Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

10-TADQIQ MAQOLASI

Jamoatdagi barcha Kalomni o‘rganayotganlarga suvga cho‘mishga yordam bera oladi

Jamoatdagi barcha Kalomni o‘rganayotganlarga suvga cho‘mishga yordam bera oladi

Butun tana a’zolari... birgalikda o‘sib boradi. EFES. 4:16

85-QO‘SHIQ Bir-biringizni iliq qarshi oling

BU MAQOLADA *

1, 2. Kalomni o‘rganayotgan kishi ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishiga kim yordam berishi mumkin?

FIJIDA yashovchi Emi quyidagicha bo‘lishdi: «Muqaddas Kitob tadqiqida bilib olayotganlarim menga juda yoqardi. O‘rganayotganlarim haqiqat ekanini bilardim. Ammo birodar-u opa-singillar bilan muloqot qilishni boshlaganimdan keyingina kerakli o‘zgarishlarni qilib, ma’nan o‘sdim va suvga cho‘mdim». Emining misoli bizga quyidagi muhim haqiqatni ochib bermoqda: jamoatdagilar Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan kishiga yordam berganida, u ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishi mumkin.

2 Har bir va’zgo‘y Kalomni tadqiq qilayotganlarga jamoat a’zosi bo‘lishiga ko‘maklasha oladi. (Efes. 4:16) Vanuatuda yashaydigan Laylani ismli kashshof shunday dedi: «Bir bolani tarbiyalashda butun qishloq hissa qo‘shadi, degan gap bor. Menimcha, buni shogird tayyorlash ishida ham qo‘llasa bo‘ladi. Bir kishining haqiqatga kelishiga odatda butun jamoat hissa qo‘shadi». Bola o‘sib-ulg‘ayishida oila a’zolar, do‘stlar va ustozlar — ularning barchasi muhim rol o‘ynaydi. Ular buni bolani nimagadir undash va unga muhim saboqlar berish orqali qiladi. Shu singari, va’zgo‘ylar Kalomni o‘rganayotgan kishiga maslahat berib, uni biron nimaga undab, yaxshi o‘rnak ko‘rsatib, ma’nan o‘sishiga va suvga cho‘mishiga ko‘maklashadi. (Hik. 15:22)

3. Anna, Deniel va Laylani bildirgan fikrlardan nimalarni o‘rgandingiz?

3 Nima uchun tadqiq o‘tkazuvchi jamoatdagi boshqalar u bilan Kalomni o‘rganayotgan kishiga yordam berishni taklif qilganda buni qabul qilishi kerak? Moldaviyadagi Anna ismli maxsus kashshof nima deganiga e’tibor bering: «Kalomni o‘rganayotgan kishi ma’nan o‘sishni boshlaganida uning barcha ehtiyojlarini qondirish bir kishi uchun oson emas». O‘sha mamlakatda xizmat qiladigan Deniel * ismli boshqa bir maxsus kashshof quyidagicha dedi: «Ko‘pincha va’zgo‘ylar shunday fikrlarni bildiradiki, bu Kalomni o‘rganayotgan kishining qalbiga ta’sir qiladi. Bu esa xayolimga umuman kelmagan bo‘lardi». Laylani: «Kalomni o‘rganayotgan kishiga ko‘rsatiladigan sevgi va mehr Xudoning xizmatchilari kim ekanini aniqlashiga ko‘maklashishi mumkin»,— deb aytdi. (Yuhan. 13:35)

4. Mazkur maqolada nimani muhokama qilamiz?

4 Ammo quyidagicha tashvishlanayotgandirsiz: «Tadqiq o‘tkazuvchi men bo‘lmasam, qanday qilib Kalomni o‘rganayotgan kishiga ma’nan o‘sishga shaxsan yordam bera olaman?» Keling, bizni tadqiqqa hamkorlikka taklif qilishsa hamda Kalomni o‘rganayotgan kishi yig‘ilishlarga qatnay boshlasa, nimalar qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, qay yo‘sin oqsoqollar tadqiq o‘tuvchilarga ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishiga yordam berishlari mumkinligini bilib olamiz.

