Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

13-TADQIQ MAQOLASI

Ijodlar yordamida farzandingizga Yahova haqida ta’lim bering

Ijodlar yordamida farzandingizga Yahova haqida ta’lim bering

Bularning barini kim yaratgan? ISHAYO 40:26

11-QO‘SHIQ Bor mavjudot Allohni ulug‘lamoqda

BU MAQOLADA a

1. Ota-onalar farzandi nima qilishini xohlaydi?

 AZIZ OTA-ONALAR, farzandlaringiz Yahovani tanib-bilishini va Uni yaxshi ko‘rishini istaysiz. Lekin bilamizki, Xudo ko‘rinmas Shaxs. Unda bolangiz U mavjud Shaxs ekaniga ishonishiga va Unga yaqinlashishiga qanday yordam bera olasiz? (Yoqb. 4:8)

2. Qay yo‘sin ota-onalar farzandlariga Yahovaning fazilatlari haqida ta’lim bera oladi?

2 Farzandlarga Yahovaga yaqinlashishga yordam berishning muhim yo‘li: ular bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilish. (2 Tim. 3:14–17) Biroq Allohning Kalomida yoshlar boshqa yo‘l orqali ham Yahovani tanib-bilishlari mumkinligi haqida aytilgan. Hikmatlar kitobida ota o‘g‘liga ijodlarda namoyon bo‘layotgan Yahovaning fazilatlarini nazaridan qochirmaslikni eslatgan bo‘lsa kerak. (Hik. 3:19–21) Qay yo‘sin ota-onalar ijodlar yordamida farzandlariga Yahovaning shaxsiyatini yaxshiroq tanib-bilishga yordam bera oladi? Keling, buning ba’zi yo‘llarini ko‘rib chiqaylik.

QAY YO‘SIN IJODLAR ORQALI FARZANDINGIZGA TA’LIM BERA OLASIZ?

3. Ota-onalar bolalariga nima qilishda yordam berishi kerak?

3 Muqaddas Kitobdan Xudoning «ko‘zga ko‘rinmas fazilatlari... dunyo yaratilganidan buyon ochiq ko‘rinib turganini» bilib olyapmiz. (Rim. 1:20) Ota-onalar, bolajonlaringiz bilan tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazish siz uchun yoqimli ekani shubhasiz. Bunday imkoniyatdan foydalanib, ularga ijodlar va Yahovaning ajoyib fazilatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rishga ko‘maklashing. Keling, ota-onalar Iso ta’lim bergan usullardan qanday saboq olishi mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

4. Qay yo‘sin Iso ijodlar orqali shogirdlariga ta’lim bergan? (Luqo 12:24, 27–30)

4 Iso ijodlar yordamida qanday ta’lim berganiga diqqat qarating. Bir safar u shogirdlariga qarg‘alar va lolalarga nazar solishni aytgan. (Luqo 12:24, 27–30 ni o‘qing.) U boshqa jonzotga yoki o‘simlikka diqqat qaratishi mumkin edi. Lekin u aynan shogirdlariga yaxshi tanish bo‘lgan qushni va gulni tanlagan. Ehtimol, uning shogirdlari atroflarida uchib yurgan qarg‘alarni va dalada o‘sayotgan gullarni ko‘rishgan. Iso gapirayotib, ushbu ijodlarga ishora qilayotganini bir tasavvur qiling. Bundan keyin u nima qildi? Iso shogirdlariga Otasining saxiyligi va mehribonligi borasida muhim saboq olishga ko‘maklashgan. Yahova qarg‘alarni to‘ydirib, daladagi lolalarni chiroyli kiyintirganiday, sadoqatli xizmatchilariga ham g‘amxo‘rlik qiladi.

