Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

11-TADQIQ MAQOLASI

129-QO‘SHIQ Chidam bilan chopaylik

Ruhingiz tushganiga qaramay, dosh bera olasiz

Ruhingiz tushganiga qaramay, dosh bera olasiz

Mening nomim tufayli ko‘p narsalarga dosh berding. (VAH. 2:3)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Ruhimiz tushganiga qaramay, Yahovaga xizmat qilish uchun hammasiga qanday dosh berishimiz mumkinligini bilib olamiz.

1. Yahovaning tashkilotiga tegishli bo‘lganimiz uchun qanday barakalardan zavqlanyapmiz?

 USHBU nihoyatda og‘ir oxirgi kunlarda tashkilotimizning bir qismi bo‘lish biz uchun chindan ham baraka. Bu dunyo ostin-ustun bo‘layotgan pallada Yahova ahil va ma’naviy oilamiz orqali bizga ko‘maklashyapti. (Zab. 133:1) U oila a’zolarimiz bilan ham rishtalarimiz yanada kuchli bo‘lishiga yordam beryapti. (Efes. 5:33–6:1) Ich-ichimizdan xotirjam bo‘lishimiz uchun Xudo bizga fahm-idrok va donolik ato etyapti.

2. Nima qilishimiz kerak va nega?

2 Biroq Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishimiz uchun ko‘p ter to‘kishimiz darkor. Nega deganda, gohida boshqalarning kamchiliklari bizni ranjitib turadi. Bundan tashqari, xatolarga yo‘l qo‘yganimizda, ayniqsa, qayta-qayta o‘sha-o‘sha xatolarni qilganimizda ruhimiz tushishi hech gap emas. Darhaqiqat, Yahovaga xizmat qilayotib, quyidagilarga dosh berishimiz kerak: 1) imondoshlarimiz bizni xafa qilganda, 2) turmush o‘rtog‘ingiz sizni ranjitganda va 3) xatolarimiz dastidan ruhimiz tushganda. Ushbu maqolada bu vaziyatlarning har birini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, Kalomda tilga olingan kishilardan qanday saboq olishimiz mumkinligini bilib olamiz.

IMONDOSHIMIZ SIZNI XAFA QILGANDA DOSH BERING

3. Yahovaning xizmatchilari qanday qiyinchilikka duch kelishyapti?

3 Qiyinchilik. Ba’zi imondoshlarimizning g‘ashimizni keltiradigan tomonlari bor. Ayrimlari hafsalamizni pir qilar yo bizga nisbatan o‘ylamay yoki mehrsiz yo‘l tutsa ruhimiz tushar. Oqsoqollar xatolar qilib turar. Bular tufayli ba’zilar o‘zi bu Xudoning tashkilotimi, deb o‘ylab qolishi mumkin. Birodar-u opa-singillar bilan Xudoga «yelkama-yelka xizmat qil»ishning o‘rniga bunday insonlar ularni ranjitganlar bilan gaplashmay yoki hatto yig‘ilishlarga bormay qo‘yishi hech gap emas. (Zaf. 3:9) Xo‘sh, bu oqilonami? Shunga o‘xshash muammolarni boshdan kechirgan qadimdagi insonlarning misoliga diqqat qarataylik.

4. Havoriy Pavlus qanday qiyinchiliklarga duch kelgan?

4 Muqaddas Kitobdagi misol. Havoriy Pavlus imondoshlari nomukammal ekanini bilgan. Masalan, u jamoatga qo‘shilganidan ko‘p vaqt o‘tmay, ba’zilar u haqda noto‘g‘ri fikrda edi. (Havor. 9:26) Keyinchalik, ayrimlar obro‘sini to‘kish niyatida orqasidan bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatgan. (2 Kor. 10:10) Pavlus mas’uliyatli birodar boshqalarni qoqintirishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri qaror chiqarganini ko‘rgan. (Galat. 2:11, 12) Shuningdek, yaqin hamkori Mark uning ko‘nglini qoldirgan. (Havor. 15:37, 38) Pavlus bu vaziyatlarning birontasi tufayli uni ranjitganlar bilan aloqani uzishi mumkin edi. Ammo u birodar-u opa-singillari haqida ijobiy nuqtai nazarni saqlab, Yahovaning xizmatida faol bo‘lib qolgan. Qiziq, unga dosh berishga nima yordam bergan?

