Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9-TADQIQ MAQOLASI

75-QO‘SHIQ «Men boraman! Meni yubor!»

O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlashga tayyormisiz?

O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlashga tayyormisiz?

Yahovaning menga qilgan yaxshiliklarini qanday qaytaraman? (ZAB. 116:12)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Bu maqola yordamida Yahova bilan yanada yaqinroq munosabatlarga ega bo‘lishingizga ko‘maklashishi va shu tariqa o‘zingizni Unga bag‘ishlab, suvga cho‘mish istagini kuchaytirishingiz mumkinligini bilib olamiz.

1, 2. Suvga cho‘mishdan avval nima qilish kerak?

 SO‘NGGI besh yil davomida milliondan ziyod insonlar Yahovaning Shohidlari sifatida suvga cho‘mishdi. Ularning ko‘pi birinchi asrdagi Timo‘tiy ismli Isoning shogirdi kabi haqiqatni bolaligidanoq o‘rgangan. (2 Tim. 3:14, 15) Boshqalari ulg‘ayganida, ba’zilari esa qariligida Yahova to‘g‘risida bilib olgan. Muqaddas Kitobni tadqiq qilgan bitta ayol 97 yoshida Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdi.

2 Agar siz ham Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan bo‘lsangiz yoki Yahovaning Shohidlari bo‘lgan ota-onangiz sizni tarbiyalayotgan bo‘lsa, suvga cho‘mish borasida o‘ylab ko‘rganmisiz? Bu zo‘r maqsad. Lekin suvga cho‘mishdan avval o‘zingizni Yahovaga bag‘ishlashingiz lozim. Ushbu maqoladan o‘zini Xudoga bag‘ishlash nimani anglatishini bilib olamiz. Qolaversa, bu maqola yordamida, agar bu qadamlarni qo‘yishga tayyor bo‘lsangiz, nega buni ortga surmasligingiz kerakligini tushunasiz.

BAG‘ISHLANISH NIMA DEGANI?

3. Qadimda o‘zini Yahovaga bag‘ishlagan insonlarning misolini keltiring.

3 Muqaddas Kitobdan bilib olayotganimizday, o‘zini Yahovaga bag‘ishlagan inson o‘zgacha maqsad uchun ajratilgandi. Isroilliklar Yahovaga bag‘ishlangan xalq edi. Lekin ularning ayrimlari Yahovaga o‘zgacha tarzda bag‘ishlangandi. Masalan, Horun «bag‘ishlanganini ko‘rsatuvchi muqaddas belgini», ya’ni oltindan qilingan yaltiroq bir lavhani sallasiga joylashtirgandi. Oltindan qilingan bu lavha u o‘zgacha tarzda xizmat qilishi — Isroilda oliy ruhoniy bo‘lish uchun tanlanganini ko‘rsatib turardi. (Lev. 8:9) Nazr qilingan kishilar ham Yahovaga o‘zgacha tarzda bag‘ishlangan edi. «Nazr qilingan» iborasi ibroniycha nazir so‘zidan o‘girilgan bo‘lib, «ajratilgan, bag‘ishlangan» degan ma’nolarga ega. Bunday kishilar Musoning Qonunida tilga olingan muayyan amrlarga bo‘ysunishi kerak edi. (Sah. 6:2–8)

4. a) O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlaganingizda, qanday o‘zgacha maqsad sari intilasiz? b) «O‘zidan kechish» nimani anglatadi? (Rasmga ham qarang.)

