O‘quvchilarning savollari
«Falonchi» deb aytilgan kishi Rutga uylansa, nega merosini «xavf ostiga qo‘yishi» haqida aytgan? (Rut 4:1, 6)
Muqaddas Kitob yozilgan davrda inson farzand ko‘rmay vafot etsa, quyidagi savollar yuzaga kelardi: «Uning mol-mulki bilan nima sodir bo‘ladi? Xonadonining nomi butunlay o‘chib ketadimi?» Musoning Qonuni bu savollarga javob topishga yordam beradi.
Agar biror kishi o‘lsa yoki kambag‘al bo‘lib qolib, mol-mulkini sotsa nima bo‘lardi? Uning aka-ukasi yoki yaqin qarindoshi bo‘lsa, u mol-mulkini sotib olishi mumkin edi. Shunda mol-mulki begonalarga qolib ketmasdi. (Lev. 25:23–28; Sah. 27:8–11)
O‘lgan kishining nomi qay yo‘sin saqlab qolinardi? Rutning vaziyatida bo‘lganidek, o‘lgan erining akasi yoki ukasi qarindoshlik burchini ado etish orqali buni qila olardi. Bordi-yu, kishi beva ayolga uylanib farzandli bo‘lsa, akasi yo ukasining nomi saqlab qolinardi va mol-mulki unga meros bo‘lib o‘tardi. Sevgi ila tuzilgan bu tartib orqali beva ayolga ham g‘amxo‘rlik qilinardi. (Qonun. 25:5–7; Mat. 22:23–28)
Keling, Naimaning misolini olaylik. U Elimalek ismli kishiga turmushga chiqqandi. Lekin eri va ikkita o‘g‘li vafot etgach, unga g‘amxo‘rlik qiladigan hech qanday erkak qolmadi. (Rut 1:1–5) Naima Yahudoga qaytganida, kelini Rutga Bozdan ularning mol-mulkini sotib olishni so‘rashni aytdi. Chunki Boz uning yaqin qarindoshi edi. (Rut 2:1, 19, 20; 3:1–4) Ammo Boz Muqaddas Kitobda «falonchi» deb atalgan kishi undan yaqinroq qarindosh ekanini bilgan. Shu bois, u birinchi bo‘lib qarindoshlik burchini bajarish imkoniga ega edi. (Rut 3:9, 12, 13)
Avvaliga «falonchi» ularga yordam bermoqchi bo‘lgan. (Rut 4:1–4) Garchi, u mol-mulkni xarid qilish uchun pul sarflashi kerakligini bilsa-da, Naima keksa bo‘lganini va Elimalekdan qolgan mol-mulk meros bo‘lib o‘tadigan bolani dunyoga keltira olmasligini tushungan. Natijada, mol-mulki unga o‘tishini ko‘zlagan va bu yaxshi imkoniyat deb xulosa qilgan.
Lekin «falonchi» Rutga uylanishini bilganida qaroridan qaytgan. U shunday degan: «Men uni sotib ololmayman, chunki o‘z merosimni xavf ostiga qo‘ygan bo‘laman». (Rut 4:5, 6) U nima uchun fikrini o‘zgartirgan?
Agar falonchi yoki kimdir Rutga uylansa va o‘g‘illi bo‘lsa, bu farzand Elimalekning mol-mulkini meros qilib olardi. Unda, qay yo‘sin falonchi «merosini xavf ostiga qo‘ygan» bo‘lardi? Muqaddas Kitobda bu haqda aytilmagan. Biroq ayrim sabablarini taxmin qilishimiz mumkin.
Birinchidan, o‘sha kishi Elimalekning mol-mulkini xarid qilish uchun sarflaydigan pulini yo‘qotardi. Chunki Rutning tug‘iladigan o‘g‘li oxir-oqibat unga ega bo‘lardi.
Ikkinchidan, u Naima va Rutni ta’minlab, ularga g‘amxo‘rlik qilishi kutilardi.
Uchinchidan, Rut bilan falonchi farzandli bo‘lishsa, uning mol-mulki ularga ham taqsimlab berilardi.
To‘rtinchidan, agar falonchining boshqa farzandi bo‘lmasa, Rut dunyoga keltiradigan o‘g‘ilda ham Elimalekning, ham falonchining mol-mulkiga ega bo‘lish huquqi bo‘lardi. Falonchi vafot etsa, mol-mulki uning emas, balki Elimalekning nomini davom ettiradigan farzandga tegishli bo‘lardi. Lekin falonchi Naimaga yordam berib, merosini xavf ostiga qo‘yishni istamadi. U undan keyin qarindoshlik burchini ado etishi mumkin bo‘lgan kishiga, ya’ni Bozga bu imkoniyatni taqdim etdi. Boz «marhumning merosi o‘ziga tegishli bo‘lib qolishi va nomi... o‘chib ketmasligi uchun» ushbu burchni ado etdi. (Rut 4:10)
Ko‘rinib turganidek, falonchi ko‘proq o‘z nomini va merosini saqlab qolish haqida o‘ylagan. U xudbinlik uni boshqarishiga yo‘l qo‘ygan. Falonchi nomini saqlab qolish uchun qancha harakat qilmasin, bugungi kunda hatto uning ismini ham bilmaymiz. Shuningdek, u Boz ega bo‘lgan sharafni, ya’ni Iso Masihning ajdodidan biri bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan boy bergan. Ha, falonchi xudbinlik qilib, yordamga muhtoj bo‘lganlarga ko‘maklashishdan bosh tortgani uchun o‘ziga yomon qildi. (Mat. 1:5; Luqo 3:23, 32)