Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Haqiqatni xarid qil, uni sotib yuborma»

«Haqiqatni xarid qil, uni sotib yuborma»

Haqiqatni xarid qil, uni sotib yuborma, donolik, ta’lim-tarbiya va zakovatni ham sotib ol. HIK. 23:23

QO‘SHIQLAR: 37, 34

1, 2. a) Nimani eng qimmatbaho deb bilamiz? b) Qaysi haqiqatlarni qadrlaymiz va nima uchun? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmlarga qarang.)

SIZ nimani eng qimmatbaho deb bilasiz? Uni bahosi kamroq bo‘lgan narsaga alishasizmi? Yahovaning Shohidlari uchun bu savollarning javobi aniq-ravshan. Biz uchun Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimiz eng qimmatbahodir, buni hech narsaga alishmaymiz. Qolaversa, Muqaddas Kitobdagi haqiqatni qadrlaymiz, chunki bu tufayli samoviy Otamiz bilan do‘stlik rishtalarimizni rivojlantira olamiz. (Kolos. 1:9, 10)

2 Bir o‘ylab ko‘ring, Buyuk Ustozimiz o‘rgatayotganlarining bari Uning Kalomida, Muqaddas Kitobda qalamga olingan. U bizga ma’noli ismi va jozibador fazilatlari borasida haqiqatni oshkor etmoqda. Shuningdek, U O‘g‘li Iso orqali biz uchun mehr ila to‘lov taqdim etganini bilamiz. Yahova Masihiy Shohlik haqidagi haqiqatni ham ochib berdi. Moylangan masihiylar uchun samoda, «boshqa qo‘ylar» uchun esa yer yuzidagi jannatda yashash umidini ato etdi. (Yuhan. 10:16) Alloh yurish-turishimiz qanday bo‘lishi borasida ham bizga ta’lim bermoqda. Ushbu haqiqatlarni juda qadrlaymiz, zero ular yordamida Parvardigorimizga yanada yaqinlashyapmiz. Ular tufayli hayot mazmuni nimada ekanini ham bilamiz.

3. Haqiqatni xarid qilish nimani anglatmaydi?

3 Yahova saxiy Xudovand. Haqiqatga tashna bo‘lgan insonlardan yaxshiligini ayamaydi. U hatto aziz O‘g‘lining hayotini biz uchun hadya sifatida taqdim etgan. Xudo haqiqat uchun pul to‘lashimizni ham umuman talab qilmaydi. Darhaqiqat, Simun ismli kishi havoriy Butrus muqaddas ruhni berish iqtidoriga ega bo‘lganini ko‘rib, unga pul taklif qilganda, Butrus uni koyib: «Kumushing o‘zing bilan qo‘shmozor bo‘lsin. Chunki sen Xudoning in’omini pulga sotib olmoqchi bo‘lding»,— dedi. (Havor. 8:18–20) Xo‘sh, unda «haqiqatni xarid qil» degan yo‘l-yo‘riqning ma’nosi qanday?

«HAQIQATNI XARID QIL» NIMA DEGANI?

4. Ushbu maqolada haqiqat to‘g‘risida nimalarni bilib olamiz?

4 Hikmatlar 23:23 ni o‘qing. Xudoning Kalomidagi haqiqatni harakatsiz topa olmaymiz. Unga ega bo‘lish uchun fidoyi bo‘lishga tayyor bo‘lishimiz zarur. Hikmatlar kitobining dono yozuvchisi ta’kidlaganiday, haqiqatni «xarid qilib» yoki sotib olib, uni «sotib yubormaslik» yoki yo‘qotmaslik uchun ehtiyot bo‘lish muhim. Keling, «haqiqatni xarid qilish» qanday ma’noga ega ekanini va u uchun nima to‘lashimiz mumkinligini bilib olaylik. Shu yo‘sin, haqiqatga bo‘lgan minnatdorligimizni oshirib, uni hech qachon «sotib yubormaslik» qarorini mustahkamlay olamiz. Haqiqatni sotib olish arziydigan maqsad ekanini ham ko‘ramiz.

5, 6. a) Qanaqasiga haqiqatni bepul xarid qilish mumkin? Misol keltiring. b) Haqiqat bizga qanday foyda keltiradi?