5. Pavlusga imondoshlaridan ko‘ngli qolmasligiga nima yordam bergan? (Kolosaliklarga 3:13, 14) (Rasmga ham qarang.)

5 Pavlus imondoshlarni yaxshi ko‘rgan. Uning boshqalarga bo‘lgan sevgisi ularning kamchiliklariga emas, yaxshi tomonlariga diqqat qaratishga yordam bergan. Bu sevgi u Kolosaliklarga 3:13, 14 da yozganlarini amalda qo‘llashiga ko‘maklashgan. (O‘qing.) Keling, u Markni qay yo‘sin kechirganiga nazar solaylik. To‘g‘ri, u Pavlusni birinchi va’zgo‘ylik safarida tashlab ketgan. Biroq Pavlus uni kechirgan. Keyinchalik, Kolosadagi jamoatga sevgi ila maktub yo‘llaganda, u Markni «yaxshigina tasalli» bergan qadrli hamkori sifatida tilga olgan. (Kolos. 4:10, 11) Rimda qamoqda bo‘lganida, Pavlus aynan Mark kelib unga yordam berishini aytgan. (2 Tim. 4:11) Ha, u imondoshlaridan ko‘ngli qolishiga yo‘l qo‘ymagan. Pavlusdan qanday saboq olishimiz mumkin?

Pavlus Barnabo va Mark bilan tortishib qolganda, ularga kek saqlamagan va keyinchalik ular bilan hamkorlik qilgan (5-xatboshiga qarang.)


6, 7. Imondoshlarimizning kamchiliklariga qaramay sevgimizni ularga namoyon etishga nima yordam berishi mumkin? (1 Yuhanno 4:7)

6 Saboq. Yahova imondoshlarimizga sevgi namoyon etishni to‘xtatmasligimizni istaydi. (1 Yuhanno 4:7 ni o‘qing.) Agar ayrim masihiylar Xudoga yoqadigan biron fazilatni namoyon eta olmayotgan bo‘lsa, u prinsiplarga amal qilmoqchi va shunchaki o‘ylamay yo‘l tutyapti, deb xulosa qilarmiz. (Hik. 12:18) Tangrimiz sadoqatli xizmatchilarini kamchiliklariga qaramay sevadi. Hatto xatolar qilsak ham, U Do‘stimiz bo‘lib qolyapti va bizdan g‘azabda emas. (Zab. 103:9) Kechirimli Otajonimizga taqlid qilishimiz nihoyatda muhim! (Efes. 4:32–5:1)

7 Unutmangki, bu dunyoning oxiri yaqinlashar ekan, imondoshlarimiz bilan yaqin bo‘lib qolishimiz zarur. Ta’qiblar yanada avjiga chiqishi mumkin. Imonimiz tufayli bizni hatto qamashar. Bu yuz bersa, imondoshlarimizga har qachongidan ham muhtoj bo‘lamiz. (Hik. 17:17) Ispaniyadagi Josef a ismli oqsoqol bilan nima sodir bo‘lganini bilib olaylik. U va boshqa birodarlar betaraflik uchun birga qamoqda o‘tirishgan. U shunday bo‘lishdi: «Qamoqda hammamiz birga yashaganmiz va gohida bir-birimizning g‘ashimizni keltirganmiz. Bunday paytda yarashib, bir-birimizni kechirishimiz muhim edi. Bu bizga ahil bo‘lishimizga va bir-birimizni himoya qilishga yordam bergan. Oramizda Yahovaga xizmat qilmaydigan kishilar ham bo‘lgan. Bir safar qo‘lim shikastlandi va uni ishlata olmasdim. Shunda birodarimiz kiyimlarimni yuvib bergan va boshqa amaliy tomonlama menga g‘amxo‘rlik qilgan. Muhtoj bo‘lganimda samimiy sevgini his qilgandim». Boshqalar bilan bo‘lgan muammolarimizni hozirdan hal qilish naqadar yaxshi!

