Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yahova «sabr-bardosh bilan hosil keltirayotganlarni» yaxshi ko‘radi

Yahova «sabr-bardosh bilan hosil keltirayotganlarni» yaxshi ko‘radi

Yaxshi yerga tushgan urug‘ esa shunday kishilarni bildiradi: ular... sabr-bardosh bilan hosil keltirishadi. LUQO 8:15

QO‘SHIQLAR: 44, 10

1, 2. a) Nega odamlar xushxabarga beparvo bo‘lgan hududlarda xizmat qilayotgan sadoqatli imondoshlarimiz dalda manbai? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.) b) Iso «o‘z yurti»da va’z qilish haqida nima degan? (Izohga qarang.)

SERJIO VA OLINDA ismli kashshof juftlik Qo‘shma Shtatlarda yashaydi. Ularning yoshi 80 dan oshgan. Oyoqlari og‘rigani sababli ular yurishga qiynalishadi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘p yillar mobaynida ertalab soat yettida ular bekatga yo‘l olishadi. U yerga kelgach, Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni yo‘lovchilarga taklif qilishadi. Ko‘pchilik ularga e’tibor bermaydi, lekin bu juftlik u yerni tark etmay, yo‘lovchilarga tabassum qiladi. Kechki payt esa, ular asta-sekin uyga qaytishadi. Ertalab yana soat yettida bekatga borishadi. Ushbu sadoqatli juftlik Shohlik haqidagi xabarni yil davomida, haftasiga olti kun va’z qiladi.

2 Serjio va Olinda kabi butun dunyo bo‘ylab ko‘pgina sadoqatli birodaru opa-singillarimiz ham odamlar xushxabarga beparvo bo‘lgan hududlarda ancha yillar davomida va’z qilib kelmoqda. Agar siz ham shunday vaziyatda bo‘lsangiz, sabr-bardoshli ekaningiz uchun sizni chin dildan maqtamoqchimiz *. Yahovaga sabot ila xizmat qilayotganingiz ko‘plarga, hatto ancha yillar xizmat qilayotganlarga dalda baxsh etadi. Masalan, tuman noziri quyidagicha fikr bildirdi: «Bunday imondoshlarim bilan xizmat qilganimda, ularning o‘rnagidan kuch olaman. Ularning sadoqati xizmatimni sabr-bardosh va g‘ayrat ila bajarishga undaydi. Ularning o‘rnagi ko‘nglimni ko‘taradi».

3. Qaysi savollarga diqqat qaratamiz va nima uchun?

3 Iso bizga amr etgan va’zgo‘ylik faoliyatini amalga oshirishga qat’iy qaror qilishimiz darkor. Shunday ekan, keling, uchta savolga diqqat qarataylik: nega gohida ruhimiz tushishi mumkin? Qay yo‘sin hosil keltira olamiz? Sabr-bardosh bilan hosil keltirishimizga nima qo‘l keladi?

NEGA RUHIMIZ TUSHISHI MUMKIN?

4. a) Aksariyat yahudiylar Pavlusni tinglashni xohlamaganda bu unga qanday ta’sir qilgan? b) Nega Pavlus o‘zini shunday his etgan?

4 Siz yashayotgan hududda insonlar xushxabarga befarq ekanidan ruhingiz tushayotgan bo‘lsa, havoriy Pavlusning tuyg‘ulari sizga tanishdir. Taxminan 30 yillik xizmati davomida u talaygina insonlarga Masihning shogirdi bo‘lishga ko‘maklashgan. (Havor. 14:21; 2 Kor. 3:2, 3) Lekin u ko‘pgina yahudiylarga masihiy bo‘lishlariga yordam bera olmagan. Ularning aksariyati Pavlusni tinglashni xohlamagan va ba’zilari uni hatto ta’qib qilgan. (Havor. 14:19; 17:1, 4, 5, 13) Xo‘sh, bunday salbiy munosabat unga qanday ta’sir qilgan? U shunday degan: «Masihning izdoshi sifatida men rostini aytyapman... qalbimda kuchli g‘am-g‘ussa va to‘xtamaydigan bir dard bor». (Rim. 9:1–3) Nega u o‘zini shunday his etgan? Chunki va’z qilish uning jonu dili edi. Pavlus yahudiylarni yaxshi ko‘rgani uchun ularga va’z qilgan. Shu bois, ular Allohning rahm-shafqatini rad etishganda, bu unga og‘riq keltirgan.

