Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

11-TADQIQ MAQOLASI

Suvga cho‘mishga qay yo‘sin tayyorlana olasiz?

Suvga cho‘mishga qay yo‘sin tayyorlana olasiz?

Suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti? HAVOR. 8:36

50-QO‘SHIQ Bag‘ishlanish ibodati

BU MAQOLADA a

Dunyo bo‘ylab yosh va keksa insonlar ma’nan o‘sib, suvga cho‘myapti (1-, 2- xatboshilariga qarang.)

1, 2. Suvga cho‘mishga hali tayyor bo‘lmasangiz nega taslim bo‘lmasligingiz lozim? (Muqovadagi rasmga qarang.)

 SUVGA cho‘mishni istasangiz, buni maqsadga aylantirsangiz bo‘ladi. Xo‘sh, hozir bunga tayyormisiz? Agar tayyor bo‘lsangiz va oqsoqollar qarshi bo‘lmasa, bu qadamni ortga surmang. Darhaqiqat, Yahovaga xizmat qilib mazmunli hayot kechirasiz.

2 Lekin kimdir sizga suvga cho‘mishdan avval ma’nan o‘sishingiz kerakligini aytgandir. Yoki bu haqda o‘zingiz o‘ylagandirsiz. Unda, taslim bo‘lmang. Yoshingiz nechada bo‘lishidan qat’i nazar, ushbu maqsadga erisha olasiz.

«NIMA TO‘SQINLIK QILYAPTI?»

3. Habashistonlik amaldor Filipdan nima deb so‘ragan va qanday savol paydo bo‘lyapti? (Havoriylar 8:36, 38)

3 Havoriylar 8:36, 38 ni o‘qing. Habashistonlik amaldor xushxabar voizi Filipdan shunday so‘ragan: «Suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti?» U suvga cho‘mishni istagan, lekin bunga tayyor bo‘lganmi?

Habashistonlik amaldor Yahova haqida ko‘proq bilim olishni juda xohlagan (4-xatboshiga qarang.)

4. Habashistonlik amaldor ko‘proq bilishni istaganini nimadan ko‘ryapmiz?

4 Habashistonlik amaldor «Xudoga topinish uchun Quddusga kelgan edi». (Havor. 8:27) Hoynahoy, u yahudiy diniga kirgan edi. Shubhasizki, bu amaldor Yahova haqida Ibroniycha yozuvlardan bilib olgan. Shunday bo‘lsa ham, u ko‘proq bilishni istagan. Filip uni yo‘lda uchratganida u nima qilayotgandi? U Ishayo payg‘ambarning bitiklarini o‘qiyotgandi. (Havor. 8:28) Bu qattiq ma’naviy ozuqa edi. Amaldor Muqaddas Yozuvlardagi asosiy ta’limotlar bilan kifoyalanmay, ko‘proq bilib olmoqchi bo‘lgan.

5. Habashistonlik amaldor bilib olganlari bilan kifoyalanganmi?

5 O‘sha kishi habashistonlik malika huzurida yuqori mavqega ega bo‘lib, «uning butun xazinalari mudiri» edi. (Havor. 8:27) Shunga u juda band bo‘lgandir. Bunga qaramay, u Yahovaga topinish uchun vaqt ajratgan. Habashistonlik amaldor bilib olganlari bilan kifoyalanmay, ularga amal qilishga intilgan. Shu bois, u Quddusdagi ma’badda Yahovaga topinish uchun Habashistondan uzoq yo‘l bosib kelgan. Ehtimol, bu safarga anchagina mablag‘ hamda vaqt ketgan. Lekin bu Yahovaga topinishiga to‘sqinlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan.

6, 7. Amaldorning Yahovaga bo‘lgan sevgisi nima tufayli oshgan?

