Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

22-TADQIQ MAQOLASI

Donolik va hayotimiz

Donolik va hayotimiz

Donolikni Yahova beradi. HIK. 2:6

89-QO‘SHIQ Tingla, quloq sol va ol baraka

BU MAQOLADA *

1. Nima uchun har birimiz ilohiy donolikka muhtojmiz? (Hikmatlar 4:7)

 QACHONDIR muhim qaror chiqarishingizga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, donolik so‘rab ibodat qilganingiz shubhasiz. Chunki unga muhtoj ekaningizni bilgansiz. (Yoqb. 1:5) Shoh Sulaymon shunday yozgan: «Eng muhimi — donolik». (Hikmatlar 4:7 ni o‘qing.) Sulaymon bu yerda insoniy donolik emas, balki Tangri Yahova beradigan donolik haqida aytgan. (Hik. 2:6) Ammo ilohiy donolik bugungi kunda muammolarimiz bilan kurashishga yordam bera oladimi? Albatta! Shu maqolada buni ko‘rib chiqamiz.

2. Haqiqiy donolikka ega bo‘lishning bir yo‘li qanday?

2 Haqiqiy donolikka ega bo‘lishning bir yo‘li — dono bo‘lgan ikkita kishining maslahatlarini ko‘rib chiqib, ularga amal qilishdir. Birinchi inson bu Sulaymon. Muqaddas Kitobda u haqida: «Alloh Sulaymonga cheksiz donolik, aql-idrok... ato etdi»,— deb yozilgan. (3 Shoh. 4:29) Ikkinchi inson Iso Masih. U yer yuzida yashagan eng dono shaxs edi. (Mat. 12:42) U haqida shunday bashorat qilingan: «Uning ustida Yahovaning ruhi, donolik va idrok ruhi... bo‘ladi». (Ishayo 11:2)

3. Bu maqolada nimani muhokama qilamiz?

3 Sulaymon va Iso ilohiy donolik yordamida muhim bo‘lgan yo‘nalishlarda yaxshi maslahatlar bergan. Bu maqolada ushbu yo‘nalishlardan uchtasini, ya’ni pulga, ishga va o‘zimizga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimiz kerakligini ko‘rib chiqamiz.

PULGA TO‘G‘RI NUQTAI NAZAR

4. Sulaymon va Isoning yashash tarzi nimasi bilan farq qilgan?

4 Sulaymon juda boy-badavlat bo‘lib, qulay sharoitlarda yashagan. (3 Shoh. 10:7, 14, 15) Isoning esa bir nechta narsasi bor edi. Uning hatto uyi bo‘lmagan. (Mat. 8:20) Biroq ularning ikkalasi ham moddiy narsalarga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lgan. Chunki ular ega bo‘lgan donolikning manbai Tangri Yahova edi.

5. Sulaymon pulga nisbatan qanday nuqtai nazarda bo‘lgan?

5 Sulaymon pul «himoya» berishini aytgan. (Voiz 7:12) Pulimiz bo‘lsa kerakli va xohlagan ba’zi narsalarni sotib olishimiz mumkin. Sulaymon juda boy bo‘lishiga qaramay puldan ham muhimroq narsa bor ekanini aytgan. Misol uchun, u: «Yaxshi nom katta boylikdan afzalroq»,— deb yozgan. (Hik. 22:1) Sulaymon shuni ham ko‘rganki, pulga mehr qo‘ygan odamlar ko‘p hollarda ega bo‘lgan narsalaridan qoniqmaydi. (Voiz 5:10, 12) U pul hayotimizda eng muhim narsa bo‘lmasligi kerakligini aytgan, chunki ega bo‘lgan pulimizdan tezda ayrilishimiz mumkin. (Hik. 23:4, 5)

Moddiy narsalar Xudoning Shohligini birinchi o‘ringa qo‘yishimizga xalaqit bermayaptimi? (6-, 7-xatboshilariga qarang.) *

6. Iso moddiy narsalar borasida qanday nuqtai nazarda bo‘lgan? (Matto 6:31–33)

6 Iso moddiy narsalar borasida to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lgan. U yaxshi yeb, yaxshi ichardi. (Luqo 19:2, 6, 7) Bir safar u suvni yuqori sifatli sharobga aylantirgan. Bu uning birinchi mo‘jizasi edi. (Yuhan. 2:10, 11) O‘lgan kuni esa u qimmatbaho kiyimda edi. (Yuhan. 19:23, 24) Lekin Iso moddiy narsalar hayotida birinchi o‘rinda bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymagan. U izdoshlariga shunday degan: «Hech kim ikki xo‘jayinga qullik qilolmaydi... Ham Xudoning, ham boylikning quli bo‘la olmaysizlar». (Mat. 6:24) Iso agar Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ysak, Yahova bizga kerakli barcha narsani berishi haqida aytgan. (Matto 6:31–33 ni o‘qing.)

