Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

20-TADQIQ MAQOLASI

Vahiy kitobi Xudoning dushmanlari uchun nimani anglatadi?

Vahiy kitobi Xudoning dushmanlari uchun nimani anglatadi?

Ular shohlarni ibroniycha Armageddon deb atalmish joyga to‘pladilar. VAH. 16:16

150-QO‘SHIQ Rabni izlab, najot toping

BU MAQOLADA *

1. Vahiy kitobiga binoan, Shayton Xudoning xalqiga nima qilyapti?

 VAHIY kitobida Xudoning Shohligi o‘rnatilgani va Shayton yer yuziga uloqtirilgani haqida yozilgan. (Vah. 12:1–9) Shayton yer yuziga uloqtirilgani osmondagi mavjudotlarga tinchlik keltirdi, ammo yer yuzida yashaydiganlar uchun bu muammo tug‘dirdi. Nega? Chunki Shayton g‘azabda va yer yuzida Yahovaga sadoqat ila xizmat qilayotganlarga hujum qilyapti. (Vah. 12:12, 15, 17)

2. Yahovaga sodiq bo‘lib qolishimizga nima yordam beradi?

2 Shaytonning hujumlariga qaramay qanday qilib sodiq bo‘lib qolishimiz mumkin? (Vah. 13:10) Buning bir yo‘li kelajakda nimalar bo‘lishini bilish. Masalan, Vahiy kitobida havoriy Yuhanno yaqinda bizga zavq keltiradigan ba’zi barakalarni tilga olgan. Ulardan biri Xudo dushmanlarining yo‘q bo‘lib ketishi. Keling, ular haqida Vahiy kitobida nima deb yozilganini va ularni nima kutayotganini bilib olaylik.

XUDONING DUSHMANLARI «RAMZLAR ORQALI» TASVIRLANGAN

3. Vahiy kitobidagi ba’zi ramzlar qanday?

3 Vahiy kitobining birinchi oyatidan shuni ko‘rishimiz mumkinki, u yerdagi ma’lumot «ramzlar orqali», ya’ni majoziy ma’noda yozilgan. (Vah. 1:1) Xudoning dushmanlarini tasvirlaydigan bir nechta yirtqich hayvonni ko‘rib chiqaylik. Misol uchun, «dengizdan chiqib kelayotgan yirtqich hayvon». «Uning o‘nta shoxi va yettita boshi bor edi». (Vah. 13:1) Keyingisi «yerdan chiqib kelayotgan boshqa bir yirtqich hayvon». U «ajdaho kabi gapiradi» va «osmondan yerga olov tushiradi». (Vah. 13:11–13) Yana bittasi, «to‘q qizil yirtqich hayvon». Ushbu hayvon ustida fohisha o‘tirib uni boshqarayotgandi. Bu uchta yirtqich hayvon uzoq vaqt davomida Tangri Yahova va Uning Shohligiga qarshi chiqayotgan dushmanlarni bildiradi. Shuning uchun, ular kimni anglatishini bilishimiz juda muhim. (Vah. 17:1, 3)

TO‘RTTA BAHAYBAT HAYVON

Ular dengizdan «chiqib keldi». (Don. 7:1–8, 15–17) Ular Doniyorning davridan beri Xudoning xalqi ustidan boshqargan va ularga ta’sir qilgan hukumatlarni bildiradi. (4-, 7-xatboshilariga qarang.)

4, 5. Qay yo‘sin Doniyor 7:15–17 bu ramzlarning ma’nosini tushunishga yordam beradi?