TURMUSH O‘RTOG‘INGIZ KO‘NGLINGIZNI QOLDIRSA, DOSH BERING

8. Turmush qurganlar qanday qiyinchilikka duch kelyapti?

8 Qiyinchilik. Barcha juftliklarda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bor. Kalomda oila qurganlarning «hayotida yangi qiyinchiliklar paydo bo‘l»ishi aniq aytilgan. (1 Kor. 7:28) Nega? Sababi, ham er, ham xotin nomukammal bo‘lib, turli fazilatlarga ega va ba’zi narsalarni yoqtirib, boshqalarini yoqtirmaydi. Ularning madaniyati yoki kelib chiqishi har xil bo‘lishi mumkin. Balki to‘ydan oldin ko‘rinmagan qiliqlari ularning g‘ashiga tegar. Bularning ayrimlari muammo tug‘dirishi mumkin. Ular bu muammoda har biri aybdor ekanini tan olishning va uni hal qilish uchun chora ko‘rishning o‘rniga bir-birini ayblashi hech gap emas. Ular hatto alohida yashashi yoki ajrashishi kerak degan fikrga borishlari mumkin. Ammo bu muammoning yechimi bo‘la oladimi? b Keling, hatto eri qiyinchilik tug‘dirganiga qaramay, Yahovaga sodiq bo‘lib qolgan bir ayolning misoliga e’tibor qarataylik.

9. Obigayl qanday qiyinchilikka duch kelgan?

9 Muqaddas Kitobdagi misol. Obigayl Muqaddas Kitobda qo‘pol va yovuz kishi sifatida tilga olingan Navol ismli kishining xotini edi. (1 Shoh. 25:3) Hoynahoy, u bunday kishi bilan qiynalib yashagan. Obigayl nikohiga nuqta qo‘yish imkonini izlaganmi? Yo‘q. U eri Isroilning bo‘lajak shohi Dovudni va uning odamlarini kamsitganida bunday imkoniyatga ega bo‘lgan. (1 Shoh. 25:9–13) Obigayl qochib ketib, Dovud erini o‘ldirishiga yo‘l qo‘yishi mumkin edi. Biroq u bunday qilmay, Dovudni niyatidan qaytarishga intilgan. (1 Shoh. 25:23–27) Qiziq, u nega bunday qilgan?

10. Obigaylni nikohdagi qiyinchiliklarga dosh berishga nima undagan bo‘lishi mumkin?

10 Obigayl Yahovani yaxshi ko‘rgan va nikoh borasidagi me’yorlarini hurmat qilgan. Shubhasizki, u Xudo ilk nikohga asos solganida Odamato va Momohavoga nima deb aytganini bilgan. (Ibt. 2:24) Obigayl Yahova nikohni muqaddas deb bilishidan xabardor edi. U Allohni mamnun qilishni istagan va bu uni xonadonidagilari, jumladan, eri ham omon qolishi uchun qo‘lidan kelganini qilishga undagan. U Dovud Navolni o‘ldirib qo‘ymasligi uchun zudlik bilan harakat qilgan. Shuningdek, Obigayl noto‘g‘ri hech qanday ish qilmagan bo‘lsa ham kechirim so‘rashga tayyor bo‘lgan. Yahova bu jasoratli va beg‘araz ayolni yaxshi ko‘rgani aniq. Xo‘sh, er-u xotin uning o‘rnagidan nimani o‘rganishi mumkin?

11. a) Yahova turmush o‘rtoqlardan nimani kutyapti? (Efesliklarga 5:33) b) Karmen nikohini saqlab qolish uchun qilgan harakatlaridan nimani o‘rgandingiz? (Rasmga ham qarang.)

11 Saboq. Hatto er yoki xotinga nikohda birga yashash qiyin bo‘lsa ham Yahova ular nikoh tuzumini hurmat qilishlarini istaydi. Alloh er-u xotin muammolarini hal qilishga jon kuydirayotganini va o‘zaro beg‘araz sevgi hamda hurmat ko‘rsatayotganini ko‘rib juda mamnun bo‘ladi. (Efesliklarga 5:33 ni o‘qing.) Karmenning misolini olaylik. Turmush qurganidan deyarli olti yil o‘tgach, u Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq boshlab, keyinchalik suvga cho‘mgan. U shunday dedi: «Erimga bu ishim yoqmagan. U Yahovani yoqtirmasdi. U meni kamsitib, tashlab ketishini aytardi». Shunday bo‘lsa ham Karmen nikohini saqlab qoldi. 50 yil davomida u erini yaxshi ko‘rib, hurmat qilishga jon kuydirardi. U yana shunday dedi: «Yillar o‘tgani sayin fahm-farosatli bo‘lishni va erimga xushmuomala tarzda gapirishni o‘rgandim. Nikoh Yahovaning nazarida muqaddas ekanini bilganim uchun uni saqlab qolish maqsadida qo‘limdan kelganini qilardim. Erimni tashlab ketmaganman, chunki Yahovani yaxshi ko‘raman» c. Nikohingizda qiyinchiliklar paydo bo‘lsa, Yahova sizni qo‘llab-quvvatlashiga va dosh berishingizga yordam berishiga ishoning.