7. Bir birodar pulga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lganidan qanday foyda oldi?

7 Ko‘p birodar-u opa-singillarimiz Yahovaning pul borasida bergan ilohiy maslahatlarini qo‘llab foyda olishgan. Keling, Deniel ismli bo‘ydoq birodarimizning vaziyatini ko‘rib chiqaylik. U shunday bo‘lishdi: «O‘smirligimda ma’naviy ishlar hayotimda birinchi o‘rinda bo‘lishiga qaror qilgandim». Deniel sodda hayot tarzini kechirgani uchun tabiiy ofatlardan zarar ko‘rganlarga yordam berib, Baytilda xizmat qilyapti. U shunday qo‘shib qo‘ydi: «To‘g‘risini aytsam, chiqargan qarorimdan hecham afsuslanmayman. Ha, pul hayotimda eng muhim bo‘lganida yaxshigina pul topgan bo‘lardim. Lekin hozirgi ajoyib do‘stlarimga ega bo‘lmasdim. Qolaversa, Yahovaning xizmati keltirayotgan mamnuniyatni his qilmasdim. Hech qanday boylik Yahova menga bergan barakalarga teng kela olmaydi». Aniq-ravshanki, e’tiborimizni pulga emas, ma’naviy narsalarga qaratsak foyda olamiz.

ISHGA TO‘G‘RI NUQTAI NAZAR

8. Sulaymon ishga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lganini qayerdan bilamiz? (Voiz 5:18, 19)

8 Sulaymon og‘ir mehnat insonga quvonch keltirishini va bu «Xudoning in’omi» ekanini aytgan. (Voiz 5:18, 19 ni o‘qing.) U shunday deb yozgan: «Har qanday mehnatning foydasi bor». (Hik. 14:23) Sulaymon bu so‘zlar rost ekanini bilgan. U mehnatkash inson bo‘lgan. Sulaymon uylar qurgan, uzumzor, bog‘ va hovuzlar barpo etgan. Qolaversa, u shaharlar qurgan. (3 Shoh. 9:19; Voiz 2:4–6) Albatta, bu og‘ir mehnat bo‘lgan va unga mamnuniyat baxsh etgan. Lekin Sulaymon chindan ham baxtli bo‘lish uchun bundan ham ko‘proq narsa qilish kerakligini tan olgan. U shuningdek, Yahova uchun ko‘p ishlar bajargan. Masalan, Yahovaga topinish uchun mo‘ljallangan ulug‘vor ma’badning qurilishiga bosh-qosh bo‘lgan. Bu loyiha yetti yil davomida bitkazilgan. (3 Shoh. 6:38; 9:1) Sulaymon bu har xil ishlarni bajargach, Yahovaga xizmat qilish eng muhimi ekanini anglab yetgan. U: «Barcha aytilgan so‘zlarning xulosasi shudir: Allohdan qo‘rq, Uning amrlariga rioya qil»,— deb yozgan. (Voiz 12:13)

9. Qay yo‘sin Iso ishga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lgan?

9 Iso Masih tirishqoq ishchi bo‘lgan. Yoshligida u duradgor bo‘lib ishlagan. (Mark 6:3) Shubhasizki, ota-onasi u katta oilaning ehtiyojiga g‘amxo‘rlik qilishga yordam berganini qadrlagan. Iso mukammal bo‘lgani uchun ishlari nuqsonsiz edi. Shunga ko‘p odamlar u yasagan narsalarga ega bo‘lishni istagandir. Iso ishlaridan juda mamnun bo‘lganga o‘xshaydi. Ammo u tirishqoq ishchi bo‘lishiga qaramay ma’naviy ishlarga vaqt ajratgan. (Yuhan. 7:15) Keyinchalik u to‘la vaqtli va’zgo‘y sifatida tinglovchilariga shunday maslahat bergan: «O‘tkinchi yegulik uchun emas, abadiy hayotga eltadigan yegulik uchun mehnat qilinglar». (Yuhan. 6:27) Tog‘dagi va’zida esa u: «Xazinani osmonda to‘planglar»,— deb aytgan. (Mat. 6:20)

Qay yo‘sin ish va ma’naviy faoliyat o‘rtasida muvozanatni saqlay olishimiz mumkin? (10-, 11-xatboshilariga qarang.) *