5. a) Yaqinlarimizga va’z qilishga bizni nima undayapti? b) Nima uchun vaqti-vaqti bilan ruhimiz tushishi ajablanarli emas?

5 Pavlus singari biz ham odamlarni yaxshi ko‘rganimiz uchun ularga va’z qilyapmiz. (Mat. 22:39; 1 Kor. 11:1) Negaki, o‘z tajribamizdan bilamizki, Yahovaga xizmat qilish eng zo‘r hayot yo‘lidir. Hududimizdagi odamlar haqida o‘ylaganimizda, o‘zimizga: «Qaniydi, ular nimalarni qo‘ldan boy berayotganini bilib olsa!» — deb aytamiz. Shu sababli, biz ularni Yahova hamda Uning insoniyat uchun niyati to‘g‘risida haqiqatni bilib olishga undashdan tinmayapmiz. Qaysidir ma’noda ularga: «Siz uchun ajoyib sovg‘am bor. Marhamat, uni oling»,— deb aytyapmiz. Shuning uchun, odamlar bu sovg‘ani olishdan bosh tortganda, qalbimizda dard paydo bo‘lishi ajablanarli emas. Bu kabi tuyg‘ular, imonimiz sust ekanini emas, balki voizlik ishi jonu dilimiz ekanini namoyon etadi. Shu bois, ruhimiz tushgan damlarda ham sabr-bardoshlimiz. 25 yildan oshiq vaqt kashshoflik qilayotgan Yelenaning quyidagi fikriga qo‘shilsak kerak: «Va’zgo‘ylik ishi oson emas. Shunday bo‘lsa ham, bu ishni hech narsaga alishmayman».

QAY YO‘SIN HOSIL KELTIRA OLAMIZ?

6. Hozir qaysi savolga javob topamiz?

6 Nega qayerda va’z qilishimizdan qat’i nazar, xizmatda muvaffaqiyatli bo‘la olishimizga ishonsak arziydi? Bu muhim savolga javob topish uchun, keling, Iso hosil keltirishimiz muhimligini ko‘rsatgan ikkita masalga e’tibor beraylik. (Mat. 13:23) Birinchisi tok haqida.

7. a) Isoning masalidagi «bog‘bon», «haqiqiy tok» va «novdalar» kimlarni bildiradi? b) Yana qaysi savolga javob topishimiz lozim?

7 Yuhanno 15:1–5, 8 ni o‘qing. Iso havoriylariga aytgan mana shu so‘zlarga nazar soling: «Mo‘l-ko‘l hosil berib mening shogirdlarim ekaningizni isbotlasangiz, Otamni sharaflagan bo‘lasiz». Iso Yahovani «bog‘bon», o‘zini «haqiqiy tok», shogirdlarini esa «novdalar»ga qiyoslagan *. Qiziq, Masihning izdoshlari hosil keltirishi qanday ma’noga ega? Ushbu masalda Iso hosil nimani anglatishiga urg‘u bermagan. Mazkur savolga javob topishimiz uchun bu masalda u o‘zgacha bir tafsilotni aytib o‘tgan.

8. a) Nima uchun Isoning masalida «hosil berish» shogird tayyorlash ishini bildirmaydi? b) Yahova aslida bizdan nimani kutadi?

