Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Aziz yoshlar, Iblisga qarshi turing

Aziz yoshlar, Iblisga qarshi turing

Iblisning hiyla-nayranglariga qarshi tura olishingiz uchun, Xudo bergan barcha qurol-aslahalar bilan qurollaninglar. EFES. 6:11

QO‘SHIQLAR: 7, 55

1, 2. a) Nima uchun yosh masihiylar yovuz ruhlarga qarshi jangda g‘alaba qozonmoqda? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.) b) Nimani ko‘rib chiqamiz?

HAVORIY PAVLUS masihiylarni qo‘l jangida ishtirok etayotgan jangchi bilan solishtirgan. Albattaki, biz tom ma’noda emas, balki majoziy ma’noda jang qilyapmiz. Ammo dushmanlarimiz mavjud shaxslardir. Shayton va uning jinlari ulkan tajribaga ega mohir jangchilar. Bir qarashda, ushbu jangda g‘olib chiqishimiz imkonsizdek tuyulishi mumkin. Ayniqsa, yosh masihiylar zaifdek ko‘rinishi hech gap emas. Xo‘sh, qay yo‘sin ular insonlardan kuchli bo‘lgan yovuz ruhlarga qarshi tura oladi? Aslida, yoshlar g‘alaba qozona oladi va shunday bo‘lyapti ham! Nima uchun? Boisi, yoshlar «Rabbimizdan... quvvat olishyapti». Ammo ular Xudodan kuch olishdan ko‘proq narsani qilishyapti. Ular jangga qarshi kerakli narsalarga ega bo‘lishyapti. Yaxshi tayyorlangan jangchi singari yoshlar «Xudo bergan barcha qurol-aslahalar bilan qurollangan». (Efesliklarga 6:10–12 ni o‘qing.)

2 Bunday misol keltirib, Pavlus ehtimol, Rim qo‘shinlarining qurollangan askarlarini nazarda tutgan. (Havor. 28:16) Keling, nima uchun bunday misol o‘rinli ekanini ko‘rib chiqaylik. Shu asnoda, ba’zi yoshlar duch kelgan qiyinchiliklari va ma’naviy qurol-aslahalarning har biriga ega bo‘lishning afzalliklari haqida qanday fikr bildirganiga diqqat qarating.

Qurol-aslahalaringizning barchasi joyidami?

«HAQIQAT KAMARI»

3, 4. Muqaddas Kitobdagi haqiqat va Rim harbiylarining kamari o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor?

3 Efesliklarga 6:14 ni o‘qing. Rim harbiylarining kamarida metall parchalari bo‘lib, askarning belini himoya qilgan. Kamar yordamida og‘ir sovut o‘z o‘rnida turgan. Shuningdek, qilich va xanjarni olib yurish uchun ba’zi kamarlarda mustahkam qinlar bo‘lgan. Beliga qattiq bog‘langan kamar tufayli askar dadillik ila jang qila olgan.

4 Shunga o‘xshab, Xudoning Kalomidan bilib olgan haqiqat bizni soxta ta’limot dastidan kelib chiqadigan ma’naviy ziyondan himoya qiladi. (Yuhan. 8:31, 32; 1 Yuhan. 4:1) Bu haqiqatni qanchalik qattiq sevsak, «sovutimizni» olib yurish, ya’ni Allohning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashash shuncha oson bo‘ladi. (Zab. 111:7, 8; 1 Yuhan. 5:3) Boz ustiga, Xudoning Kalomidagi haqiqatni aniq tushunsak, qarshi chiqayotganlar oldida uni ishonch bilan asosli tarzda himoyalay olamiz. (1 Butr. 3:15)

