Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12-TADQIQ MAQOLASI

Sevgi nafratni yengishga ko‘maklashadi

Sevgi nafratni yengishga ko‘maklashadi

Mening sizlarga amrim shu: bir-biringizni seving. Bordi-yu, dunyo sizlardan nafratlansa, bilingki, sizlardan avval u mendan nafratlangan. YUHAN. 15:17, 18

129-QO‘SHIQ Chidam bilan chopaylik

BU MAQOLADA *

1. Matto 24:9 ga binoan, nega dunyo bizdan nafratlanganida hayron qolmaymiz?

TANGRI YAHOVA bizni sevish va sevilish uchun yaratgan. Ehtimol, kimdir bizdan nafratlansa, bu bizga og‘ir botishi va hatto qo‘rqib qolishimiz mumkin. Yevropada yashovchi Jorjina * shunday dedi: «14 yoshligimda Yahovaga xizmat qilayotganim uchun onam mendan nafratlanardi. Men o‘zimni keraksizday his qilardim va yaxshi insonligimdan shubhalanardim». Danilo ismli birodar quyidagicha yozdi: «Yahovaning Shohidi bo‘lganim uchun askarlar meni urib, tan jarohati yetkazishgandi va do‘q-po‘pisa qilishgandi. Menda qo‘rquv paydo bo‘ldi va o‘zimni kamsitilganday his qilgandim». Ha, bunday nafratga duch kelish og‘ir botadi, ammo hayron qolmaymiz. Iso biz nafratga yo‘liqishimizni bashorat qilgan. (Matto 24:9 ni o‘qing.)

2, 3. Nima uchun Isoning izdoshlaridan nafratlanishadi?

2 Dunyo Isoning izdoshlaridan nafratlanadi. Nega? Chunki Iso kabi biz ham bu dunyoga tegishli emasmiz. (Yuhan. 15:17–19) Shu sababdan, hukmron hokimiyatni hurmat qilsak-da, ularga yoki ularni aks ettiruvchi ramzlarga sajda qilmaymiz. Biz Yahovaga mutlaq sadoqatni saqlaymiz. Alloh butun insoniyat ustidan boshqarish huquqiga ega ekanini tan olamiz. Shayton va uning «zurriyoti» esa buni qat’iyan rad etishyapti. (Ibt. 3:1–5, 15) Insoniyatning yagona umidi — Xudoning Shohligi ekani hamda bu Shohlik unga qarshi chiqadigan barchani yo‘q qilishi haqida va’z qilamiz. (Don. 2:44; Vah. 19:19–21) Bu kamtar insonlar uchun xushxabarni, yovuzlar uchun esa noxush xabarni anglatadi. (Zab. 37:10, 11)

3 Qolaversa, Xudoning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashaganimiz tufayli bizdan nafratlanishadi. Ular axloqan razillashib borayotgan dunyoning me’yorlaridan butunlayin farq qiladi. Masalan, bugungi kunda ko‘pgina odamlar axloqsiz ishlarni ochiqdan-ochiq ma’qullashyapti. Bir vaqtlar Sado‘m va G‘amo‘radagi aholi ham xuddi shunday yo‘l tutgan. (Yahd. 7) Xudo ularni bunday uyatsiz ishlari uchun yo‘q qilgan edi. Bunday ishlar borasida biz Muqaddas Kitobdagi me’yorlarga itoatli bo‘lganimiz uchun ko‘p odamlar bizni masxara qiladi va fanat deb ataydi. (1 Butr. 4:3, 4)

4. Odamlar bizdan nafratlanganda qaysi fazilatlar yordamida kuchli bo‘la olamiz?

4 Odamlar bizdan nafratlanib, tan jarohat yetkazishganda sabr-bardoshli bo‘lishimizga nima yordam berishi mumkin? Yahova bizni qo‘llab-quvvatlashiga qattiq ishonishimiz kerak. Qalqon singari imonimiz «Shaytonning barcha olovli o‘qlarini o‘chirishimizga» yordam berishi mumkin. (Efes. 6:16) Biroq imonning o‘zi yetarli emas. Bizga sevgi ham kerak. Nima uchun? Chunki sevgi «achchiqlanmaydi». U hamma narsani ko‘taradi, hamma narsaga chidaydi. (1 Kor. 13:4–7, 13) Keling, Yahova, imondoshlar va hatto bizga dushmanlik qilayotganlarga bo‘lgan sevgi biz duch keladigan nafratni yengishimizga qay yo‘sin yordam berishini ko‘rib chiqaylik.