8 Iso Otasi haqida: «Mendagi hosil bermaydigan har qanday novdani U kesib tashlaydi»,— degan. Boshqacha qilib aytganda, faqatgina hosil bersak Yahovaning xizmatchisi bo‘la olamiz. (Mat. 13:23; 21:43) Demak, bu masalga ko‘ra, har bir masihiy keltirishi kerak bo‘lgan hosil shogirdlarni tayyorlash sharafiga ishora qilmaydi. (Mat. 28:19) Aks holda, odamlar beparvo bo‘lgan hududlarda xizmat qilayotgan va shogird tayyorlashda muvaffaqiyat qozona olmayotgan sodiq masihiylar Isoning masalidagi hosil bermaydigan novdalar bo‘lib chiqardi. Biroq bunday xulosa noto‘g‘ri! Zero, odamlarni Isoning shogirdi bo‘lishga majburlay olmaymiz. Qolaversa, bu Yahovaning sevgisidan dalolat bermasdi. U bizdan eplay olmaydigan ishni qilishimizni talab etmaydi. Ha, Yahova qo‘limizdan keladigan ishni bizdan kutadi. (Qonun. 30:11–14)

9. a) Qanday ishda qatnashib hosil bera olamiz? b) Qaysi masalga diqqat qaratamiz va nega?

9 Unday bo‘lsa, hosil berish nimani anglatadi? Bu barchamizning qo‘lidan keladigan ish. Xo‘sh, Yahova hamma xizmatchilariga qanday ishni tayinlagan? Bu Uning Shohligi haqidagi xushxabarni va’z qilish ishidir *. (Mat. 24:14) Isoning urug‘ sepuvchi haqidagi masali buni yaqqol ko‘rsatmoqda. Keling, bu ikkinchi masalga diqqat qarataylik.

10. a) Isoning masalidagi urug‘ va u ekilgan yer nimani anglatadi? b) Bug‘doy poyasida qanday hosil paydo bo‘ladi?

10 Luqo 8:5–8, 11–15 ni o‘qing. Urug‘ sepuvchi haqidagi masalda urug‘ «Allohning kalomini» yoki Shohlik to‘g‘risidagi xabarni anglatadi. Urug‘ tushadigan yer esa insonning majoziy qalbini bildiradi. Urug‘ sepilgach, ildiz otadi va unib-o‘sadi. Uni bug‘doy poyasi deylik. So‘ng u «100 barobar ko‘p hosil beradi». Qiziq, bug‘doy poyasida qanday hosil paydo bo‘ladi? Kichkina bug‘doy poyalarimi? Yo‘q, yangi urug‘lar paydo bo‘ladi. Keyinchalik esa ulardan poyalar o‘sib chiqadi. Bu masalga binoan, bitta urug‘ 100 barobar hosil keltirgan. Qiziq, mazkur masal xizmatimiz bilan qanday bog‘liq?

Qanday qilib «sabr-bardosh bilan hosil keltira» olamiz? (11- xatboshiga qarang.)

11. a) Urug‘ sepuvchi haqidagi masal xizmatimiz bilan qanday bog‘liq? b) Qay yo‘sin yangi urug‘larni ko‘paytira olamiz?

11 Masalan, ota-onamiz yoki boshqa masihiylar ilk bor Shohlik haqidagi xabarni bizga aytganda, urug‘ni sepganday bo‘lishgan. Ular biz bu xabarni qabul qilganimizda juda quvongan. Isoning masalidagi urug‘ yaxshi yerga tushganiday, biz ham xushxabarni qabul qilib, uni mahkam ushlayapmiz. Natijada, Shohlik xabari urug‘ kabi o‘sadi, vaqt o‘tgach, bug‘doy poyasi unib chiqadi va hosil berish uchun tayyor bo‘ladi. Bug‘doy poyasida yangi poyalar emas, yangi urug‘lar paydo bo‘lganiday, biz ham hosil sifatida yangi shogirdlarni emas, Shohlik urug‘larini keltiramiz *. Buni qay yo‘sin qila olamiz? Har safar Shohlik xabarini va’z qilganimizda, qalbimizga ekilgan urug‘ni ko‘paytirib sochgan bo‘lamiz. (Luqo 6:45; 8:1) Demak, bu masalga binoan, biz xushxabarni tinmay e’lon qilganimizda, sabr-bardosh bilan hosil keltirgan bo‘lamiz.

