Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

10-TADQIQ MAQOLASI

Nega suvga cho‘mish zarur?

Nega suvga cho‘mish zarur?

Har biringiz... suvga cho‘minglar. HAVOR. 2:38

34-QO‘SHIQ Benuqson bo‘lib yuring

BU MAQOLADA a

1, 2. Inson suvga cho‘mganida nimalar bo‘ladi va bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

 QACHONDIR suvga cho‘muvchilarni ko‘rganmisiz? Suvga cho‘mishdan oldin ikkita savolga javob berishganida, ularning ovozidagi hayajonni sezgandirsiz. Oila a’zolari va do‘stlari ulardan faxrlanayotganini ko‘rgandirsiz. Suvga cho‘mishganida gulduros qarsaklarning hamda ularning yuzidagi quvonchning guvohi bo‘lgandirsiz. Har hafta o‘rtacha hisobda minglab insonlar o‘zini Yahovaga bag‘ishlab, buning ramzi sifatida suvga cho‘madi.

2 Siz haqingizda-chi, nima desa bo‘ladi? Agar suvga cho‘mish niyatingiz bo‘lsa, «Yahovani izlayotgan» inson sifatida bu yovuz dunyoda ajralib turganingiz aniq. (Zab. 14:1, 2) Ushbu maqola yoshingiz nechada bo‘lishidan qat’i nazar siz uchun yozilgan. Biroq suvga cho‘mganlar ham uni o‘qib, Yahovaga toabad xizmat qilish qarorini mustahkamlay oladi. Keling, Yahovaga xizmat qilishni xohlayotganimizning ko‘pgina sabablaridan uchtasiga nazar solaylik.

SIZ HAQIQATNI VA TO‘G‘RI YO‘L TUTISHNI YAXSHI KO‘RASIZ

Shayton minglab yillardan beri Xudoning ismiga dog‘ tushirib kelyapti (3-, 4-xatboshilariga qarang.)

3. Nima uchun Yahovaning xizmatchilari haqiqatni va to‘g‘ri yo‘l tutishni yaxshi ko‘radi? (Zabur 119:128, 163)

3 Yahova xalqiga haqiqatni «sevishni» amr etgan. (Zakr. 8:19) Iso ham shogirdlarini adolat payida bo‘lishga undagan. (Mat. 5:6) Boshqacha qilib aytganda, ular Yahovaning nazarida to‘g‘ri, yaxshi va pok bo‘lgan ishlarni qilishi kerak. Siz-chi, haqiqatni va to‘g‘ri yo‘l tutishni yaxshi ko‘rasizmi? Aminmizki, yaxshi ko‘rasiz. Siz yolg‘ondan, yomon va yovuz ishlardan nafratlanasiz. (Zabur 119:128, 163 ni o‘qing.) Yolg‘onchilar bu dunyoning hukmdori Shaytonga taqlid qilgan bo‘ladi. (Yuhan. 8:44; 12:31) Shaytonning maqsadlaridan biri Xudoning muqaddas ismini bulg‘ashdir. Shayton Adan bog‘idagi qo‘zg‘olondan beri Alloh haqida yolg‘on tarqatyapti. U Yahovani odamlarga yaxshilikni ravo ko‘rmaydigan, xudbin va adolatsiz Boshqaruvchi sifatida ko‘rsatmoqchi. (Ibt. 3:1, 4, 5) Shayton Yahova haqidagi yolg‘onlar bilan insonlarning qalbu ongini zaharlashda davom etyapti. Insonlar haqiqatni rad etganida, Shayton ularni yomon va noto‘g‘ri ishlarga yetaklashi mumkin. (Rim. 1:25–31)