5. Ota-onalar Yahova haqida ta’lim berayotib, qaysi ijodlarni misol sifatida keltirishi mumkin?

5 Ota-onalar, bolangizga Iso kabi ta’lim bera olasizmi? Masalan, siz yoqtiradigan jonivor yoki gul haqida aytib, nega aynan u sizga yoqishini tushuntirarsiz. Bunday qilayotib, bu Yahova haqida nimalarni ochib berayotganini ayting. Keyin esa u qaysi jonivorni yoki o‘simlikni xush ko‘rishini so‘rarsiz. Agar bolangizga yoqadigan ijodlarning biron jihati borasida suhbatlashsangiz, Yahova haqida ta’lim berganingizda u sizni diqqatliroq tinglashining ehtimoli ko‘proq.

6. Kristoferning onasidan qanday saboq olishimiz mumkin?

6 Ota-onalar ijodlar yordamida Yahova haqida ta’lim berishdan avval biron jonivor yoki o‘simlik borasida tadqiq o‘tkazish uchun ko‘p vaqt ajratishi kerakmi? Buning hojati yo‘q. Iso qarg‘alar qanday ovqatlanishi yoki lolalar qay yo‘sin o‘sishi borasida uzun ma’ruza o‘qimagan. Albatta, farzandlarimiz tabiatdagi narsalar borasida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishni yoqtiradi. Lekin muayyan fikrni tushunish uchun ba’zida birgina savolimiz yoki gapimiz yetarli bo‘ladi. Kristofer ismli birodarimiz yoshligini eslab shunday bo‘lishdi: «Onam ijodlarga bo‘lgan minnatdorchiligimizni oshirish uchun sodda gapirardilar. Masalan, toqqa borganimizda onam: “Qarang, qanday baland va chiroyli tog‘lar. Bundan Yahova ajoyib Xudo ekani ko‘rinyatimi?” — deb so‘rar edilar. Yoki dengiz yonidan o‘tib ketayotganimizda: “To‘lqinlarga bir qarang! Xudo rostdan ham qudratli-a?!” — deb aytardilar. Onamning oddiy, ammo mazmunga boy gaplari bizni fikr yuritishga undardi».

7. Qay yo‘sin bolangizni ijodlar haqida fikr yuritishga o‘rgata olasiz?

7 Bolangiz ulg‘aygani sayin ijodlar haqida ko‘proq fikr bildirib, Yahovaning shaxsiyati to‘g‘risida ta’lim bersangiz bo‘ladi. Masalan, biron ijodi borasida aytib, bolangizga: «Bundan Yahova haqida nimalarni bilib olyapsan?» — deb savol berishingiz mumkin. Uning fikr-mulohazalaridan hayron qolishingiz hech gap emas. (Mat. 21:16)

FARZANDINGIZGA IJODLAR HAQIDA QACHON TA’LIM BERA OLASIZ?

8. Isroillik ota-onalar «yo‘lda» ketayotganda qanday imkoniyatga ega edi?

8 Isroillik ota-onalar «yo‘lda» ketayotganda ham bolalariga Yahovaning qonunlari haqida ta’lim berishi lozim edi. (Qonun. 11:19) Yo‘llar qishloqlar aro o‘tgani uchun turli-tuman hayvonlar, qushlar va gullarni ko‘rish mumkin edi. Oilalar birga yo‘lda ketayotganida, ota-onalarda farzandlarining ijodlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish imkoni bor edi. Shu kabi sizda ham farzandingizga ijodlar borasida ta’lim berish imkoniyati bo‘lishi mumkin. Keling, ba’zi ota-onalar buni qanday uddalaganini bilib olaylik.

