Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Haqiqat yo‘lingdan yurayin»

«Haqiqat yo‘lingdan yurayin»

Ey Yahova, O‘z yo‘ling haqida menga ta’lim ber, toki haqiqat yo‘lingdan yurayin. ZAB. 86:11

QO‘SHIQLAR: 26, 10

1–3. a) Muqaddas Kitobdagi haqiqat borasida nimalarni his etishimiz lozim? Misol keltiring. (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmlarga qarang.) b) Ushbu maqolada qaysi savollarga nazar solamiz?

BUGUNGI kunda xarid qilingan buyumlarni qaytarib berish oddiy hol bo‘lib qoldi. Taxminlarga ko‘ra, ba’zi mamlakatlarda xarid qilingan buyumlarning deyarli 9 foizi do‘konga qaytariladi. Internet orqali sotib olingan buyumlarning 30 foizdan oshiqrog‘i qaytarib beriladi. Ehtimol, buyumlar egalari kutganday bo‘lmasligi, kamchiligi bor yoki shunchaki yoqmagan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, ularni yo almashtirishadi yo qaytarib berishadi.

2 Garchi xarid qilingan buyumlarni qaytarish mumkin bo‘lsa-da, Muqaddas Kitobdagi «aniq bilim» bo‘lmish haqiqatni «sotib yuborishni» yoki qaytarishni sira ham xohlamaymiz. (Hikmatlar 23:23 ni o‘qing; 1 Tim. 2:4) O‘tgan maqolada bilib olganimizday, haqiqatga ega bo‘lish uchun ancha vaqt sarflaganmiz. Qolaversa, haqiqatni xarid qilish maqsadida ehtimol, daromadli ishdan voz kechgandirmiz, o‘zgalar bilan munosabatlarimizni o‘zgartirgandirmiz, nuqtai nazarimiz-u xulqimizni yangilagandirmiz yoki Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan urf-odatlardan bosh tortgandirmiz. Biroq ega bo‘lgan barakalarimiz biz to‘lagan bahoga qaraganda ancha afzalroqdir.

3 Muqaddas Kitobdagi haqiqatni oladigan bo‘lsak, his-tuyg‘ularimiz Isoning masalidagi sayohatchi savdogarnikiga o‘xshaydi. Xudoning Shohligi haqidagi haqiqat uni topgan kishi uchun qanchalar qimmatli ekanini ko‘rsatish maqsadida, Iso o‘sha savdogar qimmatbaho marvaridni qidirgani va nihoyat uni topgani haqida gapirib beradi. O‘sha marvarid juda qimmatbaho bo‘lgani uchun, savdogar «darhol bor-budini sotib», uni xarid qiladi. (Mat. 13:45, 46) Shu singari, Xudoning Shohligi haqidagi haqiqatni va Uning Kalomidagi boshqa barcha bebaho haqiqatlarni topganimizda, ularni o‘ta qadrlab, ega bo‘lish uchun darhol qurbonliklarga borishga tayyor bo‘lamiz. Haqiqatni qadrlar ekanmiz, uni hech qachon «sotib yubormaymiz». Ming afsuski, Xudoning ayrim xizmatchilari ega bo‘lgan haqiqatni qadrlamay, uni hatto sotib yuborishdi. Iloyim, biz hech qachon bunday qilmaylik! Haqiqatni juda ham qadrlayotganimizni ko‘rsatishni xohlasak, uni hech qachon sotib yubormasligimiz va Muqaddas Kitobdagi «haqiqat yo‘lida yuring» degan chorlovga amal qilishimiz kerak. (3 Yuhanno 2–4 ni o‘qing.) Haqiqat yo‘lida yurish, uni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yishni va unga muvofiq yashashni o‘z ichiga oladi. Keling, quyidagi savollarga nazar solaylik: «Nega va qay yo‘sin ba’zilar haqiqatni “sotib yuborishi” mumkin? Bunday jiddiy xatoga qo‘l urishdan o‘zimizni qay yo‘sin asrasak bo‘ladi? Qanday qilib “haqiqat yo‘lida yurish” qarorimizda qat’iy tura olamiz?»

NEGA VA QAY YO‘SIN BA’ZILAR HAQIQATNI «SOTIB YUBORDI»?

