Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

13-TADQIQ MAQOLASI

127-QO‘SHIQ Qay inson bo‘lay men?

Yahova sizdan mamnun ekanidan tasalli toping

Yahova sizdan mamnun ekanidan tasalli toping

Sendan mamnunman. (LUQO 3:22)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Yahova bizdan mamnun ekani borasidagi shubhalarni qanday yenga olishimizni bilib olamiz.

1. Yahovaning ba’zi sadoqatli xizmatchilari nimadan shubhalanishi mumkin?

 YAHOVA xalqidan mamnun ekanini bilish juda daldali! Muqaddas Kitobda: «Yahova O‘z xalqidan mamnundir»,— deb aytilgan. (Zab. 149:4) Lekin ayrimlar ba’zida qattiq tushkunlikka tushib: «Yahova mendan mamnunmikan?» — deb o‘ylashi mumkin. Yahovaning qadimda yashagan anchagina sadoqatli xizmatchilari bunday shubhalar bilan kurashgan. (1 Shoh. 1:6–10; Ayub 29:2, 4; Zab. 51:11)

2. Yahova kimlardan mamnun?

2 Muqaddas Kitobdan Yahova nomukammal odamlardan mamnun bo‘lishi mumkinligini bilib olyapmiz. Buning uchun ular Iso Masihga ishonishi va suvga cho‘mishi kerak. (Yuhan. 3:16) Bunday qilganda ular gunohlarida tavba qilib, Xudoning irodasini bajarishga va’da berganini omma oldida ko‘rsatadi. (Havor. 2:38; 3:19) Yahova bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish uchun qadam qo‘yganimizda U suyunadi. Bag‘ishlov va’damizga yarasha hayot kechirish uchun eng yaxshisini qilishda davom etganimizda, Yahova bizdan mamnun bo‘ladi va bizni yaqin do‘sti deb biladi. (Zab. 25:14)

3. Bu maqolada nima haqida so‘z yuritamiz?

3 Unda, nega gohida ba’zilarga Yahova ulardan mamnun emas degan fikr kelishi mumkin? Yahova mamnun ekanini qanday ko‘rsatadi? Masihiy kishi Xudo undan mamnun ekaniga bo‘lgan ishonchini qay yo‘sin mustahkamlay oladi?

NEGA AYRIMLARGA YAHOVA ULARDAN MAMNUN EMASDAY TUYULISHI MUMKIN?

4, 5. O‘zimizga nisbatan past nuqtai nazarda bo‘lish tuyg‘usiga qaramay, nimada amin bo‘la olamiz?

4 Ko‘pchiligimiz bolalikdan o‘zimizga nisbatan past nuqtai nazarda bo‘lish bilan kurashyapmiz. (Zab. 88:15) Adrian ismli birodar shunday bo‘lishdi: «O‘zimni doimo arzimasday his qilardim. Bolaligimda oilam jannatda yashashi haqida ibodat qilganimni eslayman, ammo o‘zimni u yerda yashashga noloyiq deb bilardim». Masihiylar oilasida ulg‘aymagan Toni quyidagicha dedi: «Ota-onam meni yaxshi ko‘rishini yoki men bilan faxrlanishini hech qachon aytmagan. Bu tufayli hech bir ishim bilan ularni mamnun qila olmayman, deb o‘ylardim».

5 Gohida o‘zimizni arzimasday his qilganimizda, Yahovaning O‘zi bizni jalb qilganini eslasak bo‘ladi. (Yuhan. 6:44) U bizda, ehtimol, o‘zimiz ko‘rmayotgan yaxshi tomonlarimizni ko‘ryapti va aslida qanday inson ekanimizni bizdan yaxshiroq biladi. (1 Shoh. 16:7; 2 Sol. 6:30) Shunday ekan, Yahova biz qadrli ekanimizni aytganida, bundan shubhalanmasak bo‘ladi. (1 Yuhan. 3:19, 20)

