14-TADQIQ MAQOLASI
Bundan «shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi»
Orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi. YUHAN. 13:35
106-QO‘SHIQ Sevgiga burkanaylik
BU MAQOLADA a
1. Yig‘ilishlarga ilk bor keladigan insonlarni nima qoyil qoldiradi? (Rasmga ham qarang.)
AYTAYLIK, bir juftlik Yahova Shohidlarining uchrashuviga ilk bor tashrif buyuradi. Birodar-u opa-singillar orasidagi inoqlik va sevgi ularni qoyil qoldiradi. Uyga qaytayotganida, rafiqasi eriga: «Bilasizmi, Yahovaning Shohidlari umuman boshqacha, ular menga yoqib qoldi»,— deb aytadi.
2. Nega ba’zilar Yahovaga xizmat qilmay qo‘ygan?
2 Darhaqiqat, oramizdagi sevgi bizni boshqalardan ajratib turadi. Albatta, biz ham nomukammalmiz. (1 Yuhan. 1:8) Shu bois, o‘zaro yaqinroq tanishganimiz sayin ba’zi kamchiliklarimiz borligini payqarmiz. (Rim. 3:23) Afsuski, ayrimlar bu tufayli Yahovaga xizmat qilmay qo‘ygan.
3. Isoning haqiqiy izdoshlarini nima ajratib turadi? (Yuhanno 13:34, 35)
3 Ochqich oyatga yana bir nazar solaylik. (Yuhanno 13:34, 35 ni o‘qing.) Isoning haqiqiy izdoshlarini nima ajratib turadi? Bu mukammallik emas, sevgidir. E’tibor bersangiz, Iso: «Mening shogirdlarim ekaningizni sizlar bilib olasizlar»,— demagan, balki: «Barcha bilib oladi»,— deb aytgan. Demak, u haqiqiy izdoshlarini orasidagi sevgi orqali nafaqat jamoatdagi odamlar, balki Yahovaning Shohidi bo‘lmaganlar ham bilib olishini ta’kidlagan.
4. Ba’zilar Isoning haqiqiy izdoshlari haqida nimani bilishni xohlaydi?
4 Yahovaning Shohidi bo‘lmagan ba’zilar shunday o‘ylashi mumkin: «Qanday qilib sevgi Isoning haqiqiy izdoshlarini aniqlashga yordam beradi? Iso havoriylariga qay yo‘sin sevgi ko‘rsatgan? Unga qanday taqlid qilsak bo‘ladi?» Yahovaning Shohidlari ham bu savollar ustida fikr yuritadi. Bunday qilish, ayniqsa, boshqalar xato qilganda sevgimizni ko‘proq namoyon etishga ko‘maklashadi. (Efes. 5:2)
NEGA AYNAN SEVGI ORQALI ISONING HAQIQIY IZDOSHLARINI ANIQLASA BO‘LADI?
5. Yuhanno 15:12, 13 dagi Isoning so‘zlarini tushuntiring.
5 Iso uning chinakam izdoshlari bir-birini o‘zgacha sevishini aytgan. (Yuhanno 15:12, 13 ni o‘qing.) U shogirdlariga shunday amr bergan: «Men sizlarni qanday sevgan bo‘lsam, sizlar ham bir-biringizni shunday seving». Bu so‘zlar nimani anglatadi? Iso keyinchalik bu fidoyi sevgi ekanini tushuntirgan. Ha, aynan bu sevgi masihiylarni, agar kerak bo‘lsa, bir-biri uchun jonini berishga undaydi b.
6. Xudoning Kalomida sevgi muhim ekani qanday ta’kidlangan?
6 Xudoning Kalomida sevgi muhim ekani ko‘p marta aytilgan. Masalan, aksariyat kishilar quyidagi oyatlarni yoqtiradi: «Allohning O‘zi sevgidir». (1 Yuhan. 4:8) «Yaqiningizni o‘zingizni sevganday seving». (Mat. 22:39) «Sevgi ko‘pgina gunohlarni qoplaydi». (1 Butr. 4:8) «Sevgi hech qachon tugamaydi». (1 Kor. 13:8) Bu va boshqa oyatlardan sevgi namoyon etish juda muhim ekanini bilib olyapmiz.