4. Yahova «haqiqat Tangrisi» ekanini qanday isbotlagan? (Rasmga ham qarang.)

4 Yahova «haqiqat Tangrisi» va Uni sevadigan insonlarga saxiylik bilan ta’lim beryapti. (Zab. 31:5) Bu orqali Xudo ularga Shaytonning nog‘orasiga boshqa o‘ynamaslikka yordam beradi. Bundan tashqari, U xizmatchilarini halol va rostgo‘y bo‘lishga o‘rgatyapti. Bu ularga o‘ziga bo‘lgan hurmatni oshirishga va xotirjam bo‘lishga ko‘maklashyapti. (Hik. 13:5, 6) Muqaddas Kitobni tadqiq qilar ekansiz, buni his qilganmisiz? Yahovaning yo‘llari barcha odamlar va shaxsan siz uchun eng a’losi ekanini tushunganmisiz? (Zab. 77:13) Shunda Xudoning nazarida to‘g‘ri yo‘l tutish istagingiz paydo bo‘lgandir. (Mat. 6:33) Qolaversa, haqiqatni himoya qilishni va Shayton Xudo haqida aytayotgan narsalari g‘irt yolg‘on ekanini isbotlashni istagandirsiz. Xo‘sh, buni qanday qila olasiz?

5. Haqiqatni va to‘g‘ri yo‘l tutishni yaxshi ko‘rishingizni qanday isbotlay olasiz?

5 Siz Shaytonning yolg‘onlarini rad etib, haqiqatni yaxshi ko‘raman, Yahova oliy Hukmdorim va Uning nazarida to‘g‘ri ishlarni qilib yashashni istayman, deb aytishingiz mumkin. Buni qanday qila olasiz? Buning uchun Yahovaga ibodat qilib o‘zingizni Unga bag‘ishlang, keyin esa suvga cho‘ming. Haqiqatni va to‘g‘ri yo‘l tutishni yaxshi ko‘rish istagi suvga cho‘mish qarorini chiqarishga ko‘maklashadi.

SIZ ISO MASIHNI YAXSHI KO‘RASIZ

6. Zabur 45:4 ga binoan, Isoni yaxshi ko‘rishimiz uchun qanday sabablar bor?

6 Nega Iso Masihni yaxshi ko‘rasiz? Zabur 45:4 da (o‘qing) buning ba’zi sabablari keltirilgan. Ha, Iso haqiqat, kamtarlik va adolatni yaxshi ko‘radi. Agar siz ham haqiqat va adolatni yaxshi ko‘rsangiz, demak, Iso Masihni ham yaxshi ko‘rasiz. U jasorat ila haqiqatni gapirishdan uyalmagani borasida bir o‘ylab ko‘ring. (Yuhan. 18:37) Qay yo‘sin Iso kamtarlikni namoyon etyapti?

7. Iso kamtarin ekani sizga qanday ta’sir qilyapti?

7 Iso kamtarin bo‘lib, bizni ham shunday yo‘l tutishga undayapti. Masalan, butun shon-sharafni o‘ziga emas, Otasiga qaratyapti. (Mark 10:17, 18; Yuhan. 5:19) Xo‘sh, u kamtarin bo‘lgani sizga qanday ta’sir qilyapti? Shubhasizki, bu sizni Isoni yaxshi ko‘rib, izidan yurishga undayapti. Qiziq, nega u kamtar? Sababi, u kamtar Otasini yaxshi ko‘radi va Unga taqlid qiladi. (Zab. 18:35; Ibron. 1:3) Iso bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishni xohlarmidingiz? Zero, u Yahovaning fazilatlarini mukammal tarzda aks ettiryapti.

8. Nima uchun Iso Shohimiz ekanidan baxtiyormiz?

8 Isoni Shohimiz sifatida juda yaxshi ko‘ramiz, chunki u har jihatdan barkamol. Yahova O‘g‘liga ta’lim berib, uni boshqarish uchun tayinlagan. (Ishayo 50:4, 5) Isoning fidoyi sevgisi borasida ham bir o‘ylab ko‘ring. (Yuhan. 13:1) U Shohimiz sifatida sevgimizga butkul loyiq. Iso uni yaxshi ko‘radiganlarni do‘stlari deb atashini va ular amrlariga quloq solib unga bo‘lgan sevgini ko‘rsatishlarini aytgan. (Yuhan. 14:15; 15:14, 15) Ha, Xudoning O‘g‘li bilan do‘st bo‘lish katta sharaf!

