Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12-TADQIQ MAQOLASI

Yahovani ijodlari orqali yaxshiroq tanib-biling

Yahovani ijodlari orqali yaxshiroq tanib-biling

Uning ko‘zga ko‘rinmas fazilatlari... dunyo yaratilganidan buyon ochiq ko‘rinib turibdi. Sababi, inson yaratilgan narsalardan buni bilib oladi. RIM. 1:20

6-QO‘SHIQ Samolar Allohning ulug‘vorligidan xabar beradi

BU MAQOLADA a

1. Ayub Yahovani nima orqali yaxshiroq tanib-bilgan?

 AYUB PAYG‘AMBAR hayoti davomida odamlar bilan ko‘p suhbat qurgan. Lekin Yahova bilan bo‘lgan suhbat uning hayotida o‘chmas iz qoldirgan. O‘shanda Xudo unga ajoyib ijodlariga e’tibor qaratishni aytgan. Bu esa Ayubga Yahova qanchalik dono ekanini ko‘rishga yordam bergan va U xizmatchilariga ham g‘amxo‘rlik qilishiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlagan. Masalan, Yahova jonzotlarga g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatib, Ayubni ham qo‘llab-quvvatlashiga ishontirgan. (Ayub 38:39–41; 39:1, 5, 13–16) Ha, Ayub ijodlar orqali Allohning fazilatlari borasida ko‘proq bilib olgan.

2. Nega Yahovaning ijodlarini kuzatish ba’zida qiyin bo‘lishi mumkin?

2 Biz ham Xudoning ijodlarini yaxshilab kuzatish orqali U haqda ko‘p narsani bilib olishimiz mumkin. Biroq ba’zida bunday qilish oson emasdir. Shaharda yashasak, har kuni ko‘pgina ijodlarni ko‘rmayotgandirmiz. Hatto shaharda yashamasak ham ijodlarga nazar solish uchun vaqt yetishmayotgandir. Shunday ekan, keling, nega bunga vaqt ajratish arzigulik ekanini ko‘rib chiqaylik. Yahova hamda Iso ijodlar orqali qanday ta’lim berganini va ulardan qanday saboq olishimiz mumkinligini bilib olaylik.

NEGA IJODLARNI KUZATISHIMIZ KERAK?

Yahova Odamato ijodlardan zavq olishini va hayvonlarga nom berishini xohlagan (3-xatboshiga qarang.)

3. Yahova Odamato ijodlardan zavq olishini xohlaganini qayerdan bilamiz?

3 Yahova ilk inson Uning ijodlaridan zavq olishini juda xohlagan. Alloh Odamatoni yaratganida uni Adan bog‘iga joylashtirib, u yerni parvarishlashni aytgan. (Ibt. 2:8, 9, 15) Odamato urug‘lar o‘sishini va gullar ochilishini ko‘rib qoyil qolganini tasavvur qiling. Chindan ham Adan bog‘iga ishlov berish Odamato uchun katta sharaf bo‘lgan. Shuningdek, Yahova unga hayvonlarga nom berish vazifasini ham topshirgan. (Ibt. 2:19, 20) Xudo buni O‘zi qilsa ham bo‘lardi, lekin bu vazifani Odamatoga topshirgan. U hayvonlarga nom berishidan oldin ularni diqqat bilan kuzatib, ko‘rinishiga va harakatlariga e’tibor bergan. Bu unga zavq keltirgan bo‘lsa kerak. Shubhasizki, bu Odamatoga Yahovaning donoligini hamda ijodlar chiroyli va qiziqarli qilib yaratilganini ko‘rishga yordam bergan.

4. a) Ijodlarni kuzatishimiz kerakligining sabablaridan biri qanday? b) Qaysi ijod uchun ayniqsa minnatdorsiz?

4 Ijodlarni kuzatib, o‘rganishimizning sabablaridan biri Yahova buni xohlayotganidadir. U: «Ko‘zlaringizni osmonga tikib, qaranglar»,— deb bizni undayapti. Keyin esa: «Bularning barini kim yaratgan?» — deb savol beryapti. Javobi aniq. (Ishayo 40:26) Yahova nafaqat osmondagi, balki yerdagi va suvdagi barcha ajoyib narsalarni yaratgan. Bularning bari U haqda ko‘p narsani bilishimizga hissa qo‘shyapti. (Zab. 104:24, 25) Qolaversa, biz qay yo‘sin yaratilganimiz borasida ham bir o‘ylab ko‘ring. U bizni tabiatdagi ajoyib narsalardan zavq olish hissi bilan yaratgan. Xudo bizga ko‘rish, eshitish, sezish, his qilish va hid bilish qobiliyatlarini ato etgan. Bu tufayli turli ijodlardan zavq olamiz.