6. Havoriy Pavlus o‘tmishdagi gunohlari dastidan o‘zini qanday his qilgan?

6 Ba’zilarimiz haqiqatni bilishdan oldin qilgan ishlarimiz tufayli hozir ham o‘zimizni aybdor his qilayotgandirmiz. (1 Butr. 4:3) Hatto sadoqatli masihiylar ham gunoh qilish moyilligi bilan kurashadi. Siz haqingizda-chi, nima desa bo‘ladi? Yahova sizni kechirmaydi degan fikrlar keladimi? Agar shunday bo‘lsa, Yahovaning sadoqatli xizmatchilari shu kabi tuyg‘ular bilan kurashganini bilish sizga tasalli beradi. Masalan, havoriy Pavlus kamchiliklari ustida fikr yuritganida o‘zini baxtsiz his qilgan. (Rim. 7:24) Albatta, Pavlus tavba qilgan va suvga cho‘mgandi. Shunday bo‘lsa ham, o‘zi haqda «havoriylarning eng kichigiman», «gunohkorlarning birinchisi menman» degan. (1 Kor. 15:9; 1 Tim. 1:15)

7. O‘tmishda qilgan gunohlarimiz haqida nimani yodda tutishimiz kerak?

7 Tavba qilsak, samoviy Otamiz bizni kechirishni va’da qilyapti. (Zab. 86:5) Gunohlarimizdan chindan ham pushaymon bo‘lsak, Yahovaning aytganlari rost ekaniga va U bizni kechirganiga ishonamiz. (Kolos. 2:13)

8, 9. Yahova bizdan mamnun bo‘lishi uchun hech qachon yetarlicha xizmat qila olmayman, degan fikrni qanday yenga olamiz?

8 Barchamiz Yahovaga imkon boricha ko‘proq xizmat qilishni istaymiz. Biroq ba’zilar Yahova ulardan mamnun bo‘lishi uchun hech qachon yetarlicha xizmat qila olmayman, deb o‘ylashi mumkin. Amanda ismli opamiz shunday dedi: «Ko‘p hollarda Yahovaga eng yaxshisini berish hamisha ko‘p qilishim kerakligini anglatadi deb o‘ylayman. Shuning uchun odatda qila olishim mumkin bo‘lganidan ham ko‘prog‘ini qilishga intilaman. O‘zim kutgan natijaga erisha olmaganimda esa Yahova xuddi men kabi o‘zimdan norozi degan xayolga boraman».

9 Yahovani mamnun qilish uchun hech qachon yetarlicha qila olmayman degan tuyg‘uni qanday yengishimiz mumkin? Unutmangki, Yahova qattiqqo‘l yoki o‘ta talabchan emas. U hech qachon qo‘limizdan kelmaydigan narsani talab qilmaydi. Aksincha, Unga o‘zimizda bor eng yaxshisini berganimizda, U buni qadrlaydi. Shuningdek, Yahovaga sidqidildan xizmat qilgan xizmatchilari ustida fikr yuriting. Masalan, Pavlus. U yillar davomida g‘ayrat ila xizmat qilib, minglab kilometr yo‘l bosgan va ko‘pgina jamoatlarni tashkillashtirgan. Lekin vaziyati o‘zgarib, va’zgo‘ylik ishida kamroq ishtirok etishni boshlaganida Xudoga ma’qul kelmay qolganmi? Yo‘q. U qo‘lidan kelganini qilishda davom etgan va Yahova unga baraka bergan. (Havor. 28:30, 31) Shunga o‘xshab, sharoitimiz o‘zgarib Yahovaga ko‘proq xizmat qila olmasligimiz mumkin. Ammo Xudo uchun qaysi niyatda xizmat qilayotganimiz muhimroq. Keling, Yahova bizdan mamnun ekanini ko‘rsatayotgan ba’zi yo‘llarni bilib olaylik.

YAHOVA BIZDAN MAMNUN EKANINI QANDAY KO‘RSATYAPTI?