4 Bu dushmanlar kimligini aniqlashdan avval yirtqich hayvonlar va fohisha nimalarning ramzi ekanini bilib olaylik. Buning eng yaxshi yo‘li ular haqida Muqaddas Kitobda nima deb aytilganini tadqiq qilishdir. Vahiy kitobidagi ko‘pgina ramzlar Muqaddas Yozuvlarning boshqa kitoblarida tushuntirilgan. Masalan, Doniyor payg‘ambar tushida «dengizdan... to‘rtta bahaybat hayvon chiqib kelganini» ko‘rgan. (Don. 7:1–3) Doniyor ular kimlarni anglatishini aytgan. O‘sha bahaybat hayvonlar to‘rtta «podshohni» yoki hukumatni bildiradi. (Doniyor 7:15–17 ni o‘qing.) Bu aniq ma’lumot Vahiy kitobidagi hayvonlar ham siyosiy kuchlarni anglatishini ko‘rsatyapti.

5 Keling, Vahiy kitobida tasvirlangan bir qator ramzlarni ko‘rib chiqaylik. Shunday qilib, Muqaddas Kitob bu ramzlarning ma’nosini tushunishga yordam berayotganini bilib olamiz. Bir nechta yirtqich hayvon haqida gap yuritamiz. Avvalo ular nimaning ramzi ekanini va ushbu hayvonlar bilan nima sodir bo‘lishini bilib olamiz. Qolaversa, bu hodisalar biz uchun qanday ahamiyatga ega ekanini muhokama qilamiz.

XUDONING DUSHMANLARI ANIQLANDI

YETTI BOSHLI YIRTQICH HAYVON

U dengizdan «chiqib keldi», uning yettita boshi, o‘nta shoxi va o‘nta toji bor. (Vah. 13:1–4) U hozirgi kungacha boshqarib kelgan barcha hukumatlarni anglatadi. Yettita boshi esa Xudoning xalqiga kuchli ta’sir qilgan yettita jahon imperiyasini bildiradi. (6-, 8-xatboshilariga qarang.)

6. Yetti boshli yirtqich hayvon nimaning ramzi? (Vah. 13:1–4)

6 Yetti boshli yirtqich hayvon nimaning ramzi? (Vahiy 13:1–4 ni o‘qing.) Ko‘ryapmizki, bu hayvon qoplonga o‘xshaydi, lekin oyoqlari ayiqnikiday, og‘zi shernikiday edi. Doniyor kitobining 7- bobida tilga olingan to‘rtta hayvon ham shunday xususiyatlarga ega. Vahiy kitobida esa bu xususiyatlar alohida to‘rtta hayvonda emas, balki bitta hayvonda mujassam bo‘lgan. Bu yirtqich hayvon faqat bitta hukumatni yoki jahon imperiyasini anglatmaydi. Yuhanno «unga har bir qabila, xalq, til va millat ustidan hokimiyat berilgani» haqida aytgan. Demak, u bittagina hukumat bo‘la olmaydi. (Vah. 13:7) Bu yirtqich hayvon hozirgi kungacha insonlar ustidan boshqarib kelgan barcha hukumatlarni anglatadi *. (Voiz 8:9)

7. Yirtqich hayvonning har bir boshi qaysi jahon imperiyasini bildiradi?

7 Har bir bosh qaysi jahon imperiyasini bildiradi? Vahiy 13- bobda aytilgan yirtqich hayvon 17- bobda yorqinroq tasvirlangan. Vahiy 17:10 da quyidagilarni o‘qiymiz: «Ular yettita podshohni bildiradi: ulardan beshtasi yo‘q bo‘ldi, bittasi bor, boshqasi esa hali kelmagan. Lekin u kelganda ham ko‘p vaqt turmaydi». Shayton barcha siyosiy kuchlarni boshqaryapti. Yettita podshoh «boshlar» bilan solishtirilgan, chunki ular katta kuchga ega. Jahon imperiyalari Xudo xalqining ustidan boshqargan va ularga kuchli ta’sir o‘tkazgan. Havoriy Yuhanno hayotligida yettita podshohdan beshtasi dunyo sahnasida paydo bo‘lishga ulgurgan edi. Ular Misr, Ossuriya, Bobil, Midiya va Fors hamda Yunoniston. Havoriy Yuhanno vahiy olganida oltinchi dunyo imperiyasi, ya’ni Rim hali boshqarayotgan edi. Qiziq, yettinchi bosh qaysi jahon imperiyasini bildiradi?

