Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

21-TADQIQ MAQOLASI

Vahiy kitobida kelajagingiz haqida nima deyilgan?

Vahiy kitobida kelajagingiz haqida nima deyilgan?

Omin! Keling, ey Hazratimiz Iso. VAH. 22:20

142-QO‘SHIQ Umidni mustahkam ushlaylik

BU MAQOLADA *

1. Barcha odamlar qanday muhim qaror oldida turibdi?

 ODAMLAR hozirgi kunda muhim qaror oldida turibdi. Ular haqqoniy Hukmdor Tangri Yahovani qo‘llab-quvvatlaydimi yoki yovuz Shayton Iblisning tomonini egallaydimi? Uchinchi yo‘l yo‘q. Qanday qaror chiqarishmasin, bu ularning kelajagiga ta’sir qiladi. (Mat. 25:31–33, 46) «Buyuk musibatda» ular omon qolish yoki yo‘q qilinish tamg‘asini oladi. (Vah. 7:14; 14:9–11; Hiz. 9:4, 6)

2. a) Ibroniylarga 10:35–39 dagi so‘zlar bizni nima qilishga undayapti? b) Qay yo‘sin Vahiy kitobi bizga yordam berishi mumkin?

2 Ibroniylarga 10:35–39 ni o‘qing. Yahovaning boshqaruvini qo‘llab-quvvatlash qarorini chiqarib dono yo‘l tutgan bo‘lasiz. Albatta, boshqalarga ham to‘g‘ri qaror chiqarishga yordam berishni istaysiz. Bunda sizga Vahiy kitobi ko‘maklashadi. Ushbu ajoyib kitobda nafaqat Yahovaga qarshi chiqayotganlarni nima kutishi, balki Unga sodiq bo‘lganlar qanday barakalarga ega bo‘lishi haqida ham yozilgan. Bu haqiqatlarni tadqiq qilishimiz juda muhim. Shu yo‘sin, Yahovaga xizmat qilish qarorimizni mustahkamlaymiz hamda boshqalarga olgan bilimimiz bilan to‘g‘ri qaror chiqarishga va unda qat’iy turishga yordam bera olamiz.

3. Bu maqolada qaysi savollarga javob topamiz?

3 Ushbu maqolada quyidagi savollarga javob topamiz: Yahovaning boshqaruvini qo‘llab-quvvatlaganlarni qanday kelajak kutmoqda? Vahiy kitobida tasvirlangan to‘q qizil yirtqich hayvonni qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lganlarni-chi?

SODIQ INSONLARNI NIMA KUTYAPTI?

4. Havoriy Yuhanno osmonda Iso bilan birga kimlarni ko‘rgan?

4 Havoriy Yuhanno vahiyda Yahovaning boshqaruvini qo‘llab-quvvatlaydigan va abadiy yashash imkoniga ega bo‘ladigan ikkita guruhni ko‘rgan. Birinchi guruhning soni 144 000. (Vah. 7:4) Ular osmonda Iso bilan birga Shohlikda bo‘lish uchun yer yuzidan olinadi. Ushbu insonlar Iso bilan birga yer yuzi ustidan boshqaradi. (Vah. 5:9, 10; 14:3, 4) Yuhanno vahiyda ular Iso bilan birga samoviy Sion tog‘ida turganini ko‘rgan. (Vah. 14:1)

5. Yer yuzidagi moylanganlar bilan yaqinda nima yuz beradi?

5 Havoriylarning davridan to hozirgacha minglab odamlar 144 000 moylangan masihiylar qatoriga tanlab olindi. (Luqo 12:32; Rim. 8:17) Biroq Yuhannoning aytishicha, bu tanlanganlarning faqat kichik bir qismi oxirzamon paytida yer yuzida yashayotgan bo‘ladi. Bu «qolganlar» oxirgi «muhrni», ya’ni Yahovaning roziligini buyuk musibat boshlanishidan oldin olishadi. (Vah. 7:2, 3; 12:17) So‘ng ular buyuk musibatning muayyan paytida osmondagi boshqa sadoqatli moylanganlarga qo‘shiladi. Ular Iso bilan birgalikda Xudoning Shohligida boshqaradi. (Mat. 24:31; Vah. 5:9, 10)

6, 7. a) Yuhanno qanday guruhni ko‘rgan va ular haqida nimalarni bilib oldik? b) Nega Vahiy 7- bob ikkala guruh uchun ham ahamiyatga ega?