9. Punita va Katyaning misolidan qanday saboq olishingiz mumkin?

9 Punita ismli opamiz Hindistonda katta shaharda yashaydi. U shunday dedi: «Oilamiz bilan shahar tashqarisiga borganimizda, bolalarimizga Yahovaning betakror ijodlari haqida ta’lim berishga harakat qilamiz. Menimcha, ular shahardagi serqatnov va tirband ko‘chalardan uzoqroq joyda Xudo yaratgan narsalar haqida ko‘proq fikr yurita oladi». Qadrdon ota-onalar, farzandingiz siz bilan chiroyli joyda vaqt o‘tkazganini hech qachon unutmaydi. Moldaviyadagi Katya quyidagicha bo‘lishdi: «Bolaligimda shahar tashqarisida ota-onam bilan o‘tkazgan damlar o‘chmas iz qoldirgan. Meni to‘xtab Yahova yaratgan narsalarni kuzatishga o‘rgatishgani uchun minnatdorman».

Hatto shaharda ham farzandingizga Yahova haqida ta’lim berishga ko‘maklashadigan ijodlarni topa olasiz (10-xatboshiga qarang.)

10. Shahardan tashqariga chiqishning imkoni bo‘lmagan ota-onalar nima qila oladi? (« Ota-onalar uchun yordam» nomli ramkaga qarang.)

10 Bordi-yu, shahardan tashqariga chiqishning imkoni bo‘lmasa-chi? Hindistonda yashovchi Amol ismli birodarimiz shunday dedi: «Men yashaydigan joyda ota-onalar ko‘p ishlaydi va shahar tashqarisida sayohat qilish juda qimmat bo‘lishi mumkin. Ammo kichkina bog‘larda yoki uyning balkonida ijodlarni tomosha qilib, Yahovaning fazilatlari haqida gaplashish mumkin». Diqqatli bo‘lsangiz, uyingizning oldida farzandingizga ko‘rsatish mumkin bo‘lgan ko‘plab ijodlarni topa olasiz. (Zab. 104:24) Bu ehtimol, qushlar, o‘simliklar va hokazolar bo‘lishi mumkin. Germaniyadan bo‘lgan Karina quyidagicha bo‘lishdi: «Onam gullarni juda yaxshi ko‘radi. Kichkinaligimda har safar sayr qilib yurganimizda, chiroyli gullarni tomosha qilardik». Ota-onalar, tashkilotimiz farzandni tarbiyalashda asqatadigan ijodlar borasida taqdim etayotgan video va adabiyotlardan foydalansangiz bo‘ladi. Ha, sharoitingiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar ularga yaratilgan narsalarni diqqat bilan kuzatishga yordam bera olasiz. Endi, keling, bolangizga o‘rgatishingiz mumkin bo‘lgan Yahovaning ba’zi fazilatlarini ko‘rib chiqaylik.

YAHOVANING «KO‘ZGA KO‘RINMAS FAZILATLARI» OCHIQ KO‘RINIB TURIBDI

11. Qanday qilib ota-ona bolalariga Yahovaning sevgisi haqida ta’lim bera oladi?

11 Farzandingizga Yahovaning sevgisi haqida bilib olishga ko‘maklashish uchun ko‘pgina jonivorlar bolalariga mehr bilan g‘amxo‘rlik qilishiga diqqat qaratsangiz bo‘ladi. (Mat. 23:37) Shuningdek, ijodlar qanchalik bir-biridan farq qilishini ham ta’kidlasangiz bo‘ladi. Yuqorida tilga olingan Karina shunday dedi: «Aylanganimizda, onam meni biroz to‘xtab, har bir gul noyob ekani va ular orqali Yahovaning sevgisi namoyon bo‘layotgani haqida o‘ylashga chorlardilar. Yillar o‘tgach, gullar rangi va tuzilishi bilan bir-biridan farq qilishini diqqat ila kuzatadigan bo‘ldim. Ularga qarab, Yahova bizni juda yaxshi ko‘rishini o‘zimga eslataman».

Tanamizning ajoyib tarzda yaratilganini ta’kidlab, farzandingizga Xudoning donoligi haqida ta’lim bera olasiz (12-xatboshiga qarang.)

