Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19-TADQIQ MAQOLASI

Vahiy kitobining siz uchun ahamiyati

Vahiy kitobining siz uchun ahamiyati

Ushbu bashoratdagi so‘zlarni ovoz chiqarib o‘qiyotgan... baxtlidir. VAH. 1:3

15-QO‘SHIQ Yahovaning O‘g‘lini madh eting

BU MAQOLADA *

1, 2. Vahiy kitobi biz uchun ahamiyatga ega ekanining sabablaridan biri qanday?

 KIMDIR sizni o‘z rasmlarini tomosha qilishga taklif qilganmi? Rasmlarda ko‘p notanish odamlarni ko‘rasiz. Lekin bir rasm e’tiboringizni tortadi. Nega? Chunki bu rasmda siz borsiz. Rasmni yaxshilab ko‘zdan kechirib, u qachon va qayerda olingani haqida o‘ylaysiz. Qolaversa, rasmdagi boshqa odamlarni eslashga harakat qilasiz. Ha, bu rasm siz uchun o‘zgacha.

2 Vahiy kitobi bunday rasmga o‘xshaydi. Nima uchun? Buning kamida ikkita sababi bor. Birinchidan, Vahiy kitobi biz uchun yozilgan. Ilk oyatidayoq quyidagilarni o‘qiymiz: «Yaqinda yuz beradigan voqealarni O‘z qullariga oshkor etish maqsadida, Alloh bu vahiyni Iso Masihga berdi». (Vah. 1:1) Demak, bu kitob umuman olganda barcha insonlar uchun emas, balki biz, ya’ni Xudoning bag‘ishlangan xizmatchilari uchun yozilgan. Uning xalqi ekanmiz, bu ta’sirli kitobdagi bashoratlarning amalga oshishida ishtirok etayotganimizni bilishdan hayron qolmaymiz. Boshqacha aytganda, «bu rasmda» o‘zimizni ko‘ryapmiz.

3, 4. Vahiy kitobiga ko‘ra, u yerdagi bashoratlar qachon amalga oshadi va bu bizni nima qilishga undashi kerak?

3 Ikkinchidan, bu bashoratlar amalga oshadigan vaqtni o‘z ichiga oladi. Havoriy Yuhanno keksa yoshida bu bashoratlar qachon amalga oshishi borasida shunday degan: «Muqaddas ruh ta’sirida men Hazratimiz kunida bo‘lib qoldim». (Vah. 1:10) Yuhanno bu so‘zlarni taxminan mil. 96-yili yozgan. «Hazratimiz kuniga» esa hali ancha bor edi. (Mat. 25:14, 19; Luqo 19:12) Muqaddas Kitobdagi bashoratga ko‘ra, ushbu kun 1914-yili, ya’ni Iso osmonda Shoh etib tayinlanganida boshlangan. Vahiy kitobidagi Xudoning xalqiga tegishli bashoratlar o‘sha yili amalga oshishni boshlagan. Ha, biz «Hazratimiz kunida» yashayapmiz.

4 Bu ajoyib davrda yashayapmiz ekan, Vahiy 1:3 da yozilgan quyidagi maslahatga diqqatli bo‘lishimiz darkor: «Ushbu bashoratdagi so‘zlarni ovoz chiqarib o‘qiyotgan va tinglayotganlar hamda bu yozilganlarga rioya qilayotganlar ham baxtlidir, zero belgilangan vaqt yaqin». Darhaqiqat, bu bashoratdagi so‘zlarni «ovoz chiqarib o‘qishimiz», «tinglashimiz» va ularga «rioya qilishimiz» kerak. Keling, rioya qilishimiz kerak bo‘lgan ba’zi so‘zlarga e’tibor qaratamiz.