YAHOVAGA BO‘LGAN SEVGI NAFRATNI YENGISHGA KO‘MAKLASHADI

5. Qay yo‘sin Isoning Otasiga bo‘lgan sevgisi unga kuch baxsh etdi?

5 Dushmanlari Isoni o‘limga mahkum etishdan oldingi kecha u sadoqatli izdoshlariga Otasini sevgani uchun U «buyurganiday qilayotganini» aytgan. (Yuhan. 14:31) Isoning Yahovaga bo‘lgan sevgisi uni oldinda kutayotgan qiyinchiliklarda kuchli bo‘lishiga yordam bergan. Yahovaga bo‘lgan sevgimiz bizga ham xuddi shunday ko‘maklashadi.

6. Rimliklarga 5:3–5 ga binoan, Yahovaning Shohidlari bu dunyoning nafratini yengish haqida qanday fikrda?

6 Yahovaga bo‘lgan sevgi Uning xizmatchilariga quvg‘unlarda sabr-bardoshli bo‘lishga doim yordam bergan. Misol uchun, kuchli ta’sirga ega bo‘lgan yahudiylarning oliy mahkamasi havoriylarga va’z etishni to‘xtatishni buyurganida, ularning Xudoga bo‘lgan sevgisi «odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunishga» undagan. (Havor. 5:29; 1 Yuhan. 5:3) Hozir ham bu kabi mustahkam sevgi imondoshlarimizga kuch baxsh etmoqda. Ularning ko‘pi beshafqat va qudratli hukumatlarning ta’qiblariga qaramay, mahkam qolmoqda. Dunyoning nafratiga sabr-bardosh qilishni sharaf deb bilamiz va tushkunlikka tushmaymiz. (Havor. 5:41; Rimliklarga 5:3–5 ni o‘qing.)

7. Oila a’zolarimiz bizga qarshi chiqqanda qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?

7 Duch kelishimiz mumkin bo‘lgan eng og‘ir sinovlardan biri — oila a’zolarimiz tomonidan qarshiliklarga uchrash. Haqiqatga qiziqish bildira boshlaganimizda, oila a’zolarimizning ba’zilari bizni aldangan, deb o‘ylashi hech gap emas. Boshqalar esa bizni aqldan ozgan, deb o‘ylashi mumkin. (Mark 3:21 ni solishtiring.) Ular hatto bizni beshafqatlarcha ta’qib qilishi turgan gap. Bunday salbiy munosabatdan hayron qolmasligimiz kerak. Iso: «Odamning uydagilari unga dushman bo‘lishadi»,— deb aytgan. (Mat. 10:36) Albatta, qarindoshlarimiz bizga qanday nuqtai nazarda bo‘lmasin, ularga dushmanlarday muomala qilmaymiz. Aksincha, Yahovaga bo‘lgan sevgimiz o‘sgani sayin yaqinlarimizga bo‘lgan sevgi ham kuchayadi. (Mat. 22:37–39) Biroq kimningdir ko‘nglini topaman, deb Muqaddas Kitobdagi qonun va prinsiplarga itoatli bo‘lishni bas qilmaymiz.

Muayyan vaqt davomida qiynalayotgandirmiz. Ammo tasalli va kuch berish uchun Yahova doim yonimizda bo‘ladi (8–10-xatboshilariga qarang.)

8, 9. Jorjinaga qattiq qarshiliklar ostida mahkam bo‘lib qolishga nima yordam berdi?

8 Yuqorida tilga olingan Jorjina onasining qattiq qarshiliklariga qaramay, haqiqatda mahkam tura oldi. U shunday deb bo‘lishdi: «Onam ikkimiz Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladik. Biroq olti oy o‘tgach, yig‘ilishlarga qatnashni istaganimda, onamning munosabati butunlayin o‘zgardi. Onam murtadlar bilan gaplashayotganini bilib qoldim va men bilan suhbatlashganida ham ularning tuhmatlarini keltirardi. Bundan tashqari, u meni haqorat qilgan, sochimni yulib do‘pposlagan, adabiyotlarimizni tashlab yuborgan. 15 yoshga kirgach, suvga cho‘mdim. Yahovaga boshqa xizmat qilmasligim uchun onam meni internatga bergan. U yerdagi ba’zilar giyohvand va jinoyatchi edi. Ta’qiblar sizni yaxshi ko‘rishi va g‘amxo‘rlik qilishi kerak bo‘lgan inson tarafidan bo‘lsa, sabr-bardosh qilish ayniqsa qiyin».