5. Rimliklarga 1:20 ga ko‘ra, Yahovaning ijodlarini kuzatish qanday foyda keltiradi?

5 Muqaddas Kitobdan ijodlarni nega kuzatishimiz kerakligining boshqa sababini bilib olyapmiz. Bu bizga Yahovaning fazilatlarini yaxshiroq bilishga imkon beradi. (Rimliklarga 1:20 ni o‘qing.) Masalan, ijodlarni tomosha qilib, ular ajoyib tarzda yaratilganiga e’tibor bering. Ularda Yahovaning donoligi aks etadi, shunday emasmi?! Qolaversa, bizga zavq keltiradigan turli-tuman oziq-ovqat haqida ham fikr yuriting. Bu Xudo odamlarni yaxshi ko‘rishining yaqqol isboti. Ijodlardan Yahovaning fazilatlarini bilib olganimizda, U haqda ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lamiz va Unga yaqinlashamiz. Endi, keling, ijodlardan qanday muhim saboqlar olishimiz mumkinligiga e’tibor qarataylik.

XUDO IJODLAR ORQALI BIZGA O‘ZINI TANITYAPTI

6. Qushlarning boshqa o‘lkaga uchib ketishini kuzatishdan qanday saboq olishimiz mumkin?

6 Yahova hodisalarning o‘z vaqtini belgilagan. Qadimda har yili fevralning oxiridan mayning o‘rtasigacha isroilliklar shimolga uchib ketayotgan laylaklarni ko‘rardi. Xudo ularga: «Laylak qachon boshqa joyga uchib ketish kerakligini biladi»,— degan. (Yerm. 8:7) Yahova ular qaysi paytda uchib ketishini belgilagani kabi, O‘z hukmlarini ham amalga oshiradigan vaqtni belgilagan. Bugungi kunda boshqa o‘lkalarga uchib ketayotgan qushlarni ko‘rganimizda, Yahova bu yovuz dunyoga «belgilangan paytda» chek qo‘yishini o‘zimizga eslatsak bo‘ladi. (Xab. 2:3)

7. Qushlarning parvoz qilishidan qanday saboq olishimiz mumkin? (Ishayo 40:31)

7 Yahova xizmatchilarini mustahkamlaydi. Xudo Ishayo payg‘ambar orqali xizmatchilari kuchsiz bo‘lganda yoki ruhi tushganda, «burgutlar kabi qanot yozib uchishi» uchun kuch ato etishini va’da qilgan. (Ishayo 40:31 ni o‘qing.) Isroilliklar burgutlar qanot qoqib havo oqimlari yordamida bemalol parvoz qilishini ko‘rgan. Bu biz uchun yaxshi eslatma. Alloh ushbu qushlarga kuch berganiday, xizmatchilarini ham mustahkamlay oladi. Osmonda qanot yozib uchayotgan qushni ko‘rganingizda, Yahova muammolaringiz osha parvoz qilishingiz uchun kuch ato etishini eslang.

8. Ayub Xudoning ijodlaridan nimani o‘rgangan va bu biz uchun qanday saboq?

8 Yahova ishonchimizga loyiq. U Ayub payg‘ambarga Unga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga ko‘maklashgan. (Ayub 32:2; 40:6–8) Xudo u bilan suhbatlashganda uning diqqatini ko‘plab ijodlarga, jumladan, yulduz, bulut va chaqmoqqa qaratgan. Bundan tashqari, U yovvoyi buqa va ot kabi jonzotlar haqida aytib o‘tgan. (Ayub 38:32–35; 39:9, 19, 20) Bu barcha ijodlarda nafaqat Uning kuchi, balki sevgisi va cheksiz donoligi ham oshkor bo‘lgan. O‘sha suhbat tufayli Ayub Xudo haqida oldinlari bilmagan ancha narsani bilib olgan. (Ayub 42:1–6) Shunga o‘xshab, ijodlarni kuzatganimizda, Yahova bizdan ancha dono va qudratliroq ekanini anglab yetamiz. U bizni ham barcha qiyinchiliklardan xalos etishga qodir va albatta bunday qiladi. Bu Unga bo‘lgan ishonchimizni kuchaytiryapti.

ISO IJODLAR YORDAMIDA OTASINI TANITGAN

9, 10. Quyosh va yomg‘ir Yahova haqida nimalarni oshkor etyapti?

