Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazadigan va’zgo‘y bolasi yoki boshqa insonga ta’lim berayotganda suvga cho‘mish muhim ekanini unutmasligi kerak?

SUVGA CHO‘MISH TO‘G‘RISIDA MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN?

6, 7. a) Yahyo odamlarni suvga cho‘mdirganining sababini tushuntiring. b) Yahyo qanday sharafga ega bo‘lgan?

6 Muqaddas Kitobda ilk bor bu mavzu haqida suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo tilga olinganda aytilgan. (Mat. 3:1–6) U suvga cho‘mdirgan odamlar Tavrotga qarshi gunoh qilganidan tavba qilishgan. Qizig‘i shundaki, Yahyo suvga cho‘mdirgan bir inson tavba qilishiga ehtiyoj yo‘q edi. Ha, Yahyo Xudoning O‘g‘li bo‘lmish mukammal Isoni suvga cho‘mdirish sharafiga ega bo‘lgan. (Mat. 3:13–17) Iso begunoh bo‘lgani bois, tavba qilishi kerak emas edi. (1 Butr. 2:22) U suvga cho‘mish bilan o‘zini Allohning irodasini bajarishga bag‘ishlayotganini ko‘rsatgan. (Ibron. 10:7)

7 Iso yer yuzida xizmat qilganda, uning shogirdlari ham boshqalarni suvga cho‘mdirishgan. (Yuhan. 3:22; 4:1, 2) Ular suvga cho‘mdirgan insonlar ham Tavrotga qarshi qilgan gunohlarida tavba qilishgan. Biroq Isoning o‘limidan va tirilganidan so‘ng, suvga cho‘mish uning izdoshlari uchun boshqacha ma’noga ega bo‘lgan.

8. a) Iso tirilganda izdoshlariga qanday topshiriq bergan? b) Suvga cho‘mish nega muhim ekanini tushuntiring.

8 Tirilgan Iso mil. 33- yili 500 dan ziyod kishiga zohir bo‘lgan. Ular qatorida erkak, ayol va ehtimol, hatto bolalar ham bor edi. Aynan o‘shanda u quyidagilarni aytgan bo‘lishi mumkin: «Shuning uchun boringlar, barcha xalqlardagi odamlarga ta’lim berib, menga shogird tayyorlanglar. Ularni Ota, O‘g‘il va muqaddas ruh nomi bilan suvga cho‘mdiringlar. Men sizlarga amr etgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar». (Mat. 28:19, 20; 1 Kor. 15:6) Ha, Iso shogird tayyorlash topshirig‘ini berganda, yuzlab izdoshlari yig‘ilgan bo‘lishi mumkin. Bu bilan Iso uning shogirdi bo‘lishni xohlab, bo‘yinturug‘ini olgan kishilar suvga cho‘mishi kerakligini oshkor etdi. (Mat. 11:29, 30) Allohga ma’qul tarzda xizmat qilmoqchi bo‘lgan inson Uning niyatida Iso qanday o‘ringa ega ekanini bilib, buni tan olishi darkor. Bundan so‘nggina u suvga cho‘ma oladi. Faqat bir marotaba suvga cho‘mish mumkin. Muqaddas Kitobda suvga cho‘mish muhim ekanini tushungan birinchi asrdagi anchagina shogirdlar haqida yozilgan. Ular suvga cho‘mishni ortga surmaslik muhimligini anglashgan. (Havor. 2:41; 9:18; 16:14, 15, 32, 33)

IKKILANMANG

9, 10. Habashistonlik kishi va havoriy Pavlusning misollaridan qanday saboq olishimiz mumkin?

9 Havoriylar 8:35, 36 ni o‘qing. Yahudiy diniga kirgan habashistonlik kishining misoliga e’tibor beraylik. U Quddusga topinish uchun borib uyga qaytayotgan edi. Farishta Isoning shogirdi Filipni o‘sha habashistonlik kishiga gapirishga undadi. Shunda Filip unga «Iso haqidagi xushxabarni aytib berdi». Xo‘sh, habashistonlik kishi javoban nima qildi? Uning tutgan yo‘li u bilib olgan haqiqatlar uchun sidqidildan minnatdor ekanini ko‘rsatdi. U Yahova tashkillashtirgan ishga muvofiq yo‘l tutmoqchi bo‘lib, ikkilanmay suvga cho‘mdi.

