24-TADQIQ MAQOLASI
Ma’naviy maqsadlaringizga yerisha olasiz
Yaxshilik qilishda taslim bo‘lmaylik. Agar bo‘shashmasak, o‘z vaqtida hosilini o‘rib olamiz. (GALAT. 6:9)
84-QO‘SHIQ Ehtiyoj bor joyga shoshamiz
BU MAQOLADA a
1. Ko‘pchiligimiz qanday qiyinchilikka duch kelyapmiz?
SIZ ham ma’naviy maqsad qo‘yib unga erishish uchun jon kuydirganmisiz? b Agar shunday bo‘lsa, siz yolg‘iz emassiz. Misol uchun, Filip ibodatlarining sifatini va muntazamligini yaxshilashni istagan. Lekin bunga vaqt topishga qiynalgan. Erika esa va’zgo‘ylik xizmati uchrashuvlariga o‘z vaqtida borishni maqsad qilib qo‘ygan. Lekin u deyarli har bir uchrashuvga kechikib kelgan. Tomas Muqaddas Kitobni butunlay o‘qib chiqishga bir necha marta harakat qilgan. U shunday dedi: «Muqaddas Kitobni o‘qish menga yoqmasdi. Uni o‘qib chiqishga uch marta harakat qildim. Ammo har safar Levilar kitobiga kelganimda to‘xtab qolardim».
2. Maqsadimizga erisha olmayotgan bo‘lsak, nega ruhimizni tushirmasligimiz lozim?
2 Maqsadingiz bor bo‘lsa-yu, unga erisha olmayotgan bo‘lsangiz, iltimos, ruhingizni tushirmang. Hatto kichkina maqsadlar ham odatda vaqt hamda ko‘p mehnat talab etadi. Maqsadingizga erishmoqchi ekaningiz, Yahova bilan munosabatlaringizni qadrlayotganingizni va Unga o‘zingizda bor eng yaxshisini bermoqchi ekaningizni ko‘rsatyapti. Yahova harakatlaringizni juda qadrlaydi. Albatta, Xudo qo‘lingizdan kelmaydigan narsani sizdan talab qilmaydi. (Zab. 103:14; Mixo 6:8) Shunga siz erisha oladigan maqsadni qo‘ying. Unga erishish uchun nima qila olasiz? Keling, ayrim maslahatlarni ko‘rib chiqaylik.
KUCHLI ISTAK MUHIM AHAMIYATGA EGA
3. Nega kuchli istak muhim ahamiyatga ega?
3 Ma’naviy maqsadlarga erishish uchun kuchli istakka ega bo‘lish zarur. Xohishimiz kuchli bo‘lganda maqsadga erishish uchun jon kuydiramiz. Bunday istakni yelkanli qayiqni harakatga keltiradigan shamolga o‘xshatsa bo‘ladi. Shamol esganda qayiqchi o‘z manziliga yetib boradi. Shamol kuchli bo‘lganda esa u bundan ham tezroq yetib oladi. Shunga o‘xshab, xohishimiz qanchalik kuchli bo‘lsa, maqsadimizga shunchalik tezroq erishish mumkin. Salvadordagi Deyvid shunday dedi: «Xohishimiz kuchli bo‘lsa, ko‘proq harakat qilamiz va maqsadimizga erishishga hech narsa xalaqit bermasligiga intilamiz». Xo‘sh, xohish kuchli bo‘lishi uchun nima qila olamiz?
4. Nima haqida ibodat qilishimiz kerak? (Filippiliklarga 2:13) (Rasmga ham qarang.)
4 Kuchli istak so‘rab ibodat qiling. Yahova muqaddas ruhi orqali maqsadimizga erishish uchun bizda istak uyg‘otishi mumkin. (Filippiliklarga 2:13 ni o‘qing.) Maqsad qo‘yishimiz kerakligini bilamiz, shuning uchun ba’zida uni qo‘yamiz va bu yaxshi. Lekin unga erishishni unchalik istamasmiz. Ugandada yashovchi Norina bilan ham xuddi shunday bo‘lgan. U kim bilandir Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tishni maqsad qilib qo‘ygan. Ammo o‘zini ta’lim berishda unchalik qobiliyatli emas, deb hisoblagani uchun istagi susayib qolgan. Bunda unga nima yordam bergan? U shunday dedi: «Kim bilandir Muqaddas Kitob tadqiqini boshlash istagini oshirish uchun har kuni Yahovaga ibodat qildim. Qolaversa, ibodatlarimga hamohang tarzda ta’lim berish qobiliyatimni yaxshilashga harakat qildim. Bir necha oy o‘tgach, istagim kuchayganini sezdim. Shuningdek, o‘sha yilning o‘zida ikkita tadqiq boshladim».
5. Istagimizni kuchaytirish uchun nima haqida mulohaza yuritsak bo‘ladi?
5 Yahovaning siz uchun qilgan ishlari haqida mulohaza yuriting. (Zab. 143:5) Havoriy Pavlus Yahovaning unga ko‘rsatgan inoyati ustida mulohaza yuritgan va bu uni U uchun bel bog‘lab mehnat qilishga undagan. (1 Kor. 15:9, 10; 1 Tim. 1:12–14) Shunga o‘xshab, Yahovaning siz uchun qilgan ishlari haqida qancha ko‘p mulohaza yuritsangiz, maqsadingizga erishish istagi ham shuncha kuchayadi. (Zab. 116:12) Keling, Gondurasdagi bir opamizga doimiy kashshof bo‘lish maqsadiga erishishga nima yordam berganini ko‘rib chiqaylik. U shunday bo‘lishdi: «Yahova meni qanchalik yaxshi ko‘rishi borasida fikr yuritardim. U menga oilasining bir a’zosi bo‘lishga imkon berdi. Qolaversa, Yahova menga g‘amxo‘rlik qilib, himoyalayapti. Bular ustida mulohaza yuritish Unga bo‘lgan sevgimni mustahkamlab, kashshof bo‘lish xohishimni kuchaytirdi».
6. Istagimizni kuchaytirishga yana nima yordam berishi mumkin?
6 Erishadigan maqsadingizning barakalariga diqqat qarating. Yuqorida tilga olingan Erika va’zgo‘ylik xizmati uchrashuviga vaqtida kelish maqsadiga erishishga nima yordam bergani haqida shunday bo‘lishdi: «Kech qolib ko‘p narsalardan mahrum bo‘layotganimni tushundim. Ertaroq kelsam birodar-u opa-singillar bilan so‘rashib, birga vaqt o‘tkaza olar ekanman. Qolaversa, xizmatimni yaxshilashga va xursandchilik topishimga yordam beradigan foydali maslahatlarni eshitishim mumkin». Erika uchrashuvga vaqtida kelishning foydali tomonlariga diqqat qaratib, maqsadiga erishdi. Siz-chi, qanday barakalarga ko‘z tika olasiz? Aytaylik, maqsadingiz Muqaddas Kitobni o‘qish yoki ibodat qilish bilan bog‘liq. Unda bu Yahova bilan munosabatlaringizni qay yo‘sin mustahkamlashi haqida fikr yuriting. (Zab. 145:18, 19) Bordi-yu, biron fazilatni rivojlantirishni maqsad qilayotgan bo‘lsangiz, u boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlaringizni qanday yaxshilashi haqida o‘ylab ko‘ring. (Kolos. 3:14) Maqsadingizga erishmoqchi ekaningizning barcha sabablarini yozib qo‘ying va doim ularni ko‘zdan kechiring. Yuqorida tilga olingan Tomas quyidagicha bo‘lishdi: «Maqsadimga erishish uchun qancha ko‘p sababim bo‘lsa, unga erishish uchun shuncha ko‘p harakat qilaman».
7. Xulio va rafiqasiga maqsadiga erishishga nima yordam bergan?
7 Maqsadingizga erishishga undaydigan insonlar bilan vaqt o‘tkazing. (Hik. 13:20) Xulio va uning rafiqasiga xizmatini kengaytirish maqsadiga erishishga nima yordam berganiga diqqat qarating. Xulio shunday dedi: «Biz maqsadimizga erishishga undaydigan insonlar bilan do‘stlashdik va ular bilan bu to‘g‘risida suhbatlashardik. Ularning aksariyati xuddi shunday maqsadlarga erishgan. Shuning uchun ular bizga foydali maslahatlar bera olishardi. Shuningdek, do‘stlarimiz rejalarimiz qanday rivoj olayotgani bilan qiziqishardi va kerak bo‘lganida bizga dalda berishardi».
ISTAGIMIZ BO‘LMAGANIDA
8. Agar xohishimiz bo‘lgandagina maqsadimiz sari intilsak nima yuz berishi mumkin? (Rasmga ham qarang.)
8 To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, ba’zida istagimiz bo‘lmasligi mumkin. Bu maqsadimizga erishish uchun hech narsa qila olmasligimizni bildiradimi? Yo‘q. Ushbu misolga e’tibor bering: shamol kuchli bo‘lgani uchun yelkanli qayiq manziliga yeta oladi. Lekin shamolning kuchi turlicha bo‘lishi va ba’zida u hatto esmasligi mumkin. Bu qayiqchini harakatdan to‘xtatadimi? Yo‘q. Masalan, ba’zi yelkanli qayiqlarning motori va eshkaklari bo‘ladi. Qayiqchi ulardan foydalanib, qayiqni manziliga olib boradi. Bizning istagimizni ham shamolga o‘xshatsa bo‘ladi va ba’zida u juda kuchli bo‘ladi. Ammo ayrim paytlarda maqsadimizga erishish uchun hech qanday istakni his qilmasmiz. Agar faqat xohishimiz bo‘lgandagina maqsadimiz sari intilsak, unga hech qachon erisha olmasligimiz mumkin. Qayiqchi manziliga yetish uchun turli usullardan foydalangani kabi biz ham istagimiz bo‘lmaganida maqsadimizga erishish uchun jon kuydirishdan to‘xtamaymiz. Bu shaxsiy intizomni talab qilishi tayin. Lekin buning natijasi arziydi. Keling, nima qila olishimizni muhokama qilishdan oldin bir savolga javob topaylik.
9. Biron maqsad sari intilish istagimiz bo‘lmaganda ham uni chetga surib qo‘yishimiz kerakmi? Tushuntiring.
9 Yahova biz baxtiyor bo‘lib, Unga bajonidil xizmat qilishimizni xohlaydi. (Zab. 100:2; 2 Kor. 9:7) Xo‘sh, o‘zimizni bunday his qilmasak ma’naviy maqsad sari intilmasligimiz kerakmi? Havoriy Pavlusning misoliga e’tibor qarataylik. U: «Tanamni savalab, uni qulday nazorat qilyapman»,— deb aytgan. (1 Kor. 9:25–27) Pavlus Yahova undan istagan narsani qilishni xohlamaganida ham o‘zini bunga majburlagan. Qiziq, bu Yahovaga ma’qul bo‘lganmi? Albatta! Buning ustiga, Yahova uning harakatlariga baraka bergan. (2 Tim. 4:7, 8)
10. Istagimiz bo‘lmasa-da maqsadimiz sari intilsak, bundan qanday foyda olamiz?
10 Xuddi shunday, istagimiz bo‘lmaganida ham maqsadimiz sari intilsak Xudo bundan mamnun bo‘ladi. Yahova biron-bir ishni doim yaxshi ko‘rib qilmasak-da, bundan quvonadi. Sababi, buni Uni yaxshi ko‘rganimiz uchun qilayotganimizni biladi. U Pavlusga baraka berganidek, bizga ham harakatlarimiz uchun baraka beradi. (Zab. 126:5) Yahovaning barakalarini ko‘rganimizda istagimiz paydo bo‘lishi mumkin. Polshadan bo‘lgan Lusina shunday dedi: «Ba’zida, ayniqsa, charchaganimda va’zgo‘ylik xizmatiga chiqishni istamayman. Lekin xizmatga chiqib kelganimdan keyin juda xursand bo‘laman». Endi esa keling, xohishimiz bo‘lmaganida nimalar qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.
11. Yahova o‘zini tuta bilish fazilatini rivojlantirishimizga qay yo‘sin yordam bera oladi?
11 O‘zini tuta bilish fazilatini so‘rab ibodat qiling. O‘zini tuta bilish tuyg‘ularni va harakatlarni nazorat qilish qobiliyatidir. U ko‘pincha inson o‘zini yomonlikdan tiyishini anglatadi. Ammo o‘zini tuta bilish bizni, ayniqsa, biron vazifa qiyin bo‘lganida yoki xohishimiz bo‘lmaganida yaxshilik qilishga ham undaydi. Shuni unutmasligimiz lozimki, o‘zini tuta bilish — muqaddas ruh samarasining bir qismi. Shu bois ushbu muhim fazilatni rivojlantirishga yordam berishi uchun Yahovadan muqaddas ruh so‘rang. (Luqo 11:13; Galat. 5:22, 23) Yuqorida tilga olingan Deyvid ibodat unga qanday ko‘maklashgani bilan bo‘lishdi. U shaxsiy tadqiqni muntazam ravishda o‘tkazmoqchi edi. Deyvid shunday dedi: «Men Yahovaga ibodat qilib, o‘zini tuta bilish fazilatini rivojlantirishga yordam berishini so‘radim. Uning yordami bilan qiziqarli shaxsiy tadqiq dasturini boshlab, uni muntazam ravishda o‘tkaza oldim».
12. Voiz 11:4 dagi prinsip ma’naviy maqsadlar bilan qanday bog‘liq?
12 Ideal sharoitlarni kutmang. Bu dunyoda ideal sharoitlar bo‘lishini kutmasligimiz zarur. Buni kutib o‘tirsak, hech qachon maqsadimizga erishmaymiz. (Voiz 11:4 ni o‘qing.) Deniyel birodar shunday dedi: «Ideal sharoitning o‘zi yo‘q. Shu bois shunchaki o‘tirmay harakat qilishni boshlash kerak». Ugandada yashovchi Paul birodar ma’naviy maqsad sari intilishni ortga surmaslikning yana bir sababini keltirib, shunday dedi: «Qiyin vaziyatga qaramay maqsadlar sari intilsak, Yahova bizga baraka yog‘dirishiga imkon beramiz». (Mal. 3:10)
13. Nima uchun kichik narsalardan boshlash foydali?
13 Kichik narsalardan boshlang. Maqsadimizga erishish qiyin tuyulgani uchun unga erishishni istamasmiz. Agar sizda ham shunday bo‘lsa, maqsadingizni kichik qismlarga bo‘lsangiz-chi?! Deylik, qaysidir fazilatni rivojlantirmoqchisiz. Ehtimol, buni kichik yo‘llar orqali namoyon etishni boshlarsiz. Yoki Muqaddas Kitobni butunlay o‘qib chiqmoqchisiz. Balki uni oz-ozdan o‘qishni boshlarsiz. Muqaddas Kitobni bir yil mobaynida o‘qib chiqishga qiynalgan Tomasni eslaylik. U shunday dedi: «Kalomni juda tez o‘qiyotganimni tushundim. Shuning uchun yana boshqatdan boshlashga qaror qildim. Lekin bu safar har kuni bir nechta oyatni o‘qib, ular ustida mulohaza yuritardim. Natijada uni o‘qish menga zavq keltirardi». Kalomni o‘qish Tomasga yoqqani uchun uni yanada ko‘proq o‘qiy boshladi. Shunday qilib, u butun Muqaddas Kitobni o‘qib chiqdi c.
TO‘SIQLAR TUFAYLI RUHINGIZNI TUSHIRMANG
14. Qanday to‘siqlarga duch kelishimiz mumkin?
14 Afsuski, istagimiz kuchli bo‘lishidan yoki o‘zini tuta bilish fazilatini rivojlantirganimizdan qat’i nazar turli to‘siqlarga uchrashimiz mumkin. Masalan, «vaqt va tasodif» maqsadimizga intilish uchun sarflaydigan vaqtimizni o‘g‘irlashi mumkin. (Voiz 9:11) Qiyinchiliklarga duch kelganimiz uchun ruhimiz tushishi yoki o‘zimizni kuchsizday his qilarmiz. (Hik. 24:10) Nomukammal bo‘lganimiz sababli xatolar qilishimiz va bu maqsadimizga erishishni qiyinlashtirishi hech gap emas. (Rim. 7:23) Yo bo‘lmasa, shunchaki charchagan bo‘lishimiz mumkin. (Mat. 26:43) Bunday to‘siqni yoki yomon kunni ortda qoldirishga bizga nima yordam beradi?
15. To‘siq paydo bo‘lishi yutqizganimizni anglatadimi? Tushuntiring. (Zabur 145:14)
15 Unutmangki, hech bir to‘siq yutqizganingizni anglatmaydi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, biz qayta-qayta qiyinchiliklarga duch kelib turamiz. Lekin u yerdan Yahovaning yordami bilan maqsadimiz sari intilishimiz mumkinligini ham bilib olyapmiz. (Zabur 145:14 ni o‘qing.) Yuqorida tilga olingan Filip muvaffaqiyat haqida shunday fikr bildirdi: «Muvaffaqiyatim maqsadimga necha marta erisha olmaganim bilan bog‘liq emas. Aksincha, bu necha marta unga erishish uchun qilgan harakatlarimga bog‘liq». Boyagi Deyvid: «To‘siqlarga va yomon kunlarga muammodek qaramaslikka intilaman. Aksincha, buni Yahovaga Uni qanchalik yaxshi ko‘rishimni ko‘rsatish imkoni, deb bilaman»,— dedi. Ha, to‘siqlarga qaramay olg‘a intilsak, Yahovani mamnun qilish istagimiz borligini isbotlaymiz. Maqsad sari intilishda davom etsak Yahovani quvontiramiz.
16. To‘siqlardan qanday saboq olishimiz mumkin?
16 To‘siqqa nimanidir o‘rganish imkonidek qarang. To‘siqqa duch kelganingizda, bu nega yuz bergani haqida o‘ylab ko‘ring va o‘zingizdan shunday so‘rang: «Bunga yana duch kelmaslik uchun nimanidir o‘zgartira olamanmi?» (Hik. 27:12) Ba’zi to‘siqlar maqsadimiz biz uchun imkonsiz ekanini ko‘rsatishi mumkin. Agar sizda ham xuddi shunday bo‘lsa, maqsadingizga erishish imkoni sizda bor-yo‘qligi haqida yana o‘ylab ko‘ring d. Maqsadimizga imkonimiz bo‘lmagani tufayli erisha olmaganimizda, Yahova bizni muvaffaqiyatsiz deb hisoblamaydi. (2 Kor. 8:12)
17. Nega erishgan maqsadlarimizni yodda saqlashimiz lozim?
17 Erishgan maqsadlaringizni yodda saqlang. Muqaddas Kitobda: «Alloh adolatsiz emas. Chunki U... mehnatingizni unutmaydi»,— deb yozilgan. (Ibron. 6:10) Shuning uchun erishgan yutuqlaringizni va maqsadlaringizni yodingizdan chiqarmang va ular haqida fikr yuriting. Masalan, bu Yahova bilan do‘stligingizni rivojlantirganingiz, U haqda boshqalarga aytayotganingiz yoki suvga cho‘mganingiz bo‘lishi mumkin. O‘tmishda jon kuydirib, maqsadingizga erishganingiz kabi hozir ham qo‘ygan ma’naviy maqsadingiz sari intilishda davom eta olasiz. (Filip. 3:16)
18. Maqsad sari intilishda davom etar ekanmiz, nimani unutmasligimiz lozim? (Rasmga ham qarang.)
18 Xuddi qayiqchi baxtiyor bo‘lib manziliga yetib borganidek, Yahovaning ko‘magi bilan siz ham maqsadingizga erisha olasiz. Shuningdek, ko‘p qayiqchilar sayohatidan zavqlanishini yodda tutishimiz lozim. Shu singari, ma’naviy maqsad sari intilishda davom etar ekansiz, Yahova sizga qanday ko‘maklashayotganini va barakalar berayotganini ko‘rishni unutmang. (2 Kor. 4:7) Taslim bo‘lmasangiz, bundan ham ko‘proq barakalarga ega bo‘lasiz. (Galat. 6:9)
126-QO‘SHIQ Mustahkam, hushyor va mard bo‘ling
a Biz doim ma’naviy maqsadlar sari intilishga undalamiz. Lekin biron maqsad qo‘yib, unga erishishga qiynalayotgan bo‘lsak-chi? Ushbu maqolada maqsadlarimizga qay yo‘sin erishishimiz mumkinligi borasida turli maslahatlarni ko‘rib chiqamiz.
b IBORA MA’NOSI. Ma’naviy maqsad Yahovaga yanada ko‘proq xizmat qilish va Uni quvontirish uchun nimanidir yaxshilashni yoki nimagadir erishishni o‘z ichiga oladi. Misol uchun, siz qaysidir fazilatni rivojlantirishni yoki topinishning biror-bir qismini, ya’ni Muqaddas Kitobni o‘qish, shaxsiy tadqiq qilish yoki va’zgo‘ylik xizmatini yaxshilashni maqsad qilib qo‘yarsiz.
d Ko‘proq ma’lumot uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2008-yil 15-iyul sonidagi «Maqsadlarga erishib, quvoning!» nomli maqolaga qarang.