O‘quvchilarning savollari
Nega 2 Shohlar 21:7–9 da Dovud «Mefibositga... rahm qildi» deyilgan-u, ammo keyin Mefibosit o‘limga mahkum etildi?
Bu bayonotni o‘qigan ba’zilarda mazkur savol tug‘iladi. Lekin bu yerda Mefibosit ismli ikkita har xil kishi haqida gap ketyapti. Nimalar yuz berganini ko‘rib chiqish orqali saboq olishimiz mumkin.
Isroil shohi Shoulning yettita o‘g‘li va ikkita qizi bo‘lgan. To‘ng‘ich o‘g‘lining ismi Yo‘natan edi. Keyinchalik Shoul kanizagi Rizpadan Mefibosit ismli o‘g‘il ko‘rgan. Qizig‘i shundaki, Yo‘natanning ham Mefibosit ismli o‘g‘li bo‘lgan. Shunday qilib, shoh Shoulning Mefibosit ismli ham o‘g‘li, ham nevarasi bor edi.
Shoh Shoul isroilliklar orasida yashagan givonliklarga qarshi tish qayragan va ularni yo‘q qilishga uringan. Hoynahoy, ularning ko‘pi o‘ldirilgan. Bu noto‘g‘ri qaror bo‘lgan. Nima uchun? Yoshuaning davrini eslasak, isroillik yo‘lboshchilar givonliklar bilan tinchlik sulhini tuzgan edi. (Yoshua 9:3–27)
Shoh Shoulning davrida mazkur sulh hali ham o‘z kuchida edi. Shoh sulhga qarshi yo‘l tutib, givonliklarni qirib tashlashga urindi. Oqibatda «u va uning xonadoni qon to‘kkanlikda aybdor» bo‘ldi. (2 Shoh. 21:1) Keyinchalik Dovud shoh bo‘ldi. Omon qolgan givonliklar unga murojaat qilib, qirg‘in haqida aytdi. Dovud Shoulning o‘sha dahshatli qilmishi uchun ular nimani istashini so‘radi. Shunda, Yahova yurtga baraka berishi uchun yo‘l ochilardi. Givonliklar pul talab qilmadi. Aksincha, ularni «yo‘q qilishni rejalashtirgan» kishining yettita o‘g‘li o‘ldirilishini so‘radi. (Sah. 35:30, 31) Dovud ularning iltimosini bajardi. (2 Shoh. 21:2–6)
O‘shanda Shoul va Yo‘natan jangda o‘lgan bo‘ladi. Ammo Yo‘natanning o‘g‘li Mefibosit tirik edi. Bir fojia dastidan uning oyoqlari bolaligidan mayib edi. Shu bois, u bobosining givonliklarga qarshi hujumida qatnashmagan. Dovud Yo‘natan bilan do‘stlik haqida ahdlashgan edi. Bu uning avlodlariga, jumladan, o‘g‘li Mefibositga foyda keltirgandi. (1 Shoh. 18:1; 20:42) Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Yo‘natan o‘g‘li Mefibositga shoh [Dovud] rahm qildi. Chunki Dovud Yahova oldida Shoulning o‘g‘li Yo‘natan bilan qasamyod qilgan edi». (2 Shoh. 21:7)
Xo‘sh, Dovud givonliklarning iltimosiga qanday javob berdi? U Shoulning ikkita o‘g‘lini — ulardan biri Mefibosit edi — va beshta nevarasini ularning qo‘liga topshirdi. (2 Shoh. 21:8, 9) Dovudning bu ishi tufayli endi hech kim yurtda qon to‘kilishida aybdor emasdi.
Bu bayonot shunchaki tarixiy voqea emas. Xudoning Qonunida: «Farzandlar ham otalarining gunohi uchun o‘ldirilmasin»,— deb aytilgan. (Qonun. 24:16) Bordi-yu, Shoulning ikkita o‘g‘li va beshta nevarasi bu qilmishda aybsiz bo‘lganida, Yahova Dovudning qarorini ma’qullamagan bo‘lardi. Chunki qonunning davomida shunday yozilgan: «Inson faqatgina o‘zining gunohi uchun o‘ldirilsin». Aftidan, Shoulning avlodidan bo‘lgan yettita o‘g‘li givonliklarni qirib tashlashda qatnashgan. Oqibatda, ular gunohi uchun jazolangan.
Bu bayonotdan ko‘ryapmizki, kishi shunchaki yo‘l-yo‘riqlarga amal qildim deb aytgani yoki o‘ylagani uchun o‘zini oqlay olmaydi. U qilgan ishi uchun javobgar bo‘ladi. Hikmatlar kitobida: «Yurar yo‘lingni tekisla, shunda barcha yo‘llaring barqaror bo‘ladi. O‘ngga ham, chapga ham burilma, yomon yo‘lga qadam bosma»,— deb yozilgan. (Hik. 4:24–27; Efes. 5:15)