Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9-TADQIQ MAQOLASI

Yosh birodarlar, boshqalarning ishonchiga qay yo‘sin sazovor bo‘la olasiz?

Yosh birodarlar, boshqalarning ishonchiga qay yo‘sin sazovor bo‘la olasiz?

Yigitlaring saharda tushgan shabnam kabidir. ZAB. 110:3

39-QO‘SHIQ Xudo oldida yaxshi nomga ega bo‘laylik

BU MAQOLADA *

1. Yosh birodarlar haqida nima desa bo‘ladi?

YOSH BIRODARLAR, biz uchun foyda keltira olasiz. Ko‘plaringiz baquvvat va kuchga to‘lasiz. (Hik. 20:29) Jamoatingiz uchun haqiqiy tirgaksiz. Ehtimol, jamoat xizmatkori bo‘lishni juda xohlayotgandirsiz. Biroq biron-bir muhim vazifani topshirish uchun boshqalar sizga juda yosh yoki tajribasizdek qarayotganday tuyular. Yosh bo‘lsangiz ham jamoatdagilarning ishonchini va hurmatini qozonish uchun hozirning o‘zida ba’zi qadamlarni qo‘ysangiz bo‘ladi.

2. Mazkur maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Ushbu maqolada shoh Dovudning hayotiga diqqat qaratamiz. Shuningdek, Yahudoning ikkita shohi — Oso va Yohushafatning hayotidagi ba’zi voqealarni qisqacha ko‘rib chiqamiz. Xudoning bu uchta xizmatchisi qanday qiyinchiliklarga duch kelganini, ularga qanday munosabat bildirganini va yosh birodarlar ularning misolidan qanday saboqlar olishi mumkinligini muhokama qilamiz.

SHOH DOVUDDAN SABOQ OLING

3. Yoshlar jamoatdagi keksalarga yordam bera olishining yo‘llaridan biri qanday?

3 Dovud yoshligida turli qobiliyatlarni rivojlantirgan va boshqalar buni qadrlagan. Shubhasizki, u ma’naviy inson edi. Buning ustiga, Dovud yaxshi musiqachi bo‘lishga intilgan. Bu esa Xudo tomonidan tayinlangan shoh Shoulga foyda keltirgan. (1 Shoh. 16:16, 23) Yosh birodarlar, sizda ham jamoatdagilarga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan qobiliyatlaringiz bormi? Ko‘plaringiz bunday qobiliyatlarga egasiz. Masalan, ayrim keksa imondoshlarimizga shaxsiy tadqiq va yig‘ilishlar uchun planshet-u boshqa elektron qurilmalardan qanday foydalanishni ko‘rsatganingizda, ular buning uchun minnatdor bo‘lganini payqagandirsiz. Ushbu qurilmalarni bilganingiz qadrdon yoshi ulug‘ imondoshlarimizga juda asqatyapti.

Dovud otasining qo‘ylariga g‘amxo‘rlik qilganida, mas’uliyatli va ishonchli odam ekanini ko‘rsatgan. U hatto suruvni ayiqning hujumidan himoyalagan (4-xatboshiga qarang.)

4. Yosh birodarlar Dovud kabi qanday fazilatlarni rivojlantirishi kerak? (Muqovadagi rasmga qarang.)

4 Kundalik hayotida Dovud mas’uliyatli va ishonchli odam ekanini ko‘rsatgan. Masalan, u yoshligida otasining qo‘ylariga sidqidildan g‘amxo‘rlik qilgan. Qaysidir jihatdan bu vazifa xavfli edi. Keyinchalik, Dovud shoh Shoulga shunday degan: «Taqsir, men otamning suruviga cho‘ponlik qilib yurganimda, sher yoki ayiq kelib suruvdan qo‘yni olib ketardi. O‘shanda men uni quvib yetardim-da, yiqitib, og‘zidan qo‘yni tortib olardim». (1 Shoh. 17:34, 35) Dovud qo‘ylar uchun o‘zini javobgar his etgan. Shuning uchun, ularni jasorat ila himoya qilardi. Yosh birodarlar ularga berilgan har qanday topshiriqni sidqidildan bajarib, Dovudga taqlid qila oladi.