6 Habashistonlik kishi Filipdan ba’zi muhim haqiqatlarni, jumladan, Masih haqida bilib olgan. (Havor. 8:34, 35) Amaldor Iso u uchun nimalar qilganini bilganida qattiq ta’sirlangan. Bu uni nima qilishga undagan? U yahudiy dinini tanlagan obro‘li inson sifatida qolishni tanlamagan. Aksincha, Yahova hamda Iso Masihga bo‘lgan sevgisini kuchaytirgan. Bu uni suvga cho‘mib, Iso Masihning izdoshi bo‘lishdek muhim qarorni chiqarishga undagan. Filip u suvga cho‘mishga tayyor ekanini ko‘rgan. Shuning uchun, uni suvga cho‘mdirgan.

7 Amaldor kabi suvga cho‘mish uchun siz ham tayyorgarlik ko‘rsangiz bo‘ladi. Shunda: «Suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti?» — degan savolga aminlik bilan javob bera olasiz. Keling, u kabi qo‘yishingiz mumkin bo‘lgan ba’zi qadamlarga nazar solaylik. U o‘rganishda, bilib olganlariga amal qilishda va Xudoga bo‘lgan sevgisini kuchaytirishda davom etgan.

O‘RGANISHDA DAVOM ETING

8. Yuhanno 17:3 ga binoan, nima qilishingiz lozim?

8 Yuhanno 17:3 ni o‘qing. Isoning ushbu gaplari tadqiq boshlashingizga yordam berganmi? Bu ko‘pchiligimizga ko‘maklashgan. Lekin ushbu so‘zlardan bilim olishda davom etishimiz lozimligi ko‘rinyaptimi? Ha. Biz «tanho haq Xudoni» tanib-bilishdan hech qachon to‘xtamasligimiz kerak. (Voiz 3:11) Biz abadiyat davomida o‘rganamiz. Yahova haqida qancha ko‘p bilim olsak, Unga shuncha ko‘p yaqinlashamiz. (Zab. 73:28)

9. Muqaddas Kitobdagi asosiy ta’limotlarni bilgach, nima qilishimiz lozim?

9 Yahovani tanib-bilishni boshlaganda faqat asosiy ta’limotlarni o‘rganamiz. Ibroniylarga yo‘llagan maktubida havoriy Pavlus bu ta’limotlarni «oddiy narsalar» degan. U «boshlang‘ich ta’limotlar» muhim emas, deb aytmagan. Aksincha, ularni chaqaloqni oziqlantiradigan sut bilan solishtirgan. (Ibron. 5:12; 6:1) Pavlus barcha masihiylarni faqat asosiy ta’limotlarni emas, balki Xudoning Kalomidagi chuqur haqiqatlarni bilib olishga undagan. Siz ham Muqaddas Kitobdagi asosiy ta’limotlar bilan cheklanmay, yanada chuqur bilim olishni xohlaysizmi? Yahova hamda Uning niyatlari haqidagi bilimlarni oshirib, ma’nan o‘smoqchimisiz?

10. Nega ba’zilar uchun tadqiq o‘tkazish qiyin?

10 Ko‘pchiligimiz uchun tadqiq o‘tkazish qiyin bo‘lishi mumkin. Sizda ham shundaymi? Maktabda ustozlar sizni yaxshi o‘qitishganmi? Ta’lim olish sizga yoqarmidi? Bu orqali ko‘proq bilim olganingizni sezganmisiz? Yoki baribir yaxshi o‘qiy olmayman, deb o‘ylaganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, ruhingiz tushmasin. Ko‘pchilik uchun bu qiyin kechadi. Lekin Yahova sizga yordam bera oladi. U koinotdagi eng mukammal va a’lo Ustozdir.

11. Yahova «Buyuk Ustoz» ekani nimadan ko‘rinyapti?

11 Yahova O‘zini «Buyuk Ustoz» deb aytyapti. (Ishayo 30:20, 21) Chindan ham, U mehribon, sabrli va tushunadigan Ustoz. Xudo Undan ta’lim olayotgan insonlarning yaxshi tomonlarini ko‘radi. (Zab. 130:3) Qolaversa, U qo‘limizdan kelmaydigan narsani bizdan talab qilmaydi. Unutmangki, Xudo bizga miyamiz bo‘lmish ajoyib hadyani ato etgan. (Zab. 139:14) Darhaqiqat, bilim olish chanqog‘i bilan yaratilganmiz. Parvardigorimiz abadiy ta’lim olishimizni va bundan zavqlanishimizni xohlaydi. Shunday ekan, hozir Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni «tusashning» ayni paytidir. (1 Butr. 2:2) Shu bois, erishishingiz mumkin bo‘lgan maqsadlar qo‘ying. Muqaddas Kitobni o‘qish va tadqiq qilish jadvaliga amal qiling. (Yoshua 1:8) Yahovaning ko‘magi bilan Kalomni o‘qish va o‘rganish jon-u dilingiz bo‘ladi.

