Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

23-TADQIQ MAQOLASI

Ota-onalar, farzandingizga Yahovani sevishga yordam bering

Ota-onalar, farzandingizga Yahovani sevishga yordam bering

Tangringiz Yahovani butun qalbingiz, butun joningiz va butun ongingiz bilan seving. MAT. 22:37

134-QO‘SHIQ Farzandlar — Yahovadan merosdir

BU MAQOLADA *

1, 2. Nega sharoitlarimiz o‘zgarganida Muqaddas Kitobdagi prinsiplar biz uchun o‘zgacha ahamiyat kasb etadi? Tushuntiring.

 TO‘Y. Kelishgan kuyov va go‘zal kelin Muqaddas Kitobga asoslangan nikoh nutqini diqqat ila tinglashyapti. Keltirilgan oyatlar ular uchun yangi emas. Lekin hozir bu oyatlar ular uchun o‘zgacha ahamiyatga ega. Nega? Sababi endi ular juftlik sifatida bu oyatlarga birgalashib amal qilishadi.

2 Masihiy juftlik ota-ona bo‘lganda ham xuddi shunday. Yillar mobaynida ular farzand o‘stirish borasida bir qator nutqlar eshitishgan. Ammo hozir bu prinsiplar ular uchun o‘zgacha ahamiyat kasb etadi. Ha, bu juda katta mas’uliyat. Albatta, yangi sharoitlar tufayli bizga yaxshi tanish bo‘lgan Muqaddas Kitobdagi prinsiplar borasidagi nuqtai nazarimiz o‘zgaradi. Aynan shuning uchun, Yahovaning xizmatchilari Muqaddas Yozuvlarni o‘qiydi va Isroil shohlariga aytilganiday, ular ustida «umr bo‘yi» mulohaza yuritadi. (Qonun. 17:19)

3. Bu maqolada nimani muhokama qilamiz?

3 Ota-onalar, sizlar masihiylar ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan sharafli vazifalardan biriga egasiz. Bu farzandlaringizga Yahova haqida ta’lim berishdir. Lekin ularga Xudoyimiz haqida shunchaki ma’lumot berishni emas, balki Unga bo‘lgan sevgini rivojlantirishga yordam berishni xohlaysiz. Bunda sizga nima ko‘maklashadi? Ushbu maqolada ota-ona sifatida sizga yordam berishi mumkin bo‘lgan to‘rtta prinsipni ko‘rib chiqamiz. (2 Tim. 3:16) Shuningdek, Muqaddas Kitobdagi maslahatlarga amal qilib, foyda olgan ba’zi masihiy ota-onalarning o‘rnagiga e’tibor qaratamiz.

OTA-ONALARGA YORDAM BERADIGAN TO‘RTTA PRINSIP

Doim Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘ini izlash va yaxshi o‘rnak ko‘rsatish bolalaringizga qanday ta’sir qiladi? (4-, 8-xatboshilariga qarang.)

4. Bolalarga Yahovani yaxshi ko‘rishga yordam berishda ota-onaga qo‘l keladigan birinchi prinsip qanday? (Yoqub 1:5)

4 1- prinsip. Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘ini izlang. Bolangizga Yahovani yaxshi ko‘rishga yordam berish uchun Undan donolik so‘rang. (Yoqub 1:5 ni o‘qing.) Chunki U maslahat berishda eng tajribali Shaxs. Buning ikkita sababini ko‘rib chiqaylik. Birinchidan, Yahova farzandlarni tarbiyalashda eng katta tajribaga ega. (Zab. 36:9) Ikkinchidan, Uning dono maslahatlari doim foyda keltiradi. (Ishayo 48:17)

5. a) Yahovaning tashkiloti ota-onalarga qanday yordam beryapti? b) Videoda ko‘rsatilgan Amorim juftligidan farzand o‘stirish borasida qanday saboq olishingiz mumkin?

5 Yahova ota-onalarga farzand o‘stirish borasida Muqaddas Kitobga asoslangan ko‘p maslahatlar taqdim etyapti. (Mat. 24:45) Misol uchun, yillar mobaynida «Uyg‘oning!» jurnalida chiqqan, hozir esa jw.org saytida mavjud bo‘lgan «Oila uchun yordam» maqolalar turkumida ko‘p amaliy maslahatlarni topa olasiz. Qolaversa, saytimizdagi ko‘plab videolar farzandlarini katta qilayotgan ota-onalarga Yahovaning maslahatlarini qo‘llashga yordam beradi *. (Hik. 2:4–6)