10. Yahova bizdan mamnun ekanini qay yo‘sin «eshitishimiz» mumkin? (Yuhanno 16:27)

10 Muqaddas Kitob orqali. Yahova Unga qadrli bo‘lgan insonlarga ulardan mamnun ekanini namoyon etishni yaxshi ko‘radi. Muqaddas Yozuvlarda U Iso Uning sevikli O‘g‘li va undan mamnun ekanini aytgan ikkita vaziyatni o‘qiymiz. (Mat. 3:17; 17:5) Yahova sizdan ham mamnun ekanini aytishini istarmidingiz? Hozirgi kunda Yahova bizga osmondan turib gapirmasa-da, Kalomi orqali gapiradi. Injilda Isoning so‘zlarini o‘qiganimizda, Yahova ma’qullab aytgan so‘zlarini «eshitishimiz» mumkin. (Yuhanno 16:27 ni o‘qing.) U Otasining shaxsiyatini mukammal tarzda aks ettirgan. Shuning uchun Iso nomukammal, ammo sadoqatli izdoshlaridan mamnun ekanini aytgani haqida o‘qiganimizda, o‘sha so‘zlarni Yahova bizga aytayotganini tasavvur qilsak bo‘ladi. (Yuhan. 15:9, 15)

Yahova bizdan mamnun ekanini turli yo‘llar orqali ko‘rsatyapti (10-xatboshilariga qarang.)


11. Nega qiyinchiliklarga duch kelishimiz Yahova bizdan mamnun emasligini anglatmaydi? (Yoqub 1:12)

11 Ishlari orqali. Yahova, masalan, moddiy ehtiyojlarimizni qondirish orqali bizga doim yordam berishga tayyor. Lekin U ba’zida odil kishi bo‘lgan Ayub kabi qiyinchiliklarni boshdan kechirishimizga yo‘l qo‘yishi mumkin. (Ayub 1:8–11) Qiyinchiliklar Yahova bizdan mamnun emasligini anglatmaydi. Aksincha, bu Yahovaga bo‘lgan sevgimiz qanchalik kuchli ekanini va Unga tayanayotganimizni isbotlashning imkonidir. (Yoqub 1:12 ni o‘qing.) Xudo sabr-bardosh qilishimizga yordam berayotgan ekan, Uning sevgi ila qilayotgan g‘amxo‘rligini va yordamini his etamiz.

12. Dmitriyning misolidan nimani o‘rgansak bo‘ladi?

12 Osiyolik Dmitriy birodarning misolini ko‘rib chiqaylik. U ishsiz qolgan va ko‘p oylar mobaynida ish izlagan. Birodarimiz xizmatini kengaytirishga qaror qilgan va shu yo‘sin Yahovaga tayanishini ko‘rsatgan. Oylar o‘tdi, ammo u ish topa olmadi. Keyinchalik, Dmitriy qattiq kasal bo‘lib, to‘shakka mixlanib qoldi. U yaxshi er va yaxshi ota bo‘la olmayapman deb, Yahova undan mamnun ekanidan shubhalana boshladi. Bir kuni kechasi uning qizi Ishayo 30:15 dagi «Xotirjam bo‘lib Menga tayansangiz, kuchli bo‘lasiz» degan so‘zlarni qog‘ozga chiqarib keldi. Qizi uning karavoti oldiga kelib shunday dedi: «Dadajon, o‘zingizni yomon his qilganingizda, bu oyatni eslang». Dmitriy Yahova tufayli oilasida oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshpana doim borligini tushunib yetdi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Qilishim kerak bo‘lgan narsa xotirjam bo‘lib, Tangrimga tayanishda davom etish edi». Agar siz ham shunga o‘xshash qiyinchilikka duch kelayotgan bo‘lsangiz, ishonavering, Yahova sizga g‘amxo‘rlik qilib, bardoshli bo‘lishingizga yordam beryapti.