Obigayl xonadonidagilarini saqlab qolish uchun qilgan harakatlaridan qanday saboq olishingiz mumkin? (11-xatboshiga qarang.)


XATOLARINGIZ DASTIDAN RUHINGIZ TUSHGANDA, DOSH BERING

12. Jiddiy gunoh qilganimizda, qanday qiyinchilikka duch kelishimiz mumkin?

12 Qiyinchilik. Jiddiy gunoh qilganimizda, rosa siqilib o‘zimizdan ko‘nglimiz qolar. Muqaddas Kitobda aytilishicha, gunohlarimiz dastidan o‘zimizni «singan va ezilgan» his qilishimiz hech gap emas. (Zab. 51:17) Richard ismli birodar jamoat xizmatkori bo‘lish uchun ko‘p yillar davomida ter to‘kkan. Lekin u jiddiy gunoh qilib qo‘ygan va Yahovaga xiyonat qilganini tushungan. U quyidagicha dedi: «Nimalar qilib qo‘yganimni anglaganimda, vijdonim meni rosa qiynagan. Keyinchalik hatto oshqozonim og‘riydigan bo‘ldi. Ko‘z yosh to‘kib, Yahovaga ibodat qilardim. O‘shanda U ibodatlarimni boshqa eshitmaydi, chunki ko‘nglini qoldirdim deb o‘ylardim». Jiddiy gunohga qo‘l urgan bo‘lsak, haddan tashqari siqilgandan Yahova bizdan umidini uzdi deb, Unga xizmat qilmaslik haqida o‘ylay boshlashimiz mumkin. (Zab. 38:4) Mabodo, o‘zimizni shunday his qilayotgan bo‘lsak, jiddiy gunoh qilganiga qaramay, Yahovaga xizmat qilishni davom ettirgan bir kishining misolini ko‘rib chiqaylik.

13. Havoriy Butrus qanday jiddiy gunoh qilgan va bunga uni nima yetaklagan?

13 Muqaddas Kitobdagi misol. Iso qatl etilishidan bir kecha oldin Butrus bir nechta xato qilgan va ular tufayli jiddiy gunohga qo‘l urgan. U o‘ziga juda ham ishongan va boshqa havoriylar Isoni tashlab ketsa ham u bunday qilmayman, deb maqtangan. (Mark 14:27–29) Keyin Getsemaniya bog‘ida u bir necha marta hushyor tura olmagan. (Mark 14:32, 37–41) Bir to‘da odamlar kelib Isoni hibsga olganda esa Butrus uni qoldirib, qochib ketgan. (Mark 14:50) Oxiri, u Isodan uch marta tongan va hatto bunda qasam ichgan. (Mark 14:66–71) Xo‘sh, u qanchalik jiddiy gunoh qilganini tushunganda nima qilgan? Hoynahoy, u o‘zini rosa ayblab, o‘zini tuta olmay, achchiq-achchiq yig‘lagan. (Mark 14:72) Keyinchalik, do‘sti Iso qatl qilinganda u qanchalik azob chekkanini bir tasavvur qiling. U o‘zini rosa bo‘lmag‘ur insonday his qilgan bo‘lsa kerak.

14. Butrusga Yahovaga xizmat qilishda davom etishga nima yordam berdi? ( rasmga qarang.)

14 Butrus Yahovaga bir nechta sabab tufayli xizmat qilmay qo‘yishi mumkin edi. U o‘zini boshqalardan olib qochmadi; u imondoshlarning oldiga borgan va ular unga tasalli berishgan. (Luqo 24:33) Buning ustiga, hoynahoy, unga dalda berish uchun Iso tirilgach unga ko‘ringan. (Luqo 24:34; 1 Kor. 15:5) Keyinchalik, Butrusni koyib berishning o‘rniga Iso do‘stlariga unga yanada ko‘proq mas’uliyat berilishini aytgan. (Yuhan. 21:15–17) Butrus jiddiy gunoh qilganini bilgan, lekin to‘g‘ri yo‘l tutishga ham jon kuydirgan. Negaki, Xo‘jayini Iso uni yaxshi ko‘rishida amin bo‘lgan. Imondoshlar ham uni qo‘llab-quvvatlashda davom etgan. Butrusning misolidan qanday saboq olishimiz mumkin?