9. Isoning hamda izdoshlarining suvga cho‘mishi o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor?

9 Isoning amrlaridan biri izdoshlari suvga cho‘mishidan iborat. (Mat. 28:19, 20) Uning o‘zi bunda o‘rnak ko‘rsatgan. Qaysidir ma’noda Isoning suvga cho‘mgani izdoshlarinikidan farq qiladi. (« Isoning hamda izdoshlarining suvga cho‘mishi o‘rtasida qanday farq bor?» nomli ramkaga qarang.) Lekin o‘xshash tomonlari ham bor. Iso suvga cho‘mganida, o‘zini Otasining irodasini bajarishga taqdim etgan. (Ibron. 10:7) Shu kabi, uning izdoshlari ham o‘zini Tangri Yahovaga bag‘ishlab, buning ramzi sifatida omma oldida suvga cho‘madi. Bundan buyon ularning hayoti o‘z xohish-istaklarini emas, balki Xudoning irodasini bajarishdan iborat ekanini ko‘rsatadi. Shu yo‘sin, ular Isoning o‘rnagiga taqlid qilgan bo‘ladi.

10. Nega Iso Masihni yaxshi ko‘rasiz va bu sizni nima qilishga undashi kerak?

10 Siz Iso Yahovaning yagona O‘g‘li ekaniga ishonasiz va u Shohimiz ekanidan juda baxtiyorsiz. Iso kamtarin ekanini va mukammal tarzda Otasiga taqlid qilishini bilasiz. Qolaversa, u ochlarni to‘ydirganidan, ruhi tushkunlarga tasalli berganidan va kasallarni sog‘aytirganidan xabardorsiz. (Mat. 14:14–21) Shuningdek, u bugungi kunda jamoatni yetaklayotganining guvohi bo‘lyapsiz. (Mat. 23:10) Kelajakda u Xudo Shohligining Shohi sifatida bundan-da ko‘proq ishlarni amalga oshirishini bilasiz. Isoni sevishingizni qanday ko‘rsata olasiz? Uning o‘rnagiga ergashib. (Yuhan. 14:21) O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlash va suvga cho‘mish orqali bu yo‘lda ilk qadamni qo‘yasiz.

SIZ TANGRI YAHOVANI YAXSHI KO‘RASIZ

11. Suvga cho‘mishning eng muhim sababi qanday va nega?

11 Suvga cho‘mishning eng muhim sababi qanday? Iso Xudoning eng muhim amri haqida quyidagicha aytgan: «Tangringiz Yahovani butun qalbingiz, butun joningiz, butun ongingiz va butun quvvatingiz bilan seving». (Mark 12:30) Siz ham bu oyatda aytilganidek, Xudoni qattiq sevasizmi?

Bizga zavq keltirayotgan va kelajakda keltiradigan barcha narsalarning Sohibi Yahovadir (12-, 13-xatboshilariga qarang.)

12. Nega Yahovani yaxshi ko‘rasiz? (Rasmga ham qarang.)

12 Tangri Yahovani yaxshi ko‘rish uchun sabablar bisyor. Masalan, U hayot Manbai hamda «yaxshi va mukammal hadyalarning barchasi» Undan ekanini bilib oldingiz. (Zab. 36:9; Yoqb. 1:17) Chindan ham bizga zavq keltirayotgan hamma narsalarni mehribon, saxiy Otajonimiz Yahova taqdim etyapti.