7. Nega Shayton insonlarni bir-birini sevishga va yakdil bo‘lishga o‘rgata olmaydi?
7 Ko‘plar shunday deyishi mumkin: «Haq dinni qanday aniqlasa bo‘ladi? Axir, barcha dinlar haqiqatni o‘rgatyapmiz, deb Xudo borasida turli narsalarni o‘rgatadi-ku». Shayton odamlarni chalkashtirish maqsadida soxta dinlarni yaratgan. Ammo u hech qachon bir-birini sevadigan insonlardan iborat umumjahon tashkilotni barpo eta olmaydi. Bu faqat Yahovaning qo‘lidan keladi! Sababi, U chinakam sevgining Manbaidir. Ha, Xudo O‘z ruhini va yordamini ato etadigan insonlar orasidagina haqiqiy sevgi hukm suradi. (1 Yuhan. 4:7) Shuning uchun, Iso Masih chinakam izdoshlari orasida beg‘araz sevgi bo‘lishini aytgan.
8, 9. Yahova Shohidlarining orasidagi sevgi ko‘plarga qanday ta’sir qilgan?
8 Iso bashorat qilganiday, ko‘plar uning izdoshlarini orasidagi samimiy sevgi orqali tanib-biladi. Masalan, Yan ismli birodar uyining oldidagi stadionda bo‘lib o‘tgan ilk anjumanini hali ham eslaydi. Bir necha oy oldin u stadionga bitta sport o‘yinini tomosha qilishga borgandi. U shunday dedi: «Anjumandagi muhit umuman boshqacha edi. Yahovaning Shohidlari xushmuomala bo‘lgandi va ozoda kiyingandi, bolalari esa o‘zini yaxshi tutardi. Eng muhimi, ular mamnun va xotirjam edi. Buni anchadan beri his qilishni xohlardim. Anjumanda aytilgan hech bir nutq esimda qolmadi. Lekin Yahova Shohidlarining yurish-turishi menga kuchli ta’sir qildi» c. Ha, yaxshi xulq-atvor o‘zaro samimiy sevgiga ega ekanimizning natijasidir. Imondoshlarimizni sevganimiz uchun ularga mehr va hurmat ko‘rsatamiz.
9 Jon ismli birodarimiz ham ilk bor yig‘ilishlarga kelganda, shu kabi tuyg‘ularni his qilgan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Birodar-u opa-singillarning har biri do‘stona munosabat ko‘rsatgani menga qattiq ta’sir qildi. Ular menga xuddi farishtalarday ko‘ringan. Ularning orasidagi samimiy sevgi haq dinni topganimga meni ishontirdi» d. Bu va boshqa misollar Yahovaning xizmatchilari Isoning haqiqiy izdoshlari ekanini isbotlayapti.
10. Ayniqsa qachon chinakam sevgini ko‘rsatish imkoni paydo bo‘ladi? (Izohga ham qarang.)
10 Yuqorida aytilganiday, hammamiz nomukammalmiz. Ba’zida kimnidir gapimiz yoki ishimiz bilan ranjitib qo‘yishimiz hech gap emas e. (Yoqb. 3:2) Ayniqsa, shunday paytlarda so‘zlarimiz-u ishlarimiz orqali chinakam sevgi ko‘rsatish imkoni paydo bo‘ladi. Xo‘sh, bu borada Isoning o‘rnagidan qanday saboq olsak bo‘ladi? (Yuhan. 13:15)
QAY YO‘SIN ISO HAVORIYLARIGA SEVGI KO‘RSATGAN?
11. Yoqub va Yuhanno nima qilishgan? (Rasmga ham qarang.)
11 Iso izdoshlaridan mukammallikni kutmagan. Aksincha, ular Yahovani mamnun qilish uchun zaifliklari bilan kurashishiga va o‘zgarishlar qilishiga sevgi ila yordam bergan. Bir safar, havoriy Yoqub va Yuhanno onasiga Isodan Shohlikda ularga yuqori mavqe berishini so‘rashni aytishgan. (Mat. 20:20, 21) O‘shanda ular mag‘rur bo‘lib, o‘zini boshqalardan yuqori hisoblaganini ko‘rsatishgan. (Hik. 16:18)
12. Yoqub va Yuhannodan tashqari boshqalar o‘zini qanday tutgan? Tushuntiring.
12 Yoqub bilan Yuhannodan tashqari boshqa havoriylar ham o‘zlarini noto‘g‘ri tutishgan. Ular haqida quyidagicha o‘qiymiz: «Qolgan o‘nta shogird buni eshitib, ikki aka-ukadan achchiqlana boshlashdi». (Mat. 20:24) Ular bir-biriga qattiq botadigan gaplarni aytganini tasavvur qilsak bo‘ladi. Ehtimol, havoriylar shunday degandir: «O‘zingizni bizdan yaxshiroqmiz deb aytmoqchimisiz? Shohlikda yuqori mavqega ega bo‘lishga nima haqqingiz bor? Axir, biz ham Iso bilan ter to‘kib mehnat qilyapmiz. Bu sharafli mavqega ega bo‘lish uchun sizlardan kam joyimiz yo‘q». Havoriylar nima deganidan qat’i nazar ular bir-biriga chinakam sevgini namoyon etishni vaqtincha unutib qo‘yishgan.