5. Zabur 25:14 ga ko‘ra, yosh birodarlar qo‘yishi mumkin bo‘lgan eng muhim qadam qanday?

5 Dovud yoshligida Yahova bilan shaxsiy va yaqin munosabatlarni rivojlantirgan. Bu munosabatlar uning jasorati yoki arfa chalish qobiliyatidan ham muhimroq bo‘lgan. Yahova nafaqat Dovudning Xudosi, balki uning yaqin Do‘sti edi. (Zabur 25:14 ni o‘qing.) Yosh birodarlar, qo‘yishingiz mumkin bo‘lgan eng muhim qadam samoviy Otangiz bilan bo‘lgan munosabatlaringizni mustahkamlashdir. O‘shanda qo‘shimcha sharafli vazifalarga yo‘l ochilishi mumkin.

6. Ba’zilar Dovud haqida qanday salbiy nuqtai nazarga ega bo‘lgan?

6 Dovud boshqalarning unga nisbatan salbiy nuqtai nazarini ham yengishiga to‘g‘ri kelgan. Masalan, Dovud Go‘liyotga qarshi chiqishni taklif qilganda, shoh Shoul: «Sen hali juda yoshsan»,— deb uni niyatidan qaytarmoqchi edi. (1 Shoh. 17:31–33) Bundan sal oldin Dovudning tug‘ishgan akasi uni mas’uliyatsizlikda ayblagandi. (1 Shoh. 17:26–30) Lekin Yahova Dovudni juda yosh yoki mas’uliyatsiz inson, deb bilmagan. Xudo Dovudni juda yaxshi bilgan. Dovud Do‘sti Yahovaga, Uning kuchiga tayangan holda Go‘liyot ustidan g‘alaba qozongan. (1 Shoh. 17:45, 48–51)

7. Dovud haqidagi bir voqeadan nimani o‘rganishingiz mumkin?

7 Dovud bilan yuz bergan voqeadan qanday saboq olsangiz bo‘ladi? Sabrli bo‘lishimiz kerak. Sizni bolaligingizdan bilganlar uchun ulg‘ayganingizni ko‘rishiga, ehtimol, vaqt kerak bo‘lar. Shunga amin bo‘lingki, Tangri Yahova tashqi ko‘rinishingizdan ko‘prog‘iga e’tibor beradi. U sizni qanday inson va nimalarga qodir ekaningizni biladi. (1 Shoh. 16:7) Xudo bilan munosabatlaringizni mustahkamlang. Dovud Yahovaning ijodlarini yaqindan kuzatib aynan shunday yo‘l tutgan. U bu kabi ijodlar Yaratuvchimiz haqida nimalarni ochib berayotgani ustida mulohaza yuritgan. (Zab. 8:3, 4; 139:14; Rim. 1:20) Shuningdek, qilishingiz mumkin bo‘lgan yana bir narsa — Yahovadan kuch so‘rash. Masalan, Yahovaning Shohidi bo‘lganingiz uchun ayrim maktabdoshlaringiz ustingizdan kuladimi? Shunday bo‘lsa, bu muammoni yengish uchun Yahovadan yordam so‘rab ibodat qiling. Xudoning Kalomi va unga asoslangan adabiyotlar hamda videolardagi amaliy maslahatlarni qo‘llang. Har safar Yahova muammoingiz bilan kurashishingizga yordam berganini ko‘rganingizda, Unga bo‘lgan ishonchingiz oshadi. Qolaversa, boshqalar Yahovaga tayanayotganingizni ko‘rar ekan, ularning sizga bo‘lgan ishonchi kuchayadi.

Yosh birodarlar turli yo‘llar orqali boshqalarga kamtarlik ila ko‘maklasha oladi (8-, 9-xatboshilariga qarang.)

8, 9. Dovud shoh bo‘lishidan oldin sabr ila kutishiga nima yordam bergan va yosh birodarlar bu borada undan nimani o‘rganishi mumkin?