13. Nima uchun to‘lovni ajoyib hadya deb ayta olamiz?

13 To‘lov Yahovaning bizga bergan eng ajoyib hadyasidir. Nega bunday ayta olamiz? Yahova hamda Uning O‘g‘li o‘rtasidagi munosabatlarga e’tibor bering. Iso shunday degan: «Otam meni sevadi» va «men Otamni sevaman». (Yuhan. 10:17; 14:31) Milliardlab yillar mobaynida ularning o‘rtasidagi bu munosabatlar mustahkamlangan. (Hik. 8:22, 23, 30) O‘g‘li qiynalib o‘lishiga yo‘l qo‘yish Xudoga qattiq og‘riq keltirgan. Yahova butun insoniyatni, shuningdek, sizni ham yaxshi ko‘rgani uchun sevikli O‘g‘lini qurbon qilgan. Shu tariqa siz va butun insoniyatga abadiy yashash eshigi ochilgan. (Yuhan. 3:16; Galat. 2:20) Xudoni yaxshi ko‘rishimiz uchun bundan oliy sabab bo‘lmasa kerak.

14. Qo‘yishingiz mumkin bo‘lgan eng zo‘r maqsad qanday?

14 Yahovani tanib-bilganingiz sayin Unga bo‘lgan sevgingiz kuchayadi. Albatta, Unga hozir va toabad yanada ko‘proq yaqinlashishni xohlaysiz. Bu qo‘lingizdan keladi. Xudo sizni Uning qalbini quvontirishga undayapti. (Hik. 23:15, 16) Buni nafaqat so‘zda, balki amalda qila olasiz. Hayot tarzingiz bilan Yahovani chindan ham sevishingizni ko‘rsatasiz. (1 Yuhan. 5:3) Bu qo‘yishingiz mumkin bo‘lgan eng zo‘r maqsad.

15. Xudoga bo‘lgan sevgingizni qanday namoyon eta olasiz?

15 Yahovaga bo‘lgan sevgingizni qanday ko‘rsata olasiz? Avvalambor, ibodat qilib, o‘zingizni haq Taologa bag‘ishlashingiz kerak. Bu ibodat o‘zgacha hisoblanadi. (Zab. 40:8) Keyin buning ramzi sifatida omma oldida suvga cho‘mishingiz lozim. Yuqorida muhokama qilganimizdek, suvga cho‘mish hayotingizdagi eng baxtli va muhim kundir. O‘shanda hayotingizning yangi sahifasi ochiladi. Chunki endi siz o‘zingiz uchun emas, balki Yahova uchun yashashni boshlaysiz. (Rim. 14:8; 1 Butr. 4:1, 2) Bu siz uchun juda jiddiy qadamdek tuyular. Ha, to‘g‘ri o‘ylayapsiz, bu rostdan ham shunday. Ammo ushbu qadamni qo‘yish eng zo‘r hayotga eshik ochib beradi. Qanaqasiga, deysizmi?

16. Zabur 41:12 Yahova Unga xizmat qilish uchun hayotini bag‘ishlaganlarni mukofotlashini qanday ko‘rsatyapti?

16 Yahova eng saxiy Shaxsdir. Unga nima berishingizdan qat’i nazar doim buni ortig‘i bilan qaytaradi. (Mark 10:29, 30) Yakuniga yetayotgan bu yovuz dunyoda ham hozirning o‘zida U sizga qiziqarli, mazmunli va qoniqarli hayotni ato etadi. Bu boshlanishi, xolos. Suvga cho‘mish bilan boshlanadigan sayohatingiz tugamasligi kerak. Ha, Otamiz Yahovaga abadiy xizmat qila olasiz. U bilan orangizdagi sevgi o‘sib boraveradi. Toki Yahova bor ekan, siz ham abadiy yashaysiz. (Zabur 41:12 ni o‘qing.)

17. O‘zingizni Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mgach nima qila olasiz va o‘rningizga buni kimdir qila oladimi?

