Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Ta’lim-tarbiyamga quloq tutib, dono bo‘ling»

«Ta’lim-tarbiyamga quloq tutib, dono bo‘ling»

O‘g‘illarim,.. ta’lim-tarbiyamga quloq tutib, dono bo‘ling. HIK. 8:32, 33

QO‘SHIQLAR: 34, 6

1. Qay yo‘sin donolikka ega bo‘lish mumkin va buning natijasi qanday bo‘ladi?

YAHOVA donolik Manbaidir va U O‘z donoligini boshqalar bilan bo‘lishadi. Yoqub 1:5 da quyidagicha aytilgan: «Agar orangizdagi biror kishiga donolik yetishmayotgan bo‘lsa, hammaga saxovat bilan, ta’na qilmasdan beradigan Xudodan so‘rab tursin». Allohning donoligiga erishishning bir yo‘li Uning pand-nasihatlarini qabul qilishdir. Bunday donolik tufayli o‘zimizni axloqsizlikdan va ma’naviy zarardan himoyalay olamiz. (Hik. 2:10–12) Natijada, «abadiy hayotga erishish uchun... [o‘zimizni] Xudoning mehr-muhabbatida saqlaymiz». (Yahd. 21)

2. Qanday qilib Xudoning pand-nasihatlari uchun minnatdor bo‘lishimiz mumkin?

2 Ammo gunohga moyilligimiz, tarbiyamiz va boshqa omillar tufayli pand-nasihatni qabul qilish yoki unga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lish qiyindir. Allohning pand-nasihati keltirgan foydani va bunda Uning sevgisi aks etganini ko‘rib, minnatdor bo‘lamiz. Hikmatlar 3:11, 12 da shunday yozilgan: «O‘g‘lim, Yahovaning tarbiyasini rad etma. [...] Yahova O‘zi sevgan insonga tanbeh beradi». Shuni unutmaylikki, Yahova bizning manfaatimizni ko‘zlaydi. (Ibroniylarga 12:5–11 ni o‘qing.) Xudo bizni yaxshi bilgani bois, Uning tarbiyasi doim o‘rinli va keraklidir. Keling, tarbiya berish borasida quyidagi to‘rtta sohani ko‘rib chiqaylik: 1) o‘zini tarbiyalash, 2) ota-onaning tarbiyasi, 3) jamoatda tarbiyalash, va 4) tarbiya og‘rig‘idan ham kuchliroq og‘riq.

O‘ZINI TARBIYALASH DONOLIKDIR

3. Qanday qilib bola o‘zini tarbiyalashni o‘rganadi? Misol keltiring.

3 O‘zimizni tarbiyalab, xulqimizni va fikrlash tarzimizni yaxshilash uchun harakat qilamiz. Biz o‘zimizni tarbiyalash moyilligi bilan tug‘ilmaganmiz. Bunday qilishni o‘rganamiz. Tasavvur qiling, farzand ilk bor velosiped haydamoqchi. Ota velosipedni ushlab turadi. Bolasi muvozanatni yo‘qotmaslikka o‘rgangach, u ehtiyotkorlik bilan uni bir necha soniyaga qo‘yib yuboradi. Farzandi muvozanatni saqlay olganida esa, ota uni butunlayin qo‘yib yuboradi. Shunga o‘xshab, ota-ona sabr-toqat ila farzandiga doim «Yahovaning tarbiyasini berib, Uning pand-nasihati bilan» tarbiyalasa, bola o‘zini tarbiyalashga o‘rgana oladi. (Efes. 6:4)

4, 5. a) Nega o‘zini tarbiyalashni «yangi o‘zlikning» muhim bir qismi deb ayta olamiz? b) Nima sababdan hatto «yetti marta yiqilsak» ham, taslim bo‘lmasligimiz kerak?