6. Bir ota Yahova tashkiloti orqali berayotgan yo‘l-yo‘riqlar haqida qanday fikr bildirdi?

6 Ko‘p ota-onalar Yahova O‘z tashkiloti orqali berayotgan yordam uchun nihoyatda minnatdor. Josef ismli ota shunday bo‘lishdi: «Uchta farzandni haqiqatda tarbiyalash oson vazifa emas. Xotinim bilan birga doim Yahovaga ibodat qilib, Undan yordam so‘raymiz. Ko‘p hollarda qaysidir video yoki maqola aynan kerakli vaqtda chiqqanini his qilamiz. Bu duch kelgan vaziyatimizda to‘g‘ri qarorlar chiqarishga yordam beradi. Doim Yahovaning maslahatlariga amal qilishga harakat qilamiz». Josef va uning xotini maqolalar va videolar farzandlariga Yahovaga yaqinlashishga yordam berganini ko‘rishdi.

7. Nega ota-onalar bolasi uchun yaxshi o‘rnak bo‘lishga harakat qilishi muhim? (Rimliklarga 2:21)

7 2- prinsip. Yaxshi o‘rnak bo‘ling. Odatda farzandlar ota-onasini kuzatib, ularga taqlid qiladi. Albatta, mukammal ota-ona yo‘q. (Rim. 3:23) Shunday bo‘lsa-da, dono ota-onalar bolasi uchun yaxshi o‘rnak bo‘lishga jon kuydiradi. (Rimliklarga 2:21 ni o‘qing.) Farzandlar haqida bir ota shunday dedi: «Ular shimgich kabi hamma narsani o‘ziga shimib oladi. O‘rgatgan narsalarimizga o‘zimiz amal qilmasak, bolalar buni bizga aytadi». Demak, farzandlar Yahovani yaxshi ko‘rishini istasak, Unga bo‘lgan sevgimiz kuchli bo‘lishi va yaqqol ko‘rinishi lozim.

8, 9. Endryu va Emmaning aytib berganlaridan qanday saboq olishimiz mumkin?

8 Ota-ona farzandiga Yahovani sevishni o‘rgatish uchun turli usullar mavjud. 17 yoshli Endryu shunday bo‘lishdi: «Ota-onam ibodat qilish juda muhimligini aytardi. Har kecha shaxsiy ibodat qilishimga qaramay, otam men bilan ibodat qilardi. Ular men va singlimga quyidagicha derdi: “Yahova bilan istagan paytda gaplashishingiz mumkin”. Bu so‘zlar menga qattiq ta’sir qilgandi. Hozir Yahovaga bemalol murojaat qilaman va Uni sevuvchi Otam deb bilaman». Ota-onalar, shuni unutmangki, Yahovaga bo‘lgan sevgingiz farzandlaringizga qattiq ta’sir qilishi mumkin.

9 Emmaning misoliga e’tibor qarataylik. Uning dadasi kattagina qarz bilan oilasini tashlab ketgan. Emma quyidagicha aytib berdi: «Bu tufayli ko‘pincha moddiy qiyinchiliklarga duch kelardik. Lekin oyim doim: “Yahova O‘z xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qiladi”,— deb aytardi. Oyim hayoti davomida ishongan narsalariga amal qilib yashagan va aytgan narsalariga o‘zi rioya qilgan». Bundan qanday saboq olishimiz mumkin? Vaziyat qanchalik qiyin bo‘lmasin, ota-ona o‘z o‘rnagi bilan bolasiga ta’lim bera oladi. (Galat. 6:9)

10. Qadimda isroilliklar bolalari bilan gaplashish uchun qanday imkoniyatlardan foydalangan? (Qonunlar 6:6, 7)

10 3- prinsip. Farzandlaringiz bilan muntazam gaplashing. Yahova qadimda isroilliklarni doim farzandlariga ta’lim berishga undagan. (Qonunlar 6:6, 7 ni o‘qing.) O‘sha ota-onalar bolalari bilan kun bo‘yi gaplashish uchun ko‘pgina imkoniyatlarga ega edi. Ular Yahovaga bo‘lgan sevgini bolalarining qalbiga payvand qila olardi. Masalan, o‘g‘il bola otasiga nimadir ekishga yoki hosilni o‘rib olishga yordam berardi. Qiz bola esa onasiga tikish, to‘qish yoki boshqa uy ishlarida ko‘maklashardi. Ota-onalar va farzandlar birga mehnat qilib, muhim mavzularda suhbat yuritardi. Misol uchun, ular Yahova himmatli ekanini muhokama qilib, U oilasiga qanday yordam berayotgani haqida gaplashardi.

