Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

13-TADQIQ MAQOLASI

Qay yo‘sin Yahova sizni himoya qiladi?

Qay yo‘sin Yahova sizni himoya qiladi?

Yahova sadoqatli kishilarni himoya qiladi. ZAB. 31:23

124-QO‘SHIQ Vafodormiz

BU MAQOLADA *

1. Nega Iso Yahovadan shogirdlarini himoya qilishni so‘ragan?

YER YUZDAGI hayotining so‘nggi kechasida Iso shogirdlari duch keladigan qiyinchiliklar borasida o‘ylagan. Iso do‘stlarini sevgani uchun, Otasidan «ularni dunyodan olishini emas, balki Shaytondan himoyalashini» iltimos qilgan. (Yuhan. 17:14, 15) Iso osmonga qaytgandan so‘ng, Shayton Iblis Yahovaga xizmat qilmoqchi bo‘lgan har bir insonga qarshi chiqishda davom etishini bilgan. Shu bois, Yahovaning xalqi himoyaga muhtoj edi.

2. Qanday qilib Yahova ibodatlarimizga javob berishiga amin bo‘lishimiz mumkin?

2 Yahova O‘g‘lini sevgani uchun uning ibodatiga javob berdi. Yahovani mamnun qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilsak, U ham bizni yaxshi ko‘radi va yordam hamda himoya so‘rab qilgan ibodatimizni eshitadi. Yahova g‘amxo‘r oila Boshi sifatida sevikli farzandlariga g‘amxo‘rlik qilishda davom etadi. Zero, bu Uning ismi, ya’ni obro‘si bilan bog‘liq.

3. Nima uchun Yahovaning himoyasiga muhtojmiz?

3 Biz Yahovaning himoyasiga har qachongidan ham ko‘proq muhtojmiz. Shayton osmondan uloqtirib yuborilgan va «mudhish qahr-g‘azab»ga to‘lgan. (Vah. 12:12) U ba’zi insonlar bizga qarshilik ko‘rsatishganida Xudoga muqaddas xizmatni bajaryapmiz, deb o‘ylashga undayapti. (Yuhan. 16:2) Xudoga ishonmaydigan yana boshqalar esa bu dunyoga uyg‘unlashmaganimiz sababli bizni ta’qib qilishadi. Qanday bo‘lmasin, aslo qo‘rqmaymiz. Nega? Chunki Muqaddas Kitobda: «Yahova sadoqatli kishilarni himoya qiladi», — deb yozilgan. (Zab. 31:23) Qay yo‘sin Yahova bizni himoya qiladi? Keling, buning ikkita yo‘lini ko‘rib chiqamiz.

YAHOVA BIZGA QUROL-ASLAHALARNI TAQDIM ETMOQDA

4. Efesliklarga 6:13–17 ga ko‘ra, Yahova bizni himoya qilish uchun nimalarni taqdim etgan?

4 Yahova Shaytonning hujumlaridan himoyalana olishimiz uchun bizga kerak bo‘ladigan barcha qurol-aslahalarni taqdim etgan. (Efesliklarga 6:13–17 ni o‘qing.) Mazkur ma’naviy qurol-aslahalar mustahkam va samaralidir. Lekin ular bizni himoyalashini xohlasak, har biridan foydalanishimiz kerak. Xo‘sh, ularning har biri nimani bildiradi? Keling, buni ko‘rib chiqamiz.

5. Haqiqat kamari nimani anglatadi va nega uni bog‘lab yurishimiz kerak?

5 Haqiqat kamari Xudoning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni anglatadi. Nega bu kamarni bog‘lab olishimiz kerak? Sababi, Shayton «yolg‘onning otasidir». (Yuhan. 8:44) Mana bir necha ming yildirki, u yolg‘on gapirib, «butun yer yuzini» yo‘ldan ozdirib kelyapti. (Vah. 12:9) Biroq Muqaddas Kitobdagi haqiqatlar bizni aldanib qolishdan himoya qilyapti. (Yuhan. 4:24; Efes. 4:25; Ibron. 13:18)