TADQIQ PAYTIDA SIZNING O‘RNINGIZ

Sizni tadqiqqa taklif qilishgan bo‘lsa, ko‘rib chiqiladigan mavzuga tayyorlaning (5–7-xatboshilariga qarang.)

5. Tadqiqqa taklif qilishsa, sizning o‘rningiz qanday?

5 Tadqiq paytida kishi Xudoning Kalomini tushunishi uchun yordam berishda birinchi navbatda tadqiq o‘tkazuvchi mas’uldir. Agar u sizni tadqiqqa taklif qilsa, o‘zingizni hamkor deb biling. Vazifangiz unga ko‘maklashish hisoblanadi. (Voiz 4:9, 10) Tadqiq samarali o‘tishi uchun aynan nimalar qilsangiz bo‘ladi?

6. Sizni tadqiqqa taklif qilishgan bo‘lsa, qay yo‘sin Hikmatlar 20:18 dagi prinsipni qo‘llay olasiz?

6 Muqaddas Kitob tadqiqiga tayyorlaning. Avvalambor, tadqiq o‘tadigan va’zgo‘ydan tadqiq o‘tuvchi haqida oz-moz ma’lumot so‘rang. (Hikmatlar 20:18 ni o‘qing.) Balki quyidagi savollarni berib ko‘rarsiz: «Uning kelib chiqishi qanday? Qaysi mavzuni muhokama qilyapsizlar? Ushbu tadqiqdan tadqiq o‘tuvchi nimalarni bilib olishini istayapsiz? Tadqiq paytida nimalar haqida aytsam yoki nimalar haqida aytmasam bo‘ladi? Tadqiq o‘tuvchi ma’nan o‘sishiga nima turtki bo‘lishi mumkin?» Albatta, tadqiq o‘tkazuvchi tadqiq o‘tayotgan kishining hayoti to‘g‘risida shaxsiy ma’lumotlarni aytmaydi, biroq u bo‘lishadigan boshqa har qanday ma’lumot foydali bo‘lishi mumkin. Joy ismli to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y Muqaddas Kitob tadqiqiga taklif qiladigan va’zgo‘ylar bilan shunga o‘xshash suhbat quradi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Bunday suhbat yordamida hamkorim tadqiq o‘tuvchiga qiziqish bildira oladi va tadqiqqa qanday hissa qo‘shishni biladi».

7. Hamkor sifatida nega tadqiqqa tayyorgarlik ko‘rishingiz kerak?

7 Agar sizni tadqiqqa taklif qilishsa o‘tadigan mavzuga tayyorgarlik ko‘rsangiz yaxshi bo‘lardi. (Ezra 7:10) Yuqorida fikr bildirgan Deniel quyidagicha dedi: «Hamkorim tadqiqqa tayyorlangan bo‘lsa, men buni juda qadrlayman. Shunda, u mazmunli fikrlarni bildira oladi». Bundan tashqari, ehtimol, tadqiq o‘tuvchi ikkalangiz ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rganingizni payqaydi va bu unga yaxshi o‘rnak bo‘ladi. Muhokama qilinadigan mavzuga tayyorgarlik ko‘ra olmasangiz, hech bo‘lmasa bir nechta asosiy fikr bilan tanishib chiqsangiz bo‘ladi.

8. Muqaddas Kitob tadqiqida ibodatingiz mazmunli bo‘lishi uchun nima qilsangiz bo‘ladi?

8 Muqaddas Kitob tadqiqida ibodat qilish muhim. Shunday ekan, agar tadqiq o‘tkazadigan va’zgo‘y sizdan ibodat qilishni so‘rasa, nima deb aytishni oldindan o‘ylab qo‘ying. Bu tufayli ibodatingiz yanada mazmunli bo‘lishi mumkin. (Zab. 141:2) Yaponiyada yashovchi Xanae tadqiq o‘tish uchun taklif qilingan bir opamizning ibodatini hali-hanuz eslaydi. U quyidagicha dedi: «Uning Yahova bilan munosabatlari qalin ekanini his qildim hamda u kabi bo‘lishni xohladim. Ismimni tilga olib ibodat qilganida u meni yaxshi ko‘rishini his etardim».