9 Jorjinaga sabr-bardoshli bo‘lishga nima yordam berdi? U quyidagicha bo‘lishdi: «Onam menga qarshi chiqqan kun Muqaddas Kitobni to‘liq o‘qib chiqqan edim. O‘shanda haqiqatni topganimga amin bo‘ldim va Yahovaga yanada yaqinlashganimni his etdim. Unga tez-tez ibodat qilardim va U meni tinglardi. Internatda yashayotganimda bir opa meni uyiga taklif qildi va biz Muqaddas Kitobni birgalikda tadqiq qildik. O‘sha paytlarda Yig‘ilish zalida birodar-u opa-singillar menga kuch baxsh etardi. Ular meni o‘z oila a’zosiday ko‘rardi. Menga qarshi chiqayotganlar kim bo‘lishidan qat’i nazar, Yahova ulardan kuchliroq ekanini yaqqol ko‘rdim».

10. Tangrimiz Yahova nima qilishiga amin bo‘la olamiz?

10 Havoriy Pavlusning aytganiga binoan, hech narsa bizni «Xudoning sevgisidan judo qilishga qodir emas. U sevgisini Hazratimiz Iso Masih orqali ko‘rsatgan». (Rim. 8:38, 39) Garchi muayyan vaqt davomida azob cheksak-da, Yahova bizning tomonimizda turib, dalda va kuch beradi. Jorjinaning vaziyatidan ko‘rganimizdek, Yahova qadrli ma’naviy oilamiz orqali ham bizga yordam beradi.

IMONDOSHLARGA BO‘LGAN SEVGI NAFRATNI YENGISHGA KO‘MAKLASHADI

11. Iso Yuhanno 15:12, 13 da tilga olgan sevgi shogirdlariga qanday yordam bergan? Misol keltiring.

11 O‘limidan bir kecha oldin Iso shogirdlariga bir-birini sevishni eslatgan. (Yuhanno 15:12, 13 ni o‘qing.) Iso ular fidoyi sevgi yordamida birlikda qolishlarini va dunyoning nafratini yenga olishlarini bilgan. Keling, Salonikadagi jamoatdagilarning misolini ko‘rib chiqaylik. O‘sha jamoat tashkil topganidan boshlab uning a’zolari ta’qiblarga duch kelgan. Lekin ular benuqsonlikni saqlashda va sevgi namoyon etishda o‘rnak bo‘lishgan. (1 Salon. 1:3, 6, 7) Pavlus ularni sevgi ko‘rsatishda davom etishga va hatto buni yanada ko‘proq qilishga rag‘batlantirgan. (1 Salon. 4:9, 10) Sevgi ularni ruhi tushganlarga tasalli berishga va kuchsizlarga yordamlashishga undagan. (1 Salon. 5:14) Ular Pavlusning maslahatlariga amal qilishgan. Shu bois, taxminan bir yil o‘tgach, Pavlus ularga ikkinchi maktubini yozganida quyidagi so‘zlarni ayta olgan: «Har biringizning hamda barchangizning o‘zaro sevgingiz ortib boryapti». (2 Salon. 1:3–5) Sevgi ularga qiyinchiliklar-u ta’qiblarda sabr-bardoshli bo‘lishga ko‘maklashgan.

Masihiylarga xos sevgi nafratni yengishimizga ko‘maklashadi (12-xatboshiga qarang.) *

12. Urush paytida bir mamlakatdagi imondoshlar o‘zaro sevgini qay yo‘sin namoyon etdi?

12 Yuqorida tilga olingan Danilo va turmush o‘rtog‘ining misoliga diqqat qarataylik. Mamlakatidagi urush ularning shahrigacha yetib kelganda ham ular yig‘ilishlarga qatnashda va qo‘ldan kelgancha va’z qilishda davom etishgan. O‘zlarida bor oziq-ovqatni birodar-u opa-singillari bilan bo‘lishishgan. Bir kuni Daniloning uyiga qurollangan askarlar bostirib kirishgan. U quyidagicha so‘zlab berdi: «Ular meni imondan qaytishga majburlamoqchi edi. Bunday qilmasligimni aytganimda, ular meni do‘pposladi va boshim tepasidan o‘q uzib o‘ldirmoqchiday bo‘ldi. Uyimizdan ketishdan avval, ular qaytib kelib xotiningni zo‘rlaymiz, deb bizni qo‘rqitdi. Lekin imondoshlarimiz zudlik bilan bizni poezdga o‘tkazib boshqa shaharga ketishimizga yordam berdi. O‘sha aziz birodarlarimizning bizga ko‘rsatgan sevgisini aslo unutmayman. Yangi shaharga kelganimizda mahalliy imondoshlarimiz bizga oziq-ovqat berdi hamda ish va uy topishimga ko‘maklashdi. Natijada, urush bo‘layotgan hududlardan qochib kelgan imondoshlarimizga uyimizdan joy bera oldik». Bu kabi vaziyatlar oramizdagi sevgi bizga nafratni yengishga ko‘maklashayotganini ko‘rsatyapti.

