Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

20-TADQIQ MAQOLASI

Ibodatlarimizning sifatini oshirish

Ibodatlarimizning sifatini oshirish

Yuragingizni Unga to‘kib soling. (ZAB. 62:8)

45-QO‘SHIQ Qalbim o‘ylari

BU MAQOLADA a

Yahovaga doim ibodat qilib, hayotimizning har bir sohasida Uning yo‘l-yo‘rig‘ini izlasak bo‘ladi (1-xatboshiga qarang.)

1. Yahova xizmatchilarini nima qilishga undayapti? (Rasmga ham qarang.)

 TASALLI va yo‘l-yo‘riqqa muhtoj bo‘lganimizda kimga murojaat qilsak bo‘ladi? Buning javobi aniq. Tangri Yahovaga ibodat qilsak bo‘ladi. Uning O‘zi bizni shunday qilishga undayapti. U tez-tez, ya’ni «tinmay» ibodat qilishimizni istaydi. (1 Salon. 5:17) Xudoga bemalol ibodat qilib, hayotimizning har bir sohasida yo‘l-yo‘rig‘ini so‘rasak bo‘ladi. (Hik. 3:5, 6) Yahova saxiy bo‘lgani uchun xohlagan paytda Unga murojaat qilishimiz mumkinligini aytyapti.

2. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Ibodat qilish hadyasini juda qadrlaymiz. Ammo ishimiz ko‘p bo‘lgani tufayli ibodat uchun vaqt topishga qiynalayotgandirmiz. Qolaversa, uning sifatini oshirish kerakligini payqayotgandirmiz. Yaxshiyamki, Muqaddas Yozuvlardan ko‘p dalda va yo‘l-yo‘riq olishimiz mumkin. Ushbu maqolada Iso Masihning o‘rnagini ko‘rib chiqish orqali ibodat qilishga qay yo‘sin vaqt ajratishimiz mumkinligini bilib olamiz. Shuningdek, ibodatlarimizga beshta muhim narsani kiritib ularning sifatini qanday oshira olishimizni ham muhokama qilamiz.

ISO IBODAT QILISH UCHUN VAQT AJRATGAN

3. Iso ibodat borasida nimani tushungan?

3 Iso Yahova ibodatlarni qadrlashini tushungan. Yer yuziga kelishidan ancha yil avval u Otasi sodiq yerkag-u ayollarning ibodatlariga javob berishini ko‘rgan. Masalan, Yahova Xanna, Dovud, Ilyos va boshqa sadoqatli xizmatchilarining sidqidildan qilgan ibodatlariga javob berganida Iso Uning oldida bo‘lgan. (1 Shoh. 1:10, 11, 20; 3 Shoh. 19:4–6; Zab. 32:5) Shuning uchun ham u shogirdlarini tez-tez va ishonch bilan ibodat qilishga chorlagan. (Mat. 7:7–11)

4. Isoning ibodatlaridan nimani o‘rgansak bo‘ladi?

4 Ibodat qilishda Iso shogirdlariga o‘rnak qoldirgan. U butun xizmati davomida tez-tez ibodat qilgan. Iso ko‘pincha band va atrofida ko‘p odamlar bo‘lganiga qaramay bunga vaqt ajratgan. (Mark 6:31, 45, 46) U yolg‘iz qolib ibodat qilish uchun hatto sahar uyg‘ongan. (Mark 1:35) Masalan, bir safar u muhim qaror chiqarishdan oldin kechasi bilan ibodat qilgan. (Luqo 6:12, 13) Shuningdek, yer yuzidagi vazifasining eng qiyin qismini bajarishdan avval, o‘limidan oldingi kechada u qayta-qayta Yahovaga ibodat qilgan. (Mat. 26:39, 42, 44)

5. Ibodat qilish borasida Isodan qanday o‘rnak olsak bo‘ladi?

5 Isoning o‘rnagidan qanchalik band bo‘lmaylik, ibodat uchun vaqt ajratish kerakligini bilib olyapmiz. Unga o‘xshab biz ham ibodat qilish uchun vaqt topishimiz lozim. Masalan, buni saharda yoki uxlashdan avval kechki payt qilsak bo‘ladi. Shu yo‘sin, bu o‘zgacha hadya uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsatamiz. Lin ismli opamiz ibodat qilish sharafi haqida ilk bor eshitganida rosa minnatdor bo‘lganini eslaydi. U shunday bo‘lishdi: «Yahovaga xohlaganimda ibodat qilishim mumkinligini bilganimda, U yaqin Do‘stimga aylangan va ibodatlarimni yaxshilamoqchi bo‘lganman». Shubhasizki, bu tuyg‘ular ko‘pchiligimizga tanish. Shunday ekan, keling, ibodatlarimizga kiritishimiz mumkin bo‘lgan beshta narsaga e’tibor qarataylik.

IBODATLARIMIZGA KIRITISHIMIZ MUMKIN BO‘LGAN BESHTA MUHIM NARSA

6. Vahiy 4:10, 11 ga ko‘ra, Yahova nimaga loyiq?

6 Yahovani ulug‘lash. Havoriy Yuhanno hayratomuz vahiyda osmonda Xudoga topinayotgan 24 ta oqsoqolni ko‘rgandi. Ular Yahovani ulug‘lab, U «shon-sharaf va kuch-qudratni egallashga loyiq» deb aytishardi. (Vahiy 4:10, 11 ni o‘qing.) Sadoqatli farishtalar ham Yahovaga shon-sharaf keltirish uchun juda ko‘p sabablarga ega. Ular U bilan birga osmonda va Uni juda yaxshi bilishadi. Qolaversa, Uning ishlarida fazilatlari qanday mujassam bo‘layotganini ko‘rishadi. Yahova qanday yo‘l tutayotganini ko‘rish, farishtalarni Uni ulug‘lashga undaydi. (Ayub 38:4–7)

7. Nima sababli Yahovani ulug‘lashimiz mumkin?

7 Ibodatlarimizda Yahovani ulug‘lashimiz lozim. Buning uchun Uni nega yaxshi ko‘rishimizni va qadrlashimizni aytsak bo‘ladi. Muqaddas Kitobni o‘qiganda va tadqiq qilganda, ayniqsa, sizga yoqadigan fazilatlarini aniqlashga intiling. (Ayub 37:23; Rim. 11:33) Keyin ular borasida nimalarni his qilayotganingizni U bilan bo‘lishing. Qolaversa, Xudo bizga va barcha imondoshlarimizga yordam berayotgani uchun Uni sharaflang. Chunki U bizga tinmay g‘amxo‘rlik qilib, O‘z panohida asrayapti. (1 Shoh. 1:27; 2:1, 2)

8. Nimalar uchun Yahovaga rahmat aytsak bo‘ladi? (1 Salonikaliklarga 5:18)

8 Yahovaga minnatdorchilik bildirish. Yahovaga ibodatda minnatdorchilik bildirish uchun ko‘p sabablarimiz bor. (1 Salonikaliklarga 5:18 ni o‘qing.) Biz ega bo‘lgan har qanday yaxshi narsa uchun Unga rahmat aytsak bo‘ladi. Sababi, yaxshi va mukammal hadyalarning barchasi Undandir. (Yoqb. 1:17) Masalan, go‘zal yer yuzi va ajoyib ijodlar uchun Unga minnatdorchilik izhor qilishimiz mumkin. Yoki hayotimiz, oilamiz, do‘stlarimiz va umidimiz uchun ham rahmat aytsak bo‘ladi. Qolaversa, Yahova Uning qadrdon do‘sti bo‘lishimizga yo‘l qo‘ygani uchun minnatdorchilik bildirishni xohlaymiz.

9. Nega Yahovaga tinmay minnatdorchilik bildirishimiz kerak?

9 Har birimiz Yahovadan minnatdor ekanimizning sabablari haqida o‘ylash uchun jon kuydirishimiz kerak. Chunki noshukur dunyoda yashayapmiz. Ko‘pincha odamlar nuqul o‘zi xohlagan narsalarga qanday erishish haqida o‘ylaydi, lekin ega bo‘lgan narsalari uchun minnatdorchilik bildirmaydi. Biz ular kabi fikr yuritishni boshlasak, ibodatlarimiz shunchaki talablar ro‘yxatiga aylanib qolishi mumkin. Buning oldini olish maqsadida Yahova biz uchun qilayotgan hamma narsadan minnatdor bo‘lib, buni izhor qilishimiz darkor. (Luqo 6:45)

Yahovaga minnatdorchilik bildirish sabr-bardoshli bo‘lishimizga ko‘maklashadi (10-xatboshiga qarang.)

10. Minnatdorchilik ruhi bir opamizga sabr-bardoshli bo‘lishga qanday yordam bergan? (Rasmga ham qarang.)

10 Minnatdorchilik ruhi qiyinchiliklarni yengishimizga yordam berishi mumkin. Keling, «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2015-yil 15-yanvar sonidagi Kyon-suk opamizning misolini ko‘rib chiqaylik. Unga o‘pka saratoni tashxisi qo‘yilgandi. Opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «Sog‘ligim haqidagi bu xabar men uchun qattiq zarba bo‘ldi. O‘zimni xuddi barcha narsadan mahrum bo‘lganday his qildim va nihoyatda qo‘rqib ketgandim». Unga qiyinchilikni yengishga nima yordam berdi? Kyon-suk har kuni kechasi uxlashdan oldin uyining tomiga chiqib, ovoz chiqarib ibodat qilardi va o‘sha kuni sodir bo‘lgan beshta narsa uchun rahmat aytardi. Keyin u taskin topib, Yahovaga bo‘lgan sevgisini izhor qilardi. Opamiz Yahova sodiq xizmatchilarini qiyinchilik paytida ham qo‘llab-quvvatlashini ko‘rdi va hayotda muammolardan ko‘ra barakalar ko‘proq ekanini anglab yetdi. Demak, hatto qiyinchiliklar girdobida bo‘lsak ham Yahovaga rahmat aytish uchun ko‘p sabablarimiz bor. Ibodatda minnatdorchilikni izhor qilish sabr-bardoshli bo‘lishimizga va xotirjamlikni saqlashimizga yordam beradi.

11. Iso osmonga qaytganidan keyin nega shogirdlari jasoratli bo‘lishi kerak edi?

11 Xizmatda jasoratli bo‘lish uchun Yahovadan yordam so‘rash. Iso osmonga qaytishidan sal oldin shogirdlariga «Quddusda, butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar» u haqda shohidlik berishlari kerakligini eslatgan. (Havor. 1:8; Luqo 24:46–48) Ko‘p vaqt o‘tmay, yahudiy din rahbarlari havoriy Butrus va Yuhannoni hibsga olishgan va ularni Oliy Kengashga olib borishgan. Ular bu sodiq kishilarga va’z qilishni man etib, hatto tahdid qilishgan. (Havor. 4:18, 21) Xo‘sh, Butrus bilan Yuhanno nima qilishgan?

12. Havoriylar 4:29, 31 ga ko‘ra, shogirdlar nima qilishdi?

12 Butrus bilan Yuhanno ularga tahdid qilgan yahudiy din rahbarlariga javoban: «O‘zlaringiz o‘ylab ko‘ringlar, Allohning nazarida Unga emas, sizlarga quloq solish adolatdanmi? Bizlar esa ko‘rgan-eshitganlarimizni aytmay turolmaymiz»,— deb aytishdi. (Havor. 4:19, 20) Ular ozod bo‘lganidan keyin shogirdlar birga yig‘ilib, Yahovaning irodasini bajarish haqida ibodat qilishdi. Ular shunday deyishdi: «Kalomingni gapirish uchun qullaringga jasorat ato et». Yahova ularning samimiy ibodatiga javob berdi. (Havoriylar 4:29, 31 ni o‘qing.)

13. Jin-xuk birodarning misolidan qanday saboq olyapmiz?

13 Hukumat tomonidan va’z qilish man etilganida biz ham o‘sha shogirdlarga taqlid qilib xizmatimizni davom ettiramiz. Betaraflik saqlagani uchun qamoqda bo‘lgan Jin-xuk birodarning misoliga nazar solaylik. Unga mahbuslarga oziq-ovqat va boshqa narsalarni yetkazib berish vazifasi topshirilgan edi. Lekin boshqa mavzular, jumladan, Muqaddas Kitob borasida gapirish ruxsat etilmagandi. Birodarimiz ibodat qilib, imkon tug‘ilganda jasorat va muloyimlik ila haqiqatni ayta olishni Xudodan so‘ragan. (Havor. 5:29) U shunday deb bo‘lishdi: «Yahova jasorat va donolik so‘rab qilgan ibodatlarimga javob bergan. Ko‘p odamlar bilan kamera eshigi oldida besh daqiqali tadqiqlar boshlaganman. Kechki payt ular uchun xatlar yozardim va ertasiga ularni berardim». Biz ham Yahova xizmatimizni bajarishga yordam berishiga amin bo‘lishimiz mumkin. Jin-xuk birodar kabi Xudodan jasorat va donolik so‘rasak bo‘ladi.

14. Qiyinchiliklar bilan kurashayotganda bizga nima yordam berishi mumkin? (Zabur 37:3, 5)

14 Qiyinchiliklar bilan kurashish uchun Yahovadan yordam so‘rash. Ko‘pchiligimiz jismoniy yoki hissiy kasalliklar sababli azob chekyapmiz. Yaqinimizdan ayrilyapmiz, oiladagi qiyin vaziyat bilan kurashyapmiz, ta’qib qilinyapmiz yoki boshqa muammolarga duch kelyapmiz. Bunisi yetmagandek, pandemiya va urushlar dastidan azob chekyapmiz. Bunday paytda qalbingizni Yahovaga to‘kib-soling, yaqin do‘stingizga murojaat qilgandek Unga bor vaziyatingiz to‘g‘risida aytib bering. Shunga amin bo‘lingki, Yahova foydangizni ko‘zlab ish tutadi. (Zabur 37:3, 5 ni o‘qing.)

15. Qanday qilib ibodat «qayg‘uli paytlarda sabr-bardoshli» bo‘lishga ko‘maklashadi? Misol keltiring.

15 Doimo ibodat qilish «qayg‘uli paytlarda sabr-bardoshli» bo‘lishga ko‘maklashadi. (Rim. 12:12) Yahova xizmatchilari nimalarni boshdan kechirayotganini yaxshi biladi. U faryodimizni eshitadi. (Zab. 145:18, 19) 29 yoshli Kristi ismli kashshof opamiz bu chindan ham shunday ekaniga amin bo‘ldi. Kutilmaganda uning sog‘ligi yomonlashdi. Natijada u depressiyaga tushib qoldi. Keyinchalik esa onasi ham og‘ir kasallikka chalindi. Kristi shunday bo‘lishdi: «Kuchli bo‘lish uchun har kuni Yahovaga ibodat qilardim. Doim yig‘ilishlarga borishga va shaxsiy tadqiq o‘tkazishga jon kuydirardim. Ibodatlar qora kunlarimda juda asqatdi. Yahova hamisha men bilan edi. Bu tufayli o‘zimni yaxshiroq his qilardim. Garchi tezda sog‘ayib ketmagan bo‘lsam ham Yahova tinchlik va xotirjamlik saqlashimga ko‘maklashib, ibodatlarimga javob berardi». Keling, Yahova «xudojo‘y kishilarni sinovlardan qanday qutqarishni» bilishini doim yodda tutaylik. (2 Butr. 2:9)

Vasvasaga qarshi turish uchun 1) Yahovadan yordam so‘rang, 2) ibodatlaringizga yarasha yo‘l tuting va 3) Xudo bilan munosabatlaringizni mustahkamlang (16-, 17-xatboshilariga qarang.)

16. Vasvasaga qarshi turish uchun nega Yahovaning yordamiga muhtojmiz?

16 Vasvasaga qarshi turish uchun Yahovadan yordam so‘rash. Nomukammal bo‘lganimiz uchun noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasi bilan doim kurashishimiz lozim. Shayton bu kurashda mag‘lub bo‘lishimiz uchun qo‘lidan kelganini qilyapti. Masalan, u axloqsiz o‘yin-kulgilar orqali ongimizni zaharlashga intiladi. Bunday o‘yin-kulgilar tufayli xayolimiz nopok fikrlar bilan bulg‘anishi mumkin. Ular esa o‘z navbatida ichki dunyomizga ta’sir qilib, jiddiy gunohga yetaklashi hech gap emas. (Mark 7:21–23; Yoqb. 1:14, 15)

17. Qay yo‘sin ibodatlarimizga yarasha yo‘l tuta olamiz? (Rasmga ham qarang.)

17 Noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasiga qarshi turish uchun Yahovaning ko‘magiga muhtojmiz. Iso namunali ibodatida Xudodan shunday so‘ragan: «Vasvasaga berilib ketishimizga yo‘l qo‘yma, Shaytondan xalos et». (Mat. 6:13) Yahova bizga yordam bermoqchi, ammo bu haqda o‘zimiz ham Undan so‘rashimiz muhim. Qolaversa, ibodatlarimizga yarasha yo‘l tutishimiz lozim. Bu yovuz dunyo to‘lib-toshgan yomon narsalarni o‘qishdan va tinglashdan o‘zimizni iloji boricha asrashimiz kerak. (Zab. 97:10) Muqaddas Kitobni o‘qib, uni tadqiq qilish orqali fikr-xayollarimizni pok saqlay olamiz. Yig‘ilishlarga borish va xizmat qilish ham ongimizni himoya qiladi. Darhaqiqat, Yahova dosh bera olmaydigan darajada vasvasa qilinishimizga yo‘l qo‘ymaydi. (1 Kor. 10:12, 13)

18. Ibodat masalasida barchamiz nima qilishimiz lozim?

18 Bu mushkul oxirzamonda Yahovaga sadoqatli qolishimiz uchun ibodat qilish har qachongidan ham muhimdir. Har kuni chin dildan ibodat qilish uchun vaqt ajrating. Xudo yuragimizni Unga to‘kib solishimizni istaydi. (Zab. 62:8) Yahovani ulug‘lang va Uning barcha ishlari uchun rahmat ayting. Qolaversa, xizmatda jasoratli bo‘lish, muammolarni yengish va, ehtimol, siz duch kelayotgan vasvasaga qarshi turish uchun Undan yordam so‘rang. Hech kim va hech narsa sizni muntazam ravishda Xudoga murojaat qilishdan to‘xtatishiga yo‘l qo‘ymang. Qay yo‘sin Yahova ibodatlarimizga javob beradi? Ushbu muhim savolga keyingi maqolada javob topamiz.

42-QO‘SHIQ Alloh xizmatchisining ibodati

a Ibodatlarimiz qadrdon do‘stimizga chin dildan yozilgan xatday bo‘lishini xohlaymiz. Lekin ibodat qilish uchun vaqt topish doim ham oson bo‘lmasligi mumkin. Hatto nima haqida ibodat qilishni bilmasmiz. Ushbu maqolada bu ikkita muhim masala borasida so‘z yuritiladi.