4 Ulg‘ayganidan keyin haqiqatni bilgan kishi bilan ham xuddi shunday. To‘g‘ri, u qaysidir ma’noda o‘zini tarbiyalagan bo‘lishi mumkin. Ammo yangi shogird sifatida u ma’naviy jihatdan hali ulg‘aymagan. Bu kishi «yangi o‘zlikni» kiyishga va Masihga taqlid qilishga intilib, ma’nan ulg‘ayadi. (Efes. 4:23, 24) Bunday o‘sishda o‘zimizni tarbiyalash muhimdir. Natijada, «imonsizlikni va dunyoviy istaklarni rad etib, hozirgi zamonda aqli raso, odil hamda xudojo‘y bo‘lib yashashga» o‘rganamiz. (Titus. 2:12)

5 Barchamiz gunohkormiz. (Voiz 7:20) Bordi-yu, xato qilsak, bu bizda o‘zini tarbiyalash fazilati yo‘qligini va hammasi behuda ekanini anglatadimi? Har doim ham emas. Zero «odil kishi yetti marta yiqilsa ham, yana turadi». (Hik. 24:16) Muvaffaqiyatga erishishga nima yordam beradi? Buni o‘z kuchimiz bilan emas, muqaddas ruh yordamida uddalay olamiz. (Filippiliklarga 4:13 ni o‘qing.) Muqaddas ruh samarasi bo‘lmish o‘zini tuta bilish fazilati o‘zini tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liq.

6. Qanday qilib Xudoning Kalomini yaxshiroq tadqiq qila olamiz? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

6 Sidqidildan ibodat qilish, shaxsiy tadqiq va mulohaza yuritish ham o‘zimizni tarbiyalashga yordam beradi. Lekin Xudoning Kalomini tadqiq qilish qiyin yoki yoqmayotgan bo‘lsa-chi? Shuni yodda tutingki, Yahovaga ijozat bersangiz, U sizga ko‘maklashadi. Alloh sizga Kalomni «tusashga» yordam beradi. (1 Butr. 2:2) Avval, Muqaddas Kitobni tadqiq qilish uchun o‘zingizni tarbiyalashga kuch so‘rang. Keyin ibodatlaringizga muvofiq yo‘l tutib, boshida tadqiqqa ozgina vaqt ajrating. Vaqt o‘tib tadqiq o‘tkazish ham osonroq, ham ancha qiziqroq bo‘ladi. Yahovaning fikrlari haqida mulohaza yuritishga ajratgan vaqtingizdan quvonch topasiz. (1 Tim. 4:15)

7. Qay yo‘sin o‘zini tarbiyalash ma’naviy maqsadlarimizga erishishga yordam beradi?

7 O‘zimizni tarbiyalash ma’naviy maqsadlarimizga erishishga yordam beradi. Xizmatda jasorati so‘nib borayotganini his etayotgan bir otani tasavvur qiling. U bundan tashvishlanib, doimiy kashshof bo‘lishni maqsad qiladi va adabiyotlarimizdan mazkur mavzuga oid maqolalarni o‘qib chiqadi. Shunday yo‘l tutish va ibodat qilish tufayli u ma’nan o‘sib, mustahkamlanadi. Qolaversa, imkon bo‘lganda u ko‘makchi kashshof bo‘lib xizmat qiladi. Xo‘sh, natijasi qanday bo‘ldi? Qiyinchiliklarga qaramay, o‘sha ota doimiy kashshof bo‘lish maqsadini ko‘zdan qochirmadi va nihoyat unga erishdi.

FARZANDLARGA YAHOVANING TARBIYASINI BERING

Bola nima yaxshi va nima yomon ekanini bilib tug‘ilmaydi, u tarbiyaga muhtoj (8- xatboshiga qarang.)

8–10. Ota-onaga farzandini Yahovaga xizmat qilishga o‘rgatishda nima yordam beradi? Misol keltiring.

