Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

22-TADQIQ MAQOLASI

«Muqaddaslik yo‘li»da yurishda davom yeting

«Muqaddaslik yo‘li»da yurishda davom yeting

U yerdan katta yo‘l o‘tadi, bu yo‘l «Muqaddaslik yo‘li». (ISHAYO 35:8)

31-QO‘SHIQ Allohga hamroh bo‘ling!

BU MAQOLADA a

1, 2. Bobilda yashagan yahudiylar qanday muhim qaror oldida turishgan? (Ezra 1:2–4)

 SHOH farmon chiqardi. Bobilda deyarli 70-yil asirlikda bo‘lgan yahudiylar endi ona yurti Isroilga qaytishi mumkin edi. (Ezra 1:2–4 ni o‘qing.) Bu faqat Yahova tufayli yuz bergan. Nega deganda, odatda bobilliklar hech bir asirni ozod qilmasdi. (Ishayo 14:4, 17) Lekin Bobil zabt etilganidan so‘ng yangi boshqaruvchi yahudiylarni ozod etgan. Natijada har bir yahudiy, ayniqsa, oila boshilari muhim qaror oldida turgan. Ular Bobilda qolishi yoki Isroilga qaytishi mumkin edi. Hoynahoy, bu qarorni chiqarish oson bo‘lmagan. Nima uchun?

2 Keksalik ko‘plarni uzoq safarga chiqishdan to‘xtatgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, ko‘p yahudiylar Bobilda tug‘ilgani uchun u yerdan boshqa joyda yashashmagan. Isroil esa ota-bobolarining yurti bo‘lgan, xolos. Ba’zilar Bobilda boyib ketganga o‘xshaydi. Shuning uchun shinam uyi yoki ishini tashlab, notanish yurtga borish ularga qiyinchilik tug‘dirgan bo‘lishi mumkin.

3. Isroilga qaytadigan yahudiylarni qanday baraka kutgan?

3 Sadoqatli yahudiylar Isroilga qaytishsa, ehtimol, qilingan fidoyiliklarga qaraganda ko‘proq barakalar olishini tushunishgan. Yahovaga topinish ular uchun eng katta baraka bo‘lardi. Sababi, Bobilda butparastlarning 50 dan oshiq ibodatxonasi bo‘lgan bo‘lsa-da, Yahovaning ma’badi yo‘q edi. Shuningdek, isroilliklar Musoning Qonunida talab etilgan qurbonliklarni keltirishi uchun na qurbongoh, na ruhoniylar bor edi. Qolaversa, u yerda Yahovani va Uning me’yorlarini nazar-pisand qilmaydigan butparast odamlar juda ko‘p edi. Shuning uchun minglab xudojo‘y yahudiylar ona yurtiga qaytib, pok topinishni yana tiklashni sabrsizlik bilan kutishgan.

4. Yahova Isroilga qaytadigan yahudiylarga qanday yordam berishni va’da qilgan?

4 Bobildan Isroilgacha taxminan to‘rt oyda yetib olish mumkin edi va bu mushkul safar bo‘lgan. Lekin Yahova isroilliklar yo‘lda uchrashi mumkin bo‘lgan har qanday to‘siqni bartaraf etishni va’da qilgan. Ishayo payg‘ambar shunday yozgan: «Yahovaga yo‘l hozirlanglar! Tangrimiz uchun cho‘lda tekis yo‘l solinglar... do‘ngliklar tekislansin, o‘nqir-cho‘nqirlar ravon yo‘lga aylansin». (Ishayo 40:3, 4) Cho‘lda tekis va ravon yo‘lni bir tasavvur qiling. U yo‘lovchilar uchun katta baraka bo‘lardi. Ularga tog‘lar-u tepaliklar emas, balki ravon va tekis yo‘ldan yurish osonroq bo‘lardi. Buning ustiga ular manzilga tezroq yetib olishardi.

5. Bobildan Isroilgacha bo‘lgan majoziy yo‘lning nomi qanday?

5 Bugungi kunda ko‘p yo‘llarning nomi va raqami bor. Ishayo yozgan majoziy yo‘lning ham nomi bo‘lgan. Ishayo: «U yerdan katta yo‘l o‘tadi, bu yo‘l “Muqaddaslik yo‘li” deb ataladi. Nopok odam undan yurmaydi»,— deb yozgan. (Ishayo 35:8) Ushbu va’da ona yurtiga qaytgan isroilliklar uchun nimani anglatgan? Bizga-chi, bu qanday taalluqli?

«MUQADDASLIK YO‘LI» — OLDIN VA HOZIR

6. Nima uchun bu yo‘l muqaddas deb atalgan?

6 «Muqaddaslik yo‘li» katta yo‘lga berilgan ajoyib nomdir. Nega u muqaddas deb atalgan? Sababi, qayta tiklangan Isroilda axloqsizlik, butparastlik va boshqa og‘ir gunohga qo‘l urgan hech bir «nopok odam»ga o‘rin yo‘q edi. Isroilga qaytayotgan yahudiylar Yahovaning «muqaddas xalqi» bo‘lishi kerak edi. (Qonun. 7:6) Lekin bu Bobilni tark etgan yahudiylar Yahovani mamnun qilish uchun hech qanday o‘zgarish qilmasligi kerakligini anglatmasdi.

7. Ba’zi yahudiylar qanday o‘zgarishlar qilishi kerak edi? Misol keltiring.

7 Yuqorida aytilganiday, ko‘p yahudiylar Bobilda tug‘ilgan va ular u yerdagilarga o‘xshab yo‘l tutgan hamda o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Isroilga ilk yahudiylar qaytganidan 69-yil o‘tganidan keyin Ezra ayrim yahudiylar butparast ayollarga uylangani haqida eshitib qolgan. (Chiq. 34:15, 16; Ezra 9:1, 2) Keyinchalik, hokim Naximiyo Isroilda tug‘ilgan farzandlar hatto yahudiylarning tilini bilmasligidan hayron qolgan. (Qonun. 6:6, 7; Naxim. 13:23, 24) Ular Xudo Kalomining asosiy qismi yozilgan ibroniy tilini tushunmasa qay yo‘sin Yahovani yaxshi ko‘rib Unga topina olardi?! (Ezra 10:3, 44) Shu bois yahudiylar anchagina o‘zgarishi kerak edi va pok topinish asta-sekin tiklanayotgan Isroilda buni qilish ancha osonroq bo‘lardi. (Naxim. 8:8, 9)

1919-yildan beri millionlab erkaklar, ayollar va bolalar soxta din imperiyasi bo‘lmish Buyuk Bobilni tark etib, «Muqaddaslik yo‘li»da yurishni boshlagan (8- xatboshiga qarang.)

8. Nega asrlar oldin ro‘y bergan hodisalar bizni qiziqtirishi lozim? (Muqovadagi rasmga qarang.)

8 Ba’zilar: «Bu judayam qiziqarli, lekin yahudiylar bilan asrlar oldin yuz bergan voqealarning bizga qandaydir daxli bormi?» — deb aytar. Ha, bor. Sababi, biz ham «Muqaddaslik yo‘li»da yuryapmiz. Moylanganmizmi yoki «boshqa qo‘ylar» qatoriga kiramizmi, barchamiz «Muqaddaslik yo‘li»da qolishni istaymiz. Bu Yahovaga hozir xizmat qilishga va kelajakda Samoviy Shohlik yer yuziga barakalar yog‘dirganida buni qilishda davom etishga yordam beradi b. (Yuhan. 10:16) Mil. 1919-yildan beri millionlab erkaklar, ayollar va bolalar soxta din imperiyasi bo‘lmish Buyuk Bobilni tark etib, ushbu ramziy yo‘lda yurishni boshlagan. Ehtimol, siz ham ulardan birisiz. Bu yo‘l ochilganiga taxminan 100-yil bo‘lgan bo‘lsa-da, uni hozirlash ishi asrlar avval boshlangan.

YO‘LNI HOZIRLASH

9. Ishayo 57:14 ga binoan, «Muqaddaslik yo‘li» qanday hozirlangan?

9 Yahova Bobilni tark etgan yahudiylarning yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlanishiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Ishayo 57:14 ni o‘qing.) Hozirgi «Muqaddaslik yo‘li» haqida-chi, nima desa bo‘ladi? Yahova 1919-yildan bir necha asr avval xudojo‘y insonlardan foydalanib, Buyuk Bobildan chiqish yo‘lini hozirlagan. (Ishayo 40:3 ni solishtiring.) Ular samimiy insonlar Buyuk Bobildan chiqib, Yahova pok topinishni tiklagan ma’naviy jannatga kira olishi uchun kerakli tayyorgarlik ishlarini amalga oshirishgan. Bu tayyorgarlik ishlari nimani o‘z ichiga olgan? Keling, ularning ba’zilarini ko‘rib chiqaylik.

Yuzlab yillar davomida xudotars kishilar Buyuk Bobildan chiqib kelayotganlar uchun yo‘lni hozirlashda yordam bergan (10-, 11- xatboshilariga qarang.)

10, 11. Qay yo‘sin Muqaddas Kitobni chop etish va tarjima qilish ishi undagi ta’limotlar keng yoyilishiga hissa qo‘shgan? (Rasmga ham qarang.)

10 Chop etish. Taxminan 1450-yilgacha Muqaddas Yozuvlardan qo‘lda nusxa ko‘chirilardi. Bunga ko‘p vaqt ketardi. Shuning uchun bunday nusxalar kamyob bo‘lib, juda qimmatbaho edi. Biroq chop etish mashinalari ishga tushgandan keyin Muqaddas Kitobning ko‘pgina nusxalarini nashr etib, odamlarga tarqatish ancha osonroq bo‘ldi.

11 Tarjima qilish. Asrlar mobaynida Muqaddas Kitob asosan lotin tilida mavjud bo‘lgan. Bu tilni faqat o‘qimishli insonlar tushuna olardi. Lekin chop etish ishi rivojlana boshlaganida xudojo‘y insonlar Muqaddas Kitobni ko‘p odamlarga tanish bo‘lgan tillarga tarjima qilish uchun jon kuydirishgan. Bu tufayli insonlar Muqaddas Kitobni o‘qib, bilib olayotganlarini ruhoniylar o‘rgatayotgan ta’limotlar bilan solishtira olardi.

Xudotars kishilar Buyuk Bobildan chiqib kelayotganlar uchun yo‘lni hozirlashda yordam bergan (12–14- xatboshilariga qarang.) c

12, 13. Muqaddas Kitobni tadqiq qilgan samimiy kishilar 19 asrda soxta din ta’limotlarini qanday fosh qilgani borasida misol keltiring.

12 Muqaddas Kitobni tadqiq qilish uchun mo‘ljallangan qo‘llanmalar. Muqaddas Kitobni sinchkovlik ila tadqiq qilgan insonlar u yerdan ko‘p narsani bilib olishgan. Ular bilib olganlarini boshqalar bilan bo‘lishganda ko‘pgina ruhoniylar bundan g‘azablangan. Taxminan 1835-yili bir nechta samimiy kishi cherkovning soxta ta’limotlarini fosh etadigan buklamalar chop etishni boshlagan.

13 Taxminan 1835-yili Genri Gru ismli xudojo‘y kishi o‘lganlarning holati haqida buklama nashr etgan. U Muqaddas Yozuvlar asosida Xudo ba’zi insonlarga o‘lmaslik in’omini ato etishini isbotlagan. Ko‘p cherkovlar esa barcha odamlar o‘lmas jon bilan tug‘ilishiga o‘rgatgan. 1837-yili Jorj Storrz o‘sha buklamani poyezdda ketayotganida topib olgan. Uni o‘qib, u muhim haqiqatni bilib olganiga ishonch hosil qilgan. Keyin buni boshqalar bilan ham bo‘lishgan. 1842-yili u «Yovuz insonlar ham o‘lmaslikka ega bo‘ladimi?» nomli nutqlar majmuini so‘zlagan. Jorj Storrzning izlanishlari yosh bo‘lgan Charlz Teyz Rassellga qattiq ta’sir qilgan.

14. Rassell va uning maslakdoshlari «Muqaddaslik yo‘li» hozirlanishida qilingan ishlardan qanday foyda olishgan? (Rasmga ham qarang.)

14 Birodar Rassell va uning maslakdoshlari «Muqaddaslik yo‘li» hozirlanishida qilingan ishlardan qanday foyda olishgan? Bu kishilar tadqiqlarida ulardan oldin qilingan barcha narsadan, jumladan, Muqaddas Kitobning turli tarjimalari va lug‘atlaridan foydalanishgan. Qolaversa, ular Genri Gru, Jorj Storrz va boshqalarning Muqaddas Kitobga asoslangan izlanishlaridan ko‘p foyda olishgan. Rassell va uning maslakdoshlari ham Muqaddas Kitob ta’limotlari muhokama qilingan ko‘plab kitoblar va buklamalarni nashr etib, ushbu yo‘l hozirlanishiga hissa qo‘shishgan.

15. 1919-yili qanday muhim o‘zgarishlar yuz bergan?

15 1919-yili Xudoning xalqi Buyuk Bobilning ta’siridan ozod bo‘ldi. O‘sha yili «ishonchli va aqlli xizmatkor» xizmatiga kirishdi. Shunda samimiy insonlar yangi ochilgan «Muqaddaslik yo‘li»da yura boshladi. (Mat. 24:45–47) Yo‘lni hozirlashda o‘z hissasini qo‘shgan o‘tmishdagi sadoqatli insonlar tufayli ushbu katta yo‘lga qadam qo‘yganlar Yahovaning niyatlari haqida ko‘proq bilib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. (Hik. 4:18) Shuningdek, ular Yahovaning talablariga mos tarzda hayot kechira boshlashgan. Yahova xizmatchilari birdaniga o‘zgarishini kutmaydi. Aksincha, U ular buni asta-sekin qilishlariga yordam beradi. (« Yahova xalqiga asta-sekin o‘zgarishga yordam beradi» nomli ramkaga qarang.) Xudoni har bir ishimiz bilan mamnun qila olganimizda nihoyatda baxtiyor bo‘lamiz! (Kolos. 1:10)

«MUQADDASLIK YO‘LI» HALIYAM OCHIQ

16. 1919-yildan beri «Muqaddaslik yo‘li»da qanday ishlar olib borilyapti? (Ishayo 48:17; 60:17)

16 Har bir yo‘l yaxshi holatda bo‘lishi uchun tinmay harakat qilish kutiladi. 1919-yildan beri ko‘proq odamlar Buyuk Bobildan chiqib, «Muqaddaslik yo‘li»da yura olishi uchun bu yo‘l ham yaxshilanib kelyapti. Ishonchli va aqlli xizmatkor ishini boshlagan. 1921-yili esa Muqaddas Kitobdagi haqiqatni bilmoqchi bo‘lgan insonlarga yordam berish maqsadida u tadqiq uchun mo‘ljallangan adabiyotni chiqargan. Uning nomi «Ilohiy arfa». U deyarli olti million nusxada, 36 ta tilda nashr etilgan. Ko‘plar uning yordamida haqiqatni bilib olgan. Yaqinda esa Muqaddas Kitobni tadqiq qilishga mo‘ljallangan «Hayotdan toabad zavqlaning!» adabiyoti chiqdi. So‘nggi yillar mobaynida Yahova tashkiloti orqali mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqani berib kelyapti. Bu bizga «Muqaddaslik yo‘li»da yurishga ko‘maklashyapti. (Ishayo 48:17; 60:17 ni o‘qing.)

17, 18. «Muqaddaslik yo‘li» qayerga yetaklaydi?

17 Muqaddas Kitob tadqiqini boshlagan inson «Muqaddaslik yo‘li»da yurish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ba’zilar unda qisqa vaqt yuradi va keyin uni tark etadi. Boshqalar esa manziliga yetmaguncha unda qolishga qat’iy qaror qilgan. Bu qanday manzil ekan?

18 «Muqaddaslik yo‘li» osmonda yashash umidiga ega bo‘lganlarni Allohning osmondagi «jannati»ga yetaklaydi. (Vah. 2:7) Yerda yashash umidiga ega bo‘lganlarni esa 1 000-yillikning oxirida bo‘ladigan mukammallikka yetaklaydi. Agar ushbu yo‘lda yurayotgan bo‘lsangiz, orqaga qaramang. Yangi dunyoga yetaklaydigan sayohatni oxiriga yetkazmaguncha uni tark etmang. Sizga chin dildan oq yo‘l tilaymiz!

24-QO‘SHIQ Yahovaning tog‘iga keling

a Yahova Bobildan Isroilgacha bo‘lgan majoziy yo‘lni «Muqaddaslik yo‘li» deb atagan. Bugungi kunda-chi, U xizmatchilari uchun yo‘l hozirlaganmi? Mil. 1919-yildan beri millionlab insonlar Buyuk Bobildan chiqib, «Muqaddaslik yo‘li»da yuryapti. Oxirgi manzilga yetmagunimizcha har birimiz bu yo‘lda qolishimiz kerak.

c RASMGA SHARH. Birodar Rassell va uning maslakdoshlari ulardan oldin tayyorlangan Muqaddas Kitobni tadqiq qilish uchun mo‘ljallangan qo‘llanmalardan foydalanishgan.