Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12-TADQIQ MAQOLASI

77-QO‘SHIQ Zulmat aro yarqirayotgan nur

Zulmatdan yiroqlashing, nur ostida qoling

Zulmatdan yiroqlashing, nur ostida qoling

Bir vaqtlar sizlar zulmat edingiz, hozir esa... nursizlar. (EFES. 5:8)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Efesliklarga 5-bobda tilga olingan «zulmat» va «nur» so‘zlari qanday ma’noga ega ekanini bilib olamiz.

1, 2. a) Pavlus Efesliklarga yo‘llangan maktubni qanday vaziyatda yozgan? b) Qanday savollarni ko‘rib chiqamiz?

 HAVORIY PAVLUS Rimda uy qamog‘ida bo‘lganida, imondoshlariga dalda bermoqchi edi. Ularni shaxsan borib ko‘ra olmasdi, shu bois ularga xatlar yozgan. Ularning birini u taxminan mil. 60 yoki 61-yili Efesdagi jamoatga yo‘llagan. (Efes. 1:1; 4:1)

2 Bundan deyarli o‘n yil avval Pavlus qaysidir payt davomida Efesda bo‘lib, xushxabarni va’z qilgan va ta’lim bergan. (Havor. 19:1, 8–10; 20:20, 21) U birodarlarni juda yaxshi ko‘rgan va ularga Yahovaga sodiq bo‘lib qolishga yordam berishni istagan. Biroq nega u moylangan masihiylarga zulmat va nur to‘g‘risida yozgan? Barcha masihiylar uning bu maslahatidan nimani o‘rganishi mumkin? Keling, bu savollarga javob topaylik.

ZULMATDAN NURGA

3. Pavlus efesliklarga yo‘llagan maktubida qaysi so‘zlarni ishlatgan?

3 Pavlus Efesdagi masihiylarga: «Bir vaqtlar sizlar zulmat edingiz, hozir esa... nursizlar»,— deb yozgan. (Efes. 5:8) Bu yerda u efesliklar qanchalik ko‘p o‘zgarganini ko‘rsatish uchun «zulmat» va «nur» so‘zlarini qo‘llagan. Keling, nega Pavlus ular «bir vaqtlar... zulmat edingiz» deganining sababini bilib olaylik.

4. Qaysi ma’noda efesliklar diniy zulmatda bo‘lishgan?

4 Diniy zulmat. Pavlus maktub yozgan efesliklar haqiqatni bilib, masihiylar bo‘lishdan avval soxta dinda bo‘lib, sehr-joduga ishonishardi. Efes shahrida yunon ma’budasi Artemidaning dong‘i ketgan ma’badi bo‘lgan. O‘sha ma’bad dunyoning yetti mo‘jizasidan biri hisoblanardi. Odamlar u yerga borib butlarga sig‘inardi. Hunarmandlar ma’bad va Artemidaning haykallarini yasab katta daromad topishardi. (Havor. 19:23–27) Efesdagi aksariyat kishilar sehr-jodu bilan ham shug‘ullanardi. (Havor. 19:19)

5. Qaysi ma’noda efesliklar axloqiy zulmatda bo‘lishgan?

5 Axloqiy zulmat. Efesdagi odamlar rosa axloqsiz bo‘lib, iflos ishlarni qilishardi. Teatrlarda va hatto diniy marosimlarda beadab narsalar olg‘a surilardi. (Efes. 5:3) Ko‘p efesliklar «har qanday or-nomusni yo‘qot»gan, bu so‘zlar tom ma’noda «og‘riqni his qilmaslikni» anglatadi. (Efes. 4:17–19) Nima to‘g‘ri yoki nima noto‘g‘ri borasida haqiqatni bilmasdan avval efesliklarning vijdoni ularni qiynamasdi yoxud Yahovaga hisobot berish bilan ishi yo‘q edi. Shu sababli Pavlus ular to‘g‘risida «aqlan zulmatda bo‘lib,... Xudodan kelib chiqayotgan hayotdan yiroqlashganlar» degan.