Kamar: Xudoning Kalomidagi haqiqatlar

6. Odillik sovuti nimani anglatadi va nega biz uni kiyib yurishimiz lozim?

6 Odillik sovuti Yahovaning adolatli me’yorlarini bildiradi. Xo‘sh, nega uni kiyib yurishimiz kerak? Sovut askarning tom ma’nodagi yuragini o‘qlardan himoya qilganiday, odillik sovuti ramziy qalbimizni, ya’ni ichimizdagi insonni ushbu dunyoning yovuz ta’siridan himoya qiladi. (Hik. 4:23) Tangri Yahova Uni yaxshi ko‘rishimizni va butun qalbimiz bilan xizmat qilishimizni kutadi. (Mat. 22:36, 37) Shuning uchun, Shayton ushbu qalbimizni bo‘lishga urinyapti. U dunyo taklif qilayotgan va Yahova nafratlanadigan narsalarga mehr qo‘yishimiz orqali bunga erishmoqchi. (Yoqb. 4:4; 1 Yuhan. 2:15, 16) Agar bu ish bermasa, u Yahovaning me’yorlarini buzishimiz uchun harakat qiladi.

Sovut: Yahovaning adolatli me’yorlari

7. Qay yo‘sin odillik sovutini kiyib yura olamiz?

7 Yahovaning nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasida o‘rnatgan me’yorlarini qabul qilish va ular bo‘yicha hayot kechirish orqali odillik sovutini kiyib yura olamiz. (Zab. 97:10) Ehtimol, ba’zilar uchun Yahovaning me’yorlari erkinligimizni chegaralab qo‘yadiganday tuyulishi mumkin. Lekin Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga amal qilmay qo‘ysak, biz shunchaki og‘ir tuyulgani sababli, jang qizigan mahal sovutini tashlab yuboradigan askarga o‘xshab qolamiz. Bu naqadar nodonlik! Yahovani sevadiganlar uchun «Uning amrlari og‘ir emas», aksincha hayotbaxshdir. (1 Yuhan. 5:3)

8. Xushxabarni va’z qilishga tayyorlikni poyabzal kabi kiyib olish nimani anglatadi?

8 Bundan tashqari, Pavlus tinchlik haqidagi xushxabarni va’z qilishga tayyorlikni oyoqlarimizga poyabzal kabi kiyishga undagan. Boshqacha qilib aytganda, Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilishga doim tayyor bo‘lishimiz kerak. Muqaddas Kitobdagi xabarlarni boshqalarga aytganimizda imonimiz mustahkamlanadi. Dunyo bo‘ylab Yahovaning xalqi xushxabarni va’z qilish imkoniyatlarini izlayotganini ko‘rish chindan ham daldali. Masalan, ular maktabda, ishda, uyma-uy yoki odamlarning ish joyida, bozorda, Yahovaga xizmat qilmaydigan qarindoshlarinikiga tashrif buyurganida yo bo‘lmasa tanishlari bilan suhbatlashganda va’z qilishadi. Bordi-yu, qo‘rquvga berilib va’z qilmay qo‘ysak, jang paytida poyabzalini yechib qo‘yadigan askarga o‘xshab qolamiz. Bunday askarning oyoqlari tezda jarohatlanadi. Oqibatda, u hujum paytida o‘zini himoyalashga qiynaladi va komandirining yo‘l-yo‘riqlariga amal qila olmaydi.

Poyabzal: xushxabarni va’z qilishga tayyorlik

9. Nima uchun katta imon qalqonimizni olib yurishimiz kerak?

9 Katta imon qalqoni Yahovaga bo‘lgan imonimizni bildiradi. U barcha va’dalarini amalga oshirishiga ishonamiz. Imon bizga Shaytonning barcha olovli o‘qlarini o‘chira olishimizga ko‘maklashadi. Nima uchun bu katta qalqonni olib yurishimiz kerak? Chunki u bizni murtadlarning soxta ta’limotlaridan va boshqa odamlar tanqid qilganda ruhimiz tushishidan himoyalaydi. Imonimiz bo‘lmasa, boshqalar bizni Yahovaning me’yorlarini buzishga bosim o‘tkazganda kuchsiz bo‘lamiz. Lekin har safar ishxonada yoki maktabda Yahova yoqtirmaydigan biron nimani qilishdan bosh tortganimizda imonimiz bizni himoyalaydi. (1 Butr. 3:15) Yoki ko‘proq pul to‘lanadigan, ammo Yahovaga xizmat qilishimizga xalaqit beradigan ishni rad etganimizda, imonimiz bizni himoyalaydi. (Ibron. 13:5, 6) Shuningdek, Yahovaga ta’qiblarga qaramay xizmat qilganimizda ham imonimiz bizni himoyalaydi. (1 Salon. 2:2)

