Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Tarbiya berish Alloh sevgisidan dalolatdir

Tarbiya berish Alloh sevgisidan dalolatdir

Yahova O‘zi sevgan insonga tarbiya beradi. IBRON. 12:6

QO‘SHIQLAR: 43, 52

1. «Tarbiya berish» iborasi Muqaddas Kitobda ko‘pincha qaysi ma’noni bildiradi?

«TARBIYA BERISH» iborasini eshitganingizda, xayolingizga nimalar keladi? Ko‘plarning fikricha, bu kimnidir o‘rgatish demakdir. Biroq tarbiya berish ko‘proq narsani anglatadi. Bu tuzatish, pand-nasihat berish va jazolashni ham bildirishi mumkin. Shu bois, Xudo bizga tarbiya berganda, gohida bu jazolashni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Ammo bu hech qachon kamsitadigan yoki qo‘pol tarzda bo‘lmaydi. Aksincha, tarbiya Xudoning bizga nisbatan sevgisini va U abadiy hayotga ega bo‘lishimizni xohlayotganini ko‘rsatadi. (Ibron. 12:6) Muqaddas Kitobga ko‘ra, tarbiya bizga foyda keltiradi. Muqaddas Yozuvlarda u ba’zida bilim, donolik, sevgi va hayot so‘zlari bilan yonma-yon keladi. (Hik. 1:2–7; 4:11–13) Darhaqiqat, «tarbiya berish» iborasining asosiy ma’nosi ta’lim berishni anglatadi. U xuddi ota-ona yaxshi ko‘rgan bolasiga beradigan ta’lim-tarbiya kabidir.

2, 3. Qay yo‘sin tarbiya ham pand-nasihatni, ham jazolashni o‘z ichiga olishi mumkin? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

2 Bir misol haqida o‘ylab ko‘raylik. Jonni ismli bir bolakay uyda koptok o‘ynabdi. Onasi: «Jonni, uyda koptok o‘ynama. Nimanidir sindirib qo‘yasan»,— debdi. Ammo u onasiga quloq solmay, koptokni o‘ynayveribdi va bexosdan ko‘zani sindiribdi. Xo‘sh, onasi unga tarbiya berish uchun nima qiladi? Balki, u o‘g‘liga tarbiya berib, ozgina jazolar. U Jonni noto‘g‘ri ish qilganini tushuntirib tarbiyalar. Onasi unga ota-onasiga bo‘ysunish yaxshi va ularning qoidalari zaruriy hamda o‘rinli ekanini tushuntirishi mumkin. So‘zlarini tasdiqlash niyatida onasi ayrim choralar ham ko‘rar. Masalan, muayyan vaqtga Jonnining koptogini olib qo‘yar. Shunda bolakay itoatsizlik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunar.

3 Biz, imonlilar jamoatining a’zolari sifatida Xudo uyining bir qismi deb sanalamiz. (1 Tim. 3:15) Shu bois, Yahova adolatli me’yorlar o‘rnatishga va ularga rioya qilmaganimizda bizni tarbiyalashga haqli ekanini tan olamiz. Qolaversa, qilgan ishimiz yomon oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, samoviy Otamizning pand-nasihati tufayli Unga quloq solish qanchalar muhim ekanini eslaymiz. (Galat. 6:7) Alloh bizga g‘amxo‘rlik qilib, azob chekishimizni sira ham istamaydi. (1 Butr. 5:6, 7)

4. a) Yahova qanday tarbiya berish usuliga baraka beradi? b) Ushbu maqolada nimaga diqqat qaratamiz?

4 Muqaddas Kitob asosida tarbiya berib, bolamizga yoki tadqiq o‘tayotgan kishiga Masihning izdoshi bo‘lish maqsadiga erishishga ko‘maklasha olamiz. Xudoning Kalomi — «adolat yo‘lida tarbiyalashda» qo‘llaniladigan asosiy asbobimiz. Shu yo‘sin, farzandimiz yoki tadqiq o‘tayotgan inson buni tushunib, Iso bizga «amr etgan hamma narsaga» amal qila oladi. (2 Tim. 3:16; Mat. 28:19, 20) Bunday tarbiyalash usuliga Yahova baraka beradi. Zero u tufayli ular ham Masihning shogirdlarini tayyorlay olishadi. (Titusga 2:11–14 ni o‘qing.) Keling, quyidagi uchta muhim savolga diqqat qarataylik: 1) Qanday qilib Xudoning pand-nasihatida Uning sevgisi aks etadi? 2) O‘tmishda Xudo tarbiyalagan insonlarning misolidan qanday saboq olsak bo‘ladi? 3) Tarbiya berayotib, Yahova hamda Isoga qanday taqlid qilishimiz mumkin?