8. Yirtqich hayvonning yettinchi boshi qaysi jahon imperiyasini bildiradi?

8 Doniyor kitobidagi bashoratlar yirtqich hayvonning yettinchi va so‘nggi boshi qaysi jahon imperiyasi ekanini tushunishimizga yordam beryapti. Ushbu oxirzamonda, ya’ni «Hazratimiz kunida» qaysi jahon imperiyasi boshqaryapti? (Vah. 1:10) Bu ikkita hukumat, ya’ni Buyuk Britaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlari, boshqacha qilib aytganda, bu Angliya-Amerika jahon imperiyasi. Demak, uni Vahiy 13:1–4 dagi yirtqich hayvonning yettinchi boshi desa bo‘ladi.

QO‘ZINIKIGA O‘XSHAGAN IKKITA SHOXI BOR YIRTQICH HAYVON

U «yerdan» chiqib keldi va «ajdaho kabi» gapirdi. U «osmondan... olov tushirdi» va «soxta payg‘ambar» kabi alomatlar ko‘rsatdi. (Vah. 13:11–15; 16:13; 19:20) Ikkita shoxli hayvon va soxta payg‘ambar, ya’ni Angliya-Amerika jahon imperiyasi butun yer yuzidagi odamlarni yo‘ldan ozdirib, ularga yettita boshi va o‘nta shoxi bor bo‘lgan «yirtqich hayvon»ning «tasvirini» yaratishni aytyapti. (9-xatboshiga qarang.)

9. «Qo‘zinikiga o‘xshagan ikkita shoxi bor» yirtqich hayvon qaysi jahon imperiyasini anglatadi?

9 Vahiy 13- bobdan yettinchi bosh, ya’ni Angliya-Amerika jahon imperiyasi haqida bilib olyapmiz. Shuningdek, u «qo‘zinikiga o‘xshagan ikkita shoxi bor», ammo «ajdaho kabi gapira boshlagan» yirtqich hayvon singari yo‘l tuta boshlagan. Ushbu yirtqich hayvon «buyuk alomatlar yaratib, hatto osmondan yerga olov tushirgan». (Vah. 13:11–15) Vahiy 16- va 19- boblarda bu yirtqich hayvon «soxta payg‘ambar» deb atalgan. (Vah. 16:13; 19:20) Doniyor ham shu kabi narsalarni, ya’ni Angliya-Amerika jahon imperiyasi «dahshatli halokatlar» keltirishini aytgan. (Don. 8:19, 23, 24) Bu Ikkinchi jahon urushida sodir bo‘ldi. Buyuk Britaniya va Amerika olimlari kuchlarini birlashtirib, ikkita atom bomba yaratdi va ularni Yaponiyaga tashladi. Natijada bu, urush yakuniga yetishida hal qiluvchi o‘rin egalladi. Angliya-Amerika jahon imperiyasi bu bombalarni yaratib, «osmondan yerga olov tushirgan».

TO‘Q QIZIL YIRTQICH HAYVON

Fohisha, ya’ni Buyuk Bobil uning ustida o‘tiribdi. Bu hayvon sakkizinchi shoh sifatida ta’riflangan. (Vah. 17:3–6, 8, 11) Bu fohisha yirtqich hayvonni boshqaryapti, lekin keyinchalik u fohishani yo‘q qiladi. Fohisha soxta din imperiyasini anglatadi. Hozirgi kunda hayvon Birlashgan Millatlar Tashkilotini bildirib, siyosiy kuchlarning manfaatlarini olg‘a suryapti. (10-, 14–17–xatboshilariga qarang.)