4 O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlaganingizda, Iso Masihning shogirdi bo‘lishni va Xudoning irodasini bajarishni hayotingizda eng muhim deb bilishingizni ko‘rsatasiz. Xo‘sh, bag‘ishlanish o‘z ichiga nimani oladi? Iso shunday degan: «Kimki mening ortimdan yurishni istasa, o‘zidan kechsin». (Mat. 16:24) Yunonchadan «o‘zidan kechsin» deb o‘girilgan ibora «o‘ziga yo‘q deb aytish kerak» degan ma’noni bildiradi. Yahovaga bag‘ishlangan inson sifatida Uning irodasiga zid har qanday narsaga yo‘q deb aytishingiz darkor. (2 Kor. 5:14, 15) Bu siz «tana ishlari», masalan, jinsiy axloqsizlikni rad etishingizni ham anglatadi. (Galat. 5:19–21; 1 Kor. 6:18) Ushbu amrlarga bo‘ysunish hayotingizni qiyinlashtiradimi? Agar Yahovani yaxshi ko‘rib, Uning qonunlariga amal qilish manfaatingiz uchun xizmat qilishiga amin bo‘lsangiz, qiyinlashtirmaydi. (Zab. 119:97; Ishayo 48:17, 18) Nikolas ismli birodar shunday dedi: «Inson Yahovaning me’yorlarini uni xohlagan ishini qilishdan to‘xtatayotgan qamoqdagi panjara yoki, aksincha, uni xavf-xatardan himoyalaydigan sher qafasidagi to‘siq deb bilishi mumkin».

Yahovaning me’yorlarini sizni xohlagan ishni qilishdan to‘xtatayotgan qamoqdagi panjara yoki, aksincha, sizni xavf-xatardan himoyalaydigan sher qafasidagi to‘siq deb bilyapsizmi? (4-xatboshiga qarang.)


5. a) O‘zingizni Yahovaga qanday bag‘ishlay olasiz? b) O‘zini Xudoga bag‘ishlash va suvga cho‘mish nimasi bilan farq qiladi? (Rasmga ham qarang.)

5 O‘zingizni qay yo‘sin Yahovaga bag‘ishlay olasiz? Ibodat qilib, faqat Unga topinishingizni va irodasini hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘yishingizni va’da qilasiz. So‘ng «Yahovani butun qalbingiz, butun joningiz, butun ongingiz va butun quvvatingiz bilan» sevishda davom etishingizni va’da qilasiz. (Mark 12:30) O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlaganda, U bilan yakka o‘zingiz bo‘lasiz. Suvga cho‘mganda esa, boshqalar ham buni kuzatib, o‘zingizni Xudoga bag‘ishlaganingizni ko‘rishadi. Bag‘ishlanish jiddiy va’da hisoblanadi. Maqsadingiz bu va’da ustida turib yashashdan iborat va Yahova ham shunday qilishingizni kutadi. (Voiz 5:4, 5)

O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlaganda, U bilan yakka o‘zingiz bo‘lib, faqat Unga topinishni va irodasini birinchi o‘ringa qo‘yishni va’da qilasiz (5-xatboshiga qarang.)


BAG‘ISHLANISHNING SABABI

6. Insonni o‘zini Yahovaga bag‘ishlashga nima undaydi?

6 O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlashingizning asosiy sababi Uni sevganingizdadir. Darhaqiqat, sevgingiz shunchaki tuyg‘ularga asoslanmaydi. Bunday sevgi Xudo va Uning niyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «aniq anglash» natijasida kuchayadi. (Kolos. 1:9) Muqaddas Yozuvlarni tadqiq qilish orqali 1) Yahova mavjud Shaxs ekaniga, 2) Muqaddas Kitob ilohiy ilhom ostida yozilgan Kalomi ekaniga va 3) irodasini amalga oshirishda tashkilotidan foydalanayotganiga ishonch hosil qildingiz.