8 Masihiy ota-onalar farzandiga «Yahovaning tarbiyasini berib, Uning pand-nasihati bilan» o‘stirish kabi sharafga ega. (Efes. 6:4) Hozirgi zamonda buni qilish ayniqsa qiyindir. (2 Tim. 3:1–5) Bilamizki, bolalar nima to‘g‘riyu nima noto‘g‘ri ekanini bilib tug‘ilmaydi. Ularda vijdon bor, ammo uni tarbiyalashni o‘rganishlari kerak. (Rim. 2:14, 15) Bir ilohiyotshunosning tushuntirishicha, «tarbiya» deb tarjima qilingan yunoncha so‘z «bolani rivojlantirish» yoki uni mas’uliyatni his etadigan inson qilib o‘stirish, degan ma’noni anglatishi mumkin.

9 Ota-ona farzandini mehr ila tarbiyalasa, bola odatda himoyani his etadi. U erkinlikning chegarasi borligini va qarorlar hamda xatti-harakatlar yaxshi yoki yomon oqibatlarga olib kelishini o‘rganadi. Shuning uchun, ota-ona Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘ini izlashi muhim. Unutmang, farzand tarbiyasi borasidagi tushuncha va usullar madaniyatga hamda zamonga qarab farq qiladi. Ota-ona Xudoga quloq solsa, farzand tarbiyasida taxmin qilmaydi yoki boshqalarning tajribasiga yo fikrlariga asoslanmaydi.

10 Endi, keling, Nuhning misolini ko‘rib chiqaylik. Yahova unga kema qurishni aytganda, Nuh o‘z tajribasiga tayana olmasdi. Chunki u oldin hech qachon kema qurmagandi. Shu sababli, Nuh Yahovaga tayanib, barcha ishni «aynan» U aytganday qildi. (Ibt. 6:22) Ha, Nuh boshidanoq Xudoga quloq soldi. Qolaversa, u oila boshi sifatida muvaffaqiyatga erishdi, chunki bunda ham Xudoning donoligiga tayandi. Nuh farzandlariga yaxshi tarbiya berdi va ularga ajoyib o‘rnak qoldirdi. Vaholanki, To‘fondan oldingi o‘sha qabihlikka to‘la davrda bunday yo‘l tutish oson bo‘lmagan. (Ibt. 6:5)

11. Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rnagi qanchalik muhim?

11 Ota-ona sifatida qanday qilib «aynan» Xudo aytganiday qila olasiz? Yahovaga quloq soling. U sizga Kalomi va tashkiloti orqali berayotgan yo‘l-yo‘riqlar yordamida farzandingizni katta qilishga ko‘maklashishi mumkin. Vaqt o‘tib, bolangiz bunday yo‘l tutganingiz uchun sizdan minnatdor bo‘ladi. Bitta birodar quyidagicha yozdi: «Ota-onamdan menga bergan tarbiyasi uchun juda minnatdorman. Qalbimni zabt etish niyatida ular qo‘ldan kelganini qilishdi. Ma’naviy maqsadlarimga erisha olganim ham asosan ular tufaylidir». Lekin ota-onalarining urinishlariga qaramay, ba’zi farzandlar Yahovadan yuz o‘giradi. Shubhasizki, farzandining qalbiga haqiqatni payvand qilish uchun qo‘ldan kelgancha uringan ota-onalarning vijdoni tozadir. Ular adashgan farzandi bir kunmas-bir kun «uyga», Yahovaga qaytishiga umid qilishadi.

12, 13. a) Farzandi jamoatdan chetlatilsa, ota-ona Xudoga itoatkor ekanini qanday ko‘rsatishi mumkin? b) Qanday qilib bir oilada ota va ona itoatkor bo‘lgani foyda keltirdi?

12 Jamoatdan chetlatilgan farzandi bilan munosabat qilishga kelganda ota-onalarning itoatkorligi sinaladi va bu juda qiyindir. Jamoatdan chetlatilgan qizi uydan ketib qolgan bir ona shunday aytdi: «Qizim va nabiram bilan vaqt o‘tkazish uchun adabiyotlarimizdan bahona izlardim. Lekin turmush o‘rtog‘im qizimiz hozir biz bilan emasligini va u bilan aloqa qilmasligimiz kerakligini mehr ila tushuntirdi».