6 Yuhanno bu guruhdan tashqari boshqa guruhni, ya’ni «ulkan olomonni» ko‘rgan. 144 000 moylangan masihiylardan farqli ravishda bu guruhning soni chegaralanmagan. (Vah. 7:9, 10) Bundan nimani bilib olyapmiz? Yuhanno shunday degan: «Bu kishilar buyuk musibatdan chiqib kelayotganlardir. Ular kiyimlarini Qo‘zining qonida yuvib oqartirganlar». (Vah. 7:14) Buyuk musibatdan omon qolgan bu «ulkan olomon» yer yuzida yashaydi va barakalardan zavq oladi. (Zab. 37:9–11, 27–29; Hik. 2:21, 22; Vah. 7:16, 17)

7 Osmonda yashash uchun tanlab olinganmizmi yoki yer yuzida yashaymizmi, eng asosiysi, Vahiy 7- bobdagi so‘zlar amalga oshishiga ishonyapmizmi? Ha, bunga ishonishimiz muhim. Bu Xudoning xizmatchilaridan iborat ikkala guruh uchun ham ajoyib damlar bo‘ladi. Yahovaning boshqaruvini qo‘llab-quvvatlashni tanlaganimizdan nihoyatda quvonamiz. Vahiy kitobida buyuk musibat to‘g‘risida yana nima deyilgan? (Mat. 24:21)

YAHOVAGA QARSHI CHIQAYOTGANLARNI NIMA KUTYAPTI?

8. Buyuk musibat qanday boshlanadi va aksariyat odamlar nima qiladi?

8 O‘tgan maqolada aytilganiday, bu dunyoning siyosiy kuchlari soxta din imperiyasi bo‘lmish Buyuk Bobilga tez orada hujum qiladi. (Vah. 17:16, 17) Bu buyuk musibatning boshlanishi bo‘ladi. Natijada ko‘p insonlar Yahovaga xizmat qilishni boshlaydimi? Yo‘q. Aksincha, Vahiy 6- bobda ko‘rsatilganiday, Yahovaga xizmat qilmaydigan insonlar tog‘lar bilan solishtirilgan siyosiy va tijorat tizimlaridan himoya izlaydi. Samoviy Shohlikning tomonini egallamagani uchun Yahova ularni dushmanlar deb biladi. (Luqo 11:23; Vah. 6:15–17)

9. Buyuk musibat paytida Xudoning xalqi qanday ajralib turadi va ular bilan nima sodir bo‘ladi?

9 Buyuk musibatning og‘ir damlarida Yahovaning sadoqatli xizmatchilari boshqalardan ajralib turadi. Ular yirtqich hayvonni qo‘llab-quvvatlamaydigan va Yahovaga xizmat qiladigan yagona guruh bo‘ladi. (Vah. 13:14–17) Ularning qat’iyligi Yahova dushmanlarining g‘azabini keltiradi. Natijada xalqlar ittifoqi Xudoning xalqiga hujum qiladi. Muqaddas Kitobda bu Mago‘g yurtidagi Go‘gning hujumi deb atalgan. (Hiz. 38:14–16)

10. Yahova Uning xalqiga qarshi qilingan hujumga qanday munosabat bildiradi? (Vahiy 19:19–21)

10 Xo‘sh, Yahova bu vahshiy hujumga qanday munosabat bildiradi? Uning O‘zi: «G‘azabim alanga oladi»,— deb aytyapti. (Hiz. 38:18, 21–23) Vahiy 19- bobda keyin nimalar yuz berishi haqida yozilgan. Yahova xalqini himoya qilish va dushmanlarini mag‘lub etish uchun O‘g‘lini yuboradi. Sadoqatli farishtalar va 144 000 moylanganlardan iborat «samoviy qo‘shin» Iso Masih bilan birga Mago‘g yurtidagi Go‘gga qarshi jang qiladi. (Vah. 17:14; 19:11–15) Oxiri nima bo‘ladi? Yahovaga qarshi chiqadigan hamma odamlar va tashkilotlar yo‘q qilinadi. (Vahiy 19:19–21 ni o‘qing.)