5. Nima uchun haqiqatni gapirishimiz kerak?

5 Muqaddas Kitobdagi haqiqatni qalbimizga jo qilsak, unga muvofiq yashaymiz va doim haqiqatni gapiramiz. Nega yolg‘on gapirishdan qochamiz? Chunki yolg‘on Shaytonning eng samarali qurollaridan biridir. Yolg‘on ham uni aytayotganga, ham uni tinglayotganga zarar yetkazadi. (Yuhan. 8:44) Nomukammal bo‘lsak-da, yolg‘on gapirmaslik uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. (Efes. 4:25) Ammo bu oson bo‘lmasligi mumkin. O‘n sakkiz yoshli Abigayl quyidagicha aytdi: «Haqiqatni gapirish doim ham oson bo‘lmasligi mumkin. Ayniqsa, yolg‘on gapirish sizni qiyin vaziyatdan chiqaradigan bo‘lsa». Qiziq, unda nima uchun Abigayl doim haqiqatni gapirishga harakat qiladi? U shunday davom etdi: «Haqiqatni gapirganimda, Yahovaning oldida vijdonim toza bo‘ladi. Ota-onam va do‘stlarim menga ishonadi». 23 yoshli Viktoriya quyidagicha bo‘lishdi: «Haqiqatni gapirganingizda yoki e’tiqodingizni himoya qilganingizda sizni masxara qilishlari mumkin. Lekin bu sizga doim ko‘p foyda keltiradi: ishonchga sazovor bo‘lasiz, o‘zingizni Yahovaga yaqinroq his etasiz va yaqinlaringizning hurmatini qozonasiz». Chindan ham, «belingizga haqiqat kamarini bog‘lash» arziydi.

Haqiqat kamari (3–5- xatboshilariga qarang.)

«ODILLIK SOVUTI»

6, 7. Nega odillik sovut bilan solishtirilgan?

6 Birinchi asrdagi Rim askari kiygan sovutlardan biri ustma-ust tushgan uzun temir bo‘laklaridan tashkil topgan edi. Bu temir bo‘laklari charm bilan bog‘langan metall ilgaklar yordamida askarning tanasini yopib turardi. Askarning yelkalarida esa temir bo‘laklari ko‘proq bo‘lib, ular ham charm bilan bog‘langan edi. Bunday kiyim tufayli askarning harakati muayyan darajada cheklanardi va u temir bo‘laklarining bari joyida ekanini muntazam tekshirib turishi zarur edi. Ammo bu sovut askarning yuragiga va boshqa muhim a’zolariga qilich tig‘lari yoki o‘qlar sanchilishidan asrardi.

7 Bu Yahovaning adolatli me’yorlari ramziy yuragimizni himoyalashini ko‘rsatuvchi o‘rinli misoldir. (Hik. 4:23) Askar temirdan ishlangan sovutini sifatsiz metalldan qilingan sovutga alishmaganidek, biz ham Yahovaning adolatli me’yorlarini o‘z nazarimizda to‘g‘ri bo‘lgan fikrlarga hech qachon alishmaymiz. O‘z qalbimizni himoyalay olishimiz uchun yetarlicha dono emasmiz. (Hik. 3:5, 6) Yuragimizni himoyalash uchun Yahova taqdim etgan sovutning temir bo‘laklari joyidaligini muntazam tekshirib turamiz.

8. Nega Yahovaning me’yorlariga amal qilish arziydi?

8 Ba’zida Yahovaning adolatli me’yorlari og‘irdek yoki erkinligingiz cheklangandek tuyuladimi? Yoshi 21 da bo‘lgan Deniyel quyidagicha dedi: «Muqaddas Kitob me’yorlari bo‘yicha yashaganim uchun ustozlarim va maktabdoshlarim ustimdan kulishardi. Muayyan vaqt davomida men ishonchimni yo‘qotdim va tushkunlikka tushib qoldim». Xo‘sh, hozir u o‘zini qanday his etmoqda? «Nihoyat men Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashash afzal ekanini tushundim. Ba’zi “do‘stlarim” giyohvand moddalarni qabul qila boshladi. Ayrimlari esa maktabni tashlab ketdi. Ularning hayoti qanday tus olganini ko‘rish ayanchli edi. Rostdan ham, Yahova bizni himoya qiladi»,— deb bo‘lishdi Deniyel. 15 yoshli Madison: «Yahovaning me’yorlariga amal qilish va tengdoshlarim zo‘r yoki qiziq deb bilgan narsalarga qo‘shilmaslik men uchun qiyin»,— deb aytdi. U buni qanday yengdi? Madison quyidagicha davom etdi: «Yahovaning ismi bilan atalishimni va bu vasvasa Shaytonning tuzog‘i ekanini o‘zimga eslataman. Qiyinchilikni yengganimda, o‘zimga bo‘lgan hurmatim oshadi».