13 Bir necha yil o‘tgach, ularning qizi tiklandi. O‘sha ona shunday davom etdi: «Hozir qizim har kuni yo qo‘ng‘iroq qiladi yo elektron xabar yuboradi. U dadasini va meni chuqur hurmat qiladi, chunki Yahovaga itoat qilganimizni biladi. Endi munosabatlarimiz ajoyibdir». Sizning ham farzandingiz chetlatilgan bo‘lsa, «Yahovaga butun qalbing bilan tayan, o‘z aqlingga ishonma», degan so‘zlarga amal qilasizmi? (Hik. 3:5, 6) Esingizda bo‘lsin, Yahovaning tarbiyasida Uning beqiyos sevgisiyu donoligi aks etadi. Yahova barcha, jumladan, farzandingiz uchun O‘z O‘g‘lini qurbon qilganini hech qachon unutmang. Xudo hech kim halok bo‘lishini istamaydi. (2 Butrus 3:9 ni o‘qing.) Shunday ekan, Yahovaning tarbiyasiga va yo‘l-yo‘rig‘iga itoat eting. Qadrli ota-onalar, hatto og‘riqli bo‘lganda ham, Yahovaning aytganini qiling. Ha, Xudoning tarbiyasiga quloq tuting.

JAMOATDA TARBIYALASH

14. Qay yo‘sin Yahova «ishonchli... boshqaruvchi» orqali bergan yo‘l-yo‘riqdan foyda olamiz?

14 Yahova imonlilar jamoati haqida qayg‘urishga, uni himoyalashga va unga yo‘l-yo‘riq berishga va’da qilgan. U buni turli yo‘llar bilan amalga oshiradi. Masalan, U ma’naviy ozuqani o‘z vaqtida berib turishi uchun Isoning g‘amxo‘rligi ostidagi «ishonchli... boshqaruvchi»ni tayinladi. (Luqo 12:42) O‘sha «boshqaruvchi» bebaho yo‘l-yo‘riq yoki, boshqacha qilib aytganda, tarbiya bermoqda. O‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Qaysidir nutq yo jurnallarimizdagi maqola fikrlash tarzimga yoki xatti-harakatlarimga o‘zgartirish kiritishga undayaptimi?» Javobingiz «ha» bo‘lsa, xursand bo‘ling. Demak Yahova sizni shakllantirishiga, ya’ni tarbiyalashiga va bu sizning manfaatingiz uchun xizmat qilishiga yo‘l qo‘yayotgan ekansiz. (Hik. 2:1–5)

15, 16. a) Oqsoqollarning mehnatidan qanday foyda olamiz? b) Oqsoqollar o‘z xizmatida quvonch olishlariga qay yo‘sin hissa qo‘sha olamiz?

15 Shuningdek, Iso Masih «hadya sifatida» jamoat oqsoqollarini tayinladi. (Efes. 4:8, 11–13) Mazkur bebaho hadyadan qanday foyda olishimiz mumkin? Misol uchun, ularning imoniga va ajoyib o‘rnagiga taqlid qilsak bo‘ladi. Bundan tashqari, ularning Muqaddas Kitobga asoslangan maslahatiga quloq solishimiz mumkin. (Ibroniylarga 13:7, 17 ni o‘qing.) Yodingizda bo‘lsin, oqsoqollar bizni yaxshi ko‘radi va ma’nan o‘sishimizni istaydi. Masalan, ular yig‘ilishlarni qoldirayotganimizni yoki g‘ayratimiz so‘nib borayotganini sezsa, shu zahoti yordamga kelishi shubhasizdir. Ular bizni tinglab, daldali so‘zlar bilan ruhimizni ko‘tarishga va Muqaddas Kitobga asoslangan o‘rinli maslahat berishga intiladi. Bu, Yahovaning sevgisidan dalolat ekanini ko‘ryapsizmi?