11. Masihiy ota-onalar qanday imkoniyatdan foydalanib farzandlari bilan muloqot qila oladi?

11 Bugungi kunda hayot oldingidan farq qiladi. Ko‘p mamlakatlarda ota-onalar va farzandlar kun davomida birga vaqt o‘tkaza olmaydi. Chunki ota-onalar ishda, farzandlar esa o‘qishda bo‘lishi mumkin. Shunga ota-onalar farzandlari bilan muloqot qilish uchun imkoniyat izlashlari lozim. (Efes. 5:15, 16; Filip. 1:10) Oilaviy topinish bunday imkoniyatlardan biri. Aleksandr ismli yosh birodar shunday dedi: «Otam oilaviy topinish doimo o‘tishi uchun g‘amxo‘rlik qiladi va bu paytda hech narsa xalaqit qilmasligiga intiladi. Oilaviy topinishdan so‘ng biz shunchaki gaplashamiz».

12. Oila boshi oilaviy topinish paytida nimani yodda tutishi kerak?

12 Agar oila boshi bo‘lsangiz oilaviy topinish bolalaringizga yoqadigan tarzda o‘tishi uchun nima qila olasiz? Masalan, «Hayotdan toabad zavqlaning!» nomli yangi adabiyotni tadqiq qilishingiz mumkin. Bu jonli suhbatlar qurishning eng yaxshi imkoniyati. Bolangiz o‘z tuyg‘ulari-yu tashvishlarini sizga bemalol aytishini istaysiz. Shuning uchun, oilaviy topinishni ma’ruza o‘qish yoki ularni koyib berish imkoni deb bilmang. Agar u Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga zid fikr bildirsa g‘azabga minmang. Aksincha, u o‘z tuyg‘ularini rostgo‘ylik ila aytganini qadrlang. Qolaversa, uni fikr-mulohazalarini ochiq aytishga undang. Bolangiz aslida nimalarni his qilayotganini bilsangizgina, unga eng zo‘r yo‘l bilan yordam bera olasiz.

Qay yo‘sin ota-ona ijodlardan foydalanib, bolalariga Yahovaning fazilatlari haqida ta’lim bera oladi? (13-xatboshiga qarang.)

13. Ota-onalar yana qanday imkoniyatdan foydalanib farzandlariga Yahova bilan do‘stlashishga yordam bera oladi?

13 Ota-onalar, farzandlaringiz Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishiga yordam berish uchun kun mobaynida imkoniyatlar izlang. Mehribon Xudoyimiz haqida ta’lim berish uchun Muqaddas Kitob tadqiqini kutishingiz shart emas. Liza ismli ona shunday dedi: «Atrofimizdagi narsalar yordamida farzandlarimizga Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishga yordam beramiz. Misol uchun, kuchugimizning kulgili harakatlaridan farzandlarimiz xursand bo‘lganida, Yahova baxtiyor Tangri ekanini va U biz ham baxtiyor bo‘lib, hayotdan zavq olib yashashimizni istashini ko‘rsatamiz».

Ota-onalar, bolalaringizning do‘stlarini taniysizmi? (14-xatboshiga qarang.) *

14. Nima uchun ota-onalar farzandlariga do‘stlarni donolik ila tanlashga yordam berishi muhim? (Hikmatlar 13:20)

14 4- prinsip. Farzandlaringizga yaxshi do‘stlarni tanlashga ko‘maklashing. Xudoning Kalomida do‘stlar bizga yaxshi yoki yomon ta’sir qilishi haqida aniq aytilgan. (Hikmatlar 13:20 ni o‘qing.) Ota-onalar, farzandlaringizning do‘stlarini taniysizmi? Ular bilan ko‘rishib, birgalikda vaqt o‘tkazganmisiz? Bolalaringizga Yahovani yaxshi ko‘radigan insonlar bilan do‘stlashishga qanday yordam bera olasiz? (1 Kor. 15:33) Ularga yaxshi do‘stlarni tanlashga yordam berish uchun ma’nan yetuk imondoshlarni siz va bolalaringiz bilan birgalikda vaqt o‘tkazishga taklif qilishingiz mumkin. (Zab. 119:63)

15. Ota-ona bolasi yaxshi do‘st orttirishiga yordam berish uchun nima qila oladi?

15 Toni ismli birodarimiz xotini ikkalasi bolalariga yaxshi do‘st orttirishga qanday yordam bergani haqida aytib berdi. U shunday deb bo‘lishdi: «Ko‘p yillar davomida uyimizga turli yoshdagi va kelib chiqishi har xil bo‘lgan imondoshlarimizni taklif qilardik. Ular bilan birga ovqatlanardik, oilaviy topinish o‘tkazardik. Bu Yahovani yaxshi ko‘radigan va Unga quvonch ila xizmat qiladigan insonlar bilan tanishish uchun yaxshi imkondir. Uyimizga tuman noziri, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y va boshqa imondoshlarimizni taklif qilardik. Ularning tajribasi, g‘ayrati va fidoyi xizmati bolalarimizga qattiq ta’sir qildi. Qolaversa, ularga Yahovaga yanada yaqinlashishiga yordam berdi». Aziz ota-onalar, bolangizga yaxshi do‘stlar orttirishga ko‘maklashish uchun jon kuydiring.