5 Hatto bepul bo‘lgan narsaning ham narxi bor. Hikmatlar 23:23 da «xarid qilmoq» deb tarjima qilingan ibroniycha so‘z ega bo‘lish degan ma’noni ham anglatadi. Bu ikkala ibora ham biron nimani olish uchun uning bahosiga yarasha harakat qilishni yoki uning o‘rniga nimanidir alishishni bildiradi. Bu borada bir misolga diqqat qarataylik. Aytaylik, do‘konda «o‘rik bepul» degan yozuvni ko‘rib qoldik. Ular uyimizda mo‘jizaviy tarzda paydo bo‘lib qoladimi? Aslo. Harakat qilib do‘konga borsakkina ularni olishimiz mumkin. Bepul bo‘lgan o‘rikni olish uchun ham do‘konga borish, harakat qilish hamda vaqt sarflash kutiladi. Shu singari, haqiqatga ega bo‘lish uchun pulning keragi yo‘q, faqat harakat qilishimiz zarur.

6 Ishayo 55:1–3 ni o‘qing. Ishayo payg‘ambar ilohiy ilhom ostida yozgan so‘zlar haqiqatni xarid qilish nimani anglatishini tushunishimizga ko‘maklashadi. Bu oyatlarda Yahova kalomini suv, sut va sharob bilan solishtiryapti. Xuddi yaxna musaffo suv kabi, Xudoning haqiqatlari bizga orom baxsh etadi. Buning ustiga, sut bizni baquvvat qilib, bolalarning ulg‘ayishiga hissa qo‘shganiday, Yahovaning foydali so‘zlari bizga kuch berib, ma’nan o‘sishimizga ko‘maklashadi. Yahovaning so‘zlari sharob bilan ham taqqoslangan. Qiziq, qaysi ma’noda? Muqaddas Kitobda sharob ko‘ngilni chog‘ qilishi haqida yozilgan. (Zab. 104:15) Demak, Yahova xalqiga sharob oling deganda, Uning so‘zlariga muvofiq hayot kechirish shodlik keltirishiga ishontirgan. (Zab. 19:8) Bu, Allohning haqiqatlarini o‘rganib, ularga amal qilish qanchalar foydali ekanini ko‘rsatuvchi ajoyib misoldir! Harakatlarimizni esa to‘laydigan narx bilan solishtirsak bo‘ladi. Endi, keling, haqiqatni xarid qilish uchun to‘lashimizga to‘g‘ri kelishi mumkin bo‘lgan beshta narsani ko‘rib chiqaylik.

HAQIQATNI XARID QILISH UCHUN NIMA BERA OLASIZ?

7, 8. a) Nega haqiqatni xarid qilish uchun vaqt ajratishimiz kerak? b) Mariko haqiqatni sotib olish uchun nimalar qilgan va buning natijasi qanday bo‘lgan?

7 Vaqt. Haqiqatga ega bo‘lishni istagan har bir kishi buning uchun vaqt ajratishi kerak. Shohlik haqidagi xabarni tinglash, Muqaddas Kitobni va unga asoslangan adabiyotlarni o‘qish, shaxsiy tadqiq va jamoat uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘rib, qatnash uchun ham vaqt sarflash kutiladi. Vaqtni uncha muhim bo‘lmagan ba’zi ishlarning hisobidan «sotib olishimiz» darkor. (Efesliklarga 5:15, 16 ni va izohni o‘qing.) Xo‘sh, Muqaddas Kitobdagi asosiy aniq bilimlarga ega bo‘lish uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi? Bu sharoitimizga bog‘liq. Yahovaning donoligi, yo‘llari va ishlari haqida bilishning cheki yo‘q. (Rim. 11:33) «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining ilk sonida haqiqat «oddiy kichkina bir gul» bilan taqqoslangan. U yerda quyidagicha yozilgan: «Bittagina haqiqat guli bilan kifoyalanib qolmang. Faqat bittasi yetarli bo‘lganda, boshqalari keraksiz bo‘lardi. Mudom to‘plang, ko‘proq izlang». O‘zimizdan: «Haqiqat guldastam qanchalik katta?» — deb so‘raylik. Hatto cheksiz vaqtga ega bo‘lsak ham Yahova haqida doim ko‘proq bilim olishimiz mumkin. Bugungi kunda vaqtimizdan donolik ila foydalanishimiz zarur, o‘shandagina sharoitimizga qarab ko‘pdan-ko‘p haqiqatlarni xarid qila olamiz. Haqiqat yo‘lida uzoq vaqt yurayotgan ba’zilarning misoliga e’tibor beraylik.