8 Dovud duch kelgan yana bir muammoga diqqat qarataylik. U shoh bo‘lish uchun moylangan edi. Ammo Yahudoning rasmiy shohi sifatida taxtga o‘tirishi uchun ko‘p yillar mobaynida kutishiga to‘g‘ri keldi. (1 Shoh. 16:13; 2 Shoh. 2:3, 4) Bu vaqt davomida unga sabr ila kutishga nima yordam bergan? Dovud tushkunlik uni kishanlashiga yo‘l qo‘ymagan. Aksincha, diqqatini qo‘lidan keladigan ishlarga qaratgan. Masalan, Dovud filistimliklar yurtiga qochib, u yerda yashagan paytda Isroilning dushmanlari bilan kurashgan. Bunday yo‘l tutib, u Yahudo hududining chegaralarini himoya qilgan. (1 Shoh. 27:1–12)

9 Yosh birodarlar Dovudning misolidan qanday saboq olishi mumkin? Imondoshlaringizga xizmat qilish uchun har bir imkoniyatdan foydalaning. Keling, Rikardo * ismli birodarimiz bilan nima yuz berganiga diqqat qaratamiz. U bolaligidan doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilishni orzu qilgan. Biroq oqsoqollar u hali tayyor emasligini aytishgan. Rikardo taslim bo‘lmagan va jahlga berilmagan. Aksincha, xizmatda ko‘proq qatnashishga harakat qilgan. U shunday deydi: «O‘tmishga qarab kerakli o‘zgarishlarni qilganim menga foyda keltirganini ko‘ryapman. Qiziqish ko‘rsatgan har bir insonga takroriy tashrif qilishga va har biri uchun yaxshilab tayyorgarlik ko‘rishga diqqat qaratardim. Men hatto birinchi marta Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazdim. Ko‘proq va’z qilganim sayin ishonchim ham ortib borardi». Hozirda Rikardo muvaffaqiyat ila doimiy kashshof va jamoat xizmatkori sifatida xizmat qilyapti.

10. Bir vaziyatda muhim qaror chiqarishdan oldin Dovud qanday yo‘l tutgan?

10 Dovudning hayotida yuz bergan yana bir voqeani ko‘rib chiqaylik. Dovud va uning odamlari shoh Shouldan qochib yurgan paytda o‘z oilalarini qoldirib, jang qilishlariga to‘g‘ri kelgan. Dovud va uning odamlari ketganda esa dushmanlar bostirib kirib, ularning oilalarini asirlikka olgan. Dovud o‘zini tajribali jangchiman, deb asirlarni qutqarish maqsadida osonlikcha reja tuza olaman, degan fikrga borishi mumkin edi. Ammo Dovud yo‘l-yo‘riq so‘rab Yahovaga murojaat qilgan. U Abuatar ismli ruhoniy orqali Yahovadan: «Bu bosqinchilar to‘dasi ortidan boraymi?» — deb so‘ragan. Yahova Dovudni bunday yo‘l tutishga undab, muvaffaqiyat qozonishiga ishontirgan. (1 Shoh. 30:7–10) Bu voqeadan qanday saboq olishingiz mumkin?

Yosh birodarlar oqsoqollardan maslahat so‘rashi lozim (11-xatboshiga qarang.)

11. Qarorlar chiqarishdan oldin nima qilsangiz bo‘ladi?

11 Qarorlar chiqarishdan avval boshqalar bilan maslahatlashing. Ota-onangizdan maslahat so‘rang. Bundan tashqari, tajribali oqsoqollar bilan suhbatlashib yaxshi maslahat olsangiz bo‘ladi. Tangri Yahova bu tayinlangan kishilarga ishonadi, siz ham ishonsangiz bo‘ladi. Yahova ularni jamoat uchun «hadya» deb biladi. (Efes. 4:8) Ularning imoniga taqlid qilish va dono maslahatlariga quloq solish orqali foyda ko‘rasiz. Endi, keling, shoh Osoning misolidan qanday saboq olishimiz mumkinligini bilib olaylik.