DUSHMANLARIMIZGA BO‘LGAN SEVGI NAFRATNI YENGISHGA KO‘MAKLASHADI

13. Hatto odamlar bizdan nafratlansa ham qanday qilib muqaddas ruh Yahovaga xizmat qilishni davom ettirishimizga ko‘maklashadi?

13 Iso izdoshlariga: «Dushmanlaringizni sevinglar»,— deb aytgan. (Mat. 5:44, 45) Xo‘sh, bunday qilish osonmi? Albatta, yo‘q. Lekin Yahovaning muqaddas ruhi yordamida buning imkoni bor. Bu muqaddas ruh samarasi sevgi hamda sabr-toqat, mehribonlik, muloyimlik va o‘zini tuta bilishdan iborat. (Galat. 5:22, 23) Bu fazilatlar yordamida nafratni yenga olamiz. Oldin qarshilik ko‘rsatgan ko‘plar Yahovaga xizmat qiladigan eri, xotini, farzandi yoki qo‘shnisi ilohiy fazilatlarni namoyon etgani tufayli nuqtai nazarini o‘zgartirgan. Qarshilik ko‘rsatganlarning ko‘pi qadrli birodarlar-u opa-singillarimizga aylangan. Yahovaga xizmat qilayotganingiz uchungina sizdan nafratlanadiganlarni sevish qiyin kechayotgan bo‘lsa, muqaddas ruh so‘rab ibodat qiling. (Luqo 11:13) Xudoning yo‘lida yurish doim eng zo‘r qaror ekaniga ishonchingiz komil bo‘lsin. (Hik. 3:5–7)

14, 15. Qanday qilib Rimliklarga 12:17–21 Yasminga erining shiddatli qarshiliklariga qaramay, sevgini namoyon etishga yordam bergan?

14 Keling, Yaqin Sharqda yashovchi Yasminning misoliga diqqat qaratamiz. U Yahovaning Shohidi bo‘lganida eri uni noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan, deb Xudoga xizmat qilishiga qarshilik ko‘rsatgan va uni to‘xtatishga uringan. Eri uni haqorat qilardi va qarindoshlarini, ruhoniyni hamda folbinni u bilan biron kori hol yuz berishini aytishga undagan. Bundan tashqari, Yasmin oilasini barbod qilyapti, deb uni ayblagan. Bir safar eri hatto yig‘ilishga kelib, birodarlarga baqirib ularni haqoratlagan. Yasmin qo‘pol munosabatga duch kelgani tufayli tez-tez yig‘lardi.

15 Yig‘ilish zalida birodar-u opa-singillar Yasminga tasalli berib, uni qo‘llab-quvvatlashardi. Oqsoqollar uni Rimliklarga 12:17–21 dagi (o‘qing) so‘zlarga amal qilishga undashdi. Yasmin shunday deb bo‘lishdi: «Bu qiyin edi, lekin Yahovadan yordam so‘rardim va Muqaddas Kitobda yozilganlarga qo‘limdan kelgancha amal qilishga harakat qilardim. Erim oshxonada axlatlarni yerga tashlab yuborganida u yerni tozalardim. Haqoratlaganida esa muloyimlik ila javob berardim. Tobi qochganida unga g‘amxo‘rlik qilardim».

Bizni ta’qib qilganlarga sevgi namoyon etganimizda, ularning qalbi yumshashi mumkin (16-, 17-xatboshilariga qarang.) *

16, 17. Yasminning misolidan nimalarni o‘rgandingiz?

16 Yasmin eriga sevgi ko‘rsatgani uchun baraka oldi. U shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Erim menga ko‘proq ishona boshladi, chunki doim rost gapirishimni biladi. Din haqida gaplashganimizda, u meni hurmat ila tinglay boshladi va uyimizda tinchlik bo‘lishi tarafdoriga aylandi. Hozir yig‘ilishga ketayotganimda, yaxshi borib keling, deb aytadi. Oilaviy hayotimiz ancha yaxshilandi va xonadonimizda tinchlik hukm surayotganidan bahra olyapmiz. Umid qilamanki, turmush o‘rtog‘im haqiqatni qabul qilib, men bilan birga Yahovaga xizmat qiladi».