12. Nega shaxsiy tadqiqda Isoning hayoti va xizmatini o‘rganishimiz kerak?

12 Muntazam ravishda Isoning hayoti va xizmati ustida mulohaza yuritishga vaqt ajrating. Yahovaga xizmat qilmoqchi bo‘lsak, ayniqsa, ushbu qiyin damlarda Isoning izidan og‘may yurishimiz lozim. (1 Butr. 2:21) U shogirdlarini qiyinchiliklarga duch kelishi haqida ogohlantirgan. (Luqo 14:27, 28) Lekin Iso ular u kabi Xudoga sadoqatli qolishi haqida ham aytgan. (Yuhan. 16:33) Uning hayotini tadqiq qilishni va kundalik hayotda unga ergashishni maqsad qilib qo‘ysangiz bo‘ladi.

13. Yahovadan nima haqida so‘rashingiz kerak va nega?

13 Bilimning o‘zi yetarli emas. O‘rganayotganlaringiz Yahovani yaxshiroq tanib-bilishga va Unga bo‘lgan sevgi hamda ishonchni kuchaytirishga yordam beradi. (1 Kor. 8:1–3) O‘rganishda davom etar ekansiz, Yahovadan imoningizga imon qo‘shishini so‘rang. (Luqo 17:5) U bunday ibodatlarga saxiylik ila javob beradi. Xudo to‘g‘risidagi aniq bilimga asoslangan chinakam imon ma’nan o‘sishingizga ko‘maklashadi. (Yoqb. 2:26)

BILIB OLGANLARINGIZGA AMAL QILISHDA DAVOM ETING

To‘fondan oldin Nuh va uning oilasi bilib olganlariga amal qilgan (14-xatboshiga qarang.)

14. Havoriy Butrus bilib olganlarimizga amal qilish muhimligini qanday ta’kidlagan? (Rasmga ham qarang.)

14 Havoriy Butrus Isoning izdoshlari bilib olganlariga amal qilishi muhim ekanini ta’kidlagan. U Nuh payg‘ambarning misoliga ishora qilgan. Yahova Nuhga o‘sha paytdagi yovuz insonlarni to‘fon orqali yo‘q qilishini aytgan. Nuh va uning oilasi omon qolishi uchun to‘fon haqida bilishning o‘zi yetarli emasdi. Havoriy Butrus kema qurilayotgan, ya’ni to‘fondan oldingi payt haqida aytganiga e’tibor bering. (1 Butr. 3:20) Ha, Nuh va uning oilasi Xudoning aytganlariga quloq solib, katta kema qurgan. (Ibron. 11:7) Butrus Nuhning harakatlarini suvga cho‘mish bilan solishtirib: «Shu singari, hozir ham suvga cho‘mish bor... Bu, sizlarni... qutqaradi»,— deb aytgan. (1 Butr. 3:21) Qaysidir ma’noda suvga cho‘mish uchun qilayotgan harakatlaringizni Nuh va oilasi yillar davomida kemani qurish maqsadida qilgan ishlar bilan solishtirsa bo‘ladi. Qiziq, suvga cho‘mishga tayyor bo‘lish uchun nima qilishingiz lozim?