12. a) Isoning tok va urug‘ sepuvchi haqidagi masallaridan qanday saboq olishimiz mumkin? b) Bu saboq sizga qanday ta’sir qilyapti?

12 Xo‘sh, Isoning tok va urug‘ sepuvchi haqidagi masallaridan qanday saboq olishimiz mumkin? Hosil keltirish hududimizdagi insonlar xushxabarni qabul qilishi bilan bog‘liq emas. Aksincha, bu tinmay va’z qilishimiz bilan bog‘liq. Pavlus ham shunga o‘xshash fikrni bildirib: «Har biri o‘z mehnatiga yarasha mukofotini oladi»,— deb aytgan. (1 Kor. 3:8) Ha, Yahova bizni ishimizning natijasi uchun emas, mehnatimiz uchun mukofotlaydi. 20 yildan beri kashshof bo‘lib xizmat qilayotgan Matilda: «Yahova bizni harakatlarimizga yarasha taqdirlashini bilish menga quvonch baxsh etadi»,— dedi.

QAY YO‘SIN SABR-BARDOSH ILA HOSIL KELTIRA OLAMIZ?

13, 14. Rimliklarga 10:1, 2 ga binoan, nima uchun Pavlus salbiy munosabat bildirganlarga va’z qilishda davom etgan?

13 Sabr-bardosh ila hosil keltirishimizga nima qo‘l keladi? Keling, Pavlusning misoliga yana e’tibor qarataylik. Yahudiylar Shohlik xabariga salbiy munosabatda bo‘lganda uning ko‘ngli cho‘kardi. Shu taqdirda ham, Pavlus ularga tinmay va’z qilgan. Rimdagi masihiylarga maktub yo‘llaganda, yahudiylar haqida u shunday deb yozgan: «Birodarlar, yuragimdagi yaxshi niyat hamda Allohga bo‘lgan iltijolarim, isroilliklarning najot topishi haqidadir. Xudoning xizmatida ularning g‘ayrati borligiga o‘zim shohidman, ammo bu g‘ayrat aniq bilimga muvofiq emas». (Rim. 10:1, 2) Xo‘sh, nima uchun Pavlus ularga va’z qilishda davom etgan?

14 Birinchidan, Pavlusning aytishicha, u buni yuragidagi yaxshi niyat tufayli qilgan. Ha, u yahudiylar najot topishini chin dildan xohlagan. (Rim. 11:13, 14) Ikkinchidan, u «Allohga bo‘lgan iltijolari» to‘g‘risida aytib o‘tgan. U yahudiylar Shohlik xabarini qabul qilishini Xudodan o‘tinib so‘ragan. Uchinchidan, Pavlus: «Xudoning xizmatida ularning g‘ayrati bor»,— degan. U insonlarning yaxshi tomonlariga diqqat qaratgan. Pavlus o‘z misolidan shuni bilardiki, g‘ayratli yahudiylar Masihning g‘ayratli shogirdlariga aylanishi mumkin.

15. Qanday qilib Pavlusga taqlid qila olamiz? Misollar keltiring.

15 Qanday qilib Pavlusga taqlid qila olamiz? Avvalo, «mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan» insonlarni izlab topishni chin dildan xohlashimiz kerak. Qolaversa, Yahova samimiy insonlarning qalblarini ochsin deb iltijo qilishimiz lozim. (Havor. 13:48; 16:14) Masalan, qariyb 30 yildan beri kashshoflik qilayotgan Silvana quyidagicha dedi: «Uyma-uy xizmat qilishga borishdan oldin Yahovaga ibodat qilib, ijobiy nuqtai nazarga ega bo‘lishimni so‘rayman». Haqiqatga moyil bo‘lgan odamlarni topishimiz uchun Alloh farishtalari orqali bizni yo‘naltirishi haqida ham ibodat qilamiz. (Mat. 10:11–13; Vah. 14:6) 30 yildan ziyod vaqt mobaynida kashshof bo‘lib xizmat qilayotgan Robert esa: «Odamlarning hayotida nima bo‘layotganini biladigan farishtalar bilan hamkorlik qilish ajoyib»,— deb bo‘lishdi. Bundan tashqari, biz insonlarning yaxshi tomonlariga ham diqqat qaratishga intilamiz. Misol uchun, 50 yildan ko‘proq vaqt davomida oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan Karl shunday dedi: «Insonning samimiyligini ayon qiladigan hatto kichik belgilarga, ehtimol, tabassum, ochiq chehra yoki beg‘arazlik ila bergan savoliga e’tibor qaratishga harakat qilaman». Ha, Pavlus singari sabr-bardosh bilan hosil keltirish bizning ham qo‘limizdan keladi!