10 Ikkinchi misol masihiylarni ta’qib qilgan yahudiy kishi haqida. U Xudoga bag‘ishlangan xalq vakili edi. Biroq yahudiylar Yahova bilan bo‘lgan o‘zgacha munosabatlardan mahrum bo‘lishgan. Bu kishi yahudiylarning urf-odatlariga g‘ayrat ila amal qilardi, ammo bundan ham yaxshiroq yo‘l to‘g‘risida bilib oldi. Tirilgan va ulug‘langan Iso Masihning o‘zi unga zohir bo‘lib, shohidlik berdi. Qiziq, uning munosabati qanday bo‘ldi? U Isoning izdoshi Hananiya ko‘rsatgan yordam uchun minnatdor edi. Bu yahudiy kishi haqida Muqaddas Kitobda: «U o‘rnidan turib, suvga cho‘mdi»,— deyilgan. (Havor. 9:17, 18; Galat. 1:14) Kim haqida gap ketayotganini payqagandirsiz. Bu keyinchalik havoriy Pavlus deb tanilgan yahudiy kishidir. E’tibor bering, u Iso Xudoning niyatida qanday ahamiyatga ega ekani to‘g‘risidagi haqiqatni bilib, qadriga yetgani uchun harakatga tushdi. U ikkilanmay suvga cho‘mdi. (Havoriylar 22:12–16 ni o‘qing.)

11. a) Bugun tadqiq o‘tayotganlarni suvga cho‘mishga nima undayapti? b) Odamlar suvga cho‘mganda nimani his qilamiz?

11 Bugun ham Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan yoshu qari shunday yo‘l tutmoqda. Bilib olgan haqiqatga ishongan va uni chin dildan qadrlayotgan ushbu insonlar hayotini Allohga bag‘ishlab, suvga cho‘mmoqda. Ular uchun har bir anjumanda alohida bir nutq so‘zlanadi. Biz Yahovaning Shohidlari, bunday insonlar haqiqatni qabul qilib, suvga cho‘mganda juda suyunamiz. Masihiy ota-ona bolasini suvga cho‘mmoqchi bo‘lgan odamlar orasida turganini ko‘rib naqadar quvonishini bir tasavvur qiling. 2017- yil mobaynida «haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan» 284 000 dan oshiq odam o‘zini Yahovaga bag‘ishlab, buning ramzi sifatida suvga cho‘mdi. (Havor. 13:48) Shunisi aniqki, ular suvga cho‘mish masihiylar uchun talab ekanini anglashgan. Xo‘sh, suvga cho‘mishdan avval ular qanday qadamlar qo‘yishgan?

12. Tadqiq o‘tayotgan kishi suvga cho‘mishdan avval qanday qadamlar qo‘yishi kerak?

12 Tadqiq o‘tayotgan kishi suvga cho‘mishdan oldin Xudo, Uning niyati va U qutqarish uchun ko‘rgan chorasi haqidagi aniq bilimga ishonishi darkor. (1 Tim. 2:3–6) Bunday imon tufayli u Allohga noma’qul bo‘lgan xatti-harakatlardan voz kechib, Uning adolatli me’yorlariga yarasha yashaydi. (Havor. 3:19) Shubhasizki, bu kishi Xudoning Shohligini meros qilib olishiga to‘sqinlik qiladigan ishga qo‘l ursa, hayotini Tangriga bag‘ishlay olmaydi. (1 Kor. 6:9, 10) Ammo u Yahovaning yuksak axloqiy me’yorlariga rioya qilishi yetarli emas. Bu kishi, shuningdek, yig‘ilishlarga borib, hayot baxsh etuvchi va’zgo‘ylik va shogird tayyorlash ishida qatnashadi. Iso aytganiday, uning chinakam shogirdlari bu faoliyat bilan band bo‘ladi. (Havor. 1:8) Mana shu qadamlarni qo‘ygach, kishi shaxsiy ibodatida o‘zini Yahovaga bag‘ishlab, buning ramzi sifatida boshqalar oldida suvga cho‘madi.

KO‘ZLANADIGAN MAQSAD

Suvga cho‘mish muhim ekanini yodda saqlab, tadqiq o‘tayotgan kishiga buni aytyapsizmi? (13- xatboshiga qarang.)