17 O‘zingizni Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mganda Otamizning nazarida qimmatbaho sharafga ega bo‘lasiz. U sizga eng yaxshi va eng baxtli onlarni beradi. Javoban esa siz yer-u ko‘kning Egasiga bajonidil va sadoqat ila xizmat qila olasiz. Sizning o‘rningizga buni hech kim qila olmaydi. (Ayub 1:8; 41:11; Hik. 27:11) Bundan yaxshiroq hayot bo‘lmasa kerak! Shubhasizki, Yahovaga bo‘lgan sevgingiz tufayli suvga cho‘mish eng yaxshi sababdir.

NEGA ORTGA SURYAPSIZ?

18. O‘zingizga qaysi savollarni berib ko‘rsangiz bo‘ladi?

18 «Suvga cho‘mishga tayyormisiz?» — degan savolga faqat o‘zingiz javob bera olasiz. Lekin: «Nega ortga suryapsiz?» — degan savol ustida mulohaza yuritib ko‘rsangiz foydali bo‘ladi. (Havor. 8:36) Ko‘rib chiqqan uchta fikrni eslaylik. Birinchidan, siz haqiqatni va to‘g‘ri yo‘l tutishni yaxshi ko‘rasiz. O‘zingizdan shunday so‘rang: «Hamma insonlar haqiqatni yaxshi ko‘radigan va adolat payida bo‘ladigan paytni ko‘rishni istaymanmi?» Ikkinchidan, siz Iso Masihni yaxshi ko‘rasiz. O‘zingizga quyidagi savolni bering: «Xudoning O‘g‘li Shohim bo‘lishini va uning o‘rnagiga ergashishni istaymanmi?» Uchinchidan, eng muhimi, siz Yahovani yaxshi ko‘rasiz. O‘zingizdan: «Yahovaga xizmat qilib, Uning qalbini quvontirishni xohlaymanmi?» — deb so‘rab ko‘ring. Agar ushbu savollarga: «Ha»,— deb javob bergan bo‘lsangiz, unda nega suvga cho‘mmayapsiz? Nega buni ortga suryapsiz? (Havor. 16:33)

19. Nima uchun suvga cho‘mishga ikkilanmasligingiz kerak? Misol keltiring. (Yuhanno 4:34)

19 Agar suvga cho‘mishga ikkilanayotgan bo‘lsangiz, Isoning so‘zlariga diqqat qarating. (Yuhanno 4:34 ni o‘qing.) U Otasining irodasini bajarishni ovqat bilan solishtirgan. Nega? Ovqat bizga foyda keltiradi. Iso Yahova bizdan talab qilayotgan ishlar ham bizga foyda keltirishini bilgan. Xudo bizga zarar keltiradigan ishlarni qilishimizni istamaydi. Xo‘sh, suvga cho‘mishingiz Yahovaning irodasiga kiradimi? Ha. (Havor. 2:38) Shunday ekan, Uning bu amriga amal qilish sizga foyda keltirishiga amin bo‘ling. Eng mazali ovqatni yeyishga ikkilanmas ekansiz, unda nega suvga cho‘mishga ikkilanyapsiz?

20. Keyingi maqoladan nimani bilib olamiz?

20 Nega ba’zilar suvga cho‘mishni ortga suryapti? Ko‘pchilik: «Men hali tayyor emasman»,— deb aytar. Yahovaga o‘zingizni bag‘ishlab, suvga cho‘mish hayotingizda chiqarishingiz mumkin bo‘lgan eng muhim qarordir. Shuning uchun, bu haqda yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Suvga cho‘mish talablariga mos kelishingiz uchun vaqt hamda harakatlar talab etiladi. Ammo bu qadamni qo‘yishni istasangiz, qanday tayyorgarlik ko‘ra olasiz? Javobini keyingi maqoladan bilib olamiz.

28-QO‘SHIQ Yahova, kim do‘sting erur?

a Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan har bir kishi suvga cho‘mishi o‘ta muhim. Bunga nima undashi mumkin? Sevgi. Qiziq, qanday sevgi haqida gap ketyapti va kimga nisbatan? Ushbu maqolada bunga javob topamiz va Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mganimizda hayotimiz qanday bo‘lishini muhokama qilamiz.