10. «Hayvonning tasviri» nimaning ramzi? (Vahiy 13:14, 15; 17:3, 8, 11)

10 Keyin boshqa hayvonni ko‘ryapmiz. Bunisi yetti boshli yirtqich hayvonga o‘xshab ketadi, faqat uning rangi to‘q qizil. U «hayvonning tasviri» deb atalgan va «sakkizinchi podshoh» sifatida tasvirlangan *. (Vahiy 13:14, 15; 17:3, 8, 11 ni o‘qing.) Yuhanno bu «podshoh» bor bo‘lganini, keyin yo‘qolganini va yana paydo bo‘lganini ko‘rgan edi. Bu ta’rif butun dunyodagi siyosiy kuchlarning manfaatlarini olg‘a surayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotiga to‘g‘ri kelyapti. Avval u Millatlar Ittifoqi (Millatlar Ligasi) deb nomlanardi. So‘ng Ikkinchi jahon urushida u yo‘qolib ketdi. Keyinchalik u Birlashgan Millatlar Tashkiloti sifatida yana paydo bo‘ldi.

11. Hukumatlar nima qilyapti va nega ulardan hecham qo‘rqmasligimiz lozim?

11 Ularning targ‘iboti tufayli yirtqich hayvonlar, ya’ni hukumatlar odamlarni Yahovaga va Uning xalqiga qarshi chiqishga undayapti. Ramziy ma’noda «ular Qodir Allohning ulug‘ kunida yuz beradigan jangga», ya’ni Armageddonga «barcha jahon shohlarini to‘plash uchun chiqishyapti». (Vah. 16:13, 14, 16) Ammo biz hecham qo‘rqmasligimiz kerak. Chunki Allohimiz Yahova zudlik bilan harakat qilib, O‘z xizmatchilarini himoya qiladi. (Hiz. 38:21–23)

12. Barcha hayvonlarni nima kutyapti?

12 Barcha hayvonlarni nima kutyapti? Vahiy 19:20 da buning javobi yozilgan: «Yirtqich hayvon va uning oldida alomatlar ko‘rsatgan soxta payg‘ambar qo‘lga tushirildi. Yirtqich hayvonning tamg‘asini qabul qilib, uning tasviriga sajda qilayotganlarni yo‘ldan ozdirgan soxta payg‘ambar ana shu edi. Ikkovi ham oltingugurt bilan yonayotgan otashli ko‘lga tiriklayin tashlandi». Demak, hozirgi hukumatlar Xudoning dushmanlari bo‘lib, abadulabad yo‘q qilinadi.

13. Masihiylar hukumatlar tufayli qanday qiyinchilikka duch kelyapti?

13 Bu biz uchun nimani anglatadi? Masihiylar sifatida Xudoga va Uning Shohligiga sodiq bo‘lishimiz kerak. (Yuhan. 18:36) Buning uchun, siyosiy masalalarda betaraflikni saqlaymiz. Hukumatlar ularni ham ishda, ham so‘zda qo‘llab-quvvatlashimizni talab qilgani uchun betaraflikni saqlash juda qiyin bo‘lishi mumkin. Ularning bosimiga dosh bermaganlar yirtqich hayvonning tamg‘asini oladi. (Vah. 13:16, 17) Unga ega bo‘lganlar Yahovaning marhamatidan va abadiy yashash imkonidan mahrum bo‘ladi. (Vah. 14:9, 10; 20:4) Hukumatlar bizga ularni qo‘llab-quvvatlash uchun qanchalik bosim o‘tkazmasin, har birimiz betaraf qolishimiz juda muhim.

BUYUK FOHISHANING SHARMANDALI YAKUNI

14. Vahiy 17:3–5 ga ko‘ra, havoriy Yuhanno nimadan hayron bo‘lgan?

14 Havoriy Yuhanno ko‘rgan bir narsadan «g‘oyat darajada hayron bo‘lgani» haqida aytgan. Xo‘sh, u nimadan hayron bo‘lgan? U qo‘rqinchli hayvonning ustida o‘tirgan ayolni ko‘rgan. (Vah. 17:1, 2, 6) O‘sha ayol «buyuk fohisha» bo‘lib, «Buyuk Bobil» deb ataladi. U «yer yuzi podshohlari» bilan «zino» qilyapti. (Vahiy 17:3–5 ni o‘qing.)