JANGDAN SO‘NG TO‘Y BO‘LADI

11. Vahiy kitobida yana qanday muhim hodisa haqida aytilgan?

11 Xudoning dushmanlari yo‘q qilinganida sadoqatli xizmatchilar nimalarni his qilishini bir tasavvur qiling-a! Bu nihoyatda quvonchli damlar bo‘ladi. Buyuk Bobil yo‘q qilinganida esa osmonda quvonch hayqiriqlari yangraydi. Xursandchilik qilish uchun yana bir sabab bo‘ladi. (Vah. 19:1–3) O‘shanda Vahiy kitobida «Qo‘zining nikohi» deb aytilgan muhim hodisa yuz beradi. (Vah. 19:6–9)

12. Vahiy 21:1, 2 ga binoan, Qo‘zining nikohi qachon bo‘ladi?

12 Bu nikoh qachon bo‘ladi? Armageddon jangi boshlanishidan sal avval 144 000 moylanganlarning hammasi osmonda bo‘ladi. Ammo o‘sha paytda Qo‘zining nikohi bo‘lmaydi. (Vahiy 21:1, 2 ni o‘qing.) Bu nikoh Armageddon jangi tugaganidan keyin va Xudoning barcha dushmanlari yo‘q qilingach bo‘ladi. (Zab. 45:3, 4, 13–17)

13. Qo‘zining nikohi unda ishtirok etadiganlar uchun nimani anglatadi?

13 Qo‘zining nikohi unda ishtirok etadiganlar uchun nimani anglatadi? Nikoh erkak va ayolni birlashtirganiday, bu ramziy nikoh ham Shoh Iso Masih bilan «kelinni», ya’ni 144 000 moylanganlarni birlashtiradi. Ushbu nikoh tufayli yangi hukumat paydo bo‘ladi. U yer yuzini 1 000-yil boshqaradi. (Vah. 20:6)

ULUG‘VOR SHAHAR VA KELAJAGINGIZ

Vahiy 21- bobida majoziy Yangi Quddus shahri «Xudoning huzuridan tushib kelayotganday» tasvirlangan. Ming yillik boshqaruv paytida u itoatli odamlarga behisob qut-barakalar olib keladi (14-, 16-xatboshilariga qarang.)

14, 15. Vahiy 21- bobda 144 000 moylangan masihiylar nima bilan solishtirilgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

14 Vahiy kitobining 21- bobida 144 000 moylanganlar juda go‘zal yangi «Yangi Quddus» shahri bilan solishtirilgan. (Vah. 21:2, 9) Ushbu shaharning poydevorida «12 ta tosh bor bo‘lib, ularda Qo‘zining 12 havoriysi ismlari yozilgandi». Nega bu ma’lumot Yuhannoni qiziqtirgan? Chunki bu toshlarda u o‘zining ismini ham ko‘rgan. Ha, bu ulkan sharaf edi. (Vah. 21:10–14; Efes. 2:20)

15 Bu shaharga o‘xshashi yo‘q. Chunki uning asosiy ko‘chasi sof oltindan, 12 ta darvozasi marvariddan iborat, devorlari va poydevori qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. O‘lchovlari ham bekam-u ko‘st. (Vah. 21:15–21) Lekin Yuhanno u yerda nimadir yetishmayotganiga e’tibor berdi. U shunday dedi: «Shaharda ma’badni ko‘rmadim, chunki uning ma’badi Qodir Tangri Yahova hamda Qo‘zidir. Shaharni quyosh yoki oy yoritishiga ehtiyoj yo‘q. Sababi, Allohning shon-shuhrati uni yoritardi va uning chirog‘i Qo‘zi edi». (Vah. 21:22, 23) Yangi Quddusga kirganlar Yahova bilan birga bo‘ladi. (Ibron. 7:27; Vah. 22:3, 4) Demak, o‘sha shahardagi ma’bad Yahova hamda Isodir.

Majoziy «daryo» va «daraxtlardan» kimlar foyda oladi? (16-, 17-xatboshilariga qarang.)