4. Nima uchun birinchi asrda ba’zilar haqiqatni «sotib yubordi»?

4 Birinchi asrda, Isoning ta’limotlarini avvaliga jon deb qabul qilgan ba’zilar keyinchalik haqiqat yo‘lini tark etdi. Masalan, Iso mo‘jizaviy tarzda katta olomonni to‘ydirgandan keyin, ular uning ortidan Jalila dengizining narigi tomonigacha boradi. U yerda Iso ularni o‘yga solib qo‘ygan quyidagi so‘zlarni aytadi: «Inson O‘g‘lining tanasini yemasangiz va qonini ichmasangiz, hayotga ega bo‘lmaysiz». Bu nimani anglatishini so‘rashning o‘rniga, ular: «Qanday bo‘lmag‘ur gaplar! Ularni kim ham tinglay oladi?» — dedi. Oxir-oqibat, «shogirdlaridan ko‘pchiligi avvalgi ishiga qaytib, uning orqasidan boshqa yurmay qo‘ydi». (Yuhan. 6:53–66)

5, 6. a) Nega bugungi kunda ba’zilar haqiqatdan uzoqlashgan? b) Qanday qilib inson haqiqatdan asta-sekin yiroqlashishi mumkin?

5 Qayg‘ulisi shundaki, bugun ham ayrimlar haqiqatni tark etyapti. Ehtimol, ular Muqaddas Kitobdagi oyatning tushuntirilishi o‘zgargani yoki taniqli birodarimizning ishi yo so‘zi tufayli qoqinib qolgan. Balki ular Muqaddas Kitob asosida olgan maslahat yoxud imondoshi bilan jiddiy kelishmovchilik tufayli ranjigan. Yana boshqalar esa murtadlarga yoki ta’limotlarimizni noto‘g‘ri talqin qilayotgan kishilarga qo‘shilgan. Natijada ayrimlar Yahova hamda jamoatdan asta-sekin «uzoqlashib» ketgan. (Ibron. 3:12–14) Buning o‘rniga, ular imonini mustahkamlab, havoriy Butrus kabi Isoga ishonishda davom etishsa yaxshi bo‘lardi! Iso havoriylardan: «Sizlar ham ketmoqchidirsiz?» — deb so‘raganda, Butrus shu zahotiyoq shunday javob bergan: «Hazrat, biz kimga ham boraylik? Axir sizda abadiy hayotning so‘zlari bor-ku». (Yuhan. 6:67–69)

6 Ba’zilar esa hatto o‘zlari bilmagan holda haqiqatdan bora-bora yiroqlashmoqda. Bunday kishilarni sohildan asta-sekin yiroqlashayotgan qayiqqa o‘xshatish mumkin. Muqaddas Kitobda aytilishicha, «uzoqlashib ketmaslik uchun» ehtiyot bo‘lishimiz darkor. (Ibron. 2:1) Odatda haqiqatdan uzoqlashib ketayotgan kishi bu jarayonni sezmasligi ham mumkin. Shu yo‘sin uning Yahova bilan bo‘lgan munosabatlari zaiflashib, xavf ostida bo‘lishi hech gap emas. Xo‘sh, qanday qilib buning oldini olsak bo‘ladi?

HAQIQATNI SOTIB YUBORMASLIK UCHUN NIMA QILISH KERAK?

7. Haqiqatni sotib yubormaslik uchun nima qilishimiz kerak?

7 Haqiqat yo‘lidan og‘maslik uchun, Yahovaning barcha so‘zlarini qabul qilib, bo‘ysunishimiz lozim. Haqiqat hayotimizda birinchi o‘rinda bo‘lib, Muqaddas Kitobdagi prinsiplar bo‘yicha yashashimiz kerak. Shoh Dovud Yahovaga ibodat qilib: «Haqiqat yo‘lingdan yurayin»,— degan. (Zab. 86:11) Dovudning qarori qat’iy bo‘lgan. Bizning ham Allohning haqiqat yo‘lidan yurish qarorimiz qat’iy bo‘lishi darkor. Agar bunday qilmasak, haqiqat uchun to‘lagan narsalarimiz haqida o‘ylab, hatto ularning ba’zilarini yana qaytarmoqchi bo‘larmiz. Buning o‘rniga, haqiqatni qo‘ldan boy berib qo‘ymaslik uchun jon kuydiramiz. Muqaddas Kitobdagi qaysi haqiqatlarni qabul qilish-qilmaslikni tanlay olmasligimizni tushunamiz. Ha, «haqiqatni to‘liq» qabul qilib, unga rioya etamiz. (Yuhan. 16:13) Keling, haqiqat uchun to‘lashimiz mumkin bo‘lgan beshta narsaga diqqat qarataylik. Shunday qilib, ortda qolib ketgan narsalar bizni o‘ziga jalb qilishidan ehtiyot bo‘la olamiz. (Mat. 6:19)

8. Qanday qilib masihiy vaqtdan donolik ila foydalanmasligi tufayli haqiqatdan uzoqlashib ketishi mumkin? Misol keltiring.