9. Yoqub 1:19 ga ko‘ra, sizni tadqiqqa taklif qilishsa qanday foyda keltira olasiz?

9 Tadqiq o‘tkazuvchiga ko‘maklashing. Nigeriyadagi Omamiyobi ismli maxsus kashshof shunday fikr bildirdi: «Yaxshi hamkor tadqiq davomida diqqat ila tinglaydi. U tadqiq o‘tkazuvchi tadqiq uchun mas’ul ekanini tushunib haddan oshiq ko‘p gapirmaydi, ammo ma’noli qo‘shimchalar bildiradi». Xo‘sh, tadqiq davomida aynan qachon va nima deb aytishingiz kerakligini qayerdan bilishingiz mumkin? (Hik. 25:11) Tadqiq o‘tkazuvchi va tadqiq o‘tuvchi kishi mavzuni muhokama qilayotganda ularni diqqat ila tinglang. (Yoqub 1:19 ni o‘qing.) O‘shandagina o‘rinli bo‘lsa, fikr bildira olasiz. Albatta, mulohazakor bo‘lishingiz kerak. Masalan, haddan oshiq ko‘p gapirmaysiz. Tadqiq o‘tkazuvchi muzokara yuritayotganda uning gapini bo‘lmaysiz yoki boshqa mavzuga o‘tib ketmaysiz. Ammo qisqacha sharh, misol yoki savol yordamida ko‘rib chiqilayotgan fikrni aniq tushunishga yordam berishingiz mumkin. Ba’zida o‘zingizni tadqiqqa unchalik ko‘p hissa qo‘sha olmayotgandek his qilishingiz mumkin. Lekin tadqiq o‘tuvchini maqtab va unga shaxsiy qiziqish ko‘rsatib, u ma’nan o‘sishiga ancha yordam bergan bo‘lasiz.

10. Hayotingizda yuz berganlar bilan bo‘lishish tadqiq o‘tuvchiga qanday yordam berishi mumkin?

10 Hayotingizda bo‘lib o‘tganlar bilan bo‘lishing. Agar o‘rinli bo‘lsa, haqiqatga qanday kelganingiz, qiyinchiliklarni qay yo‘sin yengganingiz yoki Yahovaning qo‘lini hayotingizda qanday ko‘rganingiz haqida tadqiq o‘tuvchiga qisqacha aytib bering. (Zab. 78:4, 7) Bu tadqiq o‘tuvchi aynan eshitishi kerak bo‘lgan ma’lumot bo‘lishi mumkin. Qolaversa, bu imonini mustahkamlashi va suvga cho‘mish uchun ma’nan o‘sishda davom etishiga turtki bo‘lishi hech gap emas. Ehtimol, sizning misolingiz u duch kelayotgan qiyinchilikni qay yo‘sin yengish mumkinligini bilishiga ko‘maklashadi. (1 Butr. 5:9) Braziliyada yashovchi Gebriel hozir kashshof bo‘lib xizmat qiladi, u bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishganda unga nima yordam bergani hali ham esida. U shunday deydi: «Birodarlarning misollarini eshitganimda, Yahova biz duch kelayotgan qiyinchiliklarni ko‘rishini bilib olardim. Agar ular qiyinchiliklarni yenga olishgan bo‘lsa, demak, men ham qila olaman».

TADQIQ O‘TUVCHI YIG‘ILISHLARGA QATNAGANDA

Barchamiz tadqiq o‘tuvchilarni yig‘ilishlarga doim kelishga undashimiz mumkin (11-xatboshiga qarang.)