Odillik sovuti (6–8- xatboshilariga qarang.)

«VA’Z QILISHGA TAYYORLIKNI... POYABZAL KABI KIYINGLAR»

9–11. a) Masihiylar qanday ramziy poyabzalni kiyadi? b) Xushxabarni va’z etishda bizga nima yordam beradi?

9 Efesliklarga 6:15 ni o‘qing. Poyabzal kiymagan Rim askari jangga kirishishga tayyor bo‘lmagan. Uning sandalga o‘xshash poyabzali uch qavat charmdan qilinib, o‘zaro bog‘langan edi va bu oyoqlar uchun a’lo himoya bo‘lgan. U chidamli va qulay qilib ishlangan edi.

10 Rim askari kiygan tom ma’nodagi poyabzal unga urushda qatnashishga yordamlashgan bo‘lsa, masihiylar kiyadigan ramziy poyabzal tinchlik xabarini va’z etishga ko‘maklashadi. (Ishayo 52:7; Rim. 10:15) Ammo shunda ham, imkon tug‘ilganda shohidlik berish uchun jasorat zarur. Yoshi 20 da bo‘lgan Bo quyidagicha aytib berdi: «Sinfdoshlarimga shohidlik berishdan qo‘rqardim. Menimcha, uyalardim. Ortga qarab, nega bunday bo‘lganini tushuna olmayman. Hozir tengdoshlarimga shohidlik berishdan baxtiyorman».

11 Ko‘p yoshlar shuni tushundiki, xushxabarni e’lon qilish uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rishganda, shohidlik berish osonroq bo‘ladi. Tayyorgarlik ko‘rishga sizga nima yordam beradi? Masalan, 16 yoshli Juliya quyidagicha dedi: «Sumkamda adabiyot olib yuraman va sinfdoshlarim fikrlariyu e’tiqodlarini bildirganda ularni tinglayman. Shunda ularga nima yordam berishi mumkinligi haqida bilib olaman. Tayyorgarlik ko‘rib, ularga aynan nima foyda keltirishi mumkinligi borasida suhbat quraman». Yoshi 23 da bo‘lgan Makenzi quyidagi fikrni bildirdi: «Mehribon va yaxshi tinglovchi bo‘lsangiz, tengdoshlaringiz duch kelayotgan vaziyatlar haqida qanday fikr bildirishni anglay olasiz. Men yoshlar uchun chiqadigan barcha ma’lumotlarni o‘qishga harakat qilaman. Shu yo‘sin tengdoshlarimning diqqatini ularga yordam beradigan oyatga yoki jw.org saytiga qarata olaman». Yuqoridagi sharhlardan ko‘rinib turibdiki, va’zgo‘ylikka qanchalik yaxshi tayyorgarlik ko‘rsangiz, oyog‘ingizdagi «poyabzal» shunchalik mustahkam bo‘ladi.

Tayyorlik poyabzali (9–11- xatboshilariga qarang.)

«KATTA IMON QALQONI»

12, 13. Shaytonning «olovli o‘qlari»ga nimalar kiradi?

12 Efesliklarga 6:16 ni o‘qing. Rim askarlari olib yurgan «katta... qalqon» to‘g‘ri burchakli bo‘lib, ularni yelkasidan to tizzasigacha yopib turgan. U askarlarga ko‘pgina qurolu o‘qlardan himoya sifatida xizmat qilgan.