15, 16. «Buyuk Bobil» nimani bildiradi va buni qayerdan bilamiz?

15 «Buyuk Bobil» nimani bildiradi? Ushbu ayol siyosiy tashkilotni anglatmaydi. Chunki Vahiy kitobida u bu dunyoning siyosiy rahbarlari bilan zino qilayotgani haqida aytilgan. (Vah. 18:9) U yirtqich hayvonning ustida o‘tirgani ushbu rahbarlarni nazorat qilishga harakat qilayotganini ko‘rsatyapti. Qolaversa, u Shayton dunyosidagi ochko‘z tijorat tashkilotlarni anglatmaydi. Vahiy kitobida ular «dunyo savdogarlari» deb atalgan. (Vah. 18:11, 15, 16)

16 Muqaddas Yozuvlarda «fohisha» so‘zi Xudoga xizmat qilyapman, deb butparastlik bilan shug‘ullanayotgan yoki bu dunyoning qaysidir ishlariga o‘ralashib yurgan insonlarga ishora qilishi mumkin. (Hiz. 16:2, 35, 36; Yoqb. 4:4) Bundan farqli ravishda Xudoga sadoqat ila topinadiganlar haqida «pok» yoki «bokira» deb aytilgan. (2 Kor. 11:2; Vah. 14:4) Qadimda Bobil soxta topinishning markazi bo‘lgan. Demak, Buyuk Bobil soxta topinishning barcha turlarini anglatadi. Ha, o‘sha ayol soxta din imperiyasini bildiradi. (Vah. 17:5, 18; jw.org saytida «Buyuk Bobil nimani bildiradi?» nomli maqolaga qarang.)

17. Buyuk Bobil bilan nima sodir bo‘ladi?

17 Buyuk Bobil bilan nima sodir bo‘ladi? Vahiy 17:16, 17 da bu savolning javobini topishimiz mumkin. U yerda shunday deyilgan: «Sen ko‘rgan o‘nta shox va yirtqich hayvon esa fohishadan nafratlanishadi. Uni yalang‘ochlab, talon-toroj qilishadi. Tanasini yeyishadi, o‘zini esa o‘tda butunlay yoqib yuborishadi. Chunki ular bitta fikrni, ya’ni Xudo ularning diliga solgan fikrni amalga oshirishadi: Allohning so‘zlari ro‘yobga chiqmaguncha, shohliklarini yirtqich hayvonga berishadi». Ha, Yahova xalqlarni to‘q qizil yirtqich hayvondan, ya’ni Birlashgan Millatlar Tashkilotidan foydalanib, soxta din imperiyasiga hujum qilishga va uni butunlay yo‘q qilishga undaydi. (Vah. 18:21–24)

18. Buyuk Bobilni qo‘llab-quvvatlamayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

18 Bu biz uchun nimani anglatadi? Biz «Xudoning nazarida toza va benuqson topinishimiz» kerak. (Yoqb. 1:27) Soxta ta’limotlardan qochishimiz, butparast bayramlarga qo‘shilmasligimiz, Buyuk Bobilning sehr-jodu ishlariga qo‘l urmasligimiz va axloqiy me’yorlarni o‘ta qadrlashimiz zarur. Bundan tashqari, boshqa odamlarni: «Undan chiqib ket!» — deb undashda davom etyapmiz. Shunday qilsak, ular Buyuk Bobilning gunohlariga sherik bo‘lishdan qochishi mumkin. Shu yo‘sin, ular Xudoning oldida aybdor bo‘lmaydi. (Vah. 18:4)

XUDONING ASHADDIY DUSHMANIGA CHIQARILGAN HUKM

OTASHIN QIZIL RANGLI AJDAHO

Shayton yirtqich hayvonga hokimiyat beryapti. (Vah. 12:3, 9, 13; 13:4; 20:2, 10) Shayton Yahovaning ashaddiy dushmani bo‘lib, 1 000-yilga tubsizlikka qamaladi. Keyin esa Shayton «olovli va oltingugurtli ko‘lga» tashlanadi. (19-, 20-xatboshilariga qarang.)