16 Unutmangki, bizga maslahat berish oqsoqollarga oson emas. Bir o‘ylab ko‘ring, gunohini yashirishga uringan Dovudga maslahat berish Natan payg‘ambar uchun qanchalar mushkul bo‘lgan. (2 Shoh. 12:1–14) Shuningdek, 12 ta havoriyning biri bo‘lmish Butrus yuzxotirchilik qilganda, uni tuzatish uchun Pavlusga jasorat kerak bo‘lgan. (Galat. 2:11–14) Xo‘sh, qanday qilib oqsoqollarning ishini osonlashtira olasiz? Kamtar va minnatdor bo‘ling hamda gaplashishga doim tayyor turing. Ularning yordamida Xudoning sevgisi namoyon bo‘layotganini ko‘ring. Bu nafaqat sizga foyda keltiradi, balki ular xizmatini quvonch ila bajarishiga hissa qo‘shadi.

17. Qay yo‘sin bir opamiz oqsoqollarning yordamidan foyda oldi?

17 Bir opamizning aytishicha, o‘tmishi tufayli Yahovani sevish u uchun qiyin bo‘lgan. U quyidagicha aytib berdi: «Bo‘lib o‘tgan voqealar meni hissan ezganida, oqsoqollarga murojaat qilishim kerakligini bilardim. Ular menga tanbeh berishmadi, tanqid ham qilishmadi. Aksincha, dalda berib, mustahkamlashdi. Yig‘ilish tugaganda, qanchalik band bo‘lishmasin, oqsoqollardan biri kelib holimni so‘rardi. O‘tmishim sababli, o‘zimni Yahovaning sevgisiga noloyiq his etardim. Yahova doim jamoat va oqsoqollar orqali meni O‘z sevgisida ishontirib turgan. Men Uni tark etmay, deb iltijo qilaman».

ENG KUCHLI OG‘RIQ

18, 19. Pand-nasihat keltirishi mumkin bo‘lgan og‘riqdan dahshatliroq yana nima bor? Misol keltiring.

18 Pand-nasihat olish og‘riqli bo‘lishi mumkin, lekin Xudoning tarbiyasini rad etish undan ham og‘riqlidir. (Ibron. 12:11) Qobil va shoh Zidqiyoning misolini ko‘rib chiqaylik. Qobil Hobildan g‘azablanib, uni o‘ldirishni istaganda, Yahova Qobilni quyidagicha ogohlantirdi: «Nega bunchalik jahling chiqib, avzoying buzildi? Agar yaxshilik qilsang, sendan mamnun bo‘lmasmidim? Lekin yaxshilik qilmasang, ostonada gunoh poylab yotibdi. U seni boshqarishni istaydi. Biroq sen undan ustun kela olasanmi?» (Ibt. 4:6, 7) Ammo u quloq solmadi va gunohga qo‘l urdi. Qobil og‘riq va azoblarga duchor bo‘ldi, xolos. (Ibt. 4:11, 12) Agar u Yahovaga quloq solganida, bunchalar ko‘p og‘riqqa yo‘liqmas edi.

19 Kuchsiz va yovuz shoh Zidqiyo hukm surganda Quddus og‘ir ahvolda edi. Yeremiyo payg‘ambar Zidqiyoni takror va takror yovuz ishlarini tashlashga undagan, ammo u pand-nasihatlarni rad etgan. Ha, buning oqibati fojiali edi. (Yerm. 52:8–11) Tangri Yahova biz ortiqcha azob chekishimizni sira ham istamaydi! (Ishayo 48:17, 18 ni o‘qing.)

20. Xudoning pand-nasihatini qabul qilgan va uni rad etganlarni nimalar kutyapti?

20 Hozirgi zamonda Xudoning pand-nasihati, jumladan, o‘zini tarbiyalash ko‘pincha nazarga ilinmaydi. Lekin buni rad etayotganlar yaqinda buning dahshatli oqibatlarini totishadi. (Hik. 1:24–31) Shunday ekan, keling, ta’lim-tarbiyaga quloq tutib, dono bo‘laylik. Zero, Hikmatlar 4:13 da: «Ta’lim-tarbiyani mahkam ushlab, qo‘ldan chiqarma, uni asrab-avayla, chunki u hayoting demakdir»,— deb aytilgan.