15. Sidqidildan tavba qilayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?

15 Avvalambor, sidqidildan tavba qilishimiz kerak. (Havor. 2:37, 38) Bu bizni o‘zgarishga undaydi. Yahovaga yoqmaydigan ishlarga nuqta qo‘ydingizmi? Bunga axloqsiz hayot kechirish, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish yoki haqoratli so‘zlardan foydalanish kiradi. (1 Kor. 6:9, 10; 2 Kor. 7:1; Efes. 4:29) Agar bunga chek qo‘ymagan bo‘lsangiz, o‘zgarishga harakat qiling. Siz bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan va’zgo‘y bilan maslahatlashing yoki oqsoqollardan yordam va yo‘l-yo‘riq so‘rang. Bordi-yu, yosh va ota-onangiz bilan yashayotgan bo‘lsangiz, suvga cho‘mishga to‘sqinlik qilayotgan har qanday yomon odatni yengish uchun ulardan yordam so‘rang.

16. Ma’naviy ishlar band bo‘lish nimani o‘z ichiga oladi?

16 Ma’naviy ishlar bilan band bo‘lish ham juda muhim. Bunga yig‘ilishlarga borish va ularda ishtirok etish kiradi. (Ibron. 10:24, 25) Xizmat qilishga layoqatli bo‘lsangiz, buni muntazam ravishda qilishga intiling. Najotbaxsh xabarni qancha ko‘p e’lon qilsangiz, shuncha ko‘p quvonch topasiz. (2 Tim. 4:5) Agar yosh yoki ota-onangiz bilan yashayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizdan shunday so‘rang: «Ota-onam yig‘ilishga borishim yoki xizmatda ishtirok etishim kerakligini eslatib turishadimi? Yoki buni o‘zim xohlab qilamanmi?» Bularni o‘z xohishingiz bilan qilish Yahovaga bo‘lgan sevgi, minnatdorchilik va ishonchingizni ko‘rsatadi. Bularni «xudojo‘y» ekaningizning belgilari, ya’ni Yahovaga taqdim etayotgan sovg‘alaringiz desa bo‘ladi. (2 Butr. 3:11; Ibron. 13:15) Xudo Unga chin yurakdan bergan sovg‘alarimizdan mamnun bo‘ladi. (2 Korinfliklarga 9:7 ni solishtiring.) Tangri Yahovaga o‘zimizda bor eng yaxshisini berishni istaganimiz uchun bunday qilamiz.

YAHOVAGA BO‘LGAN SEVGINGIZNI OSHIRISHDA DAVOM ETING

17, 18. Qaysi fazilat suvga cho‘mishimizga yordam beradi va nega? (Hikmatlar 3:3–6)

17 Suvga cho‘mishga intilayotib, turli qiyinchiliklarga duch kelasiz. Ba’zilar e’tiqodingiz tufayli sizni masxara qilar, hatto ta’qiblarga yoki qarshiliklarga duchor bo‘larsiz. (2 Tim. 3:12) Yomon odatlar bilan kurashishga harakat qilayotganingizda, gohida yengilishingiz mumkin. Yoxud bu maqsadga erishish yo‘lida sabrsizlik qilayotgandirsiz yoki tushkunlikka tushayotgandirsiz. Bardoshli bo‘lishingizga eng muhim fazilat, ya’ni Yahovaga bo‘lgan sevgi yordam beradi.

18 Yahovaga bo‘lgan sevgingiz sizda bor bo‘lgan eng go‘zal fazilatdir. (Hikmatlar 3:3–6 ni o‘qing.) Unga bo‘lgan kuchli sevgi muammolaringizni muvaffaqiyat ila yengishga yordam beradi. Muqaddas Kitobda Xudoning xizmatchilariga bo‘lgan sevgisiga nisbatan mehr-sadoqat so‘zi ko‘p marta qo‘llanilgan. Bu fazilat U xizmatchilarini hech qachon tashlab ketmasligini yoki sevishdan to‘xtamasligini anglatadi. (Zab. 100:5) Alloh sizni O‘ziga monand qilib yaratgan. (Ibt. 1:26) Xo‘sh, bu fazilatni boshqalarga qanday namoyon eta olasiz?