8 Vaqt. Haqiqatdan uzoqlashib ketishni istamasak, vaqtimizdan donolik ila foydalanishimiz kerak. Agar ehtiyot bo‘lmasak, haddan ziyod vaqtimizni dam olish, yoqtiradigan mashg‘ulotlar, Internetga yoki televizor tomosha qilishga ketkazishimiz mumkin. Garchi bu narsalar o‘z-o‘zidan noto‘g‘ri bo‘lmasa-da, ilgari shaxsiy tadqiq va boshqa ma’naviy ishlarga sarflagan vaqtimizni ularga ko‘proq ajratadigan bo‘lib qolamiz. Keling, Omina * ismli imondoshimiz bilan nima yuz berganiga e’tibor qarataylik. Omina kichikligidan otlarni yaxshi ko‘rardi. Imkon tug‘ilganidayoq borib ot minardi. Keyinchalik, butun vaqti mana shu mashg‘ulotiga ketayotgani uchun u o‘zini aybdor his eta boshladi. Omina o‘zgarishlar qilib, bu mashg‘ulotiga kamroq vaqt ajratadigan bo‘ldi. Qolaversa, u o‘tmishda rodeo (sport turi) o‘yinlarida qatnashgan Kori Uells ismli imondoshimizning misolidan saboq oldi *. Hozir Omina ko‘proq vaqtini imondoshlari-yu do‘stlari bilan ma’naviy ishlarga sarflab baxtiyorlikni his etmoqda. U Yahovaga yanada yaqinlashdi hamda vaqtidan donolik ila foydalanayotganidan juda xursand.

9. Qanaqasiga ma’naviy narsalarga qaraganda, moddiy narsalar muhimroq bo‘lib qolishi mumkin?

9 Moddiy narsalar. Agar haqiqat yo‘lidan og‘maslikni istasak, moddiy narsalarga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishimiz kerak. Haqiqatni bilib olganimizda, Yahovaga xizmat qilish moddiy narsalarga qaraganda ancha muhimroq ekanini tushundik. Haqiqat uchun ulardan voz kechishga tayyor edik. Vaqt o‘tgach esa, o‘zgalar zamonaviy elektron moslamalar-u boshqa narsalarni sotib olishayotganini ko‘rayotgandirmiz. Shunda o‘zimizni nimanidir yo‘qotayotgandek his eta boshlashimiz hech gap emas. O‘zimizda bor bo‘lgan narsadan qoniqmasligimiz va ko‘proq diqqatni Yahovaga xizmat qilishga emas, moddiy narsalarga qaratadigan bo‘lib qolishimiz mumkin. Qadimda Dimas bilan ham shunday voqea yuz bergan. U «dunyoning ishlariga mehr qo‘yib», havoriy Pavlus bilan birga hamkorlik qilishdan bosh tortgan. (2 Tim. 4:10) Qiziq, nega Dimas Pavlusni tashlab ketgan? Ehtimol, u Xudoga xizmat qilishga emas, moddiy narsalarga mehr qo‘ygandir yoki Pavlus bilan hamkorlik qilish uchun fidoyilik ila yo‘l tutishni xohlamagandir. Muqaddas Kitobda bu haqda hech narsa yozilmagan. Shunda aminmizki, moddiy narsalarga yana mehrimiz oshib, haqiqatga bo‘lgan sevgimizni bo‘g‘ib qo‘yishini istamaymiz.