XUDO SEVGI ILA TARBIYALAYDI

5. Qay yo‘sin tarbiya berish Yahovaning bizga nisbatan sevgisini aks ettiradi?

5 Yahova sevgani tufayli bizni tuzatadi, ta’lim beradi va tarbiyalaydi. Biz Uning mehr-muhabbati ostida bo‘lib, hayot yo‘lidan og‘masligimizni xohlaydi. (1 Yuhan. 4:16) U o‘zimizni noloyiq his etmasligimiz uchun hech qachon bizni kamsitmaydi va zarar keltirmaydi. (Hik. 12:18) Aksincha, Yahova yaxshi tomonlarimizga e’tibor qaratib, iroda erkinligimizni hurmat qiladi va bu bilan bizga iltifot ko‘rsatadi. Xo‘sh, Xudoning tarbiyasini Uning Kalomi, adabiyotlarimiz, xudojo‘y ota-onamiz yoki oqsoqollardan olganimizda bunga to‘g‘ri munosabatda bo‘lyapmizmi? Ehtimol, bilmasdan «xato qilib qo‘ysak» oqsoqollar bizni muloyimlik va sevgi ila tuzatishga intilishadi. Shunday qilib, ular Yahovaning bizga nisbatan sevgisini aks ettirishadi. (Galat. 6:1)

6. Tarbiya berish ba’zida vazifalardan mahrum bo‘lishni o‘z ichiga olganda ham nega bu Xudoning sevgisidan dalolatdir?

6 Ba’zida tarbiya maslahat berishdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga olishi mumkin. Masalan, kimdir jiddiy gunoh qilib qo‘ysa, u jamoatdagi vazifalaridan mahrum bo‘ladi. Hatto bunday hollarda ham, shu yo‘sin tarbiya berish Allohning bizga nisbatan sevgisini ko‘rsatadi. Misol uchun, vazifalarni yo‘qotish kishiga Muqaddas Kitobni shaxsan tadqiq qilish, mulohaza yuritish va ibodat qilish qanchalik muhim ekanini fahmlashga ko‘proq yordam beradi. Shunda u ma’nan mustahkamlanishi mumkin. (Zab. 19:7) Vaqt o‘tgach esa u yana muayyan vazifalar bajarishi mumkin bo‘ladi. Hatto jamoatdan chetlatilish ham Yahovaning sevgisini aks etadi. Negaki, bu jamoatni yomon ta’sirdan himoya qiladi. (1 Kor. 5:6, 7, 11) Xudoning tarbiyasi munosib chora ekan, jamoatdan chetlatilish gunohga qo‘l urgan kishini bu qanchalar jiddiy ekanini anglab, tavba qilishga chorlaydi. (Havor. 3:19)

YAHOVANING TARBIYASI FOYDALIDIR

7. Shavna kim edi va qanday salbiy xislatni rivojlantira boshladi?

7 Pand-nasihat o‘ta muhim ekanini anglashimizga Yahova tarbiyalagan ikkita shaxsning misolini ko‘rib chiqish ko‘maklashadi. Bu shoh Hizqiyo davrida yashagan Shavna va bizning zamonimizdagi Grexem ismli birodar. Shavna, ehtimol, Hizqiyoning saroyida «ish boshqaruvchi» bo‘lib, muayyan hokimiyatga ega edi. (Ishayo 22:15) Afsuski, u mag‘rurlanib, o‘ziga ulug‘vorlik izlay boshladi. U o‘zi uchun nihoyatda qimmatbaho qabr tayyorlatdi va «ulug‘vor aravalarga» minib yurardi. (Ishayo 22:16–18)

Nuqtai nazarni kamtarlik ila o‘zgartirish Xudoning barakalariga yetaklaydi (8–10- xatboshilariga qarang.)

