Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12-TADQIQ MAQOLASI

Zakariyo ko‘rgan narsalarni ko‘ryapsizmi?

Zakariyo ko‘rgan narsalarni ko‘ryapsizmi?

«Mening ruhim yordamida sodir bo‘ladi»,— deb aytmoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova. ZAKR. 4:6

73-QO‘SHIQ Bizga jasorat ber

BU MAQOLADA *

1. Asirlikda bo‘lgan yahudiylarni qanday quvonchli voqea kutayotgandi?

 YAHUDIYLARNING quvonchi ichiga sig‘masdi. Tangri Yahova «Fors shohi Kirning yuragida istak uyg‘otdi» va u o‘nlab yillardan beri Bobilda asirlikda bo‘lgan yahudiylarni ozod etdi. Qolaversa, shoh yahudiylarni ona yurtiga qaytib «Isroilning Xudosi Yahovaning... uyini qayta qurishini» e’lon qildi. (Ezra 1:1, 3) Bu juda ham quvonchli voqea edi. Sababi bu isroilliklar endi haq Tangri ularga bergan yurtda topina olishini anglatardi.

2. Yahudiylar Quddusga qaytgach, birinchi bo‘lib nima qilgan?

2 Mil. avv. 537-yili asirlikdagi ilk yahudiylar Yahudoning janubiy shohligining poytaxti bo‘lmish Quddusga qaytgan. Ko‘p vaqt o‘tmay, ular ma’badni tiklashni boshlagan. Mil. avv. 536-yili ma’badning poydevori solingandi.

3. Yahudiylar qanday qarshiliklarga duch keldi?

3 Yahudiylar ma’badni qurishni boshlaganidan ko‘p o‘tmay qarshiliklarga duch keldi. Atrofda yashagan xalqlar «Yahudo aholisining ruhini tushirib, ularning ko‘nglini qurilish ishidan sovutadigan bo‘lishdi». (Ezra 4:4) Buning dastidan shundoq ham og‘ir vaziyat yanada chigallashdi. Mil. avv. 522-yili Artakserks Forsning yangi shohi etib tayinlandi *. Qarshi bo‘lganlar bu o‘zgarishni qurilishga nuqta qo‘yish imkoni deb bildi. Ular «qonundan foydalanib yovuzlikni niyat qildi». (Zab. 94:20) Yahudiylarga qarshi chiqqanlar shoh Artakserksga maktub yuborib, yahudiylar shohga qarshi isyon ko‘tarmoqchi ekanini aytdi. (Ezra 4:11–16) Shoh Artakserks bo‘htonlarga ishondi va ma’badning qurilishini man etdi. (Ezra 4:17–23) Oqibatda, yahudiylar ma’bad qurilishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. (Ezra 4:24)

4. Ma’bad qurilishiga qarshilik ko‘rsatilganidan keyin Yahova nima qildi? (Ishayo 55:11)

4 Yurtdagi butparast odamlar va Fors hukumatidagi ba’zilar ma’bad qurilishini to‘xtatishga qat’iy bel bog‘lagan. Lekin Yahova yahudiylar ma’badni oxirigacha bitkazishini istagan va U doim niyatlarini amalga oshiradi. (Ishayo 55:11 ni o‘qing.) Yahova jasoratli Zakariyo ismli payg‘ambardan foydalangan. U Zakariyoga sakkizta ajoyib vahiy bergan. Zakariyo bu dalda baxsh etuvchi vahiylarni yahudiylar bilan bo‘lishgan. O‘sha ajoyib vahiylar yahudiylarga dushmanlardan qo‘rqmasligi va Yahovaning irodasini bajarishda davom etishi kerakligini tushunishga yordam bergan. Beshinchi vahiyda Zakariyo chiroqpoya va ikkita zaytun daraxtini ko‘rgan.

5. Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

5 Ba’zida hammamiz tushkunlikka tushib turamiz. Shunday ekan, Yahova Zakariyo orqali isroilliklarga chiroqpoya va ikkita zaytun daraxti haqida bergan vahiydan foyda olishimiz mumkin. Qarshilikka duch kelganimizda yoki yo‘l-yo‘riqlarni tushunmaganimizda, bu vahiy yordamida Yahovaga sadoqat ila xizmatimizni davom ettira olamiz.