6. Nega Pavlus efesliklar «hozir» nur ekanini aytgan?

6 Ammo ba’zi efesliklar zulmatda qolib ketmagan. Pavlus ular haqida «hozir esa Hazratimizga tegishli bo‘lganingiz uchun nursizlar» degan. (Efes. 5:8) Ular Muqaddas Yozuvlardagi haqiqat nuri ostida hayot kechirishgan. (Zab. 119:105) O‘sha efesliklar soxta din bilan bog‘liq urf-odatlarga va axloqsiz yurish-turishga chek qo‘yishgan. Ular «Allohga taqlid qili»shgan va Unga topinib, ma’qul kelish uchun eng yaxshisini qilishgan. (Efes. 5:1)

7. Bizning vaziyatimiz va ko‘p efeslik masihiylarning vaziyati nimasi bilan o‘xshash?

7 Shu singari, biz ham haqiqatni bilishdan oldin diniy va axloqiy zulmatda bo‘lganmiz. Ayrimlarimiz soxta din bilan bog‘liq bayramlarni nishonlardik; boshqalarimiz esa axloqsiz hayot tarzini kechirardik. Lekin nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri borasidagi Yahovaning me’yorlari haqida bilib olgach, o‘zgardik. Uning adolatli talablariga muvofiq hayot kechira boshladik. Natijada esa ko‘p barakalardan zavq olyapmiz. (Ishayo 48:17) Biroq hozir betinim muammolarga yo‘liqyapmiz. Ortimizda qoldirgan zulmatdan uzoqroq yurishimiz va «nur farzandlaridek yo‘l tuti»shimiz kerak. Xo‘sh, buni qanday uddalay olamiz?

Image digitally reproduced with the permission of the Papyrology Collection, Graduate Library, University of Michigan, P.Mich.inv. 6238. Licensed under CC by 3.0

Pavlus efesliklarga bugun qo‘llashimiz mumkin bo‘lgan qanday maslahatni mehr ila bergan? (7-xatboshiga qarang.) b


ZULMATDAN YIROQLASHING

8. Efesliklarga 5:3–5 ga ko‘ra, efesliklar nimadan yiroqlashishi kerak edi?

8 Efesliklarga 5:3–5 ni o‘qing. Axloqiy zulmatdan uzoqroq yurish uchun efeslik masihiylar Yahovaga yoqmaydigan ishlarni rad etishda davom etishi kerak edi. Bunga nafaqat jinsiy axloqsizlikdan, balki uyatsiz gap-so‘zlardan ham yiroqlashish kirardi. Pavlus efesliklarga bunday narsalardan uzoqlashmasa, «Masihning va Xudoning Shohligida merosga ega bo‘lmaydi» deb aytgan.

9. Nega axloqsizlikka yetaklashi mumkin bo‘lgan har qanday narsadan ehtiyot bo‘lishimiz lozim?

9 Biz ham «qorong‘ilikning behuda ishlariga» qo‘l urishdan ehtiyot bo‘lishimiz zarur. (Efes. 5:11) Yana va yana hayotdagi misollar shuni ko‘rsatyaptiki, inson nopok, axloqsiz narsalarga qancha ko‘p qarasa, bunday narsalarni tinglasa yoki ular haqda gapirsa, ularni qilib qo‘yish osonroq bo‘lib qolyapti. (Ibt. 3:6; Yoqb. 1:14, 15) Bir mamlakatda anchagina Yahovaning Shohidlari ijtimoiy tarmoqlarda guruh yaratib, bir-biriga yozishni boshladi. Avvaliga ko‘pchilik ma’naviy narsalar to‘g‘risida yozardi. Lekin asta-sekin ular Yahova xush ko‘rmaydigan narsalar haqida yozadigan bo‘lishdi. Ularning yozishmalari asosan seks haqida edi. Ularning ko‘pi keyinchalik shuni aytdiki, bunday nopok gap-so‘zlar ularni jinsiy axloqsizlikka qo‘l urishga yetaklagan.

10. Shayton bizni qay yo‘sin avramoqchi? (Efesliklarga 5:6)

10 Shaytonning bu dunyosi bizni avramoqchi va Yahovaning nazaridagi axloqsiz hamda nopok ishlar uncha noto‘g‘ri emas deb ishontirmoqchi. (2 Butr. 2:19) Bundan hayron emasmiz! Iblis odamlar nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanini hal qila olmasliklari uchun ularni doim chalg‘itishga urinadi. (Ishayo 5:20; 2 Kor. 4:4) Ko‘pgina film, televideniyedagi dasturlar va veb-saytlarda Yahovaning adolatli me’yorlariga zid bo‘lgan fikrlar olg‘a surilayotgani ajablanarli emas! Shayton nopok ishlarning va hayot tarzining hech qanday yomon joyi yo‘qligini uqtiribgina qolmay, balki ular yoqimli va zararsiz ham ekaniga bizni ishontirmoqchi. (Efesliklarga 5:6 ni o‘qing.)

11. Qanday qilib Efesliklarga 5:7 dagi dono maslahatga amal qilishimiz kerakligini Anjelaning misolidan ko‘ryapmiz? (Rasmga ham qarang.)