YAHOVAGA MA’QUL TARZDA TOPINING

5. Topinishimiz Yahovaga ma’qul bo‘lishi muhim ekanligi Vahiy kitobida qanday ko‘rsatilgan?

5 Vahiy kitobining birinchi bobidan Iso jamoatdagi barcha narsadan xabardor ekanini ko‘rishimiz mumkin. (Vah. 1:12–16, 20; 2:1) Buni Iso Kichik Osiyodagi yettita jamoatga yo‘llagan xabarlaridan bilsak bo‘ladi. Bu xabarlarda u birinchi asrdagi masihiylarga yo‘l-yo‘riq berib, Yahovaga ma’qul tarzda topinayotganini aniqlashga yordam bergan. Ular bugungi kunda Xudoning xalqiga qanday taalluqli? Bundan qanday saboq olsak bo‘ladi? Yo‘lboshchimiz Iso Masih ma’naviy holatimiz qanday ekanini yaxshi biladi. Biz uning himoyasi ostidamiz. Hech narsa uning nazaridan chetda qolmaydi. Yahovaning marhamatiga ega bo‘lish uchun nima qilishimiz kerakligini u yaxshi biladi. Iso amal qilishimiz kerak bo‘lgan qanday maslahat bergan?

6. a) Iso Efesdagi jamoatda qanday muammo borligini aytgan? (Vahiy 2:3, 4) b) Bundan qanday saboq olyapmiz?

6 Vahiy 2:3, 4 ni o‘qing. Yahovaga bo‘lgan ilk muhabbatimizdan sovimasligimiz kerak. Iso Efesdagi jamoatga yo‘llagan xabari shuni ko‘rsatyaptiki, ular sabr-bardosh namoyon etgan va turli qiyinchiliklarga qaramay Yahovaga xizmat qilgan. Shunday bo‘lsa ham ular ilk muhabbatidan sovigan. O‘sha masihiylar muhabbatini yana uyg‘otishi kerak edi. Aks holda, Yahova topinishini qabul qilmasdi. Bugun ham sabr-bardoshli bo‘lishdan ko‘prog‘ini qilishimiz kutiladi. To‘g‘ri niyatlar ila sabr-bardosh namoyon etishimiz lozim. Allohimiz nafaqat nima qilayotganimizga, balki nega buni qilayotganimizga diqqat qaratadi. Niyatlarimiz U uchun muhim ahamiyatga ega, chunki Yahova topinishimiz Unga bo‘lgan kuchli sevgi va minnatdorlikka asoslanishini xohlaydi. (Hik. 16:2; Mark 12:29, 30)

7. a) Sardidagi jamoatda qanday muammo bor edi? (Vahiy 3:1–3) b) Biz nima qilishimiz kerak?

7 Vahiy 3:1–3 ni o‘qing. Hushyor bo‘lishimiz lozim. Sardidagi jamoatdagilarning boshqa muammosi bor edi. Ular ilgari ma’nan faol bo‘lgan bo‘lsa-da, ammo keyinchalik sustlashgan. Shunga Iso ularga uyg‘onishlari kerakligini aytgan. Biz uchun qanday saboq? Albatta, Yahova mehnatimizni unutmaydi. (Ibron. 6:10) Lekin Yahovaga xizmat qilib qo‘ydim, hozir xizmat qilmasam ham bo‘ladi, deb o‘ylamasligimiz kerak. Imkoniyatlarimiz oldingiga qaraganda chegaralangan bo‘lishi mumkin, ammo bunga qaramay «Rabbimizning ishi» bilan band bo‘lib, oxirigacha hushyorlikni saqlashimiz lozim. (1 Kor. 15:58; Mat. 24:13; Mark 13:33)

8. Iso Laodikiyadagilarga aytgan so‘zlaridan qanday saboq olishimiz mumkin? (Vahiy 3:15–17)

8 Vahiy 3:15–17 ni o‘qing. Topinishda g‘ayratli va jonkuyar bo‘lishimiz kerak. Iso Laodikiyadagilarga yo‘llagan xabarda boshqa bir muammoni ta’kidlagan. Ular topinishda «iliq» bo‘lib qolgan. O‘sha masihiylarning befarqligi uchun Iso ularga «baxtsiz, achinarli ahvolda» ekanligi haqida aytgan. Ular Yahovaga topinishda kuchli g‘ayrat namoyon etishi kerak edi. (Vah. 3:19) Bundan qanday saboq olsak bo‘ladi? Bizning ham g‘ayratimiz so‘ngan bo‘lsa, ma’naviy boyligimizga bo‘lgan minnatdorchiligimizni kuchaytirishimiz lozim. (Vah. 3:18) Qulay hayot sari intilib, ma’naviy ishlarimiz ikkinchi o‘rinda qolib ketishiga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz darkor.