Qalqon: Yahovaga va Uning va’dalariga bo‘lgan imon

10. Najot dubulg‘asi nima va nega uni kiyib yurishimiz kerak?

10 Najot dubulg‘asi Yahova bizga berayotgan umidni anglatadi. Hatto o‘limga duch kelsak ham bu Xudo bizni qutqarishiga va Uning irodasini bajarayotganlarni mukofotlashiga bo‘lgan umiddir. (1 Salon. 5:8; 1 Tim. 4:10; Titus. 1:1, 2) Tom ma’nodagi dubulg‘a askarning boshini himoya qilgani kabi najot dubulg‘asi fikrlash qobiliyatimizni himoyalaydi. Qanaqasiga? Bu umid tufayli Xudoning va’dalariga diqqat qaratamiz va muammolarimizga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lamiz. Xo‘sh, bu dubulg‘ani qay yo‘sin kiyib yursak bo‘ladi? Fikrlarimizni Xudoning fikrlari bilan uyg‘un qilsak, uni kiyishda davom etamiz. Masalan, bevafo boylikka emas, balki Xudoga umid qilamiz. (Zab. 26:2; 104:34; 1 Tim. 6:17)

Dubulg‘a: abadiy yashash umidi

11. Muqaddas ruhning qilichi nimani anglatadi va nega undan foydalanishimiz darkor?

11 Muqaddas ruhning qilichi bu Xudoning Kalomi — Muqaddas Kitob. Bu qilich soxta ta’limotlar va zararli odatlar qulligida bo‘lgan odamlarning har qanday yolg‘onini chopib tashlash kuchiga ega. (2 Kor. 10:4, 5; 2 Tim. 3:16, 17; Ibron. 4:12) Shaxsiy tadqiq va Xudoning tashkilotidan olayotgan ta’lim orqali bu qilichdan o‘rinli tarzda foydalanishga o‘rganyapmiz. (2 Tim. 2:15) Qurol-aslahalardan tashqari, Tangri Yahova bizga yana bir turdagi himoyani taqdim etgan. Qiziq, bu nima?

Qilich: Xudoning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob

BIZ YOLG‘IZ KURASHMAYMIZ

12. Yana nima qilishimiz kerak va nega?

12 Tajribali askar shuni biladiki, u katta qo‘shin bilan yakka o‘zi kurashsa, muvaffaqiyatga erisha olmaydi. U boshqa safdoshlarining ko‘magiga muhtoj. Shu singari, Shayton va uning tarafdorlariga yolg‘iz o‘zimiz bas kela olmaymiz. Birodar-u opa-singillarimizning yordamiga muhtojmiz. Yahova butun dunyo bo‘ylab imondoshlarni taqdim etdi va ular doim biz uchun yordamga tayyor. (1 Butr. 2:17)

13. Ibroniylarga 10:24, 25 ga binoan, yig‘ilishlarga qatnash qanday foyda keltiradi?

13 Bunday yordamga ega bo‘lishning bir yo‘li yig‘ilishlarga qatnashdir. (Ibroniylarga 10:24, 25 ni o‘qing.) Barchamiz ba’zida tushkunlikka tushamiz. Agar shunday bo‘lsa, jamoat uchrashuvlari ko‘nglimizni ko‘tarishi mumkin. Birodar-u opa-singillarimizning samimiy sharhlari bizga kuch baxsh etadi. Muqaddas Kitobga asoslangan nutqlar va namoyishlar Yahovaga xizmat qilish qarorimizni yanada mustahkamlaydi. Yig‘ilishdan oldin yoki keyin quriladigan ma’naviy suhbatlar bizga dalda baxsh etadi. (1 Salon. 5:14) Bundan tashqari, yig‘ilishlar boshqalarga yordam berishdan quvonch his etish kabi imkoniyatni taqdim etadi. (Havor. 20:35; Rim. 1:11, 12) Yig‘ilishlarimiz bizga boshqa tarafdan ham ko‘maklashadi. Ular va’z qilishga va ta’lim berishda samarali bo‘lishimizga yordam beradi. Masalan, yig‘ilishlarimizda «Ta’lim berish “qutimizdagi” asboblar»dan foydalanishni o‘rganamiz. Shunday ekan, yig‘ilishlarga puxta tayyorgarlik ko‘ring. Yig‘ilish paytida diqqat ila tinglang. So‘ng esa olgan ta’limingizni amalda qo‘llang. Bunday yo‘l tutib «Iso Masihning yaxshi askari»ga aylanasiz. (2 Tim. 2:3)