11 Shayton biz Yahovaning me’yorlariga amal qilishimizga qiyinchilik tug‘dirayotgan odamlar bilan do‘stlashishimizni xohlayapti. Shuning uchun Pavlus efesliklarni shunday undagan: «Ularga sherik bo‘lmanglar», ya’ni «ular» so‘zi ostida Xudoning nazarida noto‘g‘ri ishlar qiladiganlar nazarda tutiladi. (Efes. 5:7) Muloqotimiz shaxsan vaqt o‘tkazayotgan insonlar bilangina kifoyalanmasligini unutmasligimiz kerak. Bunga ijtimoiy tarmoqlarda kimlar bilan aloqada bo‘lganimiz ham kiradi, efesliklar bunga duch kelmagandi. Osiyoda yashaydigan Anjela a ijtimoiy tarmoqlar qanchalik xavfli bo‘lishi mumkinligini tushungan. U shunday bo‘lishdi: «Ularning dastidan asta-sekin fikrlash tarzimiz o‘zgarishi mumkin. Ko‘p o‘tmay, Kalomdagi prinsiplarni hurmat qilmaydigan qo‘shtirnoq ichidagi do‘stlarning yomon joyi yo‘q ekan deb o‘ylay boshlaganman. Oxiri, Yahovaga ma’qul kelmaydigan hayot tarzini kechirish noto‘g‘ri emas degan xulosaga keldim». Yaxshiyamki, mehribon oqsoqollar Anjelaga kerakli o‘zgarishlar qilishga yordam berishdi. U quyidagicha dedi: «Hozir, ongimni ijtimoiy tarmoqlardagi emas, ma’naviy narsalar bilan to‘ldirishga intilaman».

Yahovaning me’yorlariga yopishib olish qobiliyatimiz kimlar bilan muloqot qilayotganimizga juda bog‘liq (11-xatboshiga qarang.)


12. Yahovaning nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri borasidagi me’yorlariga yopishib olishimizga nima yordam beradi?

12 Axloqsiz yurish-turish o‘rinli degan bu dunyoning nuqtai nazariga qarshi kurash olib borishimiz lozim. Bilamizki, bunday yurish-turish noto‘g‘ri. (Efes. 4:19, 20) O‘zimizdan shunday so‘rab ko‘rsak yaxshi bo‘lardi: «Hamkasblarim, sinfdoshlarim yoki Yahovaning adolatli me’yorlarini hurmat qilmaydigan insonlar bilan do‘stlashishdan ehtiyot bo‘lyapmanmi? Hatto ba’zilar meni fanatik deb aytsa ham Yahovaning me’yorlariga yopishib olyapmanmi?» 2 Timo‘tiyga 2:20–22 ga ko‘ra, jamoatda ham kim bilan do‘stlashish borasida ehtiyot bo‘lishimiz lozim. Ba’zilar Yahovaga xizmat qilishda sadoqatli bo‘lib qolishimizga yordam bermasligini yodda tutishimiz darkor.

«NUR FARZANDLARIDEK YO‘L TUTINGLAR»

13. «Nur farzandlaridek yo‘l tuti»sh nimani anglatadi? (Efesliklarga 5:7–9)

13 Pavlus efeslik masihiylarni nafaqat zulmatni rad etishga, balki «nur farzandlaridek yo‘l tuti»shga ham chorlagan. (Efesliklarga 5:7–9 ni o‘qing.) Bu nima degani? Bu hamisha Isoning chinakam izdoshlari kabi yo‘l tutishni anglatadi. Ushbu maqsadga erishishning bir yo‘li Kalomni, jumladan, unga asoslangan adabiyotlarimizni muntazam ravishda o‘qish va tadqiq qilishdir. Ayniqsa, «dunyoning nuri» bo‘lmish Iso Masihning o‘rnagi va ta’limotlariga diqqat qaratish o‘ta muhim. (Yuhan. 8:12; Hik. 6:23)

14. Muqaddas ruh bizga qanday yordam berishi mumkin?

14 «Nur farzandlaridek» yo‘l tutish uchun muqaddas ruhning ko‘magiga ham muhtojmiz. Negaki, bu axloqsiz dunyoda pok qolish uncha-muncha osonmas. (1 Salon. 4:3–5, 7, 8) Muqaddas ruh bizga bu dunyoning nuqtai nazariga, jumladan, falsafasi va Xudoning qarashlariga zid bo‘lgan fikrlash tarziga qarshi turishga yordam beradi. Uning yordamida «har qanday himmat, adolat» samara berishi mumkin. (Efes. 5:9)

15. Qaysi yo‘llar orqali muqaddas ruh olishimiz mumkin? (Efesliklarga 5:19, 20)

15 Muqaddas ruhni olishning bir yo‘li uni ibodatda so‘rashdir. Iso Yahova «Undan so‘raganlarga muqaddas ruhni berishi muqarrar» deb aytgan. (Luqo 11:13) Yahovani yig‘ilishlarda birgalashib madh etganimizda ham muqaddas ruh olamiz. (Efesliklarga 5:19, 20 ni o‘qing.) Xudoning ruhi bizga yaxshi ta’sir qilib, Unga ma’qul tarzda yashashimizga ko‘maklashadi.