13. Nega tadqiq o‘tkazayotgan va’zgo‘y suvga cho‘mish masihiy uchun talab ekanini yodda saqlashi lozim?

13 Farzandlarimizni va tadqiq o‘tayotgan boshqa odamlarni qo‘llab-quvvatlar ekanmiz, suvga cho‘mish masihiylar uchun talab ekanini yodda saqlashimiz lozim. Shundagina, ular bilan yanada samarali suhbatlar qura olamiz. Bag‘ishlanish va suvga cho‘mish mavzusini qulay paytda muhokama qilishdan tortinmaymiz. Shaksiz, ham bolalarimiz, ham boshqa odamlar suvga cho‘mishini juda istaymiz!

14. Nima uchun suvga cho‘mish borasida hech kimga bosim o‘tkazmasligimiz darkor?

14 Shuni unutmangki, hech bir insonga na ota-ona, na tadqiq o‘tkazayotgan va’zgo‘y va na boshqa masihiy bu borada bosim o‘tkazmasligi darkor. Yahova bunday qilishimizni istamaydi. (1 Yuhan. 4:8) Aksincha, bunday insonlarga Alloh bilan shaxsiy munosabatlarga ega bo‘lish muhimligini doim ta’kidlab turamiz. Ular haqiqatni chin yurakdan qadrlab, Masihning bo‘yinturug‘ini olib yurish istagi tufayli suvga cho‘mishi kerak. (2 Kor. 5:14, 15)

15, 16. a) Suvga cho‘mish uchun muayyan yosh belgilanganmi? Tushuntiring. b) Nima uchun boshqa dinda ilgari suvga cho‘mgan odam Yahovaning Shohidi bo‘lish uchun qayta suvga cho‘mishi darkor?

15 Suvga cho‘mish uchun muayyan yosh belgilanmagan. Negaki, har bir insonning ulg‘ayishi va ma’nan yetilishi turlichadir. Ko‘plar yoshligida suvga cho‘mib, Yahovaga sadoqat ila xizmat qiladi. Boshqalar esa yoshi o‘tib, masalan, 100 yoshdan oshib ham Muqaddas Kitobdagi haqiqatni bilishadi va suvga cho‘mishadi.

16 Yoshi ulug‘ bir ayol u bilan tadqiq o‘tkazayotgan va’zgo‘yga, ancha vaqt ilgari boshqa dinda suvga cho‘mganini aytibdi va yana bunday qilish kerakmi, deb savol beribdi. Shunda ular Muqaddas Kitobdagi oyatlarni ko‘rib chiqishibdi. Natijada, u Muqaddas Kitobdan bu talab ekanini bilib, ko‘p o‘tmay suvga cho‘mibdi. Yoshi 80 ga borib qolgan bu ayol suvga cho‘mmasa ham bo‘ladi, deb o‘ylamagan. Ha, Yahovaning irodasi haqida aniq bilimga ega bo‘libgina suvga cho‘mish lozim. Demak, boshqa dinda suvga cho‘mgan odam ham qayta suvga cho‘mdirilishi kerak. (Havoriylar 19:3–5 ni o‘qing.)

17. Suvga cho‘mgan kuni nimalar haqida o‘ylash o‘rinli?

17 Odam suvga cho‘mgan kun biz uchun quvonchlidir! Qolaversa, bu, suvga cho‘mish muhim ekani haqida o‘ylashning vaqtidir. Bag‘ishlovga muvofiq yashash uchun ancha ter to‘kish kerak. Shu bois, Iso uning izdoshi bo‘lishni bo‘yinturuqni olish bilan taqqoslagan. Isoning shogirdlari «o‘zlari uchun emas, balki ularni deb o‘lib qayta tirilgan kishi uchun yashashi» kerak. (2 Kor. 5:15; Mat. 16:24)

18. Keyingi maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

18 Mariyaning onasi bular haqida fikr yuritganda, maqolaning boshida keltirilgan savollar unda paydo bo‘lgan edi. Sizning ham farzandingiz bo‘lsa, o‘zingizga quyidagicha savollar bergandirsiz: «Bolam suvga cho‘mish uchun tayyormi? U o‘zini Xudoga bag‘ishlash uchun yetarlicha bilimga egami? O‘qish va ish borasida qanday maqsadlari bor? Farzandim suvga cho‘mib, keyin jiddiy gunoh qilib qo‘ysa-chi?» Keyingi maqolada bu savollarni va qanday qilib masihiy ota-ona mazkur mavzu borasida muvozanatli bo‘la olishini muhokama qilamiz.