16. Xudo Shohligining Ming yillik boshqaruvi davrida odamlar bilan nima bo‘ladi?

16 Moylanganlar bu shahar haqida o‘ylashlari nihoyatda muhim. Lekin bu shahar yer yuzida yashash umidiga ega bo‘lganlar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Xudo Shohligining Ming yillik boshqaruvi davrida Yangi Quddus behisob barakalar keltiradi. Yuhanno barakalar «obi hayot daryosiday» oqib kelayotganini ko‘rgan. Ushbu daryoning ikki tomonida barglari «xalqlarga shifo baxsh etayotgan» «hayot daraxtlari» bor edi. (Vah. 22:1, 2) Barcha insonlar bu barakalardan foyda olishi mumkin. Asta-sekin itoatkor barcha odamlar mukammallikka erishadi. Kasallik, og‘riq va dard ko‘z yoshlari boshqa bo‘lmaydi. (Vah. 21:3–5)

17. Ming yillik boshqaruv paytida barakalardan kimlar foyda oladi? (Vahiy 20:11–13)

17 Barakalardan kimlar foyda oladi? Birinchi bo‘lib Armageddondan omon qolgan ulkan olomon va ehtimol, ularning yangi dunyoda tug‘ilajak farzandlari barakalardan bahramand bo‘ladi. Shuningdek, Vahiy 20- bobda o‘lganlar tirilishi va’da qilingan. (Vahiy 20:11–13 ni o‘qing.) Yahova haqida bilim olish imkoniga ega bo‘lmagan «adolatli va adolatsiz» kishilar yer yuzida yana hayotga qaytadi. (Havor. 24:15; Yuhan. 5:28, 29) Bu Ming yillik boshqaruv paytida yer yuzida hamma tiriladi deganimi? Yo‘q. O‘limidan oldin Yahovaga xizmat qilishdan bosh tortgan insonlar tirilmaydi. Chunki ular yer yuzidagi jannatda yashash imkonini qo‘ldan boy berib, uni qadrlamaganini ko‘rsatishgan. (Mat. 25:46; 2 Salon. 1:9; Vah. 17:8; 20:15)

SO‘NGGI SINOV

18. Ming yilning so‘ngida yer yuzida vaziyat qanday bo‘ladi?

18 Ha, 1 000-yilning so‘ngida yer yuzidagi barcha insonlar mukammal bo‘ladi. Hech bir inson Odamatodan meros bo‘lib o‘tgan gunohning ta’sirida bo‘lmaydi. (Rim. 5:12) Odamatoning gunoh la’nati butunlayin yo‘q qilinadi. Bu degani, yer yuzidagi barcha insonlar 1 000-yilning oxirida «tiriladi», ya’ni to‘laqonli mukammal hayotga ega bo‘ladi. (Vah. 20:5)

19. Nima uchun so‘nggi sinov bo‘lishi kerak?

19 Bilamizki, Shayton Isoni sinaganida u Yahovaga sadoqatli qolgan. Lekin mukammallikka erishgan insonlar ham Yahovaga sadoqatli qolishni tanlashadimi? 1 000-yilning oxirida Shayton ozod etilgach, ularning barchasi bu savolga javob bera olishadi. (Vah. 20:7) So‘nggi sinovda sadoqatli qolgan insonlar abadiy hayotga ega bo‘lib, haqiqiy ozodlikdan suyunadi. (Rim. 8:21) Xudoga qarshi isyon ko‘targanlar esa Iblis va uning jinlari bilan birgalikda abadiy yo‘q qilinadi. (Vah. 20:8–10)

20. Vahiy kitobidagi ajoyib bashoratlarni ko‘rib chiqish sizga qanday ta’sir qilyapti?

20 Vahiy kitobini qisqacha ko‘rib chiqqach, o‘zingizni qanday his qilyapsiz? Bu ta’sirli bashoratlar amalga oshadigan paytda yashashni tasavvur qilish ajoyib bo‘lsa kerak. Bu sizni boshqalarni haq topinishga taklif qilishga undayotgani shubhasiz. (Vah. 22:17) Kelajakda yuz beradigan ushbu hodisalar ongimiz-u qalbimizda o‘chmas iz qoldirib, havoriy Yuhanno kabi: «Omin! Keling, ey Hazratimiz Iso»,— deb aytishga undayapti. (Vah. 22:20)

27-QO‘SHIQ Xudo o‘g‘illarining oshkor bo‘lishi

[Izoh]

^ Ushbu maqola Vahiy kitobi haqidagi maqolalarning so‘nggisi. Bu maqoladan Yahovaga sadoqat ko‘rsatayotganlarni porloq kelajak kutayotganini va Uning hukmronligiga bo‘ysunmayotganlarni esa sharmandali yakun topishini bilib olamiz.