13. Havoriylarning kamchiliklariga Iso qanday munosabat ko‘rsatgan? (Matto 20:25–28)
13 Xo‘sh, Iso nima qilgan? U shogirdlaridan achchiqlanmagan va ularning o‘rniga yaxshiroq, kamtarroq va doimo bir-biriga sevgi ko‘rsatadigan havoriylarni izlashga tushmagan. Aksincha, Iso ular bilan sabrli bo‘lib gaplashgan. Chunki ular to‘g‘ri yo‘l tutishni xohlashini u bilgan. (Matto 20:25–28 ni o‘qing.) Havoriylar bundan keyin ham oralarida kim buyuk ekani borasida bir necha marotaba bahslashganiga qaramay, Iso ularga sevgi ila munosabat ko‘rsatishda davom etgan. (Mark 9:34; Luqo 22:24)
14. Isoning havoriylari qanday muhitda katta bo‘lgan?
14 Iso havoriylarining kelib chiqishini inobatga olgani shubhasiz. (Yuhan. 2:24, 25) Ular yahudiy ulamo-yu farziylar faqat yuqori mavqega ega bo‘lgan insonlar muhim ahamiyatga ega, deb o‘rgatgan muhitda katta bo‘lishgan. (Mat. 23:6; «Qo‘riqchi minorasi»ning 2010-yil 1-aprel sonida keltirilgan 16–18- sahifalaridagi «Ibodatxona — Iso va uning shogirdlari va’z qilgan joy» nomli maqolasi bilan solishtiring.) Yahudiy din peshvolari ham o‘zini odil deb hisoblashgan f. (Luqo 18:9–12) Iso bunday nuqtai nazar havoriylariga ham ta’sir qilishi mumkinligini tushungan. (Hik. 19:11) U shogirdlari hech qachon xato qilmaydi, deb o‘ylamagan. Ular bunday qilganda esa ularga nisbatan sabr namoyon etgan. Iso ularning qalbi pok ekanini bilgan. Shuning uchun, sabrli bo‘lib, mag‘rurlikni va boshqalardan muhimroq ekani haqidagi fikrni yengishga va buning o‘rniga sevgi namoyon etishga yordam bergan.
QAY YO‘SIN ISOGA TAQLID QILISHIMIZ MUMKIN?
15. Yoqub va Yuhanno bilan bo‘lgan vaziyatdan qanday saboq olishimiz mumkin?
15 Yoqub hamda Yuhanno bilan bo‘lgan vaziyatdan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin. Ha, ular Shohlikda yuqori mavqega ega bo‘lishni so‘rab, noto‘g‘ri yo‘l tutishdi. Lekin boshqa havoriylar ham ulardan qolishmay, bu vaziyat oralaridagi birlikka raxna solishiga yo‘l qo‘yishdi. Lekin Iso barcha 12 ta havoriyga mehr va sevgi ila munosabat ko‘rsatdi. Bundan qanday saboq olsak bo‘ladi? Boshqalarning faqat nima qilgani emas, balki ularning kamchiligi-yu xatolariga biz qanday munosabat ko‘rsatayotganimiz ham muhim. Bunda bizga nima yordam berishi mumkin? Biror imondoshimizdan ranjisak, o‘zimizga quyidagi savollarni bersak bo‘ladi: «Nega uning qilgan ishi meni shunchalik tashvishlantiryapti? Bu vaziyat to‘g‘rilashim kerak bo‘lgan zaif tomonimni ko‘rsatyaptimi? U qiyinchilikka duch keldimikin? Hatto ranjishim uchun asos bor bo‘lsa-da, xafagarchilikka ko‘z yumib, beg‘araz sevgini namoyon eta olamanmi?» Boshqalarga qancha ko‘p sevgi ko‘rsatsak, Isoning haqiqiy shogirdlari ekanimiz shuncha ko‘p ko‘rinadi.
16. Isoning o‘rnagidan yana nimani bilib olyapmiz?
16 Isoning o‘rnagidan imondoshlarimizni tushunishga intilishimiz kerakligini ham bilib olyapmiz. (Hik. 20:5) Ha, Iso odamning qalbida nima borligini bilardi. Biz esa yo‘q. Bunga qaramay, imondoshimiz jahlimizni chiqarganda unga nisbatan sabrli bo‘lishimiz mumkin. (Efes. 4:1, 2; 1 Butr. 3:8) Ular bilan yaqinroq tanishsak, buni qilish osonroq kechadi. Keling, bir misolga nazar solaylik.