13 Shayton qaysi «olovli o‘qlari» bilan sizga hujum qilishi mumkin? Masalan, u sizga Yahova haqida yolg‘onlar aytib, zarba berar. Shayton Yahova meni sevmaydi va hech kimning men bilan ishi yo‘q, deb o‘ylashingizni istaydi. Misol uchun, o‘n to‘qqiz yoshli Ida o‘zini keraksizday his etish tuyg‘usi bilan kurashadi. U shunday dedi: «Ko‘pincha Yahova mendan uzoq va men bilan do‘stlashishni istamaydigandek tuyulardi». Xo‘sh, u bu hujumni qanday yengyapti? «Imonimni mustahkamlashda jamoat uchrashuvlari men uchun zo‘r yordam bo‘ldi. Hech kim meni tinglashni xohlamaydi, deb umuman sharh bermasdim. Biroq hozir yig‘ilishlarga tayyorgarlik ko‘rib, ikki-uch marta sharh berishga harakat qilaman. Bu oson emas, ammo shunday yo‘l tutganimda, o‘zimni yaxshiroq his etaman. Imondoshlarimiz ko‘p dalda beradi. Har gal yig‘ilishdan Yahova meni sevishini his etib qaytaman»,— deb aytdi Ida.

14. Idaning misolidan nimani o‘rgandik?

14 Idaning misoli muhim bir haqiqatni oshkor etmoqda: askarning tom ma’nodagi qalqonining o‘lchami o‘zgarmas bo‘lgan, lekin imon qalqonimizning o‘lchami yo kichrayishi yo kattalashishi mumkin. Bu bizga bog‘liq. (Mat. 14:31; 2 Salon. 1:3) Ha, imonimizni mustahkamlash juda muhim!

Katta imon qalqoni (12–14- xatboshilariga qarang.)

«NAJOT DUBULG‘ASI»

15, 16. Umid va dubulg‘a o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor?

15 Efesliklarga 6:17 ni o‘qing. Rim jangchilari kiygan dubulg‘alar bosh, bo‘yin va yuzni himoya qilish uchun mo‘ljallangandi. Ba’zi dubulg‘alarning tutqichi bo‘lgani sabab, askarlar uni qo‘lida olib yurishi mumkin edi.

16 Dubulg‘a askarning miyasini himoya qilgani singari, «najot umidimiz» ham ongimizniyu fikrlash tarzimizni himoya qiladi. (1 Salon. 5:8; Hik. 3:21) Umid Xudoning va’dalarini nazardan chetda qochirmaslikka va muammolarimizga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimizga ko‘maklashadi. (Zab. 27:1, 14; Havor. 24:15) Agar «dubulg‘amiz» foyda keltirishini istasak, uni qo‘limizda olib emas, boshimizga kiyib yurishimiz zarur.

17, 18. a) Qay yo‘sin Shayton bizni dubulg‘amizni yechib tashlashga undashi mumkin? b) Shaytonning tuzog‘iga tushmayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?

17 Qay yo‘sin Shayton bizni dubulg‘amizni yechib tashlashga undashi mumkin? U buni Isoning vaziyatida qanday qilganiga e’tibor bering. Iso insoniyat ustidan hukmronlik qilish umidiga ega ekanini Shayton bilgani shubhasiz. Lekin Iso Yahova tayinlagan vaqtgacha kutishi kerak edi. Qolaversa, Iso o‘sha vaqt kelishidan oldin azob chekib o‘lishi lozim edi. Shu bois, Shayton Isoga u umid qilayotganlariga tezroq erishishni taklif qildi. Shayton Iso unga bir martagina sajda qilsa, shu zahoti barcha narsaga ega bo‘lishini aytdi. (Luqo 4:5–7) Shunga o‘xshab, Shayton biladiki, Yahova bizga yangi dunyoda farovon yashashni taklif qilyapti. Ammo biz kutishimiz zarur va shu bilan birga azob chekishimiz ham mumkin. Shu sababli, hozirning o‘zidayoq shunday hayotdan bahramand bo‘lib yashashni taklif qilib, Shayton bizni vasvasa qiladi. U biz moddiy narsalarni ustun qo‘yib, hozirning o‘zida barchasiga erishishimizni istaydi. Ha, Shayton bizni Shohlik manfaatlarini ikkinchi o‘ringa qo‘yishga undayapti. (Mat. 6:31–33)