10. Haqiqat yo‘lida yurishda davom etishimiz uchun qanday bosimga qarshi turishimiz kerak?

10 Munosabatlar. Haqiqat yo‘lida yurishda davom etishimiz uchun, boshqalarning bosimi bizga ta’sir qilmasligi darkor. Haqiqatni bilib olganimizda, Yahovaning Shohidi bo‘lmagan do‘stlarimiz-u qarindoshlarimiz bilan bo‘lgan munosabatlarimiz o‘zgardi. Ba’zilari e’tiqodimiz tufayli bizga qarshi chiqadi, ayrimlari esa aksincha. (1 Butr. 4:4) Shubhasizki, oila a’zolarimiz bilan iloji boricha yaxshi munosabatlarni saqlab, ularga mehr ila munosabat qilamiz. Lekin ularning ko‘nglini olaman deb, Yahovaning me’yorlariga ko‘z yummaymiz. Ularga nisbatan mehribon bo‘lishda davom etamiz. Agar 1 Korinfliklarga 15:33 dagi ogohlantirish so‘zlarini yodimizda saqlasak, Yahovani yaxshi ko‘radigan kishilar bilangina do‘st tutinamiz.

11. Qanday qilib nomunosib fikrlash tarzi va xulqdan qochishimiz mumkin?

11 Nomunosib fikrlash tarzi va xulq. Haqiqat yo‘lida yuradiganlarning bari muqaddas bo‘lishi darkor. (Ishayo 35:8; 1 Butrus 1:14–16 ni o‘qing.) Haqiqatni bilib olganimizda, barchamiz Muqaddas Kitobdagi adolatli me’yorlar bo‘yicha yashash uchun hayotimizga o‘zgarishlar kiritganmiz. Ayrimlar jiddiy o‘zgarishlar qilgan. Qanday bo‘lmasin, toza, muqaddas xulqimizni bu dunyodagi axloqsiz ishlarga hech qachon alishmaymiz. Axloqsiz biror ishga qo‘l urish vasvasasiga berilmaslikka nima yordam berishi mumkin? Avvalo, Yahova biz muqaddas bo‘lishimiz uchun qanchalik qimmatbaho to‘lov, ya’ni O‘g‘lining hayotini bergani to‘g‘risida fikr yuritish lozim. (1 Butr. 1:18, 19) Ha, Yahovaning nazarida pok bo‘lib qolish uchun, Isoning to‘lov qurbonligi qimmatbaho ekanini yodda saqlashimiz kerak.

12, 13. a) Nima uchun bayramlarga nisbatan Yahovaning nuqtai nazarini unutmasligimiz muhim? b) Hozir nimani ko‘rib chiqamiz?

12 Muqaddas Kitobga zid urf-odatlar. Oila a’zolarimiz, hamkasblarimiz-u sinfdoshlarimiz birga bayram nishonlash uchun bizni taklif qilishi mumkin. Xo‘sh, Yahova xush ko‘rmaydigan urf-odat va bayramlarda qatnashish bosimiga qay yo‘sin qarshi tura olamiz? Buning uchun Yahova bularga nisbatan qanday nuqtai nazarda ekanini yodimizda saqlash qo‘l keladi. Adabiyotlarimizda muayyan bayramlarning kelib chiqishi haqida yozilganlarni takrorlab turish asqatadi. Ushbu bayramlarda nima uchun ishtirok etmayotganimizning Muqaddas Kitobga asoslangan sabablarini eslab tursak, Rabbimizga ma’qul yo‘ldan yurishda davom etayotganimizda amin bo‘lamiz. (Efes. 5:10) Yahovaga hamda Uning haqiqat Kalomiga tayanish bizni «odamlardan qo‘rqishdan» asraydi. (Hik. 29:25)

13 Haqiqat yo‘lida yurish doimiy jarayon ekan, abadulabad undan og‘maslikka umid qilamiz. Bu qarorda yanada qat’iy turishimizga nima yordam beradi? Keling, uchta narsaga e’tibor qarataylik.

HAQIQAT YO‘LIDA YURISH QARORIDA YANADA QAT’IY TURING

14. a) Qanday qilib haqiqatni sotib yubormaslik qarorida yanada qat’iy bo‘la olamiz? b) Nima sababli donolik, ta’lim-tarbiya va zakovatga ega bo‘lish muhim?