9 Iso yaratilgan ijodlar borasida ko‘p narsani bilgan. U «mohir ishchi» sifatida Otasi bilan koinotdagi barcha narsani yaratish sharafiga muyassar bo‘lgan. (Hik. 8:30) Keyinchalik, u yer yuzida bo‘lganida ijodlar yordamida Otasini shogirdlariga tanitgan. Keling, uning ba’zi misollariga e’tibor qarataylik.

10 Yahova har bir insonni sevadi. Tog‘dagi va’zida Iso ko‘plar nazaridan chetda qoldiradigan quyosh va yomg‘ir to‘g‘risida aytgan. Ham quyosh, ham yomg‘ir hayotimiz uchun o‘ta muhim. Yahova ularni Unga xizmat qilmaydigan insonlarga bermasligi mumkin edi. Ammo U barcha insonlarga ularni sevgi ila taqdim etib kelyapti. (Mat. 5:43–45) Iso bu orqali shogirdlariga Yahova har bir insonni sevishini ko‘rsatmoqchi edi. Hayratga soluvchi quyosh botishidan yoki orombaxsh yomg‘irdan zavqlanganingizda, Yahova hamma insonlarni sevishi haqida o‘ylasangiz bo‘ladi. Uning o‘rnagi bizni hammaga va’z qilish orqali sevgimizni ko‘rsatishga undaydi.

11. Qushlarni kuzatishdan qanday dalda olishimiz mumkin?

11 Yahova jismoniy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qiladi. Iso Tog‘dagi va’zida yana: «Qushlarni diqqat bilan kuzatinglar: ular na urug‘ ekadi, na hosil o‘radi va na omborga don yig‘adi. Shunday bo‘lsa-da, samoviy Otangiz ularning rizqini beradi»,— deb aytgan. U uni tinglayotgan insonlardan: «Sizlar esa ulardan ancha afzalroq emasmisiz?» — deb so‘raganida, ehtimol, ular uchib yurgan qushlarga e’tibor bergandir. (Mat. 6:26) Isoning mehr ila aytgan so‘zlari Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rishga yordam beryapti. (Mat. 6:31, 32) Ijodlardan o‘rganishimiz mumkin bo‘lgan ushbu saboq Xudoga sadoqat ila xizmat qilayotgan ko‘plarga dalda beryapti. Ispaniyadan bo‘lgan bir kashshof singlimiz yashash uchun mos joy topa olmaganidan ruhi tushgandi. Lekin u urug‘larni va mevalarni yeyayotgan qushlarni ko‘rgach, xotirjamlikni his qildi. Singlimiz quyidagicha bo‘lishdi: «O‘sha qushlar Yahova ularga g‘amxo‘rlik qilayotganini yodimga soldi. Otajonim menga ham g‘amxo‘rlik qilishiga aminman». Ko‘p vaqt o‘tmay u yashash uchun joy topa oldi.

12. Chumchuqlar Yahova haqida nimani oshkor etyapti? (Matto 10:29–31)

12 Yahova har birimizni qadrlaydi. Iso havoriylarini va’z qilishga yuborishdan avval ta’qiblardan qo‘rqmaslikka yordam bergan. (Matto 10:29–31 ni o‘qing.) U buni Isroilda keng tarqalgan chumchuqning misoli orqali ko‘rsatgan. Isoning paytida chumchuqlar arzimas deb hisoblangan. Biroq u shogirdlariga: «Ulardan bittasi yerga tushsa ham, samoviy Otangizning nazaridan chetda qolmaydi»,— degan. Keyin quyidagicha qo‘shib qo‘ygan: «Sizlar ko‘pgina chumchuqlardan ko‘ra qadrliroqsiz». Bu bilan u shogirdlarini Yahova har bir insonni qadrlashiga ishontirgan. Shunday ekan, ta’qiblardan qo‘rqish uchun sabab yo‘q edi. Hoynahoy, ular shahar-u qishloqlarda va’z qilib yurganda, chumchuqlarni ko‘rib Isoning so‘zlarini eslagandir. Siz ham mittigina chumchuqni ko‘rganingizda, Yahova shaxsan sizni qadrlashini eslang. Boisi, siz «ko‘pgina chumchuqlardan ko‘ra qadrliroqsiz». Uning ko‘magi bilan ta’qiblar ostida bardoshli bo‘la olasiz. (Zab. 118:6)

QAY YO‘SIN IJODLAR ORQALI XUDONI YAXSHIROQ TANIB-BILISH MUMKIN?