«QO‘LLARINGGA TINIM BERMA»

16, 17. a) Voiz 11:6 dagi so‘zlardan nimani o‘rganishimiz mumkin? b) Bizni kuzatayotgan kishilarga va’zgo‘ylik ishimiz qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida misol keltiring.

16 Hatto odamlar xushxabarni tinglashni xohlamayotganday tuyulsa ham, va’zgo‘ylik ishi ularga qanday ta’sir qilishini nazarimizdan chetda qoldirmasligimiz zarur. (Voiz 11:6 ni o‘qing.) To‘g‘ri, ko‘p odamlar bizni tinglamaydi, lekin ular bizni kuzatadi. Ozoda kiyim kiyganimiz, xushmuomalaligimiz va samimiy tabassumimiz ularning nazaridan chetda qolib ketmaydi. Bu ularga ta’sir qilib, vaqt o‘tgach, hatto biz haqimizda salbiy nuqtai nazarga ega bo‘lgan kishilar ham ijobiyroq o‘ylashi hech gap emas. Yuqorida tilga olingan Serjio va Olinda buni o‘zlarida his etishdi.

17 Serjio quyidagicha bo‘lishdi: «Kasallik dastidan bir qancha vaqt o‘sha bekatga borib xizmat qila olmadik. Borganimizda esa, yo‘lovchilar: “Tinchlikmi? Sizlarni sog‘inib qoldik”,— deyishdi». Olinda esa shunday dedi: «Avtobus haydovchilari biz bilan salomlashib, o‘tirgan joyidan baland ovozda: “Ko‘p yashang!” — deb aytishardi. Ular bizdan hatto jurnallar so‘rashdi». Serjio va Olinda bir kishi ularga guldasta berib, qilayotgan ishi uchun maqtab ketganda lol qolishdi.

18. Nega «sabr-bardosh bilan hosil keltirishga» qaror qildingiz?

18 Darhaqiqat, Shohlik xabarini e’lon qilish uchun qo‘llarimizga tinim bermasak, «hamma xalqlarga shahodat berish» sharafiga ega bo‘lamiz. (Mat. 24:14) Eng asosiysi, Yahovani xushnud etayotganimizni bilish bizga quvonch ato etyapti. Zero, U «sabr-bardosh bilan hosil keltirayotgan» barchani yaxshi ko‘radi!

^ 2- x.b. Hatto Iso ham «o‘z yurti»da va’z qilish qiyin ekanini tushungan. Buni Injilning to‘rtta yozuvchisi ham qalamga olgan. (Mat. 13:57; Mark 6:4; Luqo 4:24; Yuhan. 4:44)

^ 7- x.b. Garchi bu masaldagi novdalar moylangan masihiylarga ishora qilsa ham, undagi saboqlar Xudoning barcha xizmatchilariga tegishli.

^ 9- x.b. «Hosil berish» shuningdek, «muqaddas ruh samarasini» namoyon etishni ham bildirsa-da, bu va keyingi maqolalarda «og‘zimizdan chiqqan so‘zlarni» baxshida etish yoki Xudoning Shohligi haqida va’z qilish borasida gap yuritiladi. (Galat. 5:22, 23; Ibron. 13:15)

^ 11- x.b. Boshqa vaziyatlarda Iso urug‘ sepish va o‘rim-yig‘im haqidagi misollarni shogird tayyorlash ishi bilan bog‘lagan. (Mat. 9:37; Yuhan. 4:35–38)