11, 12. Nima uchun yig‘ilishlarga keladigan tadqiq o‘tuvchini iliq qarshi olishimiz kerak?

11 Tadqiq o‘tuvchi ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishi uchun muntazam ravishda yig‘ilishlarga qatnashishi va ulardan foyda olishi lozim. (Ibron. 10:24, 25) Aytaylik, tadqiq o‘tkazadigan va’zgo‘y uni yig‘ilishga taklif qildi va u keldi. O‘shanda barchamiz uni yig‘ilishlarga kelishda davom etishga undashimiz mumkin. Qiziq, buni qanday qilsa bo‘ladi?

12 Tadqiq o‘tuvchini iliq kutib oling. (Rim. 15:7) Agar tadqiq qiluvchini iliq kutib olsak, bu uning yig‘ilishlarga kelish ehtimolini oshiradi. Uni hijolatga qo‘ymay qarshi oling va boshqalar bilan tanishtiring. Tadqiq o‘tkazuvchi u bilan suhbatlashadi, deb o‘ylamang. Ehtimol, u yig‘ilishga kech qolayotgandir yoki biron-bir vazifa bilan chiqayotgandir. Tadqiq o‘tuvchini diqqat ila tinglang va unga shaxsiy qiziqish ko‘rsating. Xo‘sh, uni iliq qarshi olganingiz unga qanday ta’sir qilishi mumkin? Bir necha yil oldin suvga cho‘mgan, hozirda esa jamoat xizmatkori sifatida xizmat qilayotgan Dmitriy ismli imondoshimizning misoliga diqqat qarating. U ilk bor yig‘ilishga borganini quyidagicha eslaydi: «Yig‘ilish zalining tashqarisida hayajonlanib kutib turgandim. Shunda bitta birodar yonimga kelib meni ichkariga taklif qildi. Ko‘plar men bilan salomlashish uchun yonimga keldi. Bundan juda hayron qoldim. Bu menga juda ham yoqqan edi. Qaniydi haftaning har bir kunida yig‘ilish bo‘lsa, deb o‘ylardim. Oldin hech qayerda bunday tuyg‘uni his etmaganman».

13. Tadqiq o‘tuvchiga o‘rnagingiz qanday ta’sir qilishi mumkin?

13 Yaxshi o‘rnak ko‘rsating. Sizning o‘rnagingiz tadqiq o‘tuvchiga u haqiqatni topganiga ishonchi komil bo‘lishiga ko‘maklashishi mumkin. (Mat. 5:16) Moldaviyada kashshof sifatida xizmat qiladigan Vitaliy quyidagicha bo‘lishdi: «Jamoatdagilarning hayotini, ular nimalar haqida o‘ylashini va xatti-harakatlarini kuzatardim. Bu tufayli Yahovaning Shohidlari chindan ham Xudoning xizmatchilari ekaniga amin bo‘ldim».

14. Qay yo‘sin sizning misolingiz kimningdir ma’nan o‘sishiga yordam berishi mumkin?

14 Suvga cho‘mishga mos kelish uchun tadqiq o‘tuvchi bilib olayotganlarini amalda qo‘llashi kerak. Buni qilish doim ham oson emas. Tadqiq o‘tuvchi Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni hayotingizda qo‘llayotganingizni ko‘rsa, unda sizga taqlid qilish istagi paydo bo‘lishi mumkin. (1 Kor. 11:1) Yuqorida tilga olingan Xanaening misoliga diqqat qarating. U quyidagicha dedi: «Birodar-u opa-singillar men o‘rganayotganlarning tirik misollari edi. Qanday qilib boshqalarga dalda berish, ularni kechirish va sevgini namoyon etish mumkinligini ko‘rardim. Ular doim boshqalar haqida ijobiy gapirardi va men ularga taqlid qilishni istardim».

15. Qay yo‘sin Hikmatlar 27:17 yig‘ilishlarga kelishni boshlaganlar bilan do‘stlashishimiz kerakligini tushunishimizga ko‘maklashyapti?