17. Qay yo‘sin bir tuman noziriga imondoshimizni yaxshiroq tanib-bilish foyda keltirdi?
17 Sharqiy Afrikada xizmat qilgan tuman noziri jamoatdagi bir birodarni boshida qo‘pol deb hisoblagan. Qiziq, u qanday yo‘l tutgan? Tuman noziri shunday bo‘lishdi: «O‘zimni undan olib qochishning o‘rniga, uni yaxshiroq tanib-bilishga qaror qildim». Shunday qilib, u o‘sha birodar qanday muhitda katta bo‘lganini va bu boshqalar bilan munosabatiga qay yo‘sin ta’sir qilganini bilib oldi. Tuman noziri shunday bo‘lishdi: «O‘sha birodar uchun o‘zgarishlar qilish qanchalik qiyin bo‘lganini va bu borada muvaffaqiyatga erishganini tushunganimda qoyil qoldim. Biz u bilan yaqin do‘stlarga aylandik». Ha, birodar-u opa-singillarimizni yaxshiroq tushunishga intilsak, ularga sevgi ko‘rsatishimiz ancha osonroq bo‘ladi.
18. Agar imondoshimiz bizni ranjitsa o‘zimizga qanday savollarni bersak bo‘ladi? (Hikmatlar 26:20)
18 Aytaylik, sizni ranjitgan imondosh bilan gaplashmoqchisiz. Avvalo, o‘zingizga quyidagi savollarni berib ko‘ring: «Men barcha tafsilotlarni bilamanmi? (Hik. 18:13) U meni atayin xafa qilishni xohlaganmi? (Voiz 7:20) O‘zim ham bunday xatoga yo‘l qo‘yganmanmi? (Voiz 7:21, 22) U bilan gaplashsam, vaziyat yanada battarlashmaydimi?» (Hikmatlar 26:20 ni o‘qing.) Shunga o‘xshash savollar ustida mulohaza yuritsak, imondoshimizga bo‘lgan sevgi bu vaziyatga ko‘z yumishga bizni undar.
19. Nima qilishga qaroringiz qat’iy?
19 Yahovaning Shohidlari Isoning haqiqiy izdoshlari ekanini ko‘rsatyapti. Har birimiz birodar-u opa-singillarimizga nomukammalliklariga qaramay, beg‘araz sevgini namoyon etib buni tasdiqlayapmiz. Qolaversa, bu boshqalarga haq dinni aniqlashga va sevgi Xudosi bo‘lmish Yahovaga topinishga yordam beryapti. Azizlar, sevgi ko‘rsatishda davom etish qaroringiz qat’iy bo‘lsin! Zero, Isoning chinakam izdoshlari ekanimiz aynan bu orqali aniqlanadi.
17-QO‘SHIQ «Albatta istayman!»
a Ko‘plar oramizdagi samimiy sevgini ko‘rib, Yahova hamda Uning Kalomi haqida bilib olishni istaydi. Ammo biz nomukammalmiz, shuning uchun ba’zida birodar-u opa-singillarga bo‘lgan sevgimizni namoyon etish qiyin bo‘lishi mumkin. Keling, sevgi nega shunchalik muhim ekanini va boshqalar xato qilganda qay yo‘sin Isoga taqlid qilishimiz mumkinligini bilib olaylik.
c «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 1-noyabr (rus) sonida keltirilgan 13-, 14- sahifalaridagi «Nihoyat, hayotim mazmunga to‘ldi!» maqolasiga qarang.
d «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 1-may (rus) sonida keltirilgan 18-, 19- sahifalaridagi «Hayotim yaxshiday tuyulgan» maqolasiga qarang.
e Ushbu maqolada 1 Korinfliklarga 6:9, 10 da oqsoqollar ko‘rib chiqishi kerak bo‘lgan jiddiy gunohlar haqida aytilmagan.
f Vaqt o‘tgach, bitta ravvin shunday degan: «Bu dunyoda Ibrohim payg‘ambarga o‘xshash kamida o‘ttizta kishi bor. Agar ular o‘ttizta bo‘lsa, o‘g‘lim va men ular qatoridamiz; o‘nta bo‘lsa, o‘g‘lim va men ular qatoridamiz; beshta bo‘lsa, o‘g‘lim va men ular qatoridamiz; ikkita bo‘lsa, bu o‘g‘lim va men bo‘lamiz; agar bitta bo‘lsa, faqat men bo‘laman».