8. Yahova Shavnani qay yo‘sin tarbiyalagan va bu qanday natija keltirgan?

8 Shavna o‘zini baland olib yura boshlagani bois, Xudo uni martabasidan ag‘darib tashladi va uning o‘rniga Eliyaqimni tayinladi. (Ishayo 22:19–21) Bu, ossuriyalik shoh Sanxariv Quddusga hujum qilmoqchi bo‘lganda yuz bergan edi. Bir qancha vaqt o‘tgach, shoh Quddusga amaldorlarni va katta qo‘shinni yuboradi. Shu yo‘sin, u yahudiylarning ruhini tushirib, Hizqiyoni qo‘rqitmoqchi edi. (4 Shoh. 18:17–25) Eliyaqim o‘sha amaldorlar bilan suhbatlashish uchun yuborilgan edi, lekin u o‘zi yakka emasdi. Uning oldida yana ikkita kishi bo‘lib, ulardan biri Shavna edi. O‘shanda u kotib bo‘lgandi. Ko‘rib turganimizday, Shavna kamtarin bo‘lishga o‘rgandi va u xafa bo‘lmagandi yoki o‘ziga rahm qilmagandi. U ilgarigi vazifasiga qaraganda, oddiyroq vazifani bajarishga tayyor edi. Shavnaning misolidan uchta saboq olish mumkin.

9–11. a) Shavnaning misolidan qanday saboqlar olyapmiz? b) Yahova Shavnaga nisbatan tutgan yo‘lidan qanday dalda olyapsiz?

9 Birinchidan, Shavna martabasidan mahrum bo‘ldi. Bu bizga: «Mag‘rurlik — halokatga, takabburlik — qulashga olib keladi»,— degan ogohlantiruvni eslatyapti. (Hik. 16:18) Siz ham jamoatda sharafli vazifalarga ega bo‘lsangiz, o‘zingizga nisbatan kamtarin nuqtai nazarni rivojlantiryapsizmi? Sizda bor bo‘lgan har qanday qobiliyat va bajarayotgan topshiriqni Yahovadan deb bilyapsizmi? (1 Kor. 4:7) Havoriy Pavlus quyidagicha yozgan: «Har biringizga shunday deyapman: o‘z haqingizda keragidan ortiq o‘ylamanglar. Lekin aqli raso bo‘lib yurish uchun... o‘ylanglar». (Rim. 12:3)

10 Ikkinchidan, Yahova Shavna o‘zgarishi mumkin degan umidda unga jiddiy maslahat bergandir. (Hik. 3:11, 12) Bugungi kunda sharafli vazifalaridan mahrum bo‘lgan kishilar uchun bu yaxshi o‘rnak! Achchiqlanish va ranjishdan ko‘ra, ularning sharoitida o‘z qobiliyatini ishga solib, bunday pand-nasihatni Yahovaning sevgisi deb bilishsa oqilonadir. Otamiz kamtarin bo‘lib qolganlarni mukofotlashini unutmasligimiz darkor. (1 Butrus 5:6, 7 ni o‘qing.) Tangrining mehrga to‘la tarbiyasi bizni shakllantiradi. Shunday ekan, keling, Uning qo‘lida egiluvchan bo‘laylik!

11 Uchinchidan, Yahova Shavnaga nisbatan tutgan yo‘li pand-nasihat berishga mas’uliyatli bo‘lganlar, masalan, ota-onalar va oqsoqollar uchun ajoyib o‘rnakdir. Qanday deysizmi? Garchi Yahova sodir etilgan gunohdan nafratlansa-da, uni qilgan kishiga g‘amxo‘rlik qilishni davom etadi. Agar ota-ona yoki oqsoqol bo‘lsangiz, Yahovadan ibrat olgan holda noto‘g‘ri ishdan nafratlanib, bolangiz yoki imondoshingizning yaxshi tomonlarini ko‘rishga urinasizmi? (Yahd. 22, 23)

12–14. a) Yahovaning tarbiyasini ba’zilar qanday qabul qiladi? b) Qay yo‘sin bitta akamiz Xudoning Kalomi tufayli nuqtai nazarini o‘zgartirdi va buning natijasi qanday bo‘ldi?