14 Birinchidan, Xudoning Kalomidagi qimmatbaho haqiqatlarni tadqiq qilib, ular ustida mulohaza yuritishda davom eting. Ular bilan oziqlanishga doim vaqt ajratib haqiqatni sotib oling. Shunda haqiqat uchun minnatdorligingizni oshirib, uni sotib yubormaslik qaroringizni kuchaytirasiz. Haqiqatni xarid qilishdan tashqari, Hikmatlar 23:23 ga ko‘ra «donolik, ta’lim-tarbiya va zakovatni ham sotib olishimiz» kerak. Bilimning o‘zi yetarli emas. Haqiqat bo‘yicha yashashimiz muhim. Zakovatli bo‘lsak, Yahovaning barcha so‘zlariga muvofiq yo‘l tuta olamiz. Donolik bizni ega bo‘lgan bilimga munosib ravishda harakat qilishga undaydi. Vaqti-vaqti bilan haqiqat tufayli ta’lim-tarbiyaga ega bo‘lib, qanday o‘zgarishlar qilishimiz kerakligini ko‘ramiz. Bunday yo‘l-yo‘riqni qabul qilishga doim tayyor bo‘laylik. Zero u kumushdan ham ancha afzalroqdir. (Hik. 8:10)

15. Haqiqat kamari bizni qanday himoya qiladi?

15 Ikkinchidan, har kuni haqiqat bo‘yicha yashash qarorida qat’iy bo‘ling. «Belingizga haqiqat kamarini bog‘lang». (Efes. 6:14) Qadimda, askar kamar yordamida jang davomida beli va ichki a’zolarini himoya qila olardi. Buning uchun u kamarni beliga mahkam bog‘lab olishi kerak edi. Bo‘shroq bog‘lasa, u yordam bera olmas edi. Xo‘sh, haqiqat kamari bizni qanday himoya qila oladi? Agar ushbu kamar belimizga doim mahkam bog‘langan bo‘lsa, u bizni yomon yo‘ldan yurishdan asrab, to‘g‘ri qarorlar chiqarishga ko‘maklashadi. Jiddiy muammoga yoki noto‘g‘ri ishga qo‘l urish vasvasasiga duch kelsak, Muqaddas Kitobdagi haqiqat tufayli to‘g‘ri yo‘l tutish qarorimiz yanada mustahkam bo‘ladi. Askar jangga kamar bog‘lamay borishni hatto xayoliga ham keltirmaydi, biz ham haqiqat kamarimiz bo‘shab qolishini yoki uni yechib tashlashni istamaymiz. Aksincha, haqiqat bo‘yicha yashash uchun bu kamarni mahkam bog‘lab, qo‘limizdan kelganini qilamiz. Shuningdek, askar kamari yordamida qilichni ham ko‘tarib yuradi. Keling, bu, haqiqat yo‘lida yurish qarorimiz bilan qanday bog‘liq ekaniga nazar solaylik.

16. Boshqalarga haqiqatni o‘rgatish bu yo‘ldan og‘masligimizga qanday yordam beradi?

16 Uchinchidan, Muqaddas Kitobdagi haqiqatni boshqalarga o‘rgatish uchun imkon boricha ko‘proq harakat qiling. Shu yo‘sin, «Xudoning kalomi» bo‘lmish ramziy qilichni mahkam ushlab olasiz. (Efes. 6:17) Har birimiz «haqiqat kalomini to‘g‘ri yetkazish» mahoratimizni yaxshilash uchun intilishimiz muhim. (2 Tim. 2:15) Boshqalarga haqiqatni xarid qilishga va soxta ta’limotlarni rad etishga ko‘maklashishda Muqaddas Kitobdan foydalanganimizda, Allohning so‘zlari ongimiz-u qalbimizga muhrlanib qoladi. Shunday qilib, haqiqat yo‘lida yurish qarorimizda yanada mustahkam bo‘la olamiz.

17. Nima uchun haqiqatni qadrlaysiz?

17 Haqiqat Yahovaning qimmatbaho hadyasidir. Uning yordamida samoviy Otamiz bilan yanada yaqin munosabatlarga ega bo‘la olamiz. Bu ega bo‘lishimiz mumkin bo‘lgan har qanday narsadan a’loroqdir. Alloh bizga hozirgacha o‘rgatib kelayotgan narsalar xamir uchidan patir! U bizga abadiy ta’lim berishni va’da qilmoqda. Shunday ekan, haqiqatni qimmatbaho marvaridday qadrlang. «Haqiqatni xarid qil, uni sotib yuborma»,— degan maslahatga amal qilishdan to‘xtamang. Shunda, Dovud: «Haqiqat yo‘lingdan yurayin»,— deb aytganiday siz ham bu va’dangizda tura olasiz. (Zab. 86:11)

^ 8- x.b. Ism o‘zgartirilgan.

^ 8- x.b. JW Internet televideniyesidagi INTERVYU VA HAYOTIY VOQEALAR > HAQIQAT HAYOTNI O‘ZGARTIRADI nomli turkumiga qarang.