14. Yana qanday yordam olishimiz mumkin?

14 Biz, shuningdek, millionlab qudratli farishtalarning yordamiga egamiz. (Ishayo 37:36) Birgina farishtaning o‘zi nimalarga qodir ekani haqida bir o‘ylab ko‘ring. Endi esa farishtalarning ulkan qo‘shini nimalar qila olishini ko‘z oldingizga keltiring. Hech qanday odam yoki jin Yahovaning qudratli qo‘shiniga bas kela olmaydi. Bitta sadoqatli xizmatchining yonida Yahova bo‘lsa, ular ko‘pchilikni tashkil qiladi. (Hak. 6:16) Bu haqiqat, shunday emasmi? Hamkasbingiz, maktabdoshingiz yoki haqiqatda bo‘lmagan qarindoshingiz so‘zi yoki ishi bilan sizni ranjitganida, mazkur fikrlarni yodda tuting. Unutmangki, bu jangda yolg‘iz emassiz. Siz Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilyapsiz.

YAHOVA BIZNI HIMOYA QILISHDA DAVOM ETADI

15. Ishayo 54:15, 17 ga binoan, nima uchun Xudoning xalqi va’z qilishdan to‘xtamayapti?

15 Shaytonning boshqaruvi ostidagi bu dunyoda nafratga duch kelayotganimizning ko‘pgina sabablari bor. Masalan, qat’iy betaraflikni saqlaymiz va qo‘limizga qurol olmaymiz. Xudoning ismini va’z qilamiz, faqatgina Shohlik tinchlik keltirishiga ishonamiz va Uning adolatli me’yorlariga bo‘ysunamiz. Biz bu dunyoning hokimi o‘taketgan yolg‘onchi va qotil ekanini oshkor etyapmiz. (Yuhan. 8:44) Bundan tashqari, Shaytonning dunyosi tez orada yo‘q bo‘lishini e’lon qilyapmiz. Lekin Shayton va uning tarafdorlari bizni va’z qilishdan to‘xtatishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Darhaqiqat, buning uchun qo‘limizdan kelgan barchasini qilib Yahovani sharaflashda davom etamiz. Shayton qudratli bo‘lsa ham Shohlik haqidagi xushxabar butun dunyo bo‘ylab tarqalayotganiga to‘sqinlik qila olmayapti. Bu faqatgina Yahova berayotgan himoya tufayli amalga oshmoqda. (Ishayo 54:15, 17 ni o‘qing.)

16. Qay yo‘sin Yahova buyuk musibat paytida xalqini qutqarib qoladi?

16 Kelajakda nimalar yuz beradi? Buyuk musibat paytida Yahova ikkita ajoyib yo‘l orqali bizni qutqaradi. Birinchidan, U yer yuzi shohlarini soxta din imperiyasi bo‘lmish Buyuk Bobilni vayron qilishga undagan paytda sadoqatli xizmatchilarini qutqaradi. (Vah. 17:16–18; 18:2, 4) Ikkinchidan, Alloh Shayton dunyosining qolgan qismini Armageddonda yo‘q qilib yuborganda, xalqini qutqarib qoladi. (Vah. 7:9, 10; 16:14, 16)

17. Yahovaga xizmat qilish bizga qanday foyda keltiradi?

17 Yahovaga yaqin bo‘lib qolsak, Shayton bizga abadiy davom etadigan zarar yetkaza olmaydi. Uning o‘zi abadiy yo‘q bo‘lib ketadi. (Rim. 16:20) Shu bois, barcha qurol-aslahalardan foydalaning va ularni aslo yechib tashlamang! Bu jangda yolg‘iz kurashishga harakat qilmang. Birodar-u opa-singillaringizni qo‘llab-quvvatlang. Tangri Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qiling. Shunday qilsangiz, sevuvchi samoviy Otangiz sizni mustahkamlab, himoya qilishiga ishonchingiz komil bo‘ladi. (Ishayo 41:10)

149-QO‘SHIQ G‘alaba qo‘shig‘i

^ 5- x.b. Muqaddas Kitobda Yahova bizni mustahkamlashini va nafaqat ma’naviy, balki abadiy davom etadigan har qanday zarardan ham himoyalashini va’da bermoqda. Ushbu maqolada quyidagi savollarga javob topamiz. Nega bu himoyaga muhtojmiz? Yahova bizni qay yo‘sin himoya qiladi? Bu taklif qilingan yordamdan foyda olish uchun nima qilishimiz kerak?