12. Qay yo‘sin ota-ona farzandiga Yahovaning donoligi haqida ta’lim bera oladi? (Zabur 139:14) (Rasmga ham qarang.)

12 Farzandlaringizga Xudoning donoligi haqida ta’lim bering. Albatta, Yahova bizdan ancha donoroq. (Rim. 11:33) Misol uchun, qay yo‘sin suvlar bulutlarga aylanishi va osmonda u yerdan bu yerga osonlikcha ko‘chishiga e’tibor qarating. (Ayub 38:36, 37) Shuningdek, inson tanasi ajoyib tarzda yaratilganini ta’kidlang. (Zabur 139:14 ni o‘qing.) Vladimir ismli otaning misolini ko‘rib chiqaylik. U quyidagicha bo‘lishdi: «Bir kuni o‘g‘lim velosipeddan yiqilib jarohat oldi. Bir necha kundan keyin yarasi bitib ketdi. Xotinim bilan unga Yahova hujayralarimizni o‘zini tiklash qobiliyati bilan yaratganini tushuntirdik va inson yaratgan narsalarda bunday xususiyat yo‘qligini aytdik. Misol uchun, mashina halokatga uchrasa o‘zini o‘zi tuzata olmaydi. Bu misol o‘g‘ligimizga Yahovaning donoligini yaxshiroq anglashga yordam berdi».

13. Ota-ona farzandiga Xudoning qudrati haqida qay yo‘sin ta’lim bera oladi? (Ishayo 40:26)

13 Yahova bizni ko‘zimizni osmonga tikib, hamma yulduzlarni o‘z o‘rnida ushlab turishga ko‘maklashadigan qudrati haqida fikr yuritishga undayapti. (Ishayo 40:26 ni o‘qing.) Farzandingizni ham osmonga qarab, ko‘rganlari haqida mulohaza yuritishga chorlang. Tayvandagi Tintin opamiz bolaligini eslab, quyidagilarni aytib berdi: «Bir safar onam bilan shahar tashqarisiga aylanishga bordik. Kechki payt osmondagi ko‘pgina yulduzlarni ko‘ra oldik, chunki shahardagi chiroqlar bizga xalaqit bermasdi. O‘sha paytlarda sinfdoshlarim menga bosim o‘tkazayotgandi. Men Yahovaga sadoqat ila xizmat qila olamanmi, deb tashvishlanayotgandim. Onam Yahova barcha yulduzlarni yaratgani uchun qudratli ekani haqida o‘ylashga undadi. Xudo bu kuchidan foydalanib menga ham har qanday sinovni yengishga yordam berishini eslatdi. O‘sha sayohatda ijodlarni kuzatgach, Yahovani yaxshiroq tanib-bilishni maqsad qildim va Unga xizmat qilish qarorim mustahkamlandi».

14. Qay yo‘sin ota-ona bolasiga Yahova baxtiyor Tangri ekanini ko‘rishga yordam bera oladi?

14 Yahova baxtiyor Tangri va biz ham baxtli bo‘lishimizni xohlaydi. Olimlar aksariyat hayvonlar, jumladan, qushlar-u baliqlar o‘ynashni yaxshi ko‘rishiga e’tibor berishdi. (Ayub 40:20) Bolangiz hayvonlar o‘ynayotganini tomosha qilib kulganiga hech ko‘zingiz tushganmi? Ehtimol, u mushukcha koptok ortidan yugurganini yoki kuchukchalar bir-biri bilan o‘ynaganini ko‘rgandir. Keyingi safar farzandingiz hayvonlarning kulgili qiliqlarini ko‘rib tabassum qilganida, biz baxtiyor Tangriga xizmat qilayotganimizni unga eslating. (1 Tim. 1:11)

OILANGIZ BILAN BIRGA IJODLARDAN ZAVQLANING

Farzandlaringiz tabiat qo‘ynida siz bilan maza qilib vaqt o‘tkazganda, o‘zini erkinroq his qilishi va tuyg‘ularini bemalol bo‘lishishi mumkin (15-xatboshiga qarang.)