10. Ish masalasida ba’zilar qanday qiyinchilikka duch kelishi mumkin?

10 Ilohiy donolik ishga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimizga ko‘maklashadi. Masihiylar sifatida «astoydil ishlab... mehnat qilishga» intilamiz. (Efes. 4:28) Ko‘pincha ish beruvchimiz halol va mehnatkash ekanimizga diqqat qaratib, ishimizni qadrlashini aytar. Yaxshi niyatlar ila ish beruvchimizda Yahovaning Shohidlari haqida ijobiy taassurot uyg‘otish uchun ishga ko‘proq vaqt ajrata boshlashimiz mumkin. Lekin keyinchalik oilamizdagi vazifalar va ma’naviy ishlarimiz qolib ketayotganiga ahamiyat berarmiz. Bunday vaziyatda o‘zgarish kiritishimiz va muvozanat saqlashimiz muhim.

11. Bir birodar ishga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lish borasida nimani o‘rgandi?

11 Yosh birodar Uillyam ishga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lgan boshqa birodardan saboq olgan. Uillyam shunday dedi: «Ushbu birodar ishga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lish borasida ajoyib o‘rnak. U mehnatkash va yaxshi ishchi. Qolaversa, mijozlar bilan ham xushmuomala. Ammo ish vaqti tugagach, u ishini to‘xtatib, e’tiborini oilasiga va ma’naviy ishlarga qaratadi. U men bilgan eng baxtli insonlardan biridir» *.

O‘ZIMIZGA BO‘LGAN TO‘G‘RI NUQTAI NAZAR

12. Sulaymon o‘ziga qanday nuqtai nazarda bo‘lgan, lekin keyinchalik nima bo‘lgan?

12 Sulaymon Yahovaga sadoqat ila topinganda o‘ziga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lgan. Yoshligida u imkoniyatlari chegaralanganini tan olib, Yahovadan yo‘l-yo‘riq so‘ragan. (3 Shoh. 3:7–9) Boshqaruvining ilk yillarida Sulaymon mag‘rurlik yomon oqibatlarga yetaklashini ham tushungan. U: «Mag‘rurlik — halokatga, takabburlik — qulashga olib keladi»,— deb yozgan. (Hik. 16:18) Ming afsuski, Sulaymon keyinchalik bu maslahatga rioya etmagan. Vaqt o‘tgach, u mag‘rurlanib, Xudoning talablarini nazar-pisand qilmagan. Misol uchun, qonun bo‘yicha ibroniy shohlar «qalbi to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib ketmasligi uchun... ko‘p xotin olmasligi» kerak bo‘lgan. (Qonun. 17:17) Sulaymon bu qonunga amal qilmay, 700 ta xotin va 300 ta kanizak olgan. Ularning ko‘pi butparast bo‘lgan. (3 Shoh. 11:1–3) Ehtimol, Sulaymon hamma narsa nazorat ostida, deb o‘ylagandir. Nima bo‘lishidan qat’i nazar vaqt o‘tgach, Sulaymon Yahovaga itoatsizlik qilganining asoratlaridan azob chekkan. (3 Shoh. 11:9–13)

13. Iso o‘ziga nisbatan qanday nuqtai nazarda bo‘lganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

13 Iso o‘ziga to‘g‘ri va kamtarona nuqtai nazarda bo‘lgan. Yer yuziga kelishidan oldin u Yahovaning xizmatida ko‘p ajoyib ishlar bajargan. «Yer-u osmondagi bor mavjudot... u orqali... yaratilgan». (Kolos. 1:16) Iso suvga cho‘mganidan keyin Otasi bilan birga amalga oshirgan ishlarni eslagan bo‘lsa kerak. (Mat. 3:16; Yuhan. 17:5) Ammo bu bilimlar bilan Iso mag‘rurlanmagan. U hech qachon o‘zini boshqalardan ustun qo‘ymagan. Iso shogirdlariga yer yuziga nega kelganini aytgan. U «o‘ziga xizmat qildirishga emas, aksincha xizmat qilgani va ko‘plar uchun jonini to‘lov sifatida bergani kelgan». (Mat. 20:28) Shuningdek, u o‘z ixtiyori bilan hech narsa qila olmasligini aytgan. (Yuhan. 5:19) Iso juda kamtarin bo‘lgan. U biz uchun ajoyib o‘rnak qoldirgan.