Yuhanno 21:15–17 ga ko‘ra, Iso Butrusdan ko‘nglini uzmagan, bu uni bardoshli bo‘lishga undagan (14-xatboshiga qarang)


15. Yahova nimada amin bo‘lishimizni istaydi? (Zabur 86:5; Rimliklarga 8:38, 39) (Rasmga ham qarang.)

15 Saboq. Yahova U bizni sevishiga amin bo‘lishimizni va kechirishga tayyor ekanini bilishimizni istaydi. (Zabur 86:5; Rimliklarga 8:38, 39 ni o‘qing.) Gunoh qilganimizda, aybdorlikni his qilamiz. Bu tabiiy va o‘rinlidir. Biroq Yahova bizni sevmay qo‘ydi yoki kechirmaydi degan xayolga bormasligimiz kerak. Aksincha, zudlik bilan yordam izlashimiz darkor. Boya tilga olingan Richard shunday dedi: «Men gunoh qilib qo‘ydim, chunki vasvasaga duch kelganimda, uni o‘z kuchim bilan yenga olaman deb o‘ylardim». U oqsoqollar bilan gaplashish kerakligini tushungan. U quyidagicha dedi: «Oqsoqollar bilan gaplashganimda, Yahova meni yaxshi ko‘rishini his qilishimga yordam berishdi. Ular ham meni yaxshi ko‘rishlarini sezdim. Yahova meni tashlab qo‘ymaganini tushunishimga yordam berishdi». Biz ham Yahova bizni nihoyatda qattiq yaxshi ko‘rishiga va tavba qilib, kerakli yordamni izlasak hamda xatolarimizni boshqa qaytarmaslikka intilsak, bizni kechirishiga ishonsak bo‘ladi. (1 Yuhan. 1:8, 9) Qoqinganimizda yoki noto‘g‘ri ish qilib qo‘yganimizda, bu ishonch bizni o‘zimizdan ko‘nglimiz qolishidan asraydi.

Mehnatkash oqsoqollar yordam berishganida o‘zingizni qanday his qilgansiz yoki his qilasiz? (15-xatboshiga qarang.)


16. Nega Yahovaga xizmat qilishda bardoshli bo‘lish qaroringiz qat’iy?

16 Bu og‘ir oxirgi kunlarda xizmat qilish uchun qilayotgan harakatlarimizni Yahova nihoyatda qadrlaydi. Ruhimiz tushgan bo‘lsa ham, Uning ko‘magi bilan hammasiga dosh berishimiz mumkin. Imondoshlarimizni sevishda davom etamiz va bizni xafa qilishganida ularni kechiramiz. Nikohdagi muammolarni hal qilish uchun qo‘lingizdan kelganini qilish orqali Xudoga bo‘lgan kuchli sevgingizni va nikoh tuzumiga bo‘lgan hurmatingizni namoyon etasiz. Agar gunohga qo‘l ursak Yahovaning ko‘magini izlab, U bizni sevishini va kechirganini tan olamiz va Unga xizmat qilishda davom etamiz. «Yaxshilik qilishda taslim bo‘lma»sak, Yahova qut-barakalarini yog‘dirishiga yuz foiz aminmiz. (Galat. 6:9)

  • Imondoshimiz bizni xafa qilganda...

  • Turmush o‘rtog‘ingiz ko‘nglingizni qoldirganda...

  • Xato qilganimiz dastidan ruhimiz tushganida...

YAHOVAGA XIZMAT QILISHDA QAY YO‘SIN DAVOM ETA OLAMIZ?

139-QO‘SHIQ Yangi dunyoga sayr etaylik

a Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

b Muqaddas Kitobdan er-u xotin alohida yashashi yaxshi emasligini va bu ularning hech biriga qayta oila qurish huquqini bermasligini bilib olyapmiz. Ammo ba’zi masihiylar alohida yashashi uchun ayrim jiddiy sabablar bor. «Hayotdan toabad zavqlaning!» nomli kitobidagi «Turmush o‘rtoqlarning alohida yashashi» nomli 4-ilovasiga qarang.

c Yana bir juftlik borasida jw.org saytidagi «Soxta tinchlikka aldanib qolmang! Derrel va Debora Frayzinger» nomli videoni tomosha qiling.