SHOH OSODAN SABOQ OLING

12. Shoh Oso boshqarishni boshlaganida qaysi fazilatlarga ega bo‘lgan?

12 Shoh Oso yosh bo‘lganida kamtarin va jasoratli edi. Misol uchun, otasi Abiyo vafot etganidan keyin u shoh bo‘lgan va yurtni butparastlikdan tozalashni boshlagan. Bundan tashqari, u Yahudo xalqiga ota-bobolarining Xudosi Yahovani izlashni, Uning qonuniga va amrlariga rioya etishni buyurgan. (2 Sol. 14:1–7) Keyinchalik habashistonlik Zerah 1 000 000 askardan tashkil topgan qo‘shini bilan Yahudoga bostirib kirganda, Oso Yahovaga murojaat qilib yordam so‘ragan. U shunday deb aytgan: «Ey Yahova, dushmanlarimiz ko‘pchilik, biz esa kuchsiz bo‘lishimizga qaramay, Sen bizga yordam berishga qodirsan. Ey, Allohimiz Yahova, bizga yordam bergin, zero biz Senga tayanamiz». Mazkur ta’sirli so‘zlardan Oso Yahova uni va O‘z xalqini himoya qilishiga qanchalar amin bo‘lganini ko‘rsak bo‘ladi. Oso samoviy Otasi Yahovaga tayangan va U habashistonliklarni mag‘lub qilgan. (2 Sol. 14:8–12)

13. Keyinchalik Oso bilan nima yuz berdi va nega?

13 Ha, bir million askardan tashkil topgan qo‘shin qarshisida turishning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin Oso Yahovaga tayangani uchun muvaffaqiyat qozondi. Ammo, afsuski, bundan kichikroq qiyinchilikka duch kelganda, Oso Yahova bilan maslahatlashmadi. U Isroilning yovuz shohi Bashoning tahdidiga duch kelganda, Suriya shohining yordamiga tayandi. Bu qaror halokatga olib keldi. Xonin ismli payg‘ambar ilohiy ilhom ostida Osoga shunday dedi: «Xudoyingiz Yahovaga tayanmay, Suriya shohiga tayanganingiz uchun, Suriya shohining qo‘shini qo‘lingizdan qutulib qoldi». (2 Sol. 16:7, 9; 3 Shoh. 15:32) Darvoqe, o‘shandan buyon Osoning boshi urushdan chiqmadi. Bundan qanday saboq olamiz?

14. Qay yo‘sin Yahovaga tayana olasiz va 1 Timo‘tiyga 4:12 ga ko‘ra, bunday yo‘l tutish sizga qanday foyda keltiradi?

14 Kamtar bo‘lib qoling va Yahovaga tayanishda davom eting. Suvga cho‘mganingizda Yahovaga nisbatan kuchli imon hamda Unga tayanishingizni ko‘rsatdingiz. Yahova sizni O‘z oilasiga qabul qilib ulkan sharafga muyassar qildi. Asosiysi, bundan buyog‘iga ham Yahovaga tayanishda davom eting. Hayot-mamot masalalarida Yahovaga tayanish siz uchun osonday tuyular. Lekin boshqa vaziyatlar haqida nima desa bo‘ladi? O‘yin-kulgi va hayot uchun maqsadlar qo‘yish borasida qarorlar chiqarganda Yahovaga tayanish juda muhim. O‘z donoligingizga tayanmang. Buning o‘rniga, vaziyatningizda Muqaddas Kitobdagi qaysi prinsiplar qo‘l kelishini ko‘rib chiqib, ularga amal qiling. (Hik. 3:5, 6) Bunday yo‘l tutsangiz, Yahovani quvontirasiz va jamoatingizda hurmat qozonasiz. (1 Timo‘tiyga 4:12 ni o‘qing.)

SHOH YOHUSHAFATDAN SABOQ OLING

15. Solnomalar ikkinchi kitob 18:1–3; 19:2 ga ko‘ra, shoh Yohushafat qanday xatolarga yo‘l qo‘ygan?

15 Albatta, barchamiz singari siz ham nomukammalsiz va ba’zida xatolarga yo‘l qo‘yasiz. Biroq bu sizni Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtamasligi kerak. Keling, shoh Yohushafatning misoliga diqqat qaratamiz. U ko‘pgina ajoyib fazilatlarga ega bo‘lgan. Yohushafat «otasining Xudosiga xizmat qilib, Uning amrlariga rioya etgan». Bundan tashqari, u Yahudo shaharlaridagi xalqqa Yahova haqida ta’lim berish uchun beklarni yuborgan. (2 Sol. 17:4, 7) Garchi Yohushafat juda samimiy bo‘lgan bo‘lsa-da, ba’zida noto‘g‘ri qarorlar chiqargan. Bir safar u noto‘g‘ri qaror chiqargan va Yahovaning vakili unga maslahat bergan. (2 Solnomalar 18:1–3; 19:2 ni o‘qing.) Xo‘sh, bu voqeadan qanday saboq olsangiz bo‘ladi?