15. Ota-onaga bolasining fikrlarini bilib olishga nima yordam berishi mumkin? (Hikmatlar 20:5) (Rasmga ham qarang.)

15 Ba’zida ota-ona bolalarining muammolari haqida ular bilan gaplashishga qiynaladi. Siz ham bunga duch kelsangiz, ularning fikrlarini tashqariga chiqarishingiz kerakdir. (Hikmatlar 20:5 ni o‘qing.) Ayrim ota-onalar buni tabiat qo‘ynida qilish osonroq ekaniga e’tibor berishdi. Nega? Buning bir sababi, u yerda ota-onani va bolani chalg‘itadigan narsalar kamroq. Tayvandagi Masaxiko ismli birodar buning yana bir sababi haqida shunday dedi: «Oilamiz bilan birga tabiatda vaqt o‘tkazganda, masalan, tog‘da yoki sohilda aylanganda, odatda bolalarimiz o‘zini erkinroq his qiladi. Shunda ular bizga ichidagilarini bemalol aytishadi va biz ularning fikrlarini bilib olamiz». Yuqorida tilga olingan Katya shunday bo‘lishdi: «Odatda maktabdan keyin onam bilan birga chiroyli boqqa borardik. U yerda o‘zimni erkinroq his qilardim va maktabda nimalar bo‘lganini yoki tashvishlarimni onam bilan bo‘lishardim».

16. Oila a’zolar Yahovaning ijodlaridan zavq olib, birga hordiq chiqarishi haqida nima desa bo‘ladi?

16 Oila a’zolar Yahovaning ijodlaridan zavq olib, birga maza qilib hordiq chiqarishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida oiladagi munosabatlarni yanada qalinlashtiradi. Muqaddas Kitobda: «Kulishning ham... raqsga tushishning ham o‘z vaqti bor»,— deb aytilgan. (Voiz 3:1, 4) Yahova yaratgan go‘zal joylarda yoqtiradigan ishlarimiz bilan shug‘ullana olamiz. Ko‘p oilalar tabiat qo‘ynida, shahar tashqarisida, tog‘larda yoki sohilda birga vaqt o‘tkazishni yoqtiradi. Ayrim bolalar esa bog‘larda o‘ynab, yugurib yurishni, hayvonlarni kuzatishni yoki daryoda, ko‘lda yo dengizda suzishni xush ko‘radi. Ha, Yahova yaratgan narsalardan zavq olish uchun ko‘plab imkoniyatlarimiz bor.

17. Nega ota-ona farzandiga ijodlardan zavqlanishga yordam berishi kerak?

17 Yangi dunyoda ota-onalar va farzandlar Yahovaning ijodlaridan har qachongidan ham ko‘proq zavqlanadi. O‘shanda biz hayvonlardan, hayvonlar esa bizdan qo‘rqmaydi. (Ishayo 11:6–9) Yahova yaratgan narsalardan abadiy zavqlanamiz. (Zab. 22:26) Aziz ota-onalar, hozirning o‘zida farzandingizga ijodlardan zavqlanishga ko‘maklashing. Shu yo‘sin, ular Yahova haqida bilib olishadi va shoh Dovudning quyidagi so‘zlariga qo‘shilishadi: «Ey Yahova,.. Senikiga o‘xshash ishlar... yo‘q». (Zab. 86:8)

134-QO‘SHIQ Farzandlar — Yahovadan merosdir

a Ko‘p birodar-u opa-singillarimiz ota-onalari ularga ijodlardan zavq olishga yordam berganini yaxshi eslaydi. Ota-onalari tabiatdagi narsalar orqali Yahovaning fazilatlari haqida ta’lim berganini ular hecham unutmaydi. Agar sizning ham farzandingiz bo‘lsa, qay yo‘sin ijodlar orqali Yahovaning fazilatlari borasida ta’lim bera olasiz? Ushbu maqolada bu savolga javob topamiz.