QARSHILIKLARGA DUCH KELGANDA

Zakariyo ikkita zaytun daraxtidan yettita moychirog‘i bor bo‘lgan chiroqpoyaga moy oqib tushgani haqida vahiy ko‘rgan (6-xatboshiga qarang.)

6. Chiroqpoya va ikkita zaytun daraxti haqidagi vahiy qay yo‘sin yahudiylarga dalda bergan? (Zakariyo 4:1–3) (Muqovadagi rasmga qarang.)

6 Zakariyo 4:1–3 ni o‘qing. Chiroqpoya va ikkita zaytun daraxti haqidagi vahiy yahudiylarga jasorat bergan. Qanaqasiga? E’tibor bergan bo‘lsangiz chiroqpoyada doimiy yonilg‘i manbai bo‘lgan. Ikkita zaytun daraxtidan kosaga moy oqib tushgan. Bu tufayli chiroqpoyadagi yettita moychiroqning har birida moy bo‘lgan. Moy yordamida esa ular o‘chib qolmagan. Zakariyo bu nimani bildirishi haqida so‘raganida, farishta unga Yahovaning xabarini yetkazib quyidagicha aytgan: «“Bularning bari harbiy kuch va qudrat bilan emas, Mening ruhim yordamida sodir bo‘ladi”,— deb aytmoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova». (Zakr. 4:4, 6) Zaytun daraxtlaridan oqqan moy Yahovaning qudratli muqaddas ruhini bildirgan. Fors imperiyasining butun harbiy kuchi Xudoning qudratli ruhi oldida hech narsa emasdi. Yahudiylar har qanday qarshilikni yengishda Yahovaga ishonishi va ishni davom ettirishi kutilardi, xolos. Ular qarshiliklarga qaramay, aynan shunday yo‘l tutdi.

7. Qaysi voqea ma’bad quruvchilariga yordam berdi?

7 Ro‘y bergan o‘zgarish ma’bad quruvchilariga muayyan darajada yengillik baxsh etdi. Qiziq, qanaqa o‘zgarish haqida gap ketyapti? Mil. avv. 520-yili Forsda Doro І shohlik qilayotgandi. Hukmronligining ikkinchi yili u ma’bad qurilishi noqonuniy tarzda to‘xtatilganini bilib qoldi. Shu bois, Doro bu ishni oxirigacha yetkazishni buyurdi. (Ezra 6:1–3) Bu xabar barcha odamlarni lol qoldirdi. Lekin bu hali hammasi emas. Shoh ma’bad atrofida yashagan barcha xalqlarga bu ishga xalaqit bermaslikni, unga ketadigan xarajatlarni qoplashni va kerakli barcha narsalarni taqdim etishni buyurdi. (Ezra 6:7–12) Natijada yahudiylar to‘rt yildan sal ko‘proq vaqt ichida, ya’ni mil. avv. 515-yili ma’badni qayta tiklashdi. (Ezra 6:15)

Qarshiliklarga duch kelganda, Yahovaning kuchiga ishoning (8-xatboshiga qarang.)

8. Nega qarshiliklarga duch kelganingizda g‘ayratli bo‘la olasiz?

8 Bugungi kunda ham Yahovaning ko‘p xizmatchilari qarshiliklarga duch kelyapti. Misol uchun, ba’zilar faoliyatimiz hukumat tomonidan cheklangan mamlakatlarda yashaydi. U yerdagi birodarlarimiz qamoqqa tushishi va «hokimlar-u podshohlar qoshiga olib borilishi» mumkin. (Mat. 10:17, 18) Gohida hukumat a’zolari o‘zgarishi mumkin va imondoshlarimiz erkin tarzda xizmat qila oladi. Yoki adolatli sudyalar faoliyatimiz yuritilishiga hissa qo‘shadigan qarorlar chiqaradi. Ayrimlar esa qarshiliklarga yo‘liqadi. Ular Yahovaga topinish man etilmagan mamlakatlarda yashar, ammo Unga xizmat qilishdan qaytarmoqchi bo‘lgan oila a’zolarining qarshiliklariga duch keladi. (Mat. 10:32–36) Ha, ba’zi vaziyatlarda shiddat ila qarshilik qilganlar keyinchalik g‘ayratli imondoshlarimizga aylandi. Qarshiliklarga duch kelganingizda taslim bo‘lmang! Jasoratli bo‘ling. Yahova hamda Uning qudratli muqaddas ruhi siz tomonda. Shunday ekan, hecham qo‘rqmang!