15 Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tadigan insonlar bilan do‘stlashing. Tadqiq o‘tuvchi yig‘ilishlarga qatnashda davom etar ekan, shaxsiy qiziqish ko‘rsatishda bo‘shashmang. (Filip. 2:4) Uni yaxshiroq tanib-bilishga harakat qilib ko‘rsangiz bo‘ladi. Haddan ortiq shaxsiy savollar bermang, ammo qilayotgan har qanday ijobiy o‘zgarishi uchun maqtab qo‘ying. Tadqiqi, oilasi va ishi haqida so‘rang. Bunday suhbatlar do‘stlik rishtalarini rivojlantirishga ko‘maklashishi mumkin. Tadqiq o‘tuvchi bilan do‘stlashsangiz, ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishiga yordam bera olasiz. (Hikmatlar 27:17 ni o‘qing.) Xanae hozirda doimiy kashshof bo‘lib xizmat qiladi. Yig‘ilishlarga endi kelishni boshlaganini yodga olib, u quyidagicha dedi: «Jamoatdagilar bilan do‘stlashganim sayin yig‘ilishlarni intiqib kutadigan bo‘ldim va hatto charchaganimda ham ularni qoldirmasdim. Yangi do‘stlar davrasida bo‘lishdan quvonardim. Bu menga Yahovaga topinmaydiganlar bilan do‘stlik rishtalarini uzishga yordam berdi. Yahovaga hamda birodar-u opa-singillarga yaqinroq bo‘lishni istardim. Shuning uchun, suvga cho‘mishga qaror qildim».

16. Tadqiq o‘tuvchi jamoatda o‘zini bemalol his qilishi uchun yana nima qilsangiz bo‘ladi?

16 Tadqiq o‘tuvchi ma’nan o‘sishda va o‘zgarishlar qilishda davom etar ekan, u ham o‘zini jamoat a’zosiday his qilishiga ko‘maklashing. Buni mehmondo‘st bo‘lish orqali ko‘rsata olasiz. (Ibron. 13:2) Moldaviyada xizmat qiluvchi Denis tadqiq o‘tgan paytlarini eslab quyidagicha dedi: «Turmush o‘rtog‘im va meni imondoshlar bilan birga vaqt o‘tkazishga bir necha marotaba taklif qilishgan. Yahova ularga qay yo‘sin yordam berganini aytib berishardi. Bundan dalda olardik. O‘sha voqealar bizga Yahovaga xizmat qilish istagimizni kuchaytirishga va kelajakda ajoyib hayot kutayotganiga amin bo‘lishimizga ko‘maklashgan». Tadqiq o‘tuvchi va’zgo‘y bo‘lish uchun talablarga mos kelsa, uni ham xizmatda hamkorlik qilishga taklif qilsangiz bo‘ladi. Braziliyada yashovchi Diego ismli va’zgo‘y shunday dedi: «Ko‘pgina birodarlar meni xizmatga taklif etishardi. Bu ular bilan yaqinroq tanishishning eng yaxshi yo‘li edi. Shunday qilib, men juda ko‘p narsani o‘rgandim va Tangri Yahova hamda Isoga yanada yaqin bo‘lganimni his etdim».

OQSOQOLLARNING KO‘MAGI

Oqsoqollar, samimiy qiziqishingiz tadqiq o‘tuvchi ma’nan o‘sishiga turtki bo‘lishi mumkin (17-xatboshiga qarang.)