9. Isoning Pergam va Tiyatira jamoatidagi masihiylarga yo‘llagan xabariga binoan, nima qilishdan yiroqlashishimiz kerak?

9 Murtadlarning soxta ta’limotlarini rad etishimiz lozim. Iso birodarlar orasida bo‘linishlarga sabab bo‘layotgan Pergam jamoatidagi ba’zilarga tanbeh bergan. (Vah. 2:14–16) U shuningdek, Tiyatira jamoatidagilarni «Shaytonning teranliklaridan» yiroqlashayotgani uchun maqtagan va haqiqatni «mahkam ushlashga» undagan. (Vah. 2:24–26) Soxta ta’limotlarga rioya qilishni boshlagan imoni sust masihiylar tavba qilishi kerak edi. Biz haqimizda nima desa bo‘ladi? Yahovaning nuqtai nazariga zid bo‘lgan har qanday ta’limotni rad etishimiz lozim. Murtadlar «o‘zlarini xudojo‘y ko‘rsatishlari» mumkin, ammo ishlari ular bunday emasligini tasdiqlaydi. (2 Tim. 3:5) Xudoning Kalomini chuqur tadqiq qilsak, soxta ta’limotlarni aniqlash va ularni rad etish osonroq bo‘ladi. (2 Tim. 3:14–17; Yahd. 3, 4)

10. Iso Pergam va Tiyatiradagi jamoatdagilarga aytgan so‘zlaridan qanday saboq olishimiz mumkin?

10 Axloqsizlikning hech bir turiga qo‘l urmasligimiz va ko‘z yummasligimiz kerak. Pergam va Tiyatirada yana bir muammo bor edi. O‘sha yerdagi jamoatda xizmat qilayotganlarning ayrimlari axloqsizlik qilishda davom etayotgani uchun Iso ularga tanbeh bergan. (Vah. 2:14, 20) Bundan qanday saboq olsak bo‘ladi? Biz ham hatto ko‘p yillar davomida xizmat qilsak, anchagina sharafli vazifalarni bajarsak va shu bilan birga axloqsizlikka qo‘l ursak, Yahova buni xush ko‘rmaydi. (1 Shoh. 15:22; 1 Butr. 2:16) Bu dunyodagi ahvol qanchalik yomon bo‘lib ketayotganidan qat’i nazar, Xudo yuksak axloqiy me’yorlariga amal qilishimizni istaydi. (Efes. 6:11–13)

11. Nimalarni bilib oldik? (« Biz uchun saboqlar» nomli ramkaga ham qarang.)

11 Nimalarni bilib oldik? Topinishimiz Yahovaga ma’qul ekaniga amin bo‘lishimiz darkor. Agar biron ishimiz Yahovaga ma’qul kelmasa, to‘g‘ri yo‘lga qaytish uchun zudlik bilan harakat qilishimiz kerak. (Vah. 2:5, 16; 3:3, 16) Iso jamoatlarga yo‘llagan xabarlarida yana bir narsa haqida aytgan. Qiziq, bu nima ekan?

TA’QIBLARDA SABR-BARDOSHLI BO‘LISHGA TAYYOR BO‘LING

Shayton osmondan yerga uloqtirilgach, Xudoning xalqiga qanday hujum qilyapti? (12–16-xatboshilariga qarang.)

12. Iso Smirna va Filadelfiyadagi birodarlarga yo‘llagan xabardan nimani o‘rganishimiz mumkin? (Vahiy 2:10)

12 Keling, Iso Smirna va Filadelfiyadagi jamoatdagilarga qanday xabar yo‘llaganini ko‘rib chiqaylik. U masihiylarga boshiga tushadigan azob-uqubatlardan qo‘rqmaslikni va ularning sadoqati mukofotlanishini aytgan. (Vahiy 2:10 ni o‘qing; 3:10) Xo‘sh, bundan qanday saboq olishimiz mumkin? Biz ham ta’qiblarga duch kelishimizni bilamiz va ularga sabr-bardosh qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak. (Mat. 24:9, 13; 2 Kor. 12:10) Nega bu eslatma biz uchun muhim?

13, 14. Vahiy 12- bobdagi voqealar Xudoning xalqiga qanday ta’sir qildi?

13 Vahiy kitobida Xudoning xalqi biz yashayotgan davrda, ya’ni «Hazratimiz kunida» qarshiliklarga duch kelishi haqida aytilgan. Ushbu kitobning 12- bobiga ko‘ra, Iso Masih Shoh etib tayinlangach, darhol osmonda jang boshlangan. Mikoil, ya’ni Iso Masih va uning qo‘shini Shayton hamda jinlarga qarshi jang qilgan. (Vah. 12:7, 8) Natijada Xudoning bu dushmanlari mag‘lub bo‘lgan va yer yuziga uloqtirilgan. Shu sababdan, hozir yer yuzidagi odamlar azob-uqubatlarni boshdan kechiryapti. (Vah. 12:9, 12) Bu hodisalar Xudoning xalqiga qanday ta’sir qildi?

14 Vahiy kitobida keyinchalik Shayton nima qilgani haqida yozilgan. U Xudoning huzuriga boshqa kira olmayotgani uchun Uning yer yuzidagi moylangan xizmatchilariga qahr-g‘azabini sochyapti. Bu xizmatchilar Xudo Shohligining vakillari bo‘lib, «Iso haqda shohidlik qilyapti». (Vah. 12:17; 2 Kor. 5:20; Efes. 6:19, 20) Xo‘sh, bu vahiy qay yo‘sin amalga oshdi?

15. Vahiy 11- bobdagi «ikkita shohid» kimni bildirgan va ular bilan nima sodir bo‘lgan?

15 Shayton sababli Xudoning dushmanlari va’zgo‘ylik faoliyatiga bosh-qosh bo‘lgan moylangan birodarlarga qarshi hujum qilgan. Ushbu birodarlar ramziy ma’noda «ikkita shohid» bo‘lib o‘ldirilishi kerak edi *. (Vah. 11:3, 7–11) 1918-yili sakkizta mas’uliyatli birodar nohaq ayblanib, uzoq muddatga qamalgan. Aksariyat odamlarning nuqtai nazarida moylanganlar xuddi «o‘ldirilgan» edi.

16. 1919-yili qanday kutilmagan voqea yuz berdi, lekin Shayton o‘shandan beri nima qilishda davom etyapti?

16 Vahiy 11- bobdagi bashoratda «ikkita shohid» qisqa vaqtdan keyin hayotga qaytishi haqida ham yozilgan. Bu bashorat qamoqdagi o‘sha birodarlar u yerga tushganidan bir yil o‘tar-o‘tmas, ajoyib tarzda amalga oshdi. 1919-yili mart oyida ular ozod etildi va keyinchalik hamma ayblovlar bekor qilindi. Ular darrov va’zgo‘ylik hamda ta’lim berish faoliyatiga qaytdi. Biroq Shayton Xudoning xalqiga qarshi hujumini to‘xtatmadi. O‘shandan beri u Xudoning barcha xizmatchilarining boshiga «daryoga» o‘xshatilgan ta’qiblarni solib kelyapti. (Vah. 12:15) Darhaqiqat, barchamizga «sabr-bardosh va imon kerak». (Vah. 13:10)

YAHOVA BIZGA TOPSHIRGAN ISHDA JON KUYDIRING

17. Xudoning xalqi Shaytonning hujumlariga qaramay, kutilmaganda qay yo‘sin yordam olgan?

17 Vahiy kitobining 12- bobida Xudoning xalqi kutilmaganda yordam olishi haqida aytilgan. U yerda yozilishicha, «yer» ta’qiblarga o‘xshatilgan «daryoni» yutib yuboradi. (Vah. 12:16) Bu amalga oshdi. Ba’zida Shayton dunyosining ko‘plab tizimlari, jumladan, sud tizimi Xudoning xalqiga yordamga kelgan. Ko‘p marotaba Yahovaning xizmatchilari sudda g‘alaba qozongan. Bu tufayli ular muayyan erkinlikka erishgan. Ular bu erkinlikdan qanday foydalangan? Ular imkoniyatni qo‘ldan boy bermay, Yahova ularga topshirgan ishni bajargan. (1 Kor. 16:9) Bu ish nimani o‘z ichiga olgan?

Xudoning xalqi tomonidan qaysi ikkita xabar e’lon qilinyapti? (18-, 19-xatboshilariga qarang.)

18. Ushbu oxirzamonda amalga oshirilayotgan qaysi faoliyat eng muhim?

18 Iso oxirat kelishidan avval Xudoning xalqi Uning Shohligi haqidagi «xushxabarni... butun dunyo bo‘ylab va’z qilishini» bashorat qilgan. (Mat. 24:14) Ular va’z qilganida farishtalarning yordamiga ega bo‘ladi. Bu farishtalarda «abadiy xushxabar bor bo‘lib, uni yer yuzida yashovchilarga, ya’ni har bir millat, qabila, til va xalqqa e’lon etishyapti». (Vah. 14:6)

19. Yahovani yaxshi ko‘radiganlar yana qanday xabarni e’lon qilishi kerak?

19 Shohlik haqidagi xushxabar Xudoning xalqi e’lon qilishi kerak bo‘lgan yagona xabar emas. Shuningdek, ular Vahiy 8–10 boblarda aytilganiday, farishtalar bajarayotgan ishda ham yordam berishi kerak. Bu farishtalar Xudoning Shohligini rad etayotganlarga ba’zi kulfatlar haqida e’lon qiladi. Shu yo‘sin, Yahovaning Shohidlari «do‘l va olovga» o‘xshatilgan hukm xabarini e’lon qiladi. Bu xabar Shaytonning dunyosidagi turli tizimlarga qarshi chiqarilgan hukmni oshkor etadi. (Vah. 8:7, 13) Odamlar oxirat yaqinligini bilishlari kerak. Chunki shu yo‘sin ular hayotiga kerakli o‘zgarishlar kiritishi va Yahovaning g‘azab kunida omon qolishi mumkin. (Zaf. 2:2, 3) Bu mashhur xabar emas. Shu bois, uni e’lon qilish uchun jasoratli bo‘lishimiz kerak. Buyuk musibatda so‘nggi hukm xabari odamlarga yanada yomon ta’sir qiladi. (Vah. 16:21)

USHBU BASHORATDAGI SO‘ZLARGA RIOYA QILING

20. Navbatdagi ikkita maqolada nimalar haqida so‘z yuritamiz?

20 Vahiy kitobida o‘qigan bashoratlar amalga oshishida hissa qo‘shayotgan ekanmiz, u yerdagi so‘zlarga rioya qilishimiz zarur. (Vah. 1:3) Lekin ta’qiblarga duch kelganda qay yo‘sin sadoqatli bo‘lib, bu xabarlarni g‘ayrat ila va’z qilishda davom eta olamiz? Bizga quyidagi ikkita fikr kuch beradi: birinchisi, Vahiy kitobida Xudoning dushmanlari oshkor etilgan. Ikkinchisi, agar sodiq bo‘lib qolsak, kelajakda barakalarga ega bo‘lamiz. Navbatdagi ikkita maqolada bu borada so‘z yuritamiz.

32-QO‘SHIQ Yahova tomon turing!

^ Biz ajoyib davrda yashayapmiz. Vahiy kitobidagi bashoratlar hozir amalga oshyapti. Qiziq, ular bizga qanday ta’sir qilyapti? Bu va keyingi ikkita maqolada Vahiy kitobidagi ba’zi fikrlarga e’tibor qaratamiz. Qolaversa, bu maqolalarda Vahiy kitobida yozilganlarga amal qilish orqali qay yo‘sin Yahovaga ma’qul tarzda topinishimiz mumkinligini bilib olamiz.

^ «Qo‘riqchi minorasi»ning 2014-yil 15-noyabr sonidagi 30- sahifasida keltirilgan «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.