VAZIYATIMIZ O‘ZGARGANIDA

9. Yangi ma’badning asosi solingach, nima uchun ba’zi yahudiylar yig‘ladi?

9 Yangi ma’badning asosi solingach, keksa yoshdagi yahudiylarning ba’zilari yig‘lagan. (Ezra 3:12) Ular Sulaymon qurgan ma’badning ulug‘vorligini ko‘rgandi. Ularning nazarida «avvalgisi bilan solishtirganda», yangi ma’bad ayanchli bo‘lib ko‘ringan. (Xag. 2:2, 3) Ha, oldingi va yangi ma’bad o‘rtasida anchagina farq bor edi. Zakariyo ko‘rgan vahiy esa ularga bu tushkunlikni yengishga yordam berishi kerak edi. Qanaqasiga?

10. Qay yo‘sin farishtaning so‘zlari yahudiylarga tushkunlikni yengishga yordam bergan? (Zakariyo 4:8–10)

10 Zakariyo 4:8–10 ni o‘qing. Farishta yahudiylar Zarubabelning «qo‘lidagi shoqulni ko‘rib xursand bo‘lishadi» deganida, nimani nazarda tutgan? Shoqul tik yoki vertikal holatni aniqlash uchun ishlatiladigan asbob. Farishtaning bu so‘zlari Xudoning xalqiga yo‘naltirilgan edi. Garchi ba’zilar uchun yangi ma’bad eskisi bilan solishtirganda oddiydek ko‘rinsa ham u qurib bitkazilardi va aynan Yahova xohlaganday bo‘lardi. Yangi ma’bad Yahovani qoniqtirardi, shuning uchun yahudiylar ham undan qoniqishi kerak edi. Yahova uchun eng muhimi yangi ma’badda Uning talablariga mos tarzda topinish bo‘lgan. Agar yahudiylar Yahovaga ma’qul keladigan topinishga diqqat qaratsa va Uning roziligini olishda davom etsa, yana quvonchga ega bo‘lardi.

Yangi sharoitlarda ijobiy nuqtai nazarni rivojlantiring (11-, 12-xatboshilariga qarang.) *

11. Ba’zi imondoshlarimiz qanday qiyinchilikka duch kelyapti?

11 Vaziyatimiz o‘zgarganida aksariyatimiz uchun bu oson emas. Masalan, ko‘p yillar to‘la vaqtli maxsus xizmatda qatnashgan ba’zilarning vazifasi o‘zgardi. Ayrimlar yoshi tufayli o‘zi yoqtirgan xizmat turini to‘xtatdi. Biz ham bunga duch kelgan bo‘lsak, tushkunlikka tushish tabiiydir. Avvaliga chiqarilgan qarorni tushunmasmiz yoki u bilan rozi bo‘lmasmiz. Oldin qilgan ishlarni sog‘inishimiz mumkin. Qolaversa, ruhimiz tushishi hech gap emas. Chunki Yahova uchun endi ko‘p qila olmayapman, deb o‘ylarmiz. (Hik. 24:10) Xo‘sh, qanday qilib Zakariyoning vahiysi Xudo uchun eng yaxshisini berishimizga ko‘maklashadi?

12. Vaziyatimiz o‘zgarganida Zakariyo ko‘rgan vahiy bizga qanday yordam berishi mumkin?

12 Vaziyatga Yahovaning nuqtai nazari bilan qarasak, o‘zgarishlarga moslashish osonroq bo‘ladi. Hozirda Xudo ulkan ishlarni amalga oshirmoqda va biz Uning xizmatdoshlari bo‘lish kabi ajoyib sharafga egamiz. (1 Kor. 3:9) To‘g‘ri, vazifalarimiz o‘zgarishi mumkin, ammo Yahovaning sevgisi o‘sha-o‘sha qoladi. Shuningdek, tashkilotdagi o‘zgarish shaxsan sizga ta’sir qilsa, nega unday yoki bunday bo‘ldi deb haddan tashqari ko‘p o‘ylamang. «Avvalgi kunlarni» qo‘msashdan ko‘ra, o‘zgargan vaziyatdan ibodat ila biron yaxshi narsani topishga harakat qiling. (Voiz 7:10) Endi qo‘lingizdan nimalar kelmasligi emas, balki nimalar qila olishingiz haqida fikr yuriting. Zakariyoning vahiysidan ijobiy ruhiyatni saqlash muhim ekanini ko‘ryapmiz. Shu yo‘sin, vaziyatimiz o‘zgarganida ham quvonchni yo‘qotmay sadoqatli qolamiz.