18 Ko‘pgina yosh masihiylar singari, 20 yoshli Kiana ham bunday tuzoqqa ilinmadi. U: «Faqatgina Xudoning Shohligi barcha muammolarimizni hal qilishiga umid qilaman»,— deb aytdi. Bunday mustahkam umid uning fikrlash tarziyu harakatlariga qanday ta’sir qilmoqda? «Jannatda yashash umidi to‘g‘ri maqsadlar qo‘yishimga yordamlashadi. Men qobiliyatlarimdan foydalanib pul topishga yoki haddan ortiq ko‘p vaqt oladigan ishda ishlashga intilmayman. Aksincha, vaqtimni va kuchimni ma’naviy maqsadlarga erishish uchun sarflayman»,— deya davom etdi Kiana.

Najot dubulg‘asi (15–18- xatboshilariga qarang.)

«MUQADDAS RUHNING QILICHI», XUDONING KALOMI

19, 20. Qanday qilib Xudoning Kalomidan mohirlik ila foydalanishni o‘rgana olamiz?

19 Pavlus o‘z maktubida aytib o‘tgan Rim jangchisining qilichi taxminan 50 santimetr bo‘lib, qo‘l jangida foydalanish uchun mo‘ljallangan edi. Rim askarlari mohir bo‘lganining sabablaridan biri — ular har kuni qurollari bilan mashq qilganida edi.

20 Pavlus Xudoning Kalomini Yahova bizga taqdim etgan qilich bilan solishtirgan. E’tiqodimizni himoyalaganda yoki fikrlash tarzimizni o‘zgartirganda undan mohirlik ila foydalanishni o‘rganishimiz zarur. (2 Kor. 10:4, 5; 2 Tim. 2:15) Bunga qanday erisha olasiz? 21 yoshli Sebastian quyidagicha aytdi: «Men o‘qigan har bir bobdan bitta oyat yozib olaman. Shu yo‘sin, sevimli oyatlarimning ro‘yxatini tuzaman. Shunda fikrlash tarzim Yahovaniki bilan uyg‘un ekanini his etaman». Yuqorida tilga olingan Deniel shunday aytdi: «Muqaddas Kitobni o‘qiganimda, xizmatda uchragan odamlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan oyatlarni tanlab olaman. Odamlar Muqaddas Kitobga bo‘lgan ishtiyoqimni va ularga yordam berish uchun qo‘limdan kelganini qilayotganimni ko‘rganda, yaxshi munosabat bildirishini sezdim».

Muqaddas ruh qilichi (19–20- xatboshilariga qarang.)

21. Nima uchun Shayton va uning jinlaridan haddan ortiq qo‘rqishimizga hojat yo‘q?

21 Ushbu maqolada tilga olingan yoshlar Shayton va uning jinlaridan haddan ortiq qo‘rqishga hojat yo‘q ekanini his etishdi. Ular qo‘rqinchli, lekin ularni yengsa bo‘ladi. Ular o‘limga mahkum etilgan. Tez orada, Masihning Ming yillik boshqaruvi paytida ular qamab qo‘yiladi va odamlarga boshqa zarar yetkaza olmaydi. Undan keyin esa ular yo‘q qilinadi. (Vah. 20:1–3, 7–10) Biz dushmanimiz kim ekanidan, uning usullaridan va tuzoqlaridan xabardormiz. Yahovaning yordami bilan unga qarshi tura olamiz!