8 Mariko * ismli yapon qiz o‘qish uchun Nyu-Yorkka (AQSH) borgan. U Yaponiyada 1950-yillarning oxirida faoliyat yuritishni boshlagan diniy oqim a’zosi edi. Kashshof bo‘lib xizmat qilgan bir imondoshimiz uyma-uy xizmat qilayotganda Mariko bilan tanishib qolgan. U Muqaddas Kitobdagi haqiqatni bilishni boshlaganda, juda xursand bo‘lib, imondoshimizdan haftasiga ikki marta u bilan tadqiq o‘tishini so‘ragan. Maktabdagi o‘qishiga va yarim kun ishlashiga qaramay, Mariko shu zahotiyoq yig‘ilishlarga qatnay boshlagan. Qolaversa, u haqiqatni o‘rganish maqsadida ko‘proq vaqti bo‘lishi uchun ba’zi o‘yin-kulgi turlariga chek qo‘ygan. Shu kabi fidoyilik tufayli u tezda ma’nan ulg‘aygan. Bir yil o‘tmay Mariko suvga cho‘mgan. Olti oy o‘tgach, 2006-yili u kashshoflikni boshlab, hozirgi kungacha xizmat qilib kelyapti.

9, 10. a) Haqiqatni xarid qilish moddiy narsalarga bo‘lgan nuqtai nazarimizga qay yo‘sin ta’sir qiladi? b) Mariya qanday imkoniyatlarni chetga surib qo‘ydi va hozir u o‘zini qanday his qilyapti?

9 Moddiy narsalar. Haqiqatni xarid qilmoqchi bo‘lsak, daromadli ish yoki mansab orttirishni chetga surishimizga to‘g‘ri kelar. Iso baliqchi bo‘lgan Butrus bilan Idrisni «odam ovchilari» bo‘lishga taklif qilganda, ular «to‘rlarini qoldirib» ketishgan. (Mat. 4:18–20) Albattaki, bugungi kunda haqiqatni bilib olayotganlarning ko‘pchiligi ishini shunchaki qoldirib keta olmaydi. Chunki Muqaddas Kitobga ko‘ra burchimiz bor. (1 Tim. 5:8) Biroq haqiqatni bilib olgan kishilar moddiy narsalar borasidagi nuqtai nazarini odatda o‘zgartirishi va birinchi navbatda nima turishini aniqlashlari kerak. Iso buni shunday deb ta’kidlagan: «O‘zingiz uchun yer yuzida xazina to‘plamanglar... Buning o‘rniga, xazinani osmonda to‘planglar». (Mat. 6:19, 20) Keling, bir ayolning misoliga e’tibor qarataylik.

10 Mariya hatto maktabga bormasidan oldin ham golf o‘yinining shaydosi edi. Maktabda o‘qiyotgan davrda bu sport sohasida u mahoratini oshirib, universitetga kirgan. Golf hayotining mazmuniga aylangan, Mariya bu sport bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, yuksak mavqeni egallagan. Keyin u Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshlagan va bilib olayotgan haqiqatlari unga yoqqan. U haqiqat hayotiga o‘zgarishlar kiritishga yordam berayotganidan xursand bo‘lgan. Mariya shunday deb aytdi: «Nuqtai nazarim va hayotimni Muqaddas Kitobdagi me’yorlarga muvofiq tarzda o‘zgartirganim sayin baxtliroq bo‘ldim». U bir vaqtning o‘zida ham ma’naviy narsalar, ham boylik payida bo‘lish qiyin ekanini tushundi. (Mat. 6:24) Mariya golf sporti bo‘yicha mutaxassislik, boylik va mashhurlik keltirishi mumkin bo‘lgan deyarli butun umri davomida ko‘zlagan maqsadini haqiqat uchun to‘ladi. Lekin buning evaziga u haqiqatni sotib oldi, hozir u quvonch ila kashshof bo‘lib xizmat qilyapti. Bu haqda u: «Xizmatim ko‘proq baxt keltirib, hayotimni yanada mazmunli qildi»,— dedi.

11. Haqiqatni xarid qilganimizda, boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlarimizga bu qanday ta’sir qilishi mumkin?