14. Iso o‘zimizga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimiz to‘g‘risida nima degan?

14 Iso izdoshlarini o‘zlariga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishga o‘rgatgan. Bir safar Iso ularga: «Sochlaringizning har bir tolasi sanalgan»,— deb aytgan. (Mat. 10:30) Ayniqsa, o‘zimizga nisbatan salbiy nuqtai nazarda bo‘lish moyilligiga ega bo‘lsak, bu so‘zlar bizga tasalli beradi. Bu degani, samoviy Otamiz bizga befarq emas. U bizni juda qadrlaydi. Yahova Unga topinishimizga yo‘l qo‘ygan va yangi dunyoda abadiy yashash uchun bizni loyiq deb topgan bo‘lsa, U noto‘g‘ri fikrda degan xulosaga kelmasligimiz muhim.

O‘zimizga nisbatan noto‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lsak, nima yuz berishi mumkin? (15-xatboshiga qarang.) *

15. a) O‘zimizga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lish borasida «Qo‘riqchi minorasi»da qanday maslahat berilgandi? b) 24- sahifadagi rasmda ko‘rsatilganiday, o‘zimizga keragidan ortiq diqqat qaratsak, qanday barakalarni qo‘ldan boy berishimiz mumkin?

15 Taxminan 15-yil oldin «Qo‘riqchi minorasi»da o‘zimizga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lish borasida shunday deyilgandi: «Mag‘rur bo‘lib ketmaslik uchun o‘zimiz haqda keragidan ortiq o‘ylamasligimiz darkor. Lekin shu bilan birga boshqa tomonga og‘ib ketib, o‘zimizga past nuqtai nazarda bo‘lmasligimiz lozim. Aksincha, kuchli va zaif tomonlarimizni e’tiborga olib, o‘zimizga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimiz darkor. Bir masihiy ayol bu borada shunday fikr bildirdi: “O‘zimni juda yaxshi demayman, lekin yomon inson ham emasman. Ko‘p odamlar singari ham yaxshi, ham yomon tomonlarim bor”» *. O‘zimizga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lish muhimligini ko‘ryapsizmi?

16. Nega Yahova bizga dono maslahatlar beryapti?

16 Yahova Kalomi orqali bizga dono maslahatlar beryapti. Chunki U bizni sevadi va baxtiyor bo‘lishimizni xohlaydi. (Ishayo 48:17, 18) Yahovani quvontiradigan ishlarni bajarishni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yish eng zo‘r tanlov bo‘lib, haqiqiy baxt keltiradi. Bunday qilib pul, ish yoki o‘zimizga haddan tashqari ko‘p e’tibor qaratish keltiradigan ko‘pgina muammolardan yiroqlashamiz. Iloyim, har birimiz dono bo‘lib, Yahovaning qalbini quvontirish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. (Hik. 23:15)

94-QO‘SHIQ Allohning Kalomi uchun minnatdormiz

^ Sulaymon va Iso juda dono bo‘lishgan. Bu donolikning manbai Tangri Yahova edi. Ushbu maqolada Sulaymon va Iso pul, ish va o‘zimizga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lish borasida bergan ilohiy maslahatlardan qanday saboq olishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz. Shuningdek, ba’zi imondoshlarimiz bu yo‘nalishlarda Muqaddas Kitobdagi maslahatlarni qo‘llab qanday foyda olganini bilib olamiz.

^ «Qo‘riqchi minorasi»ning 2015-yil 1-fevral (rus) sonidagi «Qanday qilib og‘ir mehnatdan zavq olish mumkin?» maqolasiga qarang.

^ RASMLARGA SHARH. Jon va Tom birodarlarimiz bitta jamoatda xizmat qiladi. Jon mashinasiga ko‘p e’tibor qaratadi. Tom esa mashinasida boshqalarni xizmatga yoki yig‘ilishlarga olib boradi.

^ RASMLARGA SHARH. Jon ish tugaganiga qaramay ishlayapti. U xo‘jayinini ranjitishni istamaydi. Shunga, xo‘jayini kechqurun ishlashni so‘raganida u rozi bo‘lgan. Jamoat xizmatkori bo‘lgan Tom o‘sha kuni oqsoqol bilan birga daldali tashrif qilyapti. Oldinroq Tom xo‘jayiniga hafta davomida kechqurunlari ma’naviy ishlar bilan band bo‘lishi haqida aytgan.

^ RASMLARGA SHARH. Jon faqat o‘ziga e’tibor qaratgan. Tom esa ma’naviy maqsadlarni o‘z istaklaridan ustun qo‘ygan va Anjuman zalini ta’mirlaganida yangi do‘stlar orttirgan.