12 Ming afsuski, pand-nasihat olgan ba’zi kishilar xafa bo‘lib, hatto Xudodan va Uning xalqidan uzoqlashib ketadi. (Ibron. 3:12, 13) Xo‘sh, bu ular yordamsiz qolganini anglatadimi? Yo‘q. Keling, jamoatdan chetlatilgan, keyin esa tiklangan, ammo ma’nan susayib qolgan Grexemning misoliga e’tibor beraylik. Grexem bir oqsoqol bilan do‘stlashib qoladi va undan u bilan tadqiq o‘tishni so‘raydi.

13 Bu oqsoqol shunday deb bo‘lishdi: «Grexemning muammosi mag‘rurlik edi. U uni jamoatdan chetlatishda ishtirok etgan oqsoqollarni tanqid qilardi. Bir nechta tadqiq davomida biz mag‘rurlik va uning oqibatlarini muhokama qildik. Grexem Xudoning Kalomini o‘qib, o‘zini ko‘zguda yaqqol ko‘rganday edi. Ko‘rganlari esa unga yoqmagan. Buning natijasidan qoyilman! U ko‘zida mag‘rurlik “xodasi” borligini va muammosi uning tanqidiy nuqtai nazari ekanini tan olib, darrov yaxshi tomonga o‘zgara boshladi. Grexem yig‘ilishlarga muntazam qatnab, Xudoning Kalomini chuqurroq tadqiq qiladigan bo‘ldi va kunda ibodat qilish odatini rivojlantirdi. Qolaversa, u oila boshi sifatidagi vazifalarini bajara boshladi. Xotini va uchta qizi bundan xursand bo‘ldi». (Luqo 6:41, 42; Yoqb. 1:23–25)

14 «Bir kuni Grexem menga qattiq ta’sir qilgan bir gap aytdi. “Men anchadan beri haqiqatni bilaman va hatto kashshof bo‘lganman. Lekin chinakamiga Yahovani yaxshi ko‘raman, deb endi ayta olaman”,— dedi u. Ko‘p o‘tmay unga Yig‘ilish zalida mikrofon bilan yordam berish vazifasi topshirildi va u rosa xursand edi. Grexemning misolidan, Xudoning oldida o‘zini kamtarin tutib, pand-nasihatni qabul qilgan inson ko‘pdan-ko‘p barakalarga ega bo‘lishiga amin bo‘ldim!» — dedi o‘sha oqsoqol.

TARBIYA BERAYOTIB, ALLOH VA ISOGA TAQLID QILING

15. Pand-nasihat foydali bo‘lishi uchun nima qilish zarur?

15 Yaxshi ustoz bo‘lish uchun, avval yaxshi shogird bo‘lish zarur. (1 Tim. 4:15, 16) Demak, tarbiya berishga mas’ul bo‘lganlar Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga tayyorlik ila amal qilishda davom etishi muhim. Bunday kamtarona itoatkorlik tufayli ular boshqalarga tarbiya yoki pand-nasihat berayotganda, so‘z erkinligiga ega bo‘ladi va o‘zgalar ularni hurmat qiladi. Endi, Isoning misoliga diqqat qarataylik.

16. Munosib tarbiya berish borasida Isodan qanday ibrat olishimiz mumkin?

16 Iso hatto juda og‘ir bo‘lganda ham doimo Otasiga quloq solardi. (Mat. 26:39) U tinglovchilariga bilimlaru donolikka Otasi tufayli ega bo‘lganini eslatardi. (Yuhan. 5:19, 30) Isoning kamtarligi va itoatkorligi samimiy odamlarni unga jalb qilib, rahm-shafqatli va mehribon ustoz bo‘lishiga ko‘maklashgan. (Luqo 4:22 ni o‘qing.) Mehrga to‘la gaplari, ramziy ma’noda bukik qamish yoki lipillayotgan pilik kabi bo‘lgan odamlarga tasalli baxsh etgan. (Mat. 12:20) Hatto sabri sinalganda ham, Iso mehribon va g‘amxo‘r bo‘lib qolgan. Bu, havoriylar xudbinlikni namoyon etib, oralarida kim buyuk bo‘lishi haqida bahslashganda yaqqol ko‘ringan edi. (Mark 9:33–37; Luqo 22:24–27)