17 Yasminning misolidan shuni ko‘ryapmizki, «sevgi har narsani ko‘taradi,.. har narsaga umid qiladi, hamma narsaga chidaydi». (1 Kor. 13:4, 7) Nafrat qattiq va og‘riqli bo‘lishi mumkin, lekin sevgi undan ancha kuchliroq. U qalblarni zabt etadi va Yahovaning qalbiga quvonch keltiradi. Garchi bizga qarshi chiqayotganlar nafratlanishda davom etsa-da, baribir baxtiyor bo‘lamiz. Qanday qilib?

NAFRATGA DUCH KELSAK, BAXTLIMIZ

18. Nima uchun bizdan nafratlanishganida baxtli bo‘lishimiz mumkin?

18 Iso «odamlar sizlardan nafratlansa» baxtlisizlar, deb aytgan. (Luqo 6:22) Aslida odamlar bizdan nafratlanishini xohlamaymiz. Imonimiz tufayli ta’qiblarga duch kelish bizga zavq keltirmaydi. Xo‘sh, unda bizdan nafratlanishsa, nega baxtiyor bo‘lishimiz mumkin? Buning uchta sababini ko‘rib chiqaylik. Birinchidan, sabr-bardosh qilganimizda Xudo bizdan mamnun bo‘ladi. (1 Butr. 4:13, 14) Ikkinchidan, imonimiz sinalganida yanada kuchli bo‘ladi. (1 Butr. 1:7) Uchinchidan esa bebaho mukofotga, ya’ni abadiy hayotga ega bo‘lamiz. (Rim. 2:6, 7)

19. Havoriylar do‘pposlanganidan keyin nega suyungan?

19 Isoning tirilganidan ko‘p o‘tmay havoriylar u aytgan baxtiyorlikni his qilishgan. Havoriylar do‘pposlangandan hamda ularga va’z qilmaslik buyurilganidan so‘ng suyunib ketishgan, chunki ular «Isoning ismi uchun haqoratga sazovor bo‘lishgan». (Havor. 5:40–42) Xo‘jayiniga bo‘lgan sevgisi dushmanlarning nafratidan ham kuchliroq bo‘lgan. Ular tinmay va’z qilish orqali sevgisini ko‘rsatishgan. Bugungi kunda ham ko‘pgina birodarlarimiz qiyinchiliklarga qaramay, sadoqat ila xizmat qilishda davom etishyapti. Ular shuni biladiki, Yahova ularning mehnati-yu ismiga ko‘rsatayotgan sevgisini unutmaydi. (Ibron. 6:10)

20. Navbatdagi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

20 Bu zamona davom etar ekan, dunyo bizdan nafratlanadi. (Yuhan. 15:19) Ammo qo‘rqishimizga hojat yo‘q. Keyingi maqolada Yahova sadoqatli kishilarni mustahkamlashini va himoyalashini ko‘rib chiqamiz. (2 Salon. 3:3) Shunday ekan, keling, Tangri Yahovani, imondoshlarimizni va hatto dushmanlarimizni sevishda davom etaylik. Bu maslahatga amal qilganimizda birlikni saqlaymiz va ma’nan mustahkam qolamiz. Qolaversa, Yahovaga sharaf keltiramiz va sevgi nafratdan ancha qudratliroq ekanini isbotlaymiz.

106-QO‘SHIQ Sevgiga burkanaylik

^ 5- x.b. Mazkur maqolada Yahovaga, imondoshlarimizga va hatto dushmanlarimizga sevgini namoyon etish bu dunyoning nafratini yengishga ko‘maklashishini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, nima uchun Iso bizdan nafratlanishganda baxtiyor bo‘lishimiz mumkinligini aytganiga diqqat qaratamiz.

^ 1- x.b. Ismlar o‘zgartirilgan.

^ 58- x.b. RASMGA SHARH. Askarlar Daniloga tahdid qilishganidan keyin imondoshlarimiz unga va xotiniga boshqa joyga ko‘chishga ko‘maklashgan. U yerda ularni iliq kutib olishgan.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. Yasminning eri unga qarshilik qilgan, ammo oqsoqollar Yasminga yaxshi maslahat berishgan. U yaxshi xotin ekanini ko‘rsatgan va eri kasal bo‘lganida, unga g‘amxo‘rlik qilgan.