13. Ijodlardan saboq olishimizga nima yordam beradi?

13 Ijodlar yordamida Yahovani yaxshiroq tanib-bilamiz. Qanday qilib? Birinchidan, yaratilgan narsalarni kuzatishga vaqt ajratish lozim. Keyin esa ular Yahova to‘g‘risida nimani o‘rgatayotgani borasida fikr yuritish kerak. Buni qilish doim ham oson bo‘lmasligi mumkin. Kamerundagi Jeraldin ismli opamiz shunday bo‘lishdi: «Men shaharda katta bo‘lganman. Shunga tabiatni kuzatish uchun anchagina ter to‘kishimga to‘g‘ri keladi». Alfonso ismli oqsoqol esa: «Yolg‘iz qolib ijodlardan Yahova borasida nimani o‘rganayotganim haqida mulohaza yuritish uchun jadval tuzishim kerakligini tushundim»,— deb bo‘lishdi.

Dovud atrofidagi ijodlar Yahova borasida nimani o‘rgatayotgani haqida mulohaza yuritgan (14-xatboshiga qarang.)

14. Dovud Xudoning ijodlari haqida o‘ylaganida nimalarni bilib olgan?

14 Dovud Xudoning ijodlari haqida chuqur mulohaza yuritgan. U Yahovaga shunday degan: «Men osmonga, qo‘llaring mahsuliga, Sen yaratgan oy va yulduzlarga qaraganimda: “O‘tkinchi inson nedirki, uni yodga olasan?..” — deb o‘ylanib qolaman». (Zab. 8:3, 4) Ha, Dovud tunda osmondagi yulduzlarni ko‘rib shunchaki zavq olmagan, balki yulduzlar Xudo haqida nimalarni ochib berayotgani ustida fikr yuritgan. Shuningdek, u Yahova juda qudratli ekanini tushungan. Qolaversa, Dovud tanasi onasining bachadonida qanday rivojlangani to‘g‘risida o‘ylagan. U bunday ajoyib tafsilotlar borasida mulohaza yuritganida, Yahovaning donoligiga bo‘lgan minnatdorchiligi oshgan. (Zab. 139:14–17)

15. Ijodlarda Yahovaning qaysi fazilatini ko‘ryapsiz? Misol keltiring. (Zabur 148:7–10)

15 Dovud kabi ijodlar ustida mulohaza yuritish uchun uzoqqa borishning hojati yo‘q. Atrofga bir nazar solsangiz, Yahovaning fazilatlarini oshkor etadigan ko‘p narsalar bor. Masalan, quyosh taftida toblanib o‘tirganda, bu Xudoning kuch-qudratini aks ettirishi borasida o‘ylab ko‘ring. (Yerm. 31:35) Yoki qush in qurayotganini ko‘rganingizda, bu Xudoning donoligidan darak berayotgani haqida o‘ylab ko‘ring. Yo bo‘lmasa, kuchukcha dumining orqasidan yugurganiga nazar solganingizda, bu Yahova baxtiyor Tangri ekanini ko‘rsatayotganiga e’tibor bering. Shuningdek, ona chaqalog‘i bilan o‘ynayotganini ko‘rganingizda, Yahova bizga ko‘rsatayotgan sevgisi uchun minnatdorchilik bildiring. Ha, Xudoni tanib-bilish uchun ko‘p imkoniyatlarimiz bor. Sababi, Uning barcha ijodlari — xoh katta, kichik, xoh yonimizda yo uzoqda bo‘lsin Unga sharaf keltiradi. (Zabur 148:7–10 ni o‘qing.)

16. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?

16 Tangrimiz juda dono, sevgiga boy, qudratli va yaratgan barcha narsalari ajoyibdir. Atrofimizdagi hamma ijodlarini kuzatsak, Uning bu fazilatlari haqida ko‘p narsani bilib olamiz. Shuning uchun, keling, muntazam ravishda bunga vaqt ajratib, Yahova to‘g‘risida nimalarni bilib olishimiz mumkinligi borasida fikr yuritaylik. Shunda Unga ko‘proq yaqinlashamiz. (Yoqb. 4:8) Keyingi maqolada ota-onalar ijodlar orqali farzandlariga Yahovaga yaqinlashishga qanday yordam bera olishini bilib olamiz.

5-QO‘SHIQ Allohning ajoyib ishlari

a Yahova yaratgan narsalar ajoyibdir. Quyoshning hayratga soluvchi kuchidan tortib, gullarning nafis yaproqlarigacha hamma narsa bizni lol qoldiradi. Bunday ijodlar Xudo to‘g‘risida ko‘p narsalarni ochib beradi. Ushbu maqolada nega ijodlarni yaxshilab kuzatishga vaqt ajratish arzigulik ekanini bilib olamiz. Qolaversa, bu Xudoga yanada ko‘proq yaqinlashishimizga qanday yordam berishi haqida so‘z yuritamiz.