Yahova bizdan mamnun ekanini turli yo‘llar orqali ko‘rsatyapti (12-xatboshiga qarang) a


13. Yahova bizdan mamnun ekanini ko‘rsatish uchun kimdan foydalanishi mumkin va qay yo‘sin?

13 Imondoshlarimiz orqali. Yahova bizdan mamnun ekanini ko‘rsatish uchun birodar-u opa-singillarimizdan foydalanyapti. Masalan, U boshqalarni bizga kerakli paytda daldali so‘zlarni aytishga undashi mumkin. Osiyolik opamiz qiyin paytda buni o‘zida his etdi. U ishini yo‘qotib, jiddiy kasallikka yo‘liqqandi. Buning ustiga, eri jiddiy gunohga qo‘l urib, oqsoqollik vazifasini boshqa bajara olmasdi. Opamiz shunday dedi: «Nega bular yuz berayotganini tushunmasdim. Ehtimol, biron yomon ish qilib qo‘ydim va Yahova mendan mamnun emas, deb o‘ylardim». U Yahovadan uni O‘z sevgisiga ishontirishini yolvorib so‘radi. Xo‘sh, Xudo iltijosiga qanday javob berdi? Opamiz shunday dedi: «Oqsoqollar men bilan gaplashib, Yahovaning sevgisiga ishontirishdi». Keyinchalik, u Yahovadan yana yordam so‘radi. «O‘sha kuniyoq jamoatimdagi birodar-u opa-singillardan xat oldim. Ularning tasalli beruvchi so‘zlarini o‘qiganimda, Yahova meni eshitganini his etdim»,— deb aytdi opamiz. Ha, odatda Yahova boshqalarning mehrga to‘la so‘zlari orqali bizdan mamnun ekanini aytadi. (Zab. 10:17)

Yahova bizdan mamnun ekanini turli yo‘llar orqali ko‘rsatyapti (13-xatboshiga qarang) b


14. Yahova bizdan mamnun ekanini yana qaysi yo‘l orqali ko‘rsatyapti?

14 Shuningdek, Yahova muhtoj bo‘lganimizda imondoshlarimiz orqali maslahat berib, bizdan mamnunligini ko‘rsatadi. Misol uchun, Yahova birinchi asrda havoriy Pavlusdan foydalangan va imondoshlariga 14 ta maktub yozishga ilhomlantirgan. O‘sha maktublarda qat’iy, ammo shu bilan birga sevgi ila maslahatlar berilgan. Nega Yahova Pavlusni shu kabi maslahatlarni yozishga ilhomlantirgan? Chunki Yahova yaxshi Ota va «O‘zi sevgan» bolalariga ta’lim-tarbiya beradi. (Hik. 3:11, 12) Demak, Muqaddas Kitobga asoslangan maslahat olganimizda, Yahova bizdan mamnun emas degan xayolga bormay, buni U bizdan mamnun ekanining isboti deb bilishimiz mumkin. (Ibron. 12:6) Qiziq, Xudo bizdan mamnun ekanini ko‘rsatuvchi yana qanday belgilar bor?

YAHOVA BIZDAN MAMNUN EKANINI KO‘RSATUVCHI BOSHQA DALILLAR

15. Yahova kimlarga muqaddas ruhini beradi va bu bizni nimada ishontirishi mumkin?

15 Yahova mamnun bo‘lgan odamlarga muqaddas ruhini beradi. (Mat. 12:18) O‘zimizdan shunday so‘rasak bo‘ladi: «Muqaddas ruh samarasining ba’zi qirralarini ko‘rsatyapmanmi?» Yahovani tanib-bilganingizdan beri boshqalarga ko‘proq sabr-toqatni namoyon etyapsizmi? Aslida, muqaddas ruh samarasini namoyon etishni o‘rganganingiz sayin, Yahova sizdan mamnun ekanining ko‘proq isbotini ko‘ra olasiz. (« Muqaddas ruh samarasi...» nomli ramkaga qarang.)

Yahova sizdan mamnun ekanining qanday isbotini ko‘ryapsiz? (15-xatboshilariga qarang.)