7. O‘zimizni Xudoga bag‘ishlashdan avval nima qilishimiz darkor?

7 O‘zini Yahovaga bag‘ishlaganlar Kalomdagi asosiy ta’limotlarni bilishi va Uning me’yorlariga yarasha hayot kechirishi kerak. Ular sharoitiga qarab e’tiqodini boshqalar bilan bo‘lishishadi. (Mat. 28:19, 20) Ularning Yahovaga bo‘lgan sevgisi-yu mutlaq Unga sodiq qolish samimiy istagi kuchayib boradi. Siz haqingizda ham shunday desa bo‘ladimi? Yahovani butun qalbingiz bilan sevsangiz, siz bilan tadqiq o‘tkazayotgan va’zgo‘yni yoki ota-onangizni quvontirish uchungina o‘zingizni Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mmaysiz. Buni hamma o‘rtoqlaringiz qilayotgani uchun ham qilmaysiz.

8. Qay yo‘sin minnatdorchilik o‘zingizni Yahovaga bag‘ishlashga yordam beradi? (Zabur 116:12–14)

8 Yahova siz uchun qilgan barchasi haqida fikr yuritganingizda, Undan minnatdor bo‘lib, o‘zingizni Unga bag‘ishlashni xohlaysiz. (Zabur 116:12–14 ni o‘qing.) Muqaddas Kitobda «yaxshi va mukammal hadyalarning barchasi» Yahovadan deb aytilgani to‘g‘ridir. (Yoqb. 1:17) Hadyalarining eng a’losi bu O‘g‘li, ya’ni Isoning qurbonligidir. Bu qanchalik qimmatbaho hadya ekani borasida bir o‘ylab ko‘ring! Ushbu to‘lov tufayli Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lish imkoningiz bor. U sizga adabiy yashash umidini ato etdi. (1 Yuhan. 4:9, 10, 19) Bag‘ishlanish bebaho hadya bo‘lib, boshqa barcha barakalar uchun bo‘lgan minnatdorchiligingizni namoyon etishning eng zo‘r yo‘lidir. (Qonun. 16:17; 2 Kor. 5:15) Bu kabi minnatdorchilik «Hayotdan toabad zavqlaning!» nomli kitobning 46-darsidagi 4-paragrafida ta’kidlangan. Mazkur darsda «Xudoga hadyalaringizni taqdim eting» nomli uch daqiqali videoni ham tomosha qilsangiz bo‘ladi.

BAG‘ISHLANISHGA VA SUVGA CHO‘MISHGA TAYYORMISIZ?

9. Nega kishi o‘zini Xudoga bag‘ishlashga majbur deb o‘ylamasligi kerak?

9 O‘zingizni Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mishga tayyor emasday his qilishingiz mumkin. Balki Yahovaning me’yorlariga bo‘ysunish uchun hayotingizga o‘zgarishlar kiritishingiz yoki imoningizni yanada mustahkam qilish uchun ko‘proq vaqt kerakdir. (Kolos. 2:6, 7) Tadqiq o‘tayotgan kishilarning hammasi ham bir xil harakat qilmaydi va yoshlar ham o‘sha-o‘sha yoshda o‘zini Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mmaydi. Qo‘lingizdan nima kelishini ko‘rib, o‘zingizni boshqalar bilan solishtirmasdan ma’naviy holatingiz qanday ekanini aniqlashga intiling. (Galat. 6:4, 5)

10. Bag‘ishlanishga va suvga cho‘mishga tayyor emasligingizni anglasangiz, nima qilsangiz bo‘ladi? (« Haqiqatda ulg‘aygan insonlar uchun» nomli ramkaga ham qarang.)

10 Hatto o‘zingizni Xudoga bag‘ishlashga tayyor emasligingizni anglasangiz ham bu maqsad sari intilishda davom eting. Yahovadan kerakli o‘zgarishlar qilishingizga yordam berishini so‘rang. (Filip. 2:13; 3:16) Ishonavering, U ibodatlaringizni eshitib, javob beradi. (1 Yuhan. 5:14)

NEGA BA’ZILAR BU QADAMLARNI ORTGA SURADI?

11. Yahova Unga sodiq bo‘lib qolishimizga qanday yordam beradi?

11 O‘zini Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mishga tayyor bo‘lgan ayrimlar buni ortga suradi. Ular: «Jiddiy gunoh qilib, jamoatdan chetlatilsam-chi?» — deb o‘ylashar. Agar qo‘rqayotgan bo‘lsangiz, «Yahovaga munosib ravishda yo‘l tutib, Uni har jihatdan mamnun qili»shingiz uchun U sizga kerakli barchasini berishiga amin bo‘ling. (Kolos. 1:10) Shuningdek, U sizga to‘g‘ri yo‘l tutishingiz uchun ham kuch beradi. Gap shundaki, Xudo ko‘plarga to‘g‘ri yo‘l tutishga ko‘maklashgan. (1 Kor. 10:13) Bu jamoatdan chetlatilganlarning soni nisbatan kam ekanining sabablaridan biri. Yahova xizmatchilariga sodiq bo‘lib qolishga ko‘maklashyapti.

12. Jiddiy gunohga qo‘l urmaslik uchun nima qila olamiz?

12 Nomukammal har bir kishi noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasiga duch keladi. (Yoqb. 1:14) Lekin vasvasaga yo‘liqqaningizda, qanday yo‘l tutish o‘zingizga bog‘liq. Haqiqat shuki, qanday yashashingizni faqat o‘zingiz tanlay olasiz. Ba’zilar esa tuyg‘ularimizni va qanday yo‘l tutishimizni nazorat qila olmasligimizni ta’kidlar. Ammo bu yolg‘on. Shu bois hatto vasvasaga duch kelganingizda, noto‘g‘ri yo‘l tutmaslikni tanlashingiz mumkin. Bundan tashqari, har kuni ibodat qiling. Shaxsiy tadqiq qilishni odat tusiga aylantiring. Yig‘ilishlarga boring. E’tiqodingizni boshqalar bilan bo‘lishing. Bunday qadamlarni muntazam qo‘yish orqali bag‘ishlov va’dangizga yarasha yashash uchun kuch topa olasiz. Eng muhimi, Yahova bunday yo‘l tutishingizga ko‘maklashishini unutmang. (Galat. 5:16)

13. Yusuf bizga qanday o‘rnak ko‘rsatgan?

13 Vasvasaga duch kelishingizdan avval qanday yo‘l tutmoqchi ekaningiz borasida qaror chiqarsangiz, bag‘ishlovingizga muvofiq yashash osonroq bo‘ladi. Muqaddas Kitobdan hatto nomukammal bo‘lishiga qaramay bunday qilgan bir talay insonlarning misolini topishimiz mumkin. Masalan, Po‘tifarning xotini Yusufni qayta-qayta to‘g‘ri yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan. Biroq u bunga qanday munosabat bildirishini oldindan bilgan edi. Kalomdan u «rad javobini berib», shunday deganini bilib olyapmiz: «Qanday qilib men bunday qabihlikka qo‘l urib, Xudoga qarshi gunoh qilaman?!» (Ibt. 39:8–10) Demak, Yusuf o‘sha ayol uni vasvasaga solganidan avval ham qanday yo‘l tutishini bilgan edi. Bu tufayli Yusuf vasvasaga duch kelganida to‘g‘ri yo‘l tutish u uchun osonroq bo‘lgan.

14. Vasvasalarni rad etishni qay yo‘sin o‘rgana olamiz?

14 Xo‘sh, qanday qilib siz ham Yusuf kabi qat’iy bo‘la olasiz? Agar vasvasa paydo bo‘lsa, qanday yo‘l tutmoqchi ekaningizni hozirdan hal qilishingiz mumkin. Yahova nafratlanadigan narsalarga darrov yo‘q deb aytishni, hatto ular borasida o‘ylamaslikni o‘rganing. (Zab. 97:10; 119:165) Shu yo‘sin, vasvasaga duch kelganingizda, gunohga qo‘l urmaysiz. Chunki o‘shanda qanday yo‘l tutishni bilgan bo‘lasiz. Qanday yo‘nalishni tanlash o‘z ixtiyoringizda bo‘ladi.

15. Yahovani «astoydil izlayotgan»imizni qanday ko‘rsata olamiz? (Ibroniylarga 11:6)

15 Ehtimol, haqiqatni topganingizni bilarsiz va butun qalbingiz bilan Yahovaga xizmat qilishni xohlarsiz. Ammo baribir o‘zingizni Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mishga tayyor emasman deb o‘ylayotgandirsiz. Unday bo‘lsa, shoh Dovud kabi yo‘l tutishingiz mumkin. Shunday deb iltijo qilsangiz bo‘ladi: «Ey Tangri, meni o‘rganib chiqib, yuragimni bilib ol. Meni tekshirib, tashvishli o‘y-fikrlarimdan xabardor bo‘l. Qarab ko‘r-chi, menda yomon bir moyillik bormikan? Meni abadiyat yo‘lidan yetakla». (Zab. 139:23, 24) Yahova «Uni astoydil izlayotganlar»ga barakalarini yog‘diradi. Uni astoydil izlayotganingizni o‘zingizni Unga bag‘ishlab, suvga cho‘mish maqsadi sari intilayotganingiz orqali ko‘rsatyapsiz. (Ibroniylarga 11:6 ni o‘qing.)

YAHOVAGA YAQINLASHISHDA DAVOM ETING

16, 17. Yahova haqiqatda ulg‘aygan insonlarni O‘ziga qanday jalb qiladi? (Yuhanno 6:44)

16 Iso shogirdlariga Yahova insonlarni O‘ziga jalb qilishini aytgan. (Yuhanno 6:44 ni o‘qing.) Bu qanchalik ajoyib ekani va siz uchun nimani anglatishi ustida fikr yuriting. Yahova O‘ziga jalb qilayotgan har bir insonning yaxshi bir tarafini ko‘ryapti. Ha, Xudo uni «o‘zgacha» yoki «qimmatbaho» mulki deb bilyapti. (Qonun. 7:6, izoh) Siz ham U uchun qimmatbahosiz!

17 Aytaylik, haqiqatda ulg‘aygan yosh birodar yoki singlimizsiz. Ota-onangiz Yahovaga xizmat qilyapti va o‘zingizni shunchaki ularning ketidan yurganday his qilayotgandirsiz. Ammo Muqaddas Kitobda: «Allohga yaqinlashinglar, shunda U ham sizlarga yaqinlashadi»,— deb aytilgan. (Yoqb. 4:8; 1 Sol. 28:9) Siz tashabbusni qo‘lga olib, Yahovaga yaqinlashsangiz, U ham javoban sizga yaqinlashadi. Xudo sizni bir guruhning qandaydir qismi deb bilmaydi. U har bir insonni — haqiqatda ulg‘aygan har bir kishini ham O‘ziga jalb qiladi. Bunday kishi Yahovaga yaqinlashsa, Yoqub 4:8 dan bilib olganimizday, U javoban shunchaki qarab turmaydi, U ham shunday qiladi. (2 Salonikaliklarga 2:13 ni solishtiring.)

18. Navbatdagi maqoladan nimani bilib olamiz? (Zabur 40:8)

18 O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mganingizda, Isoning nuqtai nazarini aks ettirasiz. Iso Otasi undan so‘ragan har bir narsani qilishga tayyor bo‘lgan. (Zabur 40:8 ni o‘qing; Ibron. 10:7) Navbatdagi maqoladan suvga cho‘mganingizdan keyin ham Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishga nima yordam berishini bilib olamiz.

QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?

  • Yahovaga o‘zini bag‘ishlash nima degani?

  • Yahovadan minnatdor bo‘lish va bag‘ishlanish o‘zaro qanday bog‘liq?

  • Jiddiy gunohga qo‘l urmaslikka nima yordam beradi?

38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi