Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

18-TADQIQ MAQOLASI

1-QO‘SHIQ Yahovaning fazilatlari

«Butun yer yuzining» rahm-shafqatli Hakamiga ishoning

«Butun yer yuzining» rahm-shafqatli Hakamiga ishoning

Axir butun yer yuzining Hakami adolatsizlik qila oladimi?! (IBT. 18:25)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Adolatsiz odamlarni tiriltirish borasida Yahova rahm-shafqati hamda adolatini qay yo‘sin namoyon etishi haqida ko‘proq bilib olamiz.

1. Yahova Ibrohimga tasalliga boy qanday saboq bergan?

 IBROHIM PAYG‘AMBAR bu suhbatni hech qachon unutmagan. Xudo farishta orqali Ibrohimga Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlarini yo‘q qilmoqchi ekanini aytgan. O‘shanda bu sadoqatli kishi xavotirga tushgan. U: «Nahotki odil insonlarni yovuzlar bilan yo‘q qilib yuborsang? [...] Axir butun yer yuzining Hakami adolatsizlik qila oladimi?» — deb Xudodan so‘ragan. Yahova bu suyukli do‘stiga sabr ila saboq bergan. Biz ham undan foyda va tasalli olishimiz mumkin. Zero Xudo adolatli insonlarni hech qachon yo‘q qilmaydi. (Ibt. 18:23–33)

2. Yahova odamlarni hukm qilganida, U doim to‘g‘ri yo‘l tutishiga va rahm-shafqat ko‘rsatishiga qay yo‘sin amin bo‘la olamiz?

2 Yahovaning hukmlari adolat va rahm-shafqatga asoslanganiga nega amin bo‘la olamiz? U «insonning qalbiga qaraydi». (1 Shoh. 16:7) Darhaqiqat, Xudo «har bir inson yuragida» nimalar kechayotganini biladi. (3 Shoh. 8:39; 1 Sol. 28:9) Bu ajoyib, shunday emasmi?! Yahova bizdan ancha donoroq, shuning uchun U nega muayyan qarorlar chiqarganini doim ham to‘liq tushunmasligimiz mumkin. Havoriy Pavlus Tangri Yahova haqida ilohiy ilhom ostida shunday degan: «Uning hukmlariga aql bovar qilmas». (Rim. 11:33)

3, 4. Ba’zida bizda qanday savollar tug‘ilishi mumkin va bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz? (Yuhanno 5:28, 29)

3 Shunday bo‘lsa ham gohida bizda Ibrohim payg‘ambarnikiga o‘xshash savollar tug‘ilishi mumkin. Masalan: «Yahova Sado‘m va G‘amo‘rada yo‘q qilib tashlagan insonlar yana hayotga qaytadimi? Ularning ayrimlari “adolatsiz odamlar” sifatida tiriladimi?» (Havor. 24:15)

4 Keling, tirilish borasidagi tushunchamizni ko‘rib chiqaylik. Yaqinda «yashash» va «hukm etilish uchun» tiriladiganlar borasida tushunchamizga oydinlik kiritildi. (Yuhanno 5:28, 29 ni o‘qing.) a Natijada qo‘shimcha o‘zgarishlar kiritish kerak bo‘ldi. Ushbu va keyingi maqolada ularni muhokama qilamiz. Yahovaning adolatli hukmlari borasida avvaliga nimani bilmasligimizni, keyin esa nimani bilishimizni ko‘rib chiqamiz.

NIMANI BILMAYMIZ?

5. Yahova Sado‘m va G‘amo‘rada yo‘q qilib tashlagan insonlar haqida ilgari nima deb aytardik?

5 Ilgari adabiyotlarimizda Yahova adolatsiz deb topgan kishilar bilan nima bo‘lishi ko‘rib chiqilgandi. O‘shanda kelajakda tirilishga umidi yo‘qlar qatoriga Sado‘m va G‘amo‘radagilar ham kirishi aytilgan edi. Biroq ibodat ila chuqur izlanish o‘tkazgach: «Biz chindan ham shunday deb ayta olamizmi?» — degan savol tug‘ildi.

6. a) Yahovaning adolatsiz insonlarga qarshi hukmlari bilan bog‘liq ba’zi misollarni keltiring. b) Nimani bilmaymiz?

6 Bu bilan bog‘liq bir nechta savolni ko‘rib chiqaylik. Kalomda bir qancha bayonotlarda Yahova adolatsiz odamlarga qarshi chiqargan hukmlari tilga olingan. Masalan, Xudo To‘fonda Nuh hamda uning oilasidan tashqari hammani yo‘q qilib tashlagan. Va’da qilingan yurtda esa isroilliklar orqali yettita xalqni o‘ldirgan. Shuningdek, bir kechaning o‘zida Uning farishtasi 185 000 ta ossuriyalikni qirib tashlagan. (Ibt. 7:23; Qonun. 7:1–3; Ishayo 37:36, 37) Xo‘sh, Muqaddas Kitobda Yahova o‘sha barcha odamlar abadiy yo‘q bo‘lib ketadi va ular tirilmaydi, deb qaror chiqargani to‘g‘risida aytilganmi? Yo‘q. Nega bunday xulosaga kelyapmiz?

7. To‘fonda yoki Kan’on yurtida yo‘q bo‘lib ketgan insonlar haqida nimalarni bilmaymiz? (Muqovadagi rasmga qarang.)

7 Yahova ularning har birini alohida hukm qilganmi hamda halok bo‘lganlar U haqda bilib, tavba qilish imkoniga ega bo‘lganmi yoki yo‘qmi, bilmaymiz. To‘fonga kelsak, Muqaddas Kitobda Nuh «adolat yo‘lini xabarlab yurgan»i haqida yozilgan. (2 Butr. 2:5) Lekin u yerda Nuh ulkan kemani qurayotib, To‘fonga yo‘liqadigan har bir odamga va’z qilishga uringani haqida hech narsa aytilmagan. Shu singari, Kan’on yurtidagi xalqlar orasidagi barcha odamlar ham yovuz bo‘lgani hamda Yahova haqida bilib, xulq-atvorini o‘zgartirish imkoniga ega bo‘lganmi yoki yo‘qmi, bizga noma’lum.

Nuh va uning oila a’zolari katta kema qurish bilan band. Nuh To‘fondan oldin kemani qurgan paytda butun yer yuzidagi har bir kishiga o‘zi va oilasidagilari va’z qilgan-qilmagani noma’lum (7-xatboshiga qarang)


8. Sado‘m va G‘amo‘radagi odamlar haqida nimalarni bilmaymiz?

8 Sado‘m va G‘amo‘ra aholisi haqida-chi, nima desa bo‘ladi? Lut odil bo‘lgandi va ularning orasida yashagan. Biroq Lut ularning barchasiga va’z qilgan, deb ayta olamizmi? Yo‘q. To‘g‘ri, ular yovuz bo‘lgan. Biroq ular nima yaxshi, nima yomon ekanini bilgan, deb ayta olamizmi? Esingizda bo‘lsa, o‘sha shahardagi bir to‘da odam Lutning mehmonlarini zo‘rlash uchun ularni izlagan. Bu to‘da «yosh-u qari» kishilardan iborat bo‘lgan. Ularning orasida yosh o‘g‘il bolalar bo‘lgan. Shunday ekan, ular qanchalik noto‘g‘ri ish qilayotganini hatto anglamagan bo‘lsa kerak. (Ibt. 19:4; 2 Butr. 2:7) Rahmdil Tangri Yahova ularning har birini tirilish umidisiz o‘limga mahkum qilgan, desa bo‘ladimi? U Ibrohimni o‘sha shaharda hatto o‘nta odil kishi yo‘qligiga ishontirgan. (Ibt. 18:32) Demak, ular adolatsiz bo‘lgan. Yahova qilmishiga yarasha ularning jazosini berib to‘g‘ri qilgan. Xo‘sh, unda ularning hech biri adolatsiz insonlar qatorida tirilmaydi, deb ayta olamizmi? Yo‘q, aniq ayta olmaymiz.

9. Sulaymon haqida nimalarni bilmaymiz?

9 Muqaddas Kitobdan odil kishilar ham adolatsiz bo‘lib qolganini bilishimiz mumkin. Misol uchun, shoh Sulaymon Yahova kimligini, Unga qanday topinish kerakligini bilgan. Xudo unga ko‘p barakalar yog‘dirgan, lekin keyinchalik u soxta xudolarga sajda qila boshlagan. Gunohlari dastidan Yahovaning qattiq jahli chiqqan va butun Isroil xalqi yuzlab yillar davomida azob chekkan. Kalomda yozilganiday, Sulaymon o‘lganidan keyin shoh Dovud kabi sadoqatli kishilarga, ya’ni «ota-bobolariga qo‘shil»gan. (3 Shoh. 11:5–9, 43; 4 Shoh. 23:13) Xo‘sh, u qay yo‘sin dafn qilingani tirilishiga kafolat beradimi? Muqaddas Kitobda bu borada hech narsa yozilmagan. Biroq ba’zilar: «O‘lgan odam gunohdan ozod bo‘ladi»,— deb aytishi mumkin. (Rim. 6:7) Ha, bu to‘g‘ri! Lekin bu o‘lganlarning hammasi tirilishini anglatmaydi. Odam faqat o‘lgani uchungina qayta yashamaydi. Tirilish mehribon Allohimizning hadyasidir. Xudo Unga abadiy xizmat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishni istagan kishilarni tiriltiradi. (Ayub 14:13, 14; Yuhan. 6:44) Qiziq, Sulaymonga bu hadya nasib etadimi? Bu savolning javobini Yahova biladi, biz esa yo‘q. Lekin Yahova to‘g‘ri yo‘l tutishidan shubhalanmaymiz.

NIMANI BILAMIZ?

10. Yahova odamlarni yo‘q qilish borasida qanday fikrda? (Hizqiyo 33:11) (Rasmga ham qarang.)

10 Hizqiyo 33:11 ni o‘qing. Yahova odamlarni hukm qilish masalasiga kelsak, U bu borada qanday fikrda ekanini oshkor etmoqda. Havoriy Butrus Hizqiyo payg‘ambarning so‘zlariga o‘xshash fikrni yozishga ilhomlantirilgandi. U shunday degan: «[Yahova] hech kimning halok bo‘lishini istamaydi». (2 Butr. 3:9) Ushbu daldali haqiqatdan Yahova odamlarni birato‘la va abadiy yo‘q qilib yuborishga shoshilmasligini bilib olyapmiz. U juda rahm-shafqatli va har safar asos bo‘lganida bu fazilatni ko‘rsatadi.

Tiriladigan adolatsiz odamlarga kelsak, turli insonlar Yahova to‘g‘risida bilib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi (10-xatboshiga qarang.)


11. Kimlar tirilmaydi va buni qayerdan bilamiz?

11 Tirilmaydigan insonlar haqida nimani bilamiz? Muqaddas Kitobda bunday kishilarning bir nechta misoli bor b. Iso Yahudo Ishqariyot tirilmasligiga ishora qilgan. (Mark 14:21; Yuhan. 17:12) c Yahudo ongli ravishda va o‘z ixtiyori bilan Tangri Yahova va Isoga qarshi yo‘l tutgan. (Mark 3:29) d Shunga o‘xshab, Iso unga qarshilik qilgan ba’zi din rahbarlari tirilish umidiga ega emasligini aytgan. (Mat. 23:33; Yuhanno 19:11 ga qarang.) e Havoriy Pavlus esa tavba qilmagan murtadlar tirilmasligi haqida ogohlantirgan edi. (Ibron. 6:4–8; 10:29)

12. Yahovaning rahm-shafqati to‘g‘risida nimalarni bilamiz? Misollar keltiring.

12 Xo‘sh, Yahovaning rahm-shafqati borasida bizga nima ma’lum? U «hech kimning halok bo‘lishini» istamasligini qanday ko‘rsatgan? Keling, jiddiy gunohlarga qo‘l urgan ba’zilarga Xudo rahm-shafqat namoyon etganiga diqqat qarataylik. Masalan, shoh Dovud bir nechta jiddiy gunoh, jumladan, zino va qotillik qilgan. Lekin u tavba qilgan va Yahova uni rahm-shafqati ila kechirgan. (2 Shoh. 12:1–13) Shuningdek, shoh Manashe deyarli butun hayoti davomida ko‘p dahshatli narsalar qilgan. Ammo shunda ham Yahova unga rahm-shafqat ko‘rsatgan va uni kechirgan, chunki u tavba qilgan. (2 Sol. 33:9–16) Ushbu misollardan Yahova rahm-shafqat ko‘rsatish uchun asos borligini ko‘rsa, uni namoyon etishini bilib olyapmiz. Xudo bunday odamlarni tiriltiradi, chunki ular dahshatli gunohlar qilganini tan olib, tavba qilishgan.

13. a) Nega Yahova nineviyaliklarga rahm-shafqat ko‘rsatgan? b) Keyinchalik Iso nineviyaliklar haqida nima degan?

13 Qolaversa, Yahova nineviyaliklarga ko‘rsatgan munosabatidan Uning rahm-shafqati haqida bilamiz. Xudo Yunusga: «Ularning yovuzligi diqqatimni tortdi»,— deb aytgan. Ammo nineviyaliklar gunohlaridan tavba qilishganida Yahova mehr ila ularni kechirgan. U Yunusdan ham ko‘proq rahm-shafqat namoyon etgan. Xudo jahli chiqqan payg‘ambariga nineviyaliklar «yaxshini yomondan ajrata» olmasligini eslatgan. (Yunus 1:1, 2; 3:10; 4:9–11) Keyinchalik Iso Yahovaning adolati va rahm-shafqati borasida saboq berish uchun bu voqeani keltirgan. U tavba qilgan nineviyaliklar «Hukm kunida» tirilishini aytgan. (Mat. 12:41)

14. «Hukm etilish uchun» tirilish nineviyaliklar uchun nimani anglatadi?

14 Nineviyaliklarning «Hukm kunida» tirilishi nimani anglatadi? Iso kelajakda «hukm etilish uchun» tiriladigan insonlar haqida aytgan. (Yuhan. 5:29) U «adolatli va adolatsiz odamlar» tiriladigan Ming yillik boshqaruvi paytiga ishora qilgan. (Havor. 24:15) Adolatsiz odamlarga keladigan bo‘lsak, bu «hukm etilish uchun» tirilish bo‘ladi. Boshqacha aytganda, Yahova hamda Iso ularning xulq-atvorini kuzatib, ular ilohiy ta’limni qanday qabul qilishayotganini baholashadi. Tiriladigan nineviyaliklar pok topinishga qo‘shilishdan bosh tortishsa, Yahova ularning yashashiga yo‘l qo‘ymaydi. (Ishayo 65:20) Ammo Xudoga sadoqat ila topinishni tanlaganlarning barchasi abadiy yashash imkoniga ega bo‘ladi! (Don. 12:2)

15. a) Nega Sado‘m va G‘amo‘rada yo‘q qilingan hech bir kishi tirilmaydi, deb aytish noto‘g‘ri? b) Yahudo 7 dagi so‘zlarni qanday tushunsak bo‘ladi? (« Yahudo nimani nazarda tutgan?» nomli ramkaga qarang.)

15 Sado‘m va G‘amo‘ra haqida gap ketganida, Iso uni va ta’limotlarini rad etgan odamlardan ko‘ra, «Hukm kunida» Sado‘m va G‘amo‘rada yashagan insonlarning ahvoli yengilroq kechishini aytgan. (Mat. 10:14, 15; 11:23, 24; Luqo 10:12) Xo‘sh, u nimani nazarda tutgan? Ehtimol, Iso tom ma’noda gapirmagan va fikrni yetkazish uchun biroz bo‘rttirgan deb xulosa qilishimiz mumkin. Lekin aslida u tom ma’noda gapirganga o‘xshaydi. Boisi Iso nineviyaliklar «Hukm kunida» tirilishini aytganida, u buni tom ma’noda nazarda tutgan edi. Iso o‘sha-o‘sha «Hukm kuni»ga ishora qilgan. Nineviyaliklar singari Sado‘m va G‘amo‘ra aholisi ham yomon ishlar qilgan. Ammo nineviyaliklarda tavba qilish imkoni bo‘lgan. Bundan tashqari, Iso «hukm etilish uchun» tiriladiganlar haqida gapirganini eslang. Ular «yomonlik qilganlar»ni ham o‘z ichiga oladi. (Yuhan. 5:29) Shunday ekan, Sado‘m va G‘amo‘rada yashagan ba’zilarning tirilishiga umid qilishimiz mumkin. Ularning hech bo‘lmasa ayrimlari tirilar va bizda ularga Yahova hamda Iso Masih haqida o‘rgatish imkoniyati bo‘lar.

16. Yahova kimlarni tiriltirish masalasida qanday qaror chiqarishi borasida nimani bilamiz? (Yeremiyo 17:10)

16 Yeremiyo 17:10 ni o‘qing. Bu oyat yordamida bilganlarimiz borasida quyidagi xulosaga kelishimiz mumkin. Yahova «qalbni ko‘zdan kechirib, chuqur o‘y-fikrlarni tekshira»di. Kelajakda tirilish bo‘lganida U doimgiday har bir odamga «tutgan yo‘llariga qarab» qaytaradi. Ha, Yahova kerak bo‘lganda qat’iy bo‘ladi. Lekin imkon bo‘lganida rahm-shafqat ila yo‘l tutadi. Shunday ekan, Muqaddas Kitob asosida amin bo‘lmagunimizcha u yoki bu kishi tirilmaydi, deb xulosa qilmasligimiz lozim.

«BUTUN YER YUZINING HAKAMI ADOLATSIZLIK» QILMAYDI

17. Hayotdan ko‘z yumgan odamlar bilan nima bo‘ladi?

17 Odamato va Momohavo Shaytonga qo‘shilib, Tangri Yahovaga qarshi isyon ko‘targanidan beri milliardlab odamlar hayotdan ko‘z yummoqda. «Dushman — o‘lim» anchagina odamning yostig‘ini quritdi. (1 Kor. 15:26) Xo‘sh, o‘sha barcha odamlarni nima kutyapti? Masihning soni chegaralangan 144 000 ta sadoqatli izdoshi tirilib, osmonda o‘lmasdan yashaydi. (Vah. 14:1) Yahovani sevadigan millionlab sadoqatli erkag-u ayollar esa «adolatli» kishilar sifatida tirilishadi va Masihning Ming yillik boshqaruvi va so‘nggi sinov paytida odil bo‘lib qolishsa, yer yuzida abadiy yashashadi. (Don. 12:13; Ibron. 12:1) Shuningdek, Ming yillik boshqaruv paytida «adolatsiz odamlar», jumladan, Yahovaga hech qachon xizmat qilmagan yoki «yomonlik qilganlar» tirilib, xulq-atvorini o‘zgartirish va sadoqatli bo‘lish imkoniga ega bo‘lishadi. (Luqo 23:42, 43) Lekin ba’zi insonlar shunchalik yovuz bo‘lganki, ular Yahova hamda Uning niyatlariga qarshi chiqishga bel bog‘lashgan. Xudo bunday odamlarni tiriltirmaslikka qaror qilgan. (Luqo 12:4, 5)

18, 19. a) Yahovaning o‘lganlar borasidagi hukmlariga nega ishonishimiz mumkin? (Ishayo 55:8, 9) b) Keyingi maqolada nima haqida so‘z yuritamiz?

 

18 Yahova insonlarni hukm qilganida doim to‘g‘ri qaror chiqarishiga butunlayin amin bo‘lishimiz mumkinmi? Ha! Ibrohim payg‘ambarga o‘xshab «butun yer yuzining Hakami» Yahova mukammal, dono, rahm-shafqatli ekanini tushunyapmiz. U Isoga ta’lim bergan va har bir kishini hukm qilish mas’uliyatini topshirgan. (Yuhan. 5:22) Ham Xudo, ham Iso har bir kishining ko‘nglida nimalar borligini bila oladi. (Mat. 9:4) Shunday ekan, Ular hech bir vaziyatda «adolatsizlik qil»ishmaydi.

19 Keling, Yahova nima yaxshi ekanini bilishiga bo‘lgan ishonchimizni kuchaytiraylik. Biz hukm qilishga layoqatli emasligimizni tushunamiz. Faqatgina Xudo hukm qila oladi! (Ishayo 55:8, 9 ni o‘qing.) Shuning uchun hukm qilishni doim Yahovaga va Uning adolati-yu rahm-shafqatini mukammal tarzda aks ettiradigan Shohimiz Isoga qoldiramiz. (Ishayo 11:3, 4) Ammo Xudoning buyuk musibat bilan bog‘liq hukmlari haqida nima desa bo‘ladi? Bu borada nimalarni bilmaymiz? Nimalarni esa bilamiz? Keyingi maqolada mazkur savollarga javob topamiz.

57-QO‘SHIQ Har turli odamlarga va’z qilamiz

b Odamato, Momohavo va Qobil haqida bilib olish uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2013-yil yanvar sonining 12-sahifasidagi izohga qarang.

c Yuhanno 17:12 da tilga olingan «halokatga yo‘liqadigan kishi» iborasi Yahudo Ishqariyot o‘lganida, tirilish umidisiz butkul yo‘q qilib tashlanganini bildiradi.