16. Yahova xushxabarni va’z qilishda kimlardan foydalanyapti va bundan nimani his qilyapsiz? (1 Salonikaliklarga 2:4)

16 Yahova O‘zi mamnun bo‘lgan odamlarga xushxabarni va’z qilish vazifasini ishonib topshiryapti. (1 Salonikaliklarga 2:4 ni o‘qing.) E’tiqodi bilan bo‘lishgani Jozelin ismli opamizga qanday foyda keltirganiga diqqat qarating. Bir kuni ertalab u tushkun ahvolda uyg‘ondi. Jozelin shunday dedi: «O‘zimni kuchsiz va foydasizdek his qildim. Men kashshof bo‘lib xizmat qilaman va o‘shanda kun bo‘yi xizmatga kelishgandim. Shunda ibodat qildim va xizmatga ketdim». O‘sha kuni Jozelin Meri ismli ayolni uchratdi va u Muqaddas Kitob tadqiqiga rozi bo‘ldi. Bir necha oy o‘tgach Meri Jozelinga u eshikni taqillatishidan avval, Xudoga ibodat qilib yordam so‘raganini aytdi. Bu vaziyatdan Jozelin qanday saboq oldi? U shunday dedi: «Go‘yo Yahova menga sendan mamnunman deyayotganday bo‘ldi». To‘g‘ri, hamma ham xushxabarga ijobiy javob qaytarmasligi mumkin. Lekin shunga aminmizki, xushxabarni boshqalar bilan bo‘lishish uchun jon kuydirganimizda, Yahova bizdan mamnun bo‘ladi.

Yahova sizdan mamnun ekanining qanday isbotini ko‘ryapsiz? (16-xatboshiga qarang) c


17. Vikkining to‘lov haqidagi fikrlaridan nimani bilib oldingiz? (Zabur 5:12)

17 Yahova to‘lov qurbonligining bahosini O‘zi mamnun bo‘lgan xizmatchilariga qo‘llaydi. (1 Tim. 2:5, 6) Ammo to‘lovga ishonib, suvga cho‘mgan bo‘lsak ham Yahova bizdan mamnun emas, deb haliyam o‘ylayotgan bo‘lsak-chi? Shuni yodda tuting, tuyg‘ularimizga hamisha ishona olmaymiz, lekin Yahovaga doim ishonsak bo‘ladi. U to‘lovga ishonayotgan odamlarni odil deb biladi va ularga baraka berishni va’da qilyapti. (Zabur 5:12 ni o‘qing; Rim. 3:26) To‘lov ustida mulohaza yuritish Vikkiga yordam berdi. Bir kuni to‘lov haqida chuqur fikr yuritgandan so‘ng u shunday dedi: «Yahova anchadan beri menga sabr qilib, sevgisini turli yo‘llar bilan ko‘rsatib kelgan-ku! Shunga qaramasdan men go‘yo Yahovaga: “Sen meni seva olmaysan. O‘g‘lingning qurbonligi esa gunohlarimni qoplay olmaydi”,— deganday edim». To‘lov hadyasi ustida mulohaza yuritib, u Yahovaning sevgisini his qila boshladi. Biz ham shunday qilsak, Alloh bizni sevishini va bizdan mamnun ekanini his qilamiz.

Yahova sizdan mamnun ekanining qanday isbotini ko‘ryapsiz? (17-xatboshiga qarang)


18. Samoviy Otamizni sevishda davom etsak nimada amin bo‘lishimiz mumkin?

18 Garchi yuqoridagi maslahatlarga amal qilishga jon kuydirsak-da, vaqti-vaqti bilan ruhimiz tushishi va Yahova mendan mamnunmikan deb o‘ylashimiz mumkin. Shunday paytda Yahova «Uni sevganlar»dan mamnun ekanini yodda tuting. (Yoqb. 1:12) Shu bois Xudoga yaqinlashishda va U sizdan mamnun ekanining belgilarini izlashda davom eting. Unutmang, Yahova «har birimizga yaqindir». (Havor. 17:27)

QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?

  • Nega ba’zilarga Yahova ulardan mamnun emasday tuyulishi mumkin?

  • Yahova qaysi ba’zi yo‘llar orqali bizdan mamnun ekanini ko‘rsatyapti?

  • Nega Yahova bizdan mamnun ekaniga amin bo‘lishimiz mumkin?

88-QO‘SHIQ Ochib ber menga yo‘llaringni

a RASMGA SHARH. Sahnalashtirilgan vaziyat

b RASMGA SHARH. Sahnalashtirilgan vaziyat

c RASMGA SHARH. Sahnalashtirilgan vaziyat