YO‘L-YO‘RIQQA AMAL QILISH QIYIN BO‘LGANIDA

13. Ma’badni qayta qurish haqidagi ko‘rsatma nega ba’zi isroilliklar uchun noto‘g‘riday tuyulgan bo‘lishi mumkin?

13 Ma’badni qayta qurish ishlari taqiqlangan edi. Lekin boshchilikni zimmasiga olgan kishilar, ya’ni oliy ruhoniy Yeshuva (Yoshua) va hokim Zarubabel Xudoning uyini qayta qura boshlashdi. (Ezra 5:1, 2) Bu qaror ba’zi yahudiylar uchun noto‘g‘riday tuyulgandir. Sababi ma’bad qurilganida dushman bundan baribir xabar topardi va bu ishni to‘xtatish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilardi. Bu ikkita mas’uliyatli kishi Yoshua va Zarubabel Yahova ularni qo‘llab-quvvatlayotganiga ishonch hosil qilishi kerak edi va shunday bo‘ldi ham. Qanaqasiga?

14. Zakariyo 4:12, 14 ga binoan, Yahova Yoshua va Zarubabelni nimaga ishontirgan?

14 Zakariyo 4:12, 14 ni o‘qing. Vahiyning bu qismida farishta ikkita zaytun daraxti «ikkita moylangan kishi», ya’ni Yoshua va Zarubabel ekanini Zakariyoga oshkor etgan. Farishta ular ramziy ma’noda «butun yer yuzining Rabbi, ya’ni Yahova yonida turgan» deb aytgan. Bu katta sharaf bo‘lgan, chunki Yahova ularga ishongan. Shunday ekan, Yahova isroilliklarni yetaklash uchun foydalangan bu ikki kishiga ular to‘liq ishonishi mumkin edi.

15. Muqaddas Kitobdagi yo‘l-yo‘riqlar biz uchun ahamiyatli ekanini qanday ko‘rsata olamiz?

15 Bugungi kunda ham Yahova Kalomi, ya’ni Muqaddas Kitob yordamida xalqiga yo‘l-yo‘riq berishda davom etmoqda. Bu kitobdan Yahovaga qay yo‘sin ma’qul tarzda topinishimiz mumkinligini bilib olamiz. Xo‘sh, Xudoning Kalomidagi yo‘l-yo‘riqlar biz uchun ahamiyatli ekanini qanday ko‘rsata olamiz? Masalan, ularni yaxshilab o‘qish va tushunish uchun vaqt ajratishimiz mumkin. O‘zingizga quyidagi savollarni berib ko‘ring: «Muqaddas Kitobni yoki adabiyotlarimizni o‘qiganimda, to‘xtab mulohaza yuritish uchun vaqt ajratamanmi? Muqaddas Kitobdan biron haqiqatni tushunish qiyin bo‘lganida, izlanish olib boramanmi yoki shunchaki ko‘z yugurtirib chiqamanmi?» (2 Butr. 3:16) Yahovaning ta’limi ustida mulohaza yuritish uchun vaqt ajratsak, Uning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilib va’zgo‘ylik ishini bajara olamiz. (1 Tim. 4:15, 16)

«Ishonchli va aqlli xizmatkor»dan olayotgan yo‘l-yo‘riqqa ishoning (16-xatboshiga qarang.) *

16. «Ishonchli va aqlli xizmatkor» orqali olgan yo‘l-yo‘riqni to‘liq tushunmasak, unga amal qilishga nima yordam beradi?

16 Yahova «ishonchli va aqlli xizmatkor» orqali ham yo‘l-yo‘riq beradi. (Mat. 24:45) Ba’zida bu xizmatkor bergan yo‘l-yo‘riqni to‘liq tushunmasligimiz mumkin. Masalan, tabiiy ofatlarda omon qolish uchun oldindan tayyorgarlik ko‘rish haqida yo‘l-yo‘riq olamiz. Shunda tabiiy ofatlar bizning hududimizda ro‘y bermaydi, deb o‘ylarmiz. Yo bo‘lmasa ishonchli va aqlli xizmatkor pandemiya paytida keragidan ortiq ehtiyotkorlikni namoyon etyapti, deb fikr yuritishimiz hech gap emas. Xo‘sh, yo‘l-yo‘riqlar amaliy emasday tuyulganida nima qilishimiz kerak? Isroilliklar Yoshua va Zarubabel orqali berilgan yo‘l-yo‘riqqa amal qilganida qanday foyda olgani haqida mulohaza qilsak bo‘ladi. Shuningdek, Muqaddas Kitobda o‘qigan bayonotlar ustida ham fikr yuritsak yaxshi bo‘ladi. Ba’zida Xudoning xalqi olgan yo‘l-yo‘riqlar insoniy nuqtai nazar bilan qaraganda amaliy emasday ko‘ringan. Lekin aynan ular orqali xalq najotga erishgan. (Hak. 7:7; 8:10)

ZAKARIYO KO‘RGAN NARSALARNI KO‘RING

17. Chiroqpoya va ikkita zaytun daraxti haqidagi vahiy yahudiylarga qanday ta’sir qilgan?

17 Zakariyo ko‘rgan beshinchi vahiy qisqa edi. Ammo u yahudiylarga bajargan ishiga va topinishiga ijobiy nuqtai nazarda bo‘lishga yordam bergan. Shuningdek, ular bu vahiydan bilib olganlariga amal qilganida, Yahovaning sevgi ila qo‘llab-quvvatlashini va U yo‘l-yo‘riq berganini his qilishgan. Yahova qudratli muqaddas ruhi orqali ularga ishini oxirigacha bitkazishga va yana xursand bo‘lishga ko‘maklashgan. (Ezra 6:16)

18. Zakariyo ko‘rgan vahiy sizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

18 Zakariyo chiroqpoya va ikkita zaytun daraxti haqida ko‘rgan vahiy hayotingizga kuchli ta’sir qilishi mumkin. Ko‘rib chiqqanimizday, bu vahiy yordamida qarshiliklarga duch kelganda kuch, o‘zgargan vaziyatlarga moslashish uchun esa quvonch topa olasiz. Shuningdek, bu biron yo‘l-yo‘riqni oxirigacha tushunmaganingizda ham Yahovaga ishonishingizga ko‘maklashadi. Qiyinchiliklarga duch kelganingizda, qanday yo‘l tutishingiz kerak? Avval Zakariyo ko‘rgan narsani — Yahova xalqiga g‘amxo‘rlik qilayotganining isbotini ko‘rishga intiling. So‘ng Yahovaga ishonish va Unga butun qalbingiz bilan topinish orqali ko‘rganlaringizga muvofiq yo‘l tuting. (Mat. 22:37) Bunday qilsangiz, Yahova Unga abadulabad quvonch ila xizmat qilishingizga yordam beradi. (Kolos. 1:10, 11)

7-QO‘SHIQ Yahova — kuch-qudratimizdir

^ 5- x.b. Yahova Zakariyo payg‘ambar orqali ta’sirli vahiylar bergan. Zakariyo ko‘rgan narsalar uning o‘ziga va Yahovaning xalqiga pok topinishni tiklash borasidagi qiyinchiliklarni yengish uchun kuch ato etgan. Ushbu vahiylar bizga ham qiyinchiliklarimizga qaramay, Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishga yordam beradi. Bu maqolada Zakariyo chiroqpoya va zaytun daraxtlari haqida ko‘rgan vahiylardan olishimiz mumkin bo‘lgan muhim saboqlarni muhokama qilamiz.

^ 3- x.b. Yillar o‘tgach, hokim Naximiyoning davrida Artakserks ismli boshqa shoh yahudiylarga juda yaxshi munosabatda bo‘lgan.

^ 60- x.b. RASMLARGA SHARH. Birodar yoshi o‘tgani va sog‘ligi zaiflashgani tufayli o‘zgargan vaziyatga ko‘nikishi kerakligini tushunyapti.

^ 62- x.b. RASMLARGA SHARH. Opamiz Yahova Yoshua va Zarubabelni qo‘llab-quvvatlagani kabi «ishonchli va aqlli xizmatkor»ni qo‘llab-quvvatlayotgani to‘g‘risida mulohaza yurityapti.