17. Oqsoqollar imondoshlariga yaxshi g‘amxo‘rlik qilishiga qaysi fazilatlar ko‘maklashadi?

17 Muqaddas Kitob asosida tarbiya berishga mas’ul bo‘lgan barcha Masihning misoliga ergashsa, dono yo‘l tutgan bo‘ladi. Zero bu bilan ular Alloh va Uning O‘g‘li tomonidan shakllanishni xohlayotganini ko‘rsatishadi. Havoriy Butrus shunday degan edi: «Nozirlar sifatida xizmat qilib, qaramog‘ingizda bo‘lgan Allohning suruvini boqinglar. Buni majburiyat yuzasidan emas, balki Xudoning oldida bajonidil, harom yo‘l bilan foyda ko‘rish uchun emas, aksincha, ishtiyoq bilan qilinglar. Tangrining omonati ustidan hukmronlik qilmasdan, suruvga o‘rnak ko‘rsatinglar». (1 Butr. 5:2–4) Shubhasizki, Xudoga va Isoga quvonch ila bo‘ysunayotgan oqsoqollar o‘zlari ham, ular g‘amxo‘rlik qilayotgan kishilar ham baraka ko‘radi. (Ishayo 32:1, 2, 17, 18)

18. a) Yahova ota-onadan nimani talab qiladi? b) Alloh ota-onalarga qanday qilib yordam beradi?

18 Buni oilada ham qo‘llash mumkin. Oila boshlariga shunday maslahat berilgan: «Bolalaringizning g‘ashini keltirmanglar, aksincha, Yahovaning tarbiyasini berib, Uning pand-nasihati bilan ularni o‘stiringlar». (Efes. 6:4) Bu qanchalik muhim? Hikmatlar 19:18 da: «Umid borida o‘g‘lingga tarbiya ber, tag‘in o‘limida aybdor bo‘lib qolma»,— degan so‘zlar qalamga olingan. Ota-ona bolalariga kerakli tarbiyani bera olmasa, ular Yahovaning oldida hisobot berishadi. (1 Shoh. 3:12–14) Ota-onalar kamtarlik ila ibodat qilsa, Xudoning Kalomini o‘qisa va ularni yo‘naltirishi uchun muqaddas ruh so‘rasa, Yahova ularga kerakli donolik va kuch-quvvat ato etadi. (Yoqub 1:5 ni o‘qing.)

ABADULABAD TINCH YASHASHGA O‘RGANING

19, 20. a) Xudoning tarbiyasini qabul qilish qanday barakalar keltiradi? b) Navbatdagi maqoladan nimani bilib olamiz?

19 Ilohiy tarbiyani qabul qilish va boshqalarni tarbiyalayotib Yahovaga hamda Isoga taqlid qilish olib keladigan barcha barakalarni sanab o‘tish imkonsizdir. Masalan, oila va jamoatlarimizda tinchlik hukm suradi. Shuningdek, odamlar bo‘lajak barakalarni baham ko‘rib, chinakam sevgini, ular qadrli va himoya ostida ekanini his etadi. (Zab. 72:7) Ha, Yahovaning tarbiyasi tufayli Uning g‘amxo‘rligi ostidagi oilada abadulabad tinch yashashga o‘rganyapmiz, deb aytsak xato qilmaymiz. (Ishayo 11:9 ni o‘qing.) Unutmangki, tarbiyaga aynan shu tarzda yondashsak, u Xudoning bizga nisbatan beqiyos sevgisining isboti ekanini ko‘ra olamiz.

20 Navbatdagi maqolada oila va jamoatda tarbiya berish haqida gap boradi. Shuningdek, o‘zimizni tarbiyalashimiz va bizga berilgan pand-nasihat keltiradigan og‘riqdan ham yomonroq nima bo‘lishi mumkinligini bilib olamiz.