11 Munosabatlar. Muqaddas Kitobdagi haqiqatga binoan yashashni tanlaganimizda, do‘st va qarindoshlarimiz bilan munosabatlarimiz o‘zgaradi. Nima sababli? Iso izdoshlari haqida quyidagicha ibodat qilgan: «Ularni haqiqat yordamida muqaddas qilgin. Sening kaloming — haqiqat». (Yuhan. 17:17) Haqiqatni qabul qilganimizda, bu dunyodan uzoqlashamiz, chunki u bizni shakllantirishini boshqa istamaymiz. Atrofimizdagilarning bizga nisbatan nuqtai nazari o‘zgaradi, sababi qadriyatlarimiz endi boshqacha. Biz Muqaddas Kitobdagi me’yorlar bo‘yicha yashayapmiz. Garchi munosabatlarimiz buzilishini xohlamasak ham, ba’zi do‘st va yaqinlarimiz o‘zini bizdan olib qochadi yoki imonimiz uchun bizga bosim o‘tkazadi. Bu biz uchun yangilik emas. Zero Iso: «Darhaqiqat, odamning uydagilari unga dushman bo‘lishadi»,— deb oldindan aytgan. (Mat. 10:36) U shuningdek, biz haqiqatni xarid qilish uchun to‘lagan har qanday narxga qaraganda ancha ko‘proq mukofot ato etishiga bizni ishontiryapti. (Mark 10:28–30 ni o‘qing.)

12. Aaron haqiqat uchun qanday narx to‘ladi?

12 Masalan, Aaron ismli yahudiy bir tadbirkorni Xudoning ismi tilga olinmasligi kerak deb, kichikligidanoq o‘rgatishgan. Ammo u haqiqatga chanqoq edi. Yahovaning Shohidlari unga ibroniy tilida Xudoning ismi tarkibidagi undosh harflarga unli harflarni qo‘shsa, u «Yahova» deb talaffuz etilishi mumkinligini ko‘rsatishgan. Buni qarangki, u sinagogaga (yahudiylar ibodatxonasi) borib u yerdagi ravvinlarga bu ajoyib yangilikni aytadi. Ularning munosabati Aaron kutganiday bo‘lmadi. Xudoning ismi borasida haqiqatni bilgani natijasida tuygan quvonchiga sherik bo‘lishning o‘rniga, ular unga tupurib, yomon munosabat ko‘rsatishdi va haydab yuborishdi. Oila a’zolari bilan ham munosabatlari taranglashdi. Ammo u haqiqatni sotib olishdan to‘xtamay, Yahovaning Shohidi sifatida g‘ayrat ila xizmat qila boshladi. Aaron kabi haqiqat yo‘lida yurish maqsadida, hatto odamlar bizga boshqacha qaraydigan yoki yaqinlarimiz munosabatini o‘zgartirgan bo‘lsa ham haqiqatni xarid qilish uchun shunga yarasha to‘laymiz.

13, 14. Haqiqatni xarid qilish uchun fikrlash tarzimiz va xulqimiz borasida qanday o‘zgarishlar qilishimiz kerak? Misol keltiring.

13 Nomunosib fikrlash tarzi va xulq. Muqaddas Kitobdagi axloqiy me’yorlar borasidagi haqiqatni qabul qilib, ularga amal qilish uchun fikrlash tarzimiz va xulqimizni o‘zgartirishga tayyor bo‘lishimiz lozim. Bu haqida Butrus quyidagicha yozgan: «Itoatli bolalardek bo‘linglar, Xudo to‘g‘risida bilimingiz yo‘q bo‘lgan damlardagidek, istaklaringizga binoan yo‘l tutmanglar. Lekin... butun yurish-turishingizda muqaddas bo‘linglar». (1 Butr. 1:14, 15) Razillashib ketgan Korinf shahridagi odamlardan haqiqatni xarid qilish uchun hayotiga anchagina o‘zgarishlar kiritishi kutilardi. (1 Kor. 6:9–11) Haqiqatni sotib olmoqchi bo‘lgan ko‘plar bugungi kunda ham nomunosib harakatlaridan yuz o‘giryapti. Butrus o‘sha paytdagi imondoshlariga shularni eslatgan: «O‘tmishda sizlar boshqa xalqlar xohlaganiday axloqsiz xulqqa, shahvoniy hirsga, sharobxo‘rlik, aysh-ishrat, ichkilikbozlik va jirkanchli butparastlikka berilib yashaganingiz yetar». (1 Butr. 4:3)