UMIDINGIZNI YO‘QOTMANG!

16. Farzandingiz Yahovaga xizmat qilishni istamasligini aytsa, nima qilmasligingiz kerak?

16 Qilayotgan harakatlaringizga qaramay farzandingiz Yahovaga xizmat qilishni istamasligini aytsa-chi? Yaxshi ota-ona bo‘la olmadim, deb o‘ylamang. Yahova hammamizga, jumladan, farzandingizga ham iroda erkinligini bergan. Bu biz Xudoga xizmat qilish-qilmaslik qarorini chiqara olishimizni anglatadi. Farzandingiz Yahovadan yuz o‘girishga qaror qilsa, bir kunmas-bir kun u qaytib kelishidan umidingizni uzmang. Darbadar o‘g‘il misolini yodda tuting. (Luqo 15:11–19, 22–24) O‘sha yigit ko‘p yomon ishlar qilgan. Lekin oxir-oqibat qaytgan. Ba’zilar: «Bu shunchaki hikoya, mening farzandim ham Yahovaga qaytishi mumkinmi?» — deb aytar. Ha, buning imkoni bor. Keling, Eli ismli bir yigitning vaziyatiga e’tibor qarataylik.

17. Elining misolidan qanday dalda oldingiz?

17 Eli ota-onasi haqida shunday aytib berdi: «Meni Xudovand Yahovaga hamda Uning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobga mehr qo‘yishga undashardi. Biroq o‘smirligimdanoq men isyon ko‘tara boshladim». Eli ikki xil hayot tarzini kechira boshladi va ota-onasi unga Yahova bilan munosabatlarini tiklashga yordam berganida, u buni qabul qilmadi. U uyini tark etgach, yomon ishlarga qo‘l ura boshladi. Lekin u ba’zan do‘sti bilan Muqaddas Kitob to‘g‘risida gaplashib turardi. Eli quyidagicha dedi: «Men o‘rtog‘imga Xudovand Yahova haqida ko‘p aytib berganim sayin, shuncha ko‘p fikr-u zikrim Egam Yahova to‘g‘risida edi. Asta-sekin ota-onam ekishga harakat qilgan va qalbimda uxlab yotgan ramziy urug‘lar, ya’ni Muqaddas Kitobdagi haqiqat urug‘lari o‘sa boshladi». Vaqt o‘tgach, Eli haqiqatga qaytdi *. Elining ota-onasi unga bolaligidanoq Yahovani sevishga o‘rgatishganidan quvonishganini bir tasavvur qiling. (2 Tim. 3:14, 15)

18. Bolalariga Yahovani yaxshi ko‘rishni o‘rgatayotgan ota-onalar haqida qanday fikrdasiz?

18 Qadrdon ota-onalar, Yahova sizlarni ajoyib sharafga muyassar qildi, ya’ni Unga topinadigan yangi avlodni o‘stirish vazifasini berdi. (Zab. 78:4–6) To‘g‘ri, bu oson vazifa emas. Bolalaringizga yordam berish uchun jon kuydirayotganingiz maqtovga sazovor. Ular Yahovani yaxshi ko‘rishi uchun qilayotgan barcha harakatlaringizni davom ettiring. Qolaversa, ularga mehribon samoviy Otamizga itoatli bo‘lishni o‘rgatsangiz, U juda mamnun bo‘ladi. (Efes. 6:4)

135-QO‘SHIQ Yahova mehr ila chorlar: «O‘g‘lim, dono bo‘l»

^ Masihiy ota-onalar farzandlarini juda yaxshi ko‘rishadi. Ular farzandlarining jismoniy va hissiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun ko‘p mehnat qilishadi. Eng asosiysi, ota-onalar farzandlarida Yahovaga bo‘lgan sevgi rivojlanishi uchun qo‘lidan kelganini qilishadi. Bu maqolada ota-onalarga ushbu maqsadga erishishga ko‘maklashadigan Muqaddas Kitobdagi to‘rtta prinsipni ko‘rib chiqamiz.

^ jw.org saytidagi «Oilamiz Yahovaning tarbiyasi bilan ulg‘aydi» nomli videoni tomosha qiling.

^ «Qo‘riqchi minorasi»ning bp 121 sonidagi «Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi» maqolasiga qarang.

^ RASMLARGA SHARH. Ota farzandining do‘sti bilan tanishish uchun ular bilan birga basketbol o‘ynayapti.