Mehnatsevar va ishonchli yosh birodarlar yaxshi nom qozonadi (16-xatboshiga qarang.

16. Rajevning misolidan qanday saboq olishingiz mumkin?

16 Maslahatni qabul qilib unga rioya qiling. Ehtimol, ko‘p yigitlar singari siz ham hayotingizda nima muhimroq ekanini aniqlashga qiynalayotgandirsiz. Ammo tushkunlikka tushmang. Rajev ismli yosh birodarimizning misoliga nazar solaylik. O‘smirlik paytini eslab u shunday deb bo‘lishdi: «Ba’zida hayotdan nimani istayotganimni o‘zim ham bilmasdim. Ko‘p yoshlar kabi yig‘ilish yoki xizmatga qaraganda, ko‘proq sportga va o‘yin-kulgiga qiziqardim». Qiziq, Rajevga nima yordam berdi? Rajev uchun qayg‘urgan oqsoqol unga bir nechta maslahat berdi. Rajev: «O‘sha oqsoqol menga 1 Timo‘tiyga 4:8 dagi prinsip asosida fikr yuritishga yordam berdi»,— deb aytdi. U kamtarinlik ila maslahatni qabul qildi va hayotida nima ustuvor ekanini ko‘rib chiqdi. U shunday dedi: «Men ma’naviy maqsadlar payidan bo‘lishga harakat qildim». Natijasi qanday bo‘ldi? Rajev quyidagicha dedi: «Maslahat olganimdan bir necha yil o‘tgach, jamoat xizmatkori bo‘lish uchun talablarga mos keldim».

YAHOVA SIZ BILAN FAXRLANISHI UCHUN HARAKAT QILING

17. Yahovaga xizmat qiladigan yosh birodarlarimiz haqida yoshi katta imondoshlarimiz qanday fikrda?

17 Yoshi katta imondoshlarimiz siz yosh birodarlar bilan «yelkama-yelka» Yahovaga xizmat qilishni juda qadrlashadi. (Zaf. 3:9) Ular g‘ayratli va kuchga to‘la ruhiyatingizdan hamda sizga berilgan topshiriqni jo‘shqinlik ila bajarishingizdan zavq olishadi. Sizlar bu imondoshlarimizning nazarida qadrlisiz. (1 Yuhan. 2:14)

18. Hikmatlar 27:11 ga binoan, Yahova Unga xizmat qiladigan yosh birodarlar haqida qanday fikrda?

18 Aziz birodarlar, unutmangki, Tangri Yahova sizlarni yaxshi ko‘radi, sizlarga ishonadi. U oxirgi kunlarda yosh yigitlardan iborat qo‘shin «o‘zini tayyorlik ila taqdim etishini» bashorat qilgan. (Zab. 110:1–3) Xudo siz Uni yaxshi ko‘rishingizni va bor qobiliyatingizni ishga solib, Unga xizmat qilish istagingiz borligini biladi. Shunday ekan, boshqalarga va o‘zingizga nisbatan sabrli bo‘ling. Xatolarga yo‘l qo‘yganingizda, sizga berilgan ta’lim-tarbiyani qabul qiling va uni Yahovadan, deb biling. (Ibron. 12:6) Sizga topshirilgan har qanday vazifani sidqidildan bajaring. Eng muhimi esa har bir ishingizda samoviy Otamiz siz bilan faxrlanishiga harakat qiling. (Hikmatlar 27:11 ni o‘qing.)

135-QO‘SHIQ Yahova mehr ila chorlar: «O‘g‘lim, dono bo‘l»

^ 5- x.b. Yosh birodarlar ma’nan o‘sgani sayin Yahovaga turli yo‘llar bilan xizmat qilishni istaydi. Jamoat xizmatkorlari bo‘lishga mos kelish uchun ular jamoatdagilarning hurmatini qozonishi va uni saqlab qolishi kerak. Xo‘sh, yosh birodarlar buning uchun nima qila olishadi?

^ 9- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.