19. «Otashin qizil rangli katta ajdaho» kim?

19 Shuningdek, Vahiy kitobida «otashin qizil rangli katta ajdaho» haqida aytilgan. (Vah. 12:3) Ushbu ajdaho Iso va uning farishtalariga qarshi chiqyapti. (Vah. 12:7–9) Qolaversa, u Xudoning xizmatchilariga hujum qilib, yirtqich hayvonlarga, ya’ni insoniy hukumatlarga kuch beryapti. (Vah. 12:17; 13:4) Ushbu ajdaho kim ekan? Bu «Iblis va Shayton deb atalgan almisoq ilon». (Vah. 12:9; 20:2) Yahovaning barcha dushmanlari ortida uning o‘zi turibdi.

20. Ajdaho bilan nima sodir bo‘ladi?

20 Ajdaho bilan nima sodir bo‘ladi? Vahiy 20:1–3 da farishta Shaytonni tubsizlikka tashlashi haqida aytilgan. Bu Shayton uchun qamoqday bo‘ladi. U 1 000-yil tubsizlikda bo‘lganida «xalqlarni yo‘ldan ozdirmaydi». Oxir-oqibat Shayton va uning jinlari «olovli va oltingugurtli ko‘lga tashlanadi», ya’ni ular butunlay yo‘q qilinadi. (Vah. 20:10) Shayton va uning jinlarisiz dunyoni bir tasavvur qiling-a! Bu ajoyib damlar bo‘ladi!

21. Nega Vahiy kitobidan bilib olganlarimizdan baxtiyormiz?

21 Vahiy kitobidagi bu ramzlarning ma’nosini tushunganimizdan nihoyatda xursandmiz. Biz nafaqat Yahovaning dushmanlarini aniqladik, balki ular bilan nima sodir bo‘lishini ham bildik. Ha, «ushbu bashoratdagi so‘zlarni ovoz chiqarib o‘qiyotgan va tinglayotganlar... baxtlidir». (Vah. 1:3) Lekin savol tug‘ilyapti: Xudoning dushmanlari yo‘q qilingach, sadoqatli odamlar qanday barakalarga ega bo‘ladi? Bu savolning javobini navbatdagi maqoladan bilib olamiz.

23-QO‘SHIQ Yahovaning Shohligi boshqarmoqda

^ Vahiy kitobida Xudoning dushmanlarini aniqlashimizga ko‘maklashadigan ramzlar bor. Doniyor kitobi yordamida esa bu ramzlarning ma’nosini tushuna olamiz. Ushbu maqolada bu ikkita kitobdagi ayrim bashoratlarni solishtiramiz. Shu yo‘sin, Xudoning dushmanlarini aniqlaymiz. Qolaversa, ularni kelajakda nima kutayotganini muhokama qilamiz.

^ Yetti boshli hayvon barcha siyosiy kuchlarni anglatishini uning «o‘nta shoxi» borligi ham tasdiqlayapti. O‘n raqami Muqaddas Kitobda odatda to‘liqlikni bildiradi.

^ Birinchi yirtqich hayvondan farqli ravishda hayvon tasvirining shoxlarida «tojlar» yo‘q. (Vah. 13:1) Chunki u boshqa «yettita podshohdan kelib chiqqan» va ular unga hokimiyat bergan. (jw.org saytida «Vahiy 17- bobda tasvirlangan to‘q qizil hayvon nimani anglatadi?» nomli maqolaga qarang.)