16. Dono qarorlar chiqarishimizga nima yordam beradi? (Efesliklarga 5:10, 17)

16 Muhim qaror chiqarishimiz kerak bo‘lganda, «Yahovaning irodasi qanday ekanini» anglashimiz, keyin esa unga muvofiq harakat qilishimiz lozim. (Efesliklarga 5:10, 17 ni o‘qing.) Vaziyatimizga to‘g‘ri keladigan Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni izlaganimizda, bu borada Xudoning nuqtai nazari qanday ekanini aniqlamoqchi ekanimizni ko‘rsatamiz. O‘sha prinsiplarni qo‘llaganimizda esa yanada yaxshi qarorlar chiqara olamiz.

17. Qanday qilib vaqtimizdan unumli foydalanishimiz mumkin? (Efesliklarga 5:15, 16) (Rasmga ham qarang.)

17 Pavlus efeslik masihiylarni vaqtidan unumli foydalanishga undagan. (Efesliklarga 5:15, 16 ni o‘qing.) Dushmanimiz Shayton bu dunyoning ishlari bilan bizni rosa band qilib qo‘ymoqchi, chunki shunda Xudoga xizmat qilishga vaqtimiz qolmaydi. (1 Yuhan. 5:19) Masihiy Yahovaga ko‘p yo‘llar orqali xizmat qilishning o‘rniga diqqatini pul topishga, ma’lumotli bo‘lishga yoki mansab orttirishga qaratishi hech gap emas. Bu bunday masihiy ushbu dunyoning fikrlash tarzi ta’siri ostida ekanining belgisidir. Albatta, bularning noto‘g‘ri joyi yo‘q, ammo ular hayotimizda birinchi o‘ringa chiqib qolmasligi kerak. «Nur farzandlaridek» yurish uchun chindan ham muhim bo‘lgan narsalarga diqqat qaratish orqali vaqtimizdan unumli foydalanishimiz darkor.

Efeslik masihiylar va’z qilib vaqtidan donolik ila foydalanishgan (17-xatboshiga qarang.)


18. Donald vaqtidan yanada unumli foydalanish uchun nimalar qildi?

18 Yahovaga yanada ko‘proq xizmat qilish yo‘llarini izlang. Janubiy Afrikadagi Donald shunday qilgan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Hayotim borasida fikr yuritib, xizmatda ko‘proq samara keltira olishim uchun Yahovaga iltijolar qildim. Va’zgo‘ylikka ko‘proq vaqtim bo‘lishiga hissa qo‘shadigan biron ish topishim haqida ibodat qildim. Yahovaning ko‘magi bilan to‘g‘ri keladigan ish topdim. So‘ng xotinim bilan to‘la vaqtli xizmat qilishni boshladik».

19. «Nur farzandlaridek» yurishda davom etishimizga nima yordam berishi mumkin?

19 Efesliklarga yo‘llangan maktub ularga Yahovaga sadoqatli bo‘lib qolishga yordam bergan bo‘lsa kerak. U bizga ham asqatishi mumkin. Bilib olganimizday, u vaqtichog‘lik turlarini va do‘stlarni donolik bilan tanlashga ko‘maklasha oladi. Qolaversa, u Kalomni muntazam ravishda tadqiq qilish jadvaliga amal qilish orqali haqiqat nuri ostida yurishda davom etishimizga undaydi. U yerda muqaddas ruhning zarurligi ham ta’kidlangan. Bu ruh Xudoga yoqadigan fazilatlarni namoyon etishimizga yordam berishi mumkin. Pavlusning maslahatlariga amal qilish Yahovaning nuqtai nazariga muvofiq bo‘lgan dono qarorlar chiqarishga ko‘maklasha oladi. Bunday yo‘l tutib, bu dunyoning zulmatidan qochib, nur ostida yura olamiz.

QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?

  • Efesliklarga 5:8 dagi «zulmat» va «nur» so‘zi qanday ma’noga ega?

  • Qay yo‘sin «zulmat»dan qocha olamiz?

  • Qanday qilib «nur farzandlaridek» yo‘l tuta olamiz?

95-QO‘SHIQ Nur yanada yorqinroq porlamoqda

a Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

b RASMGA SHARH. Havoriy Pavlusning efesliklarga yo‘llagan maktubining qadimgi nusxasi ko‘rsatilgan.