Har kuni Yahovaga minnatdorchilik bildirishingiz mumkin (19-xatboshiga qarang.) b

19. Yahova siz uchun qilayotgan barcha yaxshiliklarga nisbatan minnatdorchilikni qanday oshira olasiz? (Galatiyaliklarga 2:20)

19 Minnatdorchilikdan boshlang. (1 Salon. 5:18) Har kuni o‘zingizdan: «Yahova menga O‘z sevgisini qanday ko‘rsatyapti?» — deb so‘rang. Keyin esa Unga ibodat qilib, U shaxsan sizning foydangizni ko‘zlab qilayotgan muayyan narsalar uchun minnatdorchilik bildiring. Havoriy Pavlus kabi Yahova sizni sevgani uchun qilayotgan yaxshiliklarni ko‘rishga intiling. (Galatiyaliklarga 2:20 ni o‘qing.) O‘zingizga shunday savol bering: «Xudoga javoban sevgimni qanday ko‘rsata olaman?» Unga bo‘lgan sevgi vasvasalarga qarshi turishga va qiyinchiliklarda bardoshli bo‘lishga ko‘maklashadi. Bu sizni Yahovaga muntazam ravishda topinishga va har kuni Unga bo‘lgan sevgingizni ko‘rsatishga undaydi.

20. O‘zimizni Yahovaga bag‘ishlash nimani o‘z ichiga oladi va bu qaror qanchalik muhim?

20 Albattaki, Xudoga bo‘lgan sevgi sizni ibodat qilib, o‘zingizni Unga bag‘ishlashga undaydi. Bu ibodat o‘zgachadir. Unutmang, o‘zingizni Yahovaga bag‘ishlasangiz ajoyib sharafga muyassar bo‘lasiz. Siz Unga abadiy tegishli bo‘lishingiz mumkin. Hayotingizni Yahovaga bag‘ishlaganda ham yaxshi, ham yomon kunda Unga xizmat qilishga va’da berasiz. Bu va’da ikkinchi marta takrorlanmaydi. Ha, hayotimizni Yahovaga bag‘ishlash muhim qarordir. Lekin ushbu fikrga e’tibor bering: hayotimizda ko‘plab qarorlar chiqaramiz, ulardan ba’zilari yaxshi bo‘ladi. Ammo hech biri hayotimizni Yahovaga bag‘ishlash qaroriga teng kela olmaydi. (Zab. 50:14) Shayton Otamizga bo‘lgan sevgingizni susaytirishni va benuqsonlikdan voz kechishingizni istaydi. U zafar qozonishiga yo‘l qo‘ymang! (Ayub 27:5) Xudoga bo‘lgan kuchli sevgingiz va’dangizga sodiq qolishga va Unga yanada yaqinlashishga ko‘maklashadi.

21. Nega suvga cho‘mish sayohatning oxiri emas, boshlanishi deb ayta olamiz?

21 O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlagach, oqsoqollar bilan keyingi muhim qadam to‘g‘risida gaplashing. Doim yodingizda bo‘lsin, suvga cho‘mish bu sayohatning oxiri emas, boshlanishidir. O‘shandan buyon Yahovaga toabad xizmat qila olasiz. Shuning uchun, hozirning o‘zida Otamizga bo‘lgan sevgingizni oshiring. Uni kundan-kunga kuchaytirishga yordam beradigan maqsadlar qo‘ying. Ular sizni suvga cho‘mishga yetaklaydi. O‘sha kun unutilmas bo‘ladi. Biroq bu boshlanishi, xolos. Iloyo, Yahovaga hamda Uning O‘g‘liga bo‘lgan sevgingiz toabad o‘ssin!

135-QO‘SHIQ Yahova mehr ila chorlar: «O‘g‘lim, dono bo‘l»

a Ma’nan o‘sib suvga cho‘mish uchun niyatimiz to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Shuningdek, to‘g‘ri ishlar qilishimiz lozim. Habashistonlik amaldorning misolini ko‘rib chiqish orqali suvga cho‘mmoqchi bo‘lgan inson qanday qadamlar qo‘yishi kerakligini bilib olamiz.

b RASMGA SHARH. Opamiz Yahova taqdim etgan narsalar uchun ibodatda rahmat aytyapti.