14 Ko‘p yillar davomida Devin va Jasmin spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilib kelishgan. Garchi Devin tajribali buxgalter bo‘lsa-da, bu illati dastidan doimiy ish topa olmagan. Jasmin esa jahli tez va zo‘ravon edi. Bir kuni Jasmin mast bo‘lib ketayotganda, ikkita to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘yni uchratib qoladi. Ular Muqaddas Kitobni tadqiq qilish uchun kelishib oladi. Lekin va’zgo‘ylar kelasi hafta ularning uyiga borganda Jasmin va Devin mast bo‘ladi. Ular bu va’zgo‘ylar keladi deb o‘ylashmagan. Keyingi safar hammasi boshqacha bo‘ldi. Birinchi tadqiqdanoq, ular Muqaddas Kitobni sinchkovlik ila o‘rganib, bilib olganlariga amal qila boshlashdi. Uch oy ichida ular spirtli ichimliklarni ichmay qo‘yishdi va nikohini rasmiylashtirishdi. Ularning o‘zgargani hammaga ayon bo‘ldi va bu qishloqdagi ko‘plarni tadqiq o‘tishga undadi.

15. Haqiqatni xarid qilishga to‘sqinlik qiladigan eng mushkul narsalardan biri nima bo‘lishi mumkin va nega?

15 Muqaddas Kitobga zid urf-odatlar. Haqiqatni xarid qilishga to‘sqinlik qiladigan eng mushkul narsalardan biri — Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan urf-odatlarni qilish bo‘lishi mumkin. Garchi ba’zilar uchun ulardan voz kechish oson bo‘lsa-da, boshqalar oila a’zolari, hamkasblari va yaqin do‘stlarining bosimi tufayli bunday qilishga qiynaladi. Ayniqsa hayotdan ko‘z yumgan qarindoshlari bilan bog‘liq marosimlar bo‘lsa, vaziyat yanada taranglashishi hech gap emas. (Qonun. 14:1) Jasorat ila yo‘l tutgan imondoshlarimizning misollari kerakli o‘zgarishlar qilishga yordam berishi mumkin. Masalan, birinchi asrda Efesdagi ba’zilar jasurlik ila yo‘l tutganiga nazar solaylik.

16. Haqiqatni xarid qilish uchun Efesdagi ba’zilar nima qilgan?

16 Efes shahri sehr-jodu bilan taniqli edi. O‘tmishda sehr-jodu bilan shug‘ullangan masihiylar Muqaddas Kitobga zid ishlarini tashlab, haqiqatni sotib olish uchun nima qilishgan? Muqaddas Kitobda shunday deb yozilgan: «Sehr-jodu bilan shug‘ullanganlardan ko‘plari kitoblarini yig‘ib, hammaning oldida yoqib yuborishdi. Kitoblarning umumiy bahosini hisoblaganda, 50 000 kumush tangaga teng keldi. Shu tariqa Yahovaning kalomi qudrat bilan yoyilib, borgan sayin kuchayardi». (Havor. 19:19, 20) Sadoqatli masihiylar anchagina qurbonliklarga borib, bebaho barakalarga ega bo‘lishgan.

17. a) Haqiqatni xarid qilish uchun qanday baho to‘lashimizga to‘g‘ri kelishi mumkin? b) Navbatdagi maqolada nima haqida gap yuritamiz?

17 Siz-chi, haqiqatni sotib olish uchun nima qildingiz? Barchamiz gulga o‘xshash haqiqatni izlab-topishga vaqt ajratamiz. Ba’zilarimiz shuningdek, haqiqatni sotib olish maqsadida moddiy narsalardan voz kechganmiz, munosabatlarimizni o‘zgartirganmiz. Ko‘plar fikrlash tarzi va xulqini o‘zgartirib, Muqaddas Kitobga zid urf-odatlarni qilmay qo‘ygan. Qancha to‘lagan bo‘lsak ham, Muqaddas Kitobdagi haqiqat bariga arziydi. Bu tufayli eng qimmatbaho hadyaga, Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘ldik. Haqiqatni bilib qanchalar barakalarga sazovor bo‘lganimiz haqida fikr yuritganimizda, uni sotib yuborish hatto xayolimizga ham kelmaydi. Lekin bu qay yo‘sin yuz berishi mumkin va shu kabi xatoga qo‘l urmaslikka nima ko‘maklashadi? Bular haqida navbatdagi maqolada gap yuritamiz.

^ 8- x.b. Bu maqoladagi ayrim ismlar o‘zgartirilgan.