17. Qay yo‘sin oqsoqollar tadqiq o‘tuvchilarga yordam bera oladi?

17 Tadqiq o‘tuvchilarga vaqt ajrating. Oqsoqollar, tadqiq o‘tuvchilarga sevgi ila ko‘rsatgan qiziqishingiz ular ma’nan o‘sib suvga cho‘mishiga yordam berishi mumkin. Yig‘ilishlarga keladigan tadqiq o‘tuvchilar bilan muntazam ravishda suhbatlashsangiz bo‘ladi. Ularning ismini esingizda saqlasangiz — ayniqsa sharh berishganida — shaxsiy qiziqishingizni his qilishadi. Va’zgo‘y biron kishi bilan tadqiq o‘tsa, u bilan tez-tez hamkorlik qilish uchun jadvalingizga o‘zgarishlar kiritsangiz bo‘ladi. Siz tadqiq o‘tuvchiga hatto xayolingizga keltirmagan tarzda yordam berishingiz hech gap emas. Nigeriyada yashovchi Jeki ismli kashshof quyidagicha bo‘lishdi: «Ko‘pgina tadqiq o‘tuvchilar men bilan birga hamkorlik qilayotgan birodar oqsoqol ekanini bilib hayron qoladi. Tadqiq o‘tuvchilardan biri: “Mening cherkovimdagi ruhoniy hech qachon bunday qilmagan bo‘lardi. U faqat boy kishilarnikiga va pul to‘lashga qurbi yetadigan insonlarnikiga boradi”,— deb aytdi». O‘sha tadqiq o‘tuvchi hozirda yig‘ilishlarga qatnaydi.

18. Qanday qilib oqsoqollar Havoriylar 20:28 dagi so‘zlarga amal qila olishadi?

18 Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazadigan va’zgo‘ylarga ta’lim va dalda bering. Aziz oqsoqollar, va’zgo‘ylar xizmatda, jumladan, Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishda samarali bo‘lishlariga yordam berish kabi muhim mas’uliyatga egasiz. (Havoriylar 20:28 ni o‘qing.) Agar va’zgo‘y yoningizda Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishga tortinsa o‘zingiz tadqiqni o‘tkazishni taklif qilib ko‘ring. Yuqorida tilga olingan Jeki shunday dedi: «Oqsoqollar doim mendan tadqiq o‘tuvchilarim haqida so‘rab turishadi. Tadqiq o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelsam, ular menga amaliy maslahat berishadi». Darhaqiqat, oqsoqollar Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazuvchi va’zgo‘ylarga dalda va turtki berishda katta hissa qo‘sha oladi. (1 Salon. 5:11) Jeki quyidagilarni qo‘shib qo‘ydi: «Oqsoqollar menga dalda berganda va mehnatim juda qadrli ekanini aytganda suyunib ketaman. Bu kabi so‘zlar jazirama kundagi muzday suvdek menga kuch baxsh etadi. Ularning maqtovidan ishonchim ortadi va Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazishdan yanada ko‘proq quvonaman». (Hik. 25:25)

19. Barchamiz nimadan quvonishimiz mumkin?

19 Garchi hozirda ba’zilarimiz Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazmasak-da, kimgadir ma’nan o‘sishga yordam bera olamiz. Tadqiq paytida haddan ortiq ko‘p gapirmasdan, yaxshi tayyorlangan fikrlarimiz yordamida tadqiq o‘tkazuvchini qo‘llab-quvvatlay olamiz. Tadqiq o‘tuvchilar Yig‘ilish zaliga kelganda, ularga xushmuomala bo‘lib yaxshi o‘rnak ko‘rsatishimiz mumkin. Oqsoqollar ham Kalomni tadqiq qilayotganlarga vaqt ajratish va tadqiq o‘tkazayotganlarga ta’lim berish hamda maqtash orqali dalda bera oladi. Kimgadir Otamiz Yahovani sevib, Unga xizmat qilishga yordam berishda kichik bo‘lsa-da hissa qo‘shish ulkan quvonch keltiradi, shunday emasmi?

79-QO‘SHIQ Pok qalbga sobit qolishni o‘rgataylik

^ 5- x.b. Hozirda ba’zilarimizda Muqaddas Kitob tadqiqlari yo‘q. Biroq barchamiz kimningdir ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishiga yordam bera olamiz. Ushbu maqolada Kalomni o‘rganayotgan kishi mazkur maqsadga